Fransuz adibi Marsel Prust ijodi yigirmanchi asr fransuz romanchiligi tanazzulga uchragan bir paytda, uning taraqqiyot jarayonida keskin o‘zgarishlarni belgilab berdi. Adib asarlari, asosan, 1912-1922 yillar oralig‘ida, ya’ni, butun Yevropani larzaga keltirgan Birinchi jahon urushi va undan keyingi ijtimoiy-siyosiy oqibatlaridan tang holatga tushib qolgan Fransiya hayotining muhim bosqichida yaratilgan bo‘lib, o‘sha davr ruhini o‘zida to‘liq mujassam etdi. Yozuvchining “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” nomli romanlar turkumi XX asr adabiyotida realizmga xos bo‘lgan ijtimoiy roman an’analariga qarshi turgan modernizm ruhidagi “ong oqimi” romaniga asos soldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Marsel Prust (1871–1922) Parijda, Sorbonna universiteti tibbiyot fakulteti professori Adrian Prust oilasida dunyoga keldi. O‘qimishli Janna Veyl xonim farzandlarining aql-zakovatli bo‘lib ulg‘ayishida ham ona, ham murabbiya sifatida katta rol o‘ynaydi. Bolaligidan kasalmand o‘sgan, o‘ta ta’sirlanuvchan va nozik tabiatli Marsel butun umrini to‘rt devor orasida o‘tkazdi. Onasining sa’y-harakati tufayli savod chiqardi, keng bilim olishga muvaffaq bo‘ldi.
1882 yilda Marsel Prust Kondorse litseyiga o‘qishga kiradi, biroq kasalligi tufayli, darslarga muntazam qatnay olmaydi, mashg‘ulotlarni, asosan, uyda olishga majbur bo‘ladi. 1886 yil u o‘zining “Quyosh tutilishi” va “Bulutlar” deb nomlangan ilk hikoyalarini yozadi. Litseydagi ta’limining so‘nggi yili Marsel falsafa o‘qituvchisi Alfons Darlyu bilan yaqinlashadi va uning ta’sirida falsafiy asarlarni mutolaa qila boshlaydi. Ayni paytda, uning kitob javonida Alfred de Myusse, Ande de Vini, Viktor Gyugo, Sharl Bodler singari mashhur ijodkorlarning kitoblarini uchratish mumkin edi. Yosh Marsel ma’rifatparvar va insonparvar adiblar Jan Rasin, Labryuyer, Sen-Simon ijodiga o‘zgacha mehr qo‘ygandi, zamondoshlaridan M. Barres, J.E. Renan, P. Loti, M. Meterlink asarlarini diqqat bilan o‘qirdi.
1889 yil Prust bakalavr unvonini olish uchun bitirish imtihonlarini topshiradi, Kornel va Rasin haqida yozgan bitiruv malakaviy ishi maqtov yorlig‘iga sazovor bo‘ladi. Litseyda olgan bilimi va ushbu yutug‘i uni adabiyot olamiga chorlagan bo‘lsa, ajab emas. Litseyni tugatgach, Prust Sorbonna universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga kiradi, tez orada adabiyot ahli, rassom va jurnalistlar orasida taniladi, adabiy kechalar, har xil ijodiy ko‘rgazmalarga qatnay boshlaydi, aynan, shu yillarda uning badiiy ijodga bo‘lgan mustaqil qarashlari shakllanadi.
Prust universitetda o‘qib yurgan paytida, faylasuf Anri Bergsonning “Ongning bevosita belgilari xususida tajriba” deb nomlangan tadqiqotini diqqat bilan o‘rganadi. Bu asar bo‘lg‘usi yozuvchi dunyoqarashiga, dunyoni o‘zgacha his etishiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Keyinchalik Prust ijodida Bergsonning asosiy g‘oyalari, ya’ni, vaqt oqimi tushunchasi, insonning ichki hissiyoti orqali anglashiladigan g‘ayrishuuriylik tushunchasi, inson ongida beixtiyor yuzaga qalqib chiquvchi va aql-idrok orqali anglab olinadigan assotsiatsiya (tasavvur) hamda xotira (mushohada)ning ahamiyati o‘ziga xos tarzda talqin etiladi.
Universitetni bitirgach, nozik tabiatli, doimo xayollar og‘ushida bo‘luvchi parishonxotir Prust bir qancha vaqt mazmunsiz va maqsadsiz umrguzaronlik qildi. Zodagonlar davrasida o‘tkazilgan dabdabali bazm va kechalarida aziz mehmon bo‘lib, ayni paytda, “Figaro” gazetasida madaniy-maishiy hayotga bag‘ishlangan ruknni olib bordi. Yangi taassurotlarga ega bo‘lish, yangi tanishlar orttirish maqsadida, chet elga, jumladan, Venetsiya, Gollandiya, Germaniyaga sayohat qiladi, biroq u yerda ham zodagonlar davrasidagi qaynoq va jo‘shqin hayotga sho‘ng‘iydi. Diqqat-e’tiborini san’atga qaratgan Prust vataniga qaytgach, Parijda o‘tkaziladigan ijodiy kechalar, ko‘rgazmalar, spektakl va kontsertlarga faol qatnashadi, eng muhimi, adabiyot ahli orasida haqiqiy san’at ixlosmandi va nozik didli tanqidchi sifatida taniladi.
O‘sha yillari Parijda faoliyat olib borgan adabiy salonlardan uchtasi, ya’ni, bastakor Jorj Bizening rafiqasi madam Jenevev Galevi, yozuvchi Anatol Frans ijodi “muxlisa”si, shoira madam de Kayave hamda badavlat xonim Madlena Lemer salonlari Prust hayotida muhim rol o‘ynadi. Bu yerda u Gi de Mopassan, Oskar Uayld, Anri Bergson singari mashhur ijodkorlar bilan suhbat quradi. 1892 yil madam Jenevev Galevi salonida yosh ijodkorlar tomonidan “Banket” nomli jurnalni tashkil etishadi. Unda Prust ham Robert Dreyfus, Daniel Galevi, Anri Barbyus kabi yosh qalamkashlar bilan yelkama-elka turib faoliyat ko‘rsatadi. Tez orada katta muvaffaqiyatga erishgan jurnal jamoasi uni modern uslubiga, aniqrog‘i o‘sha paytda maydonga chiqqan modernizm yo‘nalishiga burdi. Jurnalda Shopengauerning falsafiy qarashlari, Nitsshe ta’limoti, Rossetti va Suinbern ijodi xususida maqolalar chop etilar, Prust esa kitobxonlar diqqatiga sazovor bo‘lgan bu yo‘nalishdagi kitoblarga taqriz yozish bilan mashg‘ul edi. Ushbu taqrizlarda uning simvolizm kabi turli-tuman dekadans “maktab”lar faoliyatiga befarq qarashi, ularga ahamiyat bermasligi hamda modernizm tamoyillari, modern uslubiga bo‘lgan o‘zgacha e’tibori yaqqol ko‘rinib turardi.
1889 yil Orlean shahri yaqinida joylashgan harbiy qismda bir yillik ko‘ngilli xizmat Prust dunyoqarashlarini kengaytirdi: hayotga bo‘lgan munosabatini keskin o‘zgartirmagan bo‘lsada, hayotdagi o‘z o‘rnini topish yo‘lida muhim bosqichga aylandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
1894 yil Prust o‘zining tushkunlik, umidsizlik kayfiyatdagi she’rlarini nashr ettiradi. Bu kitobcha adabiyot ahlining e’tiborini qozonmagan bo‘lsada, Prust ijodkor do‘stlari davrasida havaskor shoir degan nomga sazovor bo‘ldi. Oradan ikki yil o‘tib, u o‘zining novellalardan iborat “Ko‘ngil xushligi va kunlar” nomli ilk kitobini nashr ettirdi. Kitobga muqaddimani Anatol Frans yozgan edi. Unda, jumladan, shunday iboralar bor: “Bu novellalarda muallifning g‘am-anduhi o‘tkir aql, nozik did va hayratlanarli darajada kuzatuvchanligi bilan uyg‘unlashib, tushunarli, o‘ta yoqimli va turfa ranglar ifodasida namoyon bo‘ladi”.
Adabiy tanqidchilikda bir muncha obro‘li bo‘lgan romannavis Jan Lorren esa dabdurustdan bu kitobga salbiy taqrizini e’lon qiladi: u kitobdagi nafaqat har bir novella, balki uning har bir sahifasiga raddiya bildirib, keskin tanqid ostiga oladi. Betakalluf muomala Prust hamiyatiga qattiq tekkan edi: yosh yozuvchi surbet tanqidchini duelga chaqiradi. Duel 1897 yil Parijning janubi-g‘arbiy tumani – Myodone shaharchasi yaqinida bo‘lib o‘tadi. Prust sekundanti bo‘lgan rassom Jan Bero tomonlarni murosaga keltira oldi: Lorren qo‘pol xatti-harakati va nojo‘ya so‘zlari uchun kechirim so‘radi. Prustning tantiligi tutib, uning uzrini qabul qiladi. Qizig‘i shundaki, Lorren bu voqeadan so‘ng Prustni va uning ijodini qadrlovchi munaqqidga, bir so‘z bilan aytganda, uning do‘stiga aylandi.
Sinchkov o‘quvchi Prust novellalarida zodagonlar hayotining zohiriy nazokati, sirtdan qaraganda, sermazmun va to‘laqonli, ichdan esa – bo‘m-bo‘sh va ma’nosiz hayotdan zavqlanganini darrov sezadi. Bu yozuvchining ortiqcha bejirimli va tumtaroq uslubida aks etmasdan qolmadi. Simvolizm ruhidagi mavhum obrazlar va uslubning g‘ayritabiiyligi Prust romanining tili, puxta va izchil yaratilgan obrazlar silsilasidan ancha uzoqdir. Nima bo‘lganda ham, “Ko‘ngil xushligi va kunlar” kitobi badiiy ijodda o‘z yo‘lini topgan adibning haqiqiy iste’dodidan darak beradi.
Tobora rivoj olib borayotgan og‘ir xastalikka yo‘liqqan Prust uchun badiiy ijod o‘ziga xos qahramonlik edi. Adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bir qator tadqiqotlarda Prustning po‘kak daraxt po‘stlog‘i bilan qoplangan xona, tungi bedorlik, kunduzgi behalovat, sog‘ligini bir maromda ushlab turish uchun kuchli ta’sir qiluvchi dori-darmonlarni iste’mol qilish, asablarni tarang etgan beorom yolg‘izlikdan iborat yashash tarzi jamiyatda o‘zini o‘ta madaniyatli, o‘qimishli, bilimdon, did-farosatli hisoblovchi xudbin odamning g‘alati “tentaknamoligi” deya tushunilardi. Aslida esa, bu og‘ir xastalikka uchragan adibning bu taxlitda yashashini mehnat orqali ko‘proq ma’naviy va jismoniy kuch-quvvatini saqlab qolishga bo‘lgan intilishi taqozo etgan, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Prust hayoti davomida ko‘p judoliklarga uchradi: 1903 yilda otasi vafot etdi, 1905 yil mushfiq ona ham o‘g‘lining baxtli onlarini ko‘rolmasdan olamdan ko‘z yumdi. Ota-onadan Prustga katta meros qoldi, ammo u boylikning aksar qismini kasallik bilan olishuvga sarflashga majbur edi. 1906 yildan boshlab astma xuruji uni uzlatda hayot kechirishga majbur etdi.
Shunga qaramasdan, Prust roman yaratish haqidagi dastlabki rejalarini tuzadi va yengni shimarib ishga kirishib ketadi. 1911 yilga kelib romanning birinchi, xomaki shakli tayyor bo‘ldi. U uch qism (“Yo‘qotilgan vaqt”, “Gullagan qizlar soyasida” va “Topilgan vaqt”)dan iborat bo‘lib, ikki hajmdor jildga sig‘dirilishi ko‘zda tutilgandi. Trilogiyaga dastlab “His-tuyg‘ularning to‘xtashi” deb nom berildi. Keyinchalik ular “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” degan nom ostida butun boshli turkumga aylanib ketdi. Sabot-matonat va sabr-toqat bilan olishgan yillar boshlandi: adib butun kuch-g‘ayratini to‘plab mehnat qildi. Bu bilan Prust nimjon sog‘ligiga yanada putur yetkazgan bo‘lsada, biroq o‘z niyatiga yetishdi: 1913 yil boshida turkumning dastlabki uch jildli varianti tayyor bo‘ldi. Ammo turkumning “Svan tomon sari” deb nomlangan birinchi romanini nashr qilish oson kechmadi. Romanni “nozik tabiatli havaskor” qalamkash yozganligini bahona qilib, “Nuvel revyu Fransez” jurnali bosh muharriri, taniqli adib Andre Jid uni bosishdan bosh tortdi. Unga ergashgan boshqa noshirlar ham turli sabablar topib, o‘zlarini chetga oldilar. Yil oxirida “Faskel” va “Gallimar” nashriyotlaridan ham rad javoblari keldi. Undan so‘ng “Ollendorf” nashriyotidan kitobni chiqarolmaslik haqida rasmiy xat olindi. Biroq Prust bulardan ranjimadi, aksincha, e’tibor bermasdan, uyqusiz tunlarini romanga sayqal berish bilan o‘tkazdi. Qora kunlar ortidan, albatta, yorug‘ kunlar keladi deganlaridek, noshir ham topildi: “Grass” nashriyoti direktori Bernar Grasse qo‘lyozmani jiddiy qisqartishni talab qilgan holda, 1913 yil kitobni muallif hisobidan nashr qildi. Roman muvaffaqiyat qozonmadi, adabiyot ahli va tanqidchilik uni sovuqqina kutib oldi.
Birinchi jahon urushining boshlanishi turkumga kirgan keyingi romanlarning nashr qilinishini besh yil orqaga surdi. Noshir Bernar Grasse boshqa vatandoshlari kabi frontga jo‘nab ketdi. Ko‘pgina nashriyotlar urush davrida yopildi. Bu og‘ir damlarda Prust ayrim ijodkorlar kabi millatchilik g‘oyalari va shovinistik targ‘ibotga aldanmadi. Yaqin do‘st va hammaslak qalamkashlarning urush maydonlarida jon berayotganlarini eshitgan yozuvchi ruhan ezildi, millat boshiga tushgan falokatdan qanday qilib qutulishni, odamlarga qanday yordam berishni bilmay o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Ha, tan olish kerak, Prust urushga qarshi o‘z so‘zini aytolmadi. Aytolmasdi ham. Qanday aytsin, axir, u doimo o‘zini ijtimoiy-siyosiy hayotdan chetda, iloji boricha undan qochib yashardi. Ehtimol, betobligi imkon bermagandir.
Urush tugab, Yevropada omonatgina tinchlik o‘rnatilgandan so‘ng, Prust hayotida tub o‘zgarishlar ro‘y berdi. “Nuvel revyu Fransez” jurnali adibning ikkinchi – “Gullagan qizlar soyasida” deb nomlangan romanidan katta parchani bosib, jurnalning yangi, urushdan keyingi faoliyatini boshlab yubordi. 1919 yilda esa, “Nuvel revyu Fransez” jurnali bilan hamkorlik qilgan “Gallimar” nashriyoti romanni to‘laligicha chop etdi. Ikkinchi roman muallifga shuhrat keltirdi. U Gonkur mukofotiga sazovor bo‘ldi. Tez orada Prust Fransiyaning oliy mukofoti – Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. Beorom, bahalovat tunlar, tinimsiz, serg‘alva kunlar, ne-ne mashaqqatlar evaziga orzular ushalgandek tuyulardi. Ammo, tanganing ikkinchi tarafi bor deganlaridek, baxt ortidan baxtsizlik ham yetib keldi: adib sog‘ligi tobora yomonlashib borardi. U yotgan to‘shakdan deyarli turmas, xos xonasidan kamdan-kam hollardagina chiqar, Fransua Moriak, Jan Kokto, Jak River kabi sodiq do‘stlar davrasida onda-sonda ko‘ngilxushlik qilardi.
Nima bo‘lganda ham, Prust o‘z qobig‘iga o‘ralib qolmadi. O‘zida ajal bilan kurashishga kuch-shijoat borligini ko‘rsatishga astoydil harakat qildi. Dardga yon bermasdan ishladi, qo‘li ostidan qoralangan qog‘oz ortidan qog‘oz chiqdi, roman ortidan roman dunyo yuzini ko‘rdi.
1920 yil turkumning yana bir asari “Germantlar tomonida” romanining birinchi qismi; 1921 yil ikkinchi qismi, shuningdek, 1922 yili “Sodom va Gomorra” romanining birinchi jildi nashrdan chiqdi. Turkumdagi romanlar soni borgan sari kengayib borar, unga yangi nomdagi “Asira” va “Qochoq qiz” deb nomlangan jildlar qo‘shildi. Yozuvchi bosmaxonada terilgan matnni o‘qib, xatolarni tuzatishda musahhih kabi tahrir qilar, o‘zgartirishlar kiritarkan, qo‘lyozmaga qayta ishlov berib, aksar hollarda, matnni ikki barobar oshirib yuborardi. 1918 yilda “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” turkumini yozib bitirdim, deb hisoblasada, Prust kunni tunga ulab, tinim bilmasdan ishladi, hayotining oxirgi damlarigacha turkumdagi romanlar matniga tuzatishlar kiritish bilan mashg‘ul bo‘ldi.
1922 yil noyabr oyining yomg‘irli kunlarida Prustning ahvoli yanada og‘irlashadi. Unga zotiljam kasalligi tashxisini qo‘yadilar. Ko‘rilgan muolajalar naf bermaydi. Hayotdan to‘yib bahra ololmagan, uning quvonchlaridan bag‘ri to‘lmagan, yolg‘iz o‘zi bu dunyoda qolib ketgan adib 1922 yil 18 noyabrda dunyodan ko‘z yumadi. Dafn marosimiga yig‘ilgan kam sonli sodiq do‘stlari uni oxirgi yo‘lga kuzatib qo‘yadilar.
Yozuvchidan keyin uning kitoblari qoladi, deb bejiz aytishmagan. Prust vafotidan so‘ng, uning kitoblari navbatma-navbat dunyo yuzini ko‘rdi. Turkumning so‘nggi romani sanalmish “Topilgan vaqt” 1927 yilda bosilib chiqdi. Munaqqidlar Prustning nashr qilinmagan asarlari “Topilgan vaqt” romani bilan cheklanib qolmaganligini aniqlashdi. 1950 yil Prust qalamiga mansub, 1909 yilda yozilgan “Sent-Byovga qarshi” maqolasining qo‘lyozmasi, 1952 yil tugallanmay qolgan “Jan Santeyl” qissasi, 1953 yil adibning onasiga yozgan maktublari ham topildi.
Xullas, 1950 yillarda Prust qalamiga mansub barcha asarlarning chop etilishi adib ijodining noma’lum jihatlarini aniqlashga keng imkon yaratdi. Masalan, aslida, “Ko‘ngil xushligi va kunlar” 1895 yilda yozilgan bo‘lsa, “Svan tomon sari” romaniga adib faqat 1909 yilda qo‘l urganligi ma’lum bo‘ldi. O‘tgan o‘n to‘rt yil mobaynida, Prust tomonidan “Figaro” jurnalida faqat bir nechta maqolalar hamda Ryoskin ijodidan qilgan ikki asar tarjimasi e’lon qilingan, xolos. Adib 1899 yilda yozgan maktublarining birida: “Ancha vaqtdan beri katta asar ustida ishlayapman, lekin hali uni tugatolganim yo‘q”, deya ma’lumot beradi. Ushbu asar ustida u 1906 yilgacha ishlaydi. Ayni paytda, “Jan Santeyl” qissasi uchun material ham yig‘adi. Yuqorida qayd etilgan asar Prust ma’naviy, qolaversa, ruhiy izlanishlari tarixiga aylanishi lozim edi. Ammo bu asar yozuvchi istaganidek chiqmadi. Undan qanoat hosil qilmagach, Prust qo‘lyozmani yo‘q qilib tashlaydi: “Men qilgan mehnat samarasiz bo‘ldi, asar qo‘nglimdagidek chiqmadi”, deb yozadi u 1906 yilda.
“Jan Santeyl” qissasi yaratilish vaqti “Svan tomon sari” romani yaratilishdan oldin bo‘lgan qisqa bosqichga to‘g‘ri keladi. Uning qo‘lyozmasi Prust arxividan keyinchalik topildi. Boshida munaqqidlar bu qo‘lyozmani muallifning barchaga tanish asarlarining turli qismlari, xomaki yozuvlari, rejalari, ishlanmagan qoralamalari deb o‘ylashgan edi. Nashrga tayyorlanayotgan paytda, “Jan Santeyl” qissasining birinchi qismi muallif qo‘lyozmasida mavjud bo‘lib, qolganlari shu mavzu atrofida birlashtirildi va xronologik tartibda joylashtirildi. Ta’kidlash lozimki, bu asar, “Ko‘ngil xushligi va kunlar”ga qaraganda, ancha puxta yozilgan edi. Qissaga yaxshi ishlov berilmaganligi va pala-partish tuzilganligi, takrorlar ko‘pligiga qaramasdan, uning ustida muallif ko‘p mehnat qilgani sezilib turadi. Bu asarda Prust o‘zini yorqin psixologik portret yaratguvchi chuqur tahlil ustasi sifatida ko‘rsataoldi. Buni biz bosh qahramon obrazining tasvirida ham ko‘rishimiz mumkin. Muallif “Jan Santeyl” haqida: “Ehtimol, bu romandan kattaroq yoki undan kichikroq ham bo‘lishi mumkin, bu – hayotimning asl mohiyati, hech bir aralashma va qo‘shimchasiz... Bu kitob yozilgan emas, balki yig‘ilgan”, deb yozadi.
Haqiqatdan ham, “Jan Santeyl” ko‘lyozmasida hikoya va xronika, portret va tabiat manzaralari, hikmatli so‘zlaru dialoglar bir-biri bilan qorishib ketgan. Bularning hammasi “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” turkumida yakdil ma’naviy-axloqiy va badiiy kontseptsiya negizida bir-biriga chambarchas bog‘langan va betakror ko‘rinishda ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.
“Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” turkumining o‘ziga xosligi shundaki, unda, birinchi navbatda, romanning asrlar mobaynida qo‘llanilib kelinayotgan, odatiy bo‘lib qolgan syujet tushunchasi tubdan qayta ko‘rib chiqilib, qayta anglab olinadi. Hikoya qilish qahramon nomidan xotiralar shaklida olib boriladi, uning obrazi esa muallif shaxsi bilan chambarchas bog‘langan: Marsel-hikoyachi hayoti, ayni paytda, yozuvchi Marsel Prustning hayotiga o‘xshaydi. U go‘zal tabiat qo‘ynida joylashgan qadim Kombre shahrida o‘tgan bolaligi, oila qo‘ynidagi tinch va osuda hayoti, qarindosh va do‘stlari, eng muhimi, nozik did sohibi, nasl-nasabi aslzodalarga tegishli Svan haqida hikoya qiladi (“Svan tomon sari”). Svan hayoti turkumga kirgan barcha romanlardan o‘tadi. Bolakay o‘smirga aylanadi, es-hushini yo‘qotib Svan erkatoy qizi Jilbertaga ko‘ngil qo‘yadi; keyinchalik muhabbat rishtalari birdaniga uziladi; uning o‘rniga Baalbek kurortida dam olish onlari va u yerda sohibjamol Albertina bilan tanishishdan olingan taassurotlar keladi; aynan, Albertina Marselning ikkinchi muhabbatiga aylanadi (“Gullagan qizlar soyasida”). Marsel yoshligidanoq “sara” jamiyatga teng huquqli a’zo sifatida qabul qilinadi: gertsog Germantskiy, baron Sharlyus, knyaginya Parmskaya kabi zodagonlar uni o‘z uyida aziz mehmondek kutib olishadi. Prust romanlari (“Germantlar tomonida”, “Sodom va Gomorra”) dagi barcha qahramonlarning Parij aristokratlar davrasida jonli prototiplari bo‘lgan. Marsel qalbini egallagan sof va beg‘ubor tuyg‘u: Albertinaga bo‘lgan beqaror, qiynoqqa soluvchi, ziddiyatlarga to‘la muhabbati ushbu ikki jildda ko‘z o‘ngimizda ochiladi va “Asira” hamda “Qochoq qiz” romanlarida o‘z intihosini topadi. Nihoyat, “Topilgan vaqt” romanida qahramon, his-tuyg‘ular girdobidan, dil va yurak iztirobidan qutulib, besaranjom, behalovat hayotdan tinch va osuda hayotga qaytadi, hayotdagi yuksak burchi – ijodiy faoliyat ekanligini tushunib yetadi va yozuvchilik mehnatida taskin topadi. Aynan, adabiyotda uning etik va estetik dunyoqarashlari shakllanadi, ularga muvofiq tarzda badiiy ijod Marsel uchun haqiqiy, to‘laqonli hayotga aylanadi.
Prust tasvirining asosiy ob’ekti – dunyoni sub’ektiv tarzda idrok qiluvchi “ong oqimi”dir. Yozuvchi inson tomonidan dunyoni yangicha, bevosita his etishni qo‘msaydi, ushbu o‘tkinchi, yolg‘on dunyoga ijtimoiy munosabatlar tushirgan “muhr”dan xalos etishga intiladi. Va bu shaffof suvdek tiniq, subhidam havosidek beg‘ubor yangicha qarashni u “yo‘qotilgan vaqtni axtarish”da, avvalambor, yosh bola, keyinchalik o‘smir yigit ruhiyatida topadi. Yozuvchi nazdida, shu yoshdagi odamlarda tabiatni, jamiyatni, bir qarashda ahamiyatsiz bo‘lib ko‘ringan voqea-hodislarni ichki his-tuyg‘u orqali idrok qilish yuksak g‘oya va fikrlar bilan bulg‘anmagan, turli “g‘amxo‘r ta’sir va tavajjuh”lardan aynimagan: yosh bolalarning dunyoga boqishlaridek toza va tiniq ko‘rinadi. Prust uchun inson ruhini boyituvchi, unga mazmun bag‘ishlovchi tog‘dek yuksak his-tuyg‘u aynan shundadir.
“Svan tomon sari” romanining birinchi faslida “ong oqimi” badiiy uslubi shodu xurram ato etuvchi, umid-ishonchga to‘la natijalarga olib keladi. “Yo‘qotilgan vaqt”ni eslarkan, Prust bolalik degan yorqin olamning kichkina quvonch va shodliklari (gullagan do‘lana daraxti go‘zalligi, onasining mehrga to‘la bo‘sasi, qushlar sayrashi, maysalar mayinligi, otasining qo‘llariga ko‘tarib havoga uchirishi va hokazo)da ulkan poeziyani topadi, ilhomlanadi, she’riyat qanotlarida osmonu falakka parvoz qiladi. Turkumda “Svan tomon sari” sayr qilish Jilbertaga bo‘lgan bolalarcha romantik muhabbat, Kombre shaharining qadim cherkov gumbazlari, eski bog‘i va qadrdon uy manzaralari haqida xotiralar bilan assotsiatsiya orqali fikran bog‘lanadi.
Ushbu murakkab hissiyotlar va intuitiv ravishda idrok qilingan olamni tasvirlash uchun Prust bir-biri bilan o‘ziga xos tarzda uyg‘unlashgan ikki uslubdan foydalanadi: birinchidan – real dunyoni “o‘z ichiga” qabul qilish, odamlarni, tabiatni, narsalarni individual psixologik tasavvurlar kategoriyasiga o‘tkazish; ikkinchidan – eslash, xotiraga keltirish, bu o‘rinda, assotsiatsiyalar qatori o‘tmish va hozirgi davrlarni bir-biriga chambarchas bog‘laydi. Natijada, ulkan makon va zamonda ushbu davrlarning bir-biridan uzilishiga barham beriladi, ular yaxlit bir vaqtdek ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Shu tariqa, cheksizlikka g‘arq bo‘lib ketgan asrlar, o‘tib ketgan vaqt tasavvuri o‘z-o‘zidan yechim topadi. Masalan, Marsel o‘zining notanish go‘zal ayoli haqida o‘smirlik xayollarini yakshanba kunlari Kombre bog‘ida miriqib o‘qigan kitoblaridagi go‘zal manzaralardan axtaradi: “Boshimni ko‘tarib ko‘z o‘ngimda ochilgan qalam ojizlik qiluvchi manzaraga qaraganimda, kitobda keng maydon bo‘ylab yoyilayotgan go‘zal dunyo mening fikrimga jo bo‘lib, ehtirosli ta’sir ko‘rsatardi”. Shu bois, kelajakda, albatta, seviladigan notanish go‘zal ayolning sharpaga o‘xshash qiyofasi Prust tasavvurida binafsha gullarga burkangan qiyofada namoyon bo‘ladi. Aslida, binafsha rang Prust asarlarida muhim ahamiyat kasb etadi. Keyinchalik kitobdan olingan taassurotlarga atrof-muhitni: xiyobonni soya-salqin rohat makonga aylantirgan kashtan daraxtlar, yozda ko‘m-ko‘k manzarali jannatga o‘xshovchi so‘lim bog‘dan esayotgan xushbo‘y sabo, daraxtlar orasidan ko‘zga tashlanib turuvchi minoradagi soatning bong urishi va bu ovozning atrofga taralishi ham ko‘shiladi.
Prust bu o‘tqinchi va yolg‘on dunyodir, unda ob’ektiv voqelik haqida faqat nisbiy va sub’ektiv tasavvur hosil qilishimiz mumkin, deb ta’kidlaydi. “Qurrai zaminda jamiki mavjud tuyg‘u va kechinmalarni biz bir dunyoda his qilamiz va boshimizdan kechiramiz, biroq fikrlash, tushuncha hosil qilish, o‘z o‘zligimizni anglash boshqa dunyoda kechadi; biz bu ikki dunyo o‘rtasida ko‘prik tashlay olamiz, tutashtiruvchi nuqtalarni ham topaolamiz, biroq ular o‘rtasida beo‘lchov masofani to‘ldirishga ojizmiz” (“Germantlar tomonida”). Bu nimani bildiradi? Prust fikricha, sub’ekt va ob’ekt o‘rtasida oshib bo‘lmas g‘ov-to‘siqdek bilish jarayoni turibdi, shu boisdan ham his-tuyg‘ular olami va fikr yurgizish, tajriba orqali idroq qilish, aql bilan ish tutish olami – bir-biriga begona demakdir. Inson dunyoni emas, balki o‘zining dunyosini idrok qilishini tushunib yetgani bois, Prust nuqtai nazarida, mazkur tasavvurda hech qanday real va o‘zgarmas ob’ektiv mazmun bo‘lishi mumkin emas: hammasi o‘tkinchidir. Zamonlar o‘tib ketadi, odamlar ham o‘tib, fanoga g‘arq bo‘lib ketishadi. Shuning uchun Prust ijodida inson obrazi beqaror va o‘zgaruvchan. Axir, Prustning dunyoni his etish kontseptsiyasiga ko‘ra, inson haqida hosil qilingan har bir tasavvur sub’ekt tomonidan bilib olinayotgan ob’ektiv haqiqatning bir bo‘lagi emas, balki ushbu sub’ekt ichki olamining bir zarrachasidir, xolos.
Prust nazdida, hech qanday bir butun, yaxlit, metindek mustahkam, barqaror va o‘zgarmas xarakterning o‘zi bo‘lishi mumkin emas; odam tomonidan bir odat va xislatni yo‘qotish va ularni boshqasiga almashtirish o‘zining “men” – ruhiy markazini yo‘qotishi, shaxsning o‘limi bilan tengdir. To‘g‘ri, bu o‘limdan so‘ng shaxs yana hayotga qaytadi, lekin bu safar boshqa “men” qiyofasida.
Odat kishining ikkinchi tabiati, deganlaridek, odatlarga bog‘lanib qolish – bu, Prust fikricha, “ko‘z ochib yumguncha o‘tadigan har bir lahzada bizdan shaxsiyatimizning bir parchasini yulib oluvchi, har bir soniyada hayotimizga sovuq va badbashara tumshug‘ini suquvchi, qadam-baqadam yaqinlashib keluvchi o‘limga qarshi pinhoniy, jisman sezib, qo‘l bilan ushlab, ong bilan his etib qo‘rish mumkin bo‘lgan shakldan boshqa hech narsa emas”.
“Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” turkumida Prust tashqi dunyoni o‘z qahramoni idroki, dunyoni his etishi nuqtai nazaridan izchil tasvirlashga harakat qiladi. Bu g‘oya dunyo haqida real voqea-hodisalarning ketma-ket sodir bo‘lishida yoki makon va zamonning o‘zaro munosabatida, bir-biriga chambarchas bog‘langanligida emas, balki assotsiatsiyalar tufayli xotira qa’ridan yuzaga qalqib chiquvchi sub’ektiv holatlarni tartib bilan eslash orqali hikoya qiladigan romanlarning kompozitsion tuzilishini badiiy tafsilotigacha belgilab beradi. Ob’ektiv dunyo va odamlar roman sahifalarida ijtimoiy munosabatlar orqali bir-biriga bog‘langan tarzda emas, balki inson ongiga shaxsiy, individual his-tuyg‘usi ko‘rinishida “kiraoladigan” qism, parcha, hatto zarralargacha tarqoq holatda namoyon bo‘ladi.
Aksar fransuz tadqiqotchilari Prust ijodiga rus adibi Tolstoy ta’siri xususidagi masalani kundalang qo‘yishadi. Shubhasiz, Tolstoyning psixologik tahlil uslubini Prust diqqat bilan o‘rgangan, uning ko‘p jihatlarini o‘zlashtirib olgan deyishimiz mumkin. Masalan, inson psixologiyasi bilan bog‘liq tamoyillar: ichki monolog, o‘zi o‘zini tahlil qilishga moyillik, g‘ayrishuuriylik (ong osti)ka o‘tish harakatlarini ham o‘zlashtirgani va o‘z asarlarida tatbiq qilganini kuzatamiz. Prust nazdida, real dunyoni, ob’ektiv borliqni shaxs (individuum)ning psixologik jarayonlarini chuqur tahlil qilish orqali tushunib yetish, anglash mumkin. Tolstoyda esa, qahramonning ruhiy olami, hissiyoti va tafakkuri – o‘z ichiga qurrai zamindagi barcha narsalarni qamrab olgan real dunyoning bir qismidir, xolos. Prust ijodida Tolstoyning psixologik tahlil uslubidan foydalanishning qarama-qarshi xususiyatlari mazkur ziddiyatlikdan kelib chiqqan: bu uslub fransuz yozuvchisi ijodida ko‘p hollarda o‘zining aksiga aylanadi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Ta’kidlash lozimki, Prust inson xatti-harakati, his-tuyg‘u, mayl-istaklari paydo bo‘lishida sabab va oqibat aloqadorligini inkor etmaydi. Aksincha, psixologik holatlarning tahlilida u yuzaga qalqib chiqqan qator assotsiatsiyalar orqali u yoki bu jo‘shqin intilish, kayfiyat, ruhiy holatning o‘zgarish sabablarini mantiqiy ravishda aniqlaydi. Biroq, ushbu assotsiatsiyalar, odatda, bir-biriga ulangan muayyan g‘oyalardek emas, balki, aynan, shu paytda, ko‘ngilda kechayotgan his-tuyg‘u, anglab bo‘lmas tarzda paydo bo‘luvchi xohish-istakni idrok qilish orqali xotiradagi murakkab, ba’zida tushunarsiz tasvirlarga aylanadi. Prust psixologik jarayonlar, ruhiy holatlar uchun nafaqat ratsional, ya’ni, aql-idrokka asoslangan, balki uning nuqtai nazaridan g‘ayrishuuriylikda, ichki his-tuyg‘ularda chuqur ildizlarni topishga harakat qiladi.
Shu bilan birga Prust hech qanday vaziyatda ham “mahmadonalik” qilmaydi, o‘zini hech qachon “donishmand” qilib ko‘rsatishga urinmaydi, “falsafiy samo”ga intilmaydi, o‘zini sirli va tushunarsiz qiyofaga solmaydi. Qahramonning ichki olamini, ayni paytdagi ruhiy holatini tabiiy instinktlar, irratsional, ya’ni, aqldan tashqari, mantiqan bilib bo‘lmaydigan mayl-istaklarning tartibsizligi, chalkashligi holatida tavsiflamaydi. Bil’aks, inson psixologiyasiga o‘tib, u insonning ichki olami, ruhiyati qanchalik murakkab va serqirra ekanligini ko‘rsatishga harakat qiladi. Masalan, Svanning yengil tabiat, suyuqoyoq, ammo xushfe’l va xushsuhbat ayol Odettaga bo‘lgan muhabbati yuqoridagi fikrlarni to‘liq isbotlaydi. Odettani e’zozlagan, bu ayol siymosida o‘ziga yaqin odamni ko‘rgan Svan oxir-oqibat unga uylanadi. Prust ushbu mehr-sadoqat, yaqinlik tuyg‘usini Svanning tabiati, fe’l-atvorining o‘ziga xosligi, boshqalardan keskin farq qilishi bilan izohlaydi. To‘g‘ri, Svan qalbini egallagan muhabbatning “ahmoqona tarixi” odob-axloq me’yorlaridan tashqari, noshoyon “so‘z”lar bilan, bir yoqlama va yuzaki tushuntirilishi mumkin edi, ammo Prust romanida go‘zalik shaydosi, yuksak madaniyatli, boadab, nozik did sohibining hayotdan ko‘ngli sovishi, umidlari ro‘yobga chiqmasligi tarixidek ochiladi. Yozuvchi o‘z qahramonini hayotda ro‘y berishi mumkin noxush, o‘tkinchi va oqibatsiz vaziyatlardan doimo qutqaradi; uning ichki olamini, ruhiy holatini nozik, har qanday vaziyatda ham odob-axloqni saqlovchi mayl-istaklardan to‘qilganligini ko‘rsatadi. Masalan, Svan uchun Odettaning bevafoligi haqidagi gumonini aytishi, bu haqda unga savol berishi aql bovar qilmaydigan narsa: Svan buni o‘ziga ep ko‘rmaydi. Hattoki, kundek yorug‘, suvdek tiniq dalil-isbotlar ham Svanni ishontira olmaydi, chunki ular, aynan, “kundek yorug‘, suvdek tiniq va qo‘pol” bo‘lganligi uchun ham asossizdir.
Prust o‘zining romanlari turkumida Svanning Odettaga, markiz Rober de Sen-Luning olifta satang ayol Raxilga, Marselning sohibjamol Jilberta, gertsoginya Germantskaya, mademuazel Stermariya, va, nihoyat, maftunkor Albertinaga bo‘lgan muhabbatining paydo bo‘lishi va so‘nishi mavzusiga ko‘p marta qaytadi. Bu borada, Stendal va Flober ijodi Prustga katta ta’sir ko‘rsatgani, shubhasiz.
Ammo, Stendal asarlariga taqlid qilish, ulardan ta’sirlanish bilan bir qatorda, “muhabbat o‘zgaruvchanligi” mavzusi Prustning psixologik tahlilida ayolga bo‘lgan munosabati o‘ziga xos tarzda talqin qilinadi. Prust asarlarida sevikli ayol obrazi doim ikkita, ya’ni, tasavvurdagi, xayoldagi ideal ayol va o‘tkinchi, bir paydo bo‘lib, nom-nishonsiz yo‘q bo‘lib ketuvchi timsollar qiyofasida namoyon bo‘ladi. Go‘yoki muhabbat ob’ektdan alohida mavjud bo‘layotgandek tuyuladi. Masalan, markiz Rober de Sen-Luning Raxilga bo‘lgan muhabbatiga Raxilning g‘arazli niyatlari ham, haqoratomuz qo‘polliklari ham, hattoki, uning son-sanoqsiz ishqiy aloqalari xaqida xabarlar ham zarracha ta’sir etmaydi. Aksincha, uni yanada mustahkamlaydi. Sababi shundaki, Rober tasodifiy assotsiatsiya ta’sirida sevikli ayol haqidagi tasavvurlarini Raxilga o‘tkazadi va Raxilning jamiki mavjud ijobiy va salbiy xislatlariyu xatti-harakatlarini ushbu xayoliy tasavvur orqali idrok qiladi.
Prust romanlarida tasvirlanayotgan voqea-hodisalarning ob’ektiv mantig‘i ushbu romanlarni mutolaa qilgan o‘quvchini har qanday me’yor-mezonlarni rad etuvchi xulosalarga olib kelmaydi. Svan, Rober de Sen-Lu yoki Marsellarning umidsizlikka tushishlari, ishonchlari oqlanmasligi oqibatida aldanganliklari mavhum sharoitda, real voqelikdan uzoq bo‘lgan vaziyatda emas, balki “Germantlar tomonida”, “Sodom va Gomorra”da, xushmanzaralari kurort va aristokratlar davrasida yuz beradi. Axir, hayot sinovlarida suyagi qotgan, uning achchiq-chuchugini totib ko‘rgan Marsel yoki Svan butun hayoti davomida, aynan, shunday sharoitda yashaydi. Umidvor Marsel bunday muhitda nafis did, nozik his-tuyg‘ular, ma’naviy go‘zallik va beg‘arazlikni topish ilinjida yashaydi. Uning tasavvurida oddiy hayot ikir-chikirlaridan, kundalik tashvishlaridan so‘ng, aynan, shu muhitda boshpana topish mumkin tuyuladi. Nasl-nasabi, jamiyatdagi mavqei, aql va madaniyati darajasi bo‘yicha teng aristokratlardan Marsel ma’naviy madad, olijanoblik, hamfikrlik, ruhan birlashuvni kutadi. Biroq Marsel xayollari puchga aylanadi: martaba va unvonlar, yuksak mavqe va boylik, tubanlashib ketgan qalblarning soxtaligi va pastkashligi, qiziqish va intilishlarning hech narsaga arzimasligi, fisq-fujur hamda nodonlikni va, nihoyat, bag‘ritoshlik, qabihlik va axloqiy buzuqlikni xaspo‘shlab turadi.
Prust, nafaqat, eng nozik, qalbning qa’rida yashiringan ruhiy kechinmalarni tasvirlash, balki mohir hajvchi, nuqsonlar va illatlarni fosh etishda qalami o‘tkir yozuvchi bo‘lganligiga ishonch hosil qilish uchun “Sodom va Gomorra” romanining “Janob Sharlyus aristokratlar davrasida” nomli birinchi bobini o‘qishning o‘zi kifoya. Asardagi barcha qahramonlar o‘zlari egallagan ijtimoiy mavqe jihatidan aniq va tushunarli tasvirlangan. Haqiqiy yuksak his-tuyg‘ular zavol topishiga inson tabiati emas, balki “nozik ta’b sohiblarining sermulozamat va sulukatli jamiyat” muhiti aybdor degan hulosaga kitobxonning o‘zi keladi, chunki bunday muhitda na haqiqiy mehr-muhabbat, na samimiy do‘stlik, na sadoqat bo‘lishi mumkin. Ich-ichiga singib ketgan sun’iy munosabat va yuzaki rasm-rusumlar, nimaiki qilsa ham baribir jazosiz qolish hissi, qolaversa, avjiga chiqqan axloqsizlik va ma’naviy inqiroz Sharlyus, Verdyuren, Odetta va Albertinalar jamiyatini, ularning insoniylik qiyofasini tanib bo‘lmas darajagacha o‘zgartib yuboradi. Shu tariqa, Prust, ijtimoiy ziddiyatlarga til tegizmay, ammo inson psixologiyasi va kundalik turmush tarzini haqqoniy tasvirlashga intilarkan, imkon qadar jamiyatning tepasida turgan, o‘zlarini dunyo xo‘jayinlari deb bilganlarning g‘ayriinsoniy qiyofasini, odamgarchilikdan yiroq muomalasini, ma’naviy-axloqiy jihatdan buzilib ketganliklarini ayovsiz fosh etadi, aniq va ifodali tasvirlab beradi.
Aristokratiya jamiyatida qabul qilingan tartib-qoidalarga ko‘rko‘rona ergashuvchi, o‘zini oliy darajada madaniyatli, bilimdon, nozik did sohibi va mislsiz farosat egasi deb hisoblagan xudbin odam haqida gapirarkan, Prust chin yurakdan kuladi, ularni ayovsiz tanqid qiladi. Masalan, Verdyuren oilasining a’zolari haqiqiy zodagonlarga o‘xshab gapirishlari, ularning xatti-harakatlariga taqlid qilishlarini mazaxlaydi, baron Sharlyus hayoti haqida gapirganida esa, zaharxanda so‘zlardan o‘zini tiya olmaydi.
Prustning aynan ushbu istehzoli munosabati ehtirossiz, vazmin va ob’ektiv bayon niqobi ostiga yashiringan tanqidiy nazarini, chuqur psixologizmini to‘liqligicha ifoda etadi, deb ta’kidlash mumkin. Ba’zida, kamdan-kam hollarda, bu achchiq istehzo va muloyimgina aytilgan hazil xaspo‘shlab turuvchi pardaning ko‘tarilishiga olib keladi va Prustga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berishga imkon yaratadi. Masalan, Prust xolisona, ob’ektiv ravishda Baalbek kurortida dam olayotgan va sog‘ligini tiklayotgan odamlar tashkil etgan jamiyat hayotini, ularning kundalik turmushini zarda va nafrat, go‘yo yam-yashil dalani qovjiratgan cho‘lga aylantirgan olovdek kuydiruvchi so‘zlar bilan tasvirlaydi: moviy dengiz sohillariga kelgan bu odamlar Parijda odatlanib qolgan xudbinlarcha turmush tarzidan, hatto o‘zlariga oltin va marjon bersalar ham, chiqishni aslo xohlamaydilar. Go‘yoki ular uchun o‘zgartirib va buzib bo‘lmas odatga aylangan va ko‘nikib ketilgan hayot tarzidan, eski va qadrdon tanish-bilishlar doirasidan boshqa hech narsa yo‘qdek tuyuladi; hattoki, dengiz mavjlari, qumli sohillar, qirg‘oqlardagi daraxtlar, qolaversa, butun borliqni qamrab olgan tabiat go‘zalliklari ular uchun begona va tajovuzkor bo‘lib ko‘rinadi. Kurort mehmonxonasida ular nonushta, tushlik va kechki ovqat tanovul qilganlarida, “mehmonxona ulkan sehrli akvariumni eslatar edi, shaffof oyna ortida esa Baalbekni ishchi va dengizchi aholi, qambag‘al oilalar to‘planib, muhtasham akvarium ichida bashang qiyingan, zeb-ziynatga burkangan odamlarning dabdabali turmushini, g‘arra-sharra yeb-ichishlari, raqs tushish va sayr qilishlarini, ko‘zlarini katta-katta ochib, go‘yo es-hushidan ayrilgan odamlardek kuzatishadi. Ular uchun bu hayot go‘yo noyob, kamdan-kam uchraydigan baliqlardek, allanechuk, tushunarsiz, sirli edi”. Manzarani to‘ldirish uchun Prust: “Muhim ijtimoiy masala: ushbu nodir, kamyob jonivorlarning bazmu jamshidlarini mo‘rt shishadan yasalgan oyna qachongacha himoya qilarkan, umuman, o‘z ichida sog‘-omon saqlab qolarmikan? Bir kunmas bir kun qorong‘ulikdan, zimdan ochko‘zlik bilan, hirs va nafsini zo‘rg‘a tiyib poylab turuvchi notanish va noma’lum odamlar kelib, ularni akvariumdan tutib, yeb qo‘ymasmikan?” deb qo‘shib qo‘yadi.
Ta’kidlash lozimki, bu tasvirda Prustning ma’qullovchi so‘zlarini topaolmaymiz, u na manzur ko‘radi, na ijobiy baho beradi: o‘zining bashorati yuzasidan na qayg‘uradi, na hadiksiraydi. Biroq, keyingi jumlasida o‘zi sobitqadamlik bilan egallagan pozitsiyasini ikki xil tushunishga yo‘l bermovchi ohangda bayon etadi: “Shu orada esa, bir joyda qotib, zimistonda turgan olomon ichida, ehtimol, qandaydir bir yozuvchi, odamlar va baliqlarni o‘rganuvchi havaskor-tadqiqotchi turgan bo‘lishi mumkin. U, kemshik yalmog‘iz kampirlar, bahaybat maxluqlarning kavshanishlarini kuzatarkan, akvarium oynasining ikki tomonida turgan odamlarni har xil, bir-biriga yetti yot begona turlarga ajratganidan mamnun bo‘lib, adashmaganidan o‘ziga o‘zi tasalli berar edi”.
Bir hisobda, odamlar va hayvonlarning xilma-xil turlarini kuzatgan va o‘rgangan mutaxassis sifatida namoyon bo‘layotgan Prustning mualliflik pozitsiyasi, o‘zining mashhur “Inson komediyasi”da xilma-xil va rang-barang ijtimoiy qatlamlardan kelib chiqqan “jondor”lar tasnifini tuzgan, “inson qalbi ovchisi va tabibi” hisoblanmish Balzak egallagan pozitsiyasiga ozmi-ko‘pmi o‘xshab ketadi. Ammo, bunday taqqoslash oddiy zahmatkashlar hayoti, orzu-umidlarini yaxshi bilgan hamda ularni yuksak qadrlagan Balzak bahosi hamda zodagonlarni “noyob inju va nodir olmos”, avom xalqni esa – “noma’lum zot”, deb hisoblagan Prust bahosi o‘rtasidagi keskin farqni namoyon qiladi.
Aslini olganda, Prust oddiy xalqni bilmagan va tushunmagan, u faqat xizmatkorlarnigina yaxshi bilgan, ularning turmush tarzini, kundalik hayotini sinchkovlik bilan kuzatgan va o‘rgangan. Tan olish kerak, Prust bunday odamlarni ikki toifaga bo‘larkan, bir tomondan, itoatkorona bo‘yin eguvchi, qo‘zichoqlardek sukut saqlovchi, ikkinchi tomondan esa xalq orasidan chiqqan, erkin, ammo hech qanday huquqqa ega bo‘lmagan quyi tabaqaga mansub odamlarni ko‘rgan. Eng muhimi, mazkur ikki toifani bir-biridan ajratib, ularni turli qiyofada tushunishga yo‘l qo‘ymaydi. Masalan, ikkinchi toifadagi odamlarda tabiatan sog‘lom fikrni, sobitqadamlikni, mustahkam iroda, kuch-shijoat va olijanoblikni ko‘rsa, birinchi toifa odamlarda laganbardorlikni – xo‘jayin (boy) va malay qul (xizmatchi) o‘rtasida aynan o‘xshashlikni ko‘rishga harakat qiladi, biroq unisi ham, bunisi xam kimgadir bo‘yin egib xizmat qiladi. Shu bois, itoatgo‘y xizmatkor, qarol va ofitsiant psixologik portreti, ma’naviy va aqliy qiyofasi Prust romanlarida aristokratlar tabaqasiga mansub kishining psixologik portreti, ma’naviy va aqliy qiyofasidan ko‘pincha farq qilmaydi. Prust oddiy, ko‘zga tashlanmaydigan, qolaversa, nazar-e’tibordan chetda turuvchi odamlarda ko‘rgan madaniyat, did-farosat va tarbiyaning yetishmasligi oliy tabaqa (saroy a’yonlari va dvoryan)ga mansub kishilarda qo‘pol, xunuk va kechirib bo‘lmas darajada namoyon bo‘ladi. Garchi Prust keksa xizmatkor ayol Fransuazaning savodsizligi, o‘qish va yozishdagi xatolarini fransuz xalqining dunyoqarashi, dunyoni his etish va tushunish an’analari bilan bog‘lagan bo‘lsa, gertsog Germantskiyning nodonligi, aqliy va axloqiy qoloqligini, aristokratlarning dunyoqarashlari torligi, to‘ngligi, qo‘pol xatti-harakati va muomilasi, o‘zi o‘zidan mag‘rurlanishi, izzattalabligi, zaif nafsoniyati, xudbinligi bilan izohlashga harakat qiladi.
Yozuvchi Germant va Sharlyuslar hayotiga, Sodom va Gomorraning zulmat qoplagan dunyosiga chuqur kirib borgani sari, muallifga ushbu soxta va yuzaki bo‘lib ko‘ringan qaltis hamda xatarli dunyoda, aysh-ishrat va shahvoniy hirsga berilgan muhitda “yo‘qotilgan vaqt”ning soniyalarini, sog‘lom aqlning zig‘irday donachalarini axtarish, billurdek shaffof osmonda tiniq suv tomchisida, odam oyog‘i bosmagan tabiat qo‘ynida dunyoni ko‘rish, idroq qilish holati murakkablashib boradi. Shuning uchun Prust turkumining oxirgi romanlarida sun’iylik, ortiqcha bejamdorlik, g‘ayrioddiylik, ohang va ranglar uyg‘unligining nomuvofiqligi ko‘zga tashlanadi: bu yerda sog‘lom aqlga zid, nosog‘lom shahvoniy mavzularga haddan tashqari e’tibor berilganlikni payqab olish qiyin emas. “Sodom va Gomorra” romanining ikkinchi qismida gertsog Germantskiyning serhasham uyidagi qabul marosimni va keyingi shohona bazmni mohirona tasvirlash boshqa boblardan alohida ajralib turadi, chunki snoblarga xos xulq-atvor, quruq oliftagarchilik, xudbinlik, zodagonlarning behalovat va befoyda hayoti, sarobga aylanayotgan orzu-umidlari, “sara jamiyat”ning ma’naviy qashshoqligi, oxir-oqibat, tushkunlikka yo‘liqishi va zavol topishi muallif tomonidan, chayon nishidek achchiq va dudama xanjardek o‘tkir so‘zlar vositasida zaharxanda jilmayish bilan fosh etiladi. Romanning o‘zagi bo‘lgan ikkinchi, qolaversa, birinchi qismidagi fasl va boblar mazmuni o‘zini o‘zi takrorlagan muallifning kuzatuvlariga, psixologik tahliliga biron-bir yangi jihatlarni olib kirmaydi. Shunday bo‘lsa ham, yangilik deb muhim bir jihatni, u ham bo‘lsa pessimizmning kuchayib borishi, roman sahifalarida sodir bo‘layotgan voqea va hodisalarga muallifning beparvoligi, borgan sari umidsizlik iskanjasiga yo‘liqishini ko‘rsatish mumkin. Axloqi buzuq, ma’naviyati past, badnafs va hirsini qondirish balosiga mubtalo bo‘lgan, tubanlashib ketgan qahramonlarning his-tuyg‘ulari va intilishlarini ipidan ignasigacha tahlil qilarkan yozuvchi, bora-bora kinoya qilishni, istehzoli nigoh orqali qarashni, mazax ila jilmayishni bas qiladi, uning munosabati adolat tarozisida o‘lchab ko‘rilgandey xolisona, loqayd, haqqoniy bo‘lib boradi. Alhosil, muallif axloqsizlik va razolatga tushgan, shahvoniy hirsga berilgan skripkachi Morelning qabohat va yaramas xatti-harakatlarini “tug‘ma instinkt yoxud fe’l-atvorining ziddiyatlari” bilan izohlaydi va uning gunohidan kechadi. Bu yetmagandek, adib qabix va ablah Sharlyusning his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalarini real hayotdagi sevgan va sevilgan kishining his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalari, qolaversa, qayg‘u-hasrat va shodlik-quvonchlariga yaqinlashtirish, bir-biri bilan qiyoslash joiz deb biladi, bunga urinib ham ko‘radi. Kishida nafrat uyg‘otishdan boshqa hech narsaga yaramaydigan, qiliqlari va gaplari yoqimsiz Sharlyus kutilmaganda, birdan inson qiyofasiga kiradi, unga insonlarga xos bo‘lgan ijobiy xislat va fazilatlar aslo yot tushuncha emasligi ayon bo‘ladi, muallif buni inkor etmaydi, Sharlyus o‘zgacha mehr-muhabbat bilan Balzak asarlarini mutolaa qilishga kirishadi. Bu yerda Prust adolat tarozisi pallalarida ezgulik va yovuzlikni o‘lchash qobiliyatini, aniqrog‘i, yaxshilik va yomonlik mezonini yo‘qotadi. Muallifning “Sodom va Gomorra” romanidagi qahramonlarga nisbatan asar boshida namoyon bo‘lgan nafratlanish hissi tabiiy va g‘ayritabiiy hollarda bir xil bo‘lgan inson tabiati avvalboshdan yovuzlikka yo‘g‘rilganligi, inson ko‘zini ochganidan, nafas olishidan axloqsizligi, es-hushi faqat hirs va nafsni qondirishga qaratilganligi, ishrat va shahvatparastligini ortiqcha hayajonsiz, vazmin ohangda, yorqin ranglarda, mayda tafsilotlarigacha qayd etishga intilib boradi.
Darvoqe, muallif “Sodom va Gomorra” romanidan e’tiboran, turkumning so‘nggi romanlarida bosh qahramon – Marselning olijanob fazilatlari, ezgu niyat va nozik his-tuyg‘ulari bilan bir vaqtda, uning tuban harakatlari va fe’l-atvorining buzilib ketishini sovuqqonlik bilan qayd etib boradi, sinchkov tahlil qiladi. Axloqiy pokizalik, beg‘uborlik, shuningdek, badaxloqlik, razillikka nisbatan e’tiborsizlik, yuksak his-tuyg‘u va muhabbat – bularning hammasi, nainki, Rober de Sen-Lu, balki Marsel qalbini chulg‘ab olganligi asarda sezilib turadi. Marselning Jilbertaga bo‘lgan muhabbatiga qaraganda, Albertinaga bo‘lgan olijanob va beg‘ubor his-tuyg‘ulari oddiyroq, tushunarlidir. Albertina qalbini egallab olgan his-tuyg‘uga dosh berolmay, bor vujudi bilan Marselni sevib qoladi, biroq badbinlik botqog‘iga tushib qolgan Marsel, o‘zining aysh-ishratga moyilligi, beburdligi, badaxloqligi tufayli paripaykar Albertinadan ko‘ngli soviydi. Bunday chigal vaziyatda muallif Albertinani ham, Jilbertani ham shoirona tasvirlash, ijobiy xislatlarini bo‘rttirib ko‘rsatish, bir so‘z bilan aytganda, ideallashtirishdan o‘zga chora topolmaydi.
Prust turkumining so‘nggi romanlarida ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga e’tiborsizlik, insoniylikka qarshi yo‘g‘rilgan g‘oyalar salbiy ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi. Aslida, turkumning ilk romanlarida Prust jon-jahdi bilan bu g‘oyalarga qarshi chiqqan, “yo‘qotilgan vaqtda” sof va beg‘ubor his-tuyg‘ularni, olijanoblikka yo‘g‘rilgan muruvvatni, haqiqiy insoniylikni axtargan edi. Shu bois ham Marsel va Albertinalarning muhabbat tarixi o‘quvchida yurakni ezuvchi, qalbni tilka-pora qiladigan og‘ir taassurot qoldiradi. Negaki, bu yerda muhabbatdek yuksak his-tuyg‘u xayoliy, yolg‘on va soxta, real hayotdan yiroqligi xususida oldingi mavzularning takrorlanishi bilan bir qatorda, Marsel va Albertinalar o‘rtasidagi munosabatlar ham jozibadorligini, tarovatini yo‘qotadi, aksiga olib rashq, yolg‘on va ishonchsizlik tufayli, o‘ta shafqatsiz, bir-birini qiynash, chidab bo‘lmas darajada azoblashga aylanadi.
Turkumning so‘nggi – “Asira” va “Qochoq qiz” romanlari o‘quvchini oxirgi qism “Topilgan vaqt” romaniga bevosita ro‘baru qiladi. Bu yerda muallif dilda sir saqlagan, hech kimga, hech qachon aytilmagan fikri, ya’ni, fanoga g‘arq bo‘luvchi, huddi osmondagi bulutlar kabi tarqalib ketayotgan, to‘xtovsiz oqib borayotgan “yo‘qotilgan vaqt” ortidan quvish, izma-iz ta’qib etish, unga bir qadam bo‘lsa-da, yaqinlashish orqali inson topadigan yagona qadriyat haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashadi. Prust nazdida, bu yagona qadriyat – san’at va ijodiy jarayon bo‘lib ko‘rinadi.
Ta’kidlash lozimki, Prustning “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” romanlar turkumi negizini adabiyot va san’at mavzusi tashkil etadi. Bor vujudi bilan adabiyotga berilish, hayot ma’nosini ijodda ko‘rish, ijodiy faoliyat bilan yashash mavzusi Prust yaratgan romanlar turkumining boshidan oxirigacha o‘tadi, bir-birini chambarchas bog‘lab, o‘ziga xos yaxlit bir tizimga keltiradi. Romanlarda yorqin tasvirlangan musavvir Elstir, bastakor Venteyl, yozuvchi Bergot kabi personajlarning ijodini, ular yaratgan asarlarini tahlil qilishda Prust o‘z badiiy va estetik qarashlarini mujassamlantiradi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni paytda, fransuz adabiyotshunos va faylasuflari ta’qidlashicha, adib ijodida Elstir va Ogyust Renuar, Venteyl va Klod Debyussi, Bergot va Anri Bergson o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘xshashlik mavjudligi xususidagi fikrni ilgari surishadi. Bizningcha, muhimi bunda emas, balki Prust o‘z tasavvuridagi san’at ixlosmandlari, mohir ijodkor va ularning asarlarini tahlil qilarkan, shu tariqa, o‘zining badiiy ijod kontseptsiyasini ham ifodalaydi.
Prust fikricha, san’atni hayotdan ustun qo‘yuvchi jihat – bu har qanday hayotiy taassurotni ijod orqali badiiy asarga aylantirish jarayonidir. Faqat ijod, ijodiy mehnat dunyoga, hayotdagi voqea-hodisa, moddiy va ruhiy narsalar tub mohiyatiga chuqur singib borishga, qolaversa, yo‘qotilgan his-tuyg‘u va kechinmalarni jonlantirishga, xotiraga keltirishga qodirdir. Prust ta’kidlashicha, bir lahzaga bo‘lsa ham bizni zamon va makondan tashqariga qo‘yuvchi, ob’ektiv borliqdan ustun turuvchi taassurotga qaytarish, takroran qalbga solish insonga haqiqiy zavq baxsh etadi. Biroq, beixtiyor hissiy assotsiatsiya asosida, hayotda ro‘y beruvchi taassurotning qaytarilishi o‘tkinchi, foniydir. Agar bu on muhrlab qo‘yilsa, taassurot uchun o‘ziga xos ruhiy ekvivalent, ya’ni, san’at asari yaratilsa, ushbu taassurot boqiy qolishi mumkin.
Shunday qilib, Prustning estetik nazariyasi san’atni keng ma’noda, reallikdan ajratishga, real hayotga bog‘lamaslikka, tor ma’noda esa ijtimoiy hayotga bog‘lamay, ob’ektiv voqelikdan muayyan makon va zamonga taalluqsiz sub’ektiv hissiyotlar dunyosiga sho‘ng‘ib ketishga da’vat etadi, “ijodiy jarayonda hayotni tiklash, esga solish” yo‘li orqali uni intuitiv anglash va asliday tasvirlashdan uzoqlashtirishga chorlaydi.
Mazkur “sub’ektiv” dasturga qat’iy rioya qilish, uni badiiy ijodga tatbiq etish ob’ektiv dunyoni bilish va aks ettirishning o‘ziga xos shakli sifatida namoyon bo‘luvchi san’atni, pirovardida, boshdan-oxirigacha barbod bo‘lishga olib kelishini payqash qiyin emas. Ammo, Prust mohir yozuvchi va nigohi o‘tkir psixolog sifatida, ko‘pincha, o‘zi qo‘ygan talablarni bajarmaydi, shuning uchun ham uning “ong oqimi” uslubida yozilgan romanlari badiiy-estetik ahamiyatga egadir. Ko‘p hollarda “ong oqimi” Prust romanlarida go‘yo ikkiga ajralgandek – u goh tasvir ob’ektiga, goh real voqelikning obrazlarini o‘zgacha talqin etish usuliga aylanadi. Yozuvchi qahramonlari qalbida kechayotgan his-tuyg‘u va ruhiy kechinmalar, chetdan qaraganda, hayotdagi odamshavandalik, madaniyat va odob niqobida namoyon bo‘luvchi shafqatsizlik, o‘ta tartibsizlik, nojo‘ya xatti-harakatlar, ma’naviy va axloqiy tubanlikka yetaklovchi omillar bilan to‘qnashganda, oxir-oqibat yangi asrning manfaatparastligini, ma’naviy qashshoqligi, aqliy zaifligi va qo‘polligini qabul qilolmagan fransuz intelligentsiyasi “yo‘qotilgan avlod”ining ma’naviy va ruhiy yolg‘izligini ko‘rsatadi. Nima bo‘lganda ham, alohida olingan shaxs (individuum)ning ma’naviy-axloqiy, ruhiy, qolaversa, aqliy faoliyat sohasini ijtimoiy hayot, ob’ektiv voqelik bilan mutanosiblashtira olmaslik, o‘rtadagi nisbatni aniqlay bilmaslik, pirovardida, shaxsni eng yuksak qadriyat, dunyodagi moddiy va ma’naviy boylikning negizini tashkil etuvchi asosiy manba deb e’lon qilish Prustni tanqidiy realizm tamoyillaridan uzoqlashtiradi.
Prustning badiiy niyati, ya’ni, “ong oqimi” romanlar turkumining o‘ziga xosligi shundaki, muallifdan ushbu niyatni izchil va aniq amalga oshirish uchun syujet va kompozitsiya, obraz va obrazlilik, badiiy nutq va uslubga oid yangi shakllarni kashf etishni va tatbiq qilishni taqozo etgan. 1914 yil boshida, “Svan tomon sari” romani dunyo yuzini ko‘rgach, Prust Jak Riverga yo‘llagan maktubida: “…Yo‘q, agar mening intellektual kuchimga ishonchim, o‘z hayotiy maslaklarim bo‘lmaganida, men faqat eslashni, xotiralar og‘ushida yurishni xohlaganimda… kasalmand bo‘la turib, yozishni, ijod qilishni zimmamga olmagan bo‘lardim. Biroq, men tafakkur, muayyan g‘oya yoki fikr tadrijiy rivojlanishini mavhum obrazlar yoki mavhum tushunchalar orqali tahlil qilishni emas, balki tafakkur, g‘oya, fikrni jonli qilib ko‘rsatishni, uni yashashga majburlashni xohlagan edim”, deb yozgan.
“Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” romanlar turkumining tuzilishi muallifning yangi kompozitsion usul, syujet qurilishi, dialog va ichki monolog orqali serqirra, qatlamlari ko‘p inson ongini anglashga intilganligidan dalolat beradi. Romanlar turkumi, cheksiz badiiy makon va zamonda yoyilganligiga qaramasdan, syujet va kompozitsiya jihatidan aniq ko‘rinadi, ularning muayayn tartibda joylashganligini kuzatamiz. “Topilgan vaqt” romanining so‘nggi sahifalari “Svan tomon sari” romanining ilk sahifalari, ayniqsa, o‘tmishni chuqur his-tuyg‘ular orqali eslash epizodiga tayanishi bejiz emas, albatta. Biroq, tan olish kerakki, Prustning badiiy tafsilotlarga bo‘lgan o‘zgacha mehri, ba’zida me’yordan chiqib ketgan holda, hajman nomutanosiblikka, o‘z o‘rnida yoki bemavrid qo‘shib qo‘yilganlikka olib keladi, shu kabi juz’iy kamchiliklarga qaramasdan, “yo‘qotilgan vaqtni axtarish” ichki mavzusi butun turkum bo‘ylab puxta o‘ylab chiqilgan reja asosida rivojlanadi va mantiqiy yechimiga yetkaziladi. Shu bilan birga, teran psixologizmga yo‘g‘rilgan “vaqt oqimi” bilan bir qatorda, muallif tasvirlanayotgan aristokratlar dunyosining umumiy manzarasini ko‘zdan qochirmaydi. Pirovardida, aristokratlarcha estetizm, nozik did, go‘zallikka shaydolik, dunyoni sub’ektiv his etish, umuman olganda, yuqori jamiyatning hayot tarzi ma’lum tadrijiy rivojlanish jarayonidan o‘tadi: dunyoqarashlar yaqinligi, manfaatlar umumiyligi aniqlangan holda, o‘zaro bog‘lovchi g‘oya va mafkura topilib, burjuaziya va zamindorlar “sara jamiyati” birlashadi. Asarning birmuncha cho‘zilganligiga qaramasdan, har bir qahramonning syujet chizig‘i uzluksiz kuzatib boriladi. E’tiborga molik yana bir jihati shundaki, “Svan tomon sari” romanining dastlabki qirq sahifasida turkumning deyarli barcha personajlari ko‘rinish beradi, keyinchalik, roman rivojlangani sari, ulardan birortasi ham nazardan qochirilmaydi.
Prust o‘zi romanlar turkumi kompoziyasiga, turkumga kirgan har bir alohida olingan romanning izchil tartibda tuzilishi, mustahkam ichki strukturasiga ega bo‘lishiga katta ahamiyat bergan. Darvoqe, Jak Riverga yo‘llagan maktubida adib: “Mening kitobim o‘ziga xos konstruktsiya kasb etishini anglagan o‘quvchimni nihoyat kashf etdim”, degan edi. Parcha, qism, sahna, bob, fasl, umuman olganda, romanlar o‘rtasidagi o‘zaro nisbat, uzviy aloqadorlik, bir-birini taqozo etishi muallifni uslub sayqali, nutq ravonligi, izchil bayon, mantiqiy syujetdan kam bo‘lmagan darajada tashvishlantiradi. O‘rtadan olti yil o‘tib, Prust “konstruktsiya” atamasini yana qo‘llaydi: “Modomiki, bu konstruktsiya bo‘lgani uchun unda ochiq joylar, payvandlangan ustun, tirgovuch, zinapoyalar bor; ikkala qavat yoki ikki ustun orasida men manzara, sahna va ko‘rinishlarni batafsil tasvirlashim mumkin”. Syujetda voqealar rivojlanish yo‘lini ko‘rsatuvchi, aniqroq qilib aytganda, uning negizini tashkil etuvchi ushbu rang-barang manzara, sahna va ko‘rinishlar Prust uchun muhim voqea, isbotlashni talab etmovchi fakt, tarixiy yoki ijtimoiy hodisalarni ko‘rsatish uchun o‘ziga xos fon, ya’ni, muayyan zamon va makon sifatida juda ham zarur, chunki bularsiz turkumdagi romanlarning chuqur psixologizmga yo‘g‘rilganligi yoki har bir romanning psixologik chizig‘i tavakkal olib borilgani, aniqrog‘i, asossiz bo‘lib ko‘rinardi, ya’ni, psixologik tahlilni to‘g‘ri, bu yo‘l o‘zini o‘zi to‘liq oqlagan, deb bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, fransuz adabiy an’analari uchun Prust uslubi mutlaqo yangi hodisa kasb etgan bo‘lsa, ajab emas. Prust uslubi yigirmanchi asr formalizm, ya’ni, shaklni mazmundan, nazariyani amaliyotdan ajratishga intiluvchi yo‘nalish ruhidagi adabiyotda olib boriluvchi so‘z o‘yini, mavhum timsol va ma’yusona kayfiyatdan, “donishmandona” safsatalar, bejamdor va tumtaroqli lirik chekinishlardan yiroq.
Adib tabiatning go‘zal va betakror manzaralarini shoirona tasvirlaydi, tabiatni idrok qilish – “dunyoni ochish”ga o‘xshaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Serviqor tog‘lar, yam-yashil dashtu biyobonlar, qalin o‘rmonlar, sokin daryo va tepaliklar, ufqgacha cho‘zilgan dengiz va qirg‘oqlar, shahar va qishloqlardagi qadim bino va ko‘chalarni quyoshning yoritishi yoxud oydin kechalarda shahar tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketishini tasvirlashda Prustning tasavvurida qo‘qqisdan yuzaga qalqib chiquvchi assotsiatsiyalar hech qachon yo‘q joyda, go‘yo ataylab paydo bo‘lmaydi.
Darhaqiqat, gurkirab yashnayotgan tabiatning (ayniqsa, “Sodom va Gomorra” romani sahifalarida) go‘zalliklariga alohida urg‘u berish Prust san’at kontseptsiyasining negizini tashkil qiladi. Bu kontseptsiya qanchalik ziddiyatli bo‘lmasin, adibning shaxsiy nuqtai nazariga, uslubiga va dunyoqarashiga ko‘p vaziyatlarda mos kelmasin, baribir, tabiiy go‘zallikni kuylash, tabiatdan ilhomlanish Prust uchun yashash demakdir.
Kunlar o‘tgan sari kuch-quvvatdan qolayotganligiga qaramasdan, bor vujudi bilan yashashga intilgan Prust vafotidan sal oldin: “Daraxtlar, sizlar menga boshqa hech narsa aytolmaysizlar...”, deb yozadi. Tabiat insonning ichki dunyosidagi ko‘p jihatlarni ochib berishini o‘z vaqtida payqagan va ushbu jihatlarni o‘z ijodida aks ettirishga intilgan adiblar sirasiga Prustni ham bemalol kiritishimiz mumkin.
“Nuvel revyu Fransez” jurnalning 1923 yil yanvar sonida, yaqindagina vafot etgan Prust xotirasiga bag‘ishlab muxlislardan kelgan “Oltmishta yoqlov so‘zi” bosilib chiqqach, “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” deb nomlangan ulkan asar muallifining shuhrati butun jahonga yoyildi. Adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy ishlarni birma-bir sanab o‘tish ancha vaqtni talab etadi. Klod Moriak, Emil Anrio, Andre Morua, Rolan Bart, Andre Jermen, Sharl Bryunon, V.V. Nabokov, S.G. Bocharov, M.K. Mamardashvili, M.V. Tolmachyov kabi yozuvchi va munaqqidlarning Prust haqidagi keng e’tirof etilgan tadqiqotlarini ko‘rsatib o‘tish bilan cheklanamiz. Bu tadqiqotlarda adibning XX asr modernizm adabiyoti yalovbardori, modernistik proza an’analarining asoschisi ekanligi atroflicha tadqiq qilingan.
Vaholanki, ayrim chet ellik adabiyotshunoslar fransuz modernizm solnomasini Prustdan emas, balki Andre Jidning “Qalbaki pul yasovchilar” romanidan boshlangan, deyishga odatlangan. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini aniqlashga urinmaymiz, faqat aytib o‘tmoqchimizki, bu kontseptsiyada ham “Yo‘qotilgan vaqtni axtarib” romani Kamyu ijodigacha bo‘lgan yo‘lda, qolaversa, modernizm adabiyoti taraqqiy etishida muhim bosqich bo‘lib qolaveradi. Alhosil, 1950 yillarda ekzistentsializm tarafdor(Jan-Pol Sartr, Alber Kamyu, Simona de Buvuar)larini maydondan siqib chiqargan “yangi roman” maktabi namoyandalari Alen Rob-Griye, Natali Sarrot va Mishel Byutor hech ikkilanmasdan Prustni o‘zlariga ustoz, deb bilganlar.
Ta’kidlash joizki, Prustning “ong oqimi” badiiy uslubi, nafaqat, fransuz, balki XX asr G‘arbiy Yevropa adabiyotida psixologik roman janri rivojiga katta ta’sir ko‘rsatganligi, shubhasiz. Adibning inson ruhiyati, his-tuyg‘u va ichki kechinmalar dunyosini teran tasvirlashi vaqt o‘tib, realizm tarafdorlari bo‘lmish Stefan Sveyg, Fransua Moriak, Alberto Moraviya kabi qalamkashlar tomonidan chuqur o‘zlashtiribgina qolmasdan, balki ular ijodida o‘ziga xos ko‘rinishda namoyon bo‘ldi. Shunga qaramasdan, Prust izdoshlari, xususan, “yangi roman” maktabi yozuvchilari uning uslubiga taqlid qilisharkan, bugungi kun odami obrazida Prust qahramonlarining ma’naviy-ruhiy qiyofasini va ularning dunyoga bo‘lgan munosabatini tasvirlab xatoga yo‘l qo‘yishmoqda. Sinchkov razm solsak, zamonaviy odamning murakkab ma’naviy dunyosini rangsiz va nursiz qilib ko‘rsatganliklarini, insonning murakkab va serqirra fe’l-atvori, xatti-harakati, yuksak idealga intilishlarini, dunyoni his etish va tushunishini juz’iy va ahamiyatsiz fikr-mulohaza, sub’ektiv mushohadalari bilan almashtirganliklarini payqab olish qiyin emas. Shu tariqa, bugungi kun qahramoni o‘z davrining tarixiy aniqligini, muayyan davrda yashaganligini batafsil anglashidan forig‘ bo‘lgandek tuyuladi. Bu muhim jihat Prustning o‘ziga xos dunyoni his etishida, unga o‘z munosabatini bildirishida, qolaversa, dunyoqarashida yuksak baholangan va qadrlangan. Eng muhimi, o‘z davrining tarixiy aniqligini, muayyan davrda yashaganligini chuqur tushunish, shunga qarab o‘z hayotiy maslaklarini, hayotdagi yo‘lini tanlab olib, undan og‘masdan oxirigacha bosib o‘tish jarayonini Prust “yo‘qotilgan vaqt”ning aniq alomatlariga ega yetti romandan iborat turkumida turli ko‘rinishlarda tasvirlagan bo‘lsa, ajab emas.
Muhammadjon Xolbekov. Marsel Prust prozasi (2012)
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 2-sonidan olindi.