Qodiriy o‘zbek xalqining eng sevimli adiblaridan biri. Yozuvchi va uning asarlari borasida qariyb bir asrdan buyon jiddiy fikr-mulohazalar bildiriladi, qizg‘in bahs-munozaralar olib boriladi. Chunki uning xalqimiz madaniyati va adabiyoti tarixida tutgan o‘rni bag‘oyat salmoqlidir. Adabiyotshunos olim Umarali Normatovning “Qodiriy mo‘‘jizasi” nomli kitobi bilan tanishish, meni ulkan yozuvchining ana shu xizmati borasida yana bir bor fikr yuritishga undadi. Tadqiqotchining e’tirof etishicha, ulug‘ o‘zbek yozuvchisi va uning asarlari borasida hali aytilmagan gap, yozilmagan kitob, topilmagan informatsiya to‘lib-toshib yotibdi ekan: “Qodiriy merosining ko‘pgina sohalari kabi yozuvchi estetik bisoti ham chuqur o‘rganilgan, chinakam bahosini olgan emas”, deb yozadi olim.
Ushbu tadqiqot bilan batafsil tanishgan o‘quvchi Qodiriyning o‘zbek xalqi madaniyati tarixida tutgan mislsiz rolini yanada ravshan tasavvur qiladi: “Yozuvchi “O‘tkan kunlar”da xolis-ob’ektiv turib, XIX asr o‘rtalaridagi Turkiston tarixining, o‘zbek xalqi hayotining haqqoniy manzarasini beradi, muhim tarixiy jarayonlarni chuqur badiiy tahlil etadi, davrning yetakchi ijtimoiy kuchlari mohiyatini ochadi, o‘sha zamon kishilarining ahvol-ruhiyati, orzu-intilishlari, quvonch va tashvishlarini favqulodda bir mahorat bilan yorqin obrazlar orqali ko‘rsatadi. Adib asar yozilgan davr hukmron mafkurasi ta’siriga, o‘zining o‘sha kezlardagi sinfiy mayllariga berilmay, realizmning bosh printsiplari asosida real hayot qanday bo‘lsa, o‘shandayicha ko‘rsatadi. Nazarimda, ilk bor xuddi shu roman orqali o‘zbek xalqi o‘zining bo‘y-bastini, asl qiyofasini, ichki dunyosini, kuchli va ojiz tomonlarini bor bo‘yicha xuddi tiniq oynadagidek aniq ko‘rdi. Bu roman o‘zbek adabiyotida realizmning haqiqiy tantanasi, katta yutug‘i bo‘ldi”.
Ustoz adabiyotshunos mulohazalarida Qodiriyning xalqimiz oldidagi xizmati nimadan iborat ekanligi ro‘yirost aytilgan desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ammo betakror yozuvchining madaniyatimiz tarixidagi o‘rni shulardangina iborat emas, albatta. Qolaversa, yuqoridagi ta’rif g‘oyat umumiy bir bahodir. Biz quyida ana shu umumiylikni birozgina “maydalab” ko‘rib chiqishga harakat qilamiz.
Tadqiqotning bir nechta o‘rinlarida realizm masalasi Qodiriy romanlari bilan muvoziy tarzda yodga olinadi. Adib badiiy ijodning ko‘plab masalalari yuzasidan fikr yuritgan bo‘lsa ham undagi “bosh gap – realizm”, deydi olim. Mana shu nuqtai nazardan qaralganda, olimning uqtirishicha, Qodiriy “o‘zbek adabiyotshunosligida realizm printsiplarini ishlab chiqishda g‘oyat katta ish qildi”.
Xo‘sh, yozuvchining realizmga doir qarashlarining mohiyati nimalardan iborat? “Haqiqat, hayot haqiqatiga sadoqat – yozuvchining ijoddagi bosh shiori”, deb yozadi olim. Albatta, hayot haqiqati deganimiz san’atning yashovchan talab va taqozolariga doir bo‘ladi. Yo‘qsa, har qanday realizm, har qanday ro‘yirost yuz bergan voqea badiiy adabiyotning hadafi bo‘lib ketavermaydi. Chinakam badiiy hodisaga aylangan aksariyat asarlarda ijodkor “meni”ning ishtiroki yashaydi. Ya’ni, yozuvchi o‘zi bevosita ishtirok etgan yoxud hayotda ko‘rgan, kechirgan voqealarning tasviri ham, ta’sir kuchi ham bir gaz balandda bo‘lg‘usi. Boshqacha aytganda, asar materiallariga sabab bo‘lgan voqea-hodisa ijodkorning o‘z shaxsiy kechinmasiga aylanmog‘i darkor. Bundan kelib chiqadigan bo‘lsak, hech ikkilanmasdan aytishimiz mumkinki, haqiqiy ijod namunasi bu – yozuvchining boshidan kechirganlari, yuragidan o‘tkazganlaridir. (Bugun dunyoda urf bo‘lgan postmodern oqimi mana shu aytilganlarning tamomila teskarisini o‘z printsipi darajasiga ko‘taradi.) Ba’zan adib voqea – hodisalarning kuzatuvchisi bo‘lishi mumkin. Lekin, shundayam o‘sha jarayonlar – ularning quvonchu kadari to‘ppa-to‘g‘ri ijodkorning yuragidan o‘tmog‘i, uni larzaga solmog‘i shart (personifikatsiya hodisasi). Aks holda, o‘zi yonmagan ijodkor o‘zgani yondirolmaydi. “...Men turmushda ko‘rmagan, bilmagan narsa haqida hech narsa yozmayman”, deydi Qodiriy. Mana, sizga Qodiriy romanlarining o‘quvchiga ko‘rsatgan, ko‘rsatayotgan va bundan keyin ham ko‘rsatgusi estetik ta’siri sabablaridan biri. Olim yozadi: “U o‘tmishdan, o‘tgan asr voqealaridan olib yozgan asarlarida ham o‘zining hayot tajribalaridan kelib chiqib, o‘zi turmushda kuzatgan, ko‘rgan, yaqindan bilgan odamlarni, xalq ichidagi tiplarni ko‘z oldiga keltirib turib qalam tebratgani, asarlariga asos qilib olingan davr, sharoitni, tarixiy voqealar va shaxslarni, voqealar yuz bergan makonni, o‘sha kezlardagi xalqning turmush tarzi, amal qilgan udum-tamoyillarni har qanday tadqiqotchi olimdan ham ortiqroq va chuqurroq bilishi shundoqqina sezilib turadi, bu masalada u har qanday bilimdon odam, mutaxassis-tadqiqotchi bilan bemalol bellasha oladi”. Shu tarzda olim Qodiriyning o‘zbek nasrida realizmning qaror topishida ko‘rsatgan qiyossiz xizmatlarini ilmiy dalillar asosida isbot qiladi.
Badiiy asarning bir qarashda, manaman deb, ko‘zga tashlanib turmaydigan ichki xususiyatlari bo‘ladi. Shulardan biri me’yor masalalasidir. Me’yorning qandayligi ijodkorning olamga matematik yondashuvidan ulgu oladi. Ko‘pincha biz – ijtimoiy soha vakillari buni, ya’ni, matematikani suymaymiz, unga o‘gayroq ko‘z bilan qaraymiz. Aslida-chi? Aslida, tiriklikning har bir odimi matematikaning qat’iy qonun-qoidalariga asoslanadi. Hisob-kitobli dunyo degani – “nimani eksang, shuni o‘rasan”, deganigina emas. U olayotgan nafasimizdan tortib, urayotgan yuragimizgacha shu hisobu kitobning ichida ekanligiga ham ishora. Xuddi shunday, badiiy asarni tutib turgan har bitta komponenti – kompozitsiya, syujet, qahramonlar, ularning xarakter unsurlari, turli xil badiiy san’atlar, priyomlar, konfliktlar, badiiy vaqt, qo‘yingki, hamma-hammasida qat’iy o‘lchovlar – matematik mezonlar ishtirok etadi. Agar ana shu mezonlarning maksimal aniqligi bo‘lmaganida, Qodiriyning “O‘tkan kunlar”i ham, “Mehrobdan chayon”i ham ellar aro, zamonlar osha bunchalar suyukli bo‘lmas edi. “Albatta, men, – deb ko‘chirma keltiradi muallif (Qodiriy nazarda tutiladi – U.H), – bu so‘nggi, marg‘ub qahramonlarni o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar olishga tirishdim. Chunki shundan ortig‘i soxta bo‘lishi, ustiga kitobning qadrini ham tushirar edi”.
Umarali Normatov adibning bu tutumini “realizmga doir juda muhim fikr”, deb aytadi. Va bu g‘oyat to‘g‘ri gap. Ayni chog‘da, “o‘zbek tarixining hazmi ko‘targan qadar olish”, “shundan ortig‘i(ning) soxta bo‘lishi”ni o‘ylash bu endi faqat realizmgagina xos yondashuv emas. Mazkur mulohazalardagi yashirin narsa bu – o‘lchov. O‘lchov esa hamma zamonlarning izmlariga taalluqli tushuncha.
Tadqiqotning “Istiqlol qayg‘usi” faslida olim yozadi: “O‘tkan kunlar”ning bahosi, talqini masalasi bu faqat shunchaki bir asar, birgina yozuvchi ustidagi gap emas. Bu borada yo‘l qo‘yilgan xatolar, chalkashliklar ayrim adabiyotshunos, yozuvchilarning xatosidangina iborat deb bo‘lmaydi”. Olimning uqtirishicha, mazkur asarga bo‘lgan munosabat o‘zbek tanqidchiligining keyingi yarim asrlik holini anglatadi. “Nadomatlar bo‘lsinki, Oybek, G‘afur G‘ulom, Asqar Muxtordek ulkan adiblar ham o‘sha mash’um muhit ta’siri va tazyiqi ostida bu shoh asar va uning muallifiga nisbatan adolatsizlik qildilar”.
O‘rni bilan olim Homil Yoqubov, Matyoqub Qo‘shjonov, Izzat Sulton, Hafiz Abdusamatov, Jamol Kamol kabi adabiyotshunosu ijodkorlar bilan munozaraga kirishadi. Lekin bularni bugungi kun adabiyot ilmi yuksakligidan turib atayin tanqid ostiga olmaydi. Qolaversa, olim o‘zi ham davr talablariga mos tarzda fikr yuritganini tan olib: “O‘tkan kunlar” sotsialistik realizm asari ekanini, unda tarixni sinfiy tushunish va ifoda etish mavjudligini isbotlashga uringanman”, deb xatolariga iqror bo‘ladi.
Ko‘rinib turganidek, olim birgina “O‘tkan kunlar” asariga munosabatni tekshirish orqali butun boshli XX asr o‘zbek tanqidchiligi yo‘lini bosqichma-bosqich, demakki, kayfiyatma-kayfiyat tadqiq etibdi ekan.
Qiziq, adabiy tanqid bu ilm bo‘lsa, ilmning o‘z printsiplari, o‘zgarmas – umrboqiy estetik mezonlari bo‘lsayu davrga qarab chumak ursa! Turlanayotgan davrning kayfiyati va qarichlariga qarab buqalamundek o‘zgarib-turlanib boraversa, uning ilmligi qaerda qoldi, degan iztirobli-tashvishli savollar qiynaydi kishini. Lekin Umarali Normatovning quyidagi javobidan keyin ko‘ngilga bir paysa tasalli inadi: “Bu hol, bir tomondan, adabiy tanqidchilik, umuman, tanqidiy tafakkurimiz rivoji, taqdiri yo‘lidagi ojizliklar, ziddiyatlar, qolaversa, ijobiylik tomon o‘zgarishlar alomati, oqibati bo‘lsa, ikkinchi tomondan, chinakam san’at asari, xususan, barkamol realistik asarda aks etgan hayot haqiqatining serjiloligi, ma’no doirasining kengligidir”.
Ya’ni, tanqidning bir joyda qotib qolmagani va romanning serjilo ekanligi chindan ham kishiga bir qadar taskin beradi. Ammo, baribir, XX asr tanqidchiligining o‘z estetik printsiplarida juda katta nuqsonlar biqinib yashab kelganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Agar mazkur estetik printsiplardan chekinilmaganda edi (ya’ni, ilm tabiatiga sodiq qolinganda edi), davrlarning kayfiyat chirmandasiga bu qadar oshkora va namoyishkorona moyillik bo‘lmasdi.
Qodiriy romanlari yozilganiga qariyb to‘qson yillar bo‘ldi. Shu vaqt mobaynida, ularning boshidan yaxshi-yomon kunlar o‘tdi. Lekin hamma vaqt mazkur romanlar oddiy o‘quvchilar tomonidan ko‘zlarga surtib o‘qildi, o‘g‘il- qizlarga: Otabek, Kumush, Anvar, Ra’no degan ismlar berildi. Xo‘sh, bunday mehru muhabbatning siru sinoati nimada?
Albatta, har bir adabiyotshunos olimning ham, oddiy o‘quvchining ham bu borada o‘z fikru mulohazasi bor. Kimdir har ikkala asarda go‘zal bir tarzda aks ettirilgan muhabbat dostonlarini ro‘kach qilar, kimdir unda ko‘rsatilgan o‘zbek xalqining chor Rossiyasi bosqinidan oldingi turmush tarzining san’atkorona ifodasini ilgari surar va hokazo. Aslida, bularning hammasi to‘g‘ri. Ushbu tadqiqotda esa, sinchkov olim boshqa kutilmagan bir jihatga ham e’tiboringizni qaratadiki, u bilan tanishgach: “Chindan, Qodiriy romanlarining sehru jodusi u yaratgan qahramonlarning tabiiy, samimiy xatti-harakatlarida ham ko‘rinadi”, deb o‘ylay boshlaysiz. “Yozuvchi insonni tushunishda, avvalo, uning Olloh in’om etgan tabiiy, tug‘ma xususiyatlariga e’tibor beradi. Shu bilan barobar, ko‘pgina buyuk realistlar kabi jamiyat, muhit, sharoitning inson shaxsiga ta’siri juda kuchli ekanini hamisha nazarda tutadi. Uningcha, jamiyat bir kasal bilan og‘ridimi, uning har bir tabaqa, ya’ni, sinfiga, yana to‘g‘risi, fardiga shu kasal siroat qilmay qolmaydi”.
Albatta, “Mehrobdan chayon” romani bilan bog‘liq ushbu ko‘chirmadan ko‘rinib turibdiki, olim asarning ikki jihatini urg‘ulamoqda. Biri – insonning tug‘ma xususiyatlari bo‘lsa, boshqasi – ruhiyatning unga ta’siri masalasi. Garchi, adabiyotshunos olim masalani bu tarzda o‘rganmagan bo‘lsa-da, uning mulohazalaridan shunday xulosalar chiqadiki, natijada, ulug‘ realist yozuvchi Qodiriy romanlarining jozibasi ko‘z oldimizda yanada tiniqlashadi. Boshqacha aytganda, yozuvchining qahramon yaratish mahorati uning estetik printsiplari bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlanadi. Ya’ni, Qodiriy o‘z qahramonlarini yaratar ekan, soxtagarchilikka, yuzakichilikka, zo‘rma-zo‘rakilikka yo‘l qo‘ymaydi. Qahramonlar tug‘ma, tabiiy xususiyatlarga ko‘ra emin-erkin harakat qildiriladi. Bir qarashda juda oddiy tuyuladigan bu gaplarning mohiyati aslida juda teran. Chunki ular ijodkorning asar yaratishdagi bosh printsiplaridan suv ichadi.
Adabiyotshunos olim, nihoyat, Qodiriy romanlarining nazariy masalalariga keladi. Uning nazarida romanning roman bo‘lishi uchun “til, uslub, ifoda vositalari, adabiy priyomlar, san’atlar, syujet, kompozitsiya, konflikt, asar tarkibi, xarakterlar psixologizmi, milliylik kabi komponentlar”dan-da muhimroq omillar bor. Albatta, olimning bu qarashlarida yetmishinchi-saksoninchi yillar rus adabiyotshunosligining ta’siri seziladi. Shunga qaramay, quyidagi fikrlar o‘zbek romani nazariyasi bobidagi ancha dadil qarashlar hisoblanadi: “Hozirgi zamon nazariy tadqiqotlardagi xulosalarga tayangan holda romanning, aniqrog‘i, realistik romanning bosh janr xususiyatlari sifatida quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1. Asarda romanga xos tafakkurning mavjudligi, fikriy-falsafiy ko‘lamdorlik;
2. Shaxs va hayotning yangicha kontseptsiyasi;
3. Shaxs va hayotning xuddi ko‘zgudagidek xolis-ob’ektiv ifodasi, hayot haqiqatiga sadoqat, haqiqatning yozuvchi shaxsiy mayllari, qarashlaridan ustunligi – ustuvorligi”.
Ancha yillar muqaddam (2008 va 2009) “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi sahifalarida badiiy asarning tili borasida bahs uyushtirilgan edi. O‘rtaga har xil fikr tashlanganiga qaramay, aksariyat qatnashchilar bildirgan mulohazalar tagzaminida “asarning tili uning “hayot – mamoti”ni, taqdirini hal qiladi” deganga o‘xshash hukmnamo qarashni uqish mumkin edi. “O‘tkan kunlar”ning tili haqida ham maqtov gaplar aytilgandi. Go‘yo romanning butun kuchi uning tilida mujassamdek. To‘g‘ri, badiiy asarning asosiy quroli, materiali bu – til. Biroq, “quroli”, “materiali” deyilyapti, aslo, “uning o‘zi” deyilmayapti. Badiiy asar shu qurol vositasida ko‘zlangan maqsadga u yoki bu darajada erishadi. Lekin e’tibor bering, til, baribir, vosita bo‘layapti. Maqsad-manzil emas. Hech bir yozuvchi yoki shoir u yoki bu tilni qanchalar mukammal bilishini namoyish qilish uchun qo‘liga qalam olmaydi, balki aksariyat hollarda ko‘nglidagi dardini, qayg‘u va shodligini o‘quvchi bilan bo‘lishgisi kelib bu ishga qo‘l uradi. Til asarning shakli bilan bog‘liq material. Gap aylanib kelib, mazmun va shakl muammosiga taqalar ekan, aytish joizki, haqiqiy ijodkorning shaklga mahliyo bo‘lishdan muhimroq ishi bor, bu – mazmun! Avvalo, mazmun, u bor ekan, uning turli xil shakllari borasida o‘ylash mumkin. Albatta, har qanday mazmunning unga eng yarashib tushadigan shakli bo‘lishi mumkin. (Ehtimol, u bir nechtadir...) Kuchli mazmun odatda, xuddi shunday shaklga ham ega bo‘ladi. Ijodkor o‘sha shaklni topishi kerak, aslida. Uning tildagi va, umuman, shakldagi mahorati shu yerda bo‘y ko‘rsatadi. Keyingi vaqtlarda adabiyotimizda shaklga alohida e’tibor berilayapti. Bu – yaxshi tendentsiya. Ammo bu yerda ham me’yorni unutmaslik lozimga o‘xshaydi. Takror aytamiz, shakl g‘oyat muhim, faqat u mazmundan tabiiy ravishda oqib chiqqan, mazmunga boshdan-oyoq chambarchas bog‘langan bo‘lishi juda-juda zarur. Ulovning qimmati yo‘lovchini ko‘zlangan manzilga olib borishga yaroqlilik darajasi bilan o‘lchanadi. Muhimi – shu. Aslo, ulovning qay usul va darajada bezatilgani bilan baholanmaydi. Nazarimda, o‘sha bahsda ko‘pchilikning nigohi ulovda va ulovning tashqi ko‘rinishi – bezagida qolib ketgandi. Yo‘lovchi ham, uning manzil-muddaosi ham qaysidir ma’noda unutilgan edi. Rumiyning podshoh, uning o‘g‘li va olimlar bilan bog‘liq mashhur hikoyatidagi kabi ish tutilib, narsa va hodisalarning alomatlariga mahliyo bo‘lingan, ularning ichki mazmun-mohiyatidan bir qadar uzoq tushilgan edi o‘shanda. Har holda, menda shunday taassurot qoldirgandi. Zero, gapni ming aylantirmaylik, ijodkorning qanday mazmunni qanday shaklda aytganiga ko‘ra qanday shaklda nima mazmunni aks ettirdi, degan savolning javobi birlamchi bo‘lib qolaveradi.
Badiiy asarga baho berilayotganda vaqt kategoriyasini ham e’tiborda tutish kerak, deb o‘ylayman. Chunki ma’lum davrga oid badiiy asar leksikasi xuddi shu davr kishilari uchun eng jozib tuyulishi, tabiiy. Lekin yaxshi bilamizki, til harakatdagi hodisa. U xuddi tirik organizmga o‘xshaydi – mudom o‘zgarib, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga qarab goh dag‘allashib, goh sayqal topib boradi. Uning leksikasidan tortib, grammatik qurilishiyu tovush tovlanishlarigacha o‘zgarishlarga uchrashi muqarrar. Buning natijasida badiiy asar tiliga bo‘lgan munosabat ham turlanishi, tilning kecha o‘ziga ohanrabodek tortgan sifatlari bugun yo ertaga o‘z jozibasini yo‘qotishi mumkin. Xo‘sh, keyin nima bo‘ladi? Keyin badiiy asarning asos kuchi, o‘zak qadriyati – uning mazmun-mohiyati bilan yuzma-yuz qolinadi. Shunday mazmun bor bo‘lsa, asar (tarjima va tabdil natijasida) zamonlar chegarasidan oshib o‘tib, yangidan-yangi avlodlarga xizmat qilaveradi. Yo‘qsa, yo‘q, ikkita davr o‘rtasidagi ko‘rinmas devorning narigi tomonida qolib, unutilishga mahkum etiladi. Ya’ni, biz ideallashtirishga urinayotganimiz badiiy asarning tili uning bir sifati, xolos. Sifatni asos deya talqin qilish to‘g‘ri emas. Badiiy asar tili bo‘yicha mening qanoatim shundan iboratki, u bir tomondan asar mazmuniga, boshqa tomondan esa yozuvchi yashayotgan zamonning til me’yorlariga uyg‘un bo‘lmog‘i kerak. Ya’ni, asar tili yozuvchi badiiy niyatini o‘quvchiga bekamu ko‘st yetkazish darajasida bo‘lsa, shuning o‘zi kifoya. Nazarimda, badiiy asar tili zimmasiga yuklashimiz mumkin bo‘lgan vazifa asosan shundan iborat. Aslo, asar tiliga ortiqcha yuk yuklashning, uning imkonlarini ideallashtirishning hojati yo‘q, asar tili hech qachon badiiy asarning o‘ziga teng bo‘lmaydi, bo‘lolmaydi. Qanchadan-qancha shoir-yozuvchilarimiz bor, tilni “sayratib yuborishadi”, tahrirlari juda silliq, lekin, ming afsuski, ularning o‘z asarlarida aks etgan mazmun to‘piqqa ham chiqmaydi, o‘ta sayoz. Shuning uchun ham ularning asarlari milliy adabiyotimiz hududidagina bir muncha gap-so‘zlarga sabab bo‘ladiyu so‘ng sahnadan tushib ketadi, ketayapti. Agar asar tili badiiy asarning o‘ziga teng mohiyat bo‘lsa, marhamat, asarni qutqarib qolsin edi. Ularning asarlari har tomonlama sayqal topgan go‘zal tiliga qaramay, Asqad Muxtorning iborasiga suyanib aytganda, o‘z mazmunining sayoz joyida shiddat bilan cho‘kishda davom etmoqda. Birgina shu misolning o‘ziyoq, tilning asar taqdirida tutgan o‘rni va ahamiyatini oshirmay ham, yashirmay ham g‘oyat ochiq bir tarzda ifodalab turibdi. Bovujud, fikrimni yanada oydinroq ifoda etishga urinib ko‘ray: berkitishning hojati yo‘q, goho ulug‘ Navoiy asarlari tilining murakkabligidan bir-birimizga shikoyat qilib qolamiz, biroq uning asarlarida aks etgan teran mazmun-mohiyatdan noligan joyimiz bormi? Navoiy asarlari tilining butun jozibasi, asosan, uning o‘z zamonasida his qilingan desam, o‘ylaymanki, ko‘pchilik meni qo‘llab-quvvatlaydi. Bugun esa biz, asosan, Navoiy asarlari mazmuniga oshno bo‘lish uchun tabdil va nasriy bayonlar yozish yo‘liga o‘tganmiz. Mana, misol uchun yaqinda professor Najmiddin Komilovning “Ma’nolar olamiga safar” degan kitobini mutolaa qildim. Shaxsan men o‘sha sharhlar va nasriy bayonlar bilan tanishib chiqqanimdan so‘ng hazratning ma’nolar olamiga oshno bo‘lishim ancha-muncha osonlashganini his qildim. Navoiy original asarlarining tili naqadar baland saviyada bo‘lsa ham, asrlar davomida tilda yuz bergan leksik va grammatik o‘zgarishlar tufayli bugunning o‘quvchisiga tez yetib bormasligi bor gap. Bundan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Navoiy asarlari tilining go‘zalligini his qilish uchun o‘sha davr tilining butun nozikliklariyu ma’no tovlanishlari bilan bilish, bilishgina emas, uni yurak-yurakdan his qilish shart bo‘ladi. Buning uchun esa bu til faol iste’molda bo‘lgan o‘sha davrga zamondoshlik talab etiladi. Modomiki, bugun nainki oddiy o‘quvchi, balki mutaxassis olimlar o‘rtasida ham bunday kishining mavjudligiga ishonish qiyinligini inobatga olsak, “xo‘sh, nima qilish kerak?” degan savol ro‘paramizda paydo bo‘ladi. Albatta, boshqa yo‘l yo‘q – Navoiy asarlari mazmuniga oshno bo‘lish, uni sharhu bayonlar orqali tushunishda davom etish lozim. Shu ma’noda, ustoz adabiyotshunos Najmiddin Komilovning kitobi, ayni muddao. Tushunaman, ushbu mulohazalarni ham Navoiydan oson tushuniladigan bir-ikki baytni keltirib turib, inkor qilishga urinish mumkin. Gap shundaki, men bir-ikki bayt haqida emas, Navoiy deb atalgan butun boshli ma’nolar sistemasi to‘g‘risida fikr yuritayapman. Mazkur sistema mohiyatini Navoiy asarlari tilini bugungi zamon tiliga tabdil etmaguncha to‘liq tushunib bo‘lmaydi. Bu sistemaga aloqador bo‘lib, uni anglash uchun esa bugun “Ma’nolar olamiga safar”ga o‘xshagan tadqiqotlar kerak. Til bu – belgi. Belgi esa har kimning o‘z va o‘zga zamonlar bilan aloqa qilish vositasi. Biroq, inson o‘z davrida faol qatnashayotgan belgilar yordamida o‘zga davrlarni to‘liqroq tanib boradi. Shu ma’noda, Navoiyga o‘xshash hamma zamonlar dahosini tanish uchun hamma zamonlar kishisiga o‘z davrida tushunarli bo‘lgan belgilarga ehtiyoj mavjud. Qolgan belgilar uni asl ma’nodan, maqsad-muddaodan uzoqlashtirishi yoki chalg‘itishi mumkin. Boshqacha aytganda, bugungi adabiy til normalari bugunning belgilaridir. Ta’bir joiz bo‘lsa, belgi bu o‘ziga xos tuynuk hisoblanadi. Biz bu tuynuk yordamida hamma davrlarning ma’nolariga bo‘ylashimiz, kerak bo‘lganda, ularga shu tuynukdan o‘tib safar qilishimiz mumkin bo‘ladi. Qolaversa, biz, masalan, Navoiy asarlaridagi ma’noni o‘z belgilarimiz bag‘riga olar ekanmiz, asosan, uning mazmun butunligini saqlashga harakat qilamiz. Til va, hatto, shakl bilan bog‘liq tarovatning katta bir qismi taassufki, original matnda qolib ketadi. Chunki mukammal tarjima yoki tabdilning imkoni yo‘qligidan tashqari, biz, avvalo, asarning mazmun-mohiyatiga talabgormiz.
Demak, yuqorida professor Umarali Normatov “O‘tkan kunlar” romani muvaffaqiyatini asosan uchta – romaniy tafakkur, yangicha kontseptsiya va hayot haqiqatiga muvofiqlikdek omillarda ko‘rsatib, yana bir bor bizning nigohimizni badiiy asarning mazmun-mohiyatiga qaratayotgan ekan, bu urinishlarda jiddiy va katta adabiyotga qaratilgan ulkan haqiqatlar yashirindir.
Tadqiqotda diqqatga molik yana bir jiddiy xulosa bor. “O‘tkan kunlar” so‘zboshisida yozuvchi: “Tariximizning eng kirlik, qora kunlari”dan hikoya qilishidan so‘z ochadi. Shu narsa asar uchun bir niqob bo‘lib, Qodiriyning romanda tasvirlangan o‘tmishni “eng kir” deb ataganining sababi sobiq sho‘ro davrida o‘zini va asarni himoya qilish yo‘li deb qaralgan. Nuktadon olim esa bunga boshqa jihatdan qarash mumkinligini aytadi: “Adib “O‘tkan kunlar” orqali “tariximizning eng kirlik, qora kunlari” – yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan “xon zamonlari” haqida so‘z ochib, tarixning bu achchiq haqiqatidan saboq bermoqchi bo‘ladi”.
Darhaqiqat, o‘sha tarix parchasining “eng kir, qora” deb atalishiga sabab, ozod mamlakatni bosqinchilar tomonidan bosib olinishiga yo‘l qo‘yganida ham ekan! Xonlik zamonining “kir” va “qora”ligi o‘z mustaqil saltanatini himoya qilolmagani bilan ham belgilanar ekan!
Tadqiqot maydonida olimning ko‘pdan-ko‘p nozik kuzatishlariga duch kelamiz. Xususan, uning quyidagi fikriga qo‘shilish-qo‘shilmaslik boshqa masala, lekin nuqtai nazarning o‘zi e’tiborga molik. Olim yozadi: “Farmon bibi obrazi (Said Ahmadning “Kelinlar qo‘zg‘aloni” komediyasinining bosh qaxramoni – U. H.) asl mohiyatini Hoji ona tipidagi timsollar emas, ayni, O‘zbek oyim, Xolniso, Hamro buvi, Bo‘ston bibilar silsilasi orqali anglash, ochish mumkin.”
Ya’ni, olim o‘zbek adabiyotida muvaffaqiyatli chiqqan “super qaynona” – Farmon bibi obrazining etimologiyasi – ildizini bevosita O‘zbek oyimlardan topgandek bo‘ladi. Bu ham mushohada qilishga arzigulik bir muhim mavzu...
Kitobdan joy olgan “Haqiqat tuyg‘usi – muqaddas” deyilgan qaydda Umarali Normatov atoqli adabiyotshunos olim Izzat Sulton bilan oralarida bo‘lib o‘tgan ibratli muloqotni keltiradi. Unda Umarali Normatov o‘zining “Qodiriy bog‘i” nomli kitobida Izzat Sultonni tanqid qilgani, lekin bag‘ri keng adabiyotshunos olimning javobi mardona bo‘lgani aytiladi: “Qodiriy haqidagi haqiqat sizu bizning nafsoniyatimizdan yuqorida turishi lozim. Qodiriy va haqiqat himoyasi yo‘lida meni har qancha tanqid qilsalar, bundan zarracha xafa bo‘lmayman...”
Butun kitob davomida olimning ulug‘ yozuvchi Qodiriyga bo‘lgan cheksiz muhabbati yaqqol aks etib turadi. Olim adib yaratgan ikki o‘lmas romanni hayrat bilan to‘lqinlanib-berilib talqin qiladi. Bovujud, olim yozuvchini ideallashtirish yo‘lidan bormaydi. O‘rni kelganda, Oybeku G‘afur G‘ulomdek, Homil Yoqubovu Izzat Sultondek zabardast olimlarning qodiriyshunoslikda yo‘l qo‘ygan kamchiliklarini ro‘yirost aytgani kabi, Qodiriydek buyuk adibning zamonasozlikka borib, davr kayfiyatiga bog‘liq ishlar qilganini ham yashirib o‘tirmaydi: “Qodiriy katta aql-zakovat, yuksak iste’dod egasi bo‘lsa ham, baribir, o‘z davrining farzandi edi. Inqilob yillarining fidoyi inqilobchilariga xos muayyan inqilobiy betoqatlik unga ham yot emas edi”.
Ammo, olimning nazarida: “Qodiriyning baxti shundaki, u muayyan muddat davr ta’siriga berilgan, qizillashgan, zamona suronlari girdobida goho bir yoqlama so‘zlar aytgan, davr to‘zoni ichra qolib, boshiga og‘ir savdolar tushgan bo‘lmasin, baribir, 20-yillar alg‘ov-dalg‘ovlaridan omon chiqdi, oqibat natijada, davr tazyiqlarini yengib o‘tib, undan yuqori ko‘tarila oldi, xususan, “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari bilan zamonasidan bir necha o‘n yillar olg‘a ketdi” .
Xulosa qilib ta’kidlamoqchimanki, adabiyotshunos olim, professor Umarali Normatovning ushbu asari ulug‘ o‘zbek romannavisi Qodiriy hayoti va ijodi haqida shu choqqacha yozilgan asarlar, amalga oshirilgan ko‘plab xayrli ishlar orasida eng teran qomusiy mazmun va mundarijaga ega tadqiqotlardan bittasi bo‘lib, ma’naviy olamimizni bezab turishiga shubha yo‘q.
Ulug‘bek Hamdam. Qodiriyning xizmati nimada? (2012)
«Sharq yulduzi» jurnalining 2012 yil 5-sonidan olindi.