Biroq jahon adabiyotidan o‘zbek tiliga va o‘zbek adabiyotidan dunyo tillariga o‘girilgan ko‘plab tarjima asarlari hali-hanuz o‘z bahosini olgani yo‘q. Bu tarjimalarning ayrimlari haqidagina taqriz va maqolalar yozildi, xolos.
Taniqli adabiyotshunos olim va tarjimon Ibrohim G‘afurovning jasorati, mashaqqatli mehnati samarasi o‘laroq o‘zbek kitobxoni mashhur irland adibi Jeyms Joysning “Uliss” romanini ona tilida o‘qishga muyassar bo‘ldi. Bu asar tarjimasining madaniy hayotimizda voqea bo‘lgani haqida matbuotda A.Saidov, X.Do‘stmuhammedov, T.Jo‘raev singari olimlarning maqolalari ham e’lon qilindi. Shuningdek, ingliz tili mutaxassisi, O‘zMU doktoranti Tohir Umrzoqovning “Jahon adabiyoti” (2010, 1-son), “Zvezda Vostoka” (2011, 1-son), “Sharq yulduzi”(2012, 1-son) jurnallarida “Uliss” romanining ruscha va o‘zbekcha tarjimalariga doir kuzatishlari bosildi. Maqolalarining birida muallif shunday yozadi: “Asliymonand tarjimaga erishish uchun asliyat badiiy-estetik qimmati, ikki til lisoniy vositalarining lug‘aviy muvofiqliklari hamda asliyat mansub bo‘lgan xalqning moddiy, ma’naviy, siyosiy va iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq omillar tarjimada to‘laqonli aks ettirilishi lozim”. Bu o‘rinli, ayni paytda, amalga oshirilishi o‘ta mushkul talab. Ayniqsa, “Uliss”dek murakkab matnli asarni hatto ingliz tilini mukammal egallagan tarjimon ham asliyatga adekvat holatda o‘girishning uddasidan chiqolmasa kerak. Zotan, “Uliss” (1922) nashr etilgandan buyon bu asar haqida yuzlab tadqiqotlar yaratilgan bo‘lsa-da, romanning tub mohiyati va mazmuni, uslubi va tili, muallifning mahorat qirrallari haqida olimlar hanuz yakdil bir fikrga kelolganlari yo‘q.
Romanni asliyatidan rus tiliga o‘girgan V.Xinkis va S. Xorujiy ham o‘z tarjimalarini “Uliss”ni tarjima qilish yo‘lidagi ilk urinish, “uni asliyatga monand tarjima deyishdan yiroqmiz”, deya tan olishadi. Shu bois, T.Umrzoqovning “izlanishlarimiz shuni ko‘rsatdiki, rus tarjimonlari Xinkis va Xorujiyning asliyat tili mutaxassisi emasliklari tufayli “Uliss” asarining ruscha va o‘zbekcha tarjimalarining asliymonandligi haqida gapirish o‘rinli bo‘lmaydi”, degan fikri bahsli tuyuladi. Ona tilimizga “Urush va tinchlik”, “Tinch Don”, “Dekameron”, “Bovari xonim”, “Jinoyat va jazo” va yana boshqa o‘nlab durdona asarlarni yuksak mahorat bilan o‘girgan tarjimonlar “asliyat tili mutaxassisi” emas edi. Tarjimondan tilshunos mutaxassis bo‘lishni talab qilish o‘rinlimikan?
Maqola muallifi rus tarjimonlarini “Uliss” matnini real anglab yetmaganlikda, “komponent tahlil metodidan foydalanmaganligi oqibatida tarjimada asliyatda mujassamlashgan ma’noni noto‘g‘ri talqin qilganlikda” ayblaydi. Fikrini asliyat va tarjimadan misollar keltirib isbotlashga urinadi. Hatto matnda uchrovchi birgina “fearful” so‘zining izohli lug‘atlardagi yetti xil ma’nosini keltirib, ulardan asliyatda qo‘llanilgan “fearful Jesuit” (“buyuk iezuit”) ma’nosini tushunib yetmagan holda, rus tiliga “iezuit neschastnыy” (“razil shayton”) qabilida tarjima qilib xatoga yo‘l qo‘yganligini tanqid qiladi. Muallif fikricha, “bevosita tarjimani amalga oshiradigan tarjimon lingvistik tarjimashunoslik nazariyalari bilan sug‘orilgan asliyat tili mutaxassisi bo‘lgan filolog-olim bo‘lishi maqsadga muvofiq”.
Yevropada katta shov-shuvga sabab bo‘lgan “Uliss” romanini frantsuzlar, italyanlar, ruslar, hatto gruzinlar ham o‘z tillariga tarjima qilishga urinib ko‘rdilar, ammo buning uddasidan chiqish qiyin kechdi. Oradan yillar o‘tib, “Uliss” tarjimasini yakunlash Xinkis va Xorujiyga nasib etdi. Romanni tilimizga o‘girishni esa mohir tarjimon va munaqqid Ibrohim G‘afurov uddaladi.
Maqola muallifining tarjimonlarga bildirgan e’tirozi va talabiga qo‘shilib bo‘lmaydi. Asliyat tilini mukammal bilgan tilshunos olim-tarjimonlar barmoq bilan sanarli bo‘lib, ular ham yuksak tarjima asari yaratishga o‘zlarini qodir, deb hisoblamaydilar. Masalan, o‘tgan asrning 40-yillarida Shekspirning “Hamlet” fojeasini rus tiliga Pasternak, Lozinskiy va Morozov kabi so‘z ustalari o‘girishgandi. Ular orasida professor Morozov ingliz tilini mukammal egallagan shekspirshunos olim edi. Shunday bo‘lsa-da, u “Hamlet”ning she’riy tarjimasiga jur’at etolmadi va asarning asliyatdan nasriy tarjima matnini yaratdi. Oradan qariyb yetmish yil o‘tgan bo‘lsa-da, Pasternak va Lozinskiy tarjimalari peshma-pesh chop etilib kelinmoqda. To‘g‘risi, Pasternak ham, Lozinskiy ham ingliz tilini mukammal bilgan emas. B.Pasternak Gyote “Faust”ini tarjima qilganida, M.Lozinskiy Dante “Ilohiy komediya”sini o‘girayotganida nemis va italyan tillarining bilimdonlari bo‘lganmidilar? Yo‘q, albatta. Ular, avvalo, ijodkor, so‘z ustasi va mahorat egasi edilar.
Shunday holni o‘zbek tarjimachiligida ham ko‘rish mumkin. Masalan, Erkin Vohidov nemis tilini mukammal bilgan tilshunos-olim bo‘lmagan holda Gyotening “Faust”ini o‘zbek tiliga maromiga yetkazib tarjima qildi, Abdulla Oripov italyan tili mutaxassisi bo‘lmasa-da, Dantening “Ilohiy komediyasi”ni o‘zbek tiliga san’atkorona o‘girdi. Ayni paytda nemis tili mutaxassisi, fidoyi tarjimon va so‘zshunos Posha Ali Usmon umrini “Faust”ni asliyatdan tarjima va talqin qilishga baxsh etdi. Nihoyat, asarni bevosita o‘zbek tiliga tarjima qilib, nashr ettirdi ham. Biroq tilshunos-olim “Faust”ning o‘zbek tilida mukammal tarjimasini yaratdim, deya da’vo qilmagan holda hamon Erkin Vohidovning tarjimonlik mahorati qarshisida ta’zim etadi. Xulosa shuki, T.Umrzoqovning “Uliss” tarjimonlari Xinkis va Xorujiy hamda I.G‘afurovni asliyat tilini mukammal bilmaganlikda, ularning lingvist-olim bo‘lmaganliklari sababli asliyat matnini tushunib tarjima qilolmaganlikda ayblashi o‘rinli emas. Eng muhimi, har uchchala tarjimonning “Uliss”dek murakkab asar tarjimasiga kirishganliklarining o‘zi katta jasoratdir.
Shu o‘rinda T.Umrzoqov maqolasida keltirilgan bir misolga e’tibor qarataylik. I.G‘afurov tarjimasida:
Do‘stlar ichaylik xola uchun, Bordir xolasi Malliganning,Saranjom-sarishta ro‘zg‘ori,Xonadoni Hanniganning...Maqola muallifi esa bu misralarning quyidagicha tarjimasini taklif qiladi:
Malliganning xolasi bo‘lsin salomat,Sababin so‘rasangiz men sizga aytay:Xola farosati va saranjomligiHannigan ro‘zg‘orin qildi sarishta.Oddiy kitobxon ham I.G‘afurov tarjimasidagi badiiylik jilolarini, ayni paytda T.Umrzoqov taklif etayotgan variantning bunday jozibadan mutlaqo xoli ekanini anglaydi. Agar “Uliss”ning tarjimasi so‘zma-so‘z amalga oshiriladigan bo‘lsa, bilmadik, roman matni qanday mazmun va shakl kasb etarkan.
Maqola muallifi fikricha “rus tiliga noto‘g‘ri tarjima qilingan” “Uliss” romanining Xinkis va Xorujiy tarjimasi dastlab akademik D.Lixachyov so‘zboshisi bilan va atoqli adib Ch.Aytmatovning nazaridan o‘tib e’lon qilingani, ularning e’tirofiga sazovor bo‘lganini ham eslab o‘tish joiz.
Professor Akmal Saidovning “Tarjimon jasorati” maqolasi (“Jahon adabiyoti”, 2011, 12-son) ham mazmunan, ham ilmiy jihatiga ko‘ra tarjimon va tarjimashunoslar nazariga tushdi. Muallif unda “Faust” asarining Erkin Vohidov tarjimasi va dostonning g‘oyaviy-badiiy shakli xususida fikr yuritib, tarjimon mahoratiga ta’rif berarkan yozadi: “Shuni aytish joizki, Gyote “Samodagi muqaddima”da “Faust” fojeasining g‘oyaviy-falsafiy va poetik xususiyatlarini ochib bergan. Erkin Vohidov “Muqaddima”ning mavzusi, poetik kinoya va falsafiy mohiyatini yaxshi ilg‘ab olgan. Shu bilan birga u Boris Pasternakning tarjimasidan nusxa ko‘chirmaydi, balki asliyatga xos bo‘lgan uyg‘unlik (ohang, voqea va tarona)ni aniqlashtiradi, ayni paytda asliyat mazmuniga ma’lum darajada amal qilgan holda asarning badiiy tilini mohirona she’riy kuyga sola olgan”.
To‘g‘ri, “Faust” tarjimasi xususida o‘nlab maqola va dissertatsiyalar yozilgan bo‘lsa-da, professor Akmal Saidovning yuqoridagi maqolasi o‘zining falsafiy mushohadalarga boyligi, teran tahlil uslubi bilan so‘nggi yillarda shu mavzuda yaratilgan salmoqli tadqiqot, deyishga arzigulikdir.
Umuman, keyingi yillarda tarjima amaliyoti va nazariyasiga oid izlanishlar bir qadar jonlanayotir. Chunonchi, tarjimon va tadqiqotchi Begoyim Xolbekovaning “Robert Byorns she’riyati o‘zbek tilida” (“Poeziya Roberta Byornsa na uzbekskom yazыke”, “Zvezda Vostoka”, 2011 3-4-sonlar) maqolasi ingliz-o‘zbek tarjimachiligi mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lsa, taniqli tilshunos, Abduzuhur Abduazizov va dotsent Nosir Qambarovning “Filologiya masalalari” jurnalida chop etilgan maqolasi tarjimaning lingvistik tamoyillariga bag‘ishlangan. Shuningdek, Toshkent davlat pedagogika universitetida “Olmonshunoslik va tarjimashunoslik muammolari”, O‘zbekiston Jahon tillari universitetida “Adabiy aloqalar, adabiy ta’sir va tarjimashunoslikning dolzarb masalalari” hamda Jizzax davlat pedagogika institutida “Badiiy tarjima: tilshunoslik, adabiyotshunoslik va madaniyatlararo aloqalar kontekstida” mavzularida bo‘lib o‘tgan Respublika ilmiy anjumanlarida ham tarjima nazariyasi va amaliyotining dolzarb masalalari haqida qizg‘in fikr yuritildi, o‘rinli takliflar, g‘oyalar o‘rtaga tashlandi.
Badiiy tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan monografiya va qo‘llanmalar ham bu sohaning rivojiga turtki berayotir. Masalan, filologiya fanlari doktori Shuhrat Sirojiddinov va tadqiqotchi Gulnoza Odilovaning “Badiiy tarjima asoslari” (“Mumtoz so‘z”, 2011) risolasida badiiy tarjimaning nazariy va amaliy aspektlari, xususan, badiiy tarjimada ekvivalentik va adekvatlik masalasi, tarjimaning pragmatik (o‘quvchining matnga nisbatan munosabati) jihatlari, tarjimada tabdil (transformatsiya) usullari va tarjima modellari haqida nazariy aspektda fikr yuritiladi. Shuningdek, mualliflar yirik tarjimashunos olimlar Ya.Retsker, A.Shveytser, L.Barxudarov va V.Komissarovning lingvistik tarjima nazariyasiga doir fikrlariga tayanib: “Adekvat tarjima ekvivalentlikning oliy darajasi bo‘lib, unda asliyatning janriy-stilistik talablari, barcha lisoniy va g‘ayrilisoniy (ekstralingvistik) omillar hisobga olingan, maksimal darajada hissiyot va asliyat ruhi saqlangan bo‘ladi. Har bir adekvat tarjima, albatta, ekvivalent bo‘ladi, ammo har bir ekvivalent tarjimani adekvat deb bo‘lmaydi”, deb yozadilar. To‘g‘ri, tarjimada ekvivalentlik(muqobillik)ka erishish mumkin. Masalan, Lermontovning “Demon” (U.Nosir tarjimasi), Pushkinning “Yevgeniy Onegin” (Oybek tarjimasi), Shekspirning “Hamlet” (M.Shayxzoda tarjimasi), Gyotening “Faust” (E.Vohidov tarjimasi), Dantening “Ilohiy komediya” (A.Oripov tarjimasi), Homerning “Iliada” (Q.Mirmuhamedov tarjimasi) asarlarining o‘zbek tiliga o‘girilgan tarjimalarini asliyatga muqobil (ekvivalent) tarjimalar, deb baholash mumkin. Ammo bu tarjimalar nechog‘li mahorat bilan o‘girilgan bo‘lmasin, ular adekvatlikka davo qilolmaydi. Umuman olganda, jahon tarjimachiligida ham bironta asliyatga adekvat tarjima asarining yaratilganini bilmaymiz. Badiiy tarjima amaliyotida tom ma’noda adekvatlikka erishish, ya’ni asliyatga “teng”, “aynan o‘xshash” (“ad-aequo”) tarjimani yaratish mumkin bo‘lmagan holdir.
Risolaning ikkinchi qismi she’riyat tarjimasida ma’no va milliy koloritni berish, ohang, qofiya va vaznni qayta yaratishga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘proq amaliy xarakterga ega. Undan oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat va magistratura tizimida tahsil olayotgan talabalar hamda tadqiqotchilar foydalanishlari mumkin. Kitobning nomi (“Badiiy tarjima asoslari”) yirik monografik tadqiqot rusumini talab qiladi. Mundarijada ham monografiyaga arzigulik muammolar qayd etilgan. Lekin mundarijadagi yigirmaga yaqin paragrafda keltirilgan muammoli masalalar to‘liq yechimini topmagan. To‘g‘risi, 162 sahifali kitobda qo‘yilgan muammolarni batafsil yoritishga imkon bo‘lmagan. Shunday ekan, Sh.Sirojiddinov va G. Odilovaning ushbu kitobini “monografiya” emas, risola rusumidagi tadqiqot, desak ma’qul bo‘ladi.
Yana bir “monografiya” — filologiya fanlari nomzodi Nigoraxon O‘rmonovaning “Tarjimada tarixiy-arxaik leksika va davr ruhini aks ettirish” (“Mumtoz so‘z”, 2011) nomli risolasi muallif tomonidan himoya qilingan nomzodlik dissertatsiyasining aynan matnidan iborat bo‘lib qolgan. Vaholanki muallif rasmiy opponentlar va taqrizchilar tomonidan bildirilgan fikrlar hamda e’tirozlarni hisobga olib, dissertatsiya mazmuni va ilmiy kontseptsiyasini nazariy jihatdan yanada boyitib nashr qildirganida, bu haqiqiy monografiya rusumiga javob berarli tadqiqot bo‘lardi. 128 sahifadan iborat nomzodlik dissertatsiyasining nashrini monografiya, deb atash maqsadga muvofiq emas. Uni risola yoki qo‘llanma sifatida qabul qilish mumkin, xolos.
Umuman tarjimashunoslikning nazariy masalalari bag‘ishlangan doktorlik va nomzodlik ishlari bilan tanishganda hali bu borada bir qator kamchiliklar borligiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, Zohid Sodiqov “Yusuf Xos Hojib “Qutadg‘u bilig” asari olmoncha va inglizcha tarjimalarining qiyosiy tahlili” mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasi asosiy maqsadi “qadimgi turkiy obida bo‘lmish “Qudatg‘u bilig” asarining hozirgi olmon va ingliz tillariga tarjimalarini asliyat bilan qiyosiy tahlil qilishdan iborat”, deb belgilangan. Asarning Q.Qayumov amalga oshirgan hozirgi o‘zbek tilidagi tabdili, akademik V.Radlovning olmoncha, R.Denkoffning inglizcha tarjima nashrlari ushbu tadqiqotning ob’ektini tashkil etgan. Vaholanki, Z.Sodiqov “Qutadg‘u bilig” asarining nemischa ilmiy-adabiy talqinlari” mavzusida 1994 yil nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan edi. Xulosa shuki, olim o‘zining nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarida bir mavzuni bir xil tahlil uslubi, ya’ni tarjimalarni asliyat bilan qiyosiy aspektda tahlil qilishdan nariga o‘tmagan. Holbuki, bugungi jahon tarjimashunoslik ilmida lingvokulturologik, lingvopoetik va lingvopragmatik tahlil metodlari keng qo‘llanilmoqda. Bu ilmiy ishda esa, asosan, o‘tgan asrning 70-80 yillaridagi nazariy fikrlar ustuvor bo‘lib, so‘nggi 10-15 yil ichida g‘arblik va sharqlik olimlarning tarjima nazariyasi borasidagi tadqiqotlari muallifning diqqat markazidan chetda qolgan.
Darhaqiqat, keyingi 5-6 yil mobaynida himoya qilingan tarjima nazariyasi mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyalarining aksariyatida bir xil tahlil uslubi ko‘zga tashlanadi. Jumladan, frantsuz-o‘zbek, o‘zbek-frantsuz tarjimachiligi muammolariga bag‘ishlangan ilmiy ishlarda nafaqat tahlil metodlari, balki mavzularning bir-biriga o‘xshashligi ham ko‘zga tashlanadi: e’tibor asosan milliy kolorit, tarixiy realiya va arxaik so‘zlarning tarjimada berilishi tahliliga qaratilgan. Tadqiqotchilar o‘tgan asrning 70-80 yillarida yaratilgan ilmiy tadqiqotlardagi tahlil qolipidan chiqib ketolmagan, yangicha ilmiy yondashuv, tahlil usullari ko‘zga tashlanmaydi.
Xulosa qilib aytganda, mustaqillik davrida tarjima amaliyoti uchun keng yo‘llar ochildi. Jahon adabiyotining eng sara asarlari tilimizga tarjima qilinmoqda. Ayni paytda o‘zbek adabiyoti namunalarining dunyo tillariga tarjima qilinayotgani, mumtoz va zamonaviy adabiyotimiz haqida xorijda tadqiqotlar yaratilayotgani barchamizni quvontiradi. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek: “... boshqa sohalar qatori adabiyot sohasida ham xalqaro aloqalarni kuchaytirish zarur. Qaysi mamlakatda bizning adabiyotimiz, madaniyatimiz, qadriyatlarimizga hurmat bilan qarashadi, xorijdan biz nimalarni o‘rganishimiz mumkin va, o‘z navbatida, ularga nimalarni taqdim etishimiz mumkin – bugun bu masalalar xalqaro maydonda o‘zligimizni namoyon etishda katta ahamiyatga ega ekanini doimo yodda tutishimiz lozim”. Demak, tarjima amaliyotini yanada jonlantirish, tarjima nazariyasini zamonaviy dunyo ilmi darajasiga ko‘tarishga barchamiz mas’ulmiz.
Muhammadjon Xolbekov,
filologiya fanlari doktori, professor
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2012 yil, 17-son