OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Shabot Xo‘jayev. Dunyo tan olgan alloma (2011)

O‘zbekiston tarixida XX asrning birinchi yarmi alohida e’tiborga molik. Ayni shu davrda O‘zbekistonda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda dadil qadamlar qo‘yildi. XIX asrning oxiri va XX asrning boshlarida jadidlarning da’vati qoloqlik, savodsizlikka qarshi kurash va jamiyatni yangi rivojlanish sari boshlagan edi. Bunday yo‘nalishni birinchi galda shu zaminning ulug‘ farzandlari shoir va yozuvchilari Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydilla Asadillaxo‘jayev, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriylar boshlab bergan edilar.

O‘zbek adabiyotining yetakchi adiblari izidan Qori Niyoziy, Habib Abdullayev, Malik Nabiyev, Muhammadjon O‘rozboyev, Ibrohim Mo‘minov, Obid Sodiqov singari o‘zbek fanining faxri bo‘lgan olimlar faoliyat ko‘rsata boshladilar. Ularning yorqin xotirasini hamisha yod etish muqaddas burchimizdir.

O‘zbek xalqining ajoyib farzandi, yetuk olim, mohir pedagog, faol jamoat arbobi, o‘g‘itlar kimyosi va texnologiyasi sohasidagi O‘zbekiston olimlarining mehribon ustozi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti laureati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston FA akademigi Malik Nabiyev 1913 yil yanvarda Toshkentda kambag‘al dehqon oilasida tug‘ilgan edi.

U Ivanovo shahridagi Kimyo va texnologiya institutini tamomlagandan so‘ng 1935-1940 yillar davomida Donbasda, Gorlovka shahridagi azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish zavodida katta injener vazifasida ish boshladi.

M.Nabiyev 1938 yili birinchilardan bo‘lib “Kimyo sanoati xalq komiteti a’lochisi” nishoni bilan taqdirlandi. Ushbu zavod ishchi jamoasidagi besh yillik faoliyat Uning kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishiga muhim asos bo‘ldi.

27 yoshida M.Nabiyev Chirchiq elektrokimyo kombinati ishga tushishi munosabati bilan Toshkentga yuborildi va ushbu kombinatda bosh muhandis sifatida ish boshladi. Bu yerda M.Nabiyev asosiy e’tiborni malakali ishchi mutaxassislar tayyorlashga qaratdi.

1944-1945 yillarda u o‘rindoshlik asosida O‘rta Osiyo Industrial instituti noorganik moddalar texnologiyasi kafedrasini boshqardi, keyinchalik ushbu kafedrada dotsent lavozimida ishladi. Ushbu davrda M.Nabiyev tomonidan ammiakli selitra qovushqoqoligiga qo‘shimchalarning ta’sir etish mexanizmining nazariy asoslari ishlab chiqildi. Qoratog‘ fosforitlarini va apatit kontsentrantini azot kislotasi bilan ishlov berish orqali olingan RAN va RFM moddalarini ammiakli selitraning fizik-kimyoviy va mexanik xossalariga ta’sirini o‘rgandi. Bular esa 1949 yilda Chirchiq elektrokimyo kombinatida ishlab chiqarishga joriy qilindi.

M.Nabiyev tabiat in’om qilgan ko‘p fazilatlarga ega shaxs bo‘lishi bilan birga o‘ziga xos ulug‘ kashfiyotchi sifatida ko‘pgina zamondosh olimlari ichida alohida ajralib turar edi.

Olimlarni bir-biri bilan maslakdoshlik, dunyoqarashidagi yaqinlik, hamdardlik yaqinlashtiradi.

M.Nabiyevdek olim bilan katta bir ilmiy bahs-munozarada qilgan ma’ruzalarimizdagi hamohanglik, inson salomatligiga befarq qaramaslik talabi bizni yaqinlashtirdi.

Vaqt o‘tgan sari ilmiy yo‘nalishimizda bemorlarni kasallikdan asrash uchun profilaktikaga e’tibor zarurligi haqidagi qarashlarimiz ham mushtarak ekanligi ma’lum bo‘ldi.

M.Nabiyev dunyo olimlari e’tirof etgan qishloq xo‘jaligida o‘ta zarur o‘g‘itlar tayyorlash kimyosining O‘rta Osiyoda yagona maktabini yaratgan akademik edi. Uning jonbozligi tufayli yangi-yangi kimyoviy minerallarga boy moddalarni kashf qilish natijasida O‘zbekiston hududlarida qo‘llanib kelingan o‘ta zaharli DDT, butifos kabi zararli moddalarni qishloq xo‘jaligida qo‘llash davlat qarorlari asosida butunlay yo‘q qilindi. Bu yuksak insonparvarlik ishi akademik Malik Nabiyevning jasorati tufayli amalga oshirildi.

1951 yilda O‘zbekiston FA Kimyo institutida o‘g‘itlar kimyosi va texnologiyasi laboratoriyasi tashkil etildi. Uning zamini 1966 yilda tarkibida 12 laboratoriya, jumladan, Chirchiqda, Samarqandda va Olmaliqda sinov-tajriba ishlab chiqarish bazasiga ega bo‘lgan o‘g‘itlar kimyosi va texnologiyasi bo‘limini uzoq yillar akademik M. Nabiyev boshqardi.

Olim fosfatlarni azot kislotasi bilan qayta ishlash kimyosi va texnologiyasi muammolarini o‘rganishga ham katta e’tibor berdi.

Fosfatlarni azot bilan qayta ishlash kimyosi va texnologiyasi borasida olib borilgan ilmiy izlanishlar natijalari M.Nabiyevning 1957 yilda “Fosfatlarni azot kislotasi bilan qayta ishlash”, 1965 yilda “Fosfatlarni azot kislotasi bilan qayta ishlash asosida olingan suyuq murakkab o‘g‘itlar” va 1976 yilda ikki jildli “Fosfatlarni azot kislotasi bilan qayta ishlash” nomli monografiyalarida o‘z aksini topgan.

Azot kislotasi bilan fosfatlarni qayta ishlash jarayonini o‘rganish va izlanish natijasida M.Nabiyev rahbarligi ostida Qoratog‘ fosfaritlarini azot-sulfat kislotalari bilan qayta ishlovchi yangi texnologiyalar yaratildi.

M.Nabiyevning oddiy va qo‘sh superfosfatlar xossalarini ammiak va ammiakatlar bilan ammonizatsiya qilib yaxshilashga qaratilgan ko‘p yillik izlanishlari 1952-1967 yillarda Qo‘qon, Samarqand, Jambul va boshqa ko‘plab superfosfat zavodlarida amaliyotga joriy qilindi. Bu boradagi zahmatli ilmiy izlanishlar M.Nabiyev va A.Vishnyakovalarning 1960 yilda nashr qilingan “Qoratog‘ fosfaritlaridan ammonizatsiya qilingan superfosfat” nomli monografiyada keng umumlashtirilgan. 1968 yilda ammonizatsiya usuli yaratganligi va ishlab chiqarishga joriy qilganligi munosabati bilan mualliflar Abu Rayhon Beruniy nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandilar.

M.Nabiyevning rahbarligida 9 doktorlik, 100 dan ortiq nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Olim 1966-1985 yillarda O‘zbekiston FA biosfera muammolari bo‘yicha ilmiy kengash raisining o‘rinbosari bo‘lishi bilan bir qatorda, atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga doir katta ishlarni amalga oshirdi.

M.Nabiyev mikroelementli va fiziologik faol moddalar mavjud bo‘lgan o‘g‘itlar yaratish sohasida ham ilmiy izlanishlar olib borgan. Samarqand kimyo zavodi tarkibida mis va molibden bo‘lgan ammonizatsiyalangan superfosfat, Chirchiq “Elektroximprom” ishlab chiqarish birlashmasida tarkibida mis va rux mavjud karbamid, Olmaliq kimyo zavodida tarkibida mis, rux, kahrabo mavjud bo‘lgan ammofos o‘g‘itlari ishlab chiqarilgan.

M.Nabiyev rahbarligida O‘rta Osiyo konlaridagi kaltsiyning tabiiy birikmalari tarkibi va xossalari o‘rganilgan. Tyubegatan, Xo‘jaikon, Qorluq, Karabil, Lalimkon va boshqa tuz konlaridagi moddalarning tarkibi aniqlangan va kaltsiy rudalarini texnologik qayta ishlash yuzasidan izlanishlar olib borilgan. Ilmiy izlanish natijasida M.Nabiyev, R. Osichkina va boshqalarning “Tyubegatan kaliyli tuzlari”(1972y.) nomli monografiya nashr qilingan.

M.Nabiyev rahbarligida kaliy xloridni fosfor kislotasi va polifosfor kislotasi bilan parchalashga asoslangan chiqindisiz, xlorsiz kompleks azotli-fosforli-kaliyli o‘g‘it hamda pretsipitatlar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.

M.Nabiyev rahbarligida noorganik moddalar asosida yangi zaharsiz, yuqori samaradorli defoliantlar — SAKS va UDM yaratilib, amaliyot tavsiya qilindi. UDM seriyasidagi defoliantlar magniy xlorati va ammofosning ikkilamchi tuzi asosida (UDM-1), karbamid asosida (UDM-4) defoliantlar yaratilgan. “Sihat” deb nomlangan yuqori samarali defoliant Farg‘ona “Azot”IB ishlab chiqara boshlagan.

1956 yilda M.Nabiyev O‘zbekiston FA akademigi unvoniga sazovor bo‘ldi.

Akademik M.Nabiyev 13 monografiya, 500 dan ortiq ilmiy maqola, axborotnomalar muallifidir. Uning muharrirligi ostida noorganik moddalar kimyosi va texnologiyasi bo‘yicha o‘ndan ortiq ilmiy to‘plamlar nashr etilgan. Olimning ilmiy izlanishlari bir yuz o‘ttizga yaqin mualliflik guvohnomasi bilan taqdirlangan.

M.Nabiyev ajoyib tashkilotchi, katta jamoat arbobi sifatida ham mashhur edi. U 1957 yildan 1987 yilgacha “O‘zbekiston kimyo jurnali”ga muharrirlik qildi. 1966 yildan 1986 yilgacha O‘zbekiston FA kimyo-texnologiyalari fanlari bo‘limida akademik kotib lavozimini ham bajardi. Shu yillar davomida O‘zbekiston FA Prezidiumining a’zosi bo‘ldi. M.Nabiyev 1966-87 yillarda O‘zbekiston FAning kimyo va kimyoviy texnologiya fanlari mutaxassisligi bo‘yicha birlashgan ilmiy kengash raisining o‘rinbosari, 1976-87 yillarda esa O‘zbekiston FA Kimyo instituti qoshidagi doktorlik himoyasi bo‘yicha davlatlaro ilmiy kengashning raisi bo‘ldi.

Vijdon amriga itoat etib ijod qilgan Malik Nabiyevdek millat fidoyisining tabarruk nomi avlodlar xotirasida abadul-abad saqlanadi.

Shabot Xo‘jayev, Akademik

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2011 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.