Tabiatda hech bir narsa sof, kristal holatda uchramaydi. Xususan, yorug‘likni olaylik. Tun bag‘ridan yorug‘lik sizib chiqqani singari, yorug‘lik og‘ushida tunning qoramtir soyasi asta-sekin bo‘y tortadi. Har kuni ko‘raverib o‘rganib qolganimiz — tundan keyin tonglar otishi, kunduzning oxiri qorong‘u kechalarga ulanib ketishi, Yer yuzida hayot paydo bo‘libdiki, takrorlanadi. Bu tabiatning yozilmagan qonuni. Tabiatning sehrli mo‘‘jizalarini qarangki, issiq bilan sovuq, kun bilan tun bir-birini inkor qiladi. Lekin, ayni paytda, ana shu jarayonda biri ikkinchisidan quvvat oladi, biri ikkinchisiga tayanadi.
Tabiatdagi ziddiyatlarning yuzaga kelish, namoyon bo‘lish shakl-shamoyillarining jamiyat hayotiga, inson tirikligiga ko‘chib o‘tgan holatlari, ko‘rinishlari ma’nosini badiiy idrok va ifoda etish so‘z san’atkorining azaliy va abadiy izlanishlari mehvarini belgilab kelmoqda. Tabiat — jamiyat — inson hayotidagi ziddiyatlar — shodlik bilan qayg‘u, ozodlik bilan zulm mohiyatini badiiy umumlashmalarda tajassum etish adabiyotning yetakchi mavzularidan biridir. Barcha zamonlarda ijodkorlar e’tibori inson hayoti, faoliyati jamiyat taraqqiyotini belgilab beruvchi benazir qadriyat ekanligini ijtimoiy-falsafiy yo‘sinda namoyon etishga, tasdiqlashga qaratilgan.
Darhaqiqat, “Holbuki, tun”, “Ofeliyaning o‘limi”, “Pushkin”, “O‘zbekiston”, “Baxt to‘g‘risida”, “Dunyo go‘zal ko‘rinar senga”, “Tinimsizdir yolg‘iz shabboda”, “O‘lka”, “Tunni izlash”, “O‘rik gullaganda”, “Mizimta daryosi”, “Ishim bordir o‘sha ohuda”, “Xayolimda bo‘lding uzun kun”, “Chimyon esdaliklari”, “Eng gullagan yoshlik chog‘imda” singari XX asr o‘zbek lirikasi klassikasini tashkil etgan badiiy barkamol she’rlar, “Ona”, “Roksananing ko‘z yoshlari” balladalari, “Oygul bilan Baxtiyor”, “Semurg‘” poemalari, “Muqanna” tarixiy dramasi, adabiyot tarixi, xalq og‘zaki ijodiga oid tadqiqotlari Hamid Olimjon zakosini belgilab beradi.
To‘g‘ri, uning ijodida zamonasozlikka berilgan she’rlar, satrlar ham uchraydi. Ular shoirning ijodiy izlanishlari evolyutsiyasidagi tafakkur evrilishlari sifatida, ijodining turli davrlaridagi badiiy tafakkur tabiatini, dinamikasini o‘rganish tariqasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Hamid Olimjon ijodini baxt va shodlik kuychisi sifatida ta’riflash, baholash ilmimizda rusum bo‘lib keldi. Quvonch, baxtiyorlik shoir she’riyatining badiiyatini belgilovchi muhim unsurlardan biri, deb qaraladi. Ayni paytda, uning she’riyatida, xususan, lirikasida fojelikni badiiy pafosning boshqa ko‘rinishlari bilan muqoyasada kuzatish, shoirning badiiy ongiga ta’sir ko‘rsatuvchi muhim omillardan biri sifatida o‘rganish obrazlar sistemasining betakror o‘ziga xolisligini yoritish imkonini beradi. Xuddi, yorug‘likning ortida qorong‘ulik ko‘lanka tashlab turgani singari baxt va shodlikning sim-sim tomirlarida o‘kinchga cho‘mgan tun sharpasini payqash qiyin emas.
Hamid Olimjon she’riyatida tuyg‘u-kechinmalar dramatizmi, go‘zallik va xunuklik talqinlari mahzun ohanglar bilan qorishiq holda voqe bo‘ladi. Ushbu hol, xususan, badiiy pafosning turfa ko‘rinishlari bilan aloqadorlikda namoyon bo‘lishi fojelikning tipologik xususiyatlarini aniqlash imkoniyatini ham yuzaga keltiradi.
Tun saharlarda bir go‘zal yulduz
O‘tning uchqunlari kabi uchar, yolg‘iz...
Ko‘lkasin aks etar sevinchlarning
Gul-bahor qo‘ynida kunduz —
deb yozadi shoir 1928 yili bitgan “Bir nash’a” she’rida.
Qish cholar cholg‘isin, esar yellar,
Ko‘k va yerlarda qor — kular, o‘ynar.
Nahot ey voh!... Ko‘rinmagich yo‘llar
Yosh hayotim bahor kuyin kuylar —
deydi “Bahorni sog‘inganda” she’rida.
E’tibor bersak, shoirning 20-yillar o‘rtalari va oxirlarida bitgan mazkur she’rlarida tun obrazi yolg‘izlik, yo‘lsizlik motivlarini, g‘oyalarini yoritishga xizmat qilayotir. Hatto tun saharlardagi lirik qahramonning sevinchlari ko‘lankasini aks ettirayotir. “Bahorni sog‘inganda” she’ridagi qish tasviri ijtimoiy hayotga ishora bo‘lmaganda bunchalar ta’sirchan ma’nodorlik kasb etmasdi. Xususan, izg‘irin, sovuq yellar qahraton qishning nag‘masi, qo‘shig‘i. Yeru ko‘kda qor quyuni kulib o‘ynaydi. Go‘yo borliq, hayot muz qotgandek. Ana shunday muztarib holatda lirik qahramonga hayot yo‘llari aniq ko‘rinmaydi. Ana shu o‘y-kechinma lirik qahramon vujudini qish kechasidek diydiratadi.
Shu boisdan, lirik qahramon bahorning tezroq kelishiga intiq. “Ey bahor, kel, ochil va dilbar kul! Yosh ko‘ngil tanlaringdan o‘rgilsin. Dala, qir bag‘ringni-da bezatsin gul. Hur tabiat ipak kiyim kiysin”, deya ko‘ngli halak. Bahorni quchib o‘pishga, so‘ngra buloq, suv bo‘ylarida — go‘zallik qo‘ynida erkalanib uxlashga orzumand.
Hamid Olimjon she’riyatida olam va odamning uyg‘unligi falsafasi, hayot va uning boqiyligi insonning borligi bilan go‘zal, nash’ali, degan kontseptsiya yetakchilik qiladi. Ana shu falsafiy g‘oyani badiiy talqin qilishda tun ila tong, qorong‘ulik bilan yorug‘lik, boqiylik va oniylikning uzviyligi, bog‘liqligi, garmoniyasi badiiy tasdig‘ini topadi.
Dunyo go‘zal, nechunkim unda,
Sening bilan biz bormiz doim.
Unda odam qolmagan kunda,
Boshlanajak “qiyomat-qoyim”.
Dunyoning azaliy va abadiyligi og‘ushida inson umri kapalak umri misol oniyligi lirik qahramon yuragiga titroq soladi. Biroq hayotga muhabbat, tiriklik zavqi uning qalbini tark etmaydi.
Hayot behad go‘zal, undan uzilish, ayrilish xayoli lirik qahramon tuyg‘ulari talqinidagi mahzun ohanglarni kuchaytiradi. O‘limni o‘ylaganda hamisha yuragim orqaga tortib ketadi, deydi u, ”Va bosadi muzdek sovuq ter, seskanaman, g‘amim ortadi”, deya dilida kechayotgan kechinmalar bo‘hronining suratini chizadi.
Tiriklik nashidasidan bahramandlik hissi, hayot go‘zalligidan to‘yib-to‘yib qoniqish tuyg‘usi shoir she’riyatida sevgi-muhabbatni qadrlash, go‘zallikka sadoqat, tiriklikning qadriga yetish g‘oyalarini kuchaytiradi.
Shoirning 20-yillar o‘rtalari va oxirlaridagi “Bahorni sog‘inganda”, “Yetim”, “Bir nash’a” singari she’rlarida tun va tong talqinidan yuzaga kelgan yo‘lsizlik, yolg‘izlik g‘oyalari 30-yillarga kelib hayotsevarlik, dunyo go‘zalliklaridan bahramandlik g‘oyalari bilan o‘rin almashinganini kuzatishimiz mumkin. Shunda ham, baribir, lirik qahramon yuragida qo‘rquv va hadik bor. Bu hol lirik qahramonni umidsizlikka, go‘shanishinlikka chorlayotgani yo‘q. “Tuproq uzra qattiq kurashib, Do‘st bo‘larmiz balki qabrda”, deydi u o‘limga qarata. “Kechir meni nozli malagim, Seni maqtay olmasim tayin. Senga shuncha chiroy bergan kim? Aytib bergin, uni maqtayin”, deydi lirik qahramon. Go‘zallikdan bahramandlik hissi shoir she’rlarida shodlik safolarining qat’iy yo‘nalish kasb etishini ta’minlaydi, dunyoga yanayam qattiqroq bog‘lanish, dunyoning azaliy va abadiy go‘zalligini tuyish, sevish, qadrlash g‘oyalarining tug‘ilishiga sababchi bo‘ldi. “Holbuki, tun”, “Ofeliyaning o‘limi”, “Mizimta daryosi”, “Ishim bordir o‘sha ohuda”, “Tunni izlash”, “Dunyo go‘zal ko‘rinur senga”, “Tinimsizdir yolg‘iz shabboda” singari benazir klassik she’rlar ana shu ma’naviy ehtiyoj, ruhoniy zarurat taqozosi bilan yaratildi.
Lahzalar, soniyalar, damlar, kunlar va tunlar, afsuski, o‘tkinchi, tutqich bermaydi. Faqat lirik qahramon ko‘zlari o‘ngida suratlangan hayot go‘zalligining betakror lahzalari, yuragiga ko‘chib o‘tgan zavqli, totli, serg‘uluv nash’alar, tuyg‘ularga aylangan yashash, tiriklik sururi ko‘ngil mulkiga aylanadi. Ana shu oniylik va boqiylik o‘rtasidagi keskinlik lirik qahramon ko‘nglida kechayotgan tuyg‘ular dramatizmini, sokin iztirob to‘lqinlarini ta’minlaydi. Hamid Olimjon she’rlarida lirik qahramonning emotsional holatlarini, hayotning shafqatsiz haqiqatlari qoshida yuragini hovuchlab hayajonga botgan dardli surur zavqlarini suratlantirish ustuvor.
Shag‘irlaydi betinim daryo,
Shag‘irlaydi vahm to‘lgan jar.
Shag‘irlaydi qorong‘u dunyo,
Shag‘irlaydi vodiy, daralar.
Bu shoirning shoh she’rlaridan biri — “Holbuki tun”ning dastlabki satrlari. Ular boqiylikka aylangan muazzam hayotning sadolar tusini olayotgan manzarasi. Lirik qahramon yuragida titroq, g‘uluv, hayajon. Sokin kechaga shiddatli shovqin solib guvillab oqayotgan daryo betinim shag‘irlayotgandek lirik qahramon yuragiga joylanayotir; ongi-shuuri, tasavvurida mixlanayotir; tubsiz jar ham uning yuragiga vahm solib shag‘irlaydi; zulmatga o‘rangan sukunat borliqni o‘z sadolari bilan to‘ldirayotir. Vodiy, daralarda ham shag‘irlagan shovqin hukmron. Shag‘irlagan sadolar takrori tasavvurimizda tahayyullar uyg‘otadi. Shag‘irlayotgan, shovullayotgan tovushlar jim-jit qorong‘u tunda ham tegirmon toshidek bir maromda davom etayotgan, kechayotgan zalvorli hayot nafasi. Borliqni mahv etgan sukunatning cho‘ng zarblari. Shag‘irlagan tun jaranglari lirik qahramonga uyqu bermaydi. Ko‘nglining tub-tubida bir ovoz bosh ko‘taradi. Holbuki tunda, odatda, butun borliq uxlashi kerak edi. Horigan, toliqqan yer ko‘rpa misoli osmonga o‘ranib tin olishi zarur edi. Vaholanki, tunda ham hayot doshqozoni bo‘g‘riqib qaynayotir. Lirik qahramon soyga tushsa, uni ko‘kka balqqan oy qarshi oladi: “Nur yog‘ildi qorong‘i jarga”.
Sutga chayilgan oppoq oydin nur qop-qora kechada lirik qahramon bilan birga borliq uzra odimlashga tutinadi. Ko‘zlarida uchqunlar yonadi. Yerga egilgan oy zilol suv sathida jilolanadi; Oy suvga sirdosh, ko‘kdan tushib sirlarini suvga aytayotir. Qo‘ng‘ir tosh ham oppoq oy nuriga cho‘milib, yaltiraydi.
Lirik qahramon tuyg‘ulari tun tovushlariga botib, siniqib qolayotgani yo‘q. So‘nik va so‘lg‘in ham emas. Kechinmalari qartayib, munkillab, qaddi-basti obkashdek bukilib qolmayapti. Yashash baxti, tiriklik sururi zulmat kechaga jon bag‘ishlayapti; qorong‘ulikdan ma’no — nur axtaryapti, topayapti. Ana shu yorug‘likni hayotning so‘nmas bokiraligiga, sinmas safosiga aylantirib ko‘nglimizga olib kiryapti. Dilimizning to‘riga joylayapti. Shu boisdan ham, u ko‘zini tiksa parquv bulutlar zilol, toza epkini bilan ko‘kdan sirg‘alib tushadi; qiyoq maysalar qulog‘iga bulutlarning dolg‘ali suronini, va yana allanimalarnidir shivirlaydi.
Tikilganda ko‘zim qog‘ozga,
Qo‘llarimda titrardi qalam.
Qurshamishdi uni hayajon,
Bir intilish, bir orzu bu dam.
Shag‘irlardi osmon va havo,
Shag‘irlardi butun koinot.
Shag‘irlardi daryoda hayot.
Holbuki, tun...
Havo, suv, tuproq, olov, nur — hayotning azaliy va abadiyligini ta’minlayotgan boqiy qadriyatlar. Ularga shunchalar go‘zallik maqomini bergan, ularni ulug‘layotgan insonning o‘zi ham muhtasham bir qadriyatdir. Uning yashashga, hayotga, go‘zallikka bo‘lgan ishonch-e’tiqodi benazir ma’naviy qadriyat tariqasida bo‘y ko‘rsatayotir. Hayotning qorong‘i kuchlari yonida yorug‘likning ham boqiyligini tasdiqlayotgan oppoq nur mavjudligi insonning yashashga, kelajakka bo‘lgan ishonchini orttiradi, mehr-muhabbatini mustahkamlaydi. Ertangi kuni bilan bog‘liq orzu-umidlariga qanot baxsh etadi.
Borliq bilan yo‘qlik, kun bilan tun, shodlik bilan g‘am hayotning ranglarga, kechinmalarga ko‘chgan ko‘rinishi. Ulardan qanday ma’nolar izlash, uqish va anglash inson zakosiga bog‘liq. Hamid Olimjon she’rlarida hayotsevarlik tuyg‘ularining ustunligi ham shundan.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 51-sonidan olindi.