Muhtaram Yurtboshimizning: “Yozuvchilarimiz o‘tish davrining qiyinchiliklariga qaramasdan, o‘z ijodiga, qalb amri bilan tanlagan kasbiga sodiq qolib, milliy o‘zligimizni anglash, xalqimiz ongu tafakkurini o‘zgartirish, ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash va yuksaltirish yo‘lida xizmat qilib kelayotganini ta’kidlash har tomonlama to‘g‘ri bo‘ladi”, degan so‘zlari badiiy tafakkur madaniyatining burchi, mas’uliyati, vazifalari nechog‘li zalvorli ekanini yana bir karra yodimizga soldi, milliy istiqlol manfaatlaridan kelib chiqib, umumbashariy ma’naviy-intellektual qadriyatlar yaratishga da’vat etdi.
Adabiyotning bosh quroli — bu so‘z. Darhaqiqat, badiiy so‘zda hikmat, ma’rifat, ta’lim-tarbiya, ma’naviy-axloqiy madaniyat va hayot falsafasi sintezlashgan. To‘g‘ri, badiiy asarni yakka shaxslar yaratadi. Shu ma’noda, aksariyat estetik ta’limotlarda adabiyot — bu sub’ekt imkoniyatlarining namoyon bo‘lish maydoni, deya tushuntiriladi. Bunda so‘z san’atkorining ma’naviy-axloqiy madaniyati, intellektual saviyasi, hayotiy tajribasi, badiiy-estetik didi, bir so‘z bilan aytganda, Shaxs sifatidagi darajasi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Badiiy so‘z san’ati namunalari shu nuqtai nazardan o‘rganiladi va baholanadi. Shu ma’noda, sirtdan qaraganda, u ko‘ngil ma’rifatining zohir bo‘lish shakllaridek tuyuladi, taassurot qoldiradi. Bu, masalaning bir tomoni. Ikkinchidan, adabiyotning xalq hayotidagi ijtimoiy-ma’rifiy, axloqiy-falsafiy o‘rni, ahamiyati nihoyatda ulug‘. Bu hamma davrlarda ham badiiy so‘zning estetik qimmatini belgilashda bosh mezonlardan biri bo‘lib kelgan.
Yurtboshimizning milliy adabiyotimizni rivojlantirishga doir fikr-mulohazalarida adabiyotning millat va jamiyat ma’naviyatidagi, shaxsning ma’naviy-axloqiy, intellektual tarbiyasidagi ana shu ijtimoiy-estetik vazifasiga alohida urg‘u berilgan: “Shaxsan men shoir va adiblarni doimo jamiyatning oldingi saflarida yuradigan, hayotni kuzatib, odamlarning yuragida, dunyoqarashida bo‘layotgan o‘zgarishlarni hammadan avval sezib, ularni ta’sirchan obrazlar, yorqin badiiy bo‘yoqlar orqali mahorat bilan yoritib bera oladigan, el-yurt uchun kuyinib yashaydigan fidoyi insonlar, deb bilaman”. Ko‘rinadiki, hayotning, millat va jamiyatning talablari, ehtiyojlari bilan har bir davr adabiyotining vazifalari boyib boradi.
Mustaqillikka o‘n sakkiz yil to‘layapti. Bir yigitning navqiron yoshi. Uning vasfiga, samaralariga bag‘ishlab she’rlar, manzumalar, dostonlar, publitsistik maqolalar, esselar bitilmoqda. Istiqlol shukuhi dillarda va tillarda. O‘n sakkiz yil ko‘hna tarix uchun bir lahza. Shu ma’noda, istiqlolimiz misoli ulkan chinorga aylanayotgan ko‘chat. U qorong‘ulik zulmini yengib yorug‘likka chiqdi. Oftob marhamatiga, yorug‘lik sharofatiga yetishgan nihol tabiatning tasodifiy in’omi emas. Balki u millatning erkka, yorug‘likka intilgan ishonch-e’tiqodining tantanasidek anglashiladi.
Shu o‘rinda nozik bir holat borki, uni e’tiborga olmaslik mumkin emas. Xususan, jahon estetikasida alohida yo‘nalish kasb etgan amerika adabiyotshunosligida sub’ektivizm kuchli. Unda adabiyotning ijtimoiy roli inkor etiladi. Aytaylik, Epton Sinkler, Folkner, Ernest Xemenguey asarlari nazariy adabiyotlarda ko‘p ham tahlilga tortilmaydi. Chunki ularning asarlari jamiyatning ijtimoiy ehtiyojlariga javob tariqasida yozilgan. Bu esa, keyingi davr amerika adabiyotshunosligidagi sub’ektivizm yo‘nalishi uchun qanoatlanarli emas, deb hisoblanadi.
Amerikalik atoqli adib, shoir va olim Robert Uorren esa, “Adabiyot alomat sifatida” maqolasida so‘z san’atiga ijtimoiy voqelikdagi, jamiyat hayotidagi u yoki bu hodisalarning yetakchi alomatlarini badiiy umumlashtiruvchi, estetik baholovchi ma’naviy madaniyat, deb qaraydi. U jamiyat, hayot ilgari surgan yalang‘och g‘oyalarni emas, davr muammolarini badiiy tadqiq etishni muhim vazifa, deb biladi. Ana shu masalalar zamirida inson qismati, inson kechmishi badiiy asarning bosh tadqiqot ob’ektidir, deb tushunadi va inson tabiati qay tariqa namoyon bo‘lishi jarayonlarining badiiy aks ettirilishi g‘oyat muhim vazifadir, deya tushuntiradi (R.P.Uorren. Kak rabotaet poet. M., Raduga, 1988).
Ko‘rinadiki, jahon estetikasining yetakchi namoyandalari asarlarda davr g‘oyalari, jamiyat va xalq hayoti kun tartibiga qo‘ygan masalalar badiiy obrazlar va insoniy taqdirlar orqali aks ettirilishi tarafdoridir. “Nafis adabiyot — elita uchun yaratiladi”, “San’at — san’at uchun”, “Adabiyot — xos odamlarga mos” qabilidagi g‘oyalarda badiiy-estetik tafakkurning ijtimoiy roli rad etiladi, badiiy asarga sof san’at mahsuli sifatida qaraladi. Asar ijtimoiy manfaatdorlik nuqtai nazaridan tahlil etilmaydi. Shu jihatdan, frantsuz adibi va adabiyotshunosi Sartrning qarashlari bizga ancha yaqin. U “adaptatsiya” — “moslashish” degan so‘zni muomalaga kiritgan. U har bir asar, avvalo, informatsion axborot, deydi. Hayot haqida, jamiyat va odamlar, taqdirlar va kechmishlar xususida axborot beradi. Uning nuqtai nazariga ko‘ra, informatsion ma’lumot o‘z zaminiga — adresiga ega bo‘lishi lozim. Shunday ekan, u yana o‘z maqsadiga ham ega bo‘lishi zarur. Xususan, men sizga biron-bir narsani xabar qilayotgan ekanman, demak, shu ma’lumot, shu fikr sizga biron-bir manfaat yetkazishi mumkin, degan maqsadda aytyapman, deydi Sartr. (J.P.Sartr. Ekzistentsializm — eto gumanizm. «Sumerki bogov» kitobida. M., 1989)
Anglashilayaptiki, ijtimoiy manfaatdorlikdan chetda turgan adabiyot o‘z vazifasini bajarmaydi. Zero, xalq g‘ami yozuvchining ham dardi-tashvishidir. El-yurt o‘z boshiga yoqqan qorni kurash bilan band bo‘lganda, adabiyot o‘z holicha, bir chekkada o‘z hoyu havaslari olamida kuymalanib yurmaydi. Xalqning boshida balqqan oftob adabiyotning ham ko‘chasiga bayram olib keladi.
Zotan, adabiyot — odob so‘zidan olingan. U nimanidir o‘rgatadi, nimadandir ta’lim beradi. Mana, masalan, Sa’diyning “Bo‘ston” asarini olaylik. U “Mamlakatni idora qilish tadbiri, odillik hamda to‘g‘ri fikrlash haqida”, “Ehson haqida”, “Ishq haqida”, “Kamtarlik haqida”, “Rozilik”, “Qanoat”, “Tarbiyat”, “Shukr va omonlik haqida”, “Tavba haqida” singari boblardan tarkib topgan. Har bir bob hikoyatlar silsilasidan hamda qissadan hissa tariqasidagi hikoyatli o‘gitlardan iborat.
Daraxt bo‘lsa shoh, xalq ildiz erur,Bil o‘g‘lim tomir-la daraxt ulg‘ayur.Eling qalbin og‘ritma, berma zarar, Qurur ildizing ranjisa el agar.El-ulusga hamisha yaxshilik qil, yomonlik, xaroblik zulmdan keladi, degan ibratli fikr hikoyatlarning mag‘zidan bo‘rtib turadi. Yoxud Farididdin Attorning tiriklik hikmatiga oid hikoyatini olaylik. Bosh ma’no nimada? Ayol kishi haqida gap ketganda bo‘htondan ehtiyot bo‘lish zarur, deydi adib. Oxiri haq-adolat qaror topadi. Ko‘rinadiki, yuksak odob-ahloq sharq badiiyatining asosini belgilayotir, adabiy asar badiiyatini ta’minlovchi yetakchi xususiyatlardan biriga aylanayotir. Buni didaktik realizm, deb aytish mumkin.
Endi realizmda bu yo‘nalish boshqacha tus oladi. Haqiqiy realizmda yozuvchi: “Men hayotni qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘rsataveraman. O‘zing qanday xohlasang shunday xulosa chiqarib olaver”, degandek bo‘ladi. Ya’ni yozuvchi o‘zini go‘yo chetga olgandek, betarafdek tuyuladi. Lekin, aslida, uning hayotni ko‘rsatishida nima demoqchi ekanligi ko‘rinadi. Endi, bunday idrok va ifoda madaniyati, realistik tasvir san’ati ma’lum tayyorgarlikni talab qiladi.
Aslida, badiiy asarni unday yozish kerak, bunday yozmagan ma’qul qabilidagi fikrlar normativ adabiyotga xos xususiyat. Bu — Sharqona badiiy madaniyat uchun ko‘proq xos. Adabiyot esa ana shu taxlit qoidalarni buzish hisobiga rivojlanadi. Qush qanotlari bilan havoga tayanib parvoz qilganidek, adabiyot ham shunga monand qoidalarga tayanib yuksaklarga parvoz qiladi. Yuqoridagi kabi qoidalarni ham inkor qiladi, ham ularga tayanadi. Shuning uchun normativ adabiyotshunoslikning o‘ziga yarasha kamchiliklari ham bor. Shu bois, hech qachon normativ adabiyot bilan cheklanish mumkin emas.
Demak, adabiyotdagi yangilik faqat shu qoidalardan chetga chiqish hisobiga sodir bo‘ladi. Qoidadan chetga chiqish esa, aslo beboshlik emas. Hayotning talabi bilan amalga oshiriladi. Hayotning talabi va ma’naviy ehtiyojlari bilan adabiyotning vazifalari ham boyib boradi.
Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Oybek, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Shukur Xolmirzaev, O‘lmas Umarbekov, Uchqun Nazarov, O‘tkir Hoshimov singari o‘nlab badiiy so‘z ustalarining badiiy-estetik tajribalaridan ayon bo‘layaptiki, yolg‘iz ideallar bilan havolanib yurish ham cheklanganlikka olib kelarkan; yoxud turmush ikir-chikirlari bilan o‘ralashib, kuymalanib qolish, undan baland tura bilmaslik ham bir yoqlamalik ekan. Jamiyat psixologiyasini ko‘rsatish orqali insoniy taqdirlar kechmishini badiiy tadqiq etish va yoxud odamlar qismatini aks ettirish asosida jamiyatning insoniy yoki g‘ayriinsoniy atvorini kashf etish barcha zamonlarda adabiyotning ustuvor vazifasi bo‘lgan.
Bugungi adabiy jarayonda tabiat, jamiyat, inson hayotida kechayotgan voqea-hodisalar, o‘zgarishlar — barcha-barchasiga shaxs erki, Vatan istiqloli va istiqboli nuqtai nazardan qaralmoqda, o‘rganilmoqda, estetik baholanmoqda. Shu ma’noda, inson ko‘ngli barcha buhronlar silsilasini sintezlashtiruvchi markaz bo‘lib qoldi. Oftob nurini linzaga joylab, bir nuqtaga yo‘naltirilsa tog‘larni talqonga aylantirib yuboradi. Istiqlol adabiyoti ko‘ngillarni ma’rifatli qilish orqali, ong-shuurlarni hikmatga yo‘g‘irish asosida jamiyat didi-saviyasini yuksaltirishdan, boqiy bashariy qadriyatlar yaratishdan iborat. Zero, ko‘ngillar erki, millat va Vatan istiqloli bashariy qadriyat chechaklaridir. Uning xushbo‘y atri-tarovatidan jahon ahli ham bahramand bo‘lishi shubhasiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 32-sonidan olindi.