OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ozod Sharafiddinov. Ajalni yenggan adib (2005)

Hozirgi yoshlar, ming afsuski, Samar Nur degan adibning asarlari tugul, nomini ham bilmaydi. Hatto tahririyatda ishlaydigan ba’zi xodimlar mendan «Kim edi u? Nomi tanish eshitilyapti-yu, lekin eslayolmayapman», deb anqovsirab so‘rashadi. Holbuki, u Navoiy zamonida yashab o‘tgan ijodkor emas. U hayot bo‘lganda bu yil 70 yoshga kirar edi. Yana buning ustiga u jo‘ngina, oddiy bir ijodkor emasdi. U yozuvchi, eng mehnatkash, so‘zga, adabiyotga sadoqatli, har so‘zini mas’uliyat bilan aytadigan, kitobxon oldidagi burchini doim his qiladigan adib edi.
U 60-yillarning boshida adabiyotga kirib keldi, ammo bunga qadar hayotda ancha narsani ko‘rgan, durustgina tajriba orttirgan, bir so‘z bilan aytganda, adabiyotga hali og‘zidan ona suti ketmagan bola bo‘lib emas, hayot va adabiyot haqida jiddiy, salmoqli fikr yurita oladigan, balog‘atga yetgan shaxs sifatida kirib kelgan edi. 
 Samar Nurov Qashqadaryo viloyatida, Qarshi tumanidagi qishloqlardan birida tug‘ilgan. Uning bolaligi ko‘pgina bolalar kabi bahorda gullari, maysalari kamalak ranglari bilan tovlanadigan, yozda oltinsimon bug‘doylari dengizdek mavjlanib yotadigan, qishda oppoq qor bilan qoplanadigan qirlar qo‘ynida, qishin-yozin tinib-tinchimaydigan qo‘y suruvlari orasida kechdi. Bolalik yillari har qancha mashaqqatli bo‘lmasin, ayni shu kezlarda u ona yurtining betakror xushbo‘y hidlarini diliga jo qildi, Qashqadaryoning sofdil va mehnatkash odamlariga muhabbat bir umrga uning qalbidan o‘rin oldi. O‘qishni tugatar-tugatmas qo‘liga qalam oldi, o‘ziga yaqin narsalar haqida yoza boshladi. Keyin mehnat kishilari dunyosi, ruhiyatini chuqurroq o‘rganish uchun Chimqo‘rg‘on suv ombori qurilishida ekskavator mashinisti yordamchisi bo‘lib ishladi. Shuning uchun oliy o‘quv dargohiga kelganda uning oldida qaysi fakultetni tanlasam ekan, nimalar to‘g‘risida yozsam ekan, deganga o‘xshash savollar ko‘ndalang bo‘lgani yo‘q.
 Birinchi qadamlaridayoq uning o‘ziga xos baquvvat iste’dodi namoyon bo‘ldi — u zamondoshlari to‘g‘risida, ularning ichki dunyolari, dardlari, kechinmalari to‘g‘risida to‘lqinlanib yoza boshladi. Uning ilk asarlaridagi samimiyat va hayajon kitobxonni befarq qoldirmadi — ular adabiyotga o‘z ovozi, o‘z mavzui, o‘z qarashlari bilan dadil kirib kelayotgan yosh ijodkorni qizg‘in tabrikladilar va uning ijodini intiqlik bilan kuzata boshladilar.
Uning dastlabki ocherk va maqolalari hayotiyligi va haqqoniyligi bilan ajralib turardi. Uning birinchi yirik asari «Suv qo‘shig‘i» ocherki Orol muammosiga bag‘ishlangan bo‘lib, muallif o‘sha kezlardayoq bu muammoning eng muhim va murakkab qirralarini qalamga olgandi.
O‘qishni bitirgach, u respublika matbuotida turli lavozimlarda ishlay boshladi. O‘sha paytlardagi otaxon gazetamizda mas’ul kotib darajasiga ko‘tarildi. Tahririyatlar bu qobiliyatli ijodkorga jon-jon deb o‘z bag‘ridan joy berardi. Qisqa muddatda uning o‘ndan ortiq ocherk, qissa va hikoyalar to‘plami bosildi. «Maysalarni ayoz urmaydi», «Narvon» kabi qissalari esa 60-yillardagi o‘zbek nasrini boyitadigan asarlar bo‘ldi. Ularning hammasida adib birinchi navbatda jonajon yurti — Qashqadaryo muhabbatini kuyladi. Tabiati bahorda ipakdek mayin, qahraton qishlarda g‘oyatda beshafqat bo‘ladigan bu voha kitobxon ko‘z o‘ngida dunyodagi eng sevimli maskanlardan biri bo‘lib gavdalanadi. Uning odamlari esa adib uchun eng aziz, eng e’zozli odamlar sifatida tasvirlanadi. Ayni chog‘da adib bu o‘lkaning ichki muammolarini, odamlarning baxti va yashashiga xalaqit berayotgan turli illatlarni qalamga olishdan, ularni fosh qilishdan cho‘chimadi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Badiiy asarlarda tasvirlanadigan Vatanga muhabbat, yurt ishqi nimadir? Bu hadeb Vatanning tog‘lariyu bog‘lari, daryolariyu ko‘llari, shaharlariyu qishloqlari, o‘tmishiyu bugunini maqtashdan iboratmi? Ularning sha’niga hamdu sanolar aytish bilan cheklansa yo bu borada ijodkorlar «kim o‘zarga» musobaqalashsa, shu bilan Vatanga muhabbat tasvirlangan bo‘ladimi? Ha, albatta, adib o‘z yurtining go‘zalliklaridan shodlanmog‘i kerak. Lekin muhabbat degani faqat maqtov yoki hamd-sanodan iborat bo‘lishi mumkin emas. Umuman, Vatan muhabbati, masalan, erkak va ayol o‘rtasidagi muhabbatdan farq qiladi. Vatan muhabbati Vatanning dardlaridan iztirob chekishni ham taqozo qiladi, bunga erishmoq uchun esa adib yoki shoir hayotdagi turli kemtiklar to‘g‘risida yoki Vatan husnini buzib turgan so‘gallar to‘g‘risida, ulardan xalos bo‘lish yo‘llari haqida bor ovozi bilan hayqirib ayta olmog‘i kerak. Aks holda hammamiz shoir aytgan tilla baliqchaday o‘zimiz yashaydigan maskanni «jannatmakon» maskan deya maqtanish bilan o‘tib ketamiz. Kemtiklar esa hamisha topiladi. Odamzod hech qachon tom ma’noda mukammal bo‘la olmaganidek, uning hayoti ham, turmush tarzi ham, yashash joyi ham mutlaqo bekamu ko‘st jannat bo‘lmog‘i mumkin emas.
Samar Nurov dil tubidan sirqib chiqqan ko‘zyoshlardan yurtining yaralari uchun shifo izlagan adib edi. Uning bunday asarlari Samarning ijodiga katta umid bilan qarashga, undan ko‘p narsalar kutishga da’vat qilardi. Adib o‘z kuyining avjiga ko‘tarilib kelmoqda edi. U yaqin kelajakda hali yozilmagan asarlarini yozib berishiga, hali aytilmagan gaplarini aytishiga hech kimda shubha yo‘q edi. Adibning osmoni charog‘on, yo‘llari nurafshon, qalami ravon, iste’dodi yashnab ochilayotgan fasllar edi.
Biroq... Ming afsuski, hayotda hammavaqt ham biz o‘ylab, chamalab, bitirib qo‘ygan ishlarimiz ro‘yobga chiqavermaydi. Go‘yoki hayot biz erishayotgan muvaffaqiyatlarga baxillik qiladi-yu, bir chapak urib, hamma ishimizni chappasiga yurgizib yuboradi. Ko‘pincha, bunaqa evrilishlar sababini topolmay, «men qilaman o‘ttiz, xudoyim qiladi to‘qqiz» deb o‘zimizga tasalli berganday o‘tib ketaveramiz. Buyuk shoir Mayakovskiy ham she’rlaridan birida «sayyoramiz quvonchlarga moslashgan emas» degan edi. Har holda hayot har qancha go‘zal bo‘lmasin, unda odamlarning yutuqlarini ko‘rishda muayyan baxillik bor.
Falokat kutilmaganda ro‘y berdi.
1973 yilning iyun oyi. O‘sha yili O‘zbekistonda yoz juda issiq keldi. Ba’zi yurtlarda havoning issiqligi 30 darajadan oshsa, hammayoq qiyomat bo‘lib ketadi. Bilmadim — o‘zbeklar qanday xalq ekan. Sovug‘u issiq qirqdan oshsa-da mehnat qilishdan, ishga borishdan to‘xtamaydi. Dehqon-ku, tangadek soyasi yo‘q paxta dalasida doshqozon ichida qaynayotgandek bo‘lsa ham, paxtasini parvarish qilishdan to‘xtamaydi. 
O‘sha kezlarda Samar «Qizil O‘zbekiston» gazetasining topshirig‘i bilan «Oq oltin» tumaniga xizmat safariga boradi. 22 iyun kuni — jaziramaning avj nuqtasi — u kun bo‘yi dala kezadi, dehqonlarning ishi bilan tanishadi, ularning dard-hasratlarini yon daftariga emas, qalb daftariga yozib oladi. Keyin ishlar bitgach, kechki payt dala shiyponi yonida bir-ikki hamroh bilan borib dam olishga chog‘lanadi. Shiypon oldida hovuz ham bor ekan. Kun bo‘yi saraton oftobida kuyib terga botgan Samar hovuzda cho‘milib, nafas rostlamoqchi bo‘ladi. Bolaligidagi sho‘xliklari esiga tushib ketadimi — u yugurib kelib, suvga kalla tashlaydi. Falokat uni suv tagidagi sement quvur shaklida kutib turgan edi. Samar quvurga boshi bilan uriladi. Uning bo‘yin suyagi singan edi. Bir zumda qo‘l-oyoqlari shol bo‘lib qoladi. Tanani qimirlatib bo‘lmaydi. Shu tarzda bir yil davomida hayot-mamot jangi boshlanadi. Vrachlarning aytishicha, bunaqa og‘ir zarbaga uchragan odamning yuztadan to‘qson to‘qqiztasi hayotdan ko‘z yumar ekan. Samar ahvoli har qancha og‘ir bo‘lmasin, qo‘l-oyoqdan tashqari ichki a’zolar har qancha lat yegan bo‘lmasin, yashab qolmoq uchun jon-jahdi bilan kurasha boshladi. «Kurasha boshladi» deyish — aytishga oson. U og‘izning bir chekkasidan chiqib ketaveradi. Lekin siz bunaqa falokatga uchragan odam chekadigan dardlarni, mislsiz og‘riqlarni, zirqirashlarni, ko‘ngil ozishlarni va eng muhimi — bu azoblardan to‘yib, o‘limga rozi bo‘lgan odamning nochor yotgan joyida o‘lolmay chekkan iztiroblarini ko‘z oldingizga keltiring. Bundan tashqari, son-sanog‘i yo‘q ukollardan badani ilma-teshik bo‘lib ketgan, «kapelnitsa» deganini ko‘rsa odamning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. Har xil shlanglar, bog‘langan yaralar, badanning turli joyiga tiqib qo‘yilgan trubkalar... Ularni birovning yordamisiz eplayolmaydi, ovqatni ham yosh boladek birov yedirib qo‘ymog‘i kerak. 
Bu azoblar yetmagandek, uyqusizlik azobi ham yomon qiynaydi. Ehtimol, shu uyqusiz uzoq tunlarda intiqib tong otishini kutib yotgan Samar shoirlarning yulduzli tunlar haqida jo‘shib kuylaganlarining bari yolg‘on ekanini kashf qilgandir. Kasalxonada bemorlarning ikkitasiga bittadan hamshira biriktirilgan — ular har yarim soatda bemorni bir yonboshidan boshqa yonboshiga ag‘darib qo‘yadi. 
Ehtimol, bunaqa paytlarda Samar «salomatlik — tuman boylik» degan gapning ma’nosini qalban juda chuqur uqqandir. Darhaqiqat, burning qichisa uni bemalol qashimoq, istagan paytingda istagan alpozda cho‘zilib yotishning o‘zi qanday baxt! Samar necha martalab o‘z joniga qasd qilmoqni o‘ylagandir. Bir amallab krovatdan yerga yumalasa bas — bu azoblardan qutuladi-qo‘yadi. Biroq u bunday qilolmasdi. U hayotni juda ham sevardi. Uzoq yashamoqni orzu qilardi. Axir, endigina 38 ga kirdi. Avji navqiron payti, avji ishlaydigan, yaratadigan payti. Axir, hali uning qanchadan-qancha niyatlari kitob shakliga tushgani yo‘q. Ijodkor odam yuragidagi dardu hasratlarini qog‘ozga tushirmasdan ketolmaydi-ku! Mayli, ajal har kuni tajovuz qilsin, mayli har tunda Azroil uning jonini olmoq uchun chiroyli, kelishgan yigit tarzida, goh keksa, munkillagan qariya shaklida kelsin — Samar unga bo‘sh kelmaydi. Bir yil kasalxona palatalarida uzluksiz davom etgan Ajal bilan Inson o‘rtasidagi hayot-mamot jangida Inson g‘olib chiqdi. Mayli u nogiron bo‘lib chiqqan bo‘lsin, mayli, uning harakat qilish imkoniyatlari ancha cheklangan bo‘lsin, mayli, uning jismoniy quvvati ancha kamaygan bo‘lsin, baribir, Inson g‘alaba qildi. Samar yana bir marta Inson irodasi, ruhiy qudrati qanchalik cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini hammaga namoyish etdi. Jussasi unchalik katta emas edi, uning polvonlik kelbati yo‘q edi. Zohiran qaraganda unchalik baquvvat ko‘rinmas ham. Ammo uning ichki qudrati imoni butunligi uchun, fidoyiligi va sadoqati uchun bu kurashda yengib chiqdi. 
Albatta, bu g‘alaba o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritilgani yo‘q. Bunda o‘z ishiga sadoqatli vrachlarning xizmati katta, bunda hamkasblarining, ijodkor do‘stlarining ham hissalari bor. O‘zbekning axloqida hamisha bemorlar holidan xabar olish har bir odam uchun ham farz, ham qarz ekani uqdiriladi. 
Samar to‘shakka mixlanib yotganida yog‘ochdek qotib qolgan barmoqlarini qalam tutishga yarashi uchun tinimsiz uqalab yotgan kezlari Abdulla Oripov boshchiligidagi bir guruh yozuvchilar uni ko‘rgani borishadi va dalda gaplar bilan uning ko‘nglini ko‘taradi. Yana keksa yozuvchimiz Nazir Safarov ham atayin uni ko‘rgani kasalxonaga boradi. Bularning hammasi Samarga dalda berishda, ruhan qo‘llab-quvvatlashda katta rol o‘ynaydi. Biroq bular bilan bir qatorda yana bir fakt borki, uni tilga olmaslik sira mumkin emas. Samarni o‘lim chohidan chiqarib olishda uning turmush o‘rtog‘i Oliyaxonning o‘rni benihoya katta bo‘ldi. Oliyaxon Samardan ikki-uch yosh kichik, lekin uning ham ichki qudrati, irodasi, vafodorligi, sadoqati shu qadar ulug‘ ediki, bu ulug‘vorlik qarshisida ajal chekinishga majbur bo‘ldi. Oliyaxon yana bir marta ayollarimizning buyuk xislatlarini butun dunyoga namoyish qildi. Shoir Abdulla Oripov yozganidek, bunday ayollarning ulug‘vorligi qarshisida faqat bosh egib ta’zim qilmoq kerak. Men ishonaman — ehtimol, zamonlar o‘tib, «Samariddin va Oliyabonu» degan bir doston yozilar. Ehtimol, bu dostonning ham shuhrati «Tohir-Zuhra» va «Layli-Majnun»lardan qolishmaydigan bo‘lar. Ehtimol, u ham Insoniy muhabbatga, vafo va sadoqatga qo‘yilgan o‘lmas haykal bo‘lar.
Shu nuqtada Samar haqidagi gaplarni bir lahza to‘xtatib, Oliyaxon to‘g‘risida ikki og‘iz gapirish lozim. Oliya institutni bitirib «iqtisodiyot» fani bo‘yicha diplom olib, Samarga turmushga chiqqanida har qanday yosh kelinchak singari uning qalbida ham bir dunyo bir-biridan shirin orzular bor edi. U, albatta, turmush oson kechmasligini, ularni ro‘yobga chiqarmoq uchun jon-jahdi bilan kurashmoq kerakligini bilardi. Lekin Oliya bu kurashlar, mashaqqatlarning hech qaysisidan qo‘rqmas edi. U ruhan kurashga tayyor edi. Axir, u yolg‘iz emasdi-ku? Bu kurashda uni qo‘llab-quvvatlovchi, har qanday sharoitda unga madad beradigan suyangan tog‘i — sevgan turmush o‘rtog‘i bor. Ular xalq maqolida aytilganidek, «qo‘sh ho‘kiz» bo‘lib, turmush aravasini bemalol torta oladilar va manzilga yetib boradilar. Biroq bu orzularning hammasi ro‘yo bo‘lib chiqdi. Turmushning bir zarbasi bilan orzular qoqiguldek har tomonga tirqirab ketdi. Oliya boshiga tushgan musibatlar ular xayol qilgan qiyinchiliklardan ming ba’d zo‘rroq edi. Nahotki, hayot degani shu qadar shafqatsiz bo‘lsa? Nahotki, taqdir deganlari ikki mushtipardan o‘zining bir shingil mehrini shunchalar ayasa? Axir, ularning nima gunohlari bor edi.
Ha, ming afsuski, hayotda bunaqa sababsiz fojealar, kutilmagan sinovlar tez-tez uchrab turadi. Samar falokatga uchragandan keyin Oliya uchun yangi hayot boshlandi. Samar kasalxonada bir yil muttasil yotdi. Bu muddat davomida uning yolg‘iz qolishi mumkin emas edi — Oliya eng yaqin odami, sevikli xotini sifatida kechasiyu kunduzi uning yonida bo‘lmog‘i, Samarning har bir xatti-harakatidan boxabar bo‘lib turmog‘i kerak edi. Shunday qildi ham — u o‘zligidan voz kechdi, «iqtisodchi» degan diplomini sandiqqa joylab, kechalarini Samarning krovati yonida uyqusiz o‘tkaza boshladi. Ammo bu bilan ish bitmas edi — bu zamonda bemor bo‘lish qiyin — buning uchun bitmas-tuganmas davlating bo‘lsa tuzuk. Dori-darmonlar falon pul. Bundan tashqari, yana unga-bunga pul tutqazmasang, yaxshiroq qarashmaydi. Bola-chaqa hali yosh —ularga ham oziq-ovqat, kiyim-kechak kerak. Bularning bari uchun pul kerak. Samarning betobligi bilan ro‘zg‘orni tebratib turgan mablag‘ oqimi ham to‘xtadi. 
Endi bu muammo ham Oliyaning zimmasiga tushdi. U kasalxonaga yaqinroq joydagi bir korxonaga farrosh bo‘lib ishga kirdi. Biroq farroshlikdan oladigan puli urvoq ham bo‘lmadi, yana bir korxonaga qorovul bo‘lib joylashdi. Shu ahvolda uning topgan puli taqdir zarbasini bir daraja yumshatishga yordam berdi. Albatta, Oliyaning bu xatti-harakatlari besamar ketmadi. Samar xotinining fidoyiligidan juda katta madad oldi — nimjongina, uvoqqina xotini ayol boshi bilan shunchalik jonbozlik qilayotgan ekan, uning qaramog‘ida Samarning nola-fig‘onlar chekishi, faqat shikoyat bilan intihoni kutib yotaverishi to‘g‘ri bo‘lmaydi. Samar o‘zining butun irodasini, ichki qudratini safarbar qilib, nima qilib bo‘lsa-da, bu mudhish chohdan chiqib olishga harakat qildi. 
Muhabbat olamni qutqaradi deganlarida shuni nazarda tutishsa kerak-da. Odamning mehri odamga kuch ato qilishi shu bo‘lsa kerak-da. Bir yil deganda Samar oyoqqa turib, kasalxonadan chiqdi. Ammo bu bilan Samarlar oilasining boshiga tushgan musibatlar tamom bo‘lgani yo‘q. Kasalxonada kechgan bir yillik azob-uqubatlardan iborat hayot ko‘p qismli fojianing faqat birinchi pardasi edi, xolos. Yanada mislsiz qiyinchiliklarga, odam bolasidan boshqa hech qanaqa maxluq chidayolmaydigan azob-uqubatlarga to‘la dramaning ikkinchi pardasi boshlandi. Samar kasalxonadan chiqqani bilan uni sog‘ayib ketdi deyish mumkin emas edi — uning o‘zi birovning yordamisiz yurolmas, qo‘llari bir narsani tutishga, hatto qalam ushlashga ham yaramasdi. Uzoq muddat davomida to‘shakda harakatsiz mixlanib yotish, muttasil o‘tkir dorilarni qabul qilish uning ichki a’zolariga yomon ta’sir ko‘rsatgan, jigar, buyrak, yurak kabilarni ancha ishdan chiqargan edi. Bundan tashqari, tibbiyot komissiyasi uni birinchi toifa nogironiga chiqardi. Sho‘ro hukumati esa unga 80 so‘m nafaqa tayinladi. Faqat bir necha yildan keyingina nafaqa miqdori 120 so‘mga yetdi. Ammo bu ham to‘rt kishining tirikchiligi uchun kam edi. Albatta, har qanday sog‘lom mehnatkash odamda bo‘lganidek, Samarning ham omonat kassasida 10 000 so‘m puli bor edi. Bu pulga bir necha muddat tirikchilik qilsa bo‘lardi. Biroq sho‘ro hukumatining o‘zi kuyib ketganidek, fuqarolarning omonat kassalaridagi puli ham tag-tugi bilan kuyib ketdi. Oila yanada nochor ahvolda qolaverdi.
Samarlar Toshkentda ko‘pqavatli imoratning to‘rtinchi qavatida yashar edilar. Xasta odam uchun to‘rtinchi qavatga tushib chiqish, hatto o‘sha qavat havosidan nafas olib yashash juda qiyin edi. Shuning uchun ular o‘zlari tug‘ilib o‘sgan Qarshi shahriga ketishga harakat qilishdi. Qarshi tug‘ilgan shahri, lekin shundoq bo‘lsa-da, uning nogironlarga, muhtojlarga ko‘zi uchib turgani yo‘q edi. Bir necha yil deganda shahar hokimligi ularga 6 sotixlik chala qurilgan bir joyni berishdi. Samarlar boshpanalik bo‘lganlariga juda xursand bo‘lishdi, lekin (yana «lekin») bu joyning haqini to‘lamoq kerak edi. Er-xotin ming xil azoblar bilan mehnat qilib, to‘rt yil deganda imoratning pulidan zo‘rg‘a qutuldilar. Uyda yashamoq uchun zarur kommunal sharoitlar yo‘q edi — Oliya erini yoz kezlarida dahlizda tog‘oraga o‘tqazib cho‘miltirar, qishda esa cho‘miltirishlar to‘xtar edi. Uy isitilmasdi, qahraton sovuq kunlarda Oliya toshni qizitib chelakka solib ko‘rpaga o‘rab Samarning krovati yoniga qo‘yardi. Samar shu dohiyona tarzda o‘ylab topilgan pechkaning tafti bilan jon saqlar edi. U qiyinchiliklar qarshisida osongina bo‘yin egadiganlar toifasidan emasdi. Xotinining ko‘magida tirishib-tirmashib ijod qila boshladi. Bu ishda unga do‘stlarining, kasbdoshlarining diqqat-e’tibori, g‘amxo‘rligi yordam berdi. O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyev u bilan ko‘p muloqotda bo‘lardi. O‘zuvchilar uyushmasining Qashqadaryo bo‘limi uning 65 yilligi munosabati bilan ijodiy kechasini o‘tkazdi. Bularning bari Samarga dalda berdi, taqdir to‘lqinlarining yangi zarbalariga dosh berishda ko‘mak bo‘ldi. Bu voqealar, bu kunlar o‘sha kezlarda Samar uchun hayotidagi eng unutilmas, eng nurli kunlar bo‘ldi. Ammo... 
Qiziq, inson hayotining aql bovar qilmaydigan g‘alati tomonlari bor — unda ko‘pincha har bir voqeaning ketidan bir-ikkita «ammo», «lekin»i chiqib kelaveradi. Bir odamning eshigini ta’qib etgan musibatlar nima uchundir qayta-qayta shu eshikni qoqaveradi. Bu orada oilaga tayanch bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘g‘il to‘satdan kasal bo‘lib qoldi — uning ichidan qon keta boshladi. Uni asrab qolishning iloji bo‘lmadi. 
Oradan ko‘p o‘tmay esa ularning bo‘yi yetgan qizlari o‘qishdan qaytayotganda bezorilar ko‘chada boshiga temir bilan urib, sumkasini tortib olishadi. Bu zarbadan qiz ham bir umrga nogiron bo‘lib qoladi. Bunday azob-uqubatlarni kechirgan Samar Nurov hech ikkilanmay Boburning 

Charxning men ko‘rmagan jabru jafosi qoldimu?
Xasta ko‘nglum chekmagan dardu balosi qoldimu?

degan so‘zlarini o‘ziniki yanglig‘ takrorlashga to‘la haqqi bor edi!
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Bunday og‘ir yukni odamzot qanday ko‘tararkin? 
Mana, Samar ham — u ko‘rinishdan polvon emas, juda oddiy odam edi — yelkasida muttasil ezib turgan dahshatli yuk bilan 68 yil umr ko‘rdi. Albatta, u juda qiynaldi. Haddan tashqari qiynalgan kezlarida, juda ezilib-ezilib ketgan paytlari necha martalab o‘limni qo‘msadi — o‘lim unga erishib bo‘lmaydigan ne’matdek ko‘rindi. U hatto umrining so‘nggi yillarida atrofidagi ayrim mahalliy to‘ralarning loqaydligiga duch kelganda necha martalab xotiniga «Yashagim kelmayapti», degan ekan. Lekin shunday bo‘lsa-da yashashda davom etdi. 
Og‘ir atletikachilar, shtangada juda og‘ir yuk ko‘taruvchi jahon chempionlari bor. Albatta, jahon chempioni bo‘lish yoki jahon rekordini o‘rnatish juda og‘ir ish. Buning uchun juda katta kuch-qudrat, matonat kerak. Ularning favqulodda qahramonligini sira kamsitmagan holda aytamanki, Samarning pahlavonligi ularnikidan ortiq bo‘lsa ortiqki, aslo kam emas. Axir, shtangachilar faqat musobaqada butun kuchlarini bir nuqtaga to‘plab bir marta zo‘r beradilar. Samar esa bunday jasoratni har kuni ko‘rsatdi. Buni hisoblab chiqsa 11 000 kun bo‘ladi. Qanday qilib u bunga erishdi? Qanday kuch uni mislsiz mashaqqatlarga chidashga, aql bovar qilmaydigan azob-uqubatlarni yengib o‘tishga undadi? 
Menimcha, uning qalbida ulug‘ bir qudrat bor edi — bu qudrat uni ertaklardagi pahlavonlardan kuchliroq qildi. 
U Qashqadaryoda tug‘ilib kamol topgan edi. U o‘z yurtining har bir qarichini yaxshi bilardi. Tanti va zahmatkash xalqi, sevimli yurtiga munosib bir asar yozish, el-ulus dardlarini aks ettirgan badiiy polotno yaratish va shu yo‘l bilan bu yurt oldidagi farzandlik burchini o‘tash Samar Nurov hayotining mazmuniga aylangan edi. Shu oliy maqsad unga kuch berdi. U bu niyatini amalga oshirmasdan turib ko‘z yuma olmasdi. Nogironligi, harakat qilish imkoniyatlari cheklanganiga qaramay, u Qarshi haqidagi romaniga material yig‘a boshladi, tarixiy hujjatlarni o‘rgandi, hatto Qashqadaryo hayotida muhim rol o‘ynagan — o‘tgan asrda olingan noyob va nodir fotosuratlarni to‘pladi. Buxoro va Samarqandga xotini yordamida safar qildi. Nihoyat romanni yozib tugatdi.
Men shundoq ham cho‘zilib ketgan bu maqolamda romanni tahlil qilmoqchi emasman. Bu ishni kelgusida munaqqidlar bafurja qilishadi. Men bu o‘rinda, eng so‘nggi fursatda ham, taqdirning bu sho‘rpeshona adibga nisbatan adolatsizlik qilganini, yana bir marta nomardlarcha qiynoqqa solganini aytmoqchiman — Samar romanni yozib bo‘lgandan so‘ng uni chop ettirish to‘g‘risida o‘yladi. Tabiiyki, u o‘zining so‘nggi asarini qo‘llarida ushlab ko‘rmoqchi, uning shaklu shamoyiliga boqib, eng katta orzusi ro‘yobga chiqqanini ko‘rib quvonmoqchi edi. Lekin kitobni chiqarishga bosh-qosh bo‘ladigan mard o‘sha paytlari topilmadi. Uning bu boradagi iltijolari Qarshi cho‘lidan kelgan bir dod singari zamon qumloqlariga singib, yo‘q bo‘lib ketdi. Kitob Samarning vafotidan keyingina homiylar yordamida dunyo yuzini ko‘rdi. 
«Qora tong» — tarixiy roman. Muallif unda Qashqadaryoning o‘tgan zamonlarini, Buxoroda hukmronlik qilgan irodasiz, bo‘sh-bayov, davlatni boshqarishdan ko‘ra shon-shuhratni, maishatni yaxshi ko‘radigan amir Muzaffar davrini keng tasvirlaydi. Adib Qo‘qon, Xiva va Buxoro xonliklari hammasi o‘zbeklarning yurti bo‘lgani holda bir yoqadan bosh chiqarib birlasha olmagani, ahillikning yo‘qligi esa bu xonliklarning osongina o‘zgalarga yem bo‘lishiga sabab bo‘lgani to‘g‘risida alam bilan hikoya qiladi. Hech shubha yo‘qki, istiqlol yillarida qalam bilan emas, yurak qoni bilan yozilgan, istiqlol g‘oyalari bilan sug‘orilgan «Qora tong» romani yangi tarixiy romanlarimiz qatoridan munosib o‘rin egallaydi. 
Samar Nurovning bu qayg‘uli qissasiga shu o‘rinda nuqta qo‘ysak bo‘ladi. Faqat uning xotimasiga bir-ikki so‘z aytsak kifoya. Samar Nurov tom ma’noda ajal bilan kurashib, uni yenggan adibdir. To‘g‘ri, u jismonan bugun yo‘q, olamdan o‘tgan. Lekin bundan buyon uning ruhi u yaratib ketgan asarlarda, birinchi navbatda «Qora tong» romanida yashaydi. Shu ma’noda men uni «Ajalni yenggan adib» deb atadim. Samar Nurov singari yorqin iste’dodli, mustahkam irodali, bardoshli va matonatli, fidokor va sadoqatli farzandlari bor o‘lka ular bilan faxrlansa arziydi. 
Faxrlanish bilan birga, shoir Shayxzoda aytganidek, ularni faqat o‘lganidan keyin e’zozlamay, tirikligida ham alqasa, ularga g‘amxo‘rlik qilsa, boshiga qiyinchiliklar tushganda yordam qo‘lini cho‘zsa, nur ustiga nur bo‘lardi. Negaki, yurt dovrug‘ini necha asrlar osha olib o‘tadigan odamlar aynan ana shu san’at va adabiyot ahlidir.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2005 yil 27-sonidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.