O‘zbek adabiyotida ijodiy taqdiri g‘oyat murakkab kechgan adabiy shaxsiyatlardan biri Hamid Olimjondir. Keyingi davr adabiyotshunosligida sho‘ro davrida ijod qilib, e’tibor topgan Hamid Olimjon adabiy merosiga nigilistik qarash bir qadar o‘zini sezdirmoqda. Bu hol shoir ijodiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar kamayib ketganligi, uning asarlarini qayta bosish ehtiyoj darajasida emasligi va maktablarda Hamid Olimjon bitiklarini o‘rganishga ajratilgan vaqt miqdori sezilarli ozayganida namoyon bo‘lmoqda.
Badiiy adabiyotga faqat bugunning talablaridan kelib chiqib yondashish uni publitsistika darajasiga tushiradi, nafis adabiyotning miqyosini bugunning manfaati qadar toraytiradi. Holbuki, bugun yaratilayotgan badiiy yaratiq faqat bugungagina tegishli emas, u ertaning ham estetik mulki. Shuning uchun ham chinakam badiiyat namunalariga ijtimoiy-siyosiy kon’yunktura talablaridan kelib chiqib baho berish noto‘g‘ridir. Aslan mangulikka, juda bo‘lmaganda, umrzoqlikka da’vogar adabiy yaratiqlarning o‘lchovlari ham baholanayotgan estetik hodisalar qadar miqiyosli bo‘lishi lozim. Oldin yashab o‘tgan adiblarning faoliyatiga bizning bugungi ijtimoiy manfaatlarimizga mos kelishiga qarab emas, balki badiiy asarlarining betakrorligi va millat ma’naviyatini yuksaltirishga qanchalik yaroqli ekanidan kelib chiqib baho berish aqlga muvofiq bo‘ladi.
O‘tganlar biz istaganday emas, o‘zlariga nasib qilganiday yashash huquqiga ega bo‘lganiga ko‘nikish vaqti keldi. O‘tmishdan bugunni talab etishday nosog‘lom yondashuvdan jamiyat va millat katta zarar ko‘radi. Shu ma’noda, bugun Hamid Olimjon ijodi yetarlicha tadqiq qilinmayotgan, bitiklari kam chop etilayotgan, asarlarini maktablarda o‘qitishga ajratilgan soatlar miqdori ozayib borayotgan bo‘lsa, bundan shoir emas, balki o‘zbek adabiyoti, milliy adabiyotshunoslik ilmi, millat ma’naviyati, bolalarimizning badiiy tafakkuri zarar ko‘radi. O‘tmishga nigilistik munosabat millatning o‘zini jazolashgagina xizmat qiladi, xolos. Adabiyot ilmi uchun biror yozuvchining qaysi tuzumga qanchalik xizmat qilgani yoki qilmaganini aniqlashdan ko‘ra, uning yaratiqlari millatning bugungi badiiy tafakkuri va ma’naviyatiga nima berishi mumkinligini tekshirish ko‘proq naf keltiradi.
Hamid Olimjonning ayrim asarlaridagi badiiy o‘ziga xoslikni ilmiy tadqiq etish bu ijodkorning milliy adabiyotimizdagi o‘rnini ko‘rsatishga xizmat qiladi. H. Olimjonning mashhur «O‘rik gullaganda» she’ri adabiy stereotiplardan xoli ravishda tahlil etilsa, shoirning badiiy mahorati darajasi qanchalik yuksak ekani yaqqol namoyon bo‘ladi. Juda ohista, jo‘ngina axborotdan boshlangan ushbu she’rda poetik tasvir xabar berishdan tuyg‘ular jo‘shqinligi, sezimlar junbushini aks ettirish sari bosqichma-bosqich yuksalib boradi. She’rning birinchi baytida hissiyot, tuyg‘u, munosabat mutlaqo aks etmaydi, bu satrlar faqat xabar tashiydi, xolos:
Terazamning oldida bir tupO‘rik oppoq bo‘lib gulladi.She’rning keyingi bandlarida gullab turgan o‘rikning latif manzarasi chiziladi. O‘rik gullashida go‘zallik borligi shaksiz, ammo u o‘z holicha poeziya bo‘lolmaydi. Lekin Hamid Olimjonning sinchkov poetik nigohi o‘rik novdalaridagi gullarda shunchaki ko‘zni quvnatuvchi chechakni emas, balki tiriklik g‘unchalarini ko‘radi va buni o‘quvchiga ham ko‘rsata oladi. O‘sha misralarda guldan g‘o‘ra, undan meva, mevadan mag‘iz, o‘rikdan ko‘chat deganlaridek, hayotning uzluksiz davomiyligi aks etadi. Shu bois ularning «hayot otini» aytayotgani tasvirida sun’iylik yo‘q. Hayotning shunday betakror go‘zalligidan o‘zgalar ham bahramand bo‘lishini istagan shoir gulning totini olib ketgan «shabboda qurg‘ur»dan g‘ashlanmasligi tasvirining chinligi ham shundan.
Shoirning gullagan o‘rikni ko‘rib to‘zg‘igan xayoliga baxtlimanmi degan o‘yning kelishi bir qaraganda tasodifiyga o‘xshab ko‘rinsada, mantiqiy asosga egadir. Chunki odam go‘zallikni tuya olganligining o‘zi bilan baxtiyordir. Binobarin, go‘zallik og‘ushida qolgan shoirning baxt haqida o‘ylashida zarracha g‘ayritabiiylik yo‘q. Endigina yigirma sakkizga kirgan iste’dodli, sog‘lom, kelishgan shoir yigitning baxtli ekanligi she’rda ishonarli va to‘g‘ri aks etgan. Ayrimlar: «Butun mamlakatda shafqatsiz va qonli qatag‘on ketayotgan bir davrda shoir odam baxt haqida yozishi mumkinmi?» — deya H. Olimjondan ham xafagezaklik va ijtimoiy inkor aks etgan asarlar talab qiladilar. Aytish kerakki, baxt ham, baxtsizlik ham na ommaviy, na uzluksiz va na tuzumga bog‘liq bo‘ladi. Sho‘ro tuzumida hamma hamisha baxtsiz bo‘lgan deyish ham, mustaqillikka erishilgandan keyin mamlakatda birorta baxtsiz odam qolmadi, deyish ham, kam deganda, soddalikdir. Baxt va baxtsizlik g‘oyat o‘tkinchi, ichkin va shaxsiy hodisalardir. Hech qachon va hech qanday holatda hamma yoppasiga baxtli ham, baxtsiz ham bo‘lmaydi. Insoniyat alohida ruhiyatga ega shaxslardan tashkil topgan ekan, odamlarning baxtu baxtsizligi ham alohida bo‘laveradiki, she’rda bu holat haqqoniy aks etgan.
To‘g‘ri, she’rda «Bunda tole har narsadan mo‘l, To o‘lguncha shu o‘lkada qol» tipidagi «qizil»roq badiiy tasvirlar ham bor. Lekin bu ifodaga lahzalik kayfiyatini mangulikka muhrlayotgan yosh va omadyor san’atkorning yanglish, ammo samimiy e’tirofi sifatida qarash kerak. She’rda gul bilan baxt muvoziy ko‘riladi. Gulni baxtiyorlik timsoli sanagan, oppoq gullar og‘ushida qolganidan tuyg‘ulari junbushga kelgan shoir o‘z quvonchini barchaning tuyg‘usi tarzida taqdim etadi. Shu sababli «Umrida hech gul ko‘rmay yig‘lab O‘tganlarning haqqi ham senda. Har bahorni yig‘lab qarshilab Ketganlarning haqqi ham senda...» misralari ham samimiy dil izhori sifatida, ham tiriklarning o‘tganlar yodi oldidagi burchdorligi ifodasi tarzida qabul qilinadi.
Shoirning poetik mahorati she’rning boshida keltirilgan ikki misrani she’r so‘nggida ham hech qanday o‘zgarishsiz takrorlagani holda kuchli badiiy samaraga erishganida ko‘rinadi. She’rning boshida bu misralar faqat xabar tashigan bo‘lsa, oxirida shoirning hissiyot dunyosini dolg‘aga solgan holatning timsoli darajasiga ko‘tariladi.
Hamid Olimjon poetik mahoratini namoyon etishda uning “Holbuki tun” she’ri ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. G‘oyat jozibador tilda bitilgan, go‘zal o‘xshatishlar, kutilmagan obrazli ifodalarga boy bu asar o‘quvchini sehrlab qo‘yadi. She’r, birinchi navbatda, o‘ziga xos musiqiyligi bilan e’tiborni tortadi. Bunda dastlabki besh misraning alohida o‘rni bor:
Shag‘irlaydi betinim daryo,Shag‘irlaydi vahm to‘lgan jar.Shag‘irlaydi qorong‘i dunyo,Shag‘irlaydi vodiy, daralar.Shag‘irlaydi... Bermaydi uyqu...“Shag‘irlaydi” so‘zining har misra boshida takrorlanishi o‘quvchida muayyan kayfiyat uyg‘otishi bilan birga she’rning ichki musiqasini ham tayin etadi. Bir so‘zdagi “sh”, “g‘”, “r”, “y” kabi sirg‘aluvchi va sonor tovushlarning bir maromda besh bor qaytarilishi ohang orqali suv, tun, havo kabi hodisalarning sezilmas ichki oqimi dinamikasini ifoda etishga xizmat qiladi.
“Shag‘irlash”, ya’ni butun ochun orom og‘ushiga cho‘mgan tunda ham hayotning to‘xtamasligi shoirni bezovta qiladi. Uning xayollari parishon bo‘lib, tinchi yo‘qoladi. Beorom tiriklik uning uyqusini o‘chirib, mudroq tushunchalarini sergak torttirib, vujudida, ruhida “bir izlanish” boshlanishiga olib keladi. Tunning sokinligi alohida ta’kidlangan uchinchi bandning so‘z qurilishi jozibadorligiga e’tibor qilish lozim. Banddagi “Butun borliq uxlarday sokin” misrasi til qoidalariga muvofiq “uxlayotganday sokin” yoki “uxlardi sokin” yo‘sinida berilsa, she’rning butun jozibasi yo‘qolgan bo‘lardi. She’rni she’r qilib turgan eng noyob va topilmas yagona unsurni o‘z vaqti hamda o‘z o‘rnida ishlata bilish shoirning mahoratini ko‘rsatadi.
She’rning keyingi bandidagi “Soyga tushdim, ko‘kka chiqdi oy” tarzida qahramon harakati bilan oyning holati o‘rtasidagi ziddiyatli hamohanglikning sehrli ifodasi o‘quvchini rom etadi. E’tibor qiling! Birdaniga ikkilangan, qo‘shoq zidlash: ham makon (soy va ko‘k), ham harakat (tushish va chiqish) bir vaqtning o‘zida yonma-yon va qarama-qarshi qo‘yilishi bilan tasvir o‘zgacha joziba, tiniqlik kasb etgan.
Keyingi bandda ko‘zlarida yulduzlar aksi porlagan qahramon bilan bag‘riga oyni singdirib, o‘ziga sirdosh qilgan soyning zilol suvi holati yanada jonli va ta’sirli chizilgan. Oltinchi bandda ham “zilol” so‘zi ishlatiladi, lekin endi bu sifatlash suvga emas, bulutga tatbiqan qo‘llaniladi. Odatda bulutga nisbatan bunday tashbih ishlatilmaydi. Lekin shoir ko‘kdagi bulutning soy suvida akslanayotganini tasvirlaganligi uchun ham ifoda hayotiy mantiq va badiiy joziba kasb etadi.
O‘ta romantik va lirik yo‘nalishdagi she’rga samolyotning parvozi tasviri ham bejiz kiritilmagan. Uchoq timsoli vaqtning tinim bilmasligi, uni tizginlash uchun odamning xayoloti va amallariga qarqin, ya’ni sur’at kerakligini tuydirishga xizmat qiladi. She’rdagi “Qurshamishdi uni hayajon” tasviri o‘quvchini o‘ylantirib qo‘yadi. Hayajon nimaga tegishli: ko‘zgami, qo‘lgami, qog‘ozgami? Aytilganlarning birortasi ham hayajon qurshaydigan yaratiqlar emas. Faqat narsani sezimga aylantirgan, olamni ko‘ngilga joylagan shoirona tasavvurgina qalamni hayajon quchog‘ida tasvirlay oladi. She’rning poetik mantig‘iga muvofiq shoirning ko‘nglini egallagan hayajon uning qalamni ushlagan qo‘llariga, undan qalamga o‘tgan. Natijada, “Bir intilish, bir orzu” uni domiga tortgan. Shoirning bu kayfiyati o‘quvchiga ham yuqadi. Abdulla Orif: “...lirika ruhning suvratidir”, — deganida shunga o‘xshash holat ifodasini ko‘zda tutadi.
She’rning boshida tasvir daryoning shag‘irlashidan dunyoning shag‘irlashi tomon borgan bo‘lsa, tugallovchi bandda olamning shag‘irlashidan daryoning shag‘irlashi sari qaytganligi tasviri berilishi asarga sirlilik baxsh etgan.
«O‘rik gullaganda» she’rida yorug‘ nur qanchalik ko‘p bo‘lsa, “Ofeliyaning o‘limi”da zulmatga cho‘mgan ruhiyat tafti shunchalik ustuvor. Oshiq ham, ma’shuqa ham pok, ularning niyatlariga g‘araz, amallariga yovuzlik aralashmagan. Lekin hayotning o‘zi nopok va shafqatsiz, odamlararo munosabatlarda esa yovuzlik hukmron. Shu sabab sevgi toptaladi, go‘zallik o‘lim topadi. She’rning lirik qahramoni — aqlga sig‘mas adolatsizlikni ko‘rib, sarosimaga tushgan kishi. «O‘rik gullaganda» o‘quvchini baxtdan entiktirsa, bu she’r baxtsizlikdan nafasni qaytaradi. Ko‘rinadiki, H. Olimjon faqat shodlikni kuylamagan, balki hamisha baxtga intilgan insonning umr yo‘lidagi qorong‘i va yorug‘ bekatlarni haqqoniy aks ettirgan.
Shoir lirikasi qiyofasini tayin etishda uning to‘rt baytdan iborat ixchamgina «Kuygay» g‘azali ham alohida o‘rin tutadi. G‘azal janridagi bu she’r, aslida, «Muqanna» musiqali dramasidagi Muqanna va Guloyin timsollari uchun duet shaklida yozilgan. Taniqli xonandalar tomonidan yakkaxon qo‘shiq qilib kuylangan badiiy jihatdan yuksak bu she’rga g‘azal tarzida yondashish maqsadga muvofiqdir. Musiqali drama librettosida she’r quyidagi ko‘rinishda berilgan:
Guloyin
So‘zingni sharpasi tekkanda olam bob-bob kuygay,Dengizlar, daryolar, hattoki ko‘llarda hubob kuygay.Muqanna
Kamondek qoshlaring kipriklaringdan o‘q otar doim,
Guloyin
Sening yoding bilan tinmay, hama nozu itob kuygay.
Muqanna
Yonib ishqingda qalbim kulga aylansa ajab ermas,Ko‘zing osmonga tushganda lovullab oftob kuygay.Guloyin
Olay toqatni qaydin ko‘zlaringga hech qarolmayman,
Muqanna, Guloyin
Tushibdir uchquning bag‘rimgaki, go‘yo kitob kuygay.
G‘azaldagi dastlabki bayt Guloyinga tegishli ekanida katta hayotiy mantiq bor. Unda qiz tilidan Muqannaning erk yo‘lidagi otashin so‘zlari olamni kuydirishi mubolag‘ali yo‘sinda arz etiladi. Muqanna tilidan berilgan misrada suluv qizga mahliyo yigitning iqrori bor, xolos. Bu o‘rinlarda har ikki timsolning so‘zlarida ruhiy holatlari haqqoniy aks etgan. Ikkinchi baytning ikkinchi misrasida Guloyin Muqanna ko‘rsatgan erk yo‘lida hamma narsasini kuydirganini ta’kidlaydi. G‘azalning shohbayti Muqanna tilidan bitilgan. Unda Guloyinning chiroyi g‘ulu darajasida ifoda etiladi. Ya’nikim, qizning ko‘zi osmonga tushib qolsa, suluvning jamolidan ko‘kdagi oftobning lovullab kuyib ketishi mumkinligi aytiladi. Bu she’rda bir-biriga muhabbat qo‘ygan yoshlarning qalb izhori ulkan san’atkorlik bilan aks ettirilgan.
G‘azalda ikki otashin qalb tuyg‘ulari tasvirida shoirning poetik mahorati, inson hissiyoti tovlanishlarini butun injaligi bilan bera olish salohiyati yorqin namoyon bo‘lgan. H. Olimjonning mahorati sabab aslida ikki qalb tug‘yonining poetik ifodasi bo‘lmish she’r bir kishining yaxlit hissiyoti, kechinmasi tasviriday taassurot qoldiradi. Baytlardagi biri-biridan kelib chiquvchi ko‘p bosqichli tasvir silsilasi sababli bu g‘azal oshiqning ma’shuqaga murojaati tarzida qabul etiladi. Chin sevgi uchun tuyg‘uning egasi emas, o‘zi muhim bo‘lganidek, g‘azal misralaridan biri Muqannaga, boshqasi Guloyinga tegishli ekani ham deyarli sezilmaydi.
Ikkinchi jahon urushi yillarida Hamid Olimjonning she’riyati kurashchan mohiyat kasb etdi. Shoirning o‘shanday asarlaridan biri 1942 yilning may oyida yozilib, «Qizil O‘zbekiston» gazetasining 29 oktyabr sonida bosilib chiqqan «Sevgi» she’ridir. She’rda frontga ketayotgan yigit va sevgilisini kuzatayotgan qiz holati aks etgan. Ma’lumki, muhabbat joy ham, vaqt ham tanlamaydi. U jamiyatdagi vaziyat, odamlar orasidagi munosabatlar bilan hisoblasholmaydi. Binobarin, urush ham sevgiga to‘siq bo‘lolmaydi. Lekin muhabbat zabt etgan ko‘ngilning egasi ham sevgi bilan, ham urush bilan hisoblashishi kerak.
She’rning birinchi bandida xayrlashuv onida oshiq so‘zlaridan o‘zini yo‘qotgan ma’shuqa holati aks ettiriladi. Yigitning: «Butun yoshligimiz jangdadir bu kun, Jangda yechilmoqda sevgi qismati» so‘zlari uning shaxsiyatiga xos belgilarni aks ettiradi. Urush doim kattalar tomonidan boshlanadi, lekin uning azobini yoshlar tortadi. Shu ma’noda, yuqoridagi ikki misrada ham urushning, ham hayotning mohiyati ifoda qilingan deyish mumkin. Tasvirning samimiyati shundaki, dunyoda adolat o‘rnatmoq uchun urushga otlangan yigitning ko‘zlarida nam ko‘rinishi ta’kidlanadi. Bu — tabiiy hol. Chunki uning ko‘nglida: «Agarda qaytmasam shu mendan yodgor» tarzidagi xavotir naqd turibdi.
She’rda tasvirlanishicha, ma’shuqa oshig‘ining gaplariga javob bermaydi. Ehtimol, bu o‘zbek qiziga xos tortinchoqlik ifodasidir. Lekin qizning ko‘nglidan o‘tayotgan o‘ylar tasviri juda ekspressiv, tuyg‘ular hassos: «Sensiz ololmasman aslo men nafas, O‘limdan og‘irdir sendan ajralish». Qizning ruhiy holati aks ettirilgan to‘rtinchi band she’riy kashfiyotga to‘laligi bilan ajralib turadi. Qizning: «Torgina qalbimga keng dunyo qafas» iqrorida teran ma’no va ulkan she’riy joziba bor. Dunyoning kengligi, qalbning kichikligi ma’lum tushunchalar. Lekin torgina qalbning keng dunyoga sig‘mayotgani, dunyoning unga qafas bo‘lib ko‘rinayotgani ifodasi badiiy kashfiyotdir.
She’rning keyingi bandlarida oshig‘i ortidan jangga jo‘nagan ma’shuqa holati: “Orqangdan qolmasdan jo‘nadim jangga, Qo‘zi ketgan kabi qo‘yning izidan. Go‘yo quyosh oyni kuzatganiday, O‘t bo‘lib orqangdan kezmakdaman man”. She’rda qiz qo‘llagan o‘xshatishlar xalqning doston va qo‘shiqlaridan olinganday tuyuladi. Qo‘zi qo‘yning izidan yurishi bir umr eliboylik qilgan har bir o‘zbekka tanish. Shuningdek, kelishgan va ko‘rkam yigit-qizlarni oyu quyoshga o‘xshatish ham o‘zbekning didiga xos jihatlardir.
She’rning oltinchi bandida juda nozik ruhiy tovlanishlar tasvirlangan. Unda jang qilayotgan yigit elini o‘ylashi aytilgani holda qizning holati: “Men ham qasos olib to‘kmakdaman qon, Elim va yorimning nomi dilimda” tarzida ifodalanadi. Bu satrlarda chiroyli estetik effekt bilan birga, kuchli hayotiy mantiq ham aks etgan. Yigit suyukli qizini alohida tilga olmaydi. Chunki u el deganda sevgilisini ham nazarda tutadi. Sababki, qizning frontda ekanidan xabarsiz yigitning nazarida ma’shuqasi ham eli bilan yiroqlarda qolgan. Erkaklar qatori jang qilib, dushmandan qasos olayotgan qiz esa suyganining jangda ekanini yaxshi biladi. Binobarin, u yorining nomini dilida tutishi tasviri ishonarli va asosli. She’rning quyidagi misralarida muhabbat va urush timsollari qorishib ketgan holda tasvir etiladi: “Senga yuborganim otashin bo‘sa, Yengil shabbodadek uchar havoda. Jang bo‘lgan joylardan labingni izlar Va ba’zan darbadar kezar samoda”. Bu misralarda urush davrining muhabbati ham mavjud sharoitga mos harbiy yo‘sinda aks ettirilganini ko‘rish mumkin.
«Sevgi»ning qahramoni — qalbiga ulkan ezgu tuyg‘ular hokim shaxs. Shuning uchun ham uning: “Dunyoda albatta bir o‘lmoq bor-ku, Hech ajab emasdir o‘lsak jang aro. Yov bilan kurashda oqsa qonimiz, Bo‘lmay el oldida yuzimiz qaro”,— tarzidagi ko‘tarinki so‘zlari kishiga sun’iy tuyulmaydi. Ishq asarlagan yurak ko‘tarinki tuyg‘ularga to‘liq bo‘ladi. Yuksak insoniy fazilatlarga ega kishilar uchun sharaf bilan o‘lish, tubanlik bilan yashashdan afzaldir. Shunday insonlargina o‘limdan keyin ham o‘lmaslikka erisha oladilar. Shundaylargina qat’iy ishonch bilan:
Jismimiz yo‘qolur, o‘chmas nomimiz,G‘alaba to‘yida bo‘larmiz biz ham.Aziz do‘stlar bilan uchrashib xandon,Qadrdon ellarga qo‘yarmiz qadam —deya oladilar. Yuqoridagi misralardan asl odam uchun jismning tirikligidan ko‘ra, ruhni pokiza saqlash muhim ekani anglashiladi. She’rning qahramoni burch tufayli begona joylar uchun borgan janglarda shahid bo‘lishi mumkin. Lekin u ruhan bo‘lsada, «qadrdon ellar», ya’ni o‘z ota makoniga qaytishni, «aziz do‘stlar» bilan uchrashishni orzulaydi. Sevgiday o‘ta intim, faqat ikki kishigagina tegishli tuyg‘uni ezgulik, haqiqat, adolat, ozodlik singari yuksak ijtimoiy tushunchalarning qaror topishiga esh holda tasvir eta bilish shoir mahoratidan dalolatdir.
Hamid Olimjon ijodida «Muqanna» dramasi alohida o‘rin tutadi. Adib pesani 1937 yilda yoza boshlagan. Shu yili shoir boshi ustida ham qora bulutlar to‘plana boshlagach, asar ustidagi ish to‘xtab qolgan. Urush davrida tarixiy mavzularga qo‘l urish imkoniyati kengaydi. Chunki o‘z shonli tarixidan xabardor bo‘lish xalqning fashizmga qarshi kurashish istagini kuchaytirar edi. H. Olimjon urush bergan imkoniyat tufayli 1942 yilning boshlarida asarga qayta kirishib, o‘sha yilning 12 fevralida birinchi pardaning yangi nusxasini, 31 mayda esa, to‘rt parda sakkiz ko‘rinishli pesani to‘liq tugallagan. Urush sharoitida noshirlik imkoniyati g‘oyat nochor bo‘lgani uchun asarni chop etib, o‘quvchilarga yetkazib berish mushkul edi. Asardan olingan katta-kichik parchalar turli nashrlarda bosildi. Ammo uni to‘liq chop etishning imkoni bo‘lmadi. Asarning xalqqa tezroq va to‘laroq yetib borishini ta’minlash maqsadida uning to‘rt parda olti ko‘rinishli musiqali drama varianti tayyorlanib, sahnalashtirilgan.
To‘lig‘icha qarashlar, e’tiqodlar o‘rtasidagi kurash asosiga qurilgan bu asarda xarakterlar dramatizmi kuchli. Ma’lumki, qarash va g‘oyalar odam ma’naviyatiga daxldor qadriyat bo‘lib, qilich bilan emas, aqlu tuyg‘u orqali singdiriladi. Qanchalik botil bo‘lmasin bir e’tiqoddan, qanchalik haq bo‘lsada, boshqa e’tiqodga o‘tish bir odam uchun ham, butun boshli xalq uchun ham og‘riqsiz kechmaydi. Buning ustiga, haq e’tiqod bilim va tushuncha orqali emas, kuch ham zo‘rlik bilan singdirilmoqchi bo‘lsa. E’tiqodda zo‘rlash yo‘qligi, eng ezgu niyatlar bilan ham inson erkiga daxl qilish, uning shaxsiyatiga zulm o‘tkazish mumkin emasligi dramada juda ta’sirli ko‘rsatilgan.
Muqanna — o‘z erki va e’tiqodini himoya qilmoqchi bo‘layotgan kishilar rahnamosi. U bilimdon, jasur va g‘ururli shaxs sifatida zulmga ko‘nikolmaydi. Tabiatidagi bo‘ysunmaslik, erkka tashnalik tuyg‘ulari unga quyidagi shakkoklikni qilishga huquq berganday bo‘ladi: “Sizni bosgan jarohatlarga malham, Agar xudo kerak bo‘lsa, xudo ham, Odam ham man, ozodlikdir shiorim, Hurriyatdir topinajak Ollohim!..” Aslida hurriyatga erishmoq Allohga yetishmoqdir. Shuning uchun ham Muqannaning so‘zlarini Allohga qarshi isyon debgina tushunish bir yoqlamalik bo‘ladi. Asarda Muqanna qo‘zg‘oloni zulm-zo‘rlikka, ozod bir xalq taqdirining begonalar tomonidan hal etilishiga qarshi harakat ekani ko‘rsatiladi. Ana shu harakatning yetakchisini Muqanna tarzida tassavvur etish va tasvirlashning g‘ayritabiiy jihati yo‘q. Tarixiy voqelikka bir qadar erkin yondashgan dramaturg uni o‘z maqsadiga muvofiq badiiy tadqiq qiladi.
Ommani tarixning ijodkori deb hisoblagan H. Olimjon Muqanna siymosida zulmga bo‘ysunmagan odamni ko‘radi. Shuning uchun ham bosh qahramonning: “Yo‘q, men sizman, xuddi sizning o‘zingiz, Bu ko‘zlarim xuddi sizning ko‘zingiz. ...Meni ko‘rmak istasangiz siz agar, Bir tashlangiz o‘zlaringizga nazar” tarzidagi so‘zlari orqali uning xalqqa qanchalik singishib ketganligi alohida ta’kidlanadi. Pesada Muqanna tirikligini vatan erki yo‘liga tikkan shaxs sifatida tasvirlanadi. “Vatan mendan bermoqqa jon so‘raydi...” yo‘sinidagi qarash uning e’tiqodini aks ettiradi.
Muqannaning yovqur va bo‘ysunmas, erkka ixtisoslashgan shaxsiyati umrining so‘ngidagi o‘ta qaltis holat tasvirida yorqin aks ettirilgan. Hamid Olimjon bu dramani yaratishdan bir necha yil oldin: “Alpomish” o‘lim o‘ldirmaydigan odam to‘g‘risidagi dostondir”,— deb yozgan edi. U “Muqanna” dramasining bosh qahramonini ham shunday odam sifatida tasvirlaydi. Muqanna, hatto, o‘limi ham olamni yoritib, odamlar ko‘ngliga yorug‘lik olib kirishini istaydi. U odamlar ko‘nglida mangu alangalanib turadigan o‘t bo‘lishni orzulaydi:
Olovni yoq, volidai muhtaram,Olovni yoq, yorisin yeru olam.Bugun men ham olovga qo‘shilaman,Bugun men ham mangulik o‘t bo‘laman.Muallif Muqanna timsoli zimmasiga juda zalvorli badiiy-estetik yuk ortib, uni inson erki uchun jonidan kechgan, sha’nini jonidan ortiq bilgani bois o‘lim ham o‘ldirolmagan qahramon sifatida tasvir etadi. Asarda bosh qahramon romantik tuyg‘ular og‘ushidagi favqulodda shaxs sifatida tasvirlangani sabab uning o‘lim oldidan aytgan otashin so‘zlari tashviqiy chaqiriq emas, samimiy dil izhori tarzida qabul etiladi:
Xalqqa ayting, men aslo o‘lganim yo‘q,Yov qo‘liga taslim ham bo‘lganim yo‘q.Men elimning yuragida yashayman,Erk deganning tilagida yashayman.Dramaning ta’sirchanligini uning mavzusi yoki birgina Muqanna obrazi emas, balki Guloyin, Said Battol, Feruz singari qator badiiy timsollarning ham g‘oyat puxta ishlanganligi ta’minlagandir. Asardagi bu obrazlar ezgulik yoki yomonlik kabi muayyan g‘oya yoxud insoniy xislatning shunchaki ifodasi, rupori emas, balki tirik odamlar sifatida o‘zlarini namoyon etadilar. Ularning tabiatiga xos qirralar ruhiy jihatdan to‘la asoslanganligi asarning yutug‘ini ta’minlagan.
Asarda Guloyin o‘z hayotidan qoniqmaydigan izlanuvchan bir qiz sifatida namoyon bo‘ladi. Qizning jasorati ham, Muqannani yoqtirib qolishi ham dramada uning shaxsiyatiga xos xususiyatlarning tabiiy natijasi tarzida talqin etiladi. Battolga qarata aytgan: “Sevgi doim ixtiyorni istaydi” yoki “Ishq o‘ladi qaerda bo‘lsa zanjir!” kabi so‘zlarida qiz tabiatining asl jihatlari namoyon bo‘ladi. Uning Muqannaga sevgisi zamirida ham faqat ko‘zni ko‘r, quloqni kar qilguvchi sirli tuyg‘uga asirlikdan tashqari, o‘zligini anglash, g‘urur yotadi. Qizni o‘z ko‘z o‘ngida ham yuksaltiruvchi, uning betakror shaxsiyatidagi balandlikni ta’kidlab turguvchi bu jihat Muqannaga qaratilgan: “Ko‘zim ochding, men dunyoni keng ko‘rdim, O‘zimni ham odamlarga teng ko‘rdim” iqrorida yaqqol ko‘rinadi.
Muqanna tarafdorlari qo‘liga tushib qolgan uch dushmanning bir-biridan keskin farq qiladigan uch xil tabiati dramaturg tomonidan ustalik bilan aks ettiriladi. Feruzning: “Meni kechir, yuzi qursin xudoning, Xudosiz ham edi menga dunyo keng”,— gaplarida uning chin e’tiqoddan mahrum, jonidan bo‘lak tashvishi yo‘q oriyatsiz kishi ekani ma’lum bo‘ladi. Battolning: “Shuni bilki xalq misoli bir poda, ...Hayday olish kelsa agar qo‘lingdan, Poda yurar sen boshlagan yo‘lingdan”,— degan gaplari uning odamlarga past nazar bilan qarab, ularga boshqariladigan to‘da sifatida qaraydigan kimsaligini ko‘rsatadi. Ayni vaqtda, uning: “Qilichimdan qon oqqanda men borman, ...Menga erk ber, xudoyimdan tonaman”,— yo‘sinidagi iqrori u qanday a’mollarga tayanganini yaqqol namoyon etadi. O‘shalardan biri bo‘lmish Jaloyirning esa: “Rahmu shafqat so‘ramayman hech qachon, Nom qoladi, to‘kiladi qatra qon” tarzidagi so‘zlarida yurtdoshlariga zulm o‘tkazgan bu yovuz shaxsning jasoratli ekani anglashiladi.
H. Olimjonning dostonlari, “Jinoyat” dramasi, bir qator balladalari tasvir o‘ynoqiligi, ifoda ravonligi, tilning yengilligi bilan bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.
U faqat yozuvchigina bo‘lib qolmay, masalaning asl mohiyatiga yetib boradigan darajada sinchkov tadqiqotchi, bilimdon olim ham edi. Adabiyotning turli masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlari hanuzgacha o‘z qimmatini yo‘qotmay kelyapti.
Xullas, otashin shoir, so‘zni olovlantiruvchi publitsist, mohir dramaturg, teran olim, usta tarjimon, tengsiz tashkilotchi, o‘tli notiq bo‘lgan Hamid Olimjon adabiyotimiz tarixida qachondir yashab o‘tgan ijodkor bo‘lmay, balki bugun ham millatning ma’naviy dunyosini shakllantirishga ta’sir ko‘rsata oladigan asarlar muallifi va ayni shu sababga ko‘ra, elining yuragida yashashga haqli san’atkordir.
«Yoshlik» jurnali, 2009, № 4