OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sherali Turdiyev. Hamkorlikda gap ko‘p (2009)

O‘zbek xalqi dunyodagi barcha xalqlar kabi qardosh ozarbayjon xalqi bilan qadimdan adabiy-madaniy aloqada bo‘lib kelgan. Ularning bu o‘zaro aloqalari keyinchalik tobora kengayib borib, ozarbayjon adabiyotida Nizomiy va Fuzuliy, o‘zbek adabiyotida Navoiy va undan keyingi davrlarda kuchaya borgan. Ularning asarlari har ikki xalqning avvalgi eski maktab va madrasalarida, so‘nggi zamonlardagi dunyoviy Yangi usul (jadid) maktablarining o‘qish kitoblarida yonma-yon o‘qitilib kelingan, yod olingan.

XX asrning boshlarida har ikki xalqlar hayotida ijtimoiy-siyosiy va madaniy o‘zgarishlar ta’sirida jonlana boshlagan yangi matbuot, adabiyot va teatr aloqalari yangi yo‘nalish ola boshladi. Bu davrda Tiflisda chiqib turgan ozarbayjoncha "Mulla Nasriddin" (1906), "Fayuzot" va boshqa jurnallar orqali Aliakbar Sobir, Jalil Muhammadqulizoda, Muhammad Hodi asarlari Turkistonga qanchalik keng tarqalgan bo‘lsa, bu yerlarda chiqib turgan "Oyina" (1913) "Sadoyi Turkiston", "Sadoyi Farg‘ona" (1914) kabi o‘zbekcha gazeta va jurnallar orqali M.Behbudiy, Fitrat, Hamza, S.Ayniy, Siddiqiy (Ajziy), A.Avloniy va boshqalarning ma’rifatparvarlik va satirik asarlari ham Ozarbayjonga shunchalik tez tarqala boshlagan edi. Ular har ikki xalqni jaholatga, qoloqlikka qarshi ilg‘or ma’rifat va taraqqiyot uchun kurash ruhida tarbiyalashda katta rol o‘ynadilar. Bu aloqalar ayniqsa 1916 yilda Turkistonga Ozarbayjon teatri rejissyori Sidqi Ruhullohning kelishi va uning bu yerdagi mahalliy o‘zbek teatri havaskorlari A.Avloniy, Xurshid, Mannon Uyg‘ur bilan bo‘lgan ijodiy hamkorliklari natijasida Toshkentda "Layli va Majnun" asarining qo‘yilishi bilan yana ham kengaya boshladi. Bundan tashqari o‘sha yili yana Toshkentga mashhur Ozarbayjon satirik-yozuvchisi Jalil Muhammadqulizodaning kelishi va uning bu yerdagi "Kolizey" teatrida o‘zi ishtirokida "O‘liklar" nomli satirik pesasining o‘zbek tomoshabinlariga ko‘rsatilishi ham bu yerdagi mahalliy teatr shinavandalarini ozarbayjon teatr va adabiyotiga bo‘lgan ixloslarini kuchaytira bordi.

O‘zbek-ozarbayjon adabiy-madaniy aloqalarining kuchayishi bilan birga bu davrda har ikki xalqning ilg‘or adabiyot, matbuot, teatr namoyandalarining o‘lkadagi amir-amaldorlar va chor mustamlakachi to‘ralarning satirik qiyofalarini fosh qiluvchi asarlarga bo‘lgan ta’qib va nazoratlar ham tobora kuchaya bordi. Bular ichida ayniqsa shu davrda Buxoro amiri zulmi va Chor mustamlakachiligi siyosatini keskin fosh qilib, ularga nisbatan xalq nafratini kuchaytirayotgan mashhur ozarbayjon satirik jurnali "Mulla Nasriddin" ularning diqqatini o‘ziga torta boshladi. Uning Turkiston va Buxoroga keng tarqalishi chor maxfiy oxrankasining alohida kuzatuvi ostiga olina boshladi. O‘sha davrda Tiflisda chiqib turgan "Mullo Nasriddin" jurnalining Buxoroga qanchalik tez tarqalishi va amirga ko‘rsatgan ta’siri haqida 1909 yilda Buxorodagi chorizm siyosiy maxfiy idorasi ayg‘oqchisi bo‘lib ishlagan Buylin axborotida ayniqsa ochiq seziladi. Uning so‘ziga qaraganda o‘sha yillarda "Mullo Nasriddin" jurnalining Buxoro amirligi poytaxtida paydo bo‘lgan har bir yangi soni ham amirni nihoyatda tashvishga solgan va g‘azabga keltirgan ekan.

Buylinning xabar berishiga qaraganda, amir bu jurnalni ko‘rganda xuddi bezgak tutgandek kasal holiga tushib qolar ekan. (Qarang: Z.Rajabov. "Rossiya i tadjikskaya literatura kontsa XIX - nachala XX veka, Tadjikgosizdat-1959. Str. 371).

O‘zbek-ozarbayjon adabiy-madaniy aloqalari 1917 yil rus fevral inqilobidan keyin butun chor mustamlakachilaridagi bo‘lgani kabi Kavkazorti va Turkistonda boshlangan milliy istiqlol harakatlari bilan chambarchas bog‘lanib ketdi. Ozarbayjon xalqining ilg‘or ziyolilari ham turkistonlik qardoshlarini chor istibdodidan tezroq qutulib, milliy istiqlol olishlarini qo‘llab-quvvatlaydilar. 1917 yil noyabr oxirlarida e’lon qilingan Turkiston Muxtoriyatidan so‘ng Toshkentda chiqib turgan "Ulug‘ Turkiston" gazetasining 1917 yil 31 dekabr sonida ozarbayjon milliy gimnining muallifi bo‘lgan mashhur bastakor Uzayirbek Hojibekovning "Milliy marshi" bosildi.

Buyurdilar maydona, sanchduq,
Tuzildik askarlar saf bo‘lib.
Yuraylik, shavqda dushman taraf,
Bilingiz, Temurdir bizga salaf.
 
Takror:
 
Kiringiz maydona, sizki sher!
Olingizda shamshir ila, tir!
Dilingizda bo‘lsun bu zikr!
Ollo, Ollo, yo Akbar!
Temurlari, Temurlari!
 
Ki ul zamon, turk hukmron,
Turkka madh, nasib jahon.
Endi ko‘r, kechdi na zillat,
Chekdi bu millat!

Ozarbayjon bastakori Uzayirbek Hojibekovning o‘zbek matbuotida bosilgan bu milliy marshi o‘sha davrda o‘zining milliy uyg‘onish ruhi bilan o‘zbek ijodkorlaridan Cho‘lponning "Ozod Turk bayrami" (1917), Hamzaning "Turkiston muxtoriyati" (1918) asarlaridagi milliy istiqlolchilik g‘oyalariga nihoyatda hamohang bo‘lib eshitila boshladi.

Bu aloqalar keyinchalik butun sobiq SSSRdagi kabi Turkiston va Kavkaz ortida Stalincha siyosiy tuzum zug‘umlari kuchaya boshlagan davrlarda ham to‘xtab qolmay, ba’zi bir qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da davom etdi. Bu hamkorliklar yigirmanchi yillarda asosan matbuot, adabiyot, teatr va ilm-fan sohalarida bo‘ldi. Bunda ayniqsa, har ikki xalqning qadimiy tarixiy, madaniy-adabiy do‘stligi, shonli an’ana­larining ta’siri muhim rol o‘ynadi. Bu yillarda O‘zbekistonga Ozarbayjondan mashhur turkiyshunos olim, professor Og‘amali o‘g‘li, Boqir Cho‘bonzoda kelib, bu yerdagi yangi o‘zbek maorifi va madaniyati ishlarida faol ishtirok etadi. Fitrat, Cho‘lpon, Shahid Eson Musaev va boshqalar bilan muloqotda bo‘ladilar. Ular ayniqsa, eski arab alifbesidan yangi lotin alifbesiga o‘tish borasidagi tadbirlarda o‘zbek ziyolilaridan G‘ozi olim Yunusov, Botu, Shokir Sulaymon va boshqalar bilan birga jonbozlik ko‘rsatdilar. Hali O‘zbekistonda Navoiy yubileylari keng nishonlanmagan bir davrda Ozarbayjon olim va yozuvchilari 1925 yil Bokuda o‘zbek xalqining buyuk shoiri Navoiy yubileyini o‘tkazib, ularning yubiley kunlari qilingan eng yaxshi ma’ruzalari 1926 yilda Bokuda "Navoiy" nomi bilan alohida kitob bo‘lib nashr etiladi.

Bundan tashqari ozarbayjon olim va san’at ustalari bu davrda O‘zbekiston uchun yuqori malakali, ilmiy va san’at kadrlari tarbiyalab yetkazishda katta yordam ko‘rsatdilar. Yigirmanchi yillarning boshlari va o‘rtalarida O‘zbekistondan Ozarbayjonga taniqli adabiyotshunos va folklorshunos olimlar Olim Sharafuddinov, Hodi Zarif, maorif xodimlari Fayzulla Sultonov, Hojimurod Abdullaev, shoir G‘ayratiy va boshqalar oliy maxsus o‘quv yurtlarida tahsil oladilar. Ozarbayjon va turk adabiyoti, tilini o‘rganadilar, keyinroq ular ketidan (1925 yildan) Toshkentdan Bokuning bir necha san’at va teatr bilim yurtlarida Sayfi Qori Olimov, Halima Nosirova, Hakima Xo‘jaeva, Nazira Alieva kabi bir qancha o‘zbek yigit va qizlari borib o‘qib qaytdilar.

Shundan keyingi davrda o‘zbek vaqtli matbuotida o‘zbek san’atkorlari, shoirlarining bu do‘stlikning shonli tarixiy an’analari, ozarbayjon xalqining o‘zbek xalqiga bo‘lgan qardoshlik mehrlari haqidagi qator she’r, ocherk, maqola va lavhalari ham bosila boshladi. (Masalan, Cho‘lpon, "Shayx San’on" (1923), "Oydin" (1927), "Fuzuliy pichinglari" (1936), Yunus Latif, "Jabbor Jabborzoda", Elbek, "Fuzuliy va Navoiy", H.Olimjon, "Ozor qizi", G‘.Shodi, "Oy shahar" (1928), M.Shayxzoda "Ozarbayjon xalqining san’ati", H.Nosirova "San’at beshigi" (1939). Xususan, G‘ulom Shodining "Oy shahar" (1928) she’rida Boku tunlarida porlab nur sochib turgan adadsiz elektr chiroqlarini ko‘kdagi yulduzlarga qiyoslash orqali o‘sha davrlardagi keng Hazar bag‘ridagi ilg‘or san’at shahrining jonli manzarasi yaratiladi.

Keng Hazar qo‘ynida
Men oqib kelganda,
Yarqirab olovday
Yuzimga tashlandi.
 
Muhtasham qurilish,
Ko‘nglimda cheksiz zo‘r.
Bir umid boshlandi,
Kulardi mehnat, ish.
 
Siynangda chiroqlar,
Nur sochib yonadi.
Tabiat qizlari -
Ko‘kdagi yulduzday ko‘rinar

Ozarbayjon olim va yozuvchilari ham o‘zbek klassik va zamonaviy adabiyotining ulug‘ namoyandalari Navoiy, A.Qodiriy asarlarini ozarbayjon tiliga mahorat bilan tarjima etib, ular haqida qizg‘in targ‘ibot va tashviqot ishlari olib bora boshladilar (masalan "Navoiy", maqolalar to‘plami, Boku, 1926), Xolid Said, A.Qamchinboy "Abdulla Qodiriy haqida" ("O‘tgan kunlar"ning ozarbayjonchaga tarjimasiga so‘zboshi, (1928), H.Orasli "Navoiy va ozarbayjon adabiyoti" (1948), "Seni eslayman" (G‘.G‘ulom haqida. 1967).

Ozarbayjonda yashab turgan taniqli turkiyshunos olim Xolid Said hali 20-30-yillarda Abdulla Qodiriy asarlari haqida o‘zbek matbuotida vulgar sotsiologik qarashlar kuchli bo‘lgan bir vaqtda "O‘tgan kunlar"ning ozarbayjonchasiga yozgan so‘zboshisida uning tarixiy romanlari, ayniqsa, "O‘tgan kunlar"ning O‘zbekis­tondagi tarixiy-ijtimoiy, tarbiyaviy ahamiyati to‘g‘risida birinchilardan bo‘lib katta baho berdi. Bu haqda alohida to‘xtab, "Roman o‘zbek adabiyotining birinchi romanlaridan hisoblanadi. Asarda o‘zbek hayoti, xotin-qizlar turmushi, ularning yumshoq, go‘zal tabiatlari, sevgi-sadoqat va shirin qiliqlari nafis tasvirlangan. Asar realistik, Abdulla Qodiriy o‘zbeklarning Mirza Fatalisidir.

Bu roman O‘zbekistonda har bir savodxon vatandosh tomonidan sevilib o‘qilmoqda va o‘qilajak", deb faxr bilan yozgan edi. Keyinchalik Ozarbayjonda o‘zbek mumtoz adabiyoti, ayniqsa Navoiy va ozarbayjon adabiyotining jonkuyar targ‘ibotchisi, professor Hamid Orasli o‘zbek klassik va yangi davr adabiyoti, uning ulkan namoyandalari, Navoiy, G‘afur G‘ulom haqida yozgan maqola va esdaliklarida Navoiy va Fuzuliy, Navoiy va Jomiy o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining yangi davrdagi rivoji haqida to‘xtalib, Samad Vurg‘un va G‘afur G‘ulom, Mirzo Tursunzoda, M.Shayxzodalarning do‘stlik davralari, bunda ayniqsa shoir G‘afur G‘ulomning o‘rni va ahamiyati haqida faxr bilan shunday yozgan edi: "Marhum Hamid Olimjon bilan birgalikda seni ilk bor ko‘rganman, G‘afur!.. Maqsud Shayxzoda uyida mehmon sifatida, do‘stona suhbatda bo‘ldik, bizni Navoiy va Fuzuliy g‘azallari yaqinlashtirdi. Samad Vurg‘unning o‘sha majlisda o‘zbek xalqi, o‘zbek adabiyoti sharafiga aytgan samimiy so‘zlariga javob nutqi so‘zlagan ham o‘zing eding. Suratda biz bilan birgalikda marhum Sadriddin Ayniy, Samad Vurg‘un, Maqsud Shayxzoda va Mirzo Tursunzoda ham bor edilar. Biz Bokuda, Toshkentda Nizomiy, Navoiy yubileylarida, she’r, san’at anjumanlarida, ilmiy kengashlarda tez-tez uchrashib turdik. (Hamid Orasli, "Seni eslayman" (Boku, 1967 yil, 7 fevral), "O‘zbekiston madaniyati", 1967, 15 fevral).

Abdulla Avloniy, M.Uyg‘ur va Sidqiy Ruhulloning XX asr boshidagi teatrchilik aloqalari bilan bog‘langan bu do‘stlik 20-50 yillarda G‘ayratiy va Sulaymon Rustam, G‘afur G‘ulom va Hamid Orasli, M.Shayxzoda va Samad Vurg‘un va boshqalarning adabiy-ilmiy aloqalari bilan yanada boyiy boshladi. Bu davrda endi G‘.G‘ulom va Sulaymon Rustam do‘stligi, Zulfiya va Marvarid Dilbozi do‘stliklari o‘sha Navoiy va Nizomiy, Aliakbar Sobir va Abdulla Avloniy, M.Qulizoda va Abdulla Qodiriy do‘stligining qonuniy davomi va rivoji sifatida ko‘rina boshladi. 60-70 yillarda o‘zbek-ozarbayjon adabiyotining yangi avlodlari Erkin Vohidov, A.Oripov, Halil Rizo va boshqalar bu ulkan an’anaviy do‘stlikni yangi pog‘onaga ko‘tara boshladilar. Hamid G‘ulomning "Ozarbayjon go‘zali", A.Oripovning "Ozarbayjon" nomli she’rlarida har ikki xalqning qadimiy va mustahkam do‘stlik aloqalari ishqiy lirik va umuminsoniy falsafiy g‘oyalar zaminida yoritildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Qahramoni, Abdulla Oripovning she’rida o‘zbek va ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi bu do‘stlik chuqur tarixiy ildizlari, yangi davr sharoitida ularning yangi yutuq va samaralari har ikki qardosh xalqning turli tarixiy va zamonaviy qahramonlari fonida obrazli tashbehlar orqali ifoda etildi:

So‘ylasin ming yillik mo‘ysafid tarix,
Bu do‘stlik bilganmi shubha, gumonni...
Nizomiy bolidan halvo pishirmish,
Navoiy zabt etib turkiy jahonni.
Bir lahza qo‘lidan qo‘yganmi o‘zbek
O‘zing ayt, Fuzuliy bitgan devonni.
Azizim, dilimda asrab yuribman,
Nasimiy qoldirgan sobit imonni.
Vurg‘unning she’ri deb jon cheksa o‘zbek,
Ozor ham ayarmi G‘afurdan jonni,
Voqifdan Mushfiqning satrigacha
Mahliyo aylamish piru juvonni.

1979 yil iyunda Ozarbayjonda O‘zbekiston adabiyoti va san’ati dekadasi va o‘sha yili oxirlarida O‘zbekistonda Ozarbayjon adabiyoti va san’ati dekadasi bo‘lib o‘tdi. 1980 yil iyunda esa O‘zbekistonda Ozarbayjon adabiyoti va san’ati kunlari tantanalari bo‘ldi. Shu munosabat ila Ozarbayjon va O‘zbekistonda har ikki xalqning eng qadimgi davrdan keyingi yillargacha bo‘lgan folklor, yozma adabiyoti, teatr va musiqa sohasidagi o‘zaro aloqalari haqida taniqli o‘zbek va ozarbayjon olimlari, yozuvchi va shoirlari, teatr mutaxassislarining qator maqola va tadqiqotlari bosilib chiqdi. Professorlardan N.Mallaev, V.Abdullaev, S.Ergashev, Panoh Halilov, Jannat Nagieva va boshqalarning tadqiqot va kitoblarida Navoiy va Nizomiy, M.Fatali Oxundov va Hamza, A.Qodiriy, S.Vurg‘un va G‘.G‘ulom ijodlari munosib o‘rin olib keldi. Ozarbayjon mumtoz adabiyotining buyuk vakillari Nizomiy va Fuzuliy yangi zamon so‘z san’atkorlari S.Vurg‘un, Mehti Husayn asarlari o‘zbekchaga tarjima bo‘lib, yubileylari O‘zbekistonda nishonlandi. Ozarbayjon xalqining ulug‘ farzandi, shoir va olim Maqsud Shayxzoda butun umri davomida O‘zbekistonda Nizomiy nomidagi pedagogika universitetida o‘zbek adabiyoti tarixidan dars berdi. Navoiy bo‘yicha yirik tadqiqotlar yaratdi. She’riyat va dramaturgiyada samarali ijod qildi. Ozarbayjon olimi va shoiri Xalil Rizoning "Maqsud Shayxzoda ijodi va XX asr o‘zbek-ozarbayjon adabiy aloqalari" nomli yirik monografiyasi ham uzoq davrdan buyon davom etib kelayotgan shu adabiy-ilmiy hamkorlikning samara­sidir.

1984 yil o‘zbek va ozarbayjon adabiyotshunos olimlari bilan hamkorlikda Bokuda "O‘zbek va ozarbayjon adabiy aloqalarining sahifalari" nomli maxsus to‘plam nashr etildi.

Bu aloqalar har ikki jumhuriyatlarning mustaqillikka erishganlaridan so‘ng, (1991 yildan keyin) yangi milliy istiqlol g‘oyalari asosida davom etdi. Shoir Usmon Qo‘chqor mashhur ozarbayjon dramaturgi Husayn Jovudning o‘zbek xalqining buyuk farzandi Amir Temurga bag‘ishlangan "Amir Temur" dramasini, Yu.Samado‘g‘lining "Qatl kuni" romanini, shoir Rauf Parfi ozarbayjon ma’rifatparvari Muhammad Hodining she’rlarini tarjima etib, chop etdilar. Nizomiy nomidagi pedagogika universiteti o‘qituvchisi Azim Shoimov bu yil "Husayn Jovud va o‘zbek adabiyoti" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi.

Bu faktlarning hammasi o‘zbek va ozarbayjon adabiyotlarining qadimiy va amaliy aloqalari yana ham davom etayotgan bugungi mustaqillik davrida uning avlodlar tomonidan tobora rivojlantirib borila­yotgani ham tabiiy va qonuniy ekanini ko‘rsatadi.

«Yoshlik» jurnali, 2009, № 4

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.