20-30-yillarda O‘zbekistondan «quloqlar» sifatida ko‘plab qishloq aholisi nohaq Ukraina, Shimoliy Kavkaz, Qozog‘iston va Sibirga surgun qilinganlar. Ular ham qatag‘on qurbonlaridir. Prezidentimizning bu taklifi xalqimizning ayni dilidagi muddao bo‘ldi.
20-30-yillardagi siyosiy qatag‘on ko‘lami bu qadar katta va dahshatli bo‘lganligini sobiq ittifoq hududlaridagi ko‘plab kontsentratsion va mehnat tuzatuv lagerida qamoq jazosini o‘tab, jabru-jafo tortgan o‘zbek mahbuslari miqdoridan ham bilsa bo‘ladi.
Kimlar surgun qilingan, kimlar lagerlarga yuborilgan, kimlar otilgan, kimlar qamoqxonalarda, mehnat lagerlarida, surgun joylarida, urush janggohlarida o‘lib ketgan - bu kabi savollarga aniq, to‘la-to‘kis javob topish vaqti allaqachon keldi. «Katta terror» avjiga mingan 1937 yil 1 oktyabrdagi ma'lumotda SSSR Ichki Ishlar Xalq komissarligi lagerlarida 1-qism bo‘yicha 20954, 2-qism bo‘yicha 3275, 3-qism bo‘yicha 21579, ya'ni jami 45868 o‘zbek mahbuslari qamoq jazosini o‘tayotgan edi. Ularning 2643 nafari Baykal-Amur lagerida, 1923 nafari Volga-Moskva kanali qurilishi - Dmitrov lagerida, 1554 nafari Uglich-Ribinsk qurilishi bo‘layotgan Volga lagerida, 1673 nafari Oqdengiz-Boltiq lagerida, 687 nafari Komi ASSRdagi Uxtim lagerida, 543 nafari Moldova ASSRdagi Temnikovo lagerida, 2247 nafari Vladivostok lagerida, 643 nafari Novosibirsk lagerida, 3029 nafari Toshkentdagi O‘rta Osiyo lagerida edi.
Hujjatlarga ko‘ra 2-qism bo‘yicha o‘zbeklardan 854 kishi Qarag‘anda lagerida, 23 kishi Narilskda, 1199 nafari Vyazemskda, 69 kishi Kalugada, 250 nafari Stalin stantsiyasi lagerida, 96 nafari Janubiy-Sharqiy Gavana lagerida, 47 nafari Podolsk aerodromi lagerida, 70 nafari Samara lagerida, 655 nafari Shimoliy-Sharqiy lagerida, jami 3275 o‘zbek borligi ta'kidlangan.
1937-1938 yillarda ana shu lagerlardagi o‘zbek mahbuslaridan bir qismi qaytadan qatag‘on qilinib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan va maxsus qatlgohlarda otilib, ko‘mib yuborilgan.
Siyosiy mahbuslar otilgan va ko‘milgan joylar Moskva oblastida Vagankov, Don qabristonlari, Butovo, Kommunarka qishloqlari bo‘lgan. Moskva oblasti bo‘yicha 1937 yil 8 avgustdan 1938 yil 19 oktyabrgacha 20675 kishi otilib, Butovo, Kommunarka qishloqlariga ko‘milgan.
Ushbu satrlar muallifi «Meros» xalqaro ilmiy-amaliy ekspeditsiyasi xayriya jamg‘armasi yo‘llanmasi bilan Rossiya Federatsiyasi Federal Xavfsizlik Xizmati Markaziy arxivi, uning Moskva oblasti boshqarmasi arxivi, Markaziy Davlat arxivida, «GULAGdagi ijod va turmush» muzeyida va jamiyatda bo‘lib, tegishli hujjat va materiallar bilan yaqindan tanishdi va Vagankov, Butovo qatlgohlarida otilib, o‘sha joylarga ko‘mib yuborilgan o‘zbeklardan 60 nafarini aniqladi.
Agdarov Isoq Ibrohimovich, 1886 yili Buxoro shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti - o‘rta, O‘zbekiston SSR sanoat kooperatsiyasi vakili, Moskva shahri, Svetnoy Bulvar, 16/31-uyda yashagan. 1932 yil 1 dekabrda hibsga olingan, otilgan, 1970 yil 14 mayda reabilitatsiya qilingan.
Abdurashitov Munavvar Qori, 1878 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti - oliy, adabiyotchi, Toshkent shahrining Shayxontohur dahasi, Darxon mahallasi, 17-uyda yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olingan, 1931 yili otilgan.
Shiraxmedov Najmiddin, 1900 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, ma'lumoti - quyi, mashg‘uloti aniq emas, Toshkent shahri, Beshyog‘och dahasi, Mashrab mahallasida yashagan. 1929 yil 11 noyabrda hibsga olingan.
Tillaxonov Salimxon, 1890 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti - tugallanmagan oliy, «plodovinsoyuz» instruktori, Toshkentning Devonboshi mahallasida yashagan, 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olingan.
Mahsudov Tangriqul Xoji, 1900 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti - o‘rta, rabfakda kurs mudiri. Toshkent shahrida yashagan. 1929 yil 6 noyabrda qamoqqa olingan.
Abdurashitov M.Q., Shiraxmedov N., Tillaxonov S., Mahsudov T.X. OGPU kollegiyasi tomonidan 1931 yil 25 aprelda otuvga hukm etilgan.
Burnashev Xanif Xasanovich, 1900 yili Namangan shahrida tug‘ilgan, tatar, VKP(b) a'zosi, ma'lumoti - tugallanmagan oliy, SSSR dehqonchilik xalq komissarligining reja-moliyaviy bo‘limi boshlig‘i, Moskva shahrining Serafimovich ko‘chasi 2-uyda (hukumat uyida) 320-kvartirada yashagan. 1937 yil 25 iyunda qamoqqa olingan. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi tomonidan 1937 yil 2 noyabrda aksilinqilobiy terrorchi tashkilotda ishtirok etganlikda ayblanib, otuvga hukm qilingan. 1938 yil 22 martda otilgan.
Qaxorov Abdurazoq Qaxorovich, 1895 yili Qo‘qon shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti tugallanmagan oliy, suv oqimi qurulishi trestida elektrik, Moskvada Strastn?y bulvar, 10-uy, 23-kvartirada yashagan. 1938 yil 13 fevralda qamoqqa olingan. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi 1938 yil 8 aprelda josuslik aybi bo‘yicha otuvga hukm etgan, 1938 yil 8 aprelda otilgan.
Ikromov Akmal Ikromovich, 1898 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, ruhoniy oilasidan, ma'lumoti o‘rta, O‘zbekiston Komunistik partiyasi Markaziy komitetining birinchi kotibi, Toshkent shahar, Gogol ko‘chasi 71-uyda yashagan. 1937 yil 20 sentyabrda qamoqqa olingan, SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi 1938 yil 13 martda aksilinqilobiy terrorchilik tashkilotida ishtirok etgan, degan ayb bilan otuvga hukm etgan, 1938 yil 15 martda otilgan.
Xo‘jaev Fayzulla Ubaydullaevich, 1896 yili Eski Buxoroda tug‘ilgan, o‘zbek, savdogar oilasidan, VKP(b) a'zosi, ma'lumoti quyi, O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi, Toshkent shahri, Lermontov ko‘chasi, 9-uyda yashagan. 1937 yil 9 iyulda qamoqqa olingan. SSSR Oliy Sudi Harbiy Kollegiyasi 1938 yil 13 martda aksilinqilobiy terrorchi tashkilotida ishtirok etgan, degan ayb bo‘yicha otuvga hukm etgan. 1938 yil 15 martda otilgan.
Bu to‘rtala vatandoshimiz Moskvadagi qatlgoh - «Butovo poligoni»da kafansiz yotibdilar.
1931 yil 15 iyunda VKP(b) Markaziy Komiteti Volga va Moskva daryolarining qo‘shilishini ta'minlovchi kanal qurish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Bu vaqt butun mamlakatda kolxozlashtirish, quloq qilish va surgun qilish siyosiy kampaniyasi avj olayotgan edi. Bu bo‘lajak kanal poytaxt uchun zarur bo‘lgan miqdordagi suvni keltirishi kerak edi. Kanal qurilishi poytaxtga yaqin Dmitrov shahridan boshqarilgan. OGPUning 1932 yil 14 sentyabrdagi buyrug‘i bilan Dmitrov lageri yaratildi. Tez orada bu lagerga Oqdengiz - Boltiq, Balaxnin lagerlaridan, O‘rta Osiyo mehnat tuzatuv lageridan va boshqa lagerdan mahbuslar keltiriladi.
Mamlakatdagi lagerning eng kattasi Dmitlag edi. Bu yerda 1933 yili bir million ikki yuz ming mahbus jamlagan. Moskva - Volga kanalining uzunligi 128 kilometr bo‘lgan. Kanaldan tashqari 11 shlyuz, 7 plotina va gidrostantsiyalar qurilgan. Verbilokdan Volgaga, katta Volgadan Dmitrov shahrigacha temir yo‘li qurilgan. Og‘ir jismoniy mehnatdan, ochlikdan ko‘plab mahbuslar o‘lib ketgan. Qochib ketganlar ko‘p bo‘lgan, ushlab olinganlarga yangi muddat yoki otuv jazosi berilgan. Nihoyat, 1937 yili yuz minglab odamlar qurboni evaziga qurilgan Moskva - Volga kanali «Ikkinchi besh yillikning buyuk qurilishi» sifatida ishga tushadi. O‘sha yilning 8 avgustidan Moskva yonidagi Butovo va Kommunarka «maxsus ob'ekt»larida ommaviy otuvlar boshlanadi.
1937 yil 1 oktyabrda, ya'ni kanal qurilishi tugallangandan so‘ng Dmitlagda 1923 nafar o‘zbek bo‘lgan. Demak, ungacha o‘zbeklar soni ko‘p bo‘lgan, bir qismi ochlikdan, og‘ir mehnatdan o‘lib ketgan. Mahbuslardan tashqari Moskva - Volga kanali qurilishiga o‘z ixtiyori bilan o‘zbeklarning katta guruhi kelgan. Ammo ularning qismati, taqdiri ne kechgan - ma'lum emas. Dmitlagdagilardan 20761 kishi 1937 - 1938 yillarda otilib Butovo poligoniga ko‘milgan. Ulardan 51 nafari o‘zbekistonlik bo‘lgani, qisqacha tarjimai holi, ayblov ishlari, Dmitlagda qamoq jazosini o‘tagani, bu joyda qayta qamoqqa olinib otilgani kabi hujjatlar Rossiya Federatsiyasi Davlat arxivida, Federal Xavfsizlik xizmati Markaziy arxivi va uning Moskva bo‘limida saqlanmoqda. Dmitrov lageridagi o‘zbek mahbuslaridan otilgan 51 yurtdoshimiz haqida qisqacha ma'lumotlar keltiramiz. Ularning hayot yo‘li, qismati, avlod-ajdodlari, yaqinlari haqida ma'lumotlar, materiallar to‘plab ularni kitob holiga keltirish niyatidamiz. Shu bois quyidagi qatag‘on qurbonlarining urug‘-aymog‘i, oila a'zolari, bu shahid ketganlar haqida saqlanib qolgan hujjat, esdalik, surat va boshqa materiallarga ega bo‘lsalar, ularni Andijondagi «Meros» ilmiy-amaliy xalqaro ekspeditsiya jamg‘armasiga (Andijon Shahri, Navoiy ko‘chasi, 37-uy, tel: 24-24-57) xabar qilishlarini iltimos qilamiz.
Abduqodirov Sulton, 1896 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, o‘rta hol dehqon oilasidan, partiyasiz, savodsiz, yollanma etikdo‘z. Toshkent shahri, Oktyabr rayoni, Oktyabr ko‘chasi 2-uyda yashagan. 5 yil muddatga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitrov mehnat tuzatuv lagerida (bundan so‘ng Dmitlag deb yoziladi -R.Sh.) yog‘och tayyorlov uchastkasida umumiy ishlarda o‘tkazgan, 1938 yil 20 martda Dmitlagda qamoqqa olingan, 1938 yil 20 mayda SSSR NKVD (Ichki ishlar Xalq Komissarligi) Moskva oblasti ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi «uchlik» aksilinqilobiy targ‘iboti uchun oliy jazo - otuvga hukm qilgan. Hukm 1938 yil 27 martda ijro etilgan.
Abdullaev Bolbek, 1896 yili Yavash qishlog‘i, Djaviy (hujjatda shunday berilgan -R.Sh.) rayonida, Orol shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, dehqon oilasidan, ma'lumoti - quyi, sobiq mulla. 1934 yili qamoqqa olingan, jazoni Dmitlagda qora ishchi bo‘lib o‘tagan. Shu yerda 1938 yil 9 fevralda hibsga olingan. 1938 yil 19 fevralda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 21 fevralda ijro etilgan.
Abdullaev Fayzi, 1899 yili Shahrisabz rayon Chorimor qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod, Fayzulla Xo‘jaev nomidagi kolxoz raisi. 1935 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda, Volga uchastkasida umumiy ishlarda mehnat qilib o‘tagan, 1938 yil 22 martda shu yerda qamoqqa olingan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy faoliyat olib borganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 20 iyunda ijro etilgan.
Abdurrazoq Xo‘jaev Saydulla xo‘ja, 1889 yili Pop rayoni (hujjatda polganskiy rayon deb yozilgan - R.Sh.) Oqtepa qishlog‘ida tug‘ilgan, tojik, quloq savdogar oilasidan, partiyasiz, yakka xo‘ja, dehqonchilik qilgan. Pop rayoni, Oqtepa qishlog‘ida yashagan. 1937 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda, Ximkin rayoni Sxodnenskiy uchastkasida yer qazish, aravakashlik bilan mashg‘ul bo‘lib o‘tagan. 1937 yil 3 noyabrda Dmitlagda qamoqqa olingan. Sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 2 dekabrda ijro etilgan.
Amirov Bektemir, 1914 yil Poragan qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, o‘rtahol dehqon oilasidan, partiyasiz, chalasavodli, mashg‘uloti aniq emas, 1933 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda, Ximkin rayoni Nikolskiy uchastkasida umumiy ishda o‘tagan, 1938 yil 27 yanvarda Dmitlagda hibsga olingan. Aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.
Ashurov Raym, 1902 yil Qoradaryo rayoni Mundichi qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oilasidan, 1927 yildan O‘zKP(b) a'zosi, chalasavod. «Oxunboboev» kolxozi raisi, Qoradaryo rayon, Qoradaryo qishlog‘ida yashagan, 1932 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda Volga rayoni 2-uchastkasida o‘tagan, invalid sifatida vaqtincha mehnatga layoqatsizlar komandasida turgan, 1937 yil 15 noyabrda Dmitlagda qamoqqa olingan, antisovet targ‘ibotida ayblanib otuvga hukm etilgan.
Bobojonov Jumanazar, 1903 yil Xonqa rayoni Sauchen qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, o‘zi o‘qib savodini chiqargan, Sauchen qishlog‘ida yashagan. 1932 yili 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, Dmitlagda «Texnika» shaharchasida dnevalnik bo‘lib yashagan, 1938 yil 31 martda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib otuvga hukm etilgan.
Botirov Ziyod, (hujjatda Botirov Ziyat yozilgan - R.Sh.) 1905 yil Oqdaryo rayoni Taryak qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, quloq, savdogar oiladan, partiyasiz, savodsiz, Teryak qishlog‘ida yashagan. 1935 yil 6 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda «Texnika» uchastkasida umumiy ishlarda o‘tagan, 1938 yil 9 aprelda qamoqqa olingan. Aksilinqilobiy faoliyatda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 20 iyunda ijro etilgan.
Berdiev Mulla Xarun, 1893 yil Urgut rayoni G‘ijduvon qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oiladan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, G‘ijduvon qishloq Soveti Kalinin nomli kolxoz a'zosi, G‘ijduvon qishlog‘ida yashagan, 1931 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, bu yerda «Omutiya» uchastkasida umumiy ishlarda ishlagan. 1938 yil 28 fevralda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 10 martda ijro etilgan.
Vohidov Vahobjon, 1897 yil Baliqchi rayon Chinobod qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod, dehqonchilik bilan shug‘ullangan, Chinobod qishlog‘ida yashagan. 1934 yil 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda, Mexanika zavodi uchastkasida umumiy ishlarda o‘tagan. 1938 yil 30 yanvarda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy tarotskiychi targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.
Mirjalilov Mamatqul, 1910 yil Qo‘qon shahrida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oilasidan, chalasavod, o‘z xo‘jaligida ishlagan, Qo‘qon shahrida yashagan, 1935 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, Dmitlagdagi Sxodnenskiy uchastkasida yer qazuvchi, aravakash bo‘lib ishlagan, 1937 yil 3 noyabrda qamoqqa olingan. Sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 2 dekabrda ijro etilgan.
Sulaymonov Shaydi, 1904 yil Voroshilov rayoni (hozirgi Qo‘rg‘ontepa rayoni - R.Sh.) Abdullabiy qishlog‘ida tug‘ilgan va yashagan, 1934 yili 6 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, Dmitlagda «Texnika» uchastkasida umumiy ishlarda mehnat qilgan, 1938 yil 4 aprelda hibsga olingan, mahbuslar orasida antisovet targ‘iboti olib borganlikda, sovet hukumatini diskreditatsiya qilganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Sultonov Vahob, 1905 yili Yuqori Chirchiq rayoni To‘ytepa qishlog‘ida tug‘ilgan, qozoq, sobiq VKP(b) a'zosi, ma'lumoti o‘rta, 1936 yil qamoqqa olingan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1937 yil 21 noyabrda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib, otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 3 dekabrda ijro etilgan.
Xojiberdiev Egamberdi, 1896 yil Quvadagi Izvoshboshi qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, savdogar oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, kolxozda qassob bo‘lib ishlagan, Sho‘rin qishloq sovetida yashagan, 10 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda Volga rayoni 2-uchastkada qora ishchi bo‘lib o‘tagan, 1938 yil 1 martda hibsga olingan, mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib, otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yili 20 iyunda ijro etilgan.
Oymuhammedov Maxari, 1882 yili Toshkent rayoni, Do‘rmon qishlog‘ida tug‘ilgan, qozoq, partiyasiz, savdogar oilasidan, chalasavod, 1932 yili qamoqqa olingan, jazoni Dmitlagda o‘tkazgan, 1938 yili 17 yanvarda hibsga olingan, 1938 yil 26 yanvarda aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.
Bozorov Tursun, 1899 yili Beshkent rayonidagi (Qashqadaryo viloyati) G‘ubdun qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, savodsiz, mashg‘uloti aniq bo‘lmagan. G‘ubdun qishlog‘ida yashagan. 1935 yil qamoqqa olingan, qamoq jazosini Dmitlagda o‘tagan, shu joyda 1938 yil 17 fevralda qamoqqa olingan. Aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib, 1938 yil 25 fevralda otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 28 fevralda ijro etilgan.
Davlatov Qurbon, 1908 yil Gurunchmozor (hujjatda Kaz?l-maz?r - R.Sh.) rayonida dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, savodsiz, qamoq jazosini Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 15 yanvarda hibsga olingan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganligi uchun 1938 yil 26 yanvarda otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.
Do‘stmatov Abdusamat, 1907 yili Qoratala qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, savdogar oilasidan, partiyasiz, savodsiz. 1934 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 18 yanvarda qamoqqa olingan. 1938 yil 26 yanvarda aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.
Doniyorov Mahmud, 1904 yili Denov rayonidagi Hasankapa qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, o‘ziga to‘q dehqon oilasidan, partiyasiz, savodsiz, «Dendar chura» (hujjatda shunday berilgan - R.Sh.) kolxozi a'zosi, tug‘ilgan joyida yashagan, 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 9 aprelda hibsga olingan, mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Jumaev Hamdam, 1915 yili Qudash (hujjatda Kaban - R.Sh.) rayoni Maymaman qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, savodsiz. Qudash rayoni Maymaman qishlog‘ida yashagan. 1933 yil 25 dekabrda 8 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 17 martda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 27 martda ijro qilingan.
Isaev Rajab, 1900 yil Xorazmning Saxkyon qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti quyi, kolxozchi, shu qishloqda yashagan. 1936 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, qamoq jazosini Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 1 fevralda hibsga olingan, sovetlarga qarshi targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 17 fevralda ijro etilgan.
Ismatov Fayzi, 1912 yili Buxorodagi Xargo‘sh qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti quyi, Karimov nomli kolxozda ishlagan. Xargo‘sh qishlog‘ida yashagan, 1934 yili 8 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, qamoq jazosini Dmitlagda o‘tagan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro qilingan.
Ishboev (Eshboev bo‘lsa kerak - R.Sh.) Mamur, 1910 yili Bulung‘ur rayoni Qoraqursan qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, o‘z xo‘jaligida ishlagan. 1931 yil 10 yil muddatga qamoq jazosiga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 17 yanvarda hibsga olingan. Aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan. Hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.
Karimov Kur'az, (hujjatda shunday - R.Sh.) 1908 yili Xonqa rayonida tug‘ilgan, o‘zbek, quloqlar oilasidan, partiyasiz, chalasavod, kolxozdagi umumiy ishlarda mashg‘ul bo‘lgan, Xonqa rayoni Ko‘niz qishloq sovetida yashagan, 1934 yil 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda Volga uchastkasidagi umumiy ishlarda o‘tagan, 1938 yil 11 fevralda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy tashviqotda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 26 fevralda ijro etilgan.
Matyoqubov Samandar, 1901 yili Xonqa rayon Kulon-qorabog‘ qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan, partiyasiz, savodsiz, kolxozda cho‘ponlik qilgan, Kulon-qorabog‘ qishlog‘ida yashagan, 1934 yili 8 yil mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 4 fevralda qamoqqa olingan. Mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 17 fevralda ijro qilingan.
Irgashev (Ergashev - R.Sh.) Hojibek, 1912 yili Zomin rayoni Ural qishlog‘ida boy oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, chalasavod, o‘z xo‘jaligida dehqonchilik qilgan, tug‘ilgan joyida yashagan, 1934 yil 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 5 iyunda hibsga olingan, muttasil aksilinqilobiy targ‘ibot va tashviqot olib borganlikda ayblanib, 1938 yil 5 iyunda otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Isomiddinov (Isametdinov yozilgan hujjatlarda - R.Sh.) Burxon, 1910 yili Farg‘ona rayoni Ilma qishlog‘ida tug‘ilgan, quloq, huquqdan maxrum qilinganning o‘g‘li, tojik, partiyasiz, savodsiz, mashg‘uloti aniq emas, tug‘ilgan joyida yashagan. 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 9 aprelda hibsga olingan. Mahbuslar orasida trotskiychi - fashistik targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Isomov Otash, 1908 yil Xo‘jaobod rayon Nayman qishlog‘ida yirik quloq oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, savodsiz, o‘z xo‘jaligida mehnat qilgan, tug‘ilgan joyida yashagan. 1934 yili mehnat tuzatuv lageriga 8 yilga hukm etilgan, mahbuslikni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 10 aprelda qamoqqa olingan, «trotskiychilar - Rikov, Buxarin, Yagoda, millatchi Xo‘jaev va boshqalarni» himoya qilganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 20 iyunda ijro etilgan.
Ismoilov Avazmat, 1894 yili Xonqa rayonida o‘rta hol dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti quyi (1927 yili imomlik qilgan). Shuningdek «qo‘poruvchilik maqsadida» kolxozda ishlagan. 1935 yili 10 yil muddatga mehnat tuzatuv legariga hukm qilingan. Mahbuslikni Dmitlagda o‘tagan. 1937 yil 7 oktyabrda hibsga olingan, mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro etilgan.
Qobilov Turg‘unboy, 1885 yili Izboskan rayonidagi Qo‘qon qishloqda dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumoti o‘rta, mulla, tug‘ilgan joyida yashagan. 1934 yili 5 yil muddat bilan mehnat tuzatuv legariga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 22 yanvarda qamoqqa olingan. Podsho davridagi hayotni maqtab sovetlarga qarshi muttasil targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 31 yanvarda ijro etilgan.
Qoraev Saidali, 1912 yil Termiz rayonidagi Mazurobod qishlog‘ida dehqon, quloq oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, savodsiz, dehqon, yakka xo‘jalik, tug‘ilgan joyida yashagan. 1935 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 10 aprelda hibsga olingan. Mavjud tuzumga qarshi targ‘ibot olib borganlikda, kapitalistik mamlakatlardagi, xususan Afg‘onistondagi hayotni maqtaganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Mavlonov Yunusxo‘ja, 1910 yili Toshkent shahrida tug‘ilgan, dehqon oilasidan, o‘zbek, partiyasiz, chalasavod, mashg‘uloti aniq emas, tug‘ilgan joyida yashagan. 1934 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1937 yil 20 sentyabrda hibsga olingan, aksilinqilobiy kayfiyati hamda partiya va hukumat rahbarlariga nisbatan terrorchilik harakatlari haqida so‘zlaganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro qilingan.
Madaminov Mavlon, 1911 yili Farg‘onaning Lagan (Magan) qishlog‘ida tug‘ilgan, tojik, yirik boy, quloqning o‘g‘li, partiyasiz, ma'lumoti o‘rta, Lagan qishloq sovetida hisobchilik qilgan, tug‘ilgan joyida yashagan. 1933 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 26 martda qamoqqa olingan, 1938 yil 5 iyunda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm etilgan, hukm 1938 yil 27 iyunda ijro etilgan.
Mamanazarov Erban (Iruv), 1898 yili Forish rayoni Ustuxan qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi, «Bednyak» kolxozida qora ishchi bo‘lib ishlagan. 1935 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1937 yil 23 sentyabrda qamoqqa olingan. 1937 yil 23 sentyabrda sovetlarga qarshi targ‘ibot (ayniqsa, millatlar orasida) olib borganlikda va barakda namoz o‘qishni tashkil qilganlikda ayblanib, otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 26 sentyabrda ijro ijro etilgan.
Mamatov Yo‘ldosh, 1913 yil Behbudiy rayoni Kivon qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon-quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod, o‘z xo‘jaligida band bo‘lgan. 1934 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 21 fevralda qamoqqa olingan, partiya siyosatini obro‘sizlantirishda, aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, hukumat a'zolaridan o‘ch olishdan iborat zararli gaplar aytganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 8 martda ijro etilgan.
Marasulev Abdurasul, 1902 yil Farg‘ona oblasti Molotov rayoni Sarqo‘rg‘on qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon-quloq oilasidan, savodsiz, partiyasiz, o‘z xo‘jaligida dehqonchilik qilgan, tug‘ilgan joyida yashagan. 1932 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1937 yil 30 noyabrda qamoqqa olingan, aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1937 yil 8 dekabrda ijro etilgan.
Otajonov Sobir, 1912 yil Ishimjiran qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi. Jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 16 martda qamoqqa olingan, 1938 yil 20 mayda aksilinqilobiy targ‘ibotda ayblanib otuvga hukm qilingan, hukm 1938 yil 27 mayda ijro etilgan.
Xolmetov Temirqul, 1907 yili Afg‘onistonning Julga qishlog‘ida tug‘ilgan, kambag‘al dehqon oilasidan, savodsiz, partiyasiz, qishloq xo‘jaligida paxtachilikda ishlagan, 1933 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 16 yanvarda qamoqqa olingan. Partiya dohiysiga nisbatan dushmanlik fikrida bo‘lganlikda, staxanovchilik harakatiga bo‘hton qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.
Niyozov Ostan, 1891 yili Qorako‘l tumani Kul-Chovdir ovulida dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, ma'lumotsiz. 1936 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda mehnat qilib o‘tagan, 1938 yil 27 martda qamoqqa olingan. 1938 yil 5 iyunda aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Xo‘jaqulov Arabboy, 1899 yili Koson tumani Ayunjangil qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, quloqlar oilasidan, partiyasiz, savodsiz, mashg‘uloti va turar joyi ham aniq emas. 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda vodoprovod stantsiyasi qurilishida qora ishchi bo‘lib o‘tagan. 1938 yil 25 fevralda antisovet tashviqotida, sho‘ro hukumatiga tuhmat qilganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 28 fevralda ijro etilgan.
Xolbekov Santar (Abdusattar), 1897 yili Zelenskiy rayoni (hozirgi Asaka rayoni -R.Sh.) Qurama qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan, o‘zbek. 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 12 martda qamoqqa olingan. 1938 yil 19 martda maxbuslar orasida sovet hukumatini diskreditatsiya qilganlikda «bandit-trotskiychilar»ni maqtaganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 25 martda ijro etilgan.
Xo‘janov Xushnazar, (hujjatda Xadjanov Xashnazar - R.Sh.) 1891 yili Oqdaryo tumani Kane - Karakiz qishlog‘ida dehqon quloq oilasida tug‘ilgan, o‘zbek, partiyasiz, chalasavod, kolxozda ketmonchi, Samarqand shahrida yashagan. 1935 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 2 fevralda mahbuslar orasida muttasil aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 5 fevralda ijro etilgan.
Mingboev (Mingaboev) To‘qli, 1901 yili Mitan tumani Qoraqalpoq qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon-quloq oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi. 1934 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1937 yil 12 noyabrda hibsga olingan. 1937 yil 29 noyabrda muttasil antisovet targ‘iboti olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 2 dekabrda ijro etilgan.
Sultonov To‘raqul, 1899 yili Marg‘ilon tumani Boltako‘l qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, ishchi oilasidan, partiyasiz, savodsiz, mashg‘uloti aniq emas. 1936 yili 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1937 yil 26 sentyabrda hibsga olingan. 1937 yil 15 noyabrda sovet jazo organlarini diskreditatsiya qilishga qaratilgan aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, lager rahbariyatiga qarshi terrorchilik aktini targ‘ib qilganlikda ayblanib oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro etilgan.
Haydarov Do‘smat, 1890 yili Qarliq tumani Xo‘ja qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, boy o‘g‘li, savodsiz, partiyasiz. 1933 yil 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan, jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 19 fevralda antisovet tashviqoti olib borganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda, Stalin konstitutsiyasini aksilinqilobiy ruhda sharhlaganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 21 fevralda ijro etilgan.
Hakimov Abdulla, 1911 yil Chustda tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, partiyasiz, savodsiz, mashg‘uloti aniq emas. 1934 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1937 yil 17 sentyabrda qamoqqa olingan. 1937 yil 14 noyabrda Moskva - Volga kanali qurilishini barbod etishga qaratilgan sovetlarga qarshi aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, hukumat a'zolari va partiya rahbarlarini diskreditatsiya qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 16 noyabrda ijro etilgan.
Xalimov Toji, 1888 yili Pastdarg‘om rayoni Jumabozor qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, savdogar, partiyasiz, chalasavod, qishloq soveti raisi. 1932 yil 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1937 yil 29 noyabrda qamoqqa olingan, 1937 yil 3 dekabrda aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, Buxoro amirida pulemyotchi bo‘lganlikda va yosh buxoroliklar otryadiga hujum qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1937 yil 8 dekabrda ijro etilgan.
To‘raev Ergashto‘ra o‘g‘li, 1900 yil Sherobod rayoni Talli - Moran (O‘zbekiston) qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, o‘rta hol dehqon, partiyasiz, savodsiz. 1936 yil 5 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 22 fevralda hibsga olingan. 1938 yil 13 martda mahbuslar orasida aksilinqilobiy targ‘ibot olib borganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 16 martda ijro etilgan.
Xamroaliev Ismat, 1908 yili Oltiariq rayoni Vodil qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon - quloq oilasidan, partiyasiz, chalasavod. 1935 yil 6 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan, 1938 yil 27 martda hibsga olingan. 1938 yil 5 iyunda muttasil aksilinqilobiy tashviqot va sovetlarga qarshi bo‘hton va targ‘ibot olib borganlikda, «xalq dushmanlari»ni maqtaganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Choriev Yangiboy, 1910 yili Qorako‘l rayoni Chechan qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon oilasidan, partiyasiz, ma'lumoti quyi. 1933 yili 10 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm etilgan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 6 aprelda qamoqqa olingan, 1938 yil 5 iyunda sovet hokimiyatini diskreditatsiya qilishga qaratilgan aksilinqilobiy tashviqot olib borganlikda, mamlakat rahbariyati sha'niga bo‘hton qilganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 27 iyunda ijro etilgan.
Shamsiev Mirkomil, 1901 yili Xo‘jaobod tumani Karnaychi qishlog‘ida tug‘ilgan, o‘zbek, dehqon, quloq oilasidan, partiyasiz, savodsiz, yakka xo‘jalik bo‘lib mehnat qilgan. 1934 yili 8 yilga mehnat tuzatuv lageriga hukm qilingan. Jazoni Dmitlagda o‘tagan. 1938 yil 5 iyunda sho‘ro tuzumini diskreditatsiya qilishga qaratilgan aksilinqilobiy tashviqot qilganlikda, kolxozdagi ocharchilik haqida yolg‘on gaplar tarqatganlikda ayblanib, oliy jazo - otuvga hukm qilingan. Hukm 1938 yil 23 iyunda ijro etilgan.
Biz birgina Dmitlagda takror qatag‘on qilinib, otilib ketgan 51 nafar yurtdoshimiz haqida qisqacha ma'lumotlar keltirdik. Vaholanki, yuqorida qayd qilinganidek, o‘zbek siyosiy mahbuslari sobiq ittifoqning barcha qamoqxonalarida azob-uqubatli hayot kechirgan. O‘sha lagerlardagi vatandoshlarimizning ma'lum qismi 1937-1938 yillarda yana takror qatag‘on qilingan, otib yuborilgan, ular aybsiz begona yurtlarda tuproqqa belanib yotibdilar. Bu insonlarni ham nomma-nom aniqlash, ular haqida bor haqiqatni ochib berish galdagi vazifalardandir.
Rustambek Shamsutdinov,
tarix fanlari doktori, professor
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 40-sonidan olindi.