Ko‘p uchrashuvlarda takror va takror “Bolaligingiz qanday o‘tgan”, “Shoir bo‘lishni bolalikdan orzu qilganmisiz”, “Bolaligingiz haqida ham gapirib bering” degan savollar yog‘iladi.
Hamma narsa muqoyasada, qiyosan solishtirilganda ayon bo‘ladi, bilinadi. Jumladan davru zamonlar ham.
Aqlimni tanigan paytim deb besh yoshimni oladigan bo‘lsam, demak bir kam ellik yil avval, o‘tgan XX asrning 1964 yilida olti yoshimda men birinchi sinfga borgan ekanman.
1991 yilda ona diyorimizning Mustaqilligi bilan bir paytda tug‘ilgan, hozirgi kunda o‘spirinlik, balog‘at yoshiga kirib borayotgan, yana chinniday oq, toza-ozoda maktablarda, qasrlarday ko‘rkam kollejlar va universitetlarda ta’lim olayotgan butunlay yangi avlod, Istiqlol navnihollari, chechaklari va mevalari bo‘lmish aziz uka-singillarim uchun bizning bolalik davrimizdagi ko‘p holatlar, gaplar va manzaralar, qanday maktablarda o‘qib, qanday sharoitlarda yashaganimiz, albatta cho‘pchak-latifa bo‘lib tuyulishi tabiiy.
Muqoyasaning mahsuli, qiyoslab, taqqoslab ko‘rishdan kelib chiqadigan natija, xulosa shak-shubhasiz ibrat va hikmat o‘rnini bosa oladi.
Mening goh mahzun, goh o‘kinchli, ba’zan rangli, ba’zida oq-qora bolalik lavhalarimdan bugungi zamonda yetuk insonlar bo‘lib yetishmoqlari uchun barcha amaliy va ma’naviy-ma’rifiy shart-sharoitlar, imkoniyatlarga musharraf, ongli, idrokli ukalarim o‘zlariga kerakli xulosani chiqarib oladilar deb o‘ylayman.
Yaqindagina zamonaviy maktablardan birida bo‘lgan uchrashuvda ko‘zlari chaqnab turgan, po‘rimgina kiyingan olti yashar bir bilag‘on bolakay dona-dona qilib “Birinchi sinfdaligingizda sizlarda ham kompyuter bo‘lganmi?” degan savolni berdi. Polaponday bolachaning kutilmaganda tashlagan yengilgina savolidan og‘ir-og‘ir o‘ylarga botdim. Bu savol menga emas – bolaligimga, mening ellik yil burungi ilk o‘quvchilik pallalarimga berilgan edi...
* * *
Shoirlik menga onamdan o‘tgan.
Albatta, “Xudo yuqtirmasa...” degan hukm-hikmatlar ham bekorga kelmagani rost.
Ulg‘aygandan keyin bolaligim haqida yozganim “shoir bo‘lib ketsam gar /bunga shu dashtu qirlar/ osmonlarning qo‘li bor” degan gaplarimda ham ma’lum ma’noda jon bo‘lsa bordir. Biroq men shu onaning farzandi, onam bo‘lmaganlarida menga bundayin saodat ikki dunyoda ham nasib etmasligini komil ishonch bilan ayta olaman.
Men shoirlikni o‘choqlaridagi o‘tlardan, tandirlariga yoqqan olovlari, ulardagi cho‘g‘laru qo‘rlardan yuqtirdim desam aslo hayron bo‘lmang.
“Bu noningizni yemayman!” deganimda, qiyin, qabohat zamonlarning taxir zog‘ora nonlarini urib-urib yedirganlari ko‘zimga yosh, ko‘nglimga so‘z bergan bo‘lsa ajabmas.
Besh yoshlarda bo‘lsam kerak – opam, akam va men o‘choq atrofida g‘uj bo‘lishib, cho‘g‘ning ostidan chiqadigan mo‘‘jizani kutyapmiz. “Hozir pishib qoladi” deya onam nihoyat yarmi kuyib qorayib ketgan gazit-qog‘ozga o‘ralgan bir nimani qo‘r tagidan kovlab oladilar. Tozalab, puflab, katta toltovoqqa soladilar-da, bir bo‘lak, bir bo‘lak kesib hammamizga taqsimlab beradilar. Bolalikdagi qancha matallaru ertaklar esimdan chiqib ketdi, “Ko‘moch” deb atalmish u sehru sinoatning ta’mi bilan tafti, uning quvonchlariyu iztiroblari hamon men bilan. Bu mening shoirlik qismatimdagi onamning mehri bilan muhtojliklari qo‘rida pishgan, go‘dak chog‘larimdayoq ma’nisiga yetganim, anglaganim, fahmiga borib ong va qalbimga joylaganim ilk yombi so‘zim edi deb o‘ylayman.
Onamning pechkagami, o‘choq yo tandirgami o‘tin qalab, o‘t yoqishlarini juda yaxshi ko‘rardim. Buning boisi, birinchidan, sovuqni, sovqotishni yomon ko‘rganligimdan bo‘lsa, ikkinchi sababi bolaligimizning eng tansiq ne’mati – imkoni bo‘ldi deguncha onam bizga pishirib beradigan ko‘mma qo‘rkaboblari edi. Tandir qo‘riga ham, o‘choq qo‘riga ham bunday totli kaboblarni Oybibi momom bilan onamdan boshqa hech kim ularday mazali qilib pishirolmasdi. Go‘shtni tuzlay boshlaganlari barobarida so‘laklarimiz ham yoppasiga ishga tushar, betlarimiz cho‘g‘ rangida, o‘choq ichi lolarangida qizib tovlangani sayin biz ham jonsarak tamshanib turardik.
Haqiqiy tomosha go‘sht qo‘r tagiga ko‘milgandan keyin boshlanardi. Qo‘r ostidan, chirs-chirs cho‘g‘lar orasidan chiqayotgan kabob isi bilan “jiz-jiz” “biz-biz” tovushlar, cho‘g‘ning dambadam jizillashlariyu bizzillashlari chinakamiga mazamizni qochirardi. Endi kabobni chiqarmasdan iloji yo‘q edi. Onam ahvolimizni tushungandek “Ay bolalarim-ay!..” deydilar-da, qo‘rni kovlab, kabobni bir-ikki ag‘dargandan so‘ng, tovoqqa oladilar. Bu – bolaligimizning juda tez tugaydigan, biz to‘yib-to‘ymay qoladigan katta bayramlaridan eng totlisi edi. “To‘ymadinglarmi? – derdilar onam bir pasda bo‘shab qolgan laganni ko‘rib va nima uchundir menga qarab: – Parvo qilma balam, otang yaqinda qora qo‘chqorni so‘yadi, nasib bo‘lsa hammang maza qilib to‘yasan” deya qo‘shib qo‘yadilar.
Ichimda o‘zi badqahr, suzong‘ich, lekin ko‘zlari nimagadir doim mungli boqadigan qora qo‘chqorga rahmim keladi.
* * *
Qishning sovuq-rutubatli kunlarida tonggi uyqumizga orom bag‘ishlab avvaliga “chirs-chirs” tovushlar kelar, bu tovushlar asta-asta, chirsillab-chirsillab birdaniga gurillab ketganida, u saharlarning eng ajoyib mo‘‘jizasi – pechka ustidagi qora qumg‘on jo‘shib-toshib biqir-biqir tilga kirardi. Ota uyimizda kech kuzdan to ko‘klamga qadar, tongda ham, shomda ham bir paytda bir xilda yangraydigan bu tarona, bu navo – bolaligimizning davlat madhiyasi edi. Uning matni ota-onamiz mehri bilan yozilgan, tayyorlovchisi o‘tin, ijrochisi esa olov bilan shu qumg‘on bo‘lardi. Biz olovning ilk chirsillab alanga olganidan tortib to varillab yongunigacha, undan so‘ng qumg‘onning jonli ijrosiga qadar kechadigan bu “tonggi kontsert”ni shirin tushlarimizga o‘ranib intiq-ilhaqlik bilan kutar, uyqu aralash jon-jonimiz bilan tinglab rohatlanib yotardik.
Olovning zo‘ridan qumg‘on juda tez qaynar, suvning vaqirlashlariyu vishillashlari uyqumizni buzmasin deb onam uning qopqog‘ini ochib qo‘yar, shunda kontsertning qumg‘on va qaynayotgan suv ishtirokidagi sokin va yoqimli mumtoz ashulalar qismi boshlanardi.
Aqlimni tanib dastyor bo‘lganimdan boshlab to maktabni bitirgunimga qadar men shu hovli, shu qadrdon uyga o‘t-alaf tashib, g‘o‘zapoya g‘amlab, o‘tin taxlab ulg‘aydim.
Hovlimizda – o‘choq, tandir, yog‘och so‘ri, o‘tinxona va og‘ilxona oralig‘ida, tomorqamiz bilan oshxonamiz o‘rtasida erta tongdan to kechga qadar, yil o‘n ikki oy katta bir ro‘zg‘or-mamlakatning qizg‘in hayoti davom etar, bu mamlakatning tinchi, osh-noni, issiq-sovug‘ini ta’minlab turish otamning zimmasida, uning saranjom-sarishtaligiga esa onam kayvoni edilar.
O‘t-o‘tin, o‘choq-olov, tandir-non yana o‘t, yana o‘tin – bolaligim mana shu aziz va qadrdon so‘zlar qurshovida o‘tdi.
O‘tinim, o‘tinlarim – bolalik o‘tinchlarim, o‘smirlik o‘kinchlarim.
Mening tillarim chuchuk, uning tillari olov edi.
Yog‘ochning ham tillari bor ekan. O‘tinning ham lang‘illab yonguvchi yolqin zabonlari bor ekan, jo‘ralar.
Bolalikning yurakni ezadigan qiyin va dilgir kunlari g‘o‘zapoya tashish mavsumi edi. Ota-onam, opam, akam va men – g‘o‘zapoya to g‘aram bo‘lib, devorimiz ortida taxlanmaguncha uyda hech birimizga kun yo‘q edi. Qo‘llarimiz qabarib, tirnalib-yorilib ketganlari evaziga, keyin onam yil bo‘yi tandirdan uzib beradigan issiq nonlar, shirin kulchalar albatta tansiq mukofotday bo‘lib tuyulardi.
Tiriklik alifbosining ilk harflarini men shu zahmatkash aziz insonlardan o‘rgandim.
U dashtu dalalardan harf terib katta bo‘ldim.
Diydiragan paykallarda diydiragan g‘o‘zapoyalar mendan so‘z, yupanch tilandilar.
Kuzning, so‘zning junjikkanlarini ko‘rdim men. So‘z ham odam bolasiday sovqotarkan, yoronlar. So‘zga ham taskin-tasalli, odamzodday mehr kerak ekan, so‘zni ham isitish kerak ekan, do‘stlar.
Keyin umrim davomida hayot va ko‘ngil ko‘chalarida katta-kichik xatolig‘larga yo‘l qo‘yganimda bot-bot o‘ylayman: shu tandir, shu qo‘rlarchalik onamga xizmat qiloldimmi? Tandir yonida, yonginalarida kuyib tutab yotgan kosovchalik bo‘loldimmi? Tilim lol, dilim g‘ash-xijil – gohida bir so‘z deyolmay qolaman.
* * *
Ketmonlari, onamning ketmonlari.
Dunyoda mehnatlari qattiq, berahm va bemehr so‘zlar bor ekan. “Ketmon”, “Chopiq”, “Ko‘sak”, “G‘o‘zapoya” degan sertashvish so‘zlar bizning bolalik idrokimizga butunlay singib ketgan edi.
Tuproq ko‘chamizdan yelkalarida ketmon, rangi uniqqan gardi ro‘mollar bilan o‘rangan chopiqchi ayollarning horg‘in yurib borishlari, so‘lg‘in qiyofalari keyin bir umr yodimda saqlanib qoladi. Ular oqshom paytlari yanada horg‘inroq qaytardilar. Shu ahvolda yana sigir sog‘ishlari, non yopishlari, qozon qaynatishlari kerak edi. Husnu tarovatlari sonsiz egatlarga yem bo‘lgan, ayollik nafosati, orzu-umidlarini saraton quyoshlari tushlikka tanovul qilgan gulday qiz-juvonlar, yuzlari chang-g‘ubor, kipriklari oylarga tegib turgan mening munis, mehnatkash Oybarchinlarim.
Ertaklarim egatlarga evrildilar.
Egatlar. Paxta. Yana egatlar, yana paxta. Dunyodagi eng toshbag‘ir, toshdan ham qattiq yumshoq, momiq so‘z. Tomimiz ustida bahorda ochiladigan bittagina lolaqizg‘aldoqqa joy qolgan, xolos.
Maktabga, birinchi sinfga borishim kerak edi. Kiyishga kiyimim yo‘q, oyog‘imda rezinka etik, onam cho‘ponlar jelak va chalvor qilib kiyadigan dag‘al yo‘l-yo‘l tik matodan “buruk”, kitob-daftarlarim, siyohdonimga ham xuddi shu matodan jildqopchiq tikib berdilar. “Bormayman!” dedim. Dod soldim. “Patinka, buruk ob bermasanglar maktablaringga bormayman!” deb turib oldim. Onam avvaliga tolxivich bilan rosa savaladilar. Keyin, baribir murodimga yetdim – maktabga yangi botinka, shim va ko‘ylakda bordim. Butun maktab, hamma menga qarayotgandek o‘zimda yo‘q shod edim. Bu – mening olti yoshga kirib shu paytga qadar ilk marotaba kiygan haqiqiy rosmana sarpolarim edi. Hammayoq paxta bilan to‘lib-toshib yotibdiyu men birinchi sinf o‘quvchisi, ozg‘ingina bolakay – ota-onam un bilan guruchga deb tishlarining kavagida asrab kelgan pulga sotib olingan yangi liboslarda, zavqu shavqim ichlarimga sig‘may, olamdagi eng baxtiyor o‘quvchi bo‘lib sinfxonaga kirib boraman.
Yarmi to‘q-sariq, yarmi qoraga bo‘yalgan partalarning yoqimsiz bo‘yoq hidini tez orada dalalar g‘ubori ko‘mishini, yangi daftar va siyoh isi esa keyin umr bo‘yi orziqtirib dimog‘imdan ketmasligini men hali bilmayman.
O‘z inlaridan majburan ko‘chirilib 1964 yil yangi oshyonga kelib qolgan qushchalarday bir-biridan begonasirab o‘tirgan sinfdoshlarimga men ham yotsirab qarayman.
Keyin, chamasi ikki oylardan so‘ng bizga “Alifboni o‘rgatgan, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatgan” sinf rahbarimiz Ozoda opa sinfdosh qizchalarni bir qatorga tizib shunday ashula o‘rgatadi:
Osmondagi yulduzni sanab etoman dema,Yuraklarni kuydirib tashlab ketoman dema,Ho-o-o,Tashlab ketoman dema.Paxta ekomiz birga, terlar to‘komiz birga.Oltin terib Vatanga sovg‘a etomiz birga,Ho-o-o,Sovg‘a etomiz birga.Ozoda opa – lo‘mbillagan navjuvon kelinchak, o‘zi tili bilan musiqa chalib, barmoqlarini qarsillatgancha o‘yinga tushib ketar, partalarda o‘tirgan biz o‘g‘il bolalar hayron, sinfxonaning ochiq sahnida sochlari piltajamalak qilib mayda o‘rilgan sinfdosh qizlar opaning nag‘masini takrorlab bir ovozda davom ettiradi:
Yorim yetgan yerlarga men ham bormay qolmayman,Yo‘llariga ko‘z tutib, sog‘inchidan tolmayman,Ho-o-o,Sog‘inchidan tolmayman.Paxta ekomiz birga, terlar to‘komiz birga...Biz o‘zimizni maktabda emas, go‘yoki paxtazor dalada – egatlar orasida o‘tirgandek his qilardik. Sathi tuproq zax sinfxonada, endigina qatqaloqni yorib chiqqan nozik-nimjon g‘o‘zabarglarday diydirab turgan, tizilishib ashula aytayotgan g‘o‘zadekkina, maysadekkina sinfdosh qizlar. Ashula ayttirgani ham mayli, Ozoda opa o‘zi gursillab raqs tusharkan, qizlarni ham o‘yinga tushishga majbur etdi. Boshlarida chamangina do‘ppichalari, mayda piltajamalak kokilchalari charx urishlari barobarida gir aylanarkan, ayvonimizda in qurgan, yozda ko‘rganim qaldirg‘och polaponlarining yoyilgan qora qanotchalariga o‘xshab ketardi. Bu dardli manzara, sog‘inchli-armonli bu sahna keyin umrim bo‘yi meni ta’qib etadi, ko‘z oldimdan ketmayin, oromimni o‘g‘irlab, yillar o‘tgani sayin bolaligimning mahzun, munglug‘ xotirasiga aylanib qoladi.
Egatlar. Egatlar. Umr bir paykal esa, yillar egatlarga o‘xsharkan. Aziz sinfdoshlarim – Gulnor, Gulandom, Asilayu Hurmatoy, Oyniyozu To‘xtaxol, Xursanoylaru Chinnigullar – sinfimizning oqish-qoracha, qizg‘ish va pushtirang kapalakchalari, qaydasiz, qaylardasiz?
Onalarimiz, opa-akalarimiz yonida biz ham paxta teramiz. Onam chaqqon, g‘ayratchan terimchilardan edilar. Bir etak paxtalari 15-20 kilogacha chiqardi. Ba’zan charchaganday bo‘lib onamning o‘qariq boshiga qo‘yilgan to‘p-to‘p etaklari ustida chalqancha yotgan ko‘yi moviy cheksiz osmonlarga qarab har xil narsalarni o‘ylayman. Misol uchun, osmondagi pag‘a-pag‘a, xirmon-xirmon oq bulutlar bekor turgandan ko‘ra yerga – dalaga tushsa bo‘lmaydimi? Oppa-osongina etaklarga joylab, topshirardik qo‘yardik. Yoki yer – osmon, osmon esa dalaga aylansa nima bo‘lardi? “Osmondagi yulduzlar” ham sinfdosh qizlarga o‘xshab bir paxta terib ko‘rsin-chi...
“Ho‘v bola!..” Melikbobo tabilchining qo‘pol, badjahl ovozidan bir pasda osmoni falaklardan yerga tushib, o‘zimni egatlar ichiga uraman...
Ulg‘aygandan keyin o‘qiganimiz ustozimizning 1964 yilda yozilgan “Ushoq chigitni ham etmay deb uvol /Million egatlarga egilgan xalqim”, “Mening nigohimni tortadi takror/ Million egatlarga sochilgan o‘zbek” satrlari aro, o‘sha so‘ngsiz tuganmas paykallaru adoqsiz egatlar ichida yirtiq-yamoq chopon-jelakchalarda bizning bolaligimiz ham ko‘sak chuvib yuribdi.
* * *
Xuddi o‘sha 1964 yili kundalik hayotimizga, hamishagi gurunglarimiz bilan yumushlarimizga kumush tangaday yarqirab bir g‘aroyib jozibali so‘z oralab qoldi. Urush ko‘rgan otamdan boshqa yetti pushtimiz eshitmagan yetti yot begona bu so‘z, sehrli bu nom bir kunda paydo bo‘ldiyu birdaniga hammamizning tug‘ishgan qadrdonimizga, oilaviy mehru sog‘inchimizga aylandi.
Budapesht. Budapesht.
Mening bolalik sog‘inchlarim, “sog‘inchilik salom xatlarim” Budapesht. Oybibi momomning osmonga tarvaqaylab ketgan qari tutlari, uning tagidagi tuproq supa kechalari Budapesht deb shovullab, shivirlab chiqadi. Gir-gir aylanguvchi urchuqlarining g‘ir-g‘ir tovushlarida, allalari nolasida shu intizorlik. Tobora kichrayib-tugab borayotgan kalavaning iplarida kunlar, oylar aylanib kamayib borayotgandek. Tandirlaridagi laqqa cho‘g‘lar, unda qizarayotgan nonlar Budapesht deydi. Chorbog‘dagi tezpishar olmalari Budapesht debon gulga kiradi, zardolilar g‘o‘raligidan g‘o‘ling bo‘lgunga qadar Budapesht deydi. Momomning “Olako‘zim govmishim, hesh-hesh, tuyoqlari kumushim, hesh-hesh” deya sigir sog‘ishlari ham qulog‘imga “Budapushim”day eshitiladi. Tut shoxiga osig‘liq qator suzma xaltalar shu sog‘inch, shu orziqish bilan “chak-chak” yosh to‘kayotganday. Momom qurbonlikka so‘ydirgan qo‘ylarning qotib qolgan ochiq jonsiz ko‘zlariga qarab yig‘lagim keladi. Non yeyilsa ham, suv ichilsa ham roppa-rosa uch yil – bir ming to‘qson besh kun muttasil kechasi ham kunduzi ham shu gurung, shu qo‘msov: Budapesht. Budapesht.
“Kamoliddin xuddi Vingirga, Budapush degan shaharga tushibdi” deya xabar berdilar onam harbiyga ketgan tog‘amdan nihoyat ikki oylar deganda ilk maktub kelganda. Onam “Budapesht”ni o‘zimizdagi Bo‘yrapo‘sh qishlog‘iga mengzab gapirganlariga otamning jahllari chiqadi: “Bu sening Bo‘yrapo‘shing emas, Budapesht bu, nemisdan jang qilib olganmiz!” O‘sha kunlar tog‘amga xatlar yozish – mening eng sevimli mashg‘ulotimga aylanib qoldi:
“Sog‘inchilik salom xat. Qaysikim ul go‘zal Budapesht shahrida gulday ochilib, bulbulday sayrab xizmat qilib yurgan Kamoliddin tog‘amga Oybibi momomdan, Xolbibi onamdan sog‘inchli salomlar bo‘lsin...”
Xatning boshlanishi andozasini opamning maktubidan sezdirmaygina ko‘chirib olgan edim, buyog‘iga nima yozishni bilmay ancha qiynaldim. Birdan og‘ilxonamizda ro‘y bergan xursandchilik voqea, eng katta yangilik esimga tushib, davomiga shuni qo‘shib qo‘ydim: “Targ‘il sigirimiz ikkita buzoq, qartang sigirimiz bitta buzoq tug‘di”. Undan so‘ng “men birinchi sinfda o‘qiyapman” degan xabar bilan salomnomamni yakuniga yetkizaman.
Budapesht. Budapesht.
Oybibi momomning g‘o‘zapoyalarini g‘aramlayotganimizda ichimda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: “Budapeshtda ham g‘o‘zapoya o‘sarmikan?..”
* * *
– Yur balam, Soro momongni ko‘rib kelamiz, – dedilar bir kuni onam.
Soro momo kimligini men hali bilmayman, biroq onam u kishini ko‘rgani meni ham olib borayaptilarmi, demak bir yaqin xeshligi bo‘lsa kerak-da.
Osti ham, usti ham bo‘yro nimqorong‘i bir uy. Loyshuvoq devorlarida somonlar sarg‘ish ignalarday xira yaltiraydi. Uydagi namat, eski-tuski ko‘rpachalarni ham elas-elas eslayman. Biroq aniqrog‘i, eng qizig‘i – bo‘yro, chetlari ko‘rpachalardan chiqib ko‘rinib turgan bo‘yro, yog‘och sinchlarning ustidan shift qilib taylangan bo‘yro, tagi ham, shifti ham bo‘yro bir uy. Qamish-bo‘yro hidi, loyshuvoq hidi menga judayam tanish.
– Xola yaxshimisiz, sog‘-salomat keldingizmi? – deya so‘rashadilar onam.
Shundagina qorong‘u uyning g‘ira-shira burchagida bosh tomoni oqishroq, qolgan qismi qizg‘ish-jigarrang, mushtdaygina bir ko‘lanka asta g‘imirlab tovush berganini ilg‘ayman. Soro momo onamning xolasi, Abdukarim amakimizning onasi ekan. Javzi uzumning mayiziday bujmayibgina qolgan, qovjirab, kichrayib ketgan momo ko‘zimga juda ham qari va nimjon bo‘lib ko‘rinadi.
“Bu qaysi balang bo‘ladi Xolivi?.. — deb menga qand, mayiz uzatganida momoning teri va qoq suyakdangina iborat titroq-qaltiroq panjalaridan g‘alati ahvolga tushaman. Ular qo‘ldan ko‘ra tomorqamizdagi tuproqning ichidan chiqib turgan quruq tomirlarni eslatardi.
Momoning betlari shudgor qilinganday cho‘tir-cho‘tir va ajinzor, qoshu qaboqlari qo‘shilishib uyqashib ketgan, chuqur botgan ko‘zlari opamning eski qora kamzulidagi qora xira tugmachalarday zo‘rg‘a ko‘rinadi. O‘shanda men besh yashar bolakay, Soro momo esa bir yuz besh yoshda ekan. Shu ahvolda “Xolivi, shoshma, men bir nos chekib olay” deb nos chekkanlariyu, ko‘zlarini yumib olib shu ko‘yi uzoq sukutga cho‘mgani, so‘ngra bir faslmi, bir asrmi go‘yo shunday o‘tirganu, birdaniga umrining qolgan davomini ham yashashi lozimligi esiga kelganday hushyor tortib, onam bilan menga ajabsinib qaraganlarigacha, keyin esa bo‘yroning bir chetini ko‘tarib nosini tupurganiyu og‘zini choy bilan chayganlariga qadar kechgan vaqt – men uchun eng azobli, nazarimda yuz yillardan ham uzunroq va dilgirroq bo‘lib tuyuladi. Diqqinafas bo‘lib, bildirmaygina onamni turta boshlayman. Momo shuni ham sezibdi. “Mayli Xolivi, balang zerikib ketdi, Xudoning panohiga...” Onam: “Bizning uylarga ham boring-da xola” degunlaricha o‘zimni tashqariga hovliga otaman.
O‘sha gurungdan keyin Soro momo yana bir yil umr ko‘rib, bir yuzu olti yoshda bu bo‘yrapo‘sh dunyoni tark etdi. Onamning aytishlariga ko‘ra, momoning to‘ng‘ich o‘g‘illari Abdukarim amakimiz, Sharipov bobo janozada “Xazon bo‘lgan enam-a!” deya yoqalarini vayron qilib, rosa faryod solgan ekan.
* * *
...Soro momoning o‘sha “Xudoning panohiga...” deb bergan duolaridan keyin mana, oradan ellik yil o‘tibdi.
– Ellik yilda el yangi, qirq yilda qozon yangi, – deydilar onam.
“Ming she’ru g‘azal bergan bu davru zamon yangi” deya onamning hikmatli gaplarini she’riy satrlarga tizaman. Keyin “Bug‘doybo‘y Vatan” degan kitobim chiqadi. Bir paytlar onamning kalishlariga bag‘ishlab she’rlar bitgan edim. “Bug‘doybo‘y Vatan” she’rimni televizorda o‘qiganimni ko‘rgan onam: “Yozsang mana shunday bug‘doy haqida yoz balam, mening kalishlarimni nima qilasan she’rga solib”, deya kitobimni ko‘zlariga surtib duo qiladilar: “Yo‘lingni poklab yur, so‘zingni hamisha o‘ylab gapir, balam...”
Bulbul yashay olmas chamansiz, ona,Inson xor bo‘lgaydir Vatansiz, ona.Vatan barchamizga buyuk onadir,Siz buyuk Vatansiz, Vatansiz, ona.“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 10-son.