Gapni bir misoldan boshlasam, misolki, sizni o‘zingiz ko‘rib kelayotgan shunga o‘xshash juda ko‘p boshqa misollarga yana ro‘para qiladi. Uzr, shu gapim ham o‘ng‘ovsizroq chiqyapti. Lekin muammoni birga, ko‘pchilik bo‘lib o‘rganishim kerak-ku, boisi uning shuncha keng tarqalganida, hammamiz birga o‘ylashimiz lozimligida.
Xo‘sh, yangi bosh direktor edim, studiya g‘aladonida ma’lum sabablar bilan besh yilmi, ko‘pmi “osilib” yotgan stsenariyni o‘qib qoldim-da, darrov ishga tushirib yubordim. Kinochilarga rahbar bo‘lib kelishimdan ilgari yuzlab ko‘rsatuv, hujjatli film qilgan bo‘lsam-da, hali biror marta badiiy filmni suratga tushirish jarayoni tepasida turmagan edim. Bir kuni kattasinib, shu film “s’yomka”sidan xabar olgani bordim. Juda murakkab yumush ekan: “motor-stop”, “boshladik-to‘xtat!”, “qaytadan ketdik”, “dubl!”... Taniqli san’atkorlar o‘ynab beryapti. Ulardan ichimda sal hayiqqanim bois, rahbardek aql o‘rgatmay, chekkada qarab o‘tirdim. Lekin bir joyi keldi, syujet bo‘yicha “eru xotin” aytishib qoladi, shunda “xotin” “eri”ga achchiq qilib, siz ketsangiz, men ham bittasini topib olaman mazmunida: “Teshik munchoq yerda yotmaydi”, dedi. Suratga olish tez-tez to‘xtab, sahnalar qayta-qayta olinadi, oradagi tanaffusda o‘sha “xotin” aktrisaga: “Singlim, stsenariydan chiqmang. “Teshik munchoq yerda yotmaydi” emas, “Teshik kulcha yerda yotmaydi” edi”, dedim. Aktrisa ruscha o‘qigan, tabiiy, muomalasi, tili ham o‘rischa edi. “Yo‘q, men shunday deyman! Munchoq teshik bo‘ladi (Net, ya tak govoryu! Munchaki tishik bыvayut»)”, deb menga aql bo‘ldi. Obbo, munchoqning teshigini bilar ekan, lekin shunday maqol borligidan tubdan bexabar! Tepadan pastga tushmasa, qayoqdan ham bilsin! “Falonchixon, bu – keng tarqalgan xalq maqoli, o‘zbekchani buzib aytmang. Ha, munchoq teshik bo‘ladi, lekin maydaligidan yerga tushsa ham, ko‘rinmaydi, yotaveradi. Ammo kulcha – bu non, shuning uchun uning teshikkulchasi ham yerda yotmaydi. Mabodo tushib qolsa ham, odamlar olib, ko‘ziga surtadi”, dedim. “A ya ne xochu! Iz-za kakoe-to uzbekskoe slovo ne budu izmenit svoy yazыk”, deb, til madaniyatini ovrupocha anglar ekan, aytganida turib oldi. Shunda rejissyor akamiz qulog‘imga: “Uncha farqi yo‘g‘-u? Mayli, hozir ko‘nglini xira qilmang, munchog‘ini dublyajda to‘g‘rilarmiz”, deb shivirladi. Bilaman, tasvirga olish jarayonida birovning aralashishi, aql o‘rgatishi nojoiz, ham akstrisaning tarbiya ko‘rgan muhiti boshqa, tabiiyki, xalqnikidan farqli sharoitda yashayotgan bu “elita” vakiliga ming tushuntirgan bilan foydasi yo‘q, ona tilini shuncha yantoqqa sudrab gapirishini ham unga bir marhamat ko‘rsatish deb o‘ylaydi. Turgan gap, mendan ranjib qoldi. Rost-da, shundoq taniqli san’atkorni qanaqadir avom so‘zni aytishga majbur qilyapman... Asli bu tomorqa rejissyorniki, unga stsenariydan chiqmaslikni tayinlab, qaytdim.
Film suratga olinib bo‘ldi, yig‘ma, ya’ni montajdan ham chiqdi. Endi “ovozlashtirish” (“ozvuchivat”ning tarjimasi-da bu so‘z), ya’ni filmga ovoz berish, dublyaj gali keldi. Bilasiz, aktyor endi ekrandagi o‘ziga qarab yana “rolga kirib” ovozini yozdiradi (hozir ko‘p filmlarda bu qoida qolib ketgan – aktyor yodlamaydi, matnni oldiga qo‘yib o‘qiyveradi, shundan dialoglar sun’iy chiqadi). Xo‘sh, shunda rejissyor akamiz huzurimizga qadam ranjida qildilar: “Shu, ukajon, bir iltimos: shu, aktyorimiz o‘z shevasida gapirsa!”. “Gapiravermaydimi, kim uning og‘ziga xo‘jayin? Mendan nimaga so‘raydi?”, dedim ajablanib. “Yo‘q, filmda o‘z shevamda ovoz bersam, shunga bosh direktordan ruxsat olib bering, deyapti”. Ana xolos! Qayoqqa kelib qoldim! “Stsenariy toza adabiy tilda yozilgan, tilni buzib nima qiladi?”, dedim. “O‘z shevamda ovoz bersam, chapaniligim samimiy chiqadi, deyapti. Arzimas gap-ku! Yo‘q demang endi siz”, deb yalindi rejissyor akamiz. Bu kishim ham aktyor tomonida! Ruxsat so‘raganiga ham rahmat – anov kungi bahs esida-da. “Aka! Davlat tili haqida qonun bor, bunga adabiy tilga rioya qilish ham kiradi. Qonun har qanday bosh direktordan, undan kattalaridan ham baland turadi, uni buzishga hech kimning haqqi yo‘q. Keyin filmda shevada gapirish chapanilik emas, madaniyatsizlik. Qahramonning chapaniligini til buzishda emas, ijroda ko‘rsatsin edi”, dedim. Rejissyor akamiz bosiq-vazmin odam, bo‘ldi, tushundim, dedi-da, chiqib ketdi. O‘zimning ichimdan nimalar o‘tganini anglab turibsiz: bu shunaqa, menga begona bir dunyo ekan! Haligi san’atkor jo‘ramiz ham, turgan gap, bosh direktor oshirib yuboryapti, shevaga qarshi, mana, shevada shuncha film olinyapti-ku, birov birovdan qonunga bo‘ysunishni talab qilyaptimi, deb yozg‘iradi.
Ovoz berishda u jumlani buzmadi-yu, lekin baribir talaffuzni shevacha qildi. Buni to‘g‘rilash, albatta, mumkin edi, ammo sut bilan kirganni chiqarish... o‘zingiz bilasiz. U kishim sal o‘tib bir mustaqil telekanalda ko‘rsatuv olib bora boshladi, albatta atayin shevada va... mana bo‘lmasam deb, mustaqil bir gazetada “Men ataylab shevada gapiraman” degan chiqish ham qildilar.
Bu misol o‘sha, yetti-sakkiz yil oldin urchib boshlagan, ko‘p odamlarga arzimas tuyulgan holatlarning bir ko‘rinishi edi. Endiga kelib, uni yuz yo mingga ko‘paytiring, o‘zimiz ko‘nikkan, ko‘nikayotgan manzara – kinochiligimiz tilining kundalik manzarasi ko‘z oldingizga keladi. Ne tongki, til ham aynib, ma’naviy tarbiyaga zid shaloq ahvolga tushgan!
Men bu misolni o‘zingiz biladigan muammoni yana bir o‘ylab olish taklifida aytyapman.
Yuksak minbarlardan ham aytilyapti, matbuotning o‘zida gapirilyapti, bong urayotganlar chiqyapti, ammo o‘z – o‘zbek tilimizning buguni va ertasi borasidagi bu tashvishu da’vatlar o‘zimizning loqaydligimiz botqog‘iga cho‘kib ketayotir.
Dod deb yuborging keladi – qog‘ozga dodlaysan odam! Qog‘ozning esa faqat qulog‘i bor, og‘zi yo‘q – sado bermaydi! Axir, hamdardga dodlaysan-da, odam!
Tilda atay buzg‘unchilik bilan davlat qonunini buzib, bunaqa kinolaru qo‘shiqlarni yasab tashlayotgan, hammayoqni chet atamalaru chalasavod yorliq, reklama matnlariga to‘ldirayotgan, allambalo alfozda jild-jild bosmalarni “badiiy asar” deb chiqarayotgan, efirda qanaqadir yaroqsiz “o‘zbekcha” vag‘illab turganlar shu loqaydlik botqog‘imizda gurkirab o‘sayotgan alaflardir va ularni insofga chaqirish, tarbiyali bo‘lishga undash, til – bu tafakkurimiz zamini, milliy boyligimiz – o‘zligimiz, uni buzish emas, qo‘riqlash, asrash, tozalab turish lozimligini uqtirish ham befoyda. Xuddi men yozayotgan shu gaplarni ham devorga gapirayotganim kabi.
Albatta, shevada gapirsinlar, to‘yib gaplashsinlar. Zero, shevalar tilning ildizlari, to‘g‘rirog‘i, buloqlari; ular ham qurib qolmasligi lozim. Lekin afsuski, shevalarni ham OAVning sun’iy tili tanglikka solib qo‘ygan, globallashuvni ro‘kach qilib, uning panasida yot atama, yot ibora, buzuq birikmalar ularga ham bostirib kirayotir. Hayotning ravishi – keksalar o‘tib ketadi, kattalar keksayadi, izimizdan kelayotgan yosh avlod “globallashib”, o‘z shevasini mayib-mayriq qilib gaplashadi – bu buloqlarning ham qurib boshlaganini shundan ham bilsa bo‘ladi.
Gap jamoat minbari egasi adabiy til ekani haqida ketayotir! Millatning tarkib topish omili va shu millatdagi boshlarni bir-biriga qovushtirib kelayotgan tilimiz haqida. OAV minbariga chiqqan, ko‘pchilikka yuzlangan odam, agar o‘zini hurmat qilsa, marhamat qilib adabiy tilda gapirsin! Minbarga yetgan odamning yelkasida umummillat yuki bo‘lishi zarur! Maktabdan oliy o‘quv yurtlarigacha, majlisu yig‘inlardan rasmiy tadbirlargacha davlat tilida bo‘lishi lozim va lobid! Davlatimizga madhu sano o‘qimang, uning tiliga amal qiling. Axir, kecha uni himoya qilib ko‘chaga chiqqan o‘zimiz emasmi! Hamma darslar adabiy tilda o‘tiladigan, ustozlar o‘quvchilar shevasini adabiy tilga burib, uni o‘rgatadigan chiroyli qonun majburiyatlari qaerda qoldi? Endi buni qilib bo‘lmaydi, deb o‘ylaysizmi? Yo‘q, bo‘ladi! Men eski shaharning qoq markazida turaman, shu mahalladagi maktabda muchal tadbiri bo‘lyapti ekan. Taklif qildilar, bordim. Ikki soatcha o‘tirib, o‘qituvchilarning gaplarini, bolalarning so‘zga chiqishlari, she’r o‘qishlari va qo‘ygan sahnalarini tomosha qildim. Bolalarning hammasi shu atrofdan, asosan tub toshkentlik oilalardan, o‘qituvchilar ham shunday. Lekin bir og‘iz ham sheva eshitmadim. Hayronu xursand bo‘lib yonimda o‘tirgan o‘qituvchiga: “Qanday yaxshi, bolalar maktabda adabiy tilga rioya qilar ekan”, desam, o‘qituvchi sapchib tushdi: “Voy, nima deyapsiz, mumkin emas! Darslarni adabiy tilda o‘tamiz, hovlida ham bolalarning adabiy tilni buzib gapirishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Axir, bu davlat tilimiz-ku!” dedi. Bo‘lar ekan-ku! Qoyil bo‘ldim, lekin qani edi hamma maktabda shunday bo‘lsa! Afsus!
Asli muammoning tubi chuqurroq, masala tilning sut bilan qachondan kirishi, bolaning ona tilini qaerdan o‘rganib boshlashida. Beshik tebratadigan kelinlarning bir qo‘li beshikda, ikki ko‘zi televizorda – alla aytish faqat ko‘rik-tanlovlarda qoldi. Onalar ro‘zg‘ordan bo‘shamay ham televizorga qadalib oladi. Bola bir narsa so‘rasa, boshimni qotirma, bor ko‘chaga, o‘yna yo darsingni qil, deb haydaydi. Erkaklar ish bilan, bolasi bilan gaplashib o‘tirishdan o‘zini olib qochadi. U ham xotiniga qo‘shilib serial ko‘radi. Ertak aytib beradigan buvilar o‘zi azaldan siyrak, ekranga ko‘zi o‘tgani... bunda ham o‘sha ahvol. Bular ham o‘tib ketyapti. Dasturxon ustidagi gurunglar yo‘q bo‘lib ketdi. Bola qaerdan til mashqini oladi – u ham noiloj, televizorga tikiladi, sal esi kirgani kompyuterni titkilaydi, surrogat narsalar ongiga quyilaveradi, jumladan buzuq til ham.
Albatta, ota-ona bolalariga ega-kesim undoq bo‘ladi, til qoidalari bundoq bo‘ladi deb o‘rgatib o‘tirmaydi. Aksincha, bolaning tili tabiiy muhitda: o‘zaro muloqot, so‘zlashuv, o‘yinlar, hangomalarda kamol topadi. Va maktabda bu tarbiyani oladi. To‘g‘rirog‘i, olishi lozim. Maktablarda esa til o‘qitilishi o‘quvchi bolalar uchun og‘irlik qiladigan, zerikarli qoida-yu bog‘lanishlar izohiga o‘tib qolgan. Azaldan beri shunday. Maktablar jonli muloqot tilini o‘rgatmaydi, egayu kesim, gap bo‘laklarini ko‘rsatib beradi,xolos, binobarin, tirik tilga muhabbat ham uyg‘otmaydi,
Fikr shakllanishi, tilni bilishning yana bir muhim omili – kitob, badiiy asar. Hozir o‘quvchilarning aksariyati kitob o‘qimaydi, badiiy asarlarni varaqlab ko‘rmaydi. Ustiga ustak, darslik – xrestomatiyalar ham kambag‘al, ular nom sanash bilan, o‘tmishdagi katta adiblarimizning hozirgi yoshlarning dunyoqarashi, qiziqishi, dunyobinligi, ko‘ngil kechinmalaridan yiroq asarlari bilan to‘la. Yoshlar o‘qiydigan narsa kam. Mana, bugungi kunga kelib shu maktablar ekkan arpa hosilini o‘ryapmiz-da, yoshlarimizning tili buncha kambag‘al, buncha sun’iy deb, nimaga bular beodob bo‘lib ketyapti, deb yozg‘iramiz. Qo‘shiq aytyapman deb almoyi-aljoyi shang‘illab yotganlar, ularga shaydoyi qarsak urib, o‘yinga tushayotganlar nafaqat til mas’uliyati, til nomusi nimaligini, balki uning o‘zi nimaligini ham bilmaydilar. G‘uliylikni o‘zi ixtiyor qilib tanlagan va shu bilan faxrlanadigan manqurt toifa! Bu o‘zimiz yetishtirayotgan avlod.
Millat ruhining ifodasi bo‘lmish adabiy tilni buzmay, bo‘laklamay rivojlantirish kerak. Zero, u davlatchiligimiz asosi hamdir. To‘qson ikki bovli o‘zbekni birlashtirgan! Endi bu o‘zbekning har elati maktabdan boshlab o‘z shevasida gapirib, o‘qib-yozadigan bo‘lsa, keyin adabiy tilni har yoqqa tortqilasa, tasavvur qilasiz-ku qayoqqa o‘tib ketishimizni! O‘zi-ku sho‘ro yaxlit yashab kelayotgan turkiy millatni sen alohida, sen alohida, mana, senga bitta respublika, kamrog‘ingga, mana, muxtoriyat deb uluslarga bo‘lib, oraga qutqu urug‘ini qadab qo‘ygan edi. Turkiston turkiylari har biri alohida millat bo‘lib oldi, mayli, bu millatlarga ham barakasini bersin. Lekin yagona turkiy til bo‘laklandi, har bo‘lagi o‘zicha ihotalanib oldi. Bir-birini baloday tushungan ellar bugun qon-qardoshi tilini lug‘atsiz anglashi mushkul. Mayli, har biri o‘z davlatida unib-o‘ssin, taraqqiy topsin, lekin umumturkiy til birligini yo‘qotmasinlar. Bu til Turkistonday ulkan hududda umrguzaronlik qilayotgan millatlar tafakkuri rivojining garovidir. Bu til birligiga rahna solish bugungi kunda har bir turkiy millatning o‘zini ichdan parchalashga ham olib keladi. O‘tmish tarixlarda bu necha bor qaytarilgan, yalakatmag‘iz katta uluslar parchalangan.
Umumturkiy daryoning ariqlarga bo‘laklab tashlangani yetmaganday, chig‘atoy tilini adabiy tilga aylantirishda leksik boy imkoniyatlar yana ham toraytirilgan, bugungi o‘zbek adabiy tiliga asos qilib qarluq-chigil shevalarigina olingan. Masalan, juda ulkan areal-qipchoq lahjasi shevalarining aksari boyliklari adabiy tilga kiritilmagani bizni qozoq, qirg‘iz, qoraqalpoq, tatar, boshqird, oltoy tillari... umuman Rossiyaning markaziy, janubiy, shimoliy hududlari, Oltoy o‘lkalari, Mo‘g‘uliston, Xitoy hududlarida yashayotgan turkiy xalq, el-elatlardan oramizni uzoq qilib, leksikamizni ham toraytirib qo‘ygan, binobarin tilimizning ifoda imkoniyatlari cheklanib qolgan. Jahonning yetakchi tillari qatoriga chiqa olmasligimiz sabablarini ham shu yerdan izlash kerak. Bu mening emas, tilchi mutaxassislar fikri va bu haqiqat. Ayni paytda leksikografiyamizga o‘g‘uz shevalari boyliklaridan juda oz kiritilgani uchun, mana, bugungi kunga kelib usmonli turk va turkman tillarini gaplashganda anglashimiz qiyin, o‘qishda esa lug‘atga muhtojmiz. Bu “ilmiy” tadbirlar oqibatida adabiy tilimizning so‘z boyliklari kambag‘allashib, ifoda imkoniyatlari yaroqsiz ahvolga tushib boryapti. Gap tilimizning chindan-da bugungi zamon talablariga javob bera olishi yo bera olmasligi borasida ketayotir.
Teskari ish qilyapmizmi deyman. Tepada men keltirgan misol mayda, ammo katta ham maydadan kattaradi. Hozir biz OAV, TV-radio tilini har birimiz o‘z mahallamiz, o‘z tuman-viloyatimiz shevalariga tortqilasak, bu maydaliklar yorig‘i ertaga borib jarlikka aylanadi. Alaloqibat o‘zbek millatining ham bir butunligiga tahdid soladi. Bu vahima gap yo mubolag‘a emas, endi uch berib o‘sayotgan xavf. Nahotki bo‘rini ko‘rib turib o‘zimizni asramasak, uzoq va yaqin o‘tmishdagi bo‘linishlar saboq bo‘lmasa!
Sohibqiron bobomizning: “Bizkim, maliki Turon, amiri Turkistonmiz, millatlarning eng qadimi va ulug‘i turkning bosh bo‘g‘inimiz” degan gaplarini aytib faxr qilamiz-u, bu o‘git-vasiyatni tanimizga olmaymiz.
Turkiy chig‘atoy, ya’ni hozirgi o‘zbek tilimiz o‘tmishda barcha turkiy el va elatlarga tushunarli bir o‘zak til edi. Turk Yunus Emro, turkman Maxtumquli, ozar Fuzuliy, qozoq Abay, qoraqalpoq Berdaq bitta til daryosidan bahra olgan va bugun ularni o‘girish ham uncha shart emas. “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Manas”, “O‘g‘uznoma”, “Qo‘rqut ota” bir til zaminida yaratilgan. Bu tilning bosh bo‘g‘ini – shu, ona tilimizdir. Uni asrab-avaylash, uning sheva-lahjalarining toza buloqlaridan yana suv olish, faqat o‘zimiz uchungina emas, qardosh tillar rivoji uchun ham nihoyatda kerak. Tilda oldi-berdi o‘zimiz uchun ham suv bilan havodek zarur.
Negaki tilimizning ohori to‘kilyapti, taqirlanib borayotir. Gulu chamanzor bo‘lishi lozim zamin suvsiz biyobonga aylanayotir. Gap faqatgina chet istilohlar istilosida ham emas, tilimiz ichdan ham yemirilyapti: “Men yolg‘iz qolishni xohlayman” – nima degani bu, eri o‘lib, beva qolishni istayaptimi yoki yonimdan keting, demoqchimi? Qaysi tilda bu? “Meni o‘z holimga (tinchimga) qo‘ying” desa bo‘lar edi-ku! Yo‘q, shunaqa beso‘naqay gap qulog‘imizga har kuni qayta-qayta quyiladi, shunday gapirishni odatga aylantiradi. “Ayiqlarning bilish qobiliyatlari juda rivojlangan”, “Yuzlab shunday iplar osilib turishadi” (G‘orda tepadan silqib tushadigan oltingugurt kislotasi haqida), “Barneo qurbaqalari mana shunday imo-ishoralardan foydalanishadi”, “Ular istagancha yashashimga imkon berishadi” (baland binolarga tirmashib chiqadigan anuv odam o‘z oilasi haqida) “Hozir kayfiyatingni ko‘tarishga harakat qilib ko‘raman”, «Qaynatilgan qozondagi suv bunchalik bug‘lanmaydi“, “…dastlabki mag‘lubiyatni qabul qilib olgan”, “Ancha past turish holatiga ega” (bokschi haqida), “Tabiatga nooqilona munosabatda bo‘lish...”, men bu o‘lamsa birikmalarni e’tiboringizni tortish uchun misol qilyapman. Bo‘lmasa o‘zingiz ham har kuni mudom eshitasiz. Nafaqat ortiqcha, sun’iy so‘zlar, balki jumlaning tarkibi, leksikasi ham buzuq. Shu buzuqlik urfga, qoidaga aylanib, tilimizni chok-chokidan so‘kib yuborayotir.
Bir e’tibor bering: “Yangi yil muborak!” Hamma yerda shunday yozadigan bo‘ldik. “Bo‘lsin”ni qo‘shmaganimiz bois jumla ma’nosi siljib, yil bizga emas, o‘ziga muborak bo‘lib qolyapti. Xuddi gapirishga arzimaydigandek tuyuladi bu ham. Lekin shunday yozish va o‘qish odatga aylanib borayotgani odamni seskantiradi. Bir singlimiz chiqishini he-be yo‘q, salomsiz: “Omonmisiz, azizim?”, deb boshlaydi. Salom qani? Nima, biz ekranga qarab o‘tirganlar ur-to‘polon mushtlashuvdan chiqdikmi, omonligimizni so‘raydi? “Men sizlar bilan xayrlashaman” – go‘yo bizga qarab o‘n kishi gapirayotgan edi, shulardan bittasi bizdan arazlab qoldi! Nimaga xayrlashadi, yuz ko‘rmas bo‘lib ketgulik qilganimiz yo‘q-ku? “Xayr” bilan “xayrlashaman”ning farqiga bormasa, “Ko‘rishguncha, omon bo‘ling”” deb qo‘ya qolsin – shu kifoya-ku!
Demoqchimanki, o‘z tilimizdagi so‘z, ibora, birikmalarning ma’nisiga bormaslik ko‘nikma bo‘lyapti va bu, aylanib kelib yoshlarning tilini buzyapti. Kattalar esa e’tiborsiz.
Shu gaplarni aytyapman-u, lekin, masalan, menga televizorda futbol matchini sharhla, desalar, o‘zim ham shu “Koptokni boshi bilan urib kiritdi”, “Koptokni oyog‘i bilan olib qochdi” kabi sun’iy iboralar tortanagida tipirchilab qolsam kerak. Chunki tinmay takrorlanadigan shu “zarba-yu kuchli zarbalar”dan kallam gangib, ochiq gap, sharhning haqiqiy tili qanday bo‘lishiga aqlim ham yetmay qolgan. Jumla o‘zbekcha, sharhlovchi (shuni bemalol “sharhchi” desa ham bo‘lardi) o‘zbek, so‘zlari ham o‘zbekcha, lekin sharhi o‘zbekcha gapirishga o‘xshamaydi. “Futbolchi to‘pni o‘yinga kiritadi”, oyog‘idan, boshidan, umuman hamma yog‘idan nuqul “jarohat oladi”, oyog‘i qayriladimi, lat yeydimi, eti yo payi cho‘ziladimi, boshi yoriladimi, suyagi darz ketadimi, farqi yo‘q – “jarohat oladi”, tamom! Boshqa so‘zni qo‘llamaymiz. Holbuki, tilimizda “jarohat” – ochiq shikast. “Jarohat” bilan “yara”ning ham farqi bor. Hujum qilinmaydi, balki “uyushtiriladi” yo “amalga oshiriladi”. Baraka topgur, jilla qursa, “hujumga o‘tdi” de, nima qanaqa “amalga oshirilayotganini” ko‘rib turibmiz-ku. Yana qarang, ikki bokschi mushtlashyapti, bittasi ko‘proq musht yeyapti, “zarbalarni qabul qilyapti” ekan, chidash beryapti, “yutqizish niyatidan voz kechmoqchi emas”, deb, keyin go‘yo to‘g‘rilanadi: “yutqizish niyatidan chekinmoqchi emasga o‘xshaydi”. Ey jo‘ra, gaping o‘xshamaydi, axir, bokschi “yutqizish niyatida” emas, balki yutaman degan umidda o‘rtaga tushgan.
O‘n yillardan oshib ketdi, ruscha “dobroe utro”, “dobrыy den”, “dobroy nochi”, usmonli turkchadan “iyi sabahlar”, “iyi gunlar”, “iyi gejaler”, “iyi akshamlar”, “iyi uykular”, (“iyi” – egzu, egulik; turkchada tilak bildirishning “xayrli...” muqobili ham keng qo‘llanadi) yozma tilimizdan “xayrli tong”, “xayrli kun”, “xayrli tun” tarzida, xususan TVning kino va tarjima seriallari tufayli bolalab, yozma tilimizdan joy olib bo‘ldi. Usmonli turkiy bizga tushunarli, chunki tubi bir til. Lekin so‘z qo‘llashdagi tafovutlarni befarq tarjimonlarimiz farqlab o‘tirmaydilar. Endi bu yasamalik og‘zaki tilimizga va hatto shevalarga ham o‘tib ketayotir.
Chet istilohlarning ona tilimizga kirishiga me’yorida yo‘l qo‘yib berish bilan ularni o‘rganishni aralashtirmaslik kerak. Lekin masala shundaki, chet istilohni, o‘z ongingizda ayni lug‘aviy ma’no ifodasi – milliy so‘z bo‘lmasa, qanday anglaysiz, o‘rganishda nimaga suyanasiz, xorijiy istilohni nimaga qiyosan tushunasiz? Anglangan ong – tafakkurning siyrati, bu so‘z. Milliy So‘z chet tilni o‘rganishda zamin, shu boisdan ham ona tilimizni qancha teran bilsak, chet tilni shuncha puxta o‘zlashtiramiz. Bu oddiy aksioma. Mana o‘ylang, masalan, o‘zi asli o‘zbek bo‘laturib, bolaligidan ruscha bog‘chaga qatnab, ruscha maktabda o‘qib va, tabiiyki, keyingi hayoti davomida yevropocha hayot (bu ham bir gibrid tushuncha, ta’siri jihatidan ko‘proq sayoz ruscha) muhitida yashagan odamlarning tili haminqadar, fikrlash tarzlari na u, na bu bo‘lib qoladi. Til zaminidan oyog‘i uzilgandan keyin tafakkur tarkibi ham o‘zgaradi, buziladi. Bunga, masalan, badiiy adabiyotimiz ham bir misol. O‘zi o‘zbek bo‘laturib boshqa tilda yozgan iste’dodlarning asarlari o‘zbek zaminida uncha ildiz ota olmadi, hatto ularni tarjima qilganda ham tashqaridan qarash, badiiy tafakkur begonaligi ayon sezilib qoladi.
Milliy istilohlarni izlab topish, yangilarining qanday ildiz, affiks, suffiks, prefikslardan yasalishini tilchilarimizga qo‘yib beraylik, bu ish ularsiz bitmaydi ham. Bizning fikrlarimiz undash, xolos. Milliy tilning tasarrufda kelayotgan so‘zlaridan so‘z yasash, buni bilgan tilchilarimiz uchun tinkani quritadigan og‘ir, keng ko‘lamli, lekin qilib bo‘lmaydigan ish emas. Xuddi shunday, shevalarimizdan so‘zlar olishning mehnati bor, meningcha. Ya’ni ular adabiy tilning me’yor, qoidalari va orfografiya shartlariga moslashtirib iste’molga kiritilishi lozim, bu ham mutaxassislar yumushi. Leksikografiyamiz ahvolini qayta qarab chiqish, uni boyitish nechog‘li dolzarb bo‘lmasin, bu borada ham chumchuqni qassob so‘ygani ma’qul. Faqat taysallamaslik lozim.
“O‘quvchi”, “yozuvchi” kabi nisbatan “yosh” o‘nlab istilohlar ilk iste’molga kiritilganda bular ham g‘alati tuyulgan bo‘lsa kerak: “adib”, “navisanda”, “talaba”, “tolib” kabi o‘rgangan so‘zlarimiz turganda bularga na hojat, deb. Lekin hozir muomalada tabiiy bo‘lib ketdi, arabiy “adib”, “talaba”ga qaraganda kengroq ko‘lamda istifoda etiladi. Shevalarimizda esa adabiy tildan chetda qolayotgan boshqa muqobillari ham bor: “yozarman”, “o‘qirman”. Negadir, shu “...man” qo‘shimchali so‘zlar adabiy tilda juda siyrak, bu suffiks imkoniyatlaridan yangi so‘z yasashda foydalanmaymiz. Aholi tilida esa keng qo‘llanadi: “Bu sotarman, u olarman bo‘pti. Bu olarman, qiz tegarman”, mana, “Zominning til qomusi”da shunaqa “...man” qo‘shimchasi bilan yasalgan, adabiy tilga kirmagan yigirmadan ortiq so‘z keltiriladi. Yana bir misol “...gilik”, “...gulik” kabi qo‘shimchalar bilan yasaladigan “borgulik”, “ketgulik”, “kelgulik”, “o‘tgulik” (“o‘tgilik”) adabiy tilda juda siyrak, ahyon-ahyonda, bu ham badiiy asarlarda qo‘llanib qoladi. Istambul ko‘chalarida yengil ulovlar ko‘chada qator terib sotuvga qo‘yilgan, hammasining old oynasida “satilik” degan yozuv. Demak, sotiladi, tushunarli, lekin bizga o‘xshab “sotiladi” deb kitobiy emas, nimadir tub turkiy, bizda uning aynan shunday lo‘nda muqobili bormi-yo‘qmi deb rosa o‘ylaganman. Yaqinda “Qashqadaryo xalq so‘zlari”ni varaqlab, ayniyatini topib oldim: “sotqiliq!” O‘zimizning so‘z! Yonimizda turgan! Xalq bemalol qo‘llaydi. Biz esa ruscha “prodaja”dan olib, “uy sotiladi” (“dom prodayotsya”), “sotiladigan uy” (“dom na prodaju”) deb birikmani so‘ljaytirganmiz. “Baliqlar tozalovchilik vazifasini bajaradi” – bu ne jumla ekanini baholashni o‘zingiz “amalga oshiring”!
Bunaqa holatlarda, mayli, lug‘at titkilamaylik, o‘zimizga quloq solaylik: so‘zlashuv – jonli avom tilimiz ming ko‘rgulikka duch kelayotgan bo‘lsa-da, hali ham boy, asl so‘zlarimizning ma’nosi teran, ko‘lami keng. Adabiy tilning o‘z zamini – avom tili, xalqning jonli tili hisobiga boyib, rivojlanib borishi ham qonuniyat-ku.
Izlash, izlanish kerak. So‘z ham tirik, til daryosi oqimida nafas olib yashaydi, ta’bir joiz bo‘lsa, urchiydi ham. Biz esa o‘z so‘zlarimizni jonsiz qilyapmiz hamda ularning ustiga ko‘p kushanda qo‘yib yuboryapmiz.
Bugungi kunda go‘yo sof o‘zbekcha so‘zlardan tuzilgan birikmalarning sun’iyligi, bir so‘z ifoda qiladigan tushunchani to‘rt-besh so‘z bilan ifodalashga o‘tib ketayotganimizga ajablanasiz. “O‘zbekiston havo yo‘llari” qirqdan ortiq yo‘nalishda parvozlarni amalga oshiradi”, “O‘zbekiston havo yo‘llari” istiqbol sari dadil qadam tashlamoqda”, “Bunday uyg‘unlik hamma o‘simliklar tomonidan amalga oshirilavermaydi” – sirtdan o‘zbekchaga o‘xshagan mazkur jumlalarni tilchi olimlarimiz bir leksema qoidalariga solib tekshirsalar, nima bo‘lyapti o‘zi deb tashvishga tushib qoladilar.
So‘zga e’tiborsizlik, befarqlikdan u o‘lishi ham, aniqrog‘i boshqa so‘z uning o‘rnini egallab, o‘ldirishi ham mumkin. Mana, hammamiz “axlat”ni og‘izga oladigan va bundan hazar qilmaydigan bo‘lib ketdik: “Axlat tashlama! Axlat moshin keldi.. Axlat chelakni olib tushaman”. Milliy axloqu odobimiz tagida pokizalik yotadi. Axlat esa – bu najosat. Ma’nosini bilgan odam shu so‘zni yozishga ham iymanadi. Axir, uyimizdan chiqqan sabzavotu meva po‘chog‘i, ovqat sarqiti, supurindini shunday deyapmiz! Farishtali kelinlardan tortib, nuroniy, taqvoli buvalargacha. Jonli, avom tilida ham, OAV yozma nutqida ham bee’tibor “axlat” deb qo‘llayveramiz. Holbuki, tilimizda asl ma’nosini beradigan “chiqit”, “chiqindi” kabi besh-oltita istiloh beega yotibdi. Ammo bularning ustidan ruscha “musor”dan ko‘chirma o‘girilgan “axlat” bosib qoldi. Qizig‘-ey, “tezak”, “tezakladi” turganda kaptaru chumchuqdan karkidonu filgacha – hammasi “axlat tashlaydigan yo sochadigan” bo‘lib ketdi. Darvoqe, TVga rahmat, yaqindan beri ora-sira “chiqit”ni qo‘llaydigan bo‘ldi.
Ona tilimizga munosabatimizni tubdan o‘zgartirishimiz lozim. Tilimiz xarob ahvolga tushib boryapti, uni qayta jonlantirish uchun hayallamay ish boshlash kerak.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 6-son.