OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Tursunboy Adashboyev. Ustozlardan yuqqan "nuqson" (2013)

Kechagidek esimda, birinchi mashqim oltinchi sinfda o‘qiyotganimda “Tong yulduzi” (sobiq “Lenin uchquni”) gazetasida bosilgan edi. “Qirg‘iziston haqiqati” respub­lika gazetasida hajviy she’rlar uchun e’lon qilingan tanlovda ikkinchi o‘rinni olganimdan so‘ng musahhih bo‘lib ishlashga taklif qilishgan.

1958 yilning may oyi edi. Muharririmiz No‘‘mon G‘ulomov Qirg‘iziston Yozuvchilar uyushmasining raisi, atoqli shoir Suyunboy Eraliev meni yo‘qlayotganini aytdi. Uyushmaga borsam, Suyunboy og‘a hovlida chust do‘ppili, po‘rim kiyingan, yuzi farishtali bir kishi bilan gurunglashib turardi. So‘rashib bo‘lgach, og‘a menga hamsuhbatini tanishtirib: “Mehmon ustoz shoir Mirtemir bo‘ladilar. “Manas”ni tarjima qilish maqsadida kelganlar. Bir hafta ustozga hamroh bo‘lasiz, ishxonangiz bilan kelishib qo‘yganmiz”, deb gapning indallosini aytdi. Ulug‘ ustoz, alloma inson bilan tanishuvimiz shu tarzda boshlangan edi. Fanlar akademiyasining Manas sektorida ikki kun bo‘lgach, “Olatog‘” jurnalining bosh muharriri, taniqli shoir Sovranboy Jusuev hamrohligida Talas shahriga safar qildik. Manas qabri ziyoratida shoir Talant Boyqobulov birga bo‘ldi. Mirtemir domla eposni yoddan aytuvchi oqinlar bilan yuzma-yuz uchrashib, suhbatlashdi. Ba’zi ma’lumotlarni yondaftariga yozib oldi. Haftaning so‘nggi kunida Bishkekka qaytdik. Yakshanba oqshomida ustozni poezdda Toshkentga kuzatdik. Mirtemir domla va’dasiga binoan 1959 yilning aprelida yana Bishkekka keldi. Temir yo‘l vokzalining ro‘parasida yangi qurilgan “Tiyonshon” mehmonxonasiga joylashdi. Bir hafta davomida “Manas”ning bir necha variantini o‘rganib, olimlar, oqinlar bilan dildan suhbatlashdi. Ulug‘ adib Chingiz Aytmatovning maslahatiga binoan, eposning mashhur oqin Sayoqboy Qoralaev varianti bo‘yicha nashr etilgan qismini o‘zbek tiliga o‘girishga kelishib olindi. Mirtemir akaning Talas, O‘sh va Issiqko‘lga safari “Qirg‘iziston ilhomlari” nomli mashhur turkumning yaralishiga sabab bo‘ldi. Turkumga kirgan dastlabki she’rlar ilk bora gazetamizning qo‘sh sahifasida e’lon qilindi. Oradan ko‘p o‘tmay bu turkumni Tumanboy Boyzoqov va Sovranboy Jusuev qirg‘izchaga ag‘darishdi.

Ustoz Bishkekdan qaytish arafasida: “Bo‘tam, gazetada bosilgan mashqlaringiz bilan tanishib chiqdim. Jujuqlarga yozish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Qudrat Hikmatning she’rlariga ohangdoshlik bor. So‘z ustida ishlash san’atida biroz oqsaysiz. Kelgusi yilning avgust oyida “Do‘rmon” ijod uyida yosh qalamkashlarning kengashi rejalashtirilyapti. Nasib etsa, sizni ham taklif qilamiz, o‘shanda Qudratvoy bilan tanishtirib qo‘yaman. U talantli, qattiqqo‘l ijodkorlarimizdan”, dedi.

1960 yilning avgustida Mirtemir domla jo‘natgan rasmiy taklifnomani olib, “Do‘rmon”da o‘tgan kengashda ishtirok etdim. Shu yerda To‘ra Sulaymon, Yo‘ldosh Sulaymon, Safar Barnoev va Habib Rahmat bilan do‘stlashdim. Ustoz va’dasiga binoan bolalarning sevimli shoiri Qudrat Hikmat bilan uchrashtirdi. Qudrat aka seminar rahbari bo‘lgani uchun bolalar adabiyotining o‘sha kezdagi taniqli vakillari Hakim Nazir, Quddus Muhammadiy, Shukur Sa’dulla, Tolib Yo‘ldosh va Po‘lat Mo‘min bilan bizni yaqindan tanishtirdi. Kengash qatnashchilaridan Yo‘ldosh Sulaymon, Olim Mahkam, Obidjon Yusupov va Obid Rasulning qo‘lyozmalari jiddiy tahlil qilindi. Ularning asarlaridan ba’zi namunalar almanaxlarda chop etish uchun tanlab olindi. Seminar davomida vaqtli matbuotda she’rlari chiqqan tengdoshlarimizga havas qildik.

Muhokama jarayoni ko‘pkariga birinchi marta kirgan uloqchini yodimga soldi. Cho‘bir otga har qan­cha qamchi urmang, u qashshang tortadi, taysallaydi. Mashqlarimizda cho‘g‘ bo‘lmasa, uni yaltiroq so‘z­lar hisobiga bezash bilan uzoqqa borib bo‘lmas ekan. Ayniqsa, Tolib Yo‘ldosh va Qudrat Hikmatning Obid Rasul she’rlari bo‘yicha bildirgan fikrlari, o‘rinli mulohazalari bizga ibrat bo‘ldi. Chamamda, ustoz Mirtemir men haqimda shipshitib qo‘yganmi, qo‘lyozmalarimni muhokamaga qo‘yishga Qudrat aka ro‘yxushlik bermadi, faqat o‘zimga “Seminardan keyin gaplashamiz”, deb qo‘ydi. Bu “Mashqlaring ancha dumbul” degani edi. “Do‘rmon”dagi kengashdan so‘ng ikki kunga qolishimga to‘g‘ri keldi. Qudrat aka bilan bir kun Toshkentni tomosha qildik. Ikkinchi kuni ustoz Chilonzordagi bir xonali uyida qo‘lyozmalarimni boshdan-oyoq, satrma-satr tahlil qilib berdi: o‘ttizta she’rdan atigi uchtasining nuqsonlarini ko‘rsatib, jiddiy ishlashimni uqtirdi. Samuil Marshakka taqlid qilib qoralagan “Gazeta qanday chiqadi” sar­­lavhali balladamni qayta yozishim kerakligini aytdi. Bolalar uchun yozilgan she’rlar qisqa bo‘­g‘inli, lo‘nda, quvnoq, voqeaband va yangi qofiyalarga to‘yintirilgan bo‘lishini ta’kidlab, jahon adabiyotini izchil o‘qishimni mas­lahat berdi. Xullas, ikki yo‘lning o‘rtasida qoldim: gazetada ishlashim kerakmi yoki bolalar adabiyotini tanlaganim ma’qulmi? Qora qozonni qaynatish uchun tahririyatda ishlab turishga to‘g‘ri keldi. Ikki oy davomida Qudrat akaning e’tiboriga tushgan uchta she’r va balladani qayta ishlab, ustozga jo‘natdim. She’rlarimning “Gulxan” jurnalida chiqishi men uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. Balladam esa 1962 yilda nashr etilgan “Buni toping, bolalar, aytib bermang, onalar” nomli almanaxda bosilishi kaminaga qanot bag‘ishladi.

Ha, ustozlar masalasida meni Tangri yarlaqadi. Ular tufayli "Do‘rmon"dagi ijod uyida o‘tgan keyingi ikki seminarda ham ishtirok etib, do‘stlar orttirdim, o‘z ustimda jiddiy ishladim. 1969 yilning kuzida ishxonamga Barot Boyqobilov qo‘ng‘iroq qilib, “Yosh leninchi” (hozirgi “Turkiston”) gazetasida Qudrat Hikmat menga oq yo‘l tilaganini aytib tabrikladi. Navbatdagi tadbirlardan birida Mirtemir domla qirg‘iz adabiyotidan tarjimalar qilishga da’vat etdi. Ustoz vaqtli matbuotda ishlayotgan shogirdlariga ham tayinlagan bo‘lsa kerak, “Mirtemir muallim sizni tavsiya qildi”, degan mazmunda xatlar ola boshladim. Talabalik chog‘imdayoq “Kamolning olmasi” nomli birinchi kitobim bosilib chiqdi. Havolanib ketdim shekilli, o‘sha kezlari o‘tkir kinoyalari, taqlidlari bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushgan Erkin Vohidov, Anvar Eshonov, Yusuf Shomansur kabi og‘alarimga ergashib parodiyalar yoza boshladim. Ustozim Qudrat Hikmatning o‘giti u qulog‘imdan kirib, bunisidan chiqmaganida – Shukur Sa’dulla bilan Po‘lat Mo‘min kabi ustozlarning g‘ashiga tegib parodiya yozmagan bo‘­lardim.

Mustabid tuzumning biz ilg‘amagan qonun-qoi­da­laridan biri shunday edi: qardosh respublikalardagi o‘zbek ijodkori uyushmaga o‘tadigan bo‘lsa, tavsiyanomalarni partiya tashkiloti kotibi tasdiqlab, muhr bosishi shart edi. 1965 yillarda ustoz Shukur Sa’dulla Yozuvchilar uyushmasida partiya tashkilotini boshqarardi. Shukur akaning “Ozod diyor” sarlavhali she’riga bag‘ishlagan parodiyam “Mushtum” jurnalida bosilgach, mashmasha boshlandi. Shukur aka Mirtemir domla bilan Qudrat akaning kaminaga bergan tavsiyanomalarini tasdiqlashdan bosh tortdi. Men uchun tashvishli bo‘lgan o‘sha kezlarda G‘afur G‘ulom nashriyotining ro‘parasidagi kitob do‘konida Mirtemir domla bilan To‘ra Sulaymonni uchratib qoldim. Ustoz so‘rashayotib: “Kishi baloga qolurmi o‘z ixtiyori bilan”, deb yelkamga qoqib qo‘ydi. Chamasi, parodiya mashmashasi haqida To‘ra Sulaymon shipshitib qo‘ygan. Mirtemir aka taksi to‘xtatib, To‘ra Sulaymon ikkimizni Yozuvchilar uyushmasining 1 may ko‘chasidagi binosiga olib bordi. Shukur akaning xonasi ochiq, ammo o‘zi yo‘q ekan. Galina ismli kotiba Mirtemir akani tavoze bilan kutib oldi. Partiya tashkiloti rahbari Markazqo‘mda majlisda ekan. Kotiba rasmiy qog‘ozlarimizni tas­diqlab berdi. Keyin ustoz bizni “Sharq” restoranida mehmon qildi.

Ancha shov-shuvga sabab bo‘lgan o‘sha parodiyani sevimli jurnalimizning muxlislari ham bir o‘qib ko‘rishsa, ijodkor uchun xolis gapni aytish o‘sha zamonlarda oson kechmaganini his qilishar...

QISQASI, PALON-PISTON

Shukur Sa’dullaga

“Dalalaring bog‘iston,
Toshloqlaring tog‘iston.
Rostin aytsam, o‘zingsan
Mangu chaman guliston”.

“Ozod diyor” she’ridan

* * *

O‘zbekiston bog‘iston,
Qirg‘iziston tog‘iston.
Tiyonshondan o‘tsangiz,
Naryog‘i Qozog‘iston.
Olatog‘u Tangritog‘
G‘aroyib toshlog‘iston.
Kavkazda-chi Elburus,
Maxachqal’a – Dog‘iston,
Qisqasi, palon-piston,
Yozsangiz bo‘lar doston.
(1965 yil).

Har ikki ustozdan shogirdparvarlikni, xolislikni o‘rgandim. Mirtemir domlaning da’vati bilan qirg‘iz adiblarining bir talay asarlarini o‘zbek tiliga o‘girdim. Qudrat Hikmatdan to‘g‘riso‘zlikni, talabchanlikni, she’r ustida ishlashni, kichkintoylarning so‘z boyligini hisobga olgan holda yozishni o‘rgandim.

1965 yildan 1990 yilga qadar 15 ta kitobim, 20 ta tarjima asarim chop etildi. Rus, qozoq, qirg‘iz, tojik va latish tillariga o‘girilganlarini qo‘shsak, umumiy adadi ikki milliondan oshadi. 1990 yildan 2013 yilgacha esa 10 ta kitobim, 5 ta tarjima asarim yarim million nusxada bosildi. Korney Chukovskiy, Samuil Marshak va Jovanni Rabonining saylanmalari tarjimasi ikki-uch martadan chop etildi. O‘zbekiston ramziy ma’noda bolalar yurti. Demak, kitoblarimizning adadi shunga yarasha bo‘lishi kerak.

Ijodkor jamiyat bilan hamqadam bo‘lishi lozim. Atoqli adib, ustoz Odil Yoqubovning mustabid tuzum davrida o‘zbek paxtakorlarining og‘ir mehnati haqida SSSR Oliy Sovetining sessiyasida so‘zlagan otashin nutqini bir eslaylik. Shoir Shavkat Rahmon bilan jurnalist Yoqubjon Xo‘jamberdievlarning O‘sh va O‘zganda yuz bergan voqealar bilan bog‘liq turkum maqolalari, taniqli adib Dadaxon Nuriyning tabiatni muhofaza qilish mavzusidagi chiqishlari ibrat olishga arzigulik.

Men ham bolalar adabiyotining bir vakili sifatida yozgan asarlarimizga nisbatan to‘g‘riso‘z bo‘­lish, xolis fikr aytish tarafdoriman. Sababi, qah­ramonlarimiz tabiatan rostgo‘y kitobxonlar, yol­g‘onni ular kattalardan o‘rganadi. Ermak uchun yozilayotgan bemaza she’riy kitoblar, peshtaxtalarda bosilib yotgan saylanmalarni ko‘rganda buyuk adib, ustoz Abdulla Qahhorning qadri o‘tayotganini his qilamiz. Ibrohim G‘afurov va Yo‘ldosh Solijonovdan tashqari ko‘pchilik adabiyotshunoslarimiz ehtiyotkorlikni, murosasozlikni shior qilib olishdi. Shu jumladan, bolalar adabiyoti uchun maqtashga arzigulik ishlarni qilgan olimlarimiz ham hozircha sukutda.

Aybim – to‘g‘riso‘zligim. Bu “nuqson” ham ustozlarimdan yuqqan. Qolmishiga qahramonlarimiz – bola­jonlar yolg‘on gapirishmaydi. Kichkintoylarning ulkan adabiyotida eng qiyin soha maktabgacha yoshdagi farzandlarimizga she’rlar yozish. Bu borada do‘stim shoir Habib Rahmatga qoyil qolaman. Xudo rahmat qilgur Hamza Imonberdiev ham shu sohada o‘ziga xos maktab yaratib ketdi.

Kutubxonamdagi kitoblarning ko‘p qismiga “Parodiya yozmaslik sharti bilan” qabilidagi dastxatlar bitilgan. Bolalar adabiyotiga umuman daxli, ma’naviy haqqi yo‘q ba’zi jurnalistlar, ayrim olimlarning kichkintoylarga atalgan to‘plamlarga so‘zboshi yozishi, “oq yo‘l” tilashi urfga aylandi.

Kunlarning birida yaxshigina she’rlar yozayotgan ukalarimdan biri Dilmurod Do‘st: “Mening mashqimga parodiya yozibsiz”, deya o‘pkalab qoldi. Dil­murod bilan eryigitning uvvos tortib yig‘lashi to‘g‘risidagi qo‘shiqlar urchib borayotgani haqida dildan suhbatlashdik. Xuddi o‘sha kuni oqshomda zangori ekranda po‘rim kiyingan xonanda torni chertib, “To‘ying kuni to‘yib yig‘ladim” qo‘shig‘ini ayta boshladi. Qizlarning huzurida yigit kishining ko‘z yosh to‘kishini bir tasavvur qiling-a! Bu – yigitlarning bachkanalashib borishiga da’vat emasmi? Shunaqa vaqtlarda zabardast shoirimiz Abdulla Oripovning quyidagi satr­larining qadri yanada ortadi:

...U qo‘shiq kuyladi yor sha’niga mast,
Na kuldi, na to‘kdi qatra yoshini.
U mag‘rur kuyladi, qiz esa shu vaqt
Huzuriga keldi egib boshini.

She’rlari parodiya qilingan ba’zi do‘stlarimiz gazeta va jurnallarga uzundan-uzoq sharhlar, tushuntirishlar yozishadi, gina-kudurat qilib internet orqali suhbatga chorlashadi. Buning o‘rniga, kaminaning ham maromiga yetmagan, hissiyot ustun kelganda yozilgan, o‘zimni o‘zim takrorlagan mashqlarimga qoyillatib parodiyalar yozishsa, qaytanga xursand bo‘lardim. Bu – o‘zi­ga xos mardona munosabat bo‘lardi. Adabiyot, menimcha, mana shunday beg‘araz bahslarda takomil topadi.

Ulug‘ allomalarimizning nomini hadeb sanab o‘tish o‘rniga, Abu Rayhon Beruniy, Al-Xorazmiy, Ibn Sino haqida, Qori Niyoziy, Habib Abdullaev, Ib­rohim Hamroboev, Toshmuhammad Sarimsoqov, Sa’di Sirojiddinov, Yolqin To‘raqulov haqida bolalar va o‘smirlarga mo‘ljallangan badiiy-hujjatli asarlarga tanlovlar e’lon qilishning vaqti yetdi. “Chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin” deb bekorga aytilmagan. Kichkintoylar adabiyotining “nonini tuya qilib” nashr etilayotgan ba’zi kitoblarni ko‘rib, “Esiz qog‘oz, esiz mehnat!” deysan. Kattalarga durustgina she’r va g‘azallar yozib yurgan bir ukamizning “5 baho olgan kunim” deb nomlangan kitobini olib, muallif hisobidan xijolat chekdim. Qalamkash do‘stlarimiz Zafar Isomiddin, Sodiqjon Inoyatov va Xudoyberdi Komilovning bolalarga bag‘ishlangan kitoblarini bir varaqlab chiqsa yomon bo‘lmasdi. Qisqasi, har kim qo‘lidan kelgan ishni qilgani yaxshi.

Bugungi o‘zbek bolalar adabiyotining suyanch tog‘­lari – ustozlarimiz Nosir Fozilov, Xudoyberdi To‘x­taboev, Miraziz A’zamlari hamda Erkin Malik, Anvar Obidjon, Habib Rahmat, Kavsar Turdi­eva, Muhabbat Hamidova, Qambar Otalari bor. Betakror shoir, marhum Rustam Nazarning izdoshlari Ma’mur Qahhor, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab, Qo‘zi Ismoil va Erpo‘lat Baxt kabi ukalarimiz pand-nasihatgo‘ylikdan xoli, puxta asarlar yozayapti. Yozuvchilar uyushmasi “Ijod” jamoat fondi bilan hamkorlikda o‘tkazayotgan “Do‘rmon” ijod uyidagi seminarlarda iqtidorli yoshlar kashf etilayotgani kichkintoylarning katta adabiyoti bardavom ekanidan darak berib turibdi.

Respublikamizda amalga oshirilayotgan ulkan ish­lar, o‘zgalar havas qilsa arzigulik qurilishlar, ay­niqsa, tinchlik va xotirjamlik ko‘nglimizga g‘urur bag‘ishlab, yangi asarlar yozishga ruhlantiryapti.

Darhaqiqat, umr daryo ekan. Mana, yoshimiz ham bir joyni qoralab bormoqda. Allohga ming shukrki, diyonatli farzandlarimning ardog‘idaman. Uch qizim, o‘g‘lim, qator nabiralarimdan ko‘nglim to‘q. Ular boshqa sohalarning egasi bo‘lishiga qaramay, adabiyotimizning faol muxlisi.

“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 11-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.