OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Viktor Alimasov. Yashash hikmati (2006)

Ijodda sir ko‘p, hikmat ko‘p. Sersirligi, serhikmatligi bois ijod mudom jozibalidir. Ammo ijoddagi sirni ilg‘ash, hikmatni topish har kimga ham nasib etavermagan. Shunday aqllar borki, umrini, vujudini ijodga baxsh etadi, ming vahki, ijoddagi sir ham, hikmat ham unga tutqich bermaydi. Chunki jozibali ijod, undagi sir, hikmat aqlga emas, ijoddagi eng hayratli tomon bu, ko‘pincha ruhga, qalbga yuz ochadi. Faylasuf, nafosatshunos olim, yozuvchi, dramaturg Tilab Mahmudov ijod sirlariga ruhi, qalbi orqali oshno bo‘lgan, ijoddan joziba, komillik izlab o‘z umrini ham jozibaga, ibratga, namunaga aylantirgan zamondoshimizdir.
Tilab Mahmudov hayotni, tiriklikni sevuvchi, ulug‘lovchi, muabbadni yaratuvchi inson shaydosidir. Ushbu inson qalbida «Go‘sht yemagan bola» hikoyasining qahramoni Saidvali aytganidek, «Men – insonman. Insonday yashashim kerak. Cho‘pon tayog‘idan titraydigan qo‘rqoq molga o‘xshab emas» degan nido yashaydi. U sevishni va sevilishni istaydi; u zavqlanishdan va nafratlanishdan qo‘rqmaydi; u komillik dargumonligini biladi, lekin uni izlab adashishdan hayiqmaydi; u eng beozor jonzotga cho‘qinishga shay, buning uchun e’tiqodsizlikda ayblashlariga ham rozi. U, bu eng ibratlisi, yer farzandi, u o‘zi tug‘ilib o‘sgan zaminni sevadi, ushbu zamin farzandlarining quvonchi va alami, to‘yi va azasi, fazilati va illati unga ham taalluqlidir. Ustoz insonni yangidan kashf etganday yozadi: «Inson dunyo va oxirat o‘rtasidagi bepoyon manzilda yurguvchi karvonga o‘xshaydi. Manzil abadiy, karvon o‘tkinchi bo‘lganidek, insonning tani foniy, ruhi boqiydir. Ruhning boqiyligi insonning dunyo bilan oxirat o‘rtasidagi yo‘lda topgan ma’naviy mulkiga bog‘liq» («Komillik asrorlari». –  «Adolat» nashriyoti, 2006. – 19 b.). Ushbu ma’naviy mulk jamiyatning ham mulkidir. Demak, insonning inson sifatida shakllanishi mutlaq uning ixtiyorida emas; undagi fazilatu illatlarga o‘zi qanday mas’ul bo‘lsa, ushbu fazilatu illatlarning ildiz otishiga jamiyat ham shunday mas’uldir. Shunday dialektik bog‘liq mas’ulliklar bo‘lmasa, tiriklik va hayotning muabbadga daxldorligi haqida so‘z yuritishga hojat qolmaydi.
Tilab Mahmudov ijodini tahlil qilish, ob’ektiv baholash oson emas. Birinchidan, u – olim. Olim qurumsoq tadqiqot qonunlariga, aqlu idrokning hissiyotni rad etuvchi talablariga bo‘ysunishi darkor. Olimlik ilmning quruq, behis mantiqiy fikrlashiga itoat etishdir. Ilm ushbu talabining buzilishiga toqat qilolmaydi. Hissiyotga berilish, sentimentalizm, tavtologiya ilmning dushmanlaridir. Ikkinchidan, Tilab Mahmudov – nafosatshunos, yozuvchi, dramaturg, ya’ni badiiy-estetik olam vakilidir. Ma’lumki, badiiy ijod xayolotni, fantaziyani, hatto g‘ayriilmiylikni sevadi. Ilm bilan badiyat ochiqdan ochiq bir-birini rad etmasa-da, har qaysi o‘zining ichki talablariga muvofiq yashaydi. Xuddi shu bois Tilab Mahmudov ijodini baholash, barcha qirralarini yoritish mushkul. Ba’zan, domla, qanday qilib ushbu ikki munofiy sohalarni ijodiga jo etdi ekan, degan savolga boraman. Javobni esa u yaratgan badiiy obrazlardan olaman.
Tilab Mahmudov o‘zbek nafosatshunosligini ilm darajasiga ko‘targan, bu borada ilk tadqiqotlar o‘tkazgan, ilk monografik asarlar, qo‘llanmalar yozgan olimdir.  Yigirmadan ortiq taniqli musavvirlarning ijodi va asarlarini sinchiklab o‘rgangan, ularni keng o‘quvchilarga yetkazgan ham Tilab Mahmudovdir. Domla musavvirlar ijodini va asarlarini faqat olim, tadqiqotchi emas, shu bilan birga qalbi, ruhi nafosatga mushtoq, didi, zehni nafis, o‘y-xayoli betakrorlikka, ilohiy komillikka yo‘nalgan yozuvchi-mutafakkir sifatida tahlil etadi. U betakror jozibaga, ilohiy komillikka talpingan qalbini, ruhini duch kelgan musavvir ijodini va asarini o‘rganishga bag‘ishlayvermaydi, donishvor mahdudotdan ma’naviy komillik, yetuklik izlaydi. Aslida ijod ma’naviy komillikka, ilohiyga yetish yo‘lidir. Ilohiy mavzulardagi rangtasvirlar, chizmalar ruhni junbushga soladi, ulardagi g‘ayrihayotiylik reallik sifatida qabul qilinadi. Goho oldimizda shunchaki surat, turfa rang­lardagi simvollar turganini ham unutamiz, chunki ular bizni ilohiyga yaqinlashtiradi. Ilohiyni bilish, ilg‘ash esa serqusur, serillat foniy dunyoni unutish demakdir.
Ha, ijodkor ilohiy manzilga yaqinlashgan sayin nafaqat yon-atrofdagilarni, hatto o‘zini ham unutadi. Uni ilohiylikning jozibasi chulg‘ab oladi. Bu mening fikrim. Biroq domla boshqacharoq talqinga moyildir. «Inson o‘z ongi va tasavvurini poklagan sari, tabiat va jamiyat sir-asrorlarini tobora ko‘proq anglab yetgani sari qalbini, vujudini, ruhini va ongini takomil ettirib boradi. Ana shu tariqa olami jismoniy bilan olami ruhoniy o‘rtasidagi mushtaraklik, uyg‘unlik yuzaga keladi» («Komillik asrorlari». –19 b.). Mening ishonchim komil Tilab Mahmudov ilhom chulg‘ab olganida ijodkorning mahdudotni unutishini inkor etmaydi. Buyuk asarlar, durdonalar ana shunday telbanamo izlanishlar mahsuli ekanini domla yaxshi biladi. U ratsional, ya’ni «olami jismoniy bilan olami ruhoniy»ning uyg‘unlashishi tarafdori, men esa ijodkor ratsionaldan o‘zishi (inkor etishi emas), hatto irratsonalga berilishi ham mumkin deb bilaman. Lekin ijodkorning ratsionaldan o‘zishi umr bo‘yi davom etmaydi. Tilab Mahmudovning badiiy asarlari («Oqar daryo oqmasmidi jimgina», «Omonat dunyo» va «Umr shomidagi baxt») uning falsafa, nafosatshunoslik borasida izlanishlari bilan uyg‘undir. «Badiiy janrda, — deydi domla, — fikrlarni ifodalash usullari keng. Keyingi yillarda badiyatga ishqim tushib qoldi». Aslida, donishvar badiyat jozibasiga yoshligidan oshno, aks holda u nafosatshunoslikka mehr qo‘ymagan bo‘lardi. Nafosatshunoslik ilm sohasi hisoblansa-da, unda ilmiy idrok badiiy tasvirlarni ruhan anglashga ergashib keladi; hatto xayolot, to‘qimalar, fantaziya ilmiy idrokni shakllantiradi. Ekzistentsial borliqdan uzilmagan jozibalar olamini yaratish imkoni Tilab Mahmudovni nafosatshunoslikka, badiyatga yetaklagan. Lekin domla ilm ahli vakili ekanini unutmaydi. Shuning uchun uning ba’zi qahramonlari aspirant, ilmiy xodim, ilmga mehr qo‘ygan kishilardir. «Papasha»sining qaerda ishlashiga qarab muomala qiladigan Qudratov («Papasha qaerda ishlaydilar?»), kaltabin va takabbur Abdunazar («Aspirant»), badaxloq, shumniyat Temur Turg‘unovich («Avtoreferat»), mansabparast Zohid Po‘latov («Muhokama») kabi kimsalar esa ularning antipodlaridir. Ular o‘rtasida kurash, to‘qnashuvlar dramatik voqealarni keltirib chiqaravermasa-da, antipodlarning maddohlik, munofiqligi va mansabga erishish yoki erishgan lavozimini saqlab qolish uchun har qanday jirkanch ishlarga shay badkorligi nafrat uyg‘otadi. Ular shunchalar tanish, shunchalar yaqinki, go‘yo muallif sizni ko‘zingiz bilan yon-atrofga tikilgandek va sizni dilingizdagini gapirayotgandek. Chalasavod, nokor, lobagar «olim»larning jindek mansab uchun iymonini ham, insoniyligini ham sotishga tayyorligini ko‘rib beixtiyor “Ie, bu anavu falonkasov-ku!” deb yuborasiz...
Ijoddagi sir, hikmat va joziba yana shundaki, ijodkor bir daqiqa yoki bir kundan keyin qanday mavzu, qanday o‘y-xayol uni chul­g‘ab olishini bilmaydi. U hatto yaratajak yoki yaratilgan asarining taqdiri nima bo‘ladi, sevib o‘qiladimi yoki bir kitobxon ham topolmay maklaturaga tashlanadimi, buni ham bilmaydi. Mav­humlik ijodning hamsoyasidir. Lekin ijodkor qalbida bir iqd bor, u — yaratish, mukammallikka, ilohiylikka intilish dardidir. Aynan ushbu iqd, ushbu dard Tilab Mahmudovga ham orom bermaydi. «Dilga o‘lim, tanga tinim yo‘qdir, — deb yozadi u ilmu ma’rifat, ma’naviy barkamollik izlab. – Tanning tingani — o‘lgani, dilning tingani boqiylikning davomidir». Demak, inson tirik ekan komillik yo‘lida tinim bilmaydi, inson ruhiga o‘lim yo‘q, u — abadiy. Ruhning muabbadligi tufayli insoniyat – muabbad, hayot – muabbad. Ruh hech qachon yaratishdan, anglashdan, boqiyga talpinishdan to‘xtamaydi. To‘g‘ri, bu ruhni sub’ektivlashtirishdir, lekin unda ruh bilan inson o‘rtasidagi uyg‘unlik, ilohiy yaxlitlik tarannum etilmoqda. Ruh orqali aslida inson ulug‘lanmoqda.
Ayrim hikoyalarini «o‘zi uchun» yozgani ham sezilib turadi. Ayrim asarlarida, ayniqsa, ilmiy xodimlarga bag‘ishlangan hikoyalarda badiiy-psixologik tasvirlar yetishmasligi ko‘zga tashlanadi, lekin ularda o‘quvchini o‘yga solishga va o‘z ketidan ergashtirishga shay komillik izlayotgan ijodkor ruh mavjud. Komillik izlayotgan ruh komillik izlayotganlarga madadga keladi, ular uyg‘unlashganida toblanadi, ilhom keltiradi, insonning tilaklari va sa’y-harakatlariga mangulik baxsh etadi. «Inson ruhi (dili, qalbi) misoli temirdir. Uni toblash yoki zanglatib qo‘yish mumkin. Ruhning toblanishi ilhom keltiradi, zanglashi esa ko‘ngilni aynitadi. Dilini toblab, aqlini charxlagan odamlargagina ma’naviyat eshiklari ochiladi. Nainki inson xayollari, orzu umidlari ham avval dil bag‘rida tug‘ilib, tasavvur belanchagida ulg‘ayib, so‘ngra aql panohida kuchga to‘ladi» («Komillik asrorlari». – 19 b.). Ijodkorning ruh, aql, tafakkur, ma’naviyat haqida ko‘p yozishi bejiz emas, aynan ushbu voqeliklarda u inson ziynatini, axloqiy barkamolligini, eru xotinning jufti halol bo‘lib ilohiy yaxlitlik yaratganini ko‘radi. «Oila sharafi bo‘linmaydi, — deb yozadi domla «Hayotiy hikmatlari»da. – Erkak gunohi ayolni qaritadi, ayol gunohi esa erkakning obro‘sini to‘kadi. Xotin-erkakning izzati bo‘lsa, erkak xotinning qismatidir». Ba’zi hikmatlari esa maqol bo‘lgudek: «Gavhar qadrin ko‘r bilmas, Inson qadrin go‘r bilmas». Yoki: «Ilm­li – ildam, ilmsiz imillagandir», «Ko‘lmak suvni to‘plab bo‘lmas, to‘plab bo‘lsa ham ho‘plab bo‘lmas».
Shu kunlarda Tilab Mahmudov 70 yoshini nishonlayapti. Bu ozmi ko‘pmi? Uni Yaratgan biladi. Ruhi, qalbi nafislik, joziba, komillik izlagan Inson uchun u oz, juda oz, albatta. Aslida yashash hikmati uzoq umr ko‘rishda emas, balki umrni qanday kechirishdadir. To‘g‘ri, uzoq umr ko‘rish ham baxt, saodat, ilohiy ne’mat, ammo yaratib, hayotni muabbadga aylantirib yashash esa qo‘sha baxt-saodat, qo‘sha ilohiy ne’matdir.
Viktor Alimasov,
falsafa fanlari doktori
"Hurriyat" gazetasidan olindi.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.