Millat kelajagi, yurt obodligi va dorulomon hayot barqarorligida, kelajak oldida barcha, ziyolilar va ijodkorlar, matbuot sohasi vakillarining mas’uliyati yuksak. Hayotni, yuz berayotgan o‘zgarishlarni teran mushohada etish, avvalo ularga chuqur kirib borish, ijtimoiy so‘rovlar suhbat va boshqa vositalar orqali amalga oshirilishi maqsadga muvofiq. Yutuq va muammolarni o‘z vaqtida tushuntirish jamiyatni yakdillik va bahamjihatlik sari yetaklaydi. Bunda aholi turli qatlamlariga mos usullarni qo‘llash, boshimizdan kechirayotgan jarayonlarga avvalo o‘zimiz munosib baho berib, ular mohiyatini ommaga yetkazishimiz lozim. Shuni unutmasligimiz kerakki, voqea-hodisotlarga nisbatan betaraf bo‘lish, ularni noto‘g‘ri talqin qilish yoki ularga nisbatan sukut saqlash, chetlab o‘tish odamlarda ikkilanish, ishonchsizlikni kuchaytiradi.
Ko‘p yillar davomida yangilik, demokratik, zamonaviy, foydali, “qoyil qolsa arziydi”, chiroyli... kabi tamg‘alar ostida asl mazmun mohiyati bilan xalqimiz ma’naviyatiga, urf-odatlarimizga yot ko‘plab tushunchalar kirib keldi va kirib kelmoqda. Yoshlar xulq-atvorida yuz ko‘rsatayotgan ayrim salbiy ko‘rinishlar o‘z vaqtida targ‘ibot-tashviqot ishlariga ko‘p ahamiyat berilmaganining oqibati desak bo‘ladi. Bugungi kunda taomildagi zamona vakili deya o‘zini har ko‘yga solib, o‘zgacha, g‘ayritabiiy odatlarni kasb qilayotganlar orasida, ayniqsa, yoshlar ko‘plab uchramoqda. Hamma narsadan boylik ustun, erkinlik – istaganni qilish, bachkanalik, betgachoparlik deb hisoblayotganlar tez-tez uchrayotgani sir emas. Goh u elning, goh bu elning kinosini ko‘rib, hayotda ularning qahramonlariga o‘xshashga harakat qilib, “o‘zga bog‘ning shirin olmasi”ga mahliyo bo‘layotganlar ham topiladi. Bular hech qachon milliyligimiz, o‘zligimiz yuksalishiga soya solmasligi lozim. Hech zamonda o‘zbek qizi kuppa-kunduzi ko‘cha-ko‘yda tanish yigit bilan shunchaki o‘pishib ko‘rishganini, o‘zga yurtlarda urf bo‘lgan yarim yalang‘och tungi liboslarni kiyib yurishi, yigitlarimizning mahallalar, hatto aziz avliyolarimiz qadamjolarida kalta ishtonda yaltoqlanib yurishi, ikki so‘zining birida “Vau, vav!”, “Yes, yes!”, “Okey!” deya qichqirishi bugungi kundagichalik avj olmagan. Qay zamona alpomishlari turmaklangan soch, bo‘yinda yaltiroq munchoq, peshonada durra, quloqda sirg‘a, badanida turfa naqshu to‘g‘nog‘ichlar taqib yurishni o‘ziga ep ko‘rgan. Aholida savodxonlik darajasining pasayishini ona tilimiz – Davlat tiliga e’tibor susaygani bilan izohlash o‘rinli.
Turli korxona va tashkilotlar hujjatlashtirish ishlaridagi e’tiborsizliklar, lotin imlosini qo‘llashning amaliy jarayonlaridagi xatoliklar, eski tuzumdan qolgan atamalar, nomlanishlar, chalasavodlarcha bitilgan peshlavhalar, e’lonlar, ko‘rsatkichlarni har qadamda uchratish mumkin. Masalan, Navoiy shahridagi madaniyat saroyi binosi viloyat televidenielari ko‘rsatuvlarida tez-tez namoyish qilinib, ko‘plab ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham o‘tkazilib turiladi.
Ushbu bino ustiga o‘rnatilgan “FARXAD” yozuvini 15 yildirki, hech bo‘lmasa
“FARHOD” deb to‘g‘rilab qo‘yishga hech kim hafsala qilmayotgani ajablanarli. Nahotki, ikkita harfni o‘zgartirish shunchalik mushkul? Bu bilan savodsizlik va e’tiborsizlik targ‘ib etilmayaptimi? Ushbu saroyda uch-to‘rtta qo‘shiqni xirgoyi qilib, hali elga tuzukroq tanilib ulgurmagan o‘spirinning “Men bu auditoriyani tan olmayman, chet elga chiqaman, meni Ukrainada, Rossiyada, Belorussiyada tushunishadi”, deyishiga nima deysiz? Otang kimchi, onang kimchi... Xatoliklarning yillar davomida o‘zgartirilmasligi, ayniqsa, yoshlar ongida xato qilish mumkin, shunday bo‘lishi kerak degan tushunchalarni uyg‘otishi turgan gap. Shahardagi ko‘pqavatli binolar va boshqa joylarga o‘rnatilgan “NAVAI”, “IBODAT XONA” “JURABEK”, “ShABODA”, “ShURBO”, kabi “chalasavodlik namunalari”ni qayta-qayta hijjalab, hayron bo‘layotgan bolakaylar ongida qanday savollar tug‘ilishi mumkin. Shahar bo‘ylab aylanib, faqat markaziy ko‘chalar atrofidagina, qisqa vaqtda o‘nlab qo‘pol xatoliklar bilan bitilgan atamalar, yozuvlarni o‘qiysiz. Turli tildagi so‘zlardan yaralgan “ayqash-uyqash” matnli qo‘shiqlar paydo bo‘lib, kundan kunga urf bo‘layotgani, ma’naviyatimiz sarchashmalari bo‘lmish mumtoz adabiyot, maqomlar, baxshichilik hayotimizdan kundan kunga yiroqlashayotgani kabi holatlar millat kelajagi borasida jiddiy o‘ylab ko‘rishimizni taqozo etmaydimi? Yoshlarga, ayrim hollarda katta yoshdagilarga ham yaxshiyu yomon, ijobiy va salbiy singari tushunchalarni tez-tez eslatib turish ham bugungi axborot asrida ortiqchalik qilmaydi. Har bir xalqning urf-odatlari, an’analari barhayotligida yashash muhiti, tabiiy-geografik o‘rni, ob-havosi, iqlimi muhim bo‘lgani singari, uning mukammal ravnaqi, taraqqiyotida olimu fozillar, xalq donishmandlari o‘y-qarashlari ham g‘oyat zarur. Turli tajovuzlarga nisbatan murosasiz, e’tiqodli, fidoyi va vatanparvar shaxslarni tarbiyalash ustuvor milliy g‘oyalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

Targ‘ibot ishlari ta’sirchanligini oshirishda muhim omillardan biri avvalo kelajak odami — komil inson tushunchasiga milliy ildizlarimiz, dinimiz, tarixiy shaxslar, ota-ona, oila, mahalla, milliy g‘urur, urf-odatlar, qadriyatlar, faxrga arzigulik jihatlarimizning hayotiyligini ta’minlash, oddiygina kundalik turmush tarzimizdan kelib chiqmoq o‘rinli. Axborot texnologiyalari qanchalik rivojlanib, hayotimizga chuqur kirmasin odob-axloq tarbiyasi, voqea hodisalarni mushohada etib, to‘g‘ri xulosa chiqarishda kitobning o‘rni beqiyos. Biroq, ming afsuski, moddiy farovon, uddaburro rahbarlar orasida kitob o‘qiydiganlar, o‘z qo‘li bilan bir varaq matnni bexato yozadigan, biror adabiy qahramonni qo‘l ostidagilarga o‘rnak qilib ko‘rsata oladiganlari, shunday qahramonlar yoki jarayonlar haqida hayotiy, qiziqarli asarlar yozayotganlarni ham, afsuski, ko‘p deb bo‘lmaydi. Bu ishlarda old saflarda turishi kerak bo‘lgan ijod ahli faoliyatiga joylarda e’tibor sust. Birovlar nomidan maqolalar tayyorlash, hatto kitoblar chiqarish, o‘zgalar ijod namunalarini sotib olib, o‘z nomidan e’lon qilish, yasama his-tuyg‘ular, maddohlikning adabiyotshunoslar tomonidan tahlilu tanqid qilinmayotgani ham soxtagarchilikning urchiyotganiga sabab bo‘lmayaptimikin?
Shu yurtda ulg‘ayib, barcha imkoniyatlardan bahramand bo‘lib, erishgan moddiy va ma’naviy yutuqlarini, kamolot, balog‘ot va go‘zallikni G‘arbga, okean ortiga yoki issiq o‘lkalarga (masalan Dubay bozorlariga) olib ketishni orzu qilmay, o‘zi va farzandlari hayotini shu yurt, shu el taqdiri bilan bog‘lagan insonlarga eng yaqin kishilarimiz qatorida ehtirom ko‘rsatmog‘imiz yuksak ong va madaniyat sohiblari sifatidagi fuqarolik burchimizdir.
Yurt egalari sifatida ertangi kunimiz oldidagi farzandlik burchimizni ado etmoqni kelgusi avlodga ham o‘rgatmoq, targ‘ib qilmoq vaqtidir. Xalqning asl farzandlari hayotidan hikoya qiluvchi turli asarlar, filmlar, seriallar yaratilmog‘i, o‘zga davlatlarning yuzlab qismlardan iborat videofilmlaridan charchagan ongu ro‘zimizni o‘z madaniyatimiz xazinasi javohirlari bilan bezamoq vaqti allaqachon kelgan.
"Hurriyat" gazetasidan olindi.