“Buyuk yozuvchi va shoirlar hayotida ijodiy erkinlik hamisha muhim ahamiyat kasb etgan. Daho san’atkorlar, eng avvalo, ana shu erkinlikning kuch-quvvati va falsafasiga tayanadi. Shu bois ham haqiqiy san’atkorning hayot tarzi, ruhoniy g‘oyaviy olami boshqalarnikiga o‘xshamaydi”.
O‘sh shahrining g‘arbi janubidagi Sulaymon tog‘i (Baroko‘h) etaklarini arxeologik qazish asnosida ko‘hna hammomning xarobasi ustidan chiqib qolindi. Bu yerdan sopol quvurlar topildi. Hammomning otashxonasi, turli maqsadlarda foydalanilgan katta-kichik xonalarning o‘rinlari aniqlandi. Shunisi diqqatga loyiqki, bu yerdan sal narida Farg‘ona viloyatining hokimi temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur zamonasida masjidi javzo bo‘lgan (u haqda “Boburnoma”da qayd etilgan). Bundan ma’lum bo‘ladiki, o‘tmishda ommaviy hammomlar ko‘p xollarda masjidlar bilan yonma-yon qurilgan. Oqilona me’moriy tartib qo‘llangan. Zero, masjidga pokdamon holda kiriladi. Ota-buvalarimiz avval poklanganlar, so‘ngra muqaddas dargohga qadam qo‘yganlar.
Hammomlar qadimda diydorlashuv maskani, choyxo‘rlik qilib suhbatlashadigan joy vazifasini ham o‘tagan. Odatda, hammom mutasaddilari choyxonachilardek so‘zamol, latifago‘y va askiyachi shinavanda kishilar bo‘lganlar. Maxsus xodimigarlar bo‘lib, ular mijozlarni massaj qilganlar. Natijada, ko‘p kishilar tomir-pay xastaliklaridan forig‘ bo‘lganlar. Demak hammomlar ayni paytda ozroq shifoxona o‘rnini ham bosgan.
Bashariyat tarixida hammomlar qaysi zamonda va qay tariqa paydo bo‘lganligi ma’lum emas. Ammo qadimgi Misrda o‘sha fir’avnlar zamonasida ham hammomlar bo‘lganligi ma’lum. Jismlarning solishtirma og‘irligi xususidagi qonuni ixtiro qilgan antik zamon allomasi Arximed (e.a.3-asr) «Evrika!» («Kashf etdim!») deya hammomdan qichqirib beixtiyor yugurib chiqqanini ham bilamiz. Bizningcha, dastlab xonadonlarda xususiy hammomlar paydo bo‘lgan. Hammomda yuvinib-taranish ommaviy tus olgach, umum hammomlar ko‘paygan.
Bobur lirikasida alohida o‘rin tutgan o‘ziga xos timsollardan biri hammom timsolidir. Bobur salaflari ijodida ham hammom timsollari mavjud. Lekin ushbu timsol Bobur ijodida yangicha sayqal topgan. Bobur she’riyatida bu timsolning alohida mavqe kasb etishi bevosita uning hayot yo‘li bilan bog‘liqdir.
Bobur she’riyatining o‘ziga xos xususiyati unda shoir shaxsiyatining bo‘rtib turishidir. Uning asarlari tili, ifoda uslubi salaflari va zamondoshlari asarlaridan tamoman farq qiladi. Bu o‘ziga xoslikni ayrim adabiyotshunoslar hukmdorlarga xos betakalluflikka yo‘ysa, ba’zilar uni Boburning turmush tarzi bilan bog‘lashadi. Bobur lirikasida vatan hajri, lirik qahramon va ma’shuqaning ichki dunyosi, umuman dunyo, hayot falsafasi, dinu diyonat, may, adolat, rashk, raqib kabi mavzular asosiy o‘rin tutadi. Ular zamirida Boburning o‘z hayoti, uning boshidan kechirgan real voqea-hodisalar tasviri yotadi.
Shoirning aksariyat g‘azal va ruboiylarida aniq bir mavzu tevaragida so‘z boradi va mantiqiy izchillikka qat’iy amal qilinadi. Natijada, ular kompozitsion yaxlitlik kasb etadi. Boburning konkret bir mavzuga bag‘ishlangan yoki bir obrazni, yoxud muayyan bir holatni yorituvchi g‘azal va ruboiylari, alohida-alohida fikrlar aytilgan, badiiy yetuk baytlardan tarkib topgan g‘azallari, ya’ni maqtu’ she’rlari ham shu tamoyil asosida bitilgan. Bobur aniq bir poetik obrazga bag‘ishlab she’r bitadi. Uni har tomonlama talqin etadi. Fikrini aniq va tushunarli ifodalaydi. Binobarin, mavzu, obraz, g‘oya birligi Bobur she’rlarining bosh xususiyatidir.
Bobur she’riyati, albatta, muayyan an’analar negizida ravnaq topgan. Biroq shoir ijodida an’anaviy she’rlardan farqli o‘laroq, lirik qahramon qiyofasi juda hayotiy va u qo‘llagan timsollar mavhum emas, balki nisbatan reallashdi va konkretlashdi.
Bobur she’riyatdagi an’anaviy timsol, obraz va mavzularni yangicha talqin etish barobarida she’riyatga xazon yaprog‘i, vatan, yaxshilik, hammom, piri nokomil kabi yangi poetik obrazlar olib kirdi. U adabiyotimizda vatan sog‘inchi mavzusini boshlab berib, o‘z asarlarida vatan manzaralarini mehr bilan aks ettirdi va vatanning ta’sirchan badiiy obrazini yaratdi.
Bobur amalga oshirgan progressiv ijtimoiy-siyosiy islohotlar Hindiston tarixida alohida sahifalarni tashkil etadi. Davlat boshlig‘i va odil hukmdor sifatida Bobur turli diniy e’tiqod va rasm-rusum, mistik hodisalarga duch keldi. U buni o‘zining “Boburnoma” asarida qayd qiladi. Boburning yangi iqlim sharoitiga ko‘nikib moslashishi, yangi diniy e’tiqodlar, urf-odat va udumlarni o‘rganib, o‘zlashtirib olishi ham tahsinga loyiq.
Alisher Navoiy va Boburning davlat arbobi hamda hukm farmon sifatida hammomlar qurilishiga alohida e’tibor berganlari bejiz emas edi, albatta. Alisher Navoiyning kichik zamondoshi G‘iyosiddin Xondamir “Makorim ul-axloq” kitobida: “...karomat egasi Amir(Alisher Navoiy. –B.X.) mansabdorlik kunlarida ...hammomlar qurgan”, deb yozadi. Bu bilan cheklanmasdan: “Hammomlarning sanog‘i quyidagicha: “Shifoiya” yonidagi hammom; Ziyoratgoh hammomi; Tarnob hammomi; Darrai Zangi hammomi; Tuvuchi hammomi; Chihlduhtaron hammomi; Panjdeh hammomi; Fayzobod hammomi; Saidobod hammomi”, deya ularni bir-bir sanab ko‘rsatadi. Bu dalilni Bobur mirzo ham “Boburnoma”da tasdiqlaydi.
Samarqand qal’asi bayonida Bobur mirzo: “Ulug‘bek mirzoning imoratlaridin... Yana ushbu madrasa va xonaqohga yovuq bir yaxshi hammom solibtur”, -deya qayd etadi. O‘z saltanatida ulkan obodonchilik ishlarini boshlab yuborgan Bobur podshoh salaflari izidan borib hammomlar qurilishiga alohida e’tibor bergan. Chunki o‘sha paytda Hindistonda “hammom yo‘q” edi. Bu yurtda hammom madaniyatini Bobur podshoh joriy etib, rasm qilgan, deb hech ikkilanmay aytish mumkin.
“Hindustonning yana uch ishidan mutazarrir erduk: bir issig‘idin, yana bir gardidin, yana bir tund yelidin. Hammom har uchalasining dafii ermish”, “...namozi shom namozi xufton orasida Do‘lpur qo‘rg‘oniga kirib, charog‘ bila Abdulfath solg‘on hammomni sayr qilib...”, - deb yozadi. Bobur mazkur asarda yana bir o‘rinda: “Panjshanba kuni jumodil-avval oyining uchida bog‘ning janubiy tarafida (ya’ni Do‘lpurdagi Nilufar bog‘ida) hammomg‘a yer tayin qilib, hammom yerini tuzattilar. Buyurdumkim, bu tuzalgan yerda hammomning kursisini qo‘porg‘ondan so‘ng, hammom tarxini solg‘aylar. Bu hammomning bir uyida dahrda havz buyurdum”, deb qayd qilgan. “Boburnoma”dan bu xil misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin, bizningcha, hammom poetik timsolining ustozlar badiiy ijodidagi in’ikosi muhimdir.
Hammom ta’rifidagi she’rlar o‘tmishda “hammomnoma” yoki “hammomiya” deb yuritilgan. Turk olimi Ogoh Sirri Lavandning yozishicha: “Shoirlarning g‘azallarida hammom tasvirlari maxsus o‘rin egallagan. kattaroq hajmda bo‘lgan hammom ta’rifidagi she’rlarga “hammomnoma” yoki “hammomiya” nomi berilgan. Masalan, turk shoirlaridan Nabiyning va Maxmed Alining g‘azallari orasida, Ja’farning “Xavosnoma”, Vujudiyning “Xayol va yor” masnaviysi muqaddimasida hammomnomalarga o‘rin berilgan”. Bunday she’rlar dastlab forstojik adabiyotida paydo bo‘lib, XIV asrdan keyin turkiy tilda ijod qilgan shoirlar tomonidan ham ushbu mavzudagi she’rlar yaratilgan. Turkiyalik adabiyotshunos Iskandar Poloning yozishicha, “Hammomnomalar ko‘proq qasida shaklida yaratilgan. Lekin g‘azal, qit’a, masnaviy, ruboiy shakllarida bitilganlari ham mavjud... Hammomnomalarning aksariyatida hodisa shoirning hammomga kelishi bayoni bilan boshlanadi. Bu yerda sevimli mahbubini ko‘rib, hayratga tushadi, va she’rni shu go‘zalni madh qilishi bilan davom ettiradi. Bunday she’rlarda, albatta, “hammom” kalimasi ishlatilib hatto, u radif sifatida qo‘llanilgan”. Iskandar Polo hammom mavzuida qalam tebratgan shoirlar ijodi to‘g‘risida mulohaza yuritarkan, Muhammad Fuzuliyning quyidagi baytini misol keltiradi:
Qildi u sarv sahar noz ila hammomga xirom,Sham’i ruxsori ila bo‘ldi munavvar hammom.Hammom poetik detal yoxud poetik timsol sifatida u ko‘pgina buyuk zotlarning ijodida ham o‘z aksini topganki, bu holni kuzatib chiqamiz.
Hammom timsoli to‘g‘risida so‘z ketganda ko‘pchilikning xayoliga daf’atan Navoiyning ushbu ma’lum va mashhur qit’asi yodga keladi:
Kamol et kasbkim, olam uyidinSenga farz o‘lmag‘ay g‘amnok chiqmoq.Jahondin notamom o‘tmak biaynih –Erur hammomdin nopok chiqmoq.Navoiy mazkur qit’ada yorug‘ dunyoga kelgan har bir kishining komillik kasb etmog‘i ehtiyoj darajasidagi zarurat deb uqtirgan. Qit’ada qiyosiy tashbeh usulidan foydalangan. Hammom o‘zida foniy dunyo timsolini in’ikos etgan.
Hammomg‘a azm aylagach ul sho‘xi sitamgar,Hammom yuzi aksi bila bo‘ldi munavvar.Lutfiyning mana shu matla’ bilan boshlanuvchi g‘azali hammom haqida bo‘lib, olti baytli, tasvirga boy, voqeband. G‘azalni o‘qish davomida baytmabayt hammom manzarasi o‘quvchi ko‘z oldida namoyon bo‘lib boradi.
Guldek tanidin chunki araq bo‘ldi ravona,Hammom gulob isi bila bo‘ldi muattar.Alisher Navoiy “Majolis unnafois”da Lutfiyning mahoratiga tahsin aytib, “...zamon shuarosi borcha tatabbu’ qildilar (ergashdilar)”, deydi. Navoiyning ushbu e’tirofi bejiz emas. Bobur ijodidagi hammomga bag‘ishlangan she’rlar Lutfiyning mana shu birgina g‘azalida jamlangandek, ta’sirida yaratilgandek taassurot uyg‘otadi:
Suv g‘ayratidinkim tanig‘a tegdi damodam,Jonim bori suv bo‘ldiyu holim dag‘i abtar. Ey koshki, men bo‘lg‘ay edim olida xodim,To vasl tuni bo‘lg‘ay edi bizga muyassar. Kavsar suyi, jannat guli oltun, tarog‘ olg‘och,Hurlar kelur erdilar anga bo‘lg‘oli chokar.Lutfiyning ohiyu o‘ti, ko‘z yoshiga hammomdagi o‘tu suv bas kela olmaydi. Bu tasvir Bobur ruboiysida aynan takrorlanadi:
Bu Lutfining ohiyu o‘ti ko‘z yoshidandur,Hammomning o‘tiyu suyi, tushmas anga bovar. Bobur o‘zigagina xos bo‘lgan rostgo‘ylik bilan yozadi: Hammomki, ark ichinda paydo qildim,Sog‘inmaki, sudin tabarro qildim.Sud ushbu emasmukim, tadbir bilaPokiza badanlarni tamosho qildim.(182)Arkda, ya’ni hukmdorlar oshiyonida hammom qurdirdim. Ammo meni bundan foyda topib boyimoqchi, deb o‘ylama. Pokdomon bokira vujudlarni bu tadbir bilan tamosho qilish foyda emasmi axir?! – deydi bu ruboiyda.
Hammomki, qildim ko‘rungizkim, ayyom,O‘xshatti aning bori ishi manga tamom.Ko‘z yoshiyu ko‘ngul o‘ti birla mendin,Gulchehralar istabon yuriydur hammom.(182)Boburning ushbu ruboiysida ham ma’nomazmun jihatidan Lutfiyning yuqoridagi g‘azalida ko‘rgan xolatimiz namoyon bo‘ladi. Bobur o‘zining holati bilan hammom o‘rtasida yaqinlik borligini shoirona lutf bilan sharhlaydi. Ruboiyda ma’shuqasiga intilgan oshiq iztiroblari juda ta’sirchan ifodalangan. Bobur o‘z davrimda hammom bunyod etdim: uning faoliyati mening xuddi ishu korimga o‘xshaydi. Mening qalbim yonadi-yu, ko‘zim suv to‘kadi. Gulchehralar shuning uchun ham hammomga kelishni istashadi deydi. Haqiqatan oshiqning qalbi o‘rtanib, ishq olovida kuysa, uning ko‘z yoshlanadi. Hammom ham o‘tu suv bilan ishlaydi. oshiqning holati bilan hammomning faoliyati orasida ichki nozik bog‘lanish bor.
Bobur mirzo yana bir ruboiysida:
Hammomki, to maskani jonona emish,Anda parilar husnig‘a devona emish.Ul xud paridur borcha mulozimlari ham,Alqissaki, hammom parixona emish!(167)Besh asr avval bitilgan ushbu ruboiyda hozirgi o‘quvchi uchun biror bir notanish so‘z yoki birikmalar yo‘q, murakkab tushuncha ham yo‘q. Ruboiy xalq orasida keng tarqalgan tasavvur asosida bitilgan. Ya’ni hammomda insu jinslar maskan quradi, deyiladi. Mana shu tasavvurdan boxabar o‘quvchi she’r mazmuniga tushunib oladi.
Yuqoridagi ijod namunalarida ma’lum bo‘ladiki, Bobur she’riyatda mavjud hammom poetik timsolidan unumli foydalangan. Xulosa qilib aytganda garchi bu timsolning Boburga qadar ham elementar ko‘rinishlari mavjud bo‘lgan bo‘lsada, Bobur uning yangi qirralarini ochdi. Shuning uchun ham I.V.Stebleva: “…Bobur she’rlarida timsollarning o‘ziga xosligi borasidagi xulosalar turkiyzabon mumtoz she’riyatning butun timsollar tizimini o‘rganishning bir bo‘lagi va dastlabki bosqichi deb qaralishi kerak”, deydi.
Foydalanilgan adabiyotlar
Haqqul I. Navoiyga qaytish. – Toshkent: Fan, 2007.Bobur. Boburnoma. – Toshkent: Yulduzcha, 1989.Xondamir. Makorim ul-axloq. – Toshkent: G‘ofur G‘ulom nomidagi badiy adabiyot nashriyoti, 1989.Ogoh Sir Lavand. Turk adabiyoti tarixi. 1jild. – Anqara, 1984.Polo I. Adabiyotshunoslik terminlari qomusi. – Istanbul, 2007.