Bobur ijodiga fors she’riyati ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan. O‘sha davrda zodagon tabaqadagilar fors tilini o‘z ona tili darajasida bilgan. Maktab, madrasalarda fors adabiyoti asosida adabiy ta’lim berilgan. Sa’diy, Hofiz singari fors adabiyoti namoyandalari asarlaridan barcha ziyolilar bahramand bo‘lishgan. Bobur ham “Boburnoma”, “Aruz risolasi”da Shayx Sa’diyning ijodiga qayta‑qayta murojaat qilgan. U “Aruz risolasi”da: “...pandu nasihatu mav’aza bobida Shayx Sa’diyning “Bo‘ston”icha ma’lum emaskim olamda bo‘lg‘ay. Nechukkim o‘zi debtur:
Suxanhoi Sa’diy misol astu pand,Ba kor oyadat shavi korband.Darig‘ ast az-u ro‘y bartoftan,K-azu ro‘yi davlat tavon yoftan.”[1]degan. Bobur “Boburnoma”da o‘zining yo‘llarda toshga bayt, hikmatli so‘zlar yozdirib ketish odati bo‘lganini qayd etgan. Jumladan: “Ushbu chashma boshida, chashma yoqasidag‘i toshida qazib, bu uch baytni sabt ettim:
Shunidamki Jamshedi farrux sirishtBa sarchashmae bar sange navisht:Barin chashma chun mo base dam zadand,Biraftand to chashm barham zadand:Giriftem olam ba mardiyu zo‘r,Va lekin naburdem boxud bago‘r”deydi. “Bo‘ston”dagi bu baytlar Shayx Sa’diyniki ekanligi aniq aytilmagan bo‘lsa‑da, ular Boburning bu ulug‘ fors shoiri ijodiga ixlosi baland bo‘lganidan dalolat beradi. Umuman, Boburning ijtimoiy faoliyati va ijodi uning fors adabiyotidan yaxshi xabardor bo‘lgani, fors shoirlarining she’rlarini yoddan bilganini bildiradi.
Zullisonaynlik Boburga saltanatni boshqarishda ham, kishilar bilan o‘zaro muomalada ham, badiiy ijodda ham bir umr hamrohlik qilgan. U fors tilida go‘zal she’rlar yozgan. “Boburnoma”ni varaqlaganda, fors tilidagi o‘nlab misralarga duch kelish mumkin. Masalan:
Bo turk siteza makun, ey miri Biyona,Cholokiyu mardonagil turk ayonast.Gar zud nayoiyu nasihat nakuni go‘sh,Onjo ki ayonast chi hojat ba bayonast?Mazmuni:
Ey Biyona amiri, turk bilan o‘ynashma,Turkning epchillik va mardligi hammaga ayondir.Agar tez kelib, nasihatni quloqqa olmasang,Ayon bo‘lgan gapni bayon qilishning nima hojati bor?Boburning ikki yuzdan ortiq ruboiysi ma’lum. Ulardan o‘n yettitasi tarona ruboiy shaklida. Oybek ta’biri bilan aytganda, Bobur she’riyatining cho‘qqisi uning ruboiyoti. Sharq she’riyatida ruboiyni eng baland cho‘qqiga ko‘targan shoir ‑ Umar Xayyomdir. Sharq shoirlari ruboiy yozishda Umar Xayyom ijodidan doimo ta’sirlanishgan. Adabiyotshunoslar Bobur ruboiylarini “xayyomona” ekanligini ko‘p bor ta’kidlashgan. Bobur asarlarida Xayyomning nomini qayd qilmaydi, uning ruboiylarini eslatmaydi. Shunday bo‘lsada qator ruboiylarida hayotga, inson taqdiriga xayyomona qarash, fano va baqo masalalarini sodda talqin yaqqol seziladi.
Xayyom olam va odam taqdiriga mutafakkirona qaraydi, hayotdan ma’no axtaradi. U hayotning mohiyatini izlashdan ham qanoatlanmaydi. Ammo izlaganidan ham, topganidan ham ko‘ngli to‘lmaydi. May va mayxo‘rlikni hayotning g‘am‑g‘ussalarini unutish, taskin topish vositasi deb biladi. Xayyom madh etgan may, albatta, insonga erkinlik, qanoat, xayoliy saodat yo‘lini ochuvchi haqiqiy ishq mayidir.
“Odatda, ruboiyga ko‘p qo‘l urgan shoirlar, – deb yozadi professor A.Hayitmetov, – olimtabiat, faylasufmijoz, hayot haqida chuqur mulohaza yuritishga moyil kishilar bo‘ladi. Umar Xayyom, Pahlavon Mahmud, Navoiy, Bedil kabilarning ruboiylari shundan guvohlik beradi. Ko‘p hayot mashaqqatlarini boshidan kechirgan, ko‘plab jangu jadallarning guvohigina emas, faol ishtirokchisi ham bo‘lgan Boburning ruboiylari ham shu aspektda tekshirilsa va baholansa xato bo‘lmaydi”[2]. Haqiqatan, Bobur olim va mutafakkirdir. U hayot haqida faylasufona mushohada yuritadi. Bu uning ruboiynavis bo‘lishi uchun zamin yaratadi.
Bobur siyosiy-estetik qarashlari jihatidan emas, balki voqelikka adolatli va tanqidiy munosabatda bo‘lishi jihatidan ham zamondoshlaridan ilgarilab ketgan.
Bobur ham xuddi Umar Xayyom singari juda keng qamrovli tafakkur sohibi bo‘lgan. Ular olam va odam, odamning bu olamdagi o‘rni, hayotda qanday yashash kerakligi xususida bir‑biriga monand mulohaza yuritishgan.
Xayyom Boburdan besh asr avval yashab o‘tgan. Lekin bu muddat ichida hayot tashqi tomondan o‘zgarib, ilgarilab borgan bo‘lsa‑da, undagi ko‘pgina muammo, ichki ziddiyatlar o‘zgarmasdan saqlanib qolgan. Xayyomni azoblagan jaholat va nodonliklar Boburni ham qiynagan. Xayyom javob topmoqchi bo‘lgan savollarga Bobur ham duch kelgan. Xayyom qo‘l siltagan dunyodan uzila olmagani Boburni qiynagan. Bobur shunda hayot haqida anglagan va anglamagan haqiqatlarini umumlashtirib ruboiyda ifoda qilishga intilgan. Natijada, Bobur ham Xayyom singari ruboiy janrida ajoyib asarlar yaratishga erishgan.
“Boburnoma”dagi qaydlardan ayonki, Bobur aksari ruboiylarini hech qanday tayyorgarliksiz, yo‘l-yo‘lakay badiha (ekspromt) tarzida bitgan. Xayyomning aksariyat ruboiylari ham shunday yaratilganday taassurot uyg‘otadi. Bundan tashqari Xayyom ruboiylari forsiy tilning latofati, nafisligini qanday namoyon etsa, Bobur ruboiylari o‘zbek tilining go‘zalligi va ifoda kuchini xuddi shunday tarzda ko‘z‑ko‘z qiladi. Shuning uchun ham Oybek bu ikki ulug‘ shoir ruboiylaridagi mushtarak jihatlar to‘g‘risida so‘z yuritar ekan: “Bobur ruboiylari ham Umar Xayyomning ruboiylari kabi falsafiy fikrlarga boy, shaklan mukammal...”[3], – deb ta’kidlaydi.
Bobur ruboiylarida ham: gul va bulbul, oshiq va ma’shuqa, may va mayxo‘r, charx va hayot, ibodatgoh va mayxona, vasl va hajr, sabo va oshiq, shodlik va qayg‘u, rind va zohid, yor va ag‘yor singari Umar Xayyom qo‘llagan poetik timsollar mavjud.
Sharq she’riyatida fikr hamisha biror timsol yo majoz yoki badiiy san’at orqali ifodalanadi. Shoirlar, ayniqsa, soch, zulf, qosh, ko‘z, xol kabi poetik timsollarni ko‘p qo‘llashgan. Ular ushbu timsollardan yangi fikr aytish maqsadida foydalanishgan. May va mayxo‘rlik, ma’lum ma’noda, ulfatchilik va ulfatga sodiqlik, ko‘ngil ochish deganidir. Ulfat – tushunadigan, qayg‘u va xursandlikni baham ko‘rishga qodir, sirdosh, maslakdosh odam. Xayyomning ko‘pgina ruboiylari markazida ulfat, musohib obrazi turadi. Bobur esa Xayyom ko‘zlagan maqsadni ham ulfat, ham ahbob obrazi orqali ilgari suradi:
Ahbob, yig‘ilmoqni farog‘at tutingiz!Jam’iyatingiz borini davlat tutingiz!Chun gardishi charx budurur, Tengri uchun,Bir‑birni necha kun g‘animat tutingiz!(166)Shoir ruboiylaridan birini “Ey yel, borib ahbobqa nomimni degil!” deb boshlasa, boshqalarini quyidagicha xotimalaydi:
Bo‘lmay dog‘i masti xob qilmoq mushkil,Ahbobdin ijtinob qilmoq mushkil.(175)va:
To hajr g‘amu mehnati taskin topqay,Istaydurur ahbob payomini ko‘ngul.(175)Ahbob – sevimli do‘stlar, ko‘ngilga yor kishilar demak. Shunday bo‘lgach, ular mehru vafoni unutmasligi kerak:
Ahbob unutmasa kerak ahdi qadim,Yetkursa kerak xabar gahi payki nasim.(181)Ahbobdan ayrilgan kishi xotirjamlik va halovatini boy beradi, bunday azobdan qutulish haqida o‘ylaydi:
Ahbob, firoqingiz bila el netgay?Sizlarga kishi ne chora aylab yetgay?Jam’iyatingizni jam’ tutqay Tengri,Boburni dog‘i bu jam’da jam’ etgay.(206)Bobur olis yurtlarda orziqish va umid bilan azob chekib umr kechirgani tufayli odam odamga, do‘st do‘stga g‘animat ekanligini qayta‑qayta ta’kidlagan. Uning bu xususdagi she’rlari oddiy insonning o‘zidek bir insonga murojaat sifatida ham tushunish mumkin. Yoki shohning sodiq do‘stga intizorligi ifodasi deb ham talqin etish mumkin. Chunki Bobur ruboiylarida ahbob sog‘inchi va ahbobga e’tiqod hissiyoti takrorlanib, yuksalib kelaveradi:
Ahbobqa qilsang gulzor, ey yel, nogoh,Ul jam’ni bu so‘zimdin etgil ogoh.Siz ko‘rgandek eson‑salomatturmiz,Siz dag‘i eson bo‘lg‘asiz, inshoolloh.(197)Bobur ayrim ruboiylarida Umar Xayyomga maslakdoshga aylanib, go‘zal tabiat quchog‘ida may va ma’shuqadan boshqasini o‘ylamaydigan rind qiyofasida ko‘rinadi:
Bir go‘shai bog‘ o‘lsayu sen bo‘lsangu men,May quysoq ikimiz qadah ichra bir hin.Ondin so‘ngra ayoq ilikka olibon,Sen tutsangu men ichsam, men tutsamu sen.(183-184)Quyidagi ruboiyda ifodalangan fikr Xayyom va Bobur mushohadalaridagi o‘zaro yaqinlikka yorqin misol bo‘la oladi:
Keldi ramazonu men taqi bodaparast,Iyd o‘ldi‑yu, zikri, may qilurmen payvast.Ne ro‘zayu ne namoz yillar, oylar,Tun‑kun mayu ma’jun bila devonayu mast.(158)Adabiyotshunos Sh.Shomuhamedov: “Xayyomning uslubi dohiyona sodda, nihoyatda tabiiy, hammaga osongina yetib boradigan uslub”[4], -deydi. Ushbu e’tirofni Bobur uslubiga nisbatan ham bemalol tatbiq etish mumkin. Bobur ham xuddi Umar Xayyom kabi turli cheklanish, bema’ni majburiyat va aqidabozliklar inson umrini ma’nisiz qilib qo‘yishini ta’kidlaydi. Xayyom yozadi:
Kechagi kuningni aylamagil yod,Ertang kelmay turib etma ko‘p faryod.O‘tgan, kelmaganga qayg‘urmoqni qo‘y,Quvnoq bo‘l, umringni qilmagil barbod.Bobur ham Xayyomning ushbu fikrini to‘la qo‘llaydi va yanada rivojlantiradi:
Xotirg‘a xutur etti bu so‘z yongla, ahiy,Aytay senga, sen quloq solib ongla, ahiy.Umrungni bu kun xush kechir ahbob ilakim,Topilmag‘usidur ushbu kun tongla, ahiy.(202)Odatda, ruboiyda muallifning ismi yoki taxallusi qayd etilmaydi. Umar Xayyom esa ayrim ruboiylarida o‘ziga o‘zi xitob qilib, taxallusini tilga oladi. Shoir ruboiylaridagi “Xayyom, ichkilikdan kayf qilib, shod o‘l”, “Ey Xayyom, kim aytar do‘zaxiysan deb” , “Xayyom, ul odamdan uyalur zamon” kabi misralar bunga misol bo‘la oladi. Bobur ham ba’zi ruboiylarida bu usuldan foydalangan.
Umar Xayyom ruboiynavislikni nihoyatda yuqori darajaga ko‘targan, har qanday ijodkorning qalbiga ilhom uyg‘ota oladigan so‘z san’atkori. Uning ruboiylarida o‘ziga xos yorqin ma’no va mazmun mujassam. Xayyom ruboiylarida hayot haqida teran mushohada yuritgan va inson umri mohiyatini izlagan. Boburni ijodga boshqa omillar rag‘batlantirgan bo‘lishi mumkin. Lekin u ruboiylarida hayot haqida mushohada yuritadi, undan ma’no izlaydi. Ammo nima bo‘lishidan qat’i nazar, Bobur ruboiyni mustaqil fikr hayotiga sohib insonning haqiqiy tafakkur oynasi darajasiga yetkaza olgan. Bobur ruboiylari yangi so‘z iqlimi, hech kimnikiga o‘xshamaydigan ma’no va badiiyat olami sifatida namoyon bo‘ladi.
_______________
[1] Zahiriddin Muhammad Bobur. Aruz risolasi. – Toshkent, 1971. – B. 119.
[2] Hayitmetov A. Bobur ruboiylarining g‘oyaviy-badiiy kontseptsiyasi. // O‘zbek tili va adabiyoti. – Toshkent, 1983. -№ 6. – B. 20.
[3] Oybek. Asarlar. 10 tomlik, 9-tom. – Toshkent:Adabiyot va san’at, 1974. – B. 174.
[4] Shomuhammedov Sh. Fors-tojik adabiyoti klassiklari. – Toshkent, 1963. – B. 97.