Dastavval bu taklif menga qiziq tuyuldi. Uy bekasi bo‘lsam, ancha yillardan buyon ro‘zg‘or bilan andarmon bo‘lib yurgan ayol ko‘pchilikka nima yangilik ham aytardi deb o‘yladim. Ammo, yurak-yuragimda tovlanib, tinchlik bermayotgan sog‘inchning rangi, turmushning har qanday past-balandida ham meni tark etmagan, bo‘g‘zimga tiqilib tashqariga chiqqisi kelgan So‘z va uni aytish baxti meni fikrimdan qaytardi. Men bu iboradan “azobi” so‘zini tushirib qoldirdim. Zotan, har bir ijodkorning hayoti aslida ijodiy iztiroblar, So‘zning aytilish azoblari ichida kechadi. Endi, mavzuga qaytamiz.
Qachonlardir hammamiz Orzular mamlakatida, bolalikning sirli diyorida bo‘lganmiz. Bu sehrli diyorning to‘rt fasli ham ertak: suratkash qishlari tugamaydigan, bahorlari so‘ramasdan yuragingga kirib keladigan, so‘lim yozlari bog‘-rog‘larda kechadigan uzun ta’tillardan, beqasam kuzlari bir tekis paxtazorlardan iborat edi. Shu cheksiz-chegarasiz tuyulgan dunyoning rang-barang qiyofalari ichida suyunib, kuyunib ulg‘ayganman. Meni o‘rab turgan borliq shu qadar betakror va ulug‘vor, shu qadar daxlsiz va daxldor, shu qadar maftunkor va ...sitamkor ediki, men uni anglashga urinib so‘z aytish kasalini orttirib oldim. Bu ehtiyoj o‘sib-ulg‘ayib yuragimga azob beradigan bo‘ldi. Balki, shoirlik shudir.
Bir kuni tongda nimalardir yozdim. O‘choqboshida, tutantiriq uchun qo‘yilgan qog‘oz bo‘lakchasiga, quyoshni olqishlab. Qog‘ozni supada bobom bilan suhbatlashib o‘tirgan otamga olib borib berdim. Otam qog‘ozni ajablanib oldilar-da, bir muddat tikilib qoldilar. Keyin bobomga yuzlanib “Nabirangiz she’r yozibdi” dedilar. Qog‘ozchaga: “Ey, quyosh! Nuringni soch! Yashnasin bog‘lar, Go‘zal bog‘da sayr etsin, Qari-yosh!”, deb yozilgandi.
Men o‘shanda boshlang‘ich sinfni tugatgandim. O‘sha tong serdaraxt hovlimizdagi soyalar quyuq, quyosh nurlari to‘q zarg‘aldoq rangda edi. Bu kun mening tasavvurimda nurning ham, soyaning ham zalvori, vazni borligini ilk tuygan kunim sifatida yashab qoldi. Adabiyot, she’r haqidagi tasavvurlarim shundan boshlangan.
Oilada ko‘pchilik o‘sganmiz. Menga aksariyat ijodkorlar kabi bobo yoki buvidan ertak eshitib katta bo‘lish nasib qilmagan. Ulardan bir kunlik yo‘l uzoqligidagi manzilda yashaganmiz. Ammo men tirik ertaklar ichida o‘sib-ulg‘ayganman. Bobom va buvimning o‘zlari mening eng aziz, eng qimmatbaho ertaklarim edilar. Aziz onajonim hamisha ertaklarimning asosiy qahramoni bo‘lgan. Otam ham, onam ham savodxon kishilar edi. Otam xo‘jalikda bosh agronom bo‘lib ishlardilar. Uyimizda kitoblardan tashqari turli davriy nashrlar bo‘lardi. O‘zim tushunib-tushunmay she’r yozgan kunimdan boshlab hayotimda yangi bir bosqich, mutolaa davri boshlangan. Mening mutolaaga bo‘lgan ishtiyoqim hammani ajablantirardi. Vaqt topdim deguncha xalq dostonlarini, turli ertaklar, o‘zbek xalq maqollarini o‘qirdim. Ular haqli ravishda mening ilk ustozlarimdir. 8-sinfda Rashod Nuri Guntekinning “Choliqushi”si, eron hikoyalari, Tagor, Turgenev, Pushkin, Lermontov, Tolstoy asarlari bilan tanishdim. Hayotimning shu davrida hayot aslida ertak bo‘lmaganini, mehnat va mashaqqatlar o‘z navbatini kutib turganini tushunganman. Chunki, kitob o‘qishga hamisha ham vaqt va imkon bo‘lavermagan. Qishloqda yashaganlar buning nima ekanligini yaxshi bilishadi.
Otam har bir gazeta va jurnalni diqqat bilan kuzatib borar, maqolalarga munosabat bildirar, ayrim materiallarni o‘tirganlarga sharhlab berardilar. Otamning bu qadar bilimdonligiga havasim kelardi. Otam shoh Mashrab g‘azallarini yaxshi ko‘rar, goho uyimizda mashrabxonlik kechalari bo‘lardi. Onam ajoyib uy bekasi, zukko, mulohazali, hunarmand ayol edilar. Uy-ro‘zg‘or yumushlaridan, tomorqa ishlaridan qo‘llari bo‘shadi deguncha o‘tirib kashta tikardilar. Hozir ham onamning kashta gullariga igna urgach, quloch yozib uzun-uzun savoq tortishlari, ish tika turib chiroyli xirgoyi qilishlari ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Bugun o‘ylab qarasam, yuragimning tub-tubida shoir bo‘lishdan avval ularga munosib farzand bo‘lish istagi bo‘lgan ekan.
Maktabda o‘qiyman. Tuman gazetasida qatnashib turaman. Bir safar ta’tilda akam Toshkentdan kichik bir she’riy to‘plam ko‘tarib keldi. “She’r yozaman deysan, bu shoir kimligini bilasanmi?”, deb savol-so‘roqqa tutdi. Bilsam, bu elimizning ardoqli shoiri Abdulla Oripovning she’rlari ekan. Shu kuni uyimizda oilaviy “abdullaxonlik” kuni bo‘lgan. Shu tariqa A. Oripov, E. Vohidov, keyinroq esa Muhammadjon Rahmon, Usmon Azim, Shavkat Rahmon, Halima Xudoyberdievalar ijodi bilan tanishdim. Ularning asarlarini izlab topib, o‘qiydigan bo‘ldim. Talabalik davrimizda ularning jo‘shqin she’riyati yalovbardor edi. Biz talabalar ana shu hurriyat shabadalari esib turgan she’riyat gulxani taftida toblanib, tarbiyat topdik.
Talabalik davrimizda “Guliston” jurnali tahririyatiga ko‘p borardik. Bu ma’rifat maskanida Asqad Muxtor bosh muharrir edi. Biz yoshlar bu yerga Mahmud Sa’diy, Murod Xidir boshchiligidagi kitob va uning mutolaasiga, jahon adabiyoti yangiliklariga oid qiziqarli suhbatlarni tinglagani kelardik. Turmushga chiqqanimda yaxshigina kutubxonam bor edi. Maktab davridan “Sharq yulduzi”, “Guliston”, “Fan va turmush” kabi jurnallarni, ayrim gazetalarni yiqqanman...
O‘qishni tugatib, tuman gazetasida ishladim. Bir gal Toshkentga ish bilan kelib ustoz Muhammadjon Rahmonni (Alloh rahmat qilsin) ziyorat qilish uchun nashriyotga o‘tdim. Salom-alikdan so‘ng “Qani, she’rlarni bering-chi” dedilar. Men jimgina yerga qaradim. Ustozga she’rsiz kelganimni aytib, yaxshigina dakki eshitib oldim. “Odam ham shundan shunga she’rsiz, yo‘lakay keladimi?”, dedilar. Bu tanbeh shusiz ham og‘rib yurgan jonimdan o‘tib ketdi. Keyingi safar yurak yutib bir papka she’r ko‘tarib keldim. Muhammadjon akaga she’rlar juda manzur bo‘ldi. Bu she’rlar ustoz Usmon Azim tavsiyasi bilan “Saodat” hamda “Yoshlik”, “Sharq yulduzi”, “Yosh kuch”, “Sirli olam” jurnallarida chop etildi.
Matbuotda anchagina she’rlarim e’lon qilinganiga, bu she’rlar muxlislar muhabbatini qozonib ulgurganiga qaramay ko‘nglimdagi bir bezovtalik, beqarorlik, behudlik menga tinchlik bermadi. Faqat, vaqti kelib mavlono Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy”i:
“Tingla nay andoq hikoyatlar qilur,Kim, judolikdin shikoyatlar qilur…”va hazrat Navoiyning betakror g‘azallaridan bahramand bo‘lib, haqiqiy ishqu oshiqlik tafsilotlaridan xabardor bo‘lgachgina ko‘nglimdagi yig‘ining asl sababini anglagandek bo‘ldim. Mashhur “Qaro ko‘zim”da shunday bayt bor:
“Takovaringga bag‘ir qonidan hino bog‘la,Itingga g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il”.Birgina shu fidolikni anglash uchun mumtoz adabiyotni bilishimiz kerak ekan. Mumtoz adabiyotimizni bilmay turib So‘z aytish mumkin emas. O‘zligini anglamagan ijodkor o‘zgaga nima yangilik ham aytardi. Daraxt ildizi bilan tirik. Har bir iste’dod ham dunyoga kelgach, avvalo, tarbiyat topadi, unib-o‘sadi, kamolga yetish davrini boshdan kechiradi. Bu jarayonda mumtoz adabiyotimizni, mentalitetimizga xos sharq falsafasini o‘zlashtirish birinchi o‘rinda turishi kerak. Asl narsa hamma davrlarda ham o‘z qiymatiga ega bo‘ladi. Adabiyotning rang-barangligi, yangicha ko‘rinishlari esa ijod tabiati bilan bog‘liq hodisa. O‘z ildizida mustahkam turgan ijodkor kuchli zamonaviy asar yoza oladi. Faqat shunday asarlar Vaqt to‘zoniga bardosh beradi va kelajak avlod uchun yashab qoladi.
Har bir odam yelkasida inson bo‘lish majburiyati bor. Har bir inson zimmasida baxtli bo‘lish mas’uliyati bor. Biz ming yillik evrilishlar arafasida ijod sahniga kirib kelgandik. Biz ana shu ulkan tarixiy evrilishni yashadik. Buyuk Vaqt dovonining bu betida Istiqlol bilan yuzma-yuz keldik. Bu tarixiy jarayonlar hayotimizda kechdi va unda o‘chmas iz qoldirdi. Buyuk Vaqt dovonini oshib o‘tganlar bilan Istiqlol yillari tug‘ilib, voyaga yetganlar orasida ana shunday farq bor. Ammo, hamma davrlarda ham adabiyotning vazifasi bitta bo‘lgan: komil inson tarbiyasi. Sog‘lom adabiyot sog‘lom avlodni tarbiyalaydi. Adabiyoti oqsagan, maydalashgan jamiyatda ma’naviy tanazzul boshlanadi. Bu xatarli jarayonning uzoq davom etadigan ilk belgilari savodsizlikning oddiy voqelikka aylanishidir.
Bir kuni bir jurnalga she’rlarimni berdim. Bunga ancha bo‘ldi. Ma’lum bir vaqtdan keyin tahririyatga o‘tdim. She’rlaringiz yaxshi-yu, shu, ijtimoiy masalalar yoritilmagan-da, deyishdi. Shunda juda hayron qolganman. Chunki, bu dunyoda borligimning o‘zi men uchun ijtimoiy hodisa edi. Dunyoni har kim har xil tushunadi. Buni qabul qilish kerak. Ammo bu avomlik darajasida bo‘lsa, qo‘rqinchlidir.
Aslida ijod ham bir ne’mat. Garchi so‘nggi yillarda matbuotda ko‘rinmagan bo‘lsam ham sog‘lom ijodiy muhit ichida foydali umr kechirdim, deb ayta olaman. Gap sonda emas-ku. Oilamiz ijodkorlar oilasi. Turmush o‘rtog‘im, ajoyib adabiyotshunos olim, ustoz Sayfiddin Rafiddinov sharofatlari bilan xonadonimizda tez-tez ijodiy suhbatlar uyushtiriladi. Muhammadsodiq Oliy jurnalistika kursi magistraturasining birinchi bosqich talabasi. Dildoraoy kichkintoylar tarbiyasi bilan band. Xudoga shukr, to‘rtta asal nabiramiz bor. Odam ajratadigan fe’lim yo‘q. Ammo, shu tuproqda tug‘ilganim, borim bilan ham, yo‘g‘im bilan ham shu xalqqa tegishli ekanim hamisha ko‘nglimni iftixorga to‘ldiradi.. Men o‘zbekman. Dunyoga o‘zbekona ko‘z bilan qarayman. Bu mening dunyoqarashim. She’r yozish esa men uchun hamisha ma’naviy hodisa bo‘lgan. Saviya – alohida mavzu.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 1-son.