Rizo Tavfiqbekni tanimag‘on qaysi turk qavmi bor? Jahon urushidan burun turk matbuotini ta’qib qilg‘onlar, uning to‘g‘risida juda ko‘p narsalarga yo‘liqarlar edi.
Uning oshiq tarzida hijo vaznida yozg‘on tasavvuf hidli she’rlari ba’zi bir tanqidlari, falsafiy asarlari uning o‘zini har yerda, har kimga yaxshi tanitqon edi. Jahon urushidan beri yana ko‘b narsasi chiqqondur. Lekin, biz, mashhur shoir Abdulhaq Hamid to‘g‘risida yozilg‘on «Hamidnoma» otliq tanqid kitobi bilan, so‘ni zamon sodda adabiyotchilarining 8 kitobdan iborat she’r; majmualarida qisqa-qisqa, lekin ma’nolik bir-ikki she’rlaridan boshqa narsasini ko‘ra olmadiq.
50—60 jildlik (yoki juzlik) «Qomus falsafa» yozg‘on emish degan rivoyatlar eshitildi, u to‘g‘risida ham aniq bir xabarga yo‘luqmadiq.
Shunday qilib, Turkiyada bu kishi ko‘b katta hurmat qozong‘on edi. Adabiyot olamida uning e’tibori juda zo‘r edi. Bir vaqtlar, bir ish to‘g‘risida qamoqqa olinib, qamoqxonadan so‘roqxonaga kelturilar choqda aholining qo‘llari ustida ko‘tarilib kelturilgan; qamoqxonadagi hujrasi bir ziyofat dasturxoniga aylangan. So‘zning qisqasi, jahon urushining so‘nggigacha uning shuhrati, hurmati va e’tibori katta edi.
Inqilob — g‘oyat kuchlik bir omil ekan. Qanday zo‘r shuhratlar yerlarda sudralmadi?
Bechora Rizo Tavfiq ham shunday shuhratlarning biri bo‘ldi.
Turkiyaning yangi shoirlaridan eng kuchligi bo‘lg‘on Yahyo Kamolbek bilan Istanbul dorilfununining fors (eron) adabiyoti mudarrisi Husayn Donishbek orasida milliyat janjali boshlanib ketgandan so‘ng, Eron milliyatparvari bo‘lg‘on Husayn Donish tarafidan Rizo Tavfiq ham turk milliyatparvari bo‘lg‘on Yahyo Qamolga qarshi chiqdi. Da’vosini isbot qilish uchun, bu muqtadir faylasuf mashhur Fuzuliy Bag‘dodiy to‘g‘risida dorilfunun sahnida bir leksiya o‘qub, Fuzuliyni turk emas, eronli (fors) qilib chiqardi.
Fuzuliyning asarlarini Eronning mashhur bir shoiridan olg‘onlig‘ini da’vo qildi. Mana shu kundan tortib Rizo Tavfiqning shuhratda, hurmatda pastlashi boshlanadi.
Jahon urushi tugagandan keyin Fransiyaning Sevr shahrida mag‘lub Turkiya uchun bir muohada hozirlandikim, u muohadani Turkiya matbuoti «Turk mnllati uchun o‘lum muohadasi» deb, juda to‘g‘ri aytgan edi. Shul xo‘rlag‘uchi muohadagi imzo qilaturg‘on badbaxtlar Turkiyada tezgina topilmadi. Har kim, shu razil vazifani bo‘yniga olmoqdan bosh tortar edi. Shu vaqtda o‘sha kunlarning a’yon-a’zosi bo‘lg‘on Rizo Tavfiq maydonga otilib chiqdi va indamasdan borib muohadaga qo‘l qo‘yib keldi. Shu hodisani fransuzlarning bir gazeti juda kulgi qilib yozg‘on edi. Bu ish bechora faylasufning e’tiborini tamom tushurdi.
Istanbulga Mustafo Qamolning g‘olib o‘rdulari kirgandan so‘ng shu masalalar yana bir daf’a qo‘zg‘alib, turk matbuotida faylasuf haqida ko‘b qattig‘ narsalar aytilib o‘tdi. Bir vaqtlar, dorilfunun talabalari uni mudarrisligidan haydadilar.
Yaqinda oling‘on bir xabarga qarag‘onda, bu bechora faylasuf dorilfunundan chiqkondan so‘ng bo‘lsa kerak, Istanbuldagi Amriqo qo‘llejiga (qulliyasiga) kirib, talabalarning g‘alvasi orqasida undan ham ketmakka majbur bo‘lg‘on ekan. Undan chiqqach Zung‘uldoq degan joyga borib u yerdagi bir qo‘llejda turk tili va adabiyoti darslarini bera boshlagon ekan u qo‘llejning talabalari ham uni haydashga uruna boshlag‘onlar.
Shunday qilib, Turkiyaning adabiyot va ilm olmidagi eng katta bir kishisi, zamonning qizig‘on qonli yoshlari bilan chiqisha olmasdan, keng fikrini miya hurjuniga solib, sayoqlik-darbadarlik ko‘chasiga kirib qolg‘on...
________________
«Farg‘ona», 1924 y. 10 mart.
«Jahon urushidan burun...» — 1914 yildan ilgari Turkistonda turk matbuoti ancha keng tarqalgan. Jahon urushi vaqtida Turkiya Rossiyaga dushman lagerida bo‘lgani bois bu narsa ancha cheklangan.
«Oshiq tarzida va hijo vaznida yozg‘on» — «oshiq» deb turk va ozarboyjon elida baxshilarni aytiladi.
Hijo vazni — barmoq vazni demak.
Abdulhaq Hamid (1851—1937) — XIX asr oxiri va XX asr boshlarida juda mashhur, bo‘lgan turk adibi.
«Qomus falsafa» — falsafa ensiklopediyasi nazarda tutilayotgan bo‘lsa kerak.