OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qodiriy. Chiqib bozor aro poshshoyi tanga kirib o‘lturdi ketkan jon-tanga (1924)

Kichkina feleto‘n

Ana endi tuflab tugadurg‘an pullar ham chiqdi... Otangga rahmat, dadasi ko‘rgan!

Man-ku, hali tangani ushlab ko‘rganim yo‘q, ammo o‘sha moyanaxo‘rlar yangi poshshoyi tangadan yigirmatasini bir qo‘lg‘a ushlab ikkinchi qo‘lg‘a qator tushursalar bormi, jiring‘-jiring‘, shaldir-shuldir-da![1]

Tusingdan aylanayning ko‘rimi ham yaxshi, tovushi ham xuddi qizlarniki, bejirim... Devonaxoningizning bir tilagim bor ediki, endi ul ham bo‘ldi. Ya’ni o‘sha o‘roq bilan bolg‘ayu bir tutam boshoqni qog‘ozda emas, ana shunaqangi boshitoshdan bo‘lg‘an narsaning ustida ko‘rgim kelar edi. Shukr, o‘zim ushlay olmasam-da, og‘a-inilarning qo‘llarida ko‘rdim; og‘a-inilarning boshlari omon bo‘lsa shunaqangi ko‘rsatib yuraberarlar-ku, axir! Nima, manularning tangasini yeb qo‘yamanmi?..

Besh kundan so‘ng chaqaboy chiqsalar, o‘n kundan keyin tilla to‘ram[2] ham chiqarlar, a? Endi biz ham boqqolning oldig‘a borib bir milliart, o‘n milliart deb og‘iz ko‘purtirish o‘rniga yelkamizni siqibgina: «Bir paqirga[3] nosvoy, bir miriga[4] savzi!» deb aytarmiz-ku.

Berdiboy akam bo‘lsa: «E uka, bolshevoyingning pulidan xafa bo‘ldim-ku, hisobini bilish bir sari, kursiniga tushinish ikki sari... Bizlarga ota-bobodan qolg‘an chaqachamizni chiqarib bersin!» der edi.

Man:

Sabr qilsang g‘o‘radan holva bitar,

Sabrsizlar o‘z oyog‘idan yitar!

— deganimda, bir tilloyi pulini kursindan yiqilib tushub, o‘zining ancha zarar qilg‘anidan shikoyat qilar va «E, man, kursinidan zarar qilaberib bud-shudimdan ayrilib qolaymi, undan keyin bu itbachchalaringni kim boqadir, a?» deb manga piching qilar edi.

Odamlarning qo‘lidag‘i pul bo‘lub yurgan tamg‘a qog‘ozlar[5] endi ko‘zimga xuddi moxxovg‘a o‘xshab ko‘rinadir. Ammo man poshshoyi tangasiga[6] qoyil-da!

Chiqib bozor aro poshshoyi tanga,

Kirib o‘lturdi ketkan jon-tanga!

Keyingi misrani abjad hisobiga olsangiz ba ilmi karomat (1924) tarixi chiqar.

Dumbul devona

«Turkiston» 1924 yil, 25 mart, 248-son

 

[1] 1924 yilda muomaladagi pulning qadri ketib, pul islohoti o‘tkazilgan edi. Maqola shu munosabat bilan yozilgan. Bu yerda muallif bir so‘mlik va ellik tiyinlik so‘lkavoy pul haqida gapiryapti.

[2] Tilla to‘ra — 1922-1947 yillarda SSSRda muomalada bo‘lgan o‘n so‘mlik chervon pul.

[3] Paqir — ikki tiyinlik chaqa.

[4] Miri — besh tiyinlik chaqa.

[5] Tamg‘a qog‘oz — tanga pullar chiqquncha bir-uch-besh tiyinlik gerbli qog‘oz pullar muomalada yurgan, gap shu haqda boryapti.

[6] Poshshoyi tanga — chervon pul.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.