OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hoji Muin. Oila tarbiyasi (1918)

Dunyoda har bir millatning huquqli va mas'ud bir suratda yashamaki, ul millatning o‘z zamonindagi maorif va madaniyatni qabul etmakiga muvaffaq bo‘lg‘onidek, har bir oilaning baxtiyorligi va rohat bilan tirikchilik etmakiga ham ul oilaning afrodi mutlaqo tarbiyali bo‘lurg‘a tevishdir. Olamda taraqqiy etgan hech bir millat yo‘qdir-ki, uning oilasi tarbiyasiz qolg‘on bo‘lsin. Yoki hech bir oila yo‘qdirki, uning afrodi tarbiya ko‘rmayincha chin baxt-saodat bilan umr kechirmaqtsa bo‘lsin.

Islomiyatning avvalgi asrlarindagi musulmonlar oila tarbiyasig‘a ahamiyat berib, erkak va qiz bolalarini o‘qita boshladilar. Xotunlar huquqini rioya etdilar. Va shul soyada maorif va madaniyat yo‘lig‘a qadam qo‘yib, ulug‘ bir quvvat hosil etdilar. Ozgina vaqtda dunyoning qismi a'zamini o‘zlarig‘a qaratdilar. Ul asrlarda islom dunyosinda erlar qatorinda xotinlardan ham qancha olima va shoira, muharrira, xatiba, adiba va faqihalar yetishgan edi.

Musulmonlarning u davr taraqqiylari Abbosiy halifalarning zamonig‘acha davom etdi. Abbosiylar davrinda boshlab oila tarbiyasi buzildi. Xotunlar huquqig‘a tajovvuz etildi. Xalifa va amirlar saroyinda aysh va ishrat va shafohat boshlandi. Hukumat idoralarinda jabru alam, g‘adru xiyonatlar yuz berdi va o‘shal daqiqadan e'tiboran musulmonlar ijtimoiy va siyosiy jihatdan kundan-kun tanazzul eta boshladilar. Hukumatlari qo‘ldan ketdi, mamlakatlari barbod bo‘ldi. Boshdan o‘zgalarga amir va hokim bo‘lib kelgan musulmonlar axloqsizliqlari va oila tarbiyasining buzuqlig‘i sababli bora-bora yotlarg‘a mahkum va asir bo‘lib qoddilar.

Hosili kalom, avvalgi asrlarda musulmonlar husni axloq va oila tarbiyasi soyasindagina taraqqiy etdilar va mas'ud bo‘ldilar. Oxirida oila tarbiyasindan qo‘l ko‘targanlari va axloqsizliqlari sababli suqut etib hozirgi holg‘a tushdilar.

Biz turkistonlilar ham 15 yil bo‘ladirki, bu dunyoda o‘zgalardek taraqqiy va taoliy etmak orzusi bilan yangi maktablar ocha boshladik. Yolg‘iz erkak bolalarimizni tarbiya etarg‘a kirishdik, ammo qizlarimizning tarbiyasiga hozirgacha hech bir ahamiyat bermadik.

Bizlar ushbu noqis va xato harakatlarimiz bilan yana istarmizkim, kelar zamonda bizlardan ham mas'ud oilalar yetishsin, bizlar ham boshqalar qatorinda mutaraqqiy va mutamaddun bo‘laylik. Lekin hozirdan bilmagimiz va amin bo‘lmog‘imiz kerakdirkim, bizlar to erkak va qiz bolalarimizni birgalikda tarbiya etmaguncha bizlardan kelajaqda mas'ud oilalar yetishmas. Bizlar hech vaqt g‘oyai a'molimiz bo‘lg‘on chin baxt va saodatga, taraqqiy va tamaddung‘a yetolmasmiz.

(Oxiri bo‘lur.)

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1918 yil, 9 iyul

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.