OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Hoji Muin. Xalq dorilfununi (1918)

Eski hukumat zamoninda Rusiyadagi o‘rta va oliy maktablardan foydalanaturg‘on xalqning ko‘bisi, balki hammasi yolg‘uz boy sinfi edi. Ul chog‘da faqir xalqning bolasi «dorilfunun» degan ilm yurtini tushinda ham ko‘rolmay yolg‘iz ibtidoiy maktabnigina biturib chiqsa, o‘zini baxtiyor sanar edi. Boxusus, biz Turkiston musulmonlari bir yoqdan hukumatning tazyiqi, ikkinchi yoqdan o‘zimizning ilm qadrini bilmaganligimiz sababli anday madrasalardan istifoda qilolmag‘animiz kabi o‘z maktablarimizdan ham lozimincha bahra ololmay yura edik.

Ikkinchi inqilob natijasinda Rusiyaning faqir xalqi burung‘i baxtsizliklardan, burung‘i falokatlardan qutulib, rohat yuzi bilan ilm nurini ko‘ra boshladi. Ibtidoiydan to o‘rta va oliy darajadagi ilm yurtlarining eshiklari faqir xalq yuzig‘a qarshi ochildi. Ilgari faqirlig‘i sababli o‘z bolasini yolg‘iz ibtidoiy maktabda davom qildirarg‘a muvaffaq bo‘lolmag‘on xalq bu kunda «dorilfunun» kabi ilm va hunar xazinasidan bir pul masorif tutmayincha istifoda etarg‘a haqli bo‘ldi.

O'ktabr inqilobindan keyin Toshkandda Turkiston xalqi uchun «Xalq dorilfununi» ochilib, aning masorifig‘a o‘ttiz milliyun so‘m taxsis etildi. Bu «dorilfunun» Turkistonning umumiy faqir xalqi uchun ta'sis qiling‘on bo‘lsa ham, lekin biz musulmonlarning ilm-ma'rifat to‘g‘risinda g‘oyat tuban darajada ekanligimiz va shuning uchun undan lozimincha istifoda etolmay qolajagimizni ko‘zda tutib, Toshkandning bir necha g‘ayratli yoshlari Toshkandda musulmonlarg‘a maxsus xalq dorilfununining musulmon sho‘‘basini ocharg‘a harakat qildilar va bu ishlarg‘a muvaffaq ham bo‘ldilar. Hozirda unda «dorilfunun» sho‘basining ibtidoiy qismindan o‘ndan ziyod maktab, o‘rta qismindan ham ikki sanoyi' maktabi ochilib o‘quvlar davom etmakdadir. Olg‘on ma'lumotimizg‘a ko‘ra, mazkur ibtidoiy maktablarning beshtasi xotin-qizlarg‘a, boshqalari erkak bolalar bilan katta kishilarg‘a maxsus bo‘lib, hozirda alarning majmuasinda 75 nafarcha muallim va muallima bilan 700 dan oshiq talaba va toliboti bor ekan.

Iydi fitr munosabati bilan Toshkanddan Muxtor Bakir afandi Samarqandg‘a kelib, yoshlar majlisinda Toshkandda ochilg‘an «Musulmon xalq dorilfunun»i sho‘‘basi to‘g‘risinda mufassal ma'lumot berdi va munda ham «dorilfunun» sho‘‘basi ocharg‘a hozirini taklif etdi. Majlis aning taklifini bir og‘izdan qabul etib, o‘z orasindan tashkilot komissiyasi sayladi. Hozirda bu komissiya dorilfunun sho‘‘basi ochmoq xususinda tirishmakdadir. Inshoolloh, tezda munda ham dorilfunun sho‘‘basining ibtidoiy qismi nomi ila erkak bolalar va kattalar ham xotun-qizlarg‘a maxsus bir necha maktab bilan bir sanoyi' maktabi va qisqa muddatlik muallimalar kursi ochsa kerak.

Bu maktablarda 15 yoshdan kichik bo‘lmag‘an harkimsa kabul qilinib, o‘quvlar majjoniy-tekin bo‘ladir. O'quv vaqtlari ham peshindan keyin har kuni uch soatgina bo‘ladir. Bu maktablarning ibtidoiy qisminda talabalarg‘a ona tilindan oson va ravshan o‘quv, yozuv, hisob, jug‘rofiya, tarix, axloq va ham dehqonchiliq, bog‘chachilig‘ kabi xalq uchun foydali ilmlar o‘rgatilur. Xotin-qizlarg‘a maxsus ochilaturg‘on maktablarda esa muslima muallimalar qo‘iilib, alarg‘a o‘quv-yozuvdan boshqa turli qo‘l hunarlari ham o‘rgatilur. Bulardan boshqa panjshanba kunlarida talaba va tolibotlarg‘a leksiya tariqi bilan madaniy va siyosiy ma'lumot berilur. Sanoyi' maktabida ham me'morliq, najjorliq, muqovasozlik kabi turli san'at va hunarlar o‘rgatilurki, bu bizning kambag‘al xalq uchun goyat foydali bo‘lsa kerak.

Ma'lumdirki, bizning musulmon birodarlarimiz aksariyat ila kambag‘al bo‘lub, yolg‘iz kun o‘tkarmak yoki bir hunarni o‘rganmak uchun bir usta (hunarli) kishining uyida besh-o‘n yil xidmat qilib zo‘rg‘a hunarni o‘rganib chiqadirlar. Mana mundan so‘ng shunday hunarg‘a tolib birodarlarimizning anday ustalarg‘a muhtoj bo‘lmay, to‘p-to‘g‘ri shul sanoyi' maktabiga kirib, ozgina vaktda xat va savod bilan istagan hunarlarini o‘rganib chiqib tirikchilik etmaklari mumkindir.

Xulosa: bu «Xalq dorilfununi» bizning faqir musulmon birodarlarimiz uchun bir ilm va hunar xazinasidirki, uning ochilishi ila barobar xalqimizning komili ixlos va rag‘bat ila undan istifoda etmaklari matlubdir.

«Mehnatkashlar tovushi» gazetasi, 1918 yil, 23 iyul

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.