Turkiston ilgari o‘z zamonasig‘a ko‘ra madaniyatga ega edi. O'sha davrda Turkiston hukmdorlari, ulamolar va ziyolilar madaniy-ma'rifiy ishga jiddiy ahamiyat berar edilar, har bir kishi xalq maorif ishiga bor narsasi bilan yordam berishni savob deb bilardi. Ana shuning uchun Turkistonda ulkan madrasalar, maktablar, kutubxonalar va korxonalar tog‘dek qad rostlagan edi. Har bir kishi o‘qituvchi va o‘quvchilarni moddiy ta'minlash uchun vaqf ta'sis etar, buning uchun o‘z yerlari, saroylari, do‘konlari va umuman berishi mumkin bo‘lgan barcha narsalarini o‘quv yurtlarining to‘liq mulki qilib berardi. Shu bois mudarris va talabalar vaqf tomonidan ta'minlangani sababli o‘sha davrda hech narsaga muhtojlik sezishmagan, hozirgi internat va stipendiyaning o‘rnini bosgani uchun o‘zlarini madaniyat va maorif ishiga bag‘ishlagan edilar. Ana shu himoya ostida buyuk olimlar, professorlar va faylasuflar voyaga yetgan. Hatto katta shaharlardagi, xususan, Samarqand, Buxoro, Qo‘qon, Toshkentdagi va ayrim qishloqlardagi ulkan madrasalar hamda ularning qoldiqlari, Samarqandda Mirzo Ulug‘bek tomonidan qurilgan observatoriya binosi madaniyat va maorif o‘sha paytda qanchalik yuksak bo‘lganiga guvohlik beradi. Usha paytdagi taraqqiyotga vaqflar sabab bo‘lgan. Vaqflar faqat ruhoniy predmetlarni o‘rgatish uchungina ta'sis etilmas, balki umumta'lim fanlarini o‘qitish uchun ta'sis etilgan. Diniy ta'lim ham, xuddi rus maktablaridagi kabi, umumiy fanlar va predmetlar qatori, mustaqil predmet sifatida kiritilgan.
Keyingi vaqtlarda Turkistonda sodir bo‘lgan urushlar oqibatida, xonlarning hukmronlikka intilishdari, turli bosqinchilarning hujumlari tufayli madaniyat-ma'rifat rivoji to‘xtab qoldi, ba'zi olim, ulamolar tabiiy ravishda vafot etdilar, boshqalari turli mamlakatlarga ko‘chib ketdilar. Qadimgi madaniyatni eslatuvchi madrasa va vaqflar hozirgacha saqlab qolindi. Har qanday madaniyatli xalqning hukumati madrasayu vaqflarni omillik bilan boshqarish orqali davlat g‘aznasiga zarar keltirmay ushbu madrasa va maorif darajasini ko‘tarishi hamda o‘quv ishini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi mumkin edi. Ammo Turkiston, turkiy xalqlarining baxtsizligiga ko‘ra, eski rus hukumatlari tomonidan zabt etildi va xalqning madaniy-ma'rifiy masalalari o‘zga qolipga solindi. Eski rus hukumati mahalliy xalqlarni ruslashtirish maqsadini ta'qib etganp bois madaniyat-ma'rifat izlari Turkiston tuprog‘idan tamom yo‘qoldi.
Pobedonostsev, Ilminskiy va Ostroumov singari missionerlarning nazorati ostida va ularning tashabbusi bilan eng yirik vaqflar g‘azna foydasiga tortib olindi; madrasalar hamda maktablarda faqat sof diniy xarakterdagi fanlar qoldi; xalq uchun zarur bo‘lgan fanlar, xususan, jo‘g‘rofiya, matematika, fizika va boshqa amaliy fanlar butunlay man' etildi va bu fanlarni maxfiy o‘rgatuvchi o‘qituvchilar go‘yo inqilobchi kabi ta'qib ostiga olindi yoki panislomchi sifatida og‘ir jazolarga tortildi. Yangi madrasa va maktablar solish, eskilarini ta'mirlash qat'iy man' qilingan edi. Shuningdek, madaniy-ma'rifiy ishlarga xizmat qiluvchi yangi vaqflarni ta'sis etish ham man' etilgan bo‘lib, umumta'lim fanlarini o‘rganishni istovchilar rus tilini bilish va bilmasligidan qat'i nazar, bu fanlarni rus tilida o‘rganishlari shart edi. Eski rus hukumatlarining xalq maorifiga nisbatan bunday siyosati timsolini ko‘rgan Turkiston turk xalkdari o‘z madaniyat-maoriflarining qolganini asrash uchun, madaniyat va ma'rifat o‘chog‘i bo‘lgan maktab va madrasalarini saqlash uchun ularni sof diniy ta'lim-tarbiya uchun mo‘ljallangan muassasa deb, vaqflarni esa ruhoniy institutlarni ushlab turishga xayriya maqsadida ta'sis etilgan muassasa, deb ko‘rsatishga majbur edilar.
Shunday qilib, xalq diniy ta'limni o‘rganish pardasi ostida madrasa va maktablarda dinga umuman aloqasi bo‘lmagan fors va arab tilini, yunon falsafasini o‘rganardi. Nihoyat, 40-50 yil mobaynida umumta'lim fanlarini o‘qituvchi olim mudarrislarning birontasi qolmay o‘lib ketdilar, ularning o‘rnini umumta'lim fanlari va ruhoniy ta'limotga ega bo‘lmagan, madrasa, maktab va vaqflarning tashkil etilish tarixini va vazifasini bilmagan, chor hukumatining ko‘rsatilgan siyosati ta'sirida tarbiyalangan mutaassib mullolar egalladi. Ular xalqning ushbu o‘quv yurtlarini chor hukumatining tazyiqidan omon saqlab qolish maqsadida, aytilgan o‘quv yurtlarini hiy-laga o‘tib, diniy xarakterdagi muassasa, deganlariga shubha ham qilmasdilar. Oqibatda mutaassib mullolar madrasa va maktablar haqiqatda ham xalqning diniy ehtiyojini qondirish uchun mo‘ljallangan ekan, deb chippa-chin ishondilar. Mazkur mullolar o‘zlarining yanglish fikrlarini keng xalq ommasiga yoyib, tarqata boshladilar. Shu bois xalq va mullolarning o‘zlari madrasa va maktab hamda vaqflarni diniy va xayriya xarakteridagi muassasa, deb hisoblay boshlaganlar.
Uzgarishdan so‘ng siyosat ham boshqa tomonga aylandi, ammo eski va yanglish fikr mullolar orasida ham, xalq orasida ham yo‘qolmadi, hatto hokimiyat tepasida turgan ba'zi o‘rtoqlar vaqfni faqat xalqni diniy va xayriya ehtiyojlarini qondiruvchi muassasa hisoblab, o‘z loyihalarini o‘sha ruhda tuzmoqdalar.
Yuqorida bayon etilganlardan ma'lum bo‘lyapti:
1. Vaqflar xayriya va diniy ehtiyojlar uchun emas, balki xalqning madaniyat va ma'rifatini yuksaltirish uchun ta'sis etilgan.
2. Turkiston xalqlarining milliy maktab va madrasalari - umumta'lim fanlari va san'at manbaidir.
3. Milliy maktab va madrasalarni diniy bo‘yoqqa bo‘yash eski chor hukumatining siyosatiga asoslangan bo‘lib, xalqni ruslashtirish hamda turkiy qavmlar maorifiga yo‘l bermaslik siyosatini talab etadi.
4. Ana shunga ko‘ra turkiy xalqlar keng omma orasida aytilgan muassasalar diniy xarakterga ega, degan yanglish fikrdan qutula olmayaptilar.
Bayon etilgan sharoitga ko‘ra, bir tomondan, keng ommaning ruhiy kayfiyati bilan hisoblashish, ikkinchi tomondan, vaqf masalasini kerakli yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish zaruriyati tug‘ilmokda. Vaqflardan tushayotgan daromadlar va hukumat qurilish hamda boshqa o‘zgarishlar tarzida berayotgan yordam hamda o‘qitilayotgan fanlarning o‘qitish profammasini o‘zgartirish orqali mavjud minglarcha maktab va madrasalarni hozirgi og‘ir ahvoldan qutqarib, ularni diniy muassasadan madaniy-ma'rifiy manbaga aylantirish maqsadga muvofiqdir.
Ushbu masalalarni hal qilish maqsadida Maorif xalq komissariati qoshidagi Turk sho‘‘basi ulamolar va mehnatkash ziyolilar bilan hamkorlikda bir necha marta majlislar o‘tkazdi va mazkur loyihani taqdim etish to‘g‘risidagi xulosaga keldi.
(Turkiston Respublikasi xalq maorifi bo‘limlari mudirlarining 1920 yil 30 iyunda o‘tgan s'ezdidagi nutq.) (Ruschadan tarjima.)