OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Munavvarqori Abdurashidxonov. Xitobnoma (1919)

XITOBNOMA

O'LKA MAORIF KOMISSARIATI TARAFIDAN:

Musulmon maktablarida din darslari

O'tkan 1918 yil 4 noyabrda Maorif komissariati tarafindan chiqarilg‘on 38 raqamli buyruqning 6-moddasinda musulmon maktablarida din darslari o‘qitmoq to‘g‘risinda tubandag‘i so‘zlar yozilg‘on edi:

«Musulmon xalqi o‘rtasindag‘i taraqqiyotning ozlig‘in va unlar orasindag‘i taassub va qoraliqlarni e'tiborg‘a olib, din darslari to‘g‘risinda musulmon maktablarig‘a istisno qilinur, ham musulmon maktablaridan shogirdlarig‘a (imomlar tarafindan o‘qitilmoq sharti ila) tahorat va shunga o‘xshash muhimroq havoyiji diniyalarin o‘rgatmakka muallimlarg‘a ixtiyor berildi».

Butun Turkiston jumhuriyatindag‘i yerlik maktablarda din darslarini o‘qituv va maktabda ibodatlar qildiruv man' qiling‘on holda, yolg‘uz musulmonlar uchun istisno tariqida din darslarini bermoqg‘a ruxsat etilub, chiqorilg‘on mazkur buyruq yo xalq orasiga tamom tarqalmagan va yoxud tarqalg‘an bo‘lsa ham, muxtasar bo‘lg‘onlig‘i uchun mazmuni yaxshi anglashilmag‘on. Binoanalayh, xalq orasinda yerlik maktablarg‘a muhabbat va rag‘bat o‘rnig‘a nafrat paydo bo‘lib, go‘yo yerlik maktablarda din darslari o‘qitilmaydir, shubhasila ko‘p kishilar bolalarini olib, eski maktablarg‘a berg‘onliklari va ba'zi o‘rinlarda yerlik maktablarni ochmoqqa xalqning mamoni'at ko‘rsatganligi va bolalarin maktablarg‘a bermag‘onliklari eshitiladur. Holbuki, yuqorida yozilg‘on buyruq musulmon maktablarinda din darslari o‘qutmoqqa komil ixtiyor beradur. Misola, buyrukda «Tahorat va shunga o‘xshash muhimroq havoyiji diniyalarin» deyilganki, muhimroq havoyiji diniya orasina namoz, ro‘za, haj, zakot, e'tiqodot, axloq va odob mamoshirat va mukammal suratda Qur'oni karim va shunlarg‘a o‘xshash zaruriyoti diniyaning har biri kerakdur. Buyruqda man' qilingan bir narsa bor bo‘lsa, ul ham imomlar tomonidan o‘qitilmog‘idur. Holbuki, Rusiya maktablarida din darslarin har vaqt po‘plar yurib o‘qitganlar. Musulmon maktablarida esa din darslarin shul vaqtgacha imomlar yurib o‘qitmasdan, faqat maktab muallimlarining o‘zlari o‘qitg‘onlar, shul sababli ul shart musulmon maktablarida din darslarini mukammal suratda o‘qitmoqqa hech bir xalal keltirmaydir. Ibodat masalasig‘a kelg‘onda, musulmonlar uchun har yerda mu'bad va masjiddir. Musulmon bolalarin ibodatdin hech kim man' qilg‘oni yo‘q, ular tilag‘an o‘rinlarida muallimlari boshliq tilag‘anlaricha ibodat qila bilurlar. Musulmon maktablarida din darslari o‘qitmoq to‘g‘risidag‘i buyruqni bu tariqa tafsil bermak ila buni ham ilova qilinurki, yerlik maktablarida din darslari o‘qitmoq uchun muallimlarg‘a komil ixtiyor berilgan.

Bu ixtiyordin foydalanib, har bir muallim o‘zining dars jadvalig‘a loaqal haftada uch-to‘rt soat din darslari kiritub (boshqa fanlarning soatiga zarar yetkurmaslik sharti ila), ul soatlarni ibodat, e'tiqodiyot, Qur'on va axloq kabi qismlarga bo‘lib o‘qitmoqqa vijdonan majbur o‘lsa kerak. Hozirg‘acha ba'zi maktablarda din darslari berilmas ekan, ish hukumat nuqsonidan emas, balki muallimlarning nuqsonlari va buyruqdan xabarsizliklaridan. Bu xususda qo‘l ostilaridag‘i muallimlarg‘a tegishli buyruq va ma'lumotni bermoq va din darslari uchun mufassal prog‘ramlar tuzib e'lon etmak mahalliy maorif sho‘‘balari huzuridag‘i turk sho‘‘balarining vazifalaridir. Eski maktablarg‘a kelsak, ularda na ilm-bilim bor va na din bor. Balki yosh bolalarning ruhoniy va ham jismoniy jihatdan xarob etilib yotgan tanbalxonalardir. Binoanalayh, unday zararli maktablari yetarlik yoki maktablar ochilg‘on har bir o‘rinda yopar. Daromadlarning tekisroqlarini ijtimoiy ta'minotg‘a yozib, maishatlarin undan ta'min etdirmoq, yoshroqlarin ta'lim va tarbiya kurslarida bir oz o‘qitib, yangi maktablarg‘a muallim o‘laroq o‘rnashtirmoq lozimdur.

Ammo yolg‘iz Qur'oni karimni hifz etdirmoq maqsadi ila davom etub turg‘on qorixonalar (boshlarida muqtadir qorilar turmoq shartila) yoyilmasdan, avvalgi hollarida davom etmaklari mumkindur.

O'lka Maorif komissari: Muhammadamin Afandizoda

Turk sho‘‘basi mudiri: Munavvar qori

«Ishtirokiyun» gazetasi, 1919 yil, 28 aprel

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.