OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. O‘zbekning o‘z shoiri (1993)

Xalqimiz o‘zining ardoqli farzandi, XX asrning zabardast shoirlaridan biri G‘afur G‘ulom tavalludining 90 yilligini keng nishonladi. G‘afur G‘ulomning nomi, bosib o‘tgan hayot yo‘li, serqirra ijodi barchamizga yaxshi ma’lum. Shoirning o‘zi bir she’rida faxru g‘urur, erkalik bilan aytgani singari:

G‘afur G‘ulom kimligini bilasiz,
Adresimdir O‘zbekiston, shubhasiz.

G‘afur G‘ulom o‘z safdoshlari qatorida g‘oyat murakkab, g‘oyat ziddiyatli, tahlikali bir davrda yashab o‘tdi. Sobiq imperiya hududida, qolaversa, jahon miqyosida nom qozongan shoir zamonning barcha voqea va hodisalariga guvoh bo‘ldi, uning bir qism ijodi esa hukmron mafkuraning talablari ta’siridan chetda tura olgan emas. Tarixning mantiqiy hukmiga ko‘ra, mustabid imperiya tarqab ketdi, tabiiyki, uning beomon mafkurasi ham barham topdi. Biroq bu mustamlakachilik siyosati minglab haqgo‘ylarning boshini yeyishga ulgurdi, qanchadan-qancha iste’dod egalarining bo‘yniga bo‘yinturuq solishga erisha oldi. Ha, qozidan gina qilsang, dodingni kimga aytasan qabilidagi yillar edi u paytlar. Tag‘in shu holatni afsus bilan qayd etamizki, madhiyabozlik ko‘p millatli ulkan adabiyotning ommaviy taomiliga aylangan edi. Ne-ne go‘zal tashbehlar, chaqmoqdek misralar somon orasidagi kahrabo bug‘doy donalaridek nazardan qolib ketar edi.

Ushbu achchiq haqiqatni, ayniqsa, bugungi yoshlar teran tushunmoqlari kerak. Buning ustiga aksar ijod ahli tabiatan haddan ortiq ishonuvchan xalq bo‘ladi. Bir misol keltirib o‘tay. G‘afur G‘ulomning safdoshlaridan biri, mashhur rus shoiri Vladimir Lugovskoy umrining oxirigacha dengizlarda suv parilari yashashligiga chin dildan ishonib o‘tgan. Qiyosan aytganda, xalqqa va’da qilingan nurli istiqbol ham, ko‘klarga ko‘tarilib maqtalgan adolat, tenglik ham o‘sha suv parisi yanglig‘ mavhum bir xayolot, mubham bir sarob bo‘lib chiqdi. Bu siyosatning yana bir dahshatli tomoni shunda ediki, u butun-butun xalqlarni temir qafas ichida saqlab, shodiyona qo‘shiqlar aytishga majbur qildi. To‘g‘rirog‘i, uni o‘rgatib ham qo‘ydi. O‘zining nog‘orasiga o‘ynashni xohlamaganlarni qatl qildi, quvg‘in ostiga oldi. Insonlar fe’lidagi mash’um ojizlik, hasad, ko‘rolmaslik illatlaridan ustalik bilan foydalanib, bir millat ichida otani bolaga, akani ukaga dushmanga aylantirdi. Shu tariqa o‘zbek xalqi ham o‘zining o‘nlab beqiyos farzandlaridan bevaqt ayrilib qoldi.

Biz bugun Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat, Usmon Nosir nomlarini iztirob bilan eslaymiz. Yaqinda O‘zbekiston adiblarining bir guruhi bilan uchrashuvda Islom Karimov yuqorida nomlari zikr etilgan siymolar haqida gapirib, ular nafaqat adabiyot sohasida, balki xalqimiz ozodligi yo‘lida to‘la ma’noda siyosiy kurash olib borgan izchil va sobitqadam, erkparvar zotlar ekanligini ta’kidladilar.

Shukrkim, alal-oqibat tarix bizga ham ters qaramadi. O‘sha kurashlar, to‘kilgan qonlar va nihoyat jasur o‘g‘lonlarimizning keyingi davrdagi sa’y-harakatlari bekorga ketmadi. O‘zbek xalqi istiqlolga erishib, o‘z mustaqil davlatiga ega bo‘la oldi. Endi uning haqiqiy Mustaqil Konstitutsiyasi, daxlsiz bayrog‘i, tamg‘ayu madhiyasi bor. Tilimiz kamsitilish botqog‘idan chiqib Davlat maqomini oldi. Jahon afkor ommasi, qator mamlakatlar mustaqil respublikamizni yakdillik bilan e’tirof etdilar, Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘ldik. Nihoyat, xalqimizning ming yillik qadriyatlari tiklanmoqda, nomlari hatto tilga olinishi mumkin bo‘lmagan zotlarning shon-shavkatlari qaytib kelmoqda, din olamining muqaddas kalomlari baralla jaranglamoqda.

Bularning barchasi g‘oyat qutlug‘ saodatdir. Biz qadimiy orzularimizga erishmoq uchun og‘ir yo‘llarni bosib o‘tdik, dedik. Biroq yaqin o‘tmishimizga nazar tashlaganimizda ham, afsuski, chigal muammolarga, zidtsiyatli manzaralarga duch kelamiz. Bu muammolarni esa nihoyatda donolik, uzoqni ko‘ra bilishlik bilan yechish kerak bo‘lur edi. Prezidentimiz: “Biz yaqin o‘tmishimizni taftish qnlmasdan xalqimizni parokandalikdan saqlab qola oldik”,deganlari bilan ming marotaba haqlidirlar. Prezident o‘z fikrlarini davom etdirib, “Men o‘tmishda kimning kimga yomonlik qilganini qo‘zg‘ab hozirgi yaxshi munosabatlarni buzishga qarshiman”, — dedilar. Bu chindan ham oqilona siyosatdir. Albatta, ro‘y bergan xatoliklar, gunohu kufriyatlar biz uchun saboq bo‘lmog‘i shart. Biroq, eng muhimi, olg‘a ketayotgan ozod O‘zbekistonimiz ko‘rgan-kechirganlarida foydali jihatlarnigina qabul qilib olib, ginaxonlik va malomatbozlikka o‘ralashib qolmasdan, taraqqiyotning katta yo‘liga chiqib olmoqda. Xullas, mana shunday mas’uliyatli dovondan turib, xalqimizning ko‘pdan-ko‘p dongdor vakillariga, ularning faoliyatlariga nazar tashlay boshladik. Chunonchi, Sharof Rashidovning O‘zbekiston uchun necha o‘n yillar mobaynida qilgan xizmatlari munosib ravishda baholandi va bu baho elu yurt tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.

O‘tganlarning barchasi ham davr farzandlari edilar, lekin ularning xalq oldidagi xizmatlari ham unutilmasdir.

Biz yaqin o‘tmishda yashab o‘ggan allomalarimiz, adiblarimiz ijodidagi muvaqqat g‘uborlarni yuvib tashlab, yombi oltinlarimizning asl jamoliga to‘yib-to‘yib boqishimiz, ularni kelajak avlodlar hukmiga, muhimi, Vaqt hukmiga avaylab uzatmog‘imiz shart. Aslida, har qanday tarixiy shaxsga baho berish, avvalo, unga qaysi nuqtadan turib, qanday maqsadda yondoshishga bog‘liq. Axir Amir Temur va Bobur singari zotlarning nomlari ularga maxsus “ko‘zoynak” orqali qarash oqibatida qatag‘on etilmaganmidi?! Adabiyot hukmron mafkuraning xizmatiga majburan bo‘ysundirilgan davrlarga baho berganda ham o‘sha shart-sharoitlarni hisobga olish joizdir.

Albatta, biror ijodkor biror tuzumni yoxud biror firqani muttasil maqtayvergani yoki qoralayvergani bilan iste’dodi yuksalib qolmaydi. Iste’dod, eng avvalo, tabiat ehsoni, Olloh tuhfasidir. Shu ma’noda Yaratganning o‘zi G‘afur G‘ulomdan marhamatini sira-sira ayamagan edi. G‘afur G‘ulom chindan ham ulug‘ zakovat egasi edi. Buning isboti shoirning jo‘shqin va dono she’riyati, buning isboti — G‘afur G‘ulomning tug‘ma tafakkur sohibi ekanligi, buning isboti — yozuvchi G‘afur G‘ulomning hech bir adibnikiga o‘xshamaydigan chinakam milliy xalqchil prozasi — nasriy asarlaridir. Zamonning nazari nechog‘lik sinchkov va yovuz bo‘lmasin, G‘afur G‘ulom deyarli har bir she’rida o‘zbek xalqining manfaatiyu obro‘sini o‘rtaga qo‘yib gapirar edi. U zot xalqlar o‘rtasidagi beg‘araz do‘stlikni kuylaganda ham, men o‘zbek shoiriman, o‘z xalqimning tiliman, degan o‘tli iqroriga sodiq qoldi. Shoirning faxru g‘ururi xalqning milliy iftixori bilan chambarchas bog‘lanib ketgan edi. “Sharaf qo‘lyozmasi” she’ridan bir parchani eslaylik:

Qadim o‘zbek xalqisan,
Asl odam avlodi,
Misr ehromlaridan
Tarixing qariroqdir.
Xorazmning har g‘ishtida
Bobolarning ijodi
Anglo-saksonlardan
Ancha yuqoriroqdir.
Bizda logarifmaning
Mushkul muammolari
Qo‘ldagi barmoqlarday
Oddiy qilinganda hal,
Oliy irq da’vogari
Cherchillning bobolari
Hatto sanay olmasdi
O‘n barmoqni mukammal.
Biz ekkan paxtalardan
Yer yuzida bor kishi
Uyatini yopganda
Ustma-ust, qavat-qavat,
Hozirgi janoblarning
Ma’rifat va donishi
Paxta — daraxt qo‘zisin
Juni deb bilgan faqat.

Garchand she’rning ikkinchi yarmi boshqa o‘zanga qarab ketgan bo‘lsa-da, shoirning kimlarga qanday ishoralar qilayotgani shundoqqina sezilib turibdi. Chorasiz shoir millatiga qalqon bo‘lgisi keladi. O‘zbekistonning sha’niga hanuz katta-kichik toshlar otilib turibdi. Ular endilikda nafaqat shonli o‘tmishimiz, balki mustaqillikka erishgan bugungi kunimizni ham ko‘rolmayaptilar. Odam bolasi bunchalar ochofat, bunchalar ichi qora bo‘lmasa! Prezidentimiz Islom Karimov ayttanlaridek, endi ortga qaytish yo‘q, orqadagi ko‘priklarni allaqachon yoqib yuborganmiz.

Prezidentimizning o‘tli nidosini har soat, har daqiqada qo‘llab-quvvatlash har birimizning vatanparvarlik burchimizdir. Ko‘prikning naryog‘idan esa, eng yaxshi an’analarnigina olib o‘tdik, xolos. Millat g‘ururi to‘la shakllanadigan paytlar keldi. Ko‘rinib turibdiki, barcha ijodkorlarning vazifalari g‘isht singari bir xil qoliplarga solingan sharoitda qalam egalari o‘zlarining qalb so‘zlarini, orzuyu armonlarini bayon qilishlari sira ham oson kechmagan, hatto mumkin bo‘lmagan edi.

Shu o‘rinda aytish kerakki, nihoyatda bolajon inson G‘afur G‘ulom kichkintoylarga atab talay ibratli she’rlar yozib qoldirdi.

Asrlar mobaynida ijod ahli turli hukmron doiralarning ta’siriyu tazyiqidan qutulolgan emas. Bu tazyiqu ta’sir asarlarning mazmunida goho dunyoviy, goho xurofiy tarzda zohir bo‘lar edi. Ba’zi shoirlar esa, bu g‘alvalarning barchasidan bezib, faqat yor jamoliyu tabiat manzaralarini kuylab o‘tganlar. Jahon adabiyotidan bunga ko‘plab misollar keltirsa bo‘ladi. Biroq, dunyoda shunday tabarruk mavzular ham borki, ularni hech bir tuzum, hech bir siyosat daf’atan qatag‘on qilolgan emas, bunday mavzular kimning lafzidan chiqmasin, tarixda sira ham salbiy ma’no kasb etgan emaslar. Bular Vatan, do‘stlik va birodarlik, tinchlik va muruvvat kabi mavzulardir. Ayni shu ma’noda G‘afur G‘ulomni Vatan, tinchlik hamda mehru muruvvatning otashin kuychisi deb atash mumkin. Shoirning birgina “Sen yetim emassan” she’rini eslang. Aslida xalqimizning o‘zi haqiqiy muruvvatlik xalqtsir, xalqimizning o‘zi mehru saxovatda yaktodir, yurtimiz bebahodir.

Hamma o‘rganganimdan yaxlit xulosa:
O‘z yurtim yerida ungan har maysa
Begona yurtlarning gulidan afzal.

Shoir milliy g‘ururini xalq fazilatlarini kuylash vositasida ko‘proq namoyish etdi.

Shundoq yurtda, xalqning asl shoirida ham yuqoridagidek fazilatlar jamuljam bo‘lmog‘i, albatta, tabiiy. Ayni vaqtda G‘afur G‘ulom “bir og‘iz shirin so‘z nondek arzanda”ligini boshidan kechirgan, yetimlikning barcha g‘urbatlarini ko‘rib, his etib ulg‘aygan zot edilar. Zero, armonli odamning dil izhori ham doimo samimiy, ko‘z yoshlari ham buloq suvidek tozayu pokiza, mehru muruvvati ham yurak qonidek qaynoq bo‘ladi.

G‘afur G‘ulom ijodining yana bir xususiyatini ta’kidlab o‘tmoqchiman. U qaysi mavzuga qo‘l urmasin, katta miqyoslarda fikr yuritardi, ruhiy poyoni cheksiz edi, bachkana, chuchmal his-tuyg‘ularni hech qachon yaqiniga yo‘latmasdi. Bu fazilat, bu mahorat, bu donolik shoirning xudo bergan tabiatiga xosdir; ikkinchidan, ul zot chuqur bilim egasi, qamrovi jahonshumul mutafakkir edilar. Uchinchi, va balki G‘afur G‘ulom iste’dodining yuksak parvoziga tolmas qanot bergan zo‘r kuch, qadim Sharq she’riyatining muborak nafasidir. Buni shoirning o‘zi tarjimai holida ham katta qoniqish bilan e’tirof etgan edi. Sa’diy va Hofiz, Navoiy va Bedil devonlarini bir umr qo‘ldan qo‘ymagan, o‘tmish daholarining minglab baytlarini yod bilgan shoirning o‘zi ham ularga hamohang bo‘ladigan o‘lmas satrlar yaratib ketdi.

G‘afur G‘ulom ijodi haqida so‘z yuritganda adibning nasriy asarlari to‘g‘risida gapirmasdan bo‘lmaydi. G‘afur G‘ulom nasrini men haqiqiy milliy nasr deb bilaman. Fikrimizcha, har qanday xalqchil asar milliy bo‘la olmaydi, har qanday milliy asar esa doimo xalqchildir. “Shum bola”, “Netay”, “Yodgor”, “Mening o‘g‘rigina bolam” kabi qissayu hangomalarni hech ikkilanmasdan adabiyotimizning durdonalari deb atasa bo‘ladi. Hikoyanavislikning g‘oyat tabiiy yo‘suni, til ifodasining beqiyos xalqchilligi, tengi yo‘q ajoyib hajviyot G‘afur G‘ulom nasriga xos bo‘lgan eng muhim fazilatlardir. Darvoqe, satira va hajviyot haqida gap ketganda G‘afur G‘ulomni bu sohalarning eng nodir ustasi deyish mumkin. Keyingi paytlarda erkinlikni oshkora suiiste’mol qilayotgan lo‘ttibozlar, olg‘irlar, ig‘vogarlar, mahalliychi ayirmachilar bolalab ketdilar. Ular G‘afur G‘ulomning shafqatsiz satira qamchisini intizorlik bilan kutib turganga o‘xshaydilar...

Ajab hol: goho yozuvchining kichik bir hajviyasini o‘qib ham muallifning dunyoqarashi, e’tiqodini adashmay aniqlab olsa bo‘ladi. Halollik, to‘g‘rilik, insof, diyonat oyoqosti bo‘lgan sharoitlarda G‘afur G‘ulom sukut saqlagan emas. U kishi, hatto, kutubxonalarda o‘tmish qo‘lyozmalari varaqlarini yirtib qochganlarning ham boplab ta’zirini bergandilar. Masalan, G‘afur akaning kitob yirtar haqidagi feletonini eslang. G‘afur G‘ulom o‘zi mansub bo‘lgan jahon adabiyotidan juda ham yaxshi xabardor edi, tarjimonlik ishining nechog‘lik beqadrligini bilsalar ham bu mehnatning savobini chetlab o‘tmaganlar. Shekspir fojealarini ona tilimizga mahorat bilan tarjima qilgan shoir hayotining so‘nggi yillarida buyuk Dantening “Ilohiy komediya”sini o‘zbekchaga o‘girishni orzu etgandilar. G‘afur G‘ulom, shubhasiz, ulkan olim ham edi. U zot O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilganida, birinchilardan bo‘lib akademiklikka saylandilar. G‘afur G‘ulom Sharq adabiyoti va falsafasi tarixini teran idrok etar, Navoiy, Jomiy, Mashrab, Muqimiy kabi mumtoz zotlar haqida chuqur tadqiqotlar olib borgandi. Albatta, allomaning ayrim maqolalarida davr mafkurasining shabadalariga duch kelamiz. Lekin G‘afur G‘ulom ilmining asosiy mag‘zi tafakkur xazinamizning mulki bo‘lib qoddi, bu xazina hanuzgacha adabiyotshunoslar uchun mo‘‘tabar manbadir.

Hozir biz Markaziy Osiyo deb atayotgan mintaqa xalqlari G‘afur G‘ulomni ayniqsa ardoqlar, turkiy zabon qardoshlarimiz shoirni boshlariga ko‘tarar edilar. Qaysi bir yili Abdulla To‘qay to‘yi munosabati bilan Qozon shahriga borganimda tatar iptashlarimiz G‘afur akaning u yurtga kelganlarida sof tatar tilida ajoyib ma’ruza qilganini zo‘r mamnuniyat bilan eslagandilar. G‘afur G‘ulom shuningdek, fors-tojik tilini ham puxta bilardi.

Asrimizning deyarli barcha yetakchi ijodkorlari G‘afur G‘ulom bilan do‘st va kamarbasta edilar. Bular — Pablo Neruda, Fayz Ahmad Fayz, Samad Vurg‘un, Mirzo Tursunzoda, Sobit Muqon, Berdi Kerboboev, Konstantin Simonov va boshqalardir. Ba’zan o‘ylab qolaman. Agar, falon yillarda yashagansan, tirik yurgansan deb yuqoridagi siymolarni ham birvarakayiga rad qila boshlasak, umuman, adabiyotga hojat qolarmikan? Taqqos, albatta, nisbiy bo‘ladi, lekin ko‘pchiligimiz o‘sha yillarni ko‘rdik-ku. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom, “tavbaning eshigi hamisha ochiq”, deganlar.

G‘afur G‘ulom doimo xalq orasida yashadi, o‘zbekning yettidan yetmish yasharigacha G‘afur akaga cheksiz hurmat bilan qarardi. U kishini yurakdan sevardi. Dunyoning tomir urishini sezgirlik bilan ilg‘ay oladigan adibimiz ko‘plab publitsistik maqolalar yaratdi. Bugun Istiqlolimizni G‘afur G‘ulom nechog‘lik iftixor bilan, nechog‘lik zo‘r ko‘tarinkilik bilan madh etishi mumkinligini tasavvur qilsa bo‘ladi.

Ehtiyoj hamda vaziyat odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Sobiq imperiyani qo‘msayotgan ovozlar o‘qtin-o‘qtin eshitilib turgan ayni shu paytlarda davlatimiz mustaqilligini ko‘z qorachig‘idek avaylab saqlash, bu yo‘lda hamjihat bo‘lish bizga suv bilan havodek zarurdir. Ushbu muqaddas burchni Prezidentimiz ham bizga qayta-qayta ta’kidlab turibdilar. Hayot muammolarini oydiilashtirishda, raqiblarimizga javob berishda adabiyotning ahamiyati juda katta.Demoqchimanki, ustoz G‘afur G‘ulomning mislsiz g‘ayrati, faolligi ayniqsa shu kunlarda biz uchun ibrat bo‘lmog‘i kerak. Buning uchun ham ahillik lozim. Buning uchun ham yagona Vatan, yagona millat tushunchasi zarurligini zamon talab qilayotir. Bir-ikkita shaxsning diydori allergiya qo‘zg‘aydi, deb qozon-tovoqni bo‘lak qilib olish to‘g‘ri bo‘larmikan! Qariyalar davralarga fotiha berganlarida, jamoaga xotirjamlik qatorida ko‘pincha, keng fe’l, ketmas davlat tilaydilar. Ana shularni biz abadiy shiorlar desak bo‘ladi. Modomiki, Vatan hamda millat manfaatlari bizni har qachongidan ham ko‘ra mustahkamroq jipslapggirishi kerak ekan, biz ko‘proq kelajakni ko‘zlab, yosh avlodlarga ibrat bo‘lmoqni o‘ylab asarlar yozishimiz, shunga qarab ish tutmoqligimiz lozim. Unutilmas ustozlarimizning ruhlari ham bizdan shularni so‘rab turibdi, deb o‘ylayman. Biz G‘afur G‘ulomning nomini kimlardandir himoya qilmoqchi emasmiz. Biz G‘afur G‘ulom sha’niga soxta maqtovlar yog‘dirish niyatidan ham yiroqmiz. Zotan, G‘afur G‘ulom bularning barchasidan baland turadi. Ha, G‘afur G‘ulom o‘z zamonasining farzandi edi. U zot zamonning barcha oliy nishonlariyu unvonlariga o‘z buyuk iste’dodi va mehnati tufayli erishgandi. Shoir bir she’rida: “Kreml saroyida minbardagi o‘zbekman”, — deganida bor milliy gapni yozgan. Vaqt ko‘rsatdiki, haqiqiy ijodkorning o‘rnini, xotirasini turli minbarlardangina emas, xalq qalbidan axtarmoq kerak ekan. Zero, har qandayin sofdil ijodkor o‘z xalqiga albatta baxtu saodat, tinchligu xotirjamlik tilaydi. Xalqimizning turfa fazilatlari, uning mehnatsevarligi, tantiligi, bag‘ri kengligi, O‘zbekiston gulzorlarining tarovati ulug‘ shoirimizga tuganmas ilhom, yuksak surur baxsh etdi, turli zilzilayu ofatlar, yo‘qotishlar esa uni behad iztirobga soldi. Biz ana shu jihatlarni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak. G‘afur G‘ulom o‘zbek xalqining milliy o‘z shoiri edi va shunday bo‘lib qoldi.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, 1993 yil 28 may.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.