Mana, bir necha o‘n yillardirki, biz dilbar bir she’riyatning muattar havosidan bahramand bo‘lib kelayotirmiz. Bu — Erkin Vohidov she’riyatidir. Ona tilimizning ipakdek mayin, kamalaqdek rang-barang shamoyili, g‘oyat nozik lutf, beozor qochirimlar, goh hazin, goh samimiy tabassum uyg‘otuvchi tashbehlar, o‘tkir xulosalar — bular bari ulkan shoirimizning qalamiga mansub betakror fazilatlardir. Men Erkin Vohidovni she’riyatda o‘ziga xos sehr sohibi deb bilaman. U she’riyatning o‘jar va asov, uchqur otini ustalik bilan jilovlab, mana uzoq yillardan buyon Sharqning sharafli nazm maydonida mohir chavandoz yanglig‘ dong chiqazib kelayotir. O‘ylab qarasam, biz g‘alati davrlarni boshdan kechiribmiz: yaqin-yaqinlargacha ham ko‘rinishdan dabdurust odamlar, adabiyotda avval shaklmi yoki mazmunmi deya beto‘xtov tortishib yurardilar. Albatta, bu bahsning zamirida boshqa bir murod yashiringan edi. Ya’ni, mahorat, san’at shart emas, yalang‘och bo‘lsa ham bizning g‘oyamizni takrorlayber! Ana shu tazyiq tufayli ne-ne iste’dod egalari o‘zlarining benazir mahoratlarini namoyish eta olmadilar. Maktab darsliklarida: “Paxta tersang toza ter, chanog‘ida qolmasin” kabi texnik qo‘llanmalar, ruhsiz gaplar she’riyat namunasi, deya taqdim etildi.
Qirq yilcha muqaddam jamol ko‘rsatgan Erkin Vohidov she’riyati o‘sha qorong‘u go‘shalarni birdaniga yorita boshladiki, shoirimiz o‘zining ilk kitobini bejiz “Tong nafasi” deb atamagan edi. O‘lmas aruz vazniga bepisand qarash hali hukmron bir sharoitda Sobir Abdulla, Habibiy, Charxiy singari mo‘‘tabar siymolardan keyin mumtoz g‘azaliyotimizning oltin eshiklari abadiy bekiladi, deya karomat qilishayotganda, yosh avlod orasidan birinchilardan bo‘lib Erkin Vohidov aruzning tabarruk ostonasida posbon yanglig‘ paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, hozirgacha ham aruzda ijod qiluvchilar ozmuncha emas. Biroq, sog‘lom kishining nafas olishidek muntazam va ravon, asl aruz mavjudki, bu san’atga “bulhavas”larning aralashuvlari hech qanday samara keltirmaydi. Aksincha, sodda muallifni kuppa-kunduz kuni beobro‘ qilib qo‘yishi mumkin. Shu ma’noda, g‘azalga tavajjuh bildirgan yoshlarimizga hozirgi zamon shoirlaridan Erkin Vohidov ijodi maktab bo‘la oladi, deyman.
Yuqorida biz mazmun va shakl atrofida bahslar bo‘lib o‘tganligini eslatdik. Takror aytamiz, u tamomila behuda bahs edi. Biz ko‘rib va his qilib turgan olam bir butundir, ya’ni tan libosi ichra ruh yashaydiki, biz ikkisini yaxlit holda mukammal xilqat deya e’tirof etamiz.
Erkin Vohidov she’riyatida abadiy mavzular xazinasiga aniq zamon va makon kaliti orqali kirib boriladi. Xalqimiz keyingi davrlar mobaynida bosib o‘tgan va o‘tayotgan goh mashaqqatli, goh armonli, goh tug‘yonli, goh iftixorli yo‘llarning manzara va ohanglari, sadolari Erkin Vohidov she’riyatida to‘la mujassamdir. Hali oldinda uzoq, ravon yo‘llar kutib turibdi. Biz mustaqillikka erishgan O‘zbekistonimiz uchun, ona xalqimiz uchun bundan buyon ham astoydil xizmat qilishga shaymiz. Goho yuksak tog‘larning bo‘yu basti uzoqdan yaqqolroq ko‘rinadi, deydilar. Lekin men u uzoq masofalarni kutib o‘tirmasdan, hozirning o‘zidayoq bir gapni ochiq-oydin aytib qo‘yaqolay: Men Erkin Vohidovdek iste’dodli shoir bilan zamondosh bo‘lganim bilan faxrlanaman.
1992 yil