OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Asad Asil. Pokizalik - azaliy odatimiz (2000)

“Yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra” deydi xalqimiz. To‘g‘ri-da, qanchalik ko‘p dunyo kezsangiz, shunchalik rango-rang olamni ko‘rasiz, turli tuman voqealarning guvohi bo‘lasiz. Ayniqsa biz – ijodkorlar uchun tabiat bag‘rida, odamlar orasida bo‘lish, haqiqiy hayotni joy-joyida ko‘rib kuzatish hayotiy zarurat, desak mubolag‘a bo‘lmas. Xalqimizning turfa xil urf-odatlariyu rang-barang turmush tarzi va nihoyat Ona-Tabiatga munosabatini ham insonlarning quvonchu tashvishlariga sherik bo‘lib, barchaga barobar hamnafas holda yurgan qalam ahligina yaxshi tushunadi.

Hozirga kelib Ona-Tabiat hammamizdan madad kutyapti. Yoshi o‘tib qolgan avlod hal qiluvchi ulkan ishlarga qo‘l urishi, katta ishlarda faol ishtirok etishi ancha mushkul. Yoshlarimizning esa o‘yinqaroqliklarga berilmay, mayda-chuyda va bekorchi yumushlarga umrini zoe ketkazmay katta kurashlarga bel bog‘lashi, asosiy masalalar yechimiga yeng shimarib kirishishlari uchun vaqt yetdi. Hozirgi mustaqil hayotimiz ham, ayniqsa yoshlarimizga astoydil g‘amxo‘rlik qilayotgan Prezidentimiz ham xuddi shu yo‘lga da’vat etmoqda. Asosiy najotkor esa Ona-Tabiatning o‘zi. Sog‘lom avlod yilida farzandlarimizning, qolaversa o‘zimizning ham sog‘, tetik va bardam bo‘lishimiz atrof-muhit muvozanatining buzilmasligiga bevosita bog‘liqdir...

Men o‘tgan salkam oltmish yillik umrim davomida bunga qayta-qayta iqror bo‘lganman. Oddiy bir misol: farzandlarimizni har qancha parvarishlaylik, mudom eng lazzatli va to‘yimli taom bilan siylaylik, ammo atrofimizda musaffo havo va toza suv bo‘lmas ekan, hamma harakatlarimiz zoe ketaveradi. O‘g‘il-qizlarimiz rangpar, nimjon va kasalvandlikdan boshlari chiqmaydi. Tog‘ qishloqlarida toza havo va tiniq suvga ehtiyoj unchalik sezilmasligi uchunmi, atrof-muhit muhofazasiga u joydagilarning ko‘pchiligi deyarli e’tibor bermaydi. Shaharda esa...

Xullas, yuqorida aytganimdek, ko‘p yillik ish faoliyati davomida tog‘ qishloqlaridan to azim shahrimiz Toshkentgacha bo‘lgan katta-kichik qishloqlaru qo‘rg‘onlarda mehnat qildim, u joylardagi odamlar hayot tarzining ikir-chikirlari, atrof-muhitga munosabati xususida yetarlicha ma’lumotlarga ega bo‘ldim va shu narsaga iqror bo‘ldimki, to odat tusiga kirmaguncha odamlar pokizalikka yetarli e’tibor bermas ekanlar. Yoshlik paytlarimda Toshkentdagi Usta Shirin, Shomahmudov kabi qadimiy mahallalardagi to‘ylarda, turli marosimlarda ishtirok etardim. Shu davrdagi toshkentliklarning o‘ta nozikta’blik bilan mehmon kutishlari, ko‘cha va ariqlarni g‘oyat pokiza tutishlariga men chinakamiga qoyil qolardim. Ulardagi bu kabi ibratli fazilatlar albatta uzoq o‘tmishdagi ajdodlaridan meros bo‘lib qolgan xalqning qon-qoniga singib ketgan eng yaxshi udumlardir. Zilziladan keyin ko‘p qavatli uylar ko‘paydi, ularning orasida ba’zan chiqindilarning xirmon-xirmon bo‘lib uyulib yotishi, keraksiz hamma narsalarni ariqlarga ag‘darish kabi xunuk odatlar oddiy holga aylanib qolgandi...

Aslida, xayriyatki bunday emas ekan. Yurtimiz mustaqil bo‘lgach, ahvol tezlik bilan ijobiy tomonga o‘zgara boshladi. Hovli-joylarmi, baland qavatli binolarmi, barida qadimdagidek shinam mahallalar tashkil etilib, esdan chiqayozgan ibratli udumlarimizni toshkentliklar qayta tiklashga kirishdilar. Qondan-qonga o‘tib kelgan bunday udumlar hech qachon unutilmasligini hayot haqiqati isbotlayapti. Qalblariyu butun borlig‘ini pokizalik hissi qamrab olgan, bu yo‘lda barchaga ibrat bo‘layotgan ko‘pchilik oqsoqollar boshqarayotgan bir qator mahallalarda haqiqiy orastalik to‘la ma’noda namoyon etilmoqda. Eng muhimi, boobro‘ keksalar yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish va ularni qadimiy yaxshi udumlarimizni ro‘yobga chiqarishdek olijanob ishlarga jalb etishga astoydil kirishganlar. Shunday samarali faoliyat natijasi o‘laroq, oradan besh-o‘n yil o‘tmay, shaharning hamma tomonida qadim-qadimdagi mehr-oqibat, ko‘rkamlik, fayz-baraka va pokizaliklar qad rostlay boshladi. So‘lim xiyobonlar, koshindor choyxonayu oromgohlar ko‘paydi. Biroq sholi kurmaksiz bo‘lmaganidek, betartib mahallalar, pokizalikka e’tibor bermaydigan joylar ham yo‘q emas. Ularni hatto “Oynai jahon” orqali ham ko‘rib turibmiz. Ammo poytaxtimizning ana shunday joylari ham ertami-kechmi obod go‘shalardan biri bo‘lishiga ishonamiz.

Hademay yozgi mavsum boshlanadi. Har yilgi mavsumda shahri azimdan necha o‘n minglab dam oluvchilar Chirchiq daryosining toki bosh qismiga qadar borishib, suv bo‘ylarida hordiq chiqaradilar. Ayniqsa, Chorvoq suv ombori atroflarida dam oluvchilar ko‘payib ketadi. O‘zlari bilib-bilmaymi, hammayoqni chiqindilarga to‘ldirib yuboradilar. Ular tomonidan qoldirilgan uyum-uyum iflos narsalar to‘ppa-to‘g‘ri Chirchiq daryosiga oqib tushaveradi. Qarabsizki, bu chiqindilar daryo orqali to‘g‘ri poytaxtga oqib tushadi. Xo‘sh, bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qilishimiz kerak? Avvalo, tog‘larda, daryo va ariqlarning bo‘ylarida, Chorvoq suv ombori tevaragida salqinlayotgan har bir inson “osmonga tupursang, tupuging qaytib yuzingga tushadi”, degan iborani yodida tutmog‘i va o‘zidan biron ham chiqindi qoldirmasligi lozim. Qolaversa, asosan Chirchiq daryosining toza oqishini ta’minlash maqsadida deyarli o‘n besh yil muqaddam boshlanib, 1968 yildan buyon chala holda tashlab ketilgan Chimyon – Baqacho‘l kanalizatsiya kollektori qurilishini albatta oxiriga yetkazish kerak. Avlodlarimizning, shu jumladan o‘zimizning ham sog‘-salomat umr kechirishimiz uchun bu qurilishni poyoniga yetkazish shunchalar muhimki, kerak bo‘lsa o‘ziga to‘q, mablag‘i yetarli jamoalar, tashkilotlar bevosita hashar uyushtirsalar savob bo‘lardi. Bundan tashqari Toshkent shahri ichkarisiga tarqalib ketgan kanallar, anhorlar, ariqlar tozaligiga ham erishmoq darkor. Birgina Salor kanalchasidagi achinarli ahvolni ko‘rib, lol qolasan kishi. Shaharda nima ko‘p – tashkilot ko‘p, kim ko‘p – yashovchi ko‘p. Mahalla qo‘mitalari jon koyitib bir kirishsalar, hamma ariq va anhorlarni qisqa vaqtda toza holga keltirishlari mumkin-ku! Tozalash ishlarini o‘tkazib bo‘lgach ham nazoratni hech qachon bo‘shashtirmaslik, suvni bulg‘aganlarni esa qattiq jazolash kerak. Toki pokizalik doimiy odatimizga aylanib qolguncha kurashni bo‘shashtirmaslik lozim.

Xullas, atrof-muhit muvozanatini, ayniqsa yagona ichimlik suvi manbai bo‘lmish Chirchiq daryosining boshdan oxirigacha top-toza bo‘lishini ta’minlash, tog‘lardan oqib kelayotgan ob-hayotni salgina bo‘lsa ham bulg‘amaslik har birimizning muqaddas burchimiz bo‘lmog‘i darkor. Axir biz yashayotgan yurtlar qadim-qadimdan pokizalikning eng asosiy makonlari bo‘lgan-ku! Ayniqsa suvni toza tutish, unga tupurish yoki biron narsa oqizish gunohi azim ekanligini ota-bobolarimiz qayta-qayta ta’kidlaganlar. Bu ibratli an’analar hammamiz uchun ham qarz, ham farz.

“Toshkent oqshomi” gazetasi,

2000 yil 19 may soni.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.