OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Sobirjon Toshkanov. Hajv tig'i (1992)

Ajoyib hajv ustasi Said Ahmad yaqinda bir adabiy uchrashuvda qiziq bir fikrni aytib qoldi: «Erkin Vohidov hajviyasini yoqtiraman»,— dedi u. Kulgi ustasining kutilmaganda bildirgan bu e’tirofi kishini sergak torttirmay qo‘ymaydi. Axir she’riyat ixlosmandlari Erkin akani lirik shoir sifatida e’zozlaydilar, sevadilar. Nahotki shunday ijodkor Said Ahmadning e’tiborini hajviyasi bilan rom etgan bo‘lsa?! «Uning ijodidagi bu o‘tkir qirra alohida tadqiq etilishga loyiq,— deb davom etadi Said Ahmad.— Adabiyotshunoslar negadir buni e’tibordan qochiribroq kelishyapti. «Donishqishloq latifalari»ning o‘zi yangi bir dunyo».
Biroq, «Donishqishloq latifalari»ga Erkin Vohidovning o‘zi boshqacha qarashini bilib, yana hayratga tushdik. U shunday deydi: «Donishqishloq latifalari»ni o‘qib, hamma kuladi. Vaholanki, men ularni yig‘lab yozganman. Aql-idrokka zid, teskari ishlarimiz el boshiga kulfat va uqubatlar keltirib yotgani sir emas-ku. Kosasi teskari qurilgan charxpalaklar kammi? Bir pardani tutgancha qola bergan, bir xil ohangni qo‘ymay chala bergan matmusalar ozmi? O’zimiz yaratgan qoliplarni tandirday kiyib olib, yo‘lni ko‘rolmay, osmonga qarab ketayotgan hollarimiz yo‘qmi? Bular kulgili ishlarmas, achinarli, ofatli hodisalar».
Darhaqiqat, kulgini yig‘i bilan, yig‘ini kulgi bilan ifodalash usullari adabiyotda azaldan mavjud. Buni inkor qilib bo‘lmaydi. Dunyoga mashhur Gabrovo latifalari ham kishilarning o‘ta ishonuvchan, samimiy, beg‘ubor, soddadilligi asosiga qurilgan. Biz ularni tinglab va o‘qib, eng avvalo inson qalbining bolalarcha beg‘uborligidan zavqlanamiz. Latifa qahramonlarining go‘lligi, noshudligi, tajribasizligidan emas, yo‘q, aslo, tabiatan ochiq ko‘ngilliligi, bolalarcha sofligi, haqiqatparastligi qarshisida tan beramiz.
Bizningcha, mazkur latifalar, uning muallifi aytganiday, «achinarli, ofatli hodisalar» emas, balki xalqimizning beg‘ubor tabiatiga, halol va pokizaligiga, soddaligi va ochiqko‘ngilligiga monand qimmatli fazilatlardir. Masalan, «Matmusaning tandiri» degan bobda o‘zini tayyor qolip bilib tandir qurgan, ichidan chiqolmagach, maslahatga yig‘ilganlarning qidirib topgan chorasi tufayli Matmusaning boshini arralash lozimligi haqidagi epizod quvnoq kulgi uyg‘otadi. Matmusa bundan o‘zga chora yo‘qligini tan olib, rozi bo‘lgani, «Kessangizlar boshimni, men niyatga yetarman. Boshim olib bu yerdan, biror yoqqa ketarman», degan javobi bolalarcha beg‘ubor soddadillik ifodasi emasmi? Gap uning boshini kesish-kesmaslikda emas, balki sofdillikning badiiy talqini va ifodasidadir. Albatta, hech kim bunday soddadillikka havas qo‘ymaydi, lekin soflik, beg‘uborlikning tabiiyligi, samimiyligidan ma’nan zavqlanadi. Latifalarning ta’sirchanligi ham shunda emasmikan!
«O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasida Aziz Nesinning Miad Hakimov tarjima qilgan o‘zbekcha kitobiga yozgan so‘zboshisi bosildi. Unda mashhur hajvchi quyidagilarni yozadi: «Bildimki, adabiyot turlari ichida eng ta’sirchani, eng ommabopi hajviyot ekan. Shu tariqa hajviyot men uchun keng kitobxonlar davrasi, turli sinf vakillari bilan, xalq bilan muloqotda bo‘lishning bir vositasi bo‘lib xizmat qilmoqda». Buyuk satirikning fikri hajviyotga berilgan xolis va haqqoniy behodir. Hayotimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar jarayoni hajvchi yozuvchilarimiz uchun bitmas-tuganmas ilhom manbai bo‘lishi bilan birga ulardan turli-tuman va rang-barang g‘oyaviy-badiiy pishiq asarlar yaratishlarini ham taqozo etadi.
Turg‘unlik deb atalayotgan davrda ham o‘zbek adabiyotida hajviyachilik ayanch holatga tushib qolmaganini ko‘ramiz. Namuna adabiyoti hamda 20—30-yillarda Hamza, Abdulla Qodiriy, Sadriddin Ayniy, Cho‘lpon, Fitrat, Tavallo, Abdulla Avloniy, So‘fizoda nomlari bilan bog‘liq bo‘lgan an’analar muvaffaqiyat bilan davom ettirilganligidan ko‘z yumish mumkin emas. Lekin yozuvchilarimiz adabiyotning bu janrida qo‘lga qalam olar ekanlar, allaqanday ichki bir hadik, ehtiyotkorlik bilan ish tutganligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. O’zining haq so‘zlari uchun Abdulla Kahhor qanchalar tazyiqqa uchraganligi hammaga ma’lum. Bu o‘ziga xos «saboq»dan hajvchilarimiz xulosa chiqarmasdan iloji yo‘q edi. Shunday bo‘lsa ham hajvchi yozuvchilarimizning safi kengayib bordi. Xudoyberdi To‘xtaboev, Ne’mat Aminov, Sa’dulla Siyoev, Anvar Muqimov, Farhod Musajonovlar ijodi ayni shu yillarda ommaga manzur bo‘ldi. Lekin boshqa bir mulohaza bor: agar hajviy tafakkurga o‘sha yillarda to‘siqlar bo‘lmaganda, kalondimog‘ rahbarlar mazkur janr ravnaqiga rahna solmaganida, bu boradagi muvaffaqiyatlarimiz yanada salmoqli bo‘lishi aniq edi.
Hayot baribir adabiyotga o‘z muhrini bosadi. Busiz mumkin emas. Shu jumladan, har bir ijodkorning badiiy tafakkur tarziga ham. Anvar Muqimov ajoyib hajviyalari bilan oltmishinchi yillarda Abdulla Qahhorday yozuvchining olqishiga sazovor bo‘lgan edi. Uning keyingi ijodida dastlabki cho‘g‘, harorat ancha pasaygani seziladi. Yozuvchi ilk asarlarida kishilardagi loqaydlik, ayrim rahbarlar ongidagi o‘zibo‘larchilik va takabburlik, maorif sohasidagi ko‘zbo‘yamachilik kabi ijtimoiy illatlarni alohida bir izchillik va faollik bilan fosh etgan edi. Afsuski, hajviyot uchun keng imkoniyatlar yaratilgan hozirgi paytda ko‘p ijodkorlarda shijoat, keskinlikni uchrata olmayapmiz.
Hajviyotimizga saksoninchi yillarda kelib qo‘shilgan Anvar Obidjon bu sohaga, aytish mumkinki, yangicha epkin olib kirdi. Uning Usta Gulmat nomidan yozilgan she’rlari obrazlarning tiniqligi, kulgi jilolarining rang-barangligi, askiya ohanglariga monandligi bilan ajralib turadi. Kesatiq, piching, kinoya, soddalik va quvlik, ayyorlik va xudbinlik — xullas, inson zotiga xos bo‘lgan barcha illat va fazilatlarni jam etgan usta Gulmat o‘z davri nuqsonlarini, turli kishilarning ichki qiyofasi — ruhiy olamini ham aniq lavhalarda, o‘ziga xos tarzda mujassamlashtirib boradi. Muhimi shundaki, bu qiyofalar bizga tanish, ular yonimizda hamon yashab kelayotgan odamlar ekanligini sezib turamiz. Bu asarlarning kuchi, zamonaviyligi shunda yaqqol ko‘rinadi.
Albatta, bugungi kunda ro‘y berayotgan jarayonlarni adabiyotda zudlik bilan Tasvirlash, adabiy umumlashmalar chiqarish mashaqqatli ish. Maqolanavislikka oid maqolalarda esa hayotimizdagi chirkin illatlar, taraqqiyotga to‘siq bo‘lib turgan rasvoliklar keskin va ayovsiz fosh etilmoqda. Ulardagi jiddiy dalillar ijtimoiy salmog‘i kuchli hajviy asarlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin. Hajvchilarimiz ana shu boy turmush materiallarini badiiy o‘zlashtirishga ulgurmayotganga o‘xshaydilar. Dramanavis Sharof Boshbekovning ijodiy tajribasini mustasno tarzida qayd etish mumkin. U «Temir xotin» dramasida paxtaning zug‘umi, ayol kishining bugungi og‘ir qismatini fojiaviy usulda minglab tomoshabinlarga manzur eta oldi. Hayotiy muammolarga o‘z paytida javob qaytarish mumkinligini bu san’atkor yorqin isbotlab berdi. Boshqa hajvchi yozuvchilarimizdan ham ana shunday hozirjavoblik, jur’at va dadillikni kutishga haqlimiz.

Sobirjon TOShKANOV, 
Dotsent
«Sharq yulduzi» jurnali, 1992 yil 7-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.