OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Ibrohim Karimov. Armonda qolgan Madaminbek (1992)

http://n.ziyouz.com/images/madaminbek.jpg

20-yillardagi milliy-ozodlik harakatiga doir hujjatlarni o‘rganayotganda, ularning ba’zilariga tanqidiy yondashsak, tarixiy haqiqatlarni tiklashda bir yoqlamalikdan holi bo‘lishimiz mumkin. Bu o‘rinda 1922 yil 6 martdagi 2-Turkiston harbiyi qo‘mondonligining o‘qchi diviziyasi va Madaminbek qo‘mondonligidagi islom qo‘shini o‘rtasidagi bitim matnini nazarda tutayotirman. O‘sha protokolga asoslanib, «Bosmachilik: haqiqat va uydirma» («Sharq yulduzi», 1991 y. 3-son) davra suhbati ishtirokchilaridan Q. Mahmudov Madaminbek «Rusiyadan kelgan 150 ming kishilik qo‘shin bilan kurashish qiyinligini inobatga olib, muzokara olib borishga majbur bo‘lgan va muzokara davomida siyosatda tajribasizlik qilgan», deydi. Bu fikrga qo‘shilish shuning uchun qiyinki, Madaminbek qo‘rqqanidan emas, balki real siyosatchi ekanidan Turkiston mustaqilligiga yo‘l ochishi mumkin bo‘lgan va o‘sha davr vaziyatida birdan-bir aqlga muvofiq keladigan talablarni qo‘yadi. Agar u talablar hukumat bilan tuziladigan bitimda o‘z ifodasini topsa, Turkiston muxtoriyat maqomi orqali mustaqil rivojlanish yo‘liga kirib olishi mumkin edi. Loaqal Turkiston parchalanib ketmas, uning milliy an’analari va turmush tarzi oyoqosti qilinmasdi.

Madaminbek va uning yigitlarini butun vodiyda hurmat qilishar, chunki ular boshchiligida Qizil armiya hamda arman dashnoqlarining xunrezliklarini cheklash imkoniyati vujudga kelgan edi. Madaminbek Sho‘ro hukumatiga emas, balki bu hukumatga joylashib olgan mansabparast, shaxsiyatparast g‘alamislarga qarshi kurashni uz oldiga maqsad qilib olgan edi. Ammo Sho‘ro hukumati mahkamalarida o‘tirib olgan va tor shaxsiy manfaati yo‘lida hech narsadan toymaydigan, imon-e’tiqodining tayini yo‘q odamlardan qutilish uchun qurollangan kishilar, albatta, bo‘lishi kerakligini bilar, shuning uchun o‘z otryadini yangi hokimiyatda adolat tiklanishi uchun kafolat vositasi deb hisoblardi. «Agar odamlar menga qarshi chiqsa, darrov Sho‘ro hukumatiga bo‘yin egaman», deydi u. Bu bilan Sho‘ro hukumati nomidan kelgan sakkiz vakil ichida bitta o‘zbek — viloyat inqilobiy qo‘mitasining raisi Xo‘jaevga kinoya qilib, senlar xalq nomidan gapirishga haqqing yo‘q, senga o‘xshagan landovurlar tufayli Turkiston xalqlari o‘z buyukligi, milliy mustaqilligi va g‘ururidan mahrum bo‘lib boryapti, demoqchi bo‘ladi. Demak, Madaminbek tushunchasida xalq ommasi qo‘llab-quvvatlamaydigan hokimiyat vakilining davlat ishlarida ishtirok etishi, ma’naviy-axloqiy nopoklik alomatidir. Uning nazdida, millatga zulm o‘tkazish, bir millatning ikkinchi millat ustidan zo‘ravonlik o‘rnatishi adolatsizlikdir.

Madaminbekning o‘sha protokolda ifodalangan quyidagi so‘zlariga e’tibor bering: «Men Marg‘ilondan chiqqanimda, talon-toroj bilan shug‘ullanish va qo‘mondon bo‘lishni maqsad qilgan emasman. Chiqishimga sabab — Sho‘ro hukumati vakillarining ahli islomga (mahalliy xalqqa demoqchi — I. K.) o‘tkazgan munosabatlaridagi adolatsizliklaridan anchayin xo‘rlanishim bo‘ldi». Demak, Madaminbekning Eng birinchi talabi Sho‘ro hukumati odamlarini adolatli bo‘lishga undash, zo‘ravonlikka barham berish, amalda xalq hokimiyatini barpo etish edi. «Sho‘ro hukumati» tushunchasi Madaminbek talqinida adolatni qaror toptirish vositasi, Qizil Armiya qo‘mondoni vakili Verevkin-Raxalskiy tushunchasi bo‘yicha yangi, yanada makrliroq rus imperiyasini qaror toptirish vositasi ekanini muzokaralar mazmunidan sezish qiyin emas.

Madaminbekning sulhga kelishini qo‘rqoqlik alomati sifatida talqin etish o‘rinsizligining yana bir jihati bor. O‘sha davr hujjatlariga asoslansak, Madaminbek o‘sha davr ijtimoiy-siyosiy vaziyatidan kelib chiqib sulh tuzishni mustaqillikni saqlab qolishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘li deb biladi, Sho‘ro rahbarlarining ikkiyuzlamachilik siyosatiga milliy qo‘shin yordamida asta-sekin barham berilishiga umid bog‘laydi. Madaminbek o‘zbek xalqining eng yaxshi an’analarini muzokaralar davomida ham namoyon etdi. «Biz,— deydi u,— talon-toroj bilan shug‘ullanmaganmiz, shu tufayli tavba qilishimizga hojat yo‘q». Madaminbek qo‘ygan talablar milliy-demokratik (sotsialistik emas) xarakterga ega. Agar sovet hokimiyatining millatlarning o‘z takdirini o‘zi belgilash to‘g‘risidagi Deklaratsiyasi ikkiyuzlamamilikka asoslanmaganda, «bosmachilik» harakati 20-yillar boshidayok barham topar, Turkiston xalqlari tinch mehnatga o‘tib, boshqa xalqlar bilan do‘stona hayot kechirishga azmi qaror qilgan bo‘lur edilar.

Davra suhbatida «Yarash bitimi hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmaganligi uchun boshqa beklar Madaminbekni xoinlikda qoralashdi. Xolxo‘ja qo‘rboshi Uchqo‘rg‘on tegrasida Madaminbek bilan jangga kirishib, uni qatl etdi, deyiladi, Bu fikrlar tarixiy haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki Xolxo‘ja otryadi 50—60 kishidan iborat bo‘lib, Madaminbek qo‘shinlariga bardosh bera olmas edi. So‘ngra, u Shermuhammadbek (Ko‘rshermat) qo‘shiniga bevosita bo‘yinsunar, uning ijozatisiz bu xunrezlikka qo‘l ura olmas edi. Shuni e’tiborga olish kerakki, 1920 yil 6 mart bitimi loyiha bo‘lib, u kelasi muzokaralar uchun negiz bo‘lib qolishi kerak edi. Chunki Madaminbek, Verevkin-Raxalskiy hukumat boshlig‘i emasligini, bunday bitimni imzolashga vakolati yo‘qligini bilardi.

Madaminbekning rafiqasi Saodatxon aya Abdurazzoqovaning aytishicha, Madaminbek «Marg‘ilonga Frunze keladi, ertaga men u bilan uchrashaman, deb gap topib keldi. Marg‘ilon tomonidan Frunze, Toshloqdan esa Madaminbek o‘z qo‘shinlari bilan kelishib, hozirgi Toshloq nohiyasidagi paxta tozalash zavodi yonidagi kenglikda uchrashadigan bo‘lishibdi». Saodatxon aya o‘zi ham bu tantanali uchrashuv guvohi bo‘lganini aytadi: «Ikki sarkarda quchoqlashib ko‘rishishdi. Suratga tushishdi (o‘sha daqiqalar aks ettirilgan suratlardan biri Shohimardonda, yana biri esa Andijondagi muzeyda saqlanayotir). Bu chinakam tarixiy voqea edi». (M. Abdurahmonov. Madaminbekning rafiqasi. «Yosh leninchi», 1990 yil, 11 aprel soni.)

1964 yili O‘zbekiston SSRning 40 yilligini nishonlash uchun o‘lkamizda Sovet hokimiyatini o‘rnatishda jonbozlik ko‘rsatganlarni izlab topish, ularnichg xizmatlarini munosib yoritish jurnalistlar oldiga vazifa qilib qo‘yilgan edi. Shu asnoda ko‘p odamlar bilan gaplashish, tarixiy hujjatlar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lgan edim. Madaminbek va Ko‘rshermat to‘g‘risida ham ma’lumotlar to‘plandi. Davr talabiga muvofiq, Madaminbekni qonxo‘r, bosqinchi, kallakesar, o‘zbek xalqiga ko‘p ozor bergan shaxs sifatida yoritishim kerak edi. Fuqarolar urushi ishtirokchilari bilan kechgan suhbatlarda Madaminbek shunday razil odam bo‘lmaganligiga ishonch hosil qildim. Biroq, tarixiy haqiqat qanday bo‘lsa, o‘shandek yozish u paytlarda mumkin emas edi. Shuning uchun Madaminbek haqidagi ma’lumotlar e’tiborsiz qoldi. Ammo qachonlardir kerak bo‘lib qolar, degan niyatda Ahrorxo‘ja Maqsudxo‘jaev (mashhur san’atkor Nurxonning pochchasi, ya’ni ammasining eri) bilan qilgan suhbatimni saqlab qo‘ygan edim.

Ahrorxo‘ja eshon 1887 yili Marg‘ilonda tug‘ilgan, 11 yoshida onasi, 25 yoshida otasidan judo bo‘lgan. Otasi va sakkiz amakisi miltiqsoz bo‘lib, ular Xudoyorxon qo‘shinlariga ayri (pilta) miltiq va qilich yasab berishar ekan. Bir urushdagi g‘alabadan so‘ng, Xudoyorxon uning miltiqsoz bobosiga Marg‘ilondan yer in’om etgan. Ular o‘sha yaydoq yerda dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanishgan. Ana shu joylar hozirgacha Miltiqsoz mahallasi deb atab kelinadi. Oktyabr to‘ntarishidan keyin alg‘ov-dalg‘ov zamonlar boshlanib, miltiqqa ehtiyoj yanada kuchayib ketdi. «Bosmachilar» uni o‘zlari bilan olib yurishar, buzilgan miltiqlarini tuzattirishardi. «U paytlar juda murakkab edi,— dedi Ahrorxo‘ja aka,— kim hokimiyat tepasiga qolishiga omi xalqning aqli yetmasdi, odamlar jon saqlash niyatida goh «to‘rtinchilar» (sovetlar tarafdorlarini shunday deyishardi) tomoniga, goh beklar tomoniga o‘tib turardi».

Muhammadaminbek Ahmadbekov haqidagi qoralamalarim asosan, fuqarolar urushining boshidan-oxirigacha Madaminbek va Ko‘rshermat otryadlarida xizmatda bo‘lgan Ahrorxo‘ja Maqsudxo‘jaev xotiralariga asoslanadi. Albatta, unda kechmish voqealarning vaqtlari, odamlar va joylarning nomlarida tarixiy hujjatlarga to‘g‘ri kelmaydigan jihatlar ham bo‘lishi ehtimoldan holi emas. Lekin bu xotiralarni arxivlardan topish amri maholdir. Shu ma’noda tarixchilarimizning olib boradigan tadqiqotlariga asqotib qoladi, degan umiddaman.

* * *

Bir mudhish voqea tufayli Madaminbek otasining hunariga qiziqmadi. Baquvvat, epchil, irodali yigit bo‘lganidan u odamlarning koriga yarab, og‘irini yengil qilib, o‘z tirikchiligini o‘zi o‘tkaza boshladi. Xar payshanba va yakshanba kunlari Marg‘ilonning O‘rdatagisidan tortib Go‘ravvalgacha cho‘zilgan katta bozoriga ishlayman deganga ish topiladi. Bozorda nima ko‘p, gap ko‘p. Madaminbek yumushlarni bajarish asnosida eshitgan har bir gap, yangilikni o‘zicha mulohaza qilib borardi.

Madaminbek bu yerda ko‘pgina ulfatlar orttirdi. Ular orasida anchayin sho‘x, quvnoq yigitlar ham bor edi. Kunlarning birida ulfatlari bilan Skobelev (Farg‘ona)ga borishganida, u qimor o‘ynashdi. Beshbolalik Otaboy g‘ishtchi degan boy bo‘lib, uning mulla Sulaymon degan mahrami bilan Madaminbek gap talashib, janjallashib qoldi. Bu voqeadan xabar topgan Otaboy g‘ishtchi «Hap senimi», deb qo‘ygan ekan. Shu voqeadan bir hafta o‘tgach, Madaminbeklar xonadoniga mirshablar bostirib kelib, tintuv o‘tkazishdi va hovlida uyub qo‘yilgan makkapoya orasidan bir miltiq topishdi, Madaminbekni hibsga olishdi. Sudda Madaminbek Umarxez degan kishining bozor rastasidagi do‘konidan narsalarini o‘g‘irlaganligi, qonunsiz miltiq saqlaganligi go‘yo isbot bo‘ldi. Shu tufayli chor sudi uni Sibirga surgun qilish haqida hukm chiqardi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘g‘rilar Otaboy g‘ishtchining odamlari ekan. U shahar hokimi va polismeystrini bu ish Madaminning qo‘lidan keladi deb ishontirgan. Madaminbek hovlisidan topilgan miltiqni tintuv bo‘lishidan bir kun oldin uning yigitlari yashirib qo‘yishgan ekan.

Sibirda Madaminbek it ko‘rmagan azoblarni boshidan kechirdi. Yomon narsaning yaxshi tomoni ham bo‘lar ekan. Dunyodagi voqealar, Rossiyada yuz berayotgan tala-to‘polonlar, mahbuslarning unga bo‘lgan munosabati Madaminbekni ancha hushyor qilib qo‘ydi. U rus tilida gapirishni ham o‘rganib oldi, rus alifbosidagi gazetlarni tatalab o‘qiydigan bo‘ldi. 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng berilgan umumiy avf tufayli u ona shahri Marg‘ilonga qaytib keldi.

* * *

Oyog‘ida Korateginning mukka kovushi, kalta pijama, boshida shapka bilan Madaminbek bir turfa holatda to‘g‘ri Sapilto‘dadagi Yo‘lbarsxon eshonnikiga keldi. Ilgari bu eshonning yumushlarini qilib, ancha hojatini chiqargan edi. Eshon Madaminbek tuhmatdan ketganini bilardi. Shuning uchun uni yaxshi qarshi oldi. Bir qator ust-bosh qilib berib, qo‘liga yana 25 so‘m tutqazdi va: «O‘g‘lim, endi ota-onang huzuriga bor», deb oq fotiha berdi.

Madaminbek Sibirdan bir to‘pponchani yashirib olib kelgan edi. Uning fikri-zikri Otaboy g‘ishtchining mahrami, qotil va o‘g‘ri, Mulla Sulaymondan qasos olish edi. Kunlarning birida Qirguli mozori yonidagi quvur tagida poylab yotib, uni kechasi otib tashladi va qurollarini egallab oldi.

U paytlar davlat mahkamalari jamiyatda tartib-intizomni saqlashda ojizlik qilib qolgandi. Shu tufayli har joy-har joyda bosqinchi to‘dalar paydo bo‘lib, odamlarning uyiga bostirib kirib, mol-mulkini talab ketishardi. Madaminbekka o‘xshagan qo‘rqmas, epchil yigitlar boy-badavlat odamlar uchun juda kerak bo‘lib qoldi. Solih maxsum degan davlatmand kishi Madaminbek va uning sheriklari soyasida bosmachilardan hayiqmay, osoyishta hayot kechirardi. Yakkatut mingboshisi Abduqodirboy ham Madaminbekka ko‘p muruvvatlar ko‘rsatdi, buning evaziga uning tinchligini bosmachilar buzolmaydigan bo‘lib qoldi.

Madaminbek yigitlari 26 nafarga yetib, anchayin obro‘-e’tibor qozondi. Marg‘ilonda hokimlik qilayotgan Xudoyorxonning nabirasi Begijon xavotirga tushib, skobelevlik Mirodilboydan madad so‘radi va Madaminbekni tartibga chaqirishni iltimos etdi. Mirodilboyning yigitlari ko‘p va buning ustiga yaxshi qurollangan edi. Madaminbek ular bilan to‘qnashishni istamay, Xonobod va Hamrak tomonlarga ketib qoldi.

U paytlar shaharda revkom degan tashkilot tuzilib, unga Abdurazzoq zako‘nchi boshchilik qilardi. Uning marg‘ilonlik ko‘zga ko‘ringan boy Saidahmadxo‘ja bilan oralari buzilib qoldi. Saidahmadxo‘ja o‘z mol-mulki musodara bo‘lishini Abdurazzoq zako‘nchidan ko‘rdi va Mirodilboyga yalinib-yolvorib uni o‘ldirish payiga tushdi. Madazim boshliq bir to‘da bosqinchilar Marg‘ilonning Chorchinor mahallasidagi hovlida revkom raisi Abdurazzoq zako‘nchini so‘yib ketishgani haqidagi shumxabar shaharga yashin tezligida tarqaldi.

* * *

Abdurazzoq zako‘nchining vahshiylarcha o‘ldirilishi butun shahar ahlini dahshatga soldi. Chunki ko‘pchilik aholi nazarida u halol, pok, imonli, kambag‘alparvar odam bo‘lib, qonunshunosligi tufayli revkom raisi etib saylangan edi. Abdurazzoq zako‘nchining Saodat ismli go‘zal qizi bo‘lib, hali yosh bo‘lgani uchun va otasining fojiali halokati tufayli hech kimga turmushga chiqishga rozilik bermayotgan edi. Unga Madaminbekdan ham sovchilar keldi. (Madaminbek ilgarigi xotinidan bola ko‘rmaganligi uchun ajrashgan edi.) Saodat, Madaminbekka, agar otamning qotilini topib jazolasalar men roziman, deb shart qo‘yibdi.

Abdurazzoq zako‘nchining o‘ldirilishi, mahalliy hokimiyatning qotillarni topish va jazolash uchun shoshilmayotgani marg‘ilonliklar g‘azabini oshirib yuborayotgan edi. Shu jihatdan Madaminbek Saodatning shartiga rozi bo‘ldi. U Madazimdan shubha qildi va yigitlari bilan jamlanishi mumkin bo‘lgan joyga to‘satdan hujum qilib, jami yigitni qurolsizlantirdi. So‘roq-savolda Abdurazzoq zako‘nchini Ishoq qo‘ychi bo‘g‘izlagani va Madazim bu ishga boshchilik qilganligi ma’lum bo‘ldi. Madaminbek O‘rdatagiga odamlarni to‘plab, shariat qozilarining hukmiga binoan xaloyiq oldida Isqoq qo‘ychini otib tashladi.

Qochib qutulgan Madazim kuch to‘plab, Mirodilboy va mahalliy hokimiyat yordami bilan birgalikda Madaminbek otryadiga hujum qilish maqsadida Toshkentga borib, qurol-yarog‘ topib kelgani, Madaminbekni qo‘lga tushirib, o‘ldirmoqchi ekani haqida xabar tarqaldi. Madaminbek kunduz kuniyoq Skobelevga borib, o‘z hujrasida maishat qilib o‘tirgan Madazimni qo‘lga tushirdi. Madazim Abdurazzoq zako‘nchini o‘ldirganiga iqror bo‘ldi. Bu jinoyati uchun uni otib tashladi.

Abdurazzoq zako‘nchining qotillari munosib jazolanganligi, bu ishni davlat mahkamalari emas, Madaminbek boshliq fidoyi o‘zbek yigitlari bajargani ko‘pchilikka ma’qul tushdi. Bu voqealardan keyin Madaminbek adolat va haqiqat himoyachisi sifatida dovruq qozondi, odamlar o‘z navbatida arz-dodlari bilan davlat mahkamalariga emas, balki Madaminbek huzuriga kela boshladilar. Shu tariqa uning atrofiga jasur va adolatparvar yigitlar to‘plana bordi. Saodatxonni esa Madaminbek to‘y qilib, o‘z nikohiga oldi.

* * *

1918 yildan ahvol tobora yomonlashib bordi: narx-navo kun sayin oshardi, o‘g‘rilar, bosqinchilar ko‘payib, dehqonlar, chorvadorlar, hunarmandlarga ham kun bermas, yangi hukumat esa tizginni qo‘ldan chiqarib yuborgan izboshchiga o‘xshardi. Har-har joyda o‘z-o‘zini himoya qilish otryadlari tuzila boshladi. Unga albatta halol-pok odamlardan tashqari ashaddiy o‘g‘rilar, qaroqchilar, cho‘ntakkesarlar, qimorbozlar ham kirib olishardi. Zero, bu toifa odamlar nisbatan dadil va tavakkalchi bo‘ladi. Qo‘qon muxtoriyati ag‘darib tashlangach, arman dashnoqlarining ta’siri kuchayib ketdi, xunrezlik avjiga mindi. O‘sha kezlarda muxgor jumhuriyat vakili T. Risqulov Turkiston markaziy ijroiya komitetining raisi A. Kazakovga bunday deb yozgan edi: «Faqatgina uezdlarda emas, balki shaharlarda ham haqiqiy Sovet hokimiyati mavjud emas». Uning ta’kidlashicha, ikki qizil askar (rus va arman) sartlarning uyiga bostirib kirib, ota-onalari ko‘z oldida qizlarning nomusiga tegishgan, biroq qo‘mondon Plotnikov ularga nisbatan aytarli chora ko‘rmagan. «Andijonda,— deydi Risqulov,— armanlar qishloqlardan juda ko‘plab sart qizlarini olib kelib, ularni o‘z xususiy buyumiga aylantirganini aniqladik. Dashnoqlar o‘qni tejab qolish maqsadida gunohsiz musulmonlarni ayovsiz chopishgan, ayollarning nomusini toptab, g‘azab bilan: «Agar Olloh qudratli bo‘lsa, senga najot bersin», deyishgan. Ana shu xunrezlik ketayotgan paytlarda «Skobelevda butun-butun tashkilotlar va ijroiya komitetlari ichkilikbozlik bilan shug‘ullanishgan... Partiya tashkilotlari ko‘plab ziyon keltiradigan turli-tuman noloyiq unsurlar bilan ifloslangan, ichkilikbozlik, poraxo‘rlik oddiy holga aylangan». Risqulov o‘z maktubi oxirida bunday deydi: «Sovet hokimiyati, o‘rtoq Kazakov, bizga qimmatga tushdi. Haddan tashqari tartibsizliklarni ko‘rib, yurak siqiladi va qalbda kuchli og‘riq paydo bo‘ladi».

Mana shunday yovuzliklar avjiga mingan paytda Madaminbek singari el-yurt farzandlari loqayd qarab turolmasdi. Ammo 40—50 kishilik bir navi qurollangan otryad, Qizil armiya qo‘mondonligidan madad olib turgan arman dashnoqlariga dosh bera olmas, ustiga-ustak Madaminbekka qarshi ichki kuchlar ham ko‘payib borayotgan edi. Birdan-bir chora sifatida Madaminbek eng qo‘rqmas, botir va fidoyi yigitlarni atrofiga yig‘ib, harbiy mashqlarning muntazam o‘tkazilishini yo‘lga qo‘ydi. Bunda sovet hokimiyatidan norozi bo‘lib, Rossiyadan ko‘chib kelgan rus zobitlari ko‘p yordam berdilar. Madaminbek Marg‘ilon, Namangan, Andijon, O‘sh tomonlarga odam yuborib, umumiy dushmanga qarshi birlashib kurashishga, xalqning osoyishta yashashi va ishlashini ta’minlashga da’vat etdi. Baliqchidan Mamajon boyvachcha, Ikki suv oralig‘idan Boytuman hoji, O‘shdan Xolxo‘ja, Buloqboshidan Mullajuman, Valikdan Mirkarim o‘g‘ri, Nurulla maxsum, Abdullajon, Uchqo‘rg‘ondan Nazariddin mingboshi, doshmonlik To‘xtavoy ponsod, Qumariqdan Bolta qo‘rboshi, yozyovonlik Yusuf polvon, Qorasoqoldan Ergash, Qoratepadan Qurbon, Varzakdan Abdullajon va boshqalar Madaminbek atrofiga uyushdilar. Ular Madaminbek muhriga binoan belgilangan hududlarda tartib-intizomni yo‘lga qo‘yishni o‘z gardanlariga oldilar. Rus zobitlari yordamida va afg‘on mujahhidlari ishtirokida urush harakatlarining zamonaviy usullari ham o‘zlashtirib borildi. Madaminbek o‘z muhofazasiga olgan joylarda tartib buzuvchilar, bosqinchilik, o‘g‘riliklar jazosiz qolmas edi. Agar u qarorgohi — Garvadan Marg‘ilonga tushmoqchi bo‘lsa, Qizil armiya komandirlariga telefon qilar, ular o‘z qismlarini garnizondan chiqarmay turishardi. Aytishlaricha, Madaminbek maktablarga kirib, bolalarni yaxshi o‘qishga da’vat etar, sizlarga Turkiston katta umid bilan qarayapti, degan gaplarni bot-bot takrorlar ekan. Uning aqidasicha, agar Sho‘ro idoralari yomon niyatli, badnafs, imonsiz odamlardan tozalansa, hokimiyat mahalliy xalq qo‘liga berilsa (hokimiyat ruslar qo‘lida edi) adolat tiklanar edi. Davlat muassasalari qilishi mumkin bo‘lgan yovuzliklarni tiyib turish uchun qurollangan xalq kuchi kerak, deb hisoblardi u.

Madaminbek otryadi Farg‘ona vodiysida harakat qilayotgan ozodlik kuchlari orasida eng ta’sirlisi edi. Aslida 1919—1922 yillarda real hokimiyat Madaminbek qo‘liga o‘tgan edi. Aholi soliqni ham, asosan, Madaminbek tayinlagan qo‘rboshilarga berar edi. Vodiydagi ulamolar, shariat peshvolari to‘planib, Madaminbekni «amiral-muslimin», ya’ni islom qo‘shinlari bosh qo‘mondoni etib tasdiqlagani, Qizil armiya qo‘mondonligining faqat u bilan tenglik asosida sulh tuzish to‘g‘risida muzokaralar olib borishga rozi bo‘lgani ham tasodifiy emas edi.

* * *

Birinchi jahon urushi, Oktyabr to‘ntarishidan keyin nodon va ikkiyuzlamachi siyosatchilarning aybi bilan avjiga mingan fuqarolar urushi xalqning tinka-madorini quritib yubordi. Xo‘jalik izdan chiqib ketdi. Ocharchilik boshlandi. Hunarmandchilik, dehqonchilik va chorvadorlik asosiy kasbi bo‘lgan Turkiston aholisining tinch va osoyishta mehnat qilishidan boshqa orzusi yo‘q edi. Sovet hukumati joylarda yo‘l qo‘yilgan jiddiy xatolarni inobatga olib, «bosmachilik» deb atalgan harakatga munosabatni o‘zgartira boshladi. Jumladan, Turkiston Favqulodda Komissiyasi faoliyatiga salbiy baho berildi. Harbiy doiralarda esa «bosmachilik»ni zo‘rlik bilan emas, balki siyosiy yonberishlar orqali tugatish mumkin, degan fikr tobora mustahqamlanib bormoqda edi.

...O‘zi xalq orasidan chiqqan, ko‘p mashaqqatlarni boshidan kechirgan, bosiq, mulohaza bilan fikr yuritadigan, boshqalarning so‘ziga obdon quloq solib, keyin xulosa chiqarishga odatlangan, gap orasida «shunaqami, og‘ayni» deya ma’noli qarab, boshini qimirlatib turuvchi, dangal gapni yoqtiruvchi, dagar bir odam edi Madaminbek. Odamlar unga yolg‘on xabar berishga botinolmasdi. Sovet hukumatining va’dalari ham qandaydir umid bag‘ishlar, ayniqsa Leninning musulmon xalqlariga qarata yo‘llagan maktubi Madaminbek talablarining ayni o‘zidek yangrardi. Lekin u bir narsaga tushunmasdi: nega bu ruslar Leninni yo‘lboshchi, dohiy degan holda Farg‘onada uning aytganlarining teskarisini qilishmoqda. Ehtimol, qandaydir anglashmovchilik bo‘layotgandir?..

Ana shu mulohazalar uni sulh haqida muzokaralar boshlashga majbur etdi. Dastlabki muzokaralarda uning talablari hisobga olingan bo‘lsa-da, biroq uni hukumat tasdiqlamadi. Shu tariqa urush harakatlari davom etaverdi. Ozodlik qo‘shinlari muayyan garnizonda turishmagan. Ularning asosiy qismi qurol-aslahalarini yashirib, hunarmandchilik, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug‘ullanaverishgan. Lozim bo‘lgan paytda ular chaqirilganda, zudlik bilan belgilangan joyga yetib kelgan. Ular mahalliy shart-sharoitni yaxshi bilishgani va qizil askarlar ichida ayg‘oqchilari yetarli bo‘lgani, hatto revkomning ayrim a’zolari ham pinxona ravishda ozodlik kuchlari tomonida turgani tufayli qizil askarlarga juda qattiq va katta talofatlar yetkazganlar. Aksincha, sovet davlati vakillari ular bilan sulh muzokaralari olib bormas edi.

Madaminbekning asosiy talablari inobatga olinadigan bo‘lgach, 1922 yili sulhga imzo chekish uchun Toshkentga kelgan. Shundan so‘ng Madaminbek o‘z qo‘rboshilariga maktub yo‘llab maslahat qilib olishni ta’kidlagan. Yig‘inga, hatto marhamatlik mujiklar ham o‘z vakillarini yuborishgan. Faqat Shermuhammadbek, Xolxo‘ja va boshqa ayrim qo‘rboshilar kelmagani Madaminbekning yuragini g‘ash qildi. U yig‘ilganlarga qarata shunday dedi: «Xalqqa rahmimiz kelishi kerak, u nihoyatda och-yalang‘och holda yashayapti, odamlarni ikki tomonlama talash insofli, imonli odamlarga xos ish emas. Shuning uchun sulhga rozi bo‘ldim. Sulh shartlariga binoan, Garva (Toshloq)ga krepost quramiz. Unga Shermuhammadbekni boshliq etib tayinlaymiz. Turk diviziyasi tashkil etamiz. Qo‘rboshi va beklar qurollangan holda o‘z yigitlariga bosh bo‘lib qolaveradilar, ular o‘z hududlarida tartib-intizomga javob beradilar. Ana shu otryadlardan tashkil topgan milliy armiya yaxshi qurollangan va harbiy san’atni egallagan bo‘ladi. Men esa hukumat ishlarida ishtirok etaman. Sulh shartlariga ko‘ra boshqa qo‘rboshilarni ham Sho‘rolar bilan yarashtirishga so‘z berdim. Shermuhammadbek va boshqa beklar buni yaxshi tushunadi, deb ishonaman».

* * *

Turkiyalik vatandoshimiz Shahobiddin Yassaviyning «Turkiston achchiq haqiqatlari» kitobida bunday jumlalar bor: «Muhammadaminbek. Marg‘ilon. Suvchi mahalladan. Nihoyat siyosatdon, botir, tadbirli, qahramon. Ozod Turkiston quruvchi, nomdor bo‘lg‘on baxtsiz, bu buyuk, toymas qo‘mondonni tanimoq uchun har qancha so‘zlasak, arzishga egadir. Haqiqatan, din, vatan va millat fidosi bo‘ldi. «Turkiston Turkiston xalqining yurtidir. Dushmanni yurtimizdan haydaymiz!» derdi.

Mazkur kitobda yana bunday satrlar bor: «Xolxo‘ja eshon. O‘sh shahridan. Ko‘ngli qora, kiynachi, Shermuhammadbek amriga binoan hamoqat (ahmoqlik) qildi. Va kiyna tug‘yonidan Muhammadaminbekni qatl qildi».

...Bek va qo‘rboshilarning ko‘pchiligi sulh zaruratini, urushni davom ettirish foydasiz ekanini tushunishdi. Ammo ular ichidagi mutaassiblar, uzoqni ko‘ra bilmaydigan, maishatga berilganlari Madaminbekni xoinlikda, islomga xiyonat qilishda ayblab chiqishdi. Shulardan biri Shermuhammadbek bo‘lib, uning ixtiyorida 2 ming nafar yigit bor edi. Shuning uchun Madaminbek Shermuhammadbek huzuriga bir necha bor odam jo‘natib, shu vaziyatda sulh Turkiston ozodligini saqlab qolishning birdan-bir to‘g‘ri yo‘li ekanini tushuntirishga unnab ko‘rdi. Saodatxon aya bunday eslaydi: «Bek bilan o‘zim gaplashishim kerak», deb Ko‘rshermat har gal Madaminbek odamlarini qaytarib yuborardi. Bir kun Madaminbek Ko‘rshermat bilan uchrashish uchun yo‘lga chiqmoqchi bo‘lganida, ko‘pchilik norozilik bildirdi. Biroq bir so‘zli Madaminbek o‘z so‘zidan qaytmadi».

Bu qarorga kelishdan oldin Madaminbekning xayolidan nimalar kechmagan, deysiz.

* * *

...Garvada qimorbozlik avjiga chiqqan payt. Qotmadan kelgan, bug‘doyrang, ancha jasoratli ko‘ringan bir yigit qimordan yutaverdi. Buni kuzatib turgan Madaminbek unga shunday dedi: «Uka, ko‘p mard yigit ko‘rinasiz, xalqimiz ozodligi uchun mening yigitlarim safiga qo‘shilmaysizmi?». Shermuhammadbek bu taklifga rozi bo‘ldi.

U miltiq otishni yaxshi bilmaganidan, Shahrixon yaqinida bo‘lgan jangda miltiqning lo‘kidoni (zatvori) orqaga qaytib, o‘ng ko‘zini qattiq shikastlantirdi. Madaminbek uni Garvaga olib keldi. Keyin Baliqchiga yuborib, doktorga davolattirdi. Biroq Shermuhammadbek ko‘r bo‘lib qoldi. Bu tajang, cho‘rtkesar odamni orqavarotdan «Ko‘rshermat» deb atay boshladilar. Madaminbek unga ko‘p muruvvatlar ko‘rsatdi. Avval o‘nboshi, keyin o‘ziga o‘rinbosar etib tayinladi. Kurash, jang maydonidagi g‘alaba quvonchlari, omadsizlik o‘kinchlarini birga tatish ularni mustahkam do‘st qilib qo‘ygan edi. Ulamolar guvohligida Madaminbek bilan Shermuhammadbek «Qur’on»ni o‘rtaga qo‘yib, bir-birlariga doim sodiq qolish, qiyomatli aka-uka bo‘lish uchun ont ichishdi. Tarixdan ma’lumki, chin musulmon odam o‘lsa o‘ladiki, ammo «Qur’on» o‘rtaga qo‘yib ichilgan ontni aslo buzmaydi. Madaminbek esa Ko‘rshermatni chin musulmon, deb bilar edi.

Madaminbek o‘z yigitlari va rus otryadi bilan Qizilqiyaga yo‘l oldi va Ko‘rshermatni Uchqo‘rg‘onga muzokara olib borish uchun chaqirdi. «O‘zingiz keling, bu yer tinchroq gaplashgani», deydi Ko‘rshermat. Boshqa chora qolmagach, Madaminbek uzunhovuzlik Abduvali mingboshi, so‘xlik Dehqonboyvachcha, shaxsiy mirzosi, bitta qizil askar — jami sakkiz kishi bo‘lib, Ko‘rshermat huzuriga borishdi. Ko‘rshermat Dardoq degan qo‘rboshini Maydon degan joyga, Teshavoyni Uchqo‘rg‘onga chiqaverishdagi daraning oldiga o‘z yigitlari bilan qo‘ygan edi. Dardoq qo‘rboshi Madaminbek huzuriga quchoq ochib, peshvoz chiqdi va quchoqlashib ko‘rishayotib, uning qo‘lini bog‘lab oldi. Sulhparvar delegatsiyaning hammasini hibsga oldilar. Madaminbekni tegirmon ustiga qurilgan bolohonaga chiqarib, bog‘lab qo‘yishdi. Soy pastida turgan Ahrorxo‘ja akani Madaminbek imo bilan chaqirib, «Shermuhammadbekka ayting, meni o‘ldirmasin, «Qur’on» urib, o‘zi ham, yigitlari ham qirilib ketmasin», deydi.

Ko‘rshermat yalanglikda, qora uyda Xolxo‘ja bilan nimalarnidir gaplashib o‘tirishar ekan.

— Shermuhammad, xolis gapim bor, ayt desangiz aytaman, bo‘lmasa yo‘q,— deydi Ahrorxo‘ja aka.

— Xo‘sh, nima gap?— deb qaraydi ko‘zlarini chimirib Ko‘rshermat.

— Madaminbek qasamni esga solib, meni o‘ldirmasin, yaxshi niyat bilan kelganman deyapti. Siz krepostga boshliq bo‘lar ekansiz. Davlat Sho‘rolarni tan olgan mujohidlarni qurolsizlantirmaydigan bo‘libdi.

Ko‘rshermatning lablari qimirlab ko‘karib ketganday bo‘ldi. Xolxo‘ja Ahrorxo‘ja eshonga xo‘mrayib qaradi.

— Eshon aka, bu imonsiz sho‘rolarga ishonib bo‘lmaydi, bizni tuzoqqa tushirmoqchi. Madaminbek buni tushunmay o‘z dinini ruslarga sotdi. Yongan chiroqni o‘chiraman demang. Arava allaqachon ketib bo‘ldi,— deydi-da, u o‘rnidan shitob bilan turadi.

Uchqo‘rg‘on atrofidagi To‘ychi va Qoraboy qo‘rboshilar 200 yigiti bilan qizil askarlarga qo‘shilgan edi. Ko‘rshermat ularga maktub yo‘llab, unda Madaminbekni hibsga olgani va mujohidlar tomoniga o‘tib, qizillar bilan urushni davom ettirishni so‘ragan, To‘ychi va Qoravoy Qizil armiyaning maxsus bo‘limi vakillari bilan maslahatlashib, «Madaminbekning kallasini yuborsangiz, keyin gapingizga ishonamiz», deyishibdi.

Ko‘rshermat o‘z ixtiyoridagi ulamolar bilan maslahatlashganida ular bu ishni siz emas, Xolxo‘ja bajarsa, shunda qasamingizni buzmagan bo‘lasiz, deb shariat nomidan maslahat berishgan.

Bu voqeadan olti oy muqaddam xotin ustiga xotin olib (jami 19 xotini bor edi), maishatdan boshi chiqmay qolgan Xolxo‘jaga Madaminbek shunday degan edi: «Biz vatanni ozod etib, dinimizni saqlab qolish uchun kurashyapmizmi yo maishatbozlik uchunmi?». Shunda kayfi bor Xolxo‘ja Madaminbekni haqorat qilib: «Mening shaxsiy ishimga nega tumshug‘ingni suqaverasan!» degan ekan. Madaminbek uni qurolsizlantirib, yigitlarini olib qolib, o‘zini haydab yuborganda, u Ko‘rshermat yonidan panoh topgandi.

Xolxo‘ja Madaminbekni Surmatoshga olib chiqdi va Soqi degan jallodga uni suyishni buyurdi. Qo‘l-oyog‘i bog‘langan Madaminbekni Soqi oyog‘i ostiga olib, «bismillohir rahmonir rahim, omin, ollohu akbar» deya, qiblaga qarab fotiha qilgach, chap qo‘li bilan o‘ljasining boshini qayirdi va bo‘yniga pichoq tortib yubordi. Xolxo‘ja Madaminbekning kallasini hurjunga solib, Nazar degan yigitdan To‘ychi va Qoravoy qo‘rboshilarga jo‘natib yubordi. Ular Madaminbek kallasini Qizil armiyaning maxsus bo‘limiga olib borishgach, u joyda buni mamnuniyat bilan qarshi olishdi.

— Katta bir dushmandan qutildik, xurjunga besh mingta o‘q solib, kallani qaytarib yuboringlar. Biz fursat bilan chiqib boramiz,— deyishadi maxsus bo‘limdagilar.

Qirg‘izlarning Madaminbekka ixlosi baland edi. Shuning uchun uning kallasi va tanasini Xolxo‘jadan sotib olishadi-da, kallani tanaga tiqib, Surmatoshdagi Langar degan joyga, daryoning bo‘yiga dafn etishadi.

Xolxo‘ja Xitoyga askar va qurol-yarog‘ olib kelaman, deb ketayotganda Ergashtom degan joyda 60 yigiti bilan tog‘dan ko‘chgan qor ostida qolib, halok bo‘ladi. Ko‘rshermat Qizil askarlarga yana biroz qarshilik ko‘rsatgach, Afg‘onistonga qochib ketadi. Sho‘rolar qo‘lga tushgan juda ko‘p qo‘rboshilarni yigitlari bilan birga otib tashlaydi, surgun qiladi. Qamaydi.

Saodat aya aytadi: «Madaminbekning sodda, biroq o‘tkir nigohlarida qandaydir sirli ma’no hukmronlik qilardi. U mehribon, to‘g‘riso‘z, ko‘p og‘ir kunlarni boshidan kechirgan, oq podsho turmasida jabr tortgan dardli va lekin g‘oyat mard inson edi. Mana shu mardlik xislati Madaminbekni nobud qildi, desam sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning tegirmon qurib, qarilik gashtini surish haqidagi orzulari ushalmay qoldi».

* * *

Mulkni to‘lasicha davlat monopoliyasiga aylantirish amalda butun-butun xalqlarni ko‘z ilg‘amas qullik kishanlari bilan zanjirband etib tashladi, zo‘ravonlik, o‘zboshimchalikka asoslangan siyosiy tartibot esa, xalqlar boshiga benihoya kulfatlar soldi.

Mustaqillikka tinch sharoitlarda, huquqiy asoslar bilan erishib bo‘lmagach, xalqning mard, fidoyi farzandlari qo‘llariga qurol oldilar. Madaminbekdek shunqorlar har bir tuman, shahar va viloyatlarda bor edi. Biz yuqorida ko‘rganimizdek, aslida ichki bosmachilik, bosqinchilikka qarshi boshlangan stixiyali kurash rivojlanib borib, tashqi bosqinchilar, haqiqiy bosmachi kuchlarga qarshi urushga aylanib ketdi. Bu kuchlarni birlashtiradigan siyosiy partiya bo‘lmadi, islom shiorlari esa ularni jipslashtirishga ojizlik qilib qoldi. Sovet hokimiyatining bergan havoyi va’dalari esa odamlarni ozodlik kurashidan chalg‘itdi.

Tumshug‘idan naridagi narsani ko‘rolmaydigan, mansabparast, qasamxo‘r, ko‘rnamak, imonsiz, maishatparast, gina-kuduratchi, xoin-sotkinlar dushmanlar tegirmoniga suv quyib, tarixning eng qaltis, burilish nuqtalarida xalqning chinakam qahramoniga aylangan Madaminbek singari fidoyilarini o‘ldirganlar yoki ularni chetga surib qo‘yib, o‘z vatanlariga, xalqlariga xiyonat qilganlar.

Bu haqiqatni bugungi kunda har bir kishi teran anglab yetmog‘i darkor. Aksincha, mustaqillikni qo‘lga kiritgan jumhuriyatimiz yo‘gr yana to‘silib qolishi mumkin.

Mustaqillik poydevorlari mustahkam bo‘lishi uchun har qanday gina-kuduratlarni bir chetga yig‘ishtirib qo‘yib, moddiy va ma’naviy kuchlarimizni birlashtirishimiz, shu birlik ruhini barqaror qilishimiz kerak. Madaminbeklarning porloq xotirasi, ularning isyonkor ruhlari hammamizni shunga chorlayotir. Ana shundagina bizning o‘zbekligimiz, madaniyatimiz, millat sifatida shakllanganimiz dunyo xalqlari ko‘z o‘ngida yaqqol gavdalanadi.

Ibrohim Karimov, falsafa fanlari nomzodi, dotsent

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 7-son

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.