OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Isroiljon Isoqov. Qirg‘inni kim qilgan-u, jodiga qolgan kim edi? (1992)

http://n.ziyouz.com/images/istiqlolchilar1.jpg

«Bir millatni yo‘q qilish uchun uning tarixini yo‘q qilmoq kerak», degan ekan buyuk sarkarda Iskandar Zulqarnayn. Bu gapni u aynan Turkiston xalqlariga, xususan bizning millatimizga nisbatan aytgan demoqchi emasmiz. Lekin shunisi aniqki, buni butun Turkistonni mustamlakaga aylantirgan chor Rossiyasi o‘zining asosiy shiori qilib olgan edi. Oktyabr to‘ntarishining mevasi bo‘lmish Sho‘rolar hokimiyati esa bu an’anani izchillik bilan davom ettirdi. Oqibatda biz o‘z tariximizdan mosuvo bir «millat» bo‘lib qoldik.

Shu sababdan ham hozirgi kunda o‘tmish haqiqatni bilishga, ayniqsa «bosmachilar» deb nom olgan mujohidlar va fuqarolar urushi davri tarixiga qiziqish har qachongidan ortdi.

Garchi tarixchilarimiz o‘zlarining so‘nggi xulosalarini bildirishga ulgurmagan ekanlar, xizmatimiz asnosida yo‘l-yo‘lakay uchrab qolgan arxiv hujjatlari asosida ba’zi fikrlarni aytib o‘tiiga jazm etdik.

Bosmachilikning kuchayishiga, asosan inqilob «o‘lkaning mustaqilligini ta’minlaydi», degan xalq umidlarining puchga chiqa boshlagani sabab bo‘ldi. Ustiga-ustak Farg‘ona ahli dashnoqlar tomonidan vahshiyona qirib tashlandilar, «uezdlarning aholisi doimiy ravishda armiyadagi tartib-intizomsiz qizil askarlar tomonidan zo‘rlandilar, o‘ldirildilar va talandilar»[1].

Quyidagi hujjatda Sho‘rolar hokimiyatining tub aholiga nisbatan qanday siyosat yurgizganiyu o‘sha bosmachi deb atalayotgan Madaminbeku Ergash qo‘rboshilar qanday siyosat olib borganliklari yaqqol ko‘rinadi.

«Andijon deputatlar kengashi Andijon uezdi hududida harakat qilayotgan qaroqchi to‘dalari boshliqlarining xatlarini bizga yubordi, — deb boshlanadi Skobelev viloyat deputatlari kengashi tomonidan 1918 yil 19 dekabrda Toshkent shahar Xalq Komissarlari kengashi nomiga yuborilgan telegrammada. — Andijonlik tovarishlar! (u paytlarda kommunistlarga «o‘rtoq» deb emas, balki «tovarish» deb murojaat qilinar edi — I. I.) Biz sizlarga shuni ma’lum qilamizki, Sizlar Qo‘g‘ay qishlog‘iga kelgansizlar va tinch aholining uylariga o‘t qo‘ygansizlar. Bekor bu ishni qildingizlar, agar bunday ish yana biror marta qaytarilsa, u holda Sizlarning stantsiyalaringiz, zavodu uylaringizga ham xuddi shunday o‘t qo‘yamiz. Agar sizlar urushishni xohlasangiz biz bilan urushingiz, xalq bilan emas. Biz barcha tinch aholini xoh u o‘ris bo‘lsin, xoh u yahudiy, hoh u arman bo‘lsin, xoh u sart — barchasi barobar, deb hisoblaymiz. Kun bo‘yi peshona terini to‘kib ishlaydigan kambag‘al odamlarga bunday zararlar keltirish insofdan emas. Urushish kerak bo‘lsa, sizlar bilan mana biz urushamiz, tinch xalq esa sizlar bilan ham, bizlar bilan ham urushmaydi. Agar sizlar xalqqa qarshi urushni davom ettiraversangiz, u holda 3 kun ichida Toshkentdan to bu yergacha birorta ham butun narsangiz qolmaydi. Imzolovchilar: Madaminbek, Ergash qo‘rboshi, Xolxo‘ja, Eshmat boyvachcha, Mahkamxo‘ja, Fayoz maxsum»[2].

«Bosmachi»lardagi bunday olijanob niyatlar xalqning «bosmachilikika xayrixohligini oshirdi va uning saflarini to‘ldira bordi.

Bosmachilikning kuchayib ketishida yana bir omil bor, bu — oziq-ovqat taqsimotidir. «Mutlaq harbiylardan iborat bo‘lgan oziq-ovqat bo‘linmalari orqali o‘tkazila boshlangan oziq-ovqat taqsimoti yana salbiy natijalar bera boshladi. Chunki bu bo‘linmalar (zaruriyat tufayli) qaerda imkoniyat topilsa, o‘sha yerda oziq-ovqat egalariga bir gramm ham qoldirmay tortib olardilar»[3]. Ba’zilar bunday holatga faqat joylardagi oziq-ovqat tayyorlovchi bo‘linmalarning o‘zboshimchaligini sabab qilib ko‘rsatishga urinadilar. Lekin bu fikrga ko‘p tsam qo‘shilib bo‘lmaydi. «Baliq boshidan sasiydi», deganlaridek unda markazning hissasi benihoya. Ma’lumki, 1921 yilgi ocharchilik yuzlab, minglab odamlarning yostig‘ini quritgan. Taqchillik Turkistonni ham qamrab olganiga qaramay, markazdan salmoqli miqdorda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishni talab etuvchi buyruqlar kelavergan. Leninning Orol baliqchilariga Volgabo‘yi guberniyalaridagi och qolganlar uchun baliq yetkazib berishlarini so‘rab qilgan murojaatini bir esga oling. “Ko‘p adolatli dohiymiz” ochiq murojaatidan tashqari maxfiy buyruqlar ham yuborgan ekan. Mana ulardan biri:

«1921 yil 18 iyulda bo‘lgan Oziq-ovqat Xalq Komissariati hay’ati majlisining ma’lumotnomasi (protokoli)dan.

Tinglandi:... 3. O‘rtoq Malyutinning markaziy guberniyalardagi ocharchilik to‘g‘risidagi ma’ruzasi. O‘rtoq Malyutin o‘z ma’ruzasida 10 kunlik muddat ichida 250 ming pud oziq-ovqat (markazga) yuborilsin degan LYeNINning jangovar buyrug‘ini o‘qib eshittirdi». Albatta, bu buyruqdan ruhlangan Turkiston hukumati rahbariyati «kim oshdi» qabilida ish ko‘radilar. «O‘rtoq Malyutin Xalq Komissarlari Kengashi Orenburgga 20 vagon don berish to‘g‘risida hamda Turkiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining Ijroiya Byurosi och qolgan guberniyalar uchun 20 vagon don, 2 vagon guruch, Orol dengizidan iloji boricha ko‘proq baliq va quruq mevalar (shuningdek, 10 vagon Samarqand va 6 vagon Poltoratsk garnizonlari uchun) yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilganliklariga ishora qildi».

Qaror qilindi:

«Xalq Komissarlari kengashi va Kompartiya Markaziy Komiteti Ijroiya Byurosining (yuqoridagi) jangovar vazifalari o‘rtoq LYeNINning jangovar topshirig‘iga qo‘shib yuborilsin va bu topshiriq quyidagicha tasdiqlansin:

Yettisuv viloyatiga 70 vagon;

Sirdaryo viloyatiga 50 vagon;

Samarqand viloyatiga 30 vagon;

Viloyatlarga bu talabni bajarishlari to‘g‘risida jangovar topshiriq berilsin va uqdirilsinki, bularning hammasi biz reja bo‘yicha talab qilayotgan topshiriqlardan tashqari bajarilishi kerak. «Krayrыba» (o‘lka baliq tayyorlash qo‘mitasi)ga 6 vagon baliq tayyorlab, Orenburgga jo‘natishi to‘g‘risida topshiriq berilsin».

Turkiston rahbariyatining fatvosini olgan joylardagi «labbaychi»lar Lenin buyrug‘ini do‘ndirish uchun yana qilich yalang‘ochlab qishloqma-qishloq, uyma-uy kezishadi.

Ma’lumotnomaning davomini o‘qiymiz: «Viloyatlarga, barcha boshqarmalarga telegrammalar berilsin. Jangovar choralar ko‘rilsin. (Butun) oziq-ovqat fronti bo‘yicha berilgan bu buyruqda eng past ko‘rsatgich olingan bo‘lib, u aniq hisoblangandir va uni 100 foiz bajarishni har bir oziq-ovqat xodimi va har bir oziq-ovqat tashkiloti bu ishni o‘zining umumiy burchi, deb hisoblagan holda qanday qilib bo‘lmasin ado etishlari shart!

Qizil taxtaga faqatgina o‘zining asosiy topshirig‘ini 200 foizdan oshirib bajargan viloyatlargina yozib qo‘yiladi»[4].

Bizningcha, qizil taxtaga osilaman, degan tashkilotlar, viloyatlar kam bo‘lmagan.

Dohiyning buyrug‘iyu Turkiston rahbariyatining saxiyligi oqibatida u yoqlarda qanchalab odam o‘lmay qolgani aniqdir, lekin o‘lkada necha kishining nobud bo‘lgani aniq emas.

«O‘tgan inqilobiy davr mobaynida nafaqat qishloq, balki shaharlardagi musulmon aholisi ham hukumat iqtisodiy tashkilotlaridan hech qanaqasiga oziq-ovqat olgani yo‘q. Aksincha bozorlarni, hatto novvoyxona va oshxonalarni bekitish to‘g‘risida allaqachon bo‘yruq berilgan. Bu shahar sharoitida proletariatni o‘limga mahkum qilish bilan barobardir; ularning oziq-ovqat berilishini yoki bozorlarni ochib qo‘yilishini talab qilgan nomalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri rad etilardi. (Masalan) Namangan viloyati rahbarlari «qurbon» hayiti munosabati bilan bir necha kun bozorni ochib qo‘yishlariga ruxsat bergani uchun Namangan inqilobiy qo‘mitasiga hayfsan e’lon qildi. Shaharlar va shaharlar yaqinidagi qishloqlar oziq-ovqat (ularda bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar) solig‘i to‘lashlariga majbur etildi va hozir ham majbur etilmoqda. Bosmachilar esa bu harakatga zid ish tutmoqdalar, ular nodon xalq ommasi ko‘ziga xaloskor bo‘lib ko‘rinmoqdalar. Majburiy mehnat qonuni, bozorlarning bekitib qo‘yilishi xalqni butunlay sovet hokimiyatidan uzoqlashtirib yubordi va bosmachilar safi yanada o‘sa bordi»[5].

«Bosmachilik shunchalik kengayib ketdiki, bugun bo‘lmasa ertaga Farg‘onada sho‘ro hokimiyati ag‘darib tashlanishi mumkin»[6], deb yozgan edi bosmachilarni yo‘q qilish uchun tuzilgan Favqulodda uchlik rahbarlari.

Nihoyat, sho‘rolar 1921—22-yillardan boshlab o‘zining siyosiy yo‘lini birmuncha o‘zgartirib, yon bera boshladi. Bular — vaqfning qaytarilishi, eski maktablarning ochilishiga qonuniy ruxsat etilishi, shariatning tiklanishi va hokazolar edi. Sho‘ro rahbarlari bularni xolis niyat bilan qilgan, deyish qiyin. Chunki 1921 yilning avgust oyida Farg‘ona bosmachilari rasmiy ravishda Sho‘rolar hokimiyati bilan muzokara olib borishni taklif etib, Turkiston Sho‘rolarining X qurultoyiga shariatga yo‘l berilishi, maktab, madrasa va masjidlarning qayta ochilishi, qozilik sudlovlarini, diniy boshqarmalarni va vaqfni tiklash, bozorlarni ochish, hunarmandchilik va dehqonchilik xo‘jaliklarini izga solish va bosmachilar bo‘linmalarini Qizil Armiya safiga qabul qilish kabi shartlarini qo‘yib murojaat etgan edi. Muzokaralarda barcha tinch aholi qatnashgan, shu sababli yuqoridagi talablar xalqning ham talabi ekaniga hech qanday shubha yo‘q. Lekin bu talablarning barchasi hukumat tomonidan rad qilingandi.

Bir necha oy o‘tmasdanoq, chamasi Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti agar shu talablarni qondirsak xalqni, shariat peshvolarini, qolaversa ko‘pgina bosmachilarni o‘z tomonimizga ag‘darib olishimiz mumkin, degan fikrga keladi va «siyosiy yon berishilar qiladi. Aslida, bu bosmachilar talablarining ilojsiz bajarilishi edi. Soddadil omma, aksari din peshvolari va ayrim bosmachilar «siyosiy yon berish»larni o‘z talablarining qondirilishi, deb tushundilar va Sho‘rolarga yana xayrixohlik bilan qaray boshladilar.

Hiylaga asoslangan bu siyosatning natijasi shu bo‘ldiki, Sho‘rolar tomoniga o‘tgan deyarli barcha bosmachilar umumiy avf to‘g‘risida dekret bo‘lishiga qaramay, otib tashlandilar, eski maktablar, madrasalar tez orada bekitildi, masjidlar yopib qo‘yildi va buzib tashlandi, vaqf qaytadan tortib olindi, hatto «kechagina bosmachilarga qarshi kurashda faol qatnashgan din ahllari ham chet el razvedkasining ayg‘oqchilari, deb e’lon qilindilar va qattiq qatag‘onga uchradilar»[7].

Sho‘rolar hukumati «siyosiy yon berish»lar va boshqa ko‘rilgan tadbirlardan so‘ng ozmi-ko‘pmi muvaffaqiyatga erishadi va «qizil terror»ni barcha viloyatlarda keng qo‘llay boshlaydi. Quyidagi hujjatda bu narsa yaqqol ko‘rinadi.

«Mutlaqo maxfiy

Samarqand viloyatining bosmachilarni yo‘q qilaturg‘on favqulodda troykasi 26 iyun 1922 yil. Samarqand shahri.

Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti plenumiga

Markaz tomonidan Samarqand viloyatida uyushtirilgan Favqulodda Troyka avvalo bosmachilarga qarshi kurashni, qolaversa viloyat tegrasida harakat qilayotgan barcha partiyaviy, fuqaroviy va harbiy tashkilotlarning faoliyatlarini muvofiqlashtirishni o‘z oldiga vazifa qilib qo‘ygan holda shu yil fevral oyining oxirlarida ish boshladi. O‘tgan qisqa vaqt ichida Favqulodda Troykaning qilgan ishlari ularning qanchalik ustunlikka ega ekanini va bizning shu paytgacha bosmachilarga qarshi kurashda qo‘llagan usullarimizning qanchalik yetarsiz ekanini ko‘rishga imkon berdi.

Kurashning asosiy usullari quyidagilardan iborat:

1)Sof tashviqot. 2) Ovro‘palik harbiy kuchlarni qo‘llash. 3) Ko‘ngilli militsiya bo‘linmalarini tashkil qilish. 4) Siyosiy yon berishlar. 5) Harbiy ko‘rik (kuchini ko‘z-ko‘zlab xalqning va bosmachilarning yuragiga g‘ulg‘ula solish maqsadida — I. I.) va tashviqot bilan bir vaqtda o‘tkaziladigan terror.

Bosmachilik harakatining paydo bo‘lish davridan beri qilib kelinayotgan sof tashviqot usuli Sho‘ro hokimiyatiga naf keltirmadi. Chunki u tez orada o‘zining harakatiga siyosiy tus bergan, har tomonlama xalqqa xizmat qilayotgan bosmachilarning aniq va xolis ishlariga bardosh bera olmayotgan edi.

Bosmachilarga qarshi kurashda Qizil Armiya qo‘llanila boshladi. Lekin ovro‘palik qizil askarlar birinchi harbiy operatsiyalardanoq xalqni talash, uning milliy va diniy his-tuyg‘ularini poymol qilish bilan shug‘ullandilar. Bu, albatta, hech qanday foyda bermadi, aksincha olovga yog‘ quygan bilan barobar bo‘ldi, bosmachilar safini to‘ldirishga ko‘mak berdi, xolos.

Bu ikki usuldan hafsalasi pir bo‘lgan Favqulodda Troyka Markazning ko‘rsatmalari va sharoit taqozosi bilan ko‘ngilli militsiya bo‘linmalarini tuzishga kirishdi. Mazkur bo‘linmalarning vazifasi bosmachi to‘dalarini yo‘q qilish, so‘ngra joylarda Sho‘ro hukumatini tiklash edi. Ularga a’zolar ayrim shaxslarning yoki butun bir qishloqlarning kafolati asosida qabul qilinardi. Kiyim-kechak, ot-ulov, oziqovqat va yem-xashak bilan ta’minlash aholining bu chorani qo‘llab-quvvatlagan qismi zimmasiga tushdi. Ularni qurollantirishni esa hukumat o‘z gardaniga oldi. Lekin bu chora kutilgan samarani bermaganligiga juda ko‘p sabablar borki, quyida ularni tushuntirib berishga harakat qilamiz.

Avvalo, asosiy ayb ko‘ngilli militsiyaning o‘z vaqtida tashkil qilinmaganligida. Bunda aybning bir qismi markaz zimmasiga tushadi, chunki markaz bizni bir oydan oshiqroq vaqt qurol bilan ta’minlay olmadi, so‘ng ham bor-yo‘g‘i «Gri» va «Vinterle» tipidagi 700 dona miltiq bilan ta’minladi, xolos. Bu qurollarni olish vaqtiga qadar bosmachi to‘dalari shunchvlik ko‘payib ketdiki, endilikda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazayotganda ko‘ngilli militsiyani qo‘riqlash uchun doimiy Qizil Armiya qismlaridan foydalanishga majbur bo‘ldik, chunki bosmachilar militsiya qismlarini bosib olishlari, ularning ot-ulovlariyu yaqinda markazdan olgan qurol-aslahalarigacha olib qo‘yishlari mumkin edi.

Bo‘linmalarni o‘qitish zururiyati va o‘quv jarayoni tugagandan so‘ng ularni qismlarga taqsimlab, qishloqlarga qo‘yib chiqilsa o‘sha zahotiyoq katta bosmachi to‘dalari tomonidan qurolsizlantirishlari turgan gapligi sababli Favqulodda Troyka ko‘ngilli bo‘linmalarni shaharlarga to‘pladi, lekin bu ko‘ngilli militsiya bo‘linmalarini tuzishda o‘z mablag‘larini bergan va uni o‘zlarining himoyachilari bo‘ladi, deb umid qilgan kishilarning (aholining bir qismi) xohishiga butunlay zid edi.

Shunday yo‘llar bilan tashkil qilingan ko‘ngilli militsiya bo‘linmalari bosmachilik harakatiga qarshi turadigan kuch bo‘lolmadi, hozirgacha ular juda kuchsiz, ba’zan esa butunlay ishonchsiz, deb topilmoqda.

Siyosiy yon berishga kelsak, u juda kech berildi. Agar markaz Farg‘onada bosqinchilikning rivojlanib borayotgan vaqtida va bu harakat boshqa viloyatlarga ham tarqalishini oldindan ko‘ra bilganda, va o‘sha vaqtdayoq butun Turkistonga siyosiy (siyosiy yon berish dastlab faqat Farg‘onaga berilgan edi. — I. I.) yon berilganda edi, bosmachilik harakatining ildiziga bolta urilgan bo‘lar edi. Hozirgi siyosiy yon berishni bosmachilar (tashviqoti ta’siridagi xalq) hukumatning xalq bilan yaqinlashish maqsadida emas, balki o‘z mavqeini yo‘qotayotgan hukumatning kuchsizligidan, deb bilmoqda.

Anvar posho o‘z ayg‘oqchilari yordamida xalqning Sovet hukumatiga bo‘lgan xayrixohligini butunlay yo‘qotmoqda. Chunki ularning xalqqa berayotgan va’dalari Sho‘ro hukumati berayotgan va’dalardan bir necha barobar oshib tushadi. Yana shuni aytish kerakki, Sho‘ro hukumati xalqqa bergan bugungi va’dasini xatolikka yo‘l qo‘yibmiz, degan bahona bilan ertasi kuniyoq, uning asosiy qismini yoki hammasini, butunlay bekor qiladi.

Hozirgi kunda siyosiy yon berish bosmachilarga qarshi kurash usuli emas, aksincha buning natijalari nihoyatda achanarli bo‘lishi mumkin.

O‘z kuchlari bilan bosmachilarni yo‘q qilish umidi puchga chiqqandan so‘ng taqdir taqozosi bilan Favqulodda Troyka viloyat bo‘yicha bir necha marta harbiy ekspeditsiyalar uyushtirdi; bundan maqsad haddidan oshib ketgan bosmachilarning o‘zlariga ishonchlarini oz bo‘lsa ham kamaytirish, harbiy kuchni namoyish qilish, hukumatning obro‘sini ko‘tarish, Sho‘ro hukumatining yordamidan umidlarini uzgan aholini birmuncha tinchlantirish edi.

Xavfsizroq joylarni egallab olgan Favqulodda Troyka ko‘ngilli militsiya bo‘limlari va o‘sha yerda mavjud bo‘lgan Qizil Armiya qismlari bilan birga qo‘shilib, ekspeditsion bo‘linmalar tuzib, bosmachilar hukmronlik qilayotgan joylarga tashladi.

Terror, bosmachilarga qarshi keng tashviqot va joylarda Sovet hokimiyatini tiklash kabi ishlar ekspeditsiyaning asosiy vazifalari edi. Achinarli zaruriyat sifatida biz qo‘llayotgan terror quyidagilardan iboratdir:

Jizzax uezdida xalq orasida obro‘si baland bir necha ma’sul xodimlar, aftidan o‘lkada hokimiyatning mustahkamligiga shubha qilib, ikkinchi tarafdan esa, bosmachilarning va’dalariga uchib, ular tomoniga o‘tib ketgan edilar. Ular o‘sha uezddagi bosmachilar to‘dalariga boshliq bo‘lib olib, bor kuchini hokimiyatni uning real kuchi bo‘lgan ko‘ngilli militsiya bo‘limlari qo‘lidan olib qo‘yishga qaratdilar va 40 kishilik Zomin ko‘ngilli bo‘linmasiga hujum qildilar. Obro‘laridan foydalanib, bo‘linmani deyarli qarshiliksiz o‘zlariga og‘dirib oldilar.

Favqulodda Troyka bu kabi mas’ul xodimlarning bosmachilar tomoniga o‘tib ketib, yuqorida ko‘rsatilgan kabi oqibatlar keltirib chiqarilishiga chek qo‘yish maqsadida, qolaversa, mahalliy aholining qarindosh-urug‘chilik hissiyotlari juda kuchliligini e’tiborga olib, quyidagilarni amalga oshirishga qaror qildi: 1) Qochoq mas’ul xodimlarning qarindosh-urug‘larini (ayollardan tashqari) hibsga olish va ularni to bosmachilik tugab bitmaguncha qamoqlarda ushlab turish; 2) Qochoqlarning mol-mulklarini hamda hibsga olingan qarindosh-urug‘larining mol-mulklarini musodara qilib, sotib yuborish va sotuvdan tushgan pullarning bir qismini qochoq o‘zi bilan olib ketgan qurol-aslahaning tovoniga to‘lash, qolgan qismini esa ko‘ngilli militsiyaga xarjlash.

Zomin bo‘linmasining bosmachilar tomoniga ixtiyoriy o‘tib ketishi hamda oxirgi vaqtlarda ko‘ngilli militsiyaning boshqa bo‘linmalari ham o‘tib ketayotganligi Favqulodda Troykani qochoqlarning kafolatchilariga nisbatan ham yuqorida ko‘rsatilgan choralarni qo‘llashiga olib keladi, ya’ni 1) Kafolatchi hibsga olinadi. 2) Ularning mol-mulklari hamda qochoqlarning mol-mulklari musodara qilinib, ochiq savdoda sotiladi, tushgan pul esa yuqoridagi kabi qurol va ko‘ngilli militsiya uchun sarflanadi. 3) Agar qochoqqa butun qishloq kafolat bergan bo‘lsa, unda kafolatchilar, ya’ni butun qishloq hibsga olinmaydi, balki har bir xo‘jalik 120 milliondan jarima to‘laydi. (Shunday ekan, qaysi kishi yoki qaysi qishloq o‘z ixtiyori bilan birovga kafolat berdi ekan, o‘z-o‘zidan ko‘rinib turibdiki, bu militsiya «ixtiyoriy» emas, balki «majburiy» bo‘lgan — I. I.)

Bizning kuchsizligimizdan foydalangan bosmachilar shunchalik hadlaridan oshib ketdilarki, hatto viloyat markazlariga ham hujum qilishib, boy yashaydigan kishilarni garovga olib keta boshladilar. Garovga olingan kishilar belgilangan narx to‘langandan keyingina qo‘yib yuborilar edi. Aytilgan vaqtda to‘lanmasa garovga olingan kishini otib tashlashar edi.

Bunday haddidan oshishlarni cheklash hamda aynan to‘dalar boshliqlariga haqqoniy zarar yetkazish maqsadida Favqulodda Troyka ularning qarindosh-urug‘lariga ham qochoq ma’sul xodimlarning qarindoshlariga nisbatan qo‘llanilgan choralarni qo‘lladilar.

Xullas, terrorga asoslangan va hukumatning qo‘lida real kuch mavjud ekanligiga guvohlik berayotgan bunday ekspeditsiyalarning natijalari ochiq ko‘rinib turibdi.

Mana, Samarqand uezdida eng katta va eng yaxshi uyushgan Bahromning to‘dasi tormor qilindi. Bahromning o‘zi esa Buxoroga qochib ketdi. Boshqa to‘dalar esa jimib qolishdi, bizningcha ular fursat kutib yotishibdi. Kattaqo‘rg‘on va Xo‘jand uezdlari bosmachilardan tozalanadi, butun-butun to‘dalarning sho‘rolar tarafiga o‘tishi kuzatilmoqda.

Jizzax uezdi vaqtincha xatarli bo‘lib qolmoqda, buni shunday izohlash mumkin: u yerga yuborilgan ekspeditsiya yaqindagina ish boshladi, shuning uchun natijalarga yaqin kunlarda erishamiz.

Aholi bunday ekspeditsiyalarga nihoyatda xayrixohlik bilan qaramoqda, terrorchilik ishlarimizni qo‘llab-quvvatlamoqda va o‘zlari bosmachilarni tutib bermoqda.

Bosmachilarga qarshi kurashda biz qo‘llayotgan usullarni qisqacha bayon etar ekanmiz, bu usullar viloyatda bosmachilik harakatini butunlay yo‘q qiladi, deb aytishga jur’at qila olmaymiz, albatta...

Shunday qilib, qo‘llanilayotgan ekspeditsiyalarni uyushtirilgan kurash chorasi, deb hisoblab bo‘lmaydi, ular faqat bosmachilik guruhlari kuchini susaytirishgagina yordam beradi va biz viloyatga katta kuchlarni jalb qilib, shu usulni qo‘llasak, bosmachilikni butunlay tugatishimiz mumkin, deb taxmin qilishimizga imkon beradi.

Viloyatda Sho‘ro apparati tag-tagidan darz ketgan va u chuqurlashib ketishini to‘xtatmoq uchun quyidagi takliflarni qo‘llash zarur va bu takliflarimizni tasdiqlab berishingizni so‘raymiz.

1) Butun Samarqand viloyatida, iloji boricha ko‘proq Qizil Armiya qismlarini jalb etib, hech bo‘lmaganda butun-butun qishloqlarni yoqib yuborishday vazifadan tap tortmaydigan harbiy terror uyushtirilishi kerak...

2) To‘dalar boshliqlarining va qochoq mas’ul xodimlarning qarindoshlariga va ixtiyoriy ravishda bosmachilarga taslim bo‘lgan ko‘ngilli militsionerlarning kafolatchilariga nisbatan Favqulodda Troyka qo‘llayotgan tadbirlarga rozilik berilishi kerak.

3) Aholiga yon berish to‘g‘risida shoshilinch ravishda, real va’da berilishi kerak, lekin bu shunday yo‘l bilan bo‘lishi kerakki, xalq bu yon berish bosmachilik harakatining natijasi va hokimiyatning kuchsizligidan deb emas, balki hokimiyatning xalqqa yaqinlashishi maqsadida bo‘layotganini tushunsin.

4) Favqulodda Troykaga mahalliy hayot sharoitlarini hisobga olgan holda o‘z ixtiyori bilan butun viloyatda sho‘ro apparatini qayta qura oladigan diktatorlik huquqi berilishi kerak.

5) Siyosiy davlat boshqarmasi va Turkfrontning alohida bo‘limi o‘zlarining viloyat va uezd tashkilotlari bilan aloqasini faqat viloyatda bo‘layotgan barcha ishlarga markaz oldida yagona mas’ul Favqulodda Troyka orqali bog‘lashlari majburiy qilib qo‘yilishi lozim. Buningsiz, tajribalar ko‘rsatganidek, Favqulodda Troykaning ishi ilojsiz va befoyda bo‘lib qolaveradi.

6) Banditchilik bilan kurash vazifasi shaxsiy tarkibi mutlaqo tajribasiz Ovro‘po yoshlaridan va Turkiston kommunistik yoshlar ittifoqi a’zolaridan tashkil topgan alohida bo‘limga yuklangani munosabati bilan Favqulodda Troykaga alohida bo‘limni tarqatib, unga mahalliy aholidan chiqqan xizmatchilarni jalb etish yo‘li bilan qayta tashkil qilish huquqi berilishi kerak.

7)Bosmachilarga qarshi ekspeditsiya operatsiyalarini o‘tkazish uchun Favqulodda Troyka yetarli qarz bilan so‘zsiz ta’minlab turilishi kerak.

Favqulodda Troyka raisi - Sergaziev

Mas’ul kotib - Xrushov»[8].

Ana sizga bitta favqulodda uchligu bu uchlikning qirg‘inga asoslangan tavsiyalari! Ana shundan keyin ham bu qirg‘inchilarga qarshi chiqqanlarni o‘z milliy ozodligi uchun kurashgan deb sanamay bo‘ladimi?

Bosmachilik harakatiga oid maqolalarda, asosan Turkistonning markaz qismlaridagi ahvol yoritilmoqda. Bu, tabiiy albatta. Chunki fuqarolar urushining eng shiddatli janglari aynan shu yerlarda kechgan. Shunday tabiiy bir savol tug‘ilishi mumkin. Xo‘sh, Turkistonning chekka o‘lkalarida ahvol qanday edi? U yerlarga ham sho‘rolarning qo‘li yetib borganmi? U yerda ham bosmachilar harakati bo‘lganmi? Mayda millatlarga nisbatan sho‘rolar yuritgan siyosat qanday edi?

Yettisuv viloyati Bishkek uezdi delegatlarining Turkiston Markaziy Ijroiya Komiteti raisi T. Risqulov nomiga yozgan «Bayonnoma»sida bu savollarga birmuncha javob olish mumkin.

«Qirg‘iz (1924 yilgacha qozoqlar qirg‘iz, qirg‘izlar esa qora qirg‘iz deb yuritilgan — I. I.) xalqining hozirgi ahvolini tasvirlashdan oldin, biz delegatlar, 1916 yildan beri davom etib kelayotgan o‘sha tarixiy voqealarni bayon qilishni lozim, deb topdik.

Yettisuv viloyati qirg‘izlari, ayniqsa Bishkek — To‘qmoq va Prjevalskiy — Norin qirg‘izlari uchun mudhish yo‘l hozirgi vaqtgacha gullab-yashnagan vohalarni odamsiz qum sahrosiga aylantirdi. Qirg‘izlarning, ular paydo bo‘lganlaridan beri barpo qilgan chorvachiligi deyarli yo‘q qilib yuborildi. Aytish mumkinki, barchasi bo‘lib 20 foizga yaqin chorva qoldi, xolos. Avvallari qirg‘iz dehqoni foydalanib kelgan barcha sug‘oriladigan yerlar hozir rus quloqlari tomonidan tortib olindi va egalari haydab yuborildi.

Bu holat hozir o‘zgarishsiz qolmoqda, buning sabablarini quyidagicha izohlash mumkin. Avvalo chor hukumatining qirg‘iz xalqiga nisbatan o‘ylamay qilgan siyosati (ko‘chirish siyosati) bo‘lsa, boshqa tomondan qirg‘izlarning madaniy rivojlanishi uchun maktablar ochilishini taqiqlab qo‘yishi bo‘ldi. Ustiga-ustak chorizmning mardikorlikka olish to‘g‘risidagi farmoni qirg‘iz xalqini Nikolay II hukumatiga qarshi isyon ko‘tarishga majbur qildi. Isyon vaqtida qirg‘izlar rus krestyanlari (dehqonlari)ga ham hujum qilgan edilar. (Axir Rossiyadan ko‘chirib keltirilgan dehqonlar qirg‘izlarning unumdor yerlariga joylashtirilgan edi-da. — I. I.) Isyon bostirilgandan so‘ng krestyanlar, hatto isyonda butunlay qatnashmagan qirg‘izlarga ham (juda) dushmanlik ko‘zi bilan qaradilar. Ular general Kurapatkindan qurol-aslaha olishlari bilanoq qirg‘izlarni chigirtka qirganday qira boshladilar. Chorva mollarini haydab ketdilar, uylarga o‘t qo‘ydilar, butunlay gunohsiz bolalar va ayollarni o‘ldirdilar.

Buyuk rus inqilobi g‘alaba qozonganda esa qirg‘iz xalqi sal erkin nafas olganday bo‘ldi va tinch hayotni, krestyanlar tomonidan zo‘ravonlik va qotilliklar to‘xtatilishini umid qila boshladi. Afsuski, bu umidlar sarob bo‘lib chiqdi. Krestyanlar quyushqondan chiqib (odamlarni) battaroq o‘ldirdilar, mol-mulklarini taladilar, egalarini esa haydab yubordilar, qulayroq vaziyatda esa miltiqlaridan otib tashlar edilar, hatto bolta bilan chopib tashlar, erkagu ayol, hatto bolalarning murdalarini o‘tda kuydirardilar. Ba’zi joylarda 3 yarim oylik, 7 oylik bolalarni nayza bilan o‘ldirganlar (bu haqdagi dalil 1-uchastkadagi mirovoy sudiyaning tortmasida yotibdi).

Bu voqealar muvaqqat hukumat paytida bo‘lgan edi. Qotillik shunchalik ko‘p bo‘lgan ediki, ularning barchasini yozib chiqishga qalam ojizlik qiladi. Jinoyatchilarning qotilliklari to‘g‘risidagi dalillar allaqachon yo‘q bo‘lib ketmoqda, qamoqdan ozod qilib yuborilganlar esa hozir ham yuqori lavozimlarda ishlamoqdalar. Shunday faktlar sodir bo‘lganki, masalan, Prjevalskiy uezdida cho‘lda ketayotgan qurollangan krestyanlar to‘dasidan «qaerga ketyapsizlar?» deb so‘rashganda, «qirg‘iz ovlashga» deb javob berishgan.

Muvaqqat hukumat boshqargan fevral inqilobini shu tariqa ba’zi uezdlarda qolgan-qutgan qirg‘izlar «inqiloblar tarixi»ga kuzatib qo‘yishdi.

Nihoyat, biz qirg‘izlar fevral oyida, Bishkek uezdida Sho‘rolar hokimiyatining yangi inqilobini kutib oldik va tinch, me’yordagi hayot tomonga qarab birozgina o‘zgarish sezgandek bo‘ldik.

Sho‘rolar hokimiyati tepasida o‘tmishi jinoyatchilikda o‘tgan kimsalar va qirg‘iz urf-odatlari bilan notanish bo‘lgan kishilar (ya’ni, markazdan yuborilgan «inqilobchilar» — I. I.) o‘tirishibdi. Hamma yerda Sho‘rolar hokimiyati — bu kambag‘allar, ezilgan xalqlar hokimiyati, bu hokimiyat ezuvchilar sinfining dushmani, barcha zo‘ravonlar, quloqlar, boylar, amaldorlar va chayqovchilarning dushmani, deb eshitdik. Haqiqatda esa aksincha, Sho‘rolar oldi-orqaga qaramasdan zo‘ravonlik bilan shug‘ullandilar. Mehnatkash qirg‘iz ommasi ustidan, hech narsani surishtirib o‘tirmasdan zo‘ravonlik o‘rnatdilar. Sho‘ro kengashi a’zolaridan ba’zilari qirg‘izlarning 1916 yilgi isyonini va krestyanlarni o‘ldirganliklarini hech ham kechira olmasliklarini ochiq aytdilar.

11 fevraldan to 1918 yilning kuzigacha har xil krestyanlar va hokimiyatda turgan shaxslar tomonidan qirg‘nzlarning talaygina armiyaga yaroqli uchqur otlari tortib olindi, hech bir surishtirilmasdan juda katta miqdorda ashyolar rekvizitsiya (mol-mulkni, qiymatini to‘lash sharti bilan davlat ixtiyoriga olish) qilindi. Bunday shaxslarga nisbatan barcha shikoyatlar hukumatning tepasida o‘tirgan shaxslar tomonidan e’tiborsiz qoldirilaverdi. Har oy volost (bo‘lis)dagi mansablarga saylovlar o‘tkazildi, lekin bu mansablarga kim ko‘p pora bersa o‘shalar saylanishar edi. Agar kimdakim bunday chorizm an’anasidagi saylovlardan norozi bo‘lib shikoyat qilsa, bunday kishilar qamalar yoki otib tashlanar edi.

...Anarxiya (boshboshdoqlik)ga, bo‘lgan deyish qiyin albatta, chunki hokimiyat mavjud edi, lekin u o‘zi anarxiya zo‘ravonlikka va boshqa jinoiy ishlarga rahbarlik qilar edi.

Yerni, bog‘larni, chorvani, pulni yoki otni tortib olish oddiygina hol bo‘lib qolgan edi. Bu ashyolarning egalariga, garchand g‘azabdan ruhan ezilgan bo‘lsalar-da, «marhamat, nima kerak bo‘lsa olinglar, faqat meni o‘ldirmanglar», deb yalinishdan o‘zga chora yo‘q edi.

Ko‘pchilik qirg‘izlar yozda o‘z yurt (o‘tov)larida yashamas edilar, hozir ham yashamaydilar, chunki birortasi kelib qolishidan qo‘rqishadi, yozda qirg‘izlar yashaydigan volostlarda qurollangan qizil askarlar va krestyanlar juda ko‘p bo‘lishadi, go‘yo ular 1916 yildagi isyonda keltirilgan zararlar uchun tovon olayotgan emishlar yoki isyon paytida isyonkor qirg‘izlar bilan qochib ketgan barcha qirg‘izlarni o‘ldirayotgan emishlar.

...Yana bir-ikki og‘iz Oqsuv isyoni to‘g‘risida gapirib o‘tmoqchimiz. Bu isyonni Oqsuv krestyanlari uyushtirgan edilar, oxir-oqibatda hamma balo dunganlarning boshlariga tushdi. Ular shunchalik talandilarki, hozirgi paytda ularning ko‘pchiligi eti suyagiga yopishib ketgan baxtiqaro hayvonlarga o‘xshaydi. Ulardan tortib olingan ashyolar krestyan va qizil askarlar o‘rtasida bo‘lib olindi, isyonkorlarni jazolashga kelganda esa dunganlarni hech so‘zsiz otib tashladilar. Ikki yuztacha dungan pulemyotlardan otib tashlandi, o‘lganlarning ko‘pchiligi proletariat sinfi edi.

1920 yil»[9].

Mana bu hujjatlar taranchi elati boshiga tushgan kulfatlar haqidadir:

«Rossiya kommunistik firqasi qizil musulmon konferentsiyasiga yuborilgan Yettisuv viloyati vakillarining Turkkomissiyaga yozgan

ARIZALARI

Toshkent, 30 yanvar 1920 yil.

Turkiston jumhuriyati Yettisuv viloyatida 150000 taranchi elati yashaydi. Ular turk qabilalaridan biri bo‘lib, dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelganlar. Tarixiy manbalarga qaraganda, ular taxminan 250 yil ilgari Xitoy chegaralarida yashaganlar va Xitoy amaldorlari tomonidan azoblanganlar. Tahqirlanish va qullikda yashash nihoyatda joniga tekkan bu elat mustaqillik yo‘lida kurashib, XIX asrning II yarmida o‘zlarining mustaqil xonligini tuzdilar. Lekin 1830 yili xitoyliklar bu xonlikni tor-mor keltirganlaridan so‘ng taranchilar Yettisuv viloyatiga ko‘chib o‘tganlar. O‘shanda rus hukumati har bir oilaga bir yarim, 2 tanobdan yaroqsiz yer bergan edi. Inqilobdan oldin shu yerlarda va ko‘proq rus krestyanlarining yerlarida batrak bo‘lib kun kechirganlar.

1918 yil aprel oyida Verniy shahri kazaklar tomonidan egallandi. Ular taranchilarni ayovsiz taladilar, kaltakladilar. Bu uezd Sho‘rolar tomonidan bosib olingandan so‘ng Qizil Armiya taranchilarni ayovsiz o‘ldirdilar, ularning qishloqlarini talab keta boshlashdi. Natijada 14 000 taranchi o‘ldirildi. Qolganlari esa har tomonga, kimdir tog‘larga, kimdir Xitoy hududiga qochib ketdi. Ularning ko‘pchiligi tog‘larda ochlikdan o‘lib ketishdi.

Rus krestyanlari esa ularning qishloqlarini egallab, yetishtirilgan tayyorgina hosilni yig‘ishtirib oldilar. Qochib ketishga jismonan kuchlari yetmagan qari-qartanglar xolera (vabo) kabi yuqumli kasalliklarni tarqatib, daydib yurardilar. Ular hech narsasiz och qolib ketgan edilar. Ayollar va bolalar butunlay kiyim-boshsiz qip-yalang‘och cho‘llarda daydib yurar edilar. Ular qanday mashaqqat chekkanini yozish uchun qalam va qog‘oz ojizdir. Bularning hammasi markaziy hukumatga ma’lum bo‘lishi kerak.

Ularning ko‘pchiligi chegaradan o‘tib Xitoyning Qashqar, Yansu, Turfan kabi shaharlarida, eng past ishlarda ishlab yuribdilar. Bu holat Xitoy xalqida Sovet hokimiyatiga nisbatan juda salbiy fikr tug‘dirmoqda. Hukumatning bunday taktikasi (kurash usuli) Sharq siyosatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Garchand avf (dekret № 250) e’lon qilingan bo‘lsa-da, lekin natijasi yo‘q, chunki qaytib kelgan taranchilar yana rus krestyanlari tomonidan talandilar. Hukumat ham ularga hech qanday moddiy yordam ko‘rsatmadi. Ishchi kuchlarini jalb qilish (mobilizatsiya) to‘g‘risida farmon e’lon qilinganda esa qurollangan krestyanlar ularni to‘da-to‘da qilib haydab ketishdi. Xullas, gapni lo‘nda qilib aytganda, butun yoz bo‘yi ular rus krestyanlari uchun ishlab berdilar. Hatto krestyanlar egallab olgan taranchilarning sobiq yerlarida hosil yig‘ishtirilmay qolib ketdi ham, lekin yerlar o‘z egalariga qaytarilmadi.

Bu tragediya (fojia)ning sabablari quyidagilar: otryad boshlig‘i Mamontov «taranchilar butunlay qirib tashlansin», deb qishloq sho‘rolariga buyruq bergan edi. Bu faktni taranchi vakillari qurultoyda isbotlab berishlari mumkin edi. (ammo...) buni hatto MIK raisi o‘rtoq Limirov ham tasdiqlaydi...

Qizil musulmonlar III qurultoyining vakillari. 5 imzo»[10].

«Yettisuv viloyati fuqarolar urushi paytida Sho‘rolar hokimiyatining dushmanlari tegrasida bo‘lgan naymanlarning ahvoli to‘g‘risidagi

BAYONNOMA

3 aprel, 1920 yil, Verniy sh.

...Boshqa qirg‘izlar singari naymanlar ham sho‘rolar hokimiyatini xayrixohlik bilan kutib oldilar.

Qirg‘izlarning mistik psixologiyasi shundayki: ular bugun bo‘lmasa ertaga, baribir haqiqat tantana qiladigan soat yetib keladi, deb ishonadilar. Yettisuvdagi aprel davlat to‘ntarishini qirg‘izlar ekspluatatsiya va xo‘rliklardan ozod qiluvchi o‘sha haqiqat tantanasi (soat) deb tushungan edilar. Davlat to‘ntarishi davrida qirg‘izlar o‘z joylarida muqim qoldilar, albatta. Uyushmagan, madaniyatsiz, eski maishiy-siyosiy ahvolda qolib ketgan qirg‘izlar, albatta, proletar inqilobining talablarini tushunib yetmaganlar va bo‘layotgan voqelikka faol qatnashmay qolgan edilar. Lekin shuni aytish kerakki, qirg‘iz intellegent (ziyoli rahbariyati davlat to‘ntarilishidan keyinroq sho‘ro ishlariga aralashib ketishdi, ular ishchi-dehqon deputatlari kengashlarida qatnashdilar.

Ming afsuski, bir oy o‘tar-o‘tmas Yettisuv o‘lkasining maishiy an’analarini bilmaslik oqibatida hamda har xil farmatsiya (qarashlar)ga mansub shovinist (millatchi)lar va avantyurist (tavakkaliga ish boshlovchi kishilar) rahbarligi ostida inqilobning ehtiroslari boshlandi.

Ehtiroslardan biri — qadim-qadimdan ommani o‘z ketidan ergashtirib kelgan qirg‘iz intellegentsiyasini ta’qib qilish bo‘ldi. Natijada barcha qirg‘iz intellegentsiyasi qochib qolishga majbur bo‘ldi.

Boshqa ehtiros esa qirg‘iz xo‘jaligining har xil tashkilotlar va hatto alohida qurollangan shaxslar tomonidan ayovsiz rekvizitsiya qilinishi va talanishi bo‘ldi. Buning oqibati qirg‘izlarning o‘zlari tomonidan barcha ashyolarni yerlarga ko‘mishlariga, sotib yo‘q qilinishiga, taqsimlanishiga olib keldi.

Uchinchi ehtiros tinch qirg‘iz aholisini besabab qirish bo‘ldi. Buning natijasida qirg‘izlar butun bolsheviklardan yuz o‘girdilar. Xuddi yaqindagina bo‘lgan Muvaqqat hukumat davrida «qachon ozodlik tugar ekan-a», deganlari kabi «qachon bolsheviklar tugar ekan-a» deydigan bo‘lishdi.

Bularning hammasini biz gapirmoqchi bo‘lgan naymanlar ham boshidan kechirdilar.

1918 yil iyulda naymanlardan turli bo‘linmalar, harbiy qismlar va qurollangan shaxslar tomonidan 10 mingdan ortiq otlar egar-jabduqlari bilan birga rekvizitsiya qilindi. Yana Mamontov va Ivanov bo‘linmalari Sergipolga qilgan yurishlarida (bo‘linmalarning) yo‘lida uchragan tinch qirg‘iz aholisi qirib tashlandi. Shu yilning avgust oyida esa qirg‘iz aholisi Cherkasskiy, Petropavlovskiy, Antonovskiy, Pokotilskiy va boshqa rus qishloqlarining krestyanlari tomonidan kaltaklandilar va 7 mingdan oshiqroq qirg‘iz pashshaday qirib tashlandi. Shunday qilib krestyan-bolsheviklar o‘zlarining yuqoridagi harakatlari bilan qirg‘iz aholisini o‘zidan uzoqlashtirdi.

Shu vaqtga kelib, ya’ni 1918 yilning avgust oyida Leninskiy uezdiga birinchi kazak bo‘linmalari kirib kelib, amalda shimoliy frontni ochib berganlarida, tabiiyki, qirg‘izlar ularni o‘zlarining xaloskorlari sifatida qarshi oldilar»...[11]

Bu hujjatlardan ko‘rinib turibdiki, «xo‘roz hamma joyda bir xil qichqirgan». Shunday ekan, bosmachilik harakatining kuchayishi turgan gap edi. Lekin qirg‘iz xalqini, ya’ni hozirgi qozoq xalqini bosmachi deb atalmish malomatdan qutqazib qolgan bir narsa mavjud. U ham bo‘lsa bu o‘lkalarning 1918 yil o‘rtalaridayoq oq gvardiyachilar tomonida qolib ketgani bo‘ldi. Aks holda bosmachilikning, milliy ozodlik harakatining paydo bo‘lishi muqarrar edi. Fikrimizning isboti shundaki, kazaklarning Yettisuv uezdlariga kirib kelishi bilanoq qirg‘iz ko‘ngillilaridan iborat eskadron tuzilgan edi.

1918 yilning oxirlariga borib esa Alash polklari deb nom olgan qirg‘iz polklari o‘z yerlarini sho‘rolardan tozalash maqsadida kazaklar tomonida turib, 20 oy davom etgan fuqarolar urushida ishtirok etdilar. Bu o‘rinda shuni ham aytib o‘tish kerakki, polklardagi qirg‘izlarning barchasi ko‘ngilli emas edi, chunki kazaklar birinchi qirg‘iz ko‘ngilli eskadaronining janglarda ko‘rsatgan mahoratini ko‘rib, qirg‘izlarni jalb etishni yo‘lga qo‘ygan edilar. Demak, bosmachilik sho‘rolarning noto‘g‘ri siyosatiga qarshi kuch sifatida tug‘ilib, yuzaga kelgan, deb bemalol va baralla aytishimiz mumkin. Ular qizil qirg‘inga qarshi turgan mard bobolarimiz edilar.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1992 yil, 5-son

------------------------------------

[1] O‘zbekiston markaziy davlat hujjatgohi. F-r. 25, 1-yozuv, 300-ish, 55-b.

[2] O‘zMDH, f-r. 25, 1-yoeuv, 79-ish, 19—20-bet.

[3] O‘zMDH, f-r. 25, 1-yozuv, 300-ish, 55-bet.

[4] O‘zMDH. f-r. 31, 1-yozuv, 268-ish, 117-bet.

[5] O‘zMDH. f-r. 25, 1-yozuv, 300-ish, 55-bet orqasi.

[6] O‘zMDH. f-r. 17, 1-yozuv, 45-ish, 128-bet.

[7] «Komsomolets Tadjikistana» gazetasi, 1989 y., 9 iyun

[8] O‘zMDH. f-r. 17, 1-yozuv, 45-ish, 150-155-6etlar.

[9] O‘zMDH. f-r. 17, 1-yozuv, 686-ish, 148-149-6etlar.

[10] O‘zMDH. f-r. 17, 1-yozuv, 686-ish, 151-152-6etlar.

[11] O‘zMDH. f-r. 17, 1-yozuv, 236-ish, 249—252-betlar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.