OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Bolalar adabiyoti to‘g‘risida (1946)

Bolalar adabiyotining hozirgi ahvoli to‘g‘risidagi dokladda ham, muzokaraga chiqqan o‘rtoqlarning nutqida ham bir narsa ko‘zga tashlanadi: hamma bolalar adabiyotidagi kamchiliklardan gapirishdan oldin bu adabiyot ancha o‘sganligi, yutuqlarga ega bo‘lganligi to‘g‘risida katta-kichik muqaddima qilib o‘tdi.

Bu gaplar haq, lekin bir narsani esdan chiqarmaslik kerak: modomiki, bolalar adabiyoti sovet adabiyotining bir qismi ekan, uning o‘sishi, yutuqlarga ega bo‘lishi tabiiy bir hol, gap bu yutuqlarning darajasi, bu kungi talablarga qanchalik javob bera olishi to‘g‘risida bo‘lishi kerak.

To‘g‘ri, bugungi bolalar adabiyotining salmog‘i bundan o‘n besh yil burungi bolalar adabiyotining salmog‘idan ancha yuqori, lekin bugungi maktab yoshidagi bolalar bundan o‘n besh yil burungi maktab yoshidagi bolalarga o‘xshaydimi?

Hozirgi maktab yoshidagi bolalar maktabga boshqa oilalardan, boshqacha oilalardan borayotipti, bu bolalar urush zamonini ko‘rgan. Ma’lumki, urush faqat shaxar va qishloqlarni buzgani yo‘q...

Mana shu nuqtai nazardan qaraganda, bolalar adabiyotining hozirgi darajasi, saviyasi juda yuksak bo‘lishi kerak.

Plenumda bolalar adabiyoti alohida masala qilib qo‘yilganligi va soyuz rahbarlari bu masalani qo‘yishda ayrim, pishiq tayyorgarlik ko‘rganligiga sabab ham shu bo‘lsa kerak.

Chiroyli lof-qofdan xunuk haqiqat yaxshi: ancha o‘sgan, yutuqlarga ega bo‘lgan hozirgi bolalar adabiyotining darajasi, saviyasi uning oldida turgan talablar, vazifalar darajasidan xiylagina past. Adabiyotimizning hozirgi darajasini ko‘zda tutganda, bu narsa juda bilinadi.

Bunga eng birinchi sabab shuki, bolalar adabiyoti shu kungacha ham soyuzning, ham adabiyot jamoatchiligining diqqat markazidan chetda bo‘lib keldi.

Bunga birinchi dalil:

Bundan bir qancha vaqt burun «Pravda Vostoka» va «Qizil O‘zbekiston» nashriyotining «shirpotreb tsexi» G‘ayratiyning «O‘rmonjonning mushugi» degan kitobchasini nashr etdi. Bu kitobchaning mazmunini ikki og‘iz gap bilan aytsak shuki, ashaddiy bir piyanista ishchining piyanistalikdan tuzalib, odam bo‘lib ketishiga bitta sichqon sabab bo‘ladi. Bolalar adabiyoti tamg‘asi bilan nashr etilgan shunday kitob na Yozuvchilar soyuzining diqqatini jalb qildi, na ayrim yozuvchilarning e’tiroziga sabab bo‘ldi.

Ikkinchi dalil:

Shukur Sa’dullaning ko‘p asarlari juda xom, g‘arib ekanligi to‘g‘risida yaqin o‘n yildan beri gap yuradi, lekin uning bironta asari biron marta jiddiyroq muhokama qilingani yo‘q.

Agar bolalar adabiyoti soyuzimizning diqqat markazida bo‘lganda, butun boshli yozuvchining ijodi uning e’tiboridan chetda qolmas edi.

Bu hol, albatta, bolalar adabiyotining saviyasiga katta ta’sir qiladi.

Hozirgi bolalar adabiyotining saviyasi past bo‘lishiga ikkinchi sabab, bolalar uchun yozadigan yozuvchilarning umumiy saviyasi, malakasi pastligidan kelib chiqadi. Kecha va bugun so‘zga chiqqan o‘rtoqlar bu to‘g‘rida yetarli misollar ko‘rsatishdi. Bolalar yozuvchilarining oldiga qattiq talablar qo‘ymaganimiz uchun ko‘pi «kosib» bo‘lib qolyapti. Bulardan birmunchasi bolalar uchun yozish qanchalik mas’uliyatli ekanini, bu mas’uliyatni zimmasiga olgan odam qanchalik bilimli, qanchalik hunarmand bo‘lishi kerak ekanini yaxshi bilmaydi, tushunmaydi. Bolalar adabiyotida kattalardan ko‘ra bolalarga yozish oson degan aqidada yurgan «kosiblar» topiladi.

Kattalar uchun yozilgan kitobda yo‘l qo‘yilgan xatoni tuzatish mumkin, lekin bolalar uchun yozilgan kitobda ketgan xatoni tuzatib bo‘lmaydi, bu xatodan bolani ogohlantirilsa, xato uning zehniga chuqurroq o‘rnashadi.

Dokladda, muzokaraga chiqqan o‘rtoqlarning nutqida odam xijolat bo‘ladigan misollar ko‘rsatildi. Bularning ichida yozuvchining chalasavod ekanini ko‘rsatadigan faktlar bor. Bu qandoq gapki, yozuvchi, bolalarning ikkinchi muallimi bo‘lgan yozuvchi chalasavod, jumla tuzolmaydi! Yozuvchi bo‘la turib o‘zbek so‘zlarining ma’nosini bilmaydi, so‘zni o‘z o‘rnida ishlatmaydi!

Hammadan yomonrog‘i shuki, biz shularni payqamay kelayotibmiz, payqaganimizga e’tibor qilmayotibmiz.

Bolalar uchun kitob yozadigan kishi g‘oyat usta san’atkor, katta tajribali pedagog, tilning zarshunosi bo‘lmog‘i kerak.

1946 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.