OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Vohidov. Mukammallik (1981)

Inson tafakkurining bir ojizligi bor. U oz vaqt ichida yuz bergan ulkan hodisotlar silsilasini daf’atan qabul qilolmaydi. Tog‘ning ulug‘ligini tasavvur qilmoq uchun undan uzoqlashish kerak bo‘lganidek, buyuk tarixiy voqealarning haybatini rostmana his etish uchun ma’lum vaqt masofasi lozim bo‘ladi. Hozirjavoblik adibning yaxshi fazilati. Lekin u adabiyotning belgilovchi sharti emas. Zamonaviylikning o‘zi ham bu kungi hayotimizni aks ettirishgina bo‘lmay, zamonamizga munosib badiiyatki ham o‘z ichiga oladi. O‘quvchi uchun avtorning yoshu qarisi, unvonli, unvonsizi yo‘q. U hamisha yozilgan satrlarga qarab muallifga o‘z munosabatini bildiradi: yo qalbiga jo qiladi, yo unutadi, yo‘qlikka mahkum etadi.

Afsuski, bizda yuzaki yozilgan asarlar anchagina bor. Ba’zi yozuvchilarimiz, shoirlarimiz so‘z ustida mehnat qilishga ikkinchi darajali ish deb qarasalar kerakki, ularning asarlarini o‘qib ona tilimizning boyligi va ranginligini hamisha his qilavermaymiz. Ulug‘ adiblarimiz Abdulla Qodiriy, Oybeq, G‘afur G‘ulomlar qoldirgan merosning ko‘p jihatlarini. tahlil qilib o‘rganish talay yosh va yosh bo‘lmagan yozuvchilar uchun maktab bo‘lar edi.

«Sen yetim emassan», «Roksananiig ko‘z yoshlari», «Qutlug‘ qon», «Sinchalak», «Mushoira» kabi asarlarni ko‘z oldimizga keltirsak, ularning o‘z davri uchun nechog‘lik aktualligini, barkamolligini ko‘ramiz.

Biz g‘oyat shiddatli beshafqat zamonning vosiflarimiz. Yer sayyorasining taqdiri, odamzod tarixining davom etish yo etmasligi masalasi o‘rtada turgan bir davrda yashayapmiz. Aslida, planetaning‘ «yo hayot-yo mamoti» oldida, bashariyatning alamli nidosi oldida qadim zamon fojealari nima degan gap? Esxillar, Shekspirlarning zamonlarida hayot-mamot savoli inson oldida turgan bo‘lsa, bugun bu savol insoniyat oldida turibdi. Qadimda ulug‘ yozuvchilar nidosi zamon ustida yuksalib turgan bo‘lsa, bizning qarshimizda davr nidosi darajasiga ko‘tarila olish masalasi bor. Bu yil mening birinchi kitobim chiqqaniga yigirma yil to‘ladi. Ortga boqsam kuni kechaday. Oldinga qarab hisoblasam, yana shuncha o‘tsa ikki ming birinchi yil bo‘ladi. Demak, bugun birinchi kitobi chiqqan yigit yangi ming yillikning «yosh shoir»i bo‘ladi. O‘sha olis kelajakning «yosh shoiri»ga aytadigan so‘zim bor: Bizni erkalab bag‘riga bosgan ham, shoir qilib biyron til bergan ham jafokash, mehnatkash, bag‘ri keng, orzulariday ulug‘ xalqimiz. Shoir bo‘lishdan oldin shu xalqqa farzand bo‘laylik, sadoqatli, fidoyi bo‘laylik. Agar shoir bo‘lsak uning yuziga qaraganda uyalmaydigan shoir bo‘laylik. Xalqimiz jasoratli, matonatli, zukko xalq, Navoiyxon, Bedilxon xalq. U oltin bilan misning, olmos bilan shishaning farqini biladi. Ana shu halol, qo‘li qadoq, aqli teran xalqimiz oldida halol bo‘laylik. Zar kilolab emas, misqollab o‘lchanishini unutmaylik.

«Gap ko‘p-ku, umr oz», deydi o‘zbeklar. Yaqinlashib kelayotgan Yozuvchilarning Butunittifoq anjumani arafasida do‘ppini olib qo‘yib gaplashadigan gaplarimiz ko‘p. Yutuqlarimiz ham oz emas, kamchiliklarimiz ham. Biz-ku, kamchiliksiz asar bo‘lmaydi, har to‘kisda bir ayb deb o‘zimizga tasalli beramiz. Ammo kitobxon uchun, adibning chin muxlchsi uchun ijodkor pir va ustozdir. Ixlos nuqsonni tan olmaydi. San’atning, adabiyotning sharti — barkamollik va mukammallikdir.

1981

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.