Ikki satr she’rda berilgan fikrni ming xil qilib aytsa bo‘ladi, lekin bu ming variantning hech qaysisi shu ikki satrday (agar u haqiqiy she’r bo‘lsa) ham sodda, ham qisqa, ham kuchli, ham ta’sirli bo‘lmaydi. Bundagi vazn bilan qofiya ham «to‘g‘ri so‘z»ni she’r qilish uchun emas shu fikrni ifoda qilish uchun zarur bo‘lib qoladi. She’r xususiga kelganda juda injiq bo‘lgan Lev Tolstoy mana shu xildagi she’rni she’r hisoblagan va shoir deganda Pushkin darajasidagi buyuk talantlargagina qoyil bo‘lar ekan: Pushkinda «vazn va qofiya bo‘lishiga qaramasdan, shu fikrni boshqacha ifoda qilish mumkin emasligini sezib turasan», deydi.
San’at asariga va umuman san’atkorga baho berishda ortiq darajada og‘ir va qattiq qo‘l bo‘lgan Lev Tolstoy Anton Pavlovich Chexovni «Prozada Pushkin» deb atadi.
Chexovning ajoyib hikoyalaridan biri bo‘lgan «Yovuz niyatli kishi»ni xotirlaylik. Bu hikoya Nikolay Rusiyasining qishloqlariga qarata Chexovning usta qo‘li bilan ochilgan «Mujiklar», «Nay», «Chol», «Chuqurlikda» singari «darcha»larning biri. O‘quvchi bu darchadan qishloqqa qarab «yovuz» niyatli Denis orqali undagi odamlarni, hayotni ko‘rar ekan, beto‘xtov shu fikrga keladi: odamlarning hayotini tahlika ostidan chiqarish uchun «yovuz niyatli», «jinoyatkor» Denisni emas, odamlarni denis qilgan va qilayotgan ijtimoiy tuzumni sud qilish kerak va bu tuzumni albatta o‘limga hukm qilish zarur! O‘quvchi bunga ham qanoat qilmaydi, unda o‘zi jamoat qoralovchisi sifatida chiqib, otashin nutq so‘zlagisi keladi.
Voyaga yetgan kap-katta qishloq yigiti Denisning olam to‘g‘risidagi tushunchasi shundan iborat: «Baliq ovlash kerak, odamni g‘ayridinlargina o‘ldirishi mumkin, sud soliq to‘lamagan odamlarni tergaydi, turma yomon joy, birov soliq to‘lamasa, uning uchun boshqa odamni javobgar qilish emas — vassalom!» U boshqa hech narsani deyarli bilmaydi, boshqa to‘g‘rilardagi gapni tushunmaydi. O‘sha ijtimoiy tuzum yetishtirgan shu odamga necha-necha josuslarni tutib bergan, qancha yong‘inlar, falokatlarning oldini olgan, poezdlarni halokatdan qutqarib qolgan, mamlakatning siyosiy, ijtimoiy turmushida, qay darajada bo‘lmasin qatnashayotgan, mamlakat, xalq ishiga talay-talay foydalar yetkazayotgan son-sanoqsiz pionerlardan birini — Vatanimizning hali voyaga yetmagan grajdanlaridan birini qarshi qo‘yaylik! Ikki yo‘l she’r singari «Yovuz niyatli kishi»ni ham ming xil qilib yozish mumkin, lekin Denisni bundan ravshan, bundan mukammal tarzda gavdalantirish, bundan o‘tadigan biron uslub topib, kitobxonga manzur qilish mumkin emas. Bu Chexov ijodiyotiga xos xususiyat, Chexov yaratgan va rus adabiyoti taraqqiyoti tarixida yangi sahifa ochgan yo‘l. Mana shu bilan Chexov butun dunyo adabiyoti tarixiga buyuk hikoyanavis bo‘lib kiradi. U o‘zining shu yaratgan yangi shakli bilan rus, Yevropa va Amerika yozuvchilariga katta ta’sir qilgandir.
Uning chertma, jaranglab turgan «kaftdekkina» hikoyalari o‘zining chiroyliligi, haqqoniyligi va turmushni chuqur aks ettirishi bilan o‘quvchini o‘ziga asir qiladi. Bu hikoyalarning har biri Chexov zamonasidagi Rusiya hayotining bir parchasi. Uning butun ijodidan bugun Rusiyani ko‘rish mumkin. Uning butun ijodi o‘tmishni qoralab yozgan aybnomadir.
O‘zbek kitobxoni Chexovni ortiq darajada sevadi. Uning o‘zbekchaga tarjima qilingan asarlari qayta-qayta bosiladi, qo‘lma-qo‘l yuradi. Chexov bizning adabiy tashkilotlarimiz uchun qay darajada sevikli adib ekanini mana shundan bilsa bo‘ladi: shu choqqacha hech bir nashriyot, adabiy tashkilotlar Chexov asarlarini tarjima qilish to‘g‘risida planli bir ish olib borgan emas, deyish mumkin. Lekin hozirning o‘zida Chexovniig qirqqa yaqin katta-kichik asarlari o‘zbekchaga tarjima qilingan. Bularni professional tarjimonlar yoki yozuvchilargina emas, studentlar, muallimlar, doktorlar, injenerlar va hokazolar qilgan. Bular Chexov asarlarini sevganlaridan, bundan ortiq darajada zavqlanganlaridan «ishqibozlikka» tarjima qilganlar va bu tarjimalar sifat jihatidan Chexovni ancha koyitganligiga qaramasdan, keng o‘quvchilar ommasi orasida katta zavq bilan o‘qiladi.
Bizda hozirgi vaqtda mayda hikoya bilan ocherkka kitobxon juda chanqoq. Shuning uchun ham bu ikki janr ayrim ahamiyatga ega. Bu ikki janrga adabiy tashkilotlarimiz ayrim ahamiyat berishlari zarur.
Hozir bizda chexovchilik boshlanayotir. Ko‘p yoshlarning adabiyotga mayda hikoya bilan kira boshlashlari, G‘afur G‘ulom, Shams, G‘ayratiydek salmoqli yozuvchilarimizning muvaffaqiyatli tajribalari katta umidlar bag‘ishlab turibdi. Boshlangan bu harakatga yetakchilik qilish kerak. «Qizil O‘zbekiston», «Yosh leninchi» gazetalari va «Sovet adabiyoti va san’ati» jurnali so‘nggi vaqtda talay mayda hikoyalar berdilar. Bu, hech shubhasiz, hikoyachilikni rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi. Lekin bu oz. «Sovet adabiyoti va san’ati» jurnali bunda ayrim rolni o‘ynashi zarur.
Chexov o‘z zamonasida salbiy faktlar bilan to‘la bo‘lgan turmushni aks ettirib, o‘lmas hikoyalar yaratdi. Bizning zamonamiz ijobiy faktlarga to‘la. Biz bu faktlardan abadiy qoladigan haykallar yaratishga erishishimiz kerak.
«Qizil O‘zbekiston», 1939 yil, 14 iyul.