Saidahmad Husanxo‘jayev. Hikoyalar to‘plami. O‘znashr, 1940.
Biron olim chiqib, «Bo‘rining tishiga sera kislotasining ta’siri», degan mavzuda ilmiy asar yozishi mumkin: bo‘rilarni tutib, tishini qoqib olsa bo‘ladi, sera kislotasi serob narsa, tajribalar o‘tkazish uchun ayrim sharoit —uskunalangan katta laboratoriya kerak emas. Olim istaganicha tajriba o‘tkazishi va bu tajribalar asosida biron haqiqatni tasdiqlashi mumkin. Qancha mehnat sarf qilingan, balki xiyla uddaburonlik bilan tartib berilgan bu ilmiy asarni kitobxon, ehtimol, maroq bilan ham o‘qir. Lekin ilmiy asarning ilmiy asar bo‘lishi uchun olimning mehnati, kitobxonning maroq bilan o‘qishigina kifoya qilmaydi. Ma’lumki, ilm qaysi yo‘l bilan bo‘lmasin biron haqiqatni tasdiqlar ekan, bundan kishilarning ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan bir xulosa chiqarishni ko‘zda tutadi. Hech bir ilmiy fikr yo‘qki, bevosita yoki talay vositalar orqali bo‘lsa ham odamlarning ehtiyojini qondirishga qaratilgan bo‘lmasin. Zotan, ilm ehtiyojdan tug‘iladi emasmi?
«Tortiq» to‘plamidagi ko‘p hikoyalar mana shunaqa hojati yo‘q «ilmiy» asarga o‘xshaydi. Olim qandoq bo‘lmasin bir ilmiy asar yaratishga uringanday, yozuvchi qandoq bo‘lmasin hikoya yozishga uringan. Olim qancha ovora bo‘lib tajribalar o‘tkazganiday, yozuvchi qancha o‘ylab voqealar yaratgan. Sirtdan qaraganda, olimniki ilmiy, yozuvchiniki adabiy asarga o‘xshaydi, lekin har ikkisining ham kitobxonning: «Bundan maqsad nima?» degan bir savoli bilan chuvi chiqadi.
To‘plamdagi «Sevinchi» hikoyasining mazmuni mana shunday:
Shoqosim degan bir kishi idorasida ishlab o‘tirganida singlisi «tug‘ib qo‘ydi» degan xabarni olib keladi. Xotini ikkiqat bo‘lgani uchun Shoqosim «xotinim tug‘ipti», deb o‘ylaydi. U kechqurun o‘rtoqlari bilan birga uyiga boradi. Shunda ma’lum bo‘ladiki, Shoqosimning xotini emas, sigiri tuqqan ekan.
Xo‘sh, nima bo‘lipti? Yozuvchi asar yozganida kitobxonga aytadigan zarur gapi — dardi bo‘ladi. «Sevinchi»ni yozishda yozuvchiga nima ilhom bergan? O‘quvchi Shoqosimni telba bir odam deb o‘ylashi mumkin, chunki:
1. Singlisi «tug‘ib qo‘ydi» deganda xotini tuqqaniga amin bo‘lib, singlisiga suyunchi beradi, lekin go‘r og‘zidan qaytgan xotini haqida hech narsa so‘ramaydi;
2. Tezda uyiga borish o‘rniga idorada har kimga murojaat qilib, o‘g‘liga nom qo‘yish haqida maslahat so‘rab yuradi va shu bilan kunni kech qiladi;
3. Kechqurun uyiga o‘rtoqlarini ergashtirib boradi va shunda ham kirib, xotinini, bolasini ko‘rmaydi; o‘rtoqlari bilan o‘tirib singlisiga «chaqaloqni» olib chiq, deb buyuradi.
Shunday odam telba emasmi? Demak, hikoyadan: «Olamda shunday telbalar ham bor», degan ma’no chiqishi kerak. Avtor shunday demoqchimi? Yo‘q, avtor buni xayoliga ham keltirgan emas. Bo‘lmasa nima demoqchi? Hech narsa demoqchi emas. Yozuvchi hech qanday maqsadni o‘z oldiga qo‘ygan emas, hikoya so‘z bo‘tqasidan iborat.
«Tez yordam» hikoyasida ham hech bir ma’no yo‘q. Shu Shoqosimmi, yo boshqa bir Shoqosimmi, to‘lg‘oq tutib yotgan xotiniga «Tez yordam» mashinasini chaqirmoqchi bo‘ladi. Telefonda anglashilmovchilik bo‘lib, «Tez yordam» o‘rniga o‘t o‘chirish komandasi keladi. Buning ma’nosi nima?
«Bezovta» hikoyasida bir piyanista yoyib qo‘yilgan ko‘ylakni kechasi o‘g‘ri gumon qilib, tosh otadi, o‘g‘ri emas, ko‘ylak ekanini bilgandan keyin xotirjam bo‘ladi. Shunga o‘xshagan bir latifa bor. Afandi kechasi uyg‘onib qarasa, hovlida birov turganga o‘xshaydi. Afandi uni o‘g‘ri gumon qilib, miltiq bilan otadi; keyin bilsa, o‘zining ko‘ylagi ekan. Shunda: «Xayriyat ichida o‘zim yo‘q ekanman, bo‘lmasa o‘lar edim», deb xudoga shukur qiladi. Shunday chuqur ma’noli latifa yozuvchining qo‘lida hikoyaga aylanib, hech-puch bo‘lib qoladi.
«Daydi oshiq» ham hech qanday qimmatga ega emas, unda ham avtor nima demoqchi ekanini o‘zi bilmaydi.
Egamberdi degan bir kishini xotini paranji yopinib poylaydi, Egamberdi bilmasdan o‘z xotiniga muhabbat izhor qiladi, xotini yuzini ochib o‘zini tanitganda garang bo‘lib qoladi. Bu hikoyaning ma’nosi shu bo‘lishi mumkin: xotinini aldab boshqalar bilan o‘ynamoq har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi.
Agar avtorga hikoyangdan shunday ma’no chiqadi desangiz, sochini yuladi. Endi bu yog‘iga e’tibor qiling: Egamberdi paranjili xotin bilan shuncha gaplashib, shuncha muomala qilib, o‘z xotini ekanini bilmaydi! Bu Egamberdining emas, yozuvchining go‘lligi — kitobxon har narsaga ishonaveradi deb o‘ylaydi!
Biz bu hikoyalarni «bema’ni», «so‘z bo‘tqasi» deyayotibmiz. Qo‘liga endi qalam olgan kishiga bu gaplar, albatta, og‘irlik qiladi. Lekin shuni e’tiborga olish kerakki, Saidahmad yozuvchi sifatida yosh; o‘zi go‘dak emas! Uning hikoyasida bo‘lgan «adabiy» kamchiliklarni yoshligi tufayli kechirish mumkin, lekin adabiy tajribasizlikka bog‘liq bo‘lmagan kamchiliklarni kechirmaslik kerak. Yozuvchilik yetti uxlab tushiga kirmagan bir kolxozchi ham biron o‘rtog‘iga xat yozmoqchi bo‘lsa, qo‘liga qalam olmasdan burun xatda nima demoqchi ekanini aniqlab oladi, «umuman xat» yozmaydi. Shunday bo‘lgandan keyin yozuvchilikka intilgan, kitob chiqarishga jur’at qilgan Saidahmad nega nima demoqchi ekanini aniqlamasdan hikoya yozadi? Shu adabiy tajribasizlikdan, «yosh»likdan kelib chiqqan narsami? Hech! Mas’uliyatsizlikdan kelib chiqqan. Boshqa sohalarda, masalan, yosh doktor, yosh ximik, yosh injener o‘zini shunday tutsa, nima bo‘lar edi?..
Saidahmad qo‘liga tambur olipti, qulog‘ini burashiga, parda bosishiga, chertishiga qaraganda tuzuk bir mashq chalaoladiganga o‘xshaydi, lekin hali mashq chalgani yo‘q, «Tortiq»dagi hamma hikoyalar shuni ko‘rsatadi. Tamburni qo‘lga olib, sozlashdan murod mashq chalish ekanini esdan chiqarmasa bo‘lgani!
1940 yil.