OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Gap aruzda emas (1946)

Aruz vaznining adabiyotimizda qaytadan jonlanishi ko‘proq Navoiy yubileyiga tayyorlik ko‘ra boshlagan kunlarimizdan boshlandi. Jindakkina tab’i nazmi bo‘lib, aruzda o‘zicha mashq qilib yurgan birmuncha kishilar ham shu yubiley munosabati bilan adabiyotga yaqinroq kelib, matbuotda aruz vaznidagi bir-ikkita she’r — nazmi bilan ko‘rina boshladi. Har bir unutilgan narsa yangilik bo‘lib bosh ko‘taradi. Aruz ham adabiyotimizda qariyb unutilgan bir vazn bo‘lgani uchun ko‘pdan she’r yozib yurgan shoirlarimiz ham aruzda bitta-ikkita mashq qilib qo‘yishdi. Faqat mashq qilishdi, xolos.

Biroq bizning aruzga bo‘lgan to‘g‘ri munosabatimiz aruzda yozadigan shoirlarga va ularning mahsulotiga bo‘lgan noto‘g‘ri munosabatimiz orqasida yomon natija berdi.

Biz aruzda yozadigan shoirlarni nima uchundir ayrim o‘ringa — imtiyoz talab qiladigan ojiz, notavon odamlar o‘rniga qo‘ydik. Nima uchundir har bir qalam ushlagan kishi uchun shart bo‘lgan siyosiy umumiy madaniy saviya bular uchun shart emas, deganday bir qarash paydo bo‘lib qoldi. Barmoq vaznida yozadigan shoir agar hozirgi fanga xilof, anchayin bir gapni gapirib qo‘ysa, uni taxtakachga tortamiz, lekin aruz vaznida yozadigan shoir, «sher yigit, bo‘ldi sipar yetti qavat osmon senga...» desa, indamaymiz, ma’zur ko‘ramiz.

Barmoq vaznida yozadigan shoirning biron satri darrov anglashila qolmasa, ostiga yuz martaba chizib, yetmish ikkita savol qo‘yamiz, lekin aruz vaznida yozadigan shoir:

«Kel-e, quyosh, urishtir jahon piyolasini,
Jahon piyolasi bilan shu jon piyolasini»,

desa, bundan ma’no talab qilmaymiz.

Mana shuning orqasida aruz vazni istagan odam istagan noma’qulchilikni bemalol qilaveradigan bir maydon bo‘lib qoldi. Mana shuning orqasida aruz adabiyotimizga ko‘proq puch, g‘oyasiz, ba’zan palid narsalar oqib kiradigan tarnovga aylanib qoldi, tilimizning qonuni taraqqiyot yo‘liga g‘ov bo‘lib, reaktsion rol o‘ynaydigan, yosh qalamkashlarimizga yomon ta’sir qilib, ularning to‘g‘ri yo‘ldan borishiga, o‘z ustida ishlashiga xalal beradigan, aksari ularning diqqatini zamonaning muhim voqealari, kunning muhim vazifalaridan chetga tortadigan bir narsa bo‘lib qoldi. Buni yoshlarning aruz vaznida yozilgan juda ko‘p she’rlarida ko‘rish mumkin.

Bu kungacha aruz vaznida yozilgan she’rlarning juda ko‘pi muhabbat to‘g‘risida. Lekin bularning hammasi deyarli erkak jonivorning urg‘ochi jonivorni yo‘qlab chiqargan tovushidan farq qilmaydi. Bu she’rlarda insonga xos olijanob tuyg‘udan asar ham topolmaysiz. Nainki muhabbat to‘g‘risida yozish «yaxshi ko‘raman» degan so‘zni ming xil aytishdan, ma’shuqaning tashqi ko‘rinishini ming, martaba ishlatilgan iboralar bilan ta’rif qilaverishdan iborat bo‘lsa! Bu she’rlarning eng yaxshilari Muqimiy davri adabiyotimizning eng zaif, g‘oyat mazmunsiz, o‘taketgan shablon namunalariga ko‘r-ko‘rona taqlid qilish, shularga qul bo‘lishdan iborat!

Qani haqiqiy muhabbat, olijanob tuyg‘uning tarkibi bo‘lgan o‘zaro mehr-oqibat, har qanday o‘tga bardosh beradigan sadoqat, sof qalb, samimiyat, fidokorlik, tenglik?! Qani zamon qizlari, zamon yigitlarining olijanob qalbi, tuyg‘usi?

Besh yil yorning dardu firoqida kuyib shu dardu firoq alangasidan bir o‘zi uchungina emas, qancha xalqlar uchun baxt-saodat yaratgan oshiqlar qani? Qani ularning yuragi? Qani muhabbat to‘g‘risida bular aytgan yangi gap? Nainki shular ham faqat: «Sarvu xiromonimni sog‘indim», degan bo‘lsa!

Men Sobir Abdullaning «Sharq yulduzi» jurnalida bosilib chiqqan muhabbat mavzuida yozilgan she’riga o‘rtoqlarning diqqatini jalb qilaman:

Kelib gulzorima parvo qilib ket,
Chamanni husninga shaydo qilib ket.
Ochib lab g‘unchalar bag‘rini dog‘lab,
Bu gulshan qushlarin go‘yo qilib ket.
Berib ko‘p va’dani noz etma kelmay,
Kelib bir, mayli, istig‘no qilib ket.
Raqiblar ta’nasi og‘zim ochirmas,
Kelib tanho tilim burro qilib ket.
Shu kun kelganliging boqqa nishonlab,
Vafo gulzorini tug‘ro qilib ket.
Kezib bog‘imda qil sayru tomosha,
Dilingda bo‘lsa mehru ifsho qilib ket.
Bu ko‘ngil torini chertarda, e soz,
Shinam suhbat qurib yallo qilib ket.
Sochib mushkingni Sobir gulshaniga,
Kelib gulzorimga parvo qilib ket.

Agar men bu she’rni Sobir yoriga yozgan emas, buni bundan ellik yil muqaddam bir mullavachcha yozgan, deb da’vo qilsam, Sobir mening da’vomni rad qiladigan bironta dalil ko‘rsata olarmikan? Men da’vomni isbot qilish uchun bir emas, ikkita dalil ko‘rsataman:

1. She’rning tili bundan ellik yil burungi til.

2. She’rning biron joyida ham gap xotin kishi to‘g‘risida ketayotganiga ishora yo‘q.

Xo‘sh, shu ikki dalilni bekor qilish uchun Sobir qaiday dalillar ko‘rsata olarkan?

Bu— muhabbat mavzuida yozilgan, hozir ham yozilayotgan she’rlarning bir xili. Ikkinchi xili ham bor. Bular «yupqa tomoqlaringdan» seriyasidan bo‘lib, odatda bosgani berilmaydi. Bu narsalarni bosish ayb ekanini shu xildagi shoirlarning o‘zlari ham bilishadi. Bu narsalarni ko‘pincha zotan, iste’dodi yo‘q, tomoshabinni san’ati bilan qoyil qilolmaydigan artist va artistkalar repertuar qilishadi. Ba’zan o‘zlari zakaz qilishadi, zakaz qilganda ham «qichiqroq bo‘lsin» deyishadi. Keyin, oilaviy o‘tirishlarda ham aytib bo‘lmaydigan «qichiq» she’rlar sahnaga chiqadi, o‘z qadrini bilmagan, izzat-nafsini biron bezorining qiyqirig‘iga alishtiradigan bu sho‘rlik «san’atkor» shoirdan juda mamnun bo‘ladi, uni eng zo‘r shoir deb biladi.

Bu xildagi qabih narsalarning —«Islovot adabiyoti»ning tarqalishiga ba’zan «melodist-kompozitor» deb atalgan xaridorlar ham sabab bo‘lishadi.

Bularni nazorat qiladigan idoralar shu qadar beparvo bo‘lishdiki, qari ashulachilarimizdan biri «sayilga javob bo‘ldi shekilli» deb bir kuni radiodan

«Ako qadrin uko bilmas,
Soqol-mo‘ylov chiqmaguncha»,

deb ashula qildi.

Ba’zan odamlar, eski shoirlarning she’ri, klassiklarning she’rlari xalq adabiyoti deb ko‘p narsalarga e’tibor qilishmaydi. Shuni ko‘zda tutish kerakki, o‘sha klassiklarda «Rixlat qilolmay dog‘man» yoki xalq adabiyotpda «shalpar ishton» qabilidagi narsa ham ko‘pki, bularni sahnaga chiqarish sira mumkin emas!

Haqiqiy shoir chuqur, ta’sirli so‘zi, haqiqiy san’atkor artist san’ati bilan olqish olishi kerak.

Hozirgi aruz vaznida yozilgan she’rlarning ko‘p qismini mana shu xildagi muhabbat to‘g‘risida yozilgan she’rlar tashkil qilsa, yana bir qismini mavzusiz, maqsadsiz yozilgan butaforiya she’rlar tashkil qiladi. Bular uzoqdan qaraganda she’rga o‘xshaydi. Lekin tepasiga kelsangiz, hech narsa emas. Mutlaqo hech narsa emas. Lekin bir narsani ko‘rsatadi: bu xildagi she’rlarni yozadigan shoir she’r yozish majburiyati ostida qolipti-yu, ammo nima to‘g‘rida yozishni, nima deyishini bilmaydi. Ya’ni fikri yo‘q. Shunda shoir aruzning muzikasi, u talab qiladigan, lekin, kitobxon omma tushunmaydigan arab-fors so‘zlaridan bir nima yasaydi. Men bu xildagi she’rlarni sarlavhasidan taniyman. Odatda, sarlavha yozilgan narsaning nima to‘g‘rida ekanini bevosita yoki bilvosita ko‘rsatib turadi. Hech qanday ma’no, hech qanday fikr bo‘lmagan she’rga nima deb sarlavha qo‘yish mumkin? Eshagiga yarasha to‘qimi — masalan, «Vafosiz gulni oz ekdim» deb sarlavha qo‘ysa bo‘ladi. Shu sarlavhada ma’no bormi?

Muallif shu sarlavhani qo‘ygan vaqtida shu jumlaning o‘z ma’nosini ko‘zda tutganmikan yoki biron boshqa narsaga ishora qilganmikan? Agar o‘z ma’nosida bo‘lsa hech qanday ma’no yo‘q. Gulning vafoli va vafosizi, uni inson oz yoki ko‘p ekishi mixlab qo‘ysa ham yopishmaydigan gap. Agar buning ko‘chma ma’nosi bo‘lsa, biron narsaga ishora desa, nimaga ishora bo‘lishi mumkin? Bunga she’rning o‘zidan javob topib bo‘lmaydi.

Bu yil bog‘imga bemehru vafosiz gulni oz ekdim,
Vafoli do‘stlar poyiga men bog‘ni niyoz ekdim.
Vafosiz bo‘lsa qay gul tuxmini ko‘ngildan irg‘itdim,
Qadimni tikladim andog‘ki, bog‘ga sarv noz ekdim,
Tabassum etsa ming g‘uncha vafosiz bo‘lsa kech, Sobir,
Tomosha qil, ariqlar bo‘yiga tojixo‘roz ekdim.

Do‘st, deydigan odam yo‘q!

O‘zi nima gap? Bu she’rmi, isitmasi baland bemorning alahlashimi?

Issig‘ida Sobirning «Sharq yulduzi»da bosilgan yana bir she’rini o‘qib beray:

Charos qildim(?)

Qachonkim gul yuzingni dilbaro ko‘rmak havas qildim,
Chamanda andalibdek o‘zni men sohib nafas qildim(?)
Deding: chin oshiq o‘lsang, o‘zgadan ishqingni tut pinhon,
Asiring o‘ldimu ishqingga ko‘nglimni qafas qildim.
Deding: ko‘z yum bo‘lakdin, o‘zgaga hargiz nazar solma,
Bo‘lakka boqmadim, har kimga maylim bo‘lsa bas qildim.
Kezib boshimda Sobir ul charos ko‘zlar xayolida,
Qoraydi boqishimdan, bor uzumlarni charos qildim.

Bu gaplar aytadigan hech gapi, ilhomlanadigan hech narsasi, tashviq qiladigan hech qanday fikri yo‘q, lekin nima uchundir she’r yozishga majbur bo‘lib qolgan kishining chuldirashi xolos.

Aruzda muhabbat mavzuidan boshqa mavzularda, ma’lum maqsadni ko‘zda tutib yozilgan she’rlar ham bor. Masalan, Sobirning «Vatanga muhabbat» degan she’rini ko‘rsatish mumkin. Lekin shoir shunda ham qolipdan chiqolmaydi, yangi til, yangi ta’bir, badiiy vosita topolmaydi:

Vatan dilbarim guluzorim mening,
Nadur guluzor, iftixorim mening.
Bu o‘lkam chaman, keng eram, bo‘ston,
Yozay, Sobirning, madhidan doston.

Bundan tashqari bu xildagi she’rlarni o‘rtacha emas, hatto yuqori saviyali kitobxon ham lug‘at ko‘rmasdan o‘qiyolmaydi. Masalan: ra’d, tug‘ro, mizrob, g‘oza, gul-fom, og‘oz, g‘izo, gumbazi davvor...

Men aruz vaznida yozilgan o‘n olti yo‘llik she’rni, barmoq vaznida yozilgan 16 yo‘llik bir she’rga solishtirib ko‘rdim. Har ikkisi ham muhabbat mavzuida yozilgan.

ARAB-FORS SO‘ZLARI

Shoir Ashirmatda 2,35 protsent

Sobir Abdullada 36 protsent

INTERNATSIONAL SO‘ZLAR

Shoir Ashirmatda 1,26 protsent

Ashirmat ishlatgan arab-fors so‘zlari o‘zlashib ketgan, hozirgi kitobxon so‘zlarning arab-fors so‘zlari ekanini hatto bilmasligi mumkin. Shuning uchun o‘n olti satrning hammasini o‘quvchi bemalol tushunadi. Sobir Abdulla ishlatgan arab-fors so‘zlarining ko‘pchiligi xalq mutlaqo ishlatmaydigan, hatto tayyorligi bor kitobxonni ham lug‘at ko‘rishga majbur qiladigan so‘z, shuning uchun bu o‘n olti satrdan 7 satrini kitobxon tushunmaydi.

Sovet davrida o‘sgan, sovet maktabida o‘qigan, sovet yozuvchisi deb atalgan shoirni nima uchun sovet kitobxoni lug‘atsiz o‘qiyolmaydi? Sovet yozuvchisi asarni kimga deb yozadi? Jahon adabiyoti klassiklarining eng mashhur asarlarini butun ma’nosi, go‘zalligi bilan tarjima qilishga yaragan o‘zbek adabiy tili nainki Sobirning anchayin fikrlarini, sira ham murakkab bo‘lmagan tuyg‘usini ifoda qilishdan ojiz bo‘lsa? O‘zbek tilida yaxshi fikr va tuyg‘ularni ifoda qilib bo‘lmaydi, degan nazariyani Navoiy bundan besh yuz yil burun tor-mor qilgan?

Menimcha, Sobirdagi bu mayl aruzning talabidan kelib chiqqan emas. Buning sababini faqat o‘zi biladi, bizga o‘zi tushuntiradi.

Eski arab alifbesi bilan birga o‘lib ketgan, o‘zbek tilining xususiyati ko‘zda tutilib tuzilgan yangi o‘zbek alifbesi va til qoidasida kulgi chiqadigan mana bu xildagi uslubni qayta tiriltirishga urinishdan maqsad nima?

«Yer sahniga sochilgan g‘alla javohirlarkim, xirmon-xirmon ombor xazinasiga to‘plangani va xazina to‘lmoqi bilan yer xalqi to‘qlangoni; muloyim paxtalarkim, ishlamoq bilan iyaklangoni va nafis ipaklarikim, to‘qimoq bila ko‘ngillarga tilaklagoni va yumshoq qorako‘l barralarikim, o‘z-o‘zidan gajaklangoni va rang-barang kon ma’dalarikim, ochilmoq bila O‘zbekiston boyligi yuksaklangoni...»

Men aruz to‘g‘risida gapirganimda jo‘rttaga Sobir Abdullani — hozirgi aruzning yirik namoyandasini oldim. Chunki bosh tuzalsa, oyoq tinim oladi. Boshqa shoir va shoirchalar to‘g‘risida gapirmoqchi emasman.

Hozirgi o‘zbek adabiyotidagi tizma so‘zning cho‘qqisi G‘afur G‘ulomning «Vaqt» degan she’ri, eng xashakisi bir artistimiz aruzda qilib yurgan mashqlaridir. G‘afur G‘ulom zo‘r professional shoiru artistni havaskor nozim deb hozirgi poeziyaning ikki nuqtasini belgilasak, demak, qolgan hamma professional shoirlardan tortib, havaskor nozimlargacha shu ikki nuqta orasida joy olishi kerak. Shunda Sobir Abdullani qaerga qo‘yamiz. G‘afurga yaqinroqmi, havaskor nozimga yaqinroqmi? Sobir qaerga qo‘yilsa, boshqa aruzchilar o‘shandan keyin qo‘yiladi. Bular orasida nozim artistimiz bilan joy talashadigan «mavlono»lar ham bor.

Biz aruzchilar oldiga qanday talablar qo‘yamiz?

1. Shoir aruzdan uning muzikasi, u talab qiladigan arab-fors so‘zlari ostiga o‘zining fikri qashshoqligini yashirish uchun foydalanmasligi kerak. Biz bulardan g‘oyaviylik talab qilamiz.

2. Bular qaysi mavzuda yozishmasin, she’rda originallik bo‘lishi zarur. Shoir badiiy vositalar yaratishi, izlanishi, tayyor shablonlardan mutlaqo foydalanmasligi kerak.

3. Shoir muhabbat mavzuini pastlashtirib, olijanob tuyg‘uni qabihlashtirmasligi kerak.

4. Aruz vaznida yozadigan shoir hozirgi o‘zbek adabiy tilining tabiiy, qonuniy taraqqiyoti yo‘liga g‘ov bo‘lmasligi, hozirgi adabiy tilimizning hamma qonun-qoidalariga bo‘ysunishi kerak. Aruz vaznida yozadigan shoir vazn yo boshqa mulohazani ko‘zda tutib, hozirgi o‘zbek va internatsional so‘zlarni buzib ishlatishga haqqi yo‘q.

Masalan:

Osmon aerodromida ular urganda zang,
Bezatdi gulga ko‘mib bog‘ birla dalasini.

1946 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.