Navqiron chiroyli yigitning betidagi bitta-ikkita husnbuzar hech qanday og‘riq ham emas, kasallik ham, faqat husnni buzadi, shuning uchun husnbuzar deb ataladi.
Davrimiz alabiyoti mana shunday navqiron, chiroyli yigit. Uning ertaga yana ham barkamol bo‘lishi, husni yana ham to‘lishuvi turgan gap. Biroq uning barkamol bo‘lishi va to‘lishuviga ba’zan mayda-chuyda illatlar halal beradi, uning husnini buzadi. Bu illatlarga barham berish uchun turli tadbirlar qatorida «qatron qiluvchi tanqid»ni ham qo‘llash kerak.
Adabiyotdagi husnbuzarlar to‘g‘risida o‘ylashimga bir dilsiyohlik sabab bo‘ldi. Mening yaqin bir do‘stim, kolxoz raisi yanvar Plenumidan keyin el-yurt oldida sharmanda-yu sharmisor bo‘ldi. Rais davlatga sut topshirish planini muddatdan oldin ortig‘i bilan bajarish uchun magazindan sarig‘yog‘ sotib olib sut hisobiga topshiribdi. Bu sharmandalikning alamini rais bilan barobar men ham tortdim, desam lof urgan bulmayman. O‘ylab ko‘ring, o‘ttiz yillik rais! Paxtachilikda, katta va ko‘p tarmoqli xo‘jalikni boshqarishda o‘ttiz yillik tajriba egasi! Necha yillar qamish-qiyoq yoqib, sho‘r yalab, serni cho‘lning bag‘ridan qo‘li bilan yulib olib kolxozni respublikamizdagi ilg‘or kolxozlar qatoriga ko‘targan cho‘l qahramonlariga bosh bo‘lgan odam! Bu odam cho‘lga shon-shuhrat orttirib, yana o‘zining jannat aso qishlog‘iga qaytib ketish uchun emas, umrbod qolish, avlod-ajdodini ham shu yerning tubjoy xalqi qilish uchun kelgan, uy-joy qilgan, tomir yoygan!
Men ko‘p qatori bu odamga tan berganman, mehr qo‘yganman. Qolaversa, men «Shohi so‘zana»da Mavlon, «Sinchalak»da Arslonbek Qalandarov obrazlarini yaratishda ularning ayrim fazilatlarini shu odamdan olgan edim.
Endi shunday odam kelib-kelib yuzi qora bo‘lib o‘tirsa alam qilmaydimi, axir!
Rais bu qilmishining sababi o‘ziga bog‘liq emasligi, amalparast rahbarlar o‘zining qobiliyatsizligini soxta obro‘ bilan xaspo‘shlamoqchi bo‘lib, odamlarni jinoyatga yo‘llagani to‘g‘risida gapira ketdi-yu, yuzidagi dog‘ni vaj-taqal bilan yuva olishidan umid uzdi shekilli, birdan jim qoldi: xilladan keyin o‘ziga tasalli bergan va shu bilan birga mening ta’nalarimga javob bergan bo‘lib, do‘ng‘illadi: “Bu illat hamma joyda ham bor. Surishtirsangiz yozuvchilardan ham chiqib qoladi”, dedi.
Haq gap!
So‘z adabiyot to‘g‘risida ketayotgan edi.
Afsus, ming nadomatlar bo‘lsinki, ko‘zbo‘yamachilik hollari adabiyotda ham uyaraydi.
Bundan o‘n yil chamasi muqaddam bir hikoya o‘qigan edim.
Raisning xotini oshni damlab, erini kutadi. Pravlenie majlisi cho‘zilgan bo‘lsa kerak, yarim kecha ham bo‘libdiki, raisdan darak yo‘q. Xotin hovlidan og‘ir eshikni ochib uyga kiradi. Katta qandilning billur marjonlaridan quyilayotgan kamalakuning hamma rangi sayqal berilgan uy jihozlarida aks etib, afsonaviy bir manzara hosil bo‘lgan. Xotin tosh oynavandlik kitob javonidan chiroyli muqovali kattakon bir kitobni olib, bir oz o‘qigandan so‘ng royalning ustiga qo‘yadi-da, deraza oldiga keladi va og‘ir shohi pardani surib ko‘chaga qaraydi... Nihoyat rais saharga yaqin keladi, tosh oynalari yaraqlab qamashtirayotgan bufetdan bir shisha xo‘shbo‘y vinoni olib, bir ryumka ichadi-da, keyin ovqat yeydi va hokazo.
Raisning uyidagi og‘ir eshikdan tortib qandil, royal va xushbo‘y vinogacha hammasi muallifning didini, uslubini ko‘rsatadi va hammasi boshdan-oyoq uydirma. Muallifning didi va fahmiga ko‘ra “to‘q va farovon turmush” — shu. Afsuski, did va farosatda bundan qolishmaydigan yozuvchilar yana topiladi. Bu xildagi yozuvchilar qilmishlariga «nazariy» asos ham topishadi: «Odamlarimizning ertangi kunini ko‘rsatish kerak» emish!
Uydirmachilik boshqa, oldindan ko‘rish boshqa.
Ijtimoiy vazifasi yuksak va mashaqqatli bo‘lgan adabiyotni behuda moshchan hayotning xashaki suratkashiga aylantirish kerak emas.
Paxta ko‘p mehnat talab qiladigan ekin. Lekin hozirgi vaqtda terimdan boshqa hamma og‘ir mehnat to‘la ravishda mashinaning yelkasiga yuklangan. Terim qisman mashinalashgan bo‘lsa ham hanuz, asosan, ayollar bo‘ynidagi og‘ir mehnat bo‘lib kelyapti.
Mavsumda 20 tonnaga yetkazib paxta teradigan ayollarimiz bor. Bu qanchalik og‘ir mehnat ekanini tasavvur qilish uchun shuni bilish kifoya: bitta chanoqdagi paxtani 3-3,5 gramm hisoblasak, 20 tonna paxta terish uchun mavsumda 6-7 million chanoqqa qo‘l urish kerak.
6-7 million chanoqdagi paxtani olish uchun terimchi necha yuz ming marta o‘tirib-turadi, 20 tonna yukni bo‘yniga osib, necha yuz kilometr yo‘l bosadi? Mana shu zahmatkash bizning ba’zi asarlarimizda ashula aytib, «mehnat zavqini surib» hamisha kulib ishlaydi, tong qorong‘usigacha ishlangandan keyin kechqurun klubga borib lektsiya eshitadi, uyga kelib kitob o‘qiydi. Agar shundoq bo‘lsa, mashinaning keragi bo‘lmas edi-ku, degan fikr bunaqa yozuvchilarning xayoliga ham kelmaydi.
Shunaqa yozuvchilarni bir kungina o‘sha ayollarshshg o‘rniga ko‘yilsa, qalamlari boshqacha yurar edi...
Juda kam uchrasa ham, har qalay uchrab turadigan yana bir husnbuzar — yozuvchilar orasida adabiyotni kitobxon va tomoshabin ko‘zida beburd qiladigan yozuvchilar bo‘lishidir. Bulardan biri adabiyotga pul va shuhrat qidirib kirgan: biri yoshlikda sho‘xlik qilib «yozuvchilikka» yiqilganu, shu ko‘yicha yoshligini o‘tkazib yuborgan, hozir boshqa kasb-korga yaramaganligi uchun yozib-chizib, majlislarda «aql» va «siyosat» sotib yuradi: yana biri umrida bironta kitob o‘qigan emas. O‘qishdan ko‘ra yozishni osonroq deb bilgani uchun yozishga urinadi. «Ko‘r ko‘rni oydinda ko‘radi» deganday, bular bir-birini qo‘llaydi, bir-birini har bahona bilan maqtaydi, bir-birining asari to‘g‘risida yaxshi ovozlar tarqatadi. Bizdagi yuzxotirchilik esa bularga qulay sharoit tug‘diradi. Shunday qilib, hech kim ko‘rmagan, hech kim o‘qimagan asar hademay biron doklad yoki maqolaga kirib qoladi. Shu bilan muallifning qo‘liga hujjat berilgan bo‘ladi. Muallif hujjatni olib teatr, nashriyot yoki tahririyatning eshigini tabassum bilan ochib kiradi, tabassum ish bermasa, do‘qqa o‘tadi, do‘q ham qo‘l kelmasa, aptekalar boshqarmasidan bo‘lak idoraki bor, hammasiga shikoyat bilan boradi, hammasiga ariza beradi, natijada, ba’zan «asar» o‘tkazishga muvaffaq ham bo‘ladi.
Bunaqa «asar» haqida, muallifning baxtiga, tanqid sukut qiladi. Sukut tanqidning bir turi ekanini bilsa ham muallif bu haqida ranjimaydi. Kitob magazinlarning peshtaxtasida sarg‘ayib yotsa, sahnaga chiqar-chiqmas qazoga uchrasa, «yozuvchi» shovqin soladi, teatr kollektivini, kitob savdosi xodimlarini noshudlik, loqaydlik va uquvsizlikda ayblaydi. Bu toifa odamlar qobiliyatsizligini, nodonligini shovqin-suron va dag‘dag‘a bilan xastpo‘shlashga urinadi. Yozuvchilar orasiga nizo tushsa, har qanaqa nizoning otasi ham shular, onasi ham shular.
Ba’zi bir “husnbuzarlar” haqida kulmasdan gapirib bo‘lmaydi.
Karnay bor, surnay bor. Surnay san’atkor surnaychining qo‘lida hush sadolar beradi. Karnay har kimning qo‘lida ham quloqni qomatga keltiradi, xolos.
Nasriddin afandi sozanda bo‘lgisi kelibdi, mashshoqlarga yo‘liqib, “meni to‘plaringga olinglar” debdi. Mashshoqlar: “qaysi sozni yaxshi chalasiz”, deb so‘rashgan ekan. Afandi: “sozlardan surnayni yaxshi puflayman-ku, lekin parda bosishga ojizman, buyog‘iga o‘zlaring qarashib yuborasizlar”, degan ekan. Yozuvchilar orasida ham yozuvchilik surnayini puflashga usta, lekin parda bosishga, ya’ni yozishga ojiz, bu ishda birovlarning “qarashib yuborishiga” ya’ni tahririga muhtoj “adabiy prorablar” bor. Puflash afandidan-u, parda bosish sozandadan bo‘lib chalinadigan mashq to‘g‘risida nima deyish mumkin bo‘lsa, yozish ishini tashkil qilish “yozuvchi”danu, “tahrir” ya’ni yozish “tahrirchi”, ya’ni boshqa yozuvchidan bo‘lib maydonga kelgan adabiy mahsulot to‘g‘risida ham shuni aytish mumkin. Faqat puflashni biladigan, lekin parda bosishga ojiz kishi surnaychi emas, harakat qilsa karnaychi bulishi mumkin, xolos.
Matbuot bu xildagi “adabiy prorablar”ga qarshi o‘q uzib turadi. O‘tgan yil satira jurnalimiz “Mushtum” ham o‘q uzdi.
“Prorab”ning kitobi bosilib chiqqan. Taqriz kutilmoqda. Prorab kitob yozib bergan yozuvchi bilan og‘iz-burun o‘pishib o‘tiribdi. Shu payt gazeta kelib qoladi. Gazetada mazkur kitob tor-mor qilingan bo‘ladi. Prorab yozuvchiga qarab o‘shqiradi: “Ahmoq, birovga kitob yozib berish qo‘lingdan kelsa yozib bergin-da!” deydi va uni uyidan haydab chiqaradi.
Yana bir misol. Moskvada bir mavzuda asar yozgan yozuvchilarning kengashi o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shu kengashga bir yozuvchi yuboriladigan bo‘lganda, birdaniga ikki kishi “Kitobni biz yozganmizu, kengashga u kishi boradimi?” deb da’vo bilan kelgan edi.
Hozir adabiyotimiz gulgun ochilib turgan bir vaqtda ko‘ngilni xira qiladigan shunaqa husnbuzarlar to‘g‘risida so‘z ochishning hojati bormidi? Menimcha hojati bor. Adabiyotimiz sog‘lom gul-gul ochilib turgani, bu husnbuzarlarni siqib tashlash zarur bo‘lgani uchun ham hojati bor. Bularni sitib tashlash bizning vazifamiz. Adabiyotimizning sofligi uchun kurash — asarlarimizning ta’sir kuchini oshirish, million-million kitobxonlarimizning qalbidan chuqurroq o‘rin olish uchun kurash demakdir.
«Literaturnaya gazeta», 1961 yil 22 avgust