OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Hayot hodisasidan badiiy to‘qimaga (1965)

Jo‘n narsalarni bilib olishga murakkab yo‘l bilan erishadi kishi.

Ko‘plar qatori men ham o‘z tajribalarim, shaxsiy taassurotlar adabiy asar uchun eng qimmatli material ekanini tushunib olgunimcha «yozuvchilik»da ko‘p sarson bo‘lganman. Buni bilib olganimdan keyin bolalik chog‘imda ko‘rganim odamlar, yoshligimda sodir bo‘lgaa voqea-hodisalar ko‘zimga boshqa tusda ko‘rindi. Vino chuqur yerto‘lalarda tingani singari o‘tmish — kishining xotirasida tinadi; kishining yoshlikda ko‘rgan-kechirganlari ko‘p yillik vino singari tiniq va kuchli bo‘ladi.

Mana shunday o‘tmishda ko‘rgan-kechirganlarim ko‘p hikoyalarim va yirik asarlarimdagi epizodlarga asos bo‘ldi.

«Bemor» degan hikoyamda tasvir etgan voqeaga o‘xshash hodisa taxminan 13- yilda o‘z boshimdan kechgan edi. Bu vaqtda men besh yashar edim. Biz Qo‘qonga yaqin Yaypan qishlog‘ida turar edik. Onam g‘ira-shira qorong‘i uyda to‘lg‘oq tutib yotar, ichkaridan uning ingragan, dodlagan tovushi eshitilar edi. Yaypan katta qishloq, lekin u vaqtda doktor, tibbiy yordam degan gaplar birovning tushiga ham kirgan emas, Bunday kezlarda qo‘ni-qo‘shnidan biron keksa ayol chaqirilar edi. Uning tajribali momo bo‘lishi ham shart emas, qariligining o‘zi kifoya edi.

Yaypanda qarindosh-urug‘imiz yo‘q. Dadam qo‘shni bir kampirni chaqirib keldi. Kampir kelib uyga kirib ketdi. Dadam ikkovimiz hovlida o‘tirdik. Ertalabdan beri tuz tatimagan edik. Qorong‘i tushdi. Meni uyqu bosdi.

Yonimda o‘tirgan dadam birdan o‘rnidan turdi. Ko‘zimnn ochdim. Tepamda boyagi qo‘shni kampir turar edi.

— Qalay?— dedi dadam hovliqib.

— Qiynalyapti bechora,— dedi kampir va bir oz jim qolganidan keyin menga ishora qildi.— O‘g‘lingizga ayting, ayasini duo qilsin, go‘dakning duosi ijobat bo‘ladi.

Dadam engashib mening qulog‘imga shivirladi.

— Xudoyo ayamga najot bergin, degin! Ayt!

Dadam juda tashvishmand edi. Men boshimni ko‘tardim. Osmon to‘la yulduz bo‘lsa ham, qop-qorong‘n edi. Yuragimni vahima bosdi. Dadam qistar edi. Yig‘lamsirab duo qildim.

Hikoyada voqea boshqacharoq. Bir xotin og‘ir dardga chalinib, uzoq yotib qoladi. Eri uni doktorga qaratgani qurbi yetmay, arzon haq oladigan mulla, tabib, qo‘shnidan najot kutadi, pirovardnda qo‘shni kampirning «Begunoh go‘dakning saharlari qilgan duosi ijobat bo‘ladi», degan maslahati bilan ish tutishga majbur bo‘ladi. U har kuni saharda to‘rt yashar qizchasini uyg‘otib duo o‘rgatardi. Bemor ayol og‘irlashib bir kuni sahar payti olamdan o‘tadi. Eri qizchasini o‘lik yonidan olib boshqa yoqqa yotqizayotganda qizcha uyg‘onadi, lekin ko‘zini ochmasdan odatdagicha duo qiladi: «Xudoyo ayamdi daydiga davo beygin...» deydi.

Sirtdan qaraganda hikoya boshimdan kechgan hodisaga uncha o‘xshamaydi. Haqiqatan bizning xonadonimizda bo‘lib o‘tgan bu voqea mohiyati e’tiboribilan o‘sha davr uchun oddiy bir hodisa edi. Uning butun fojiasi ham xuddi mana shunday qashshoq, jaholatda umr kechiradigan odam uchun oddiy voqea ekanligidadir. Biroq, gap faqat shundan iborat emas, insonning hayot-mamot holatini, uning nihoyatda og‘ir turmush sharoitidagi nochor ahvolini, o‘limga mahkum qilib qo‘yilganligini ko‘rsatish talab qilinar edi.

«Bemor» mening uchun harholda bolaligimdagi o‘sha taassurotlar bilan chambarchas bog‘langandir. Men bu gapni taassurotlarni «o‘z ichiga olganligi» uchungina emas, balki o‘sha taassurotlarga asoslanganligi uchun ham aytayotibman. Men faktni qayta bichib tikkanimda hayot haqiqatiga qarshi ish qilayotibman deb sira o‘ylagan emasman. Aksincha, hikoyada hayotni o‘shanday ko‘rsatib to‘g‘ri qilgan ekanman; besh yasharligimda ayamdan ajralib yetim qolishim o‘sha davr sharoitida hech gap emas ekan. Bu judolik natijasida yuz berishi mumkin bo‘lgan butun dahshatlarni va buning barcha oqibatlarini endi tushunib yetdim. Dahshatli manzaralarning chalasini tasavvur chizib berdi[1].

Mening otam temirchi edi. Bir joyda muqim turolmay, qishloqma-qishloq ko‘chib yurar edik. «Bemor»da tasvir etilgan voqeadan keyin ikki yil o‘tgach, Buvaydaga ko‘chdik. «Anor» degan hikoyam ana shu qishloqda ko‘rgan-kechirganlarimdan biri asosida vujudga kelgan. Hikoyada tasvir etilgan Turobjon bizga qo‘shni bo‘lib, uning asl oti Babar edi. Biron savodli kishi andijonlik buyuk lashkarboshi, ajoyib shoir Bobur Mirzoning xotirasi hurmati uchun unga shunday nom qo‘ygan bo‘lsa kerak. Biroq na Babarning o‘zi, na uning qo‘shnilari Hindistondek buyuk bir mamlakatni o‘ziga bo‘ysundirgan bu mashhur odam kimligi, qay vaqtda o‘tganini, ehtimol, hatto eshitmagandir. Babar mashhur avlodi Boburga o‘xshamaganidek, uning qisqa, cheksiz zabun, baxtsiz hayoti ham inson hayotiga o‘xshamas edi. Ehtimol, uning birdan-bir tolei, dunyoga kelib ko‘rgani yaxshi ko‘rgan qiziga uylanganligidir. «Anor»da uning ana shu eng quvonchli kunlari tasvir etilgan. Babarning qolgan umri qanday o‘tganini shundan qiyos qilsa bo‘ladi. Uning hayotidagi eng baxtli daqiqalarini ham yo‘qchilik tatitmagan: bechora boshqorong‘i xotiniga eng oddiy narsa — ikkitagina anor olib-bergani qurbi yetmaydi, chunki bir qadoq anor falon pul! Uning akasi bo‘lmasa, ukasi bo‘lmasa, o‘lib-tirilib ishlab bir oyga oladigani o‘n sakkiz tanga pul!

Turobjon xotinining ana shu arzimagan talabini ham qondirishga ojizligidan qiynaladi, alamidan: «boshqorong‘i bo‘l, evida bo‘l-da!» deydi. Uning bu gapi xotinining bag‘rini teshib ketadi, «Bu yer yutkur qanday balo ekan! Odamlarday, gulvataga, tuzga, kesakka boshqorong‘i bo‘lsam-chi!» deydi. Janjal bo‘ladi. Turobjon ko‘chaga chiqib ketadi va boyning bog‘iga tushib anor o‘g‘irlab keladi.

Menimcha, Turobjon bu ishni qilgani yo‘q, zotan, o‘g‘irlik qilish qo‘lidan keladimi! Lekin, yana pisanda qilaman, har nechuk bu voqeani ichimdan chiqarganim yo‘q. Mening onam ham boshqorong‘i bo‘lganini eslayman. Hikoyada aytilgan bog‘ esimda bor, bizning hovlidan ancha narida, Olim sarkor deganning bog‘i edi. Men bu boqqa sira kirgan emasman. Lekin xayolimda alomat bo‘lib gavdalanar edi. Garchi bog‘ning atrofi besh paxsa devor bilan o‘rab olingan, devorday ko‘kka bo‘y cho‘zgan teraklardan o‘zga hech narsa ko‘rinmasa ham, har xil anor, anvoyi shaftoli, o‘rik borligini bilar edim. Olim sarkor bog‘idagi uylarni ijaraga berar, unda ko‘k shapka kiygan rus injenerlari turar edi.

Mening bolalik va yoshlik yillarim katta-katta, og‘ir va shafqatsiz voqealar yuz berib turgan vaqtlarga to‘g‘ri keldi. Qishloqma-qishloq ko‘chib yurganimiz sababli, men ko‘pgina fojiali hodisalarni ko‘rganman, eshitganman.

Ana shunday hodisalardan biri 1916 yilda bo‘lsa kerak, Buvayda qishlog‘ida sodir bo‘lgan edi. Kuppa-kunduz kuni yuzboshi degan boyning uyiga bosqin bo‘ldi. Yuzboshining hovlisini o‘n ikkita mergan qo‘riqlaydi deb eshitgan edik. Bosqinchilar otgan o‘q ovozi, aytgan ashulalari eshitilib turar edi:

Oyda-yilda bir kelgan
Mehmonidan ayrilmasin...

Ertasiga eshitishimizga ko‘ra bosqinchilar uydan bir quti oltin topishibdi, uni hovliga olib chiqib, oyoq-qo‘li bog‘log‘liq yuzboshining oldiga qo‘yib, «Yeganing-cha ye, qolganini tashib ketamiz», deyishibdi. Yuzboshi tilladan yutolganicha yutibdi, yana bir necha donasini bosqinchilar zo‘rlab og‘ziga tiqishibdi, keyin yuzboshini jodida uch bo‘lib o‘ldirishibdi. O‘ligiga kerosin sepib o‘t qo‘yishibdi. Men buni «Qo‘shchinor chiroqlari»da eslaganman.

Boshqa bir voqea «Ko‘r ko‘zning ochilishi» degan hikoyamga asos bo‘lgan. Bu voqea bosmachilik davrida, o‘n to‘qqizinchi yillari Oqqo‘rg‘on qishlog‘ida sodir bo‘lgan edi. U paytda biz Buvaydadan o‘sha qishloqqa ko‘chib kelgan edik. Voqea qo‘rboshi qo‘ngan uyning hovlisida bo‘lib o‘tadi. Uning oti esimda yo‘q, uning Mahmud degan o‘g‘li bilan katta machitdagi maktabda birga o‘qir edik. Ularning hovlisi maktab bilan uyimiz o‘rtasida, shundoqqina yo‘l bo‘yida edi. 1953 yilda Oqqo‘rg‘onga bordim. Odamlardan Mahmudni surishtirdim. O‘ttizinchi yillarda bir jinoyati uchun otishga hukm qilingan ekan.

Haqiqatda bo‘lib o‘tgan o‘sha voqea hikoyada tasvirlangan voqeaga yaqin. Ahmad polvon bosmachilarning yirik bir odamini o‘ldirishda ayblanadi. Polvon kuchli va uddaburon kishi. U qiynoqda o‘lar holatga yetganiga qaramay, o‘lim oldida qo‘rboshining «dardini olish yo‘lini bilaman», deb jallodlarni ishontiradi, paytdan foydalanib yigitlarga qisqa, lekin alangali nutq so‘zlaydi va qo‘rboshining boshini tosh bilan majaqlaydi.

Bunda o‘zimdan bir oz qo‘shganman: aslida bo‘lgan voqea to‘liq va ta’sirli bo‘lsa ham, uning ma’nosini psixologik jihatdan ochib berish kerak edi. Ahmad polvon o‘z boshini o‘limdan xalos qilish uchun qahramonlik ko‘rsatdimi, yoki bu ishga uni boshqa kattaroq maqsad ham undadimi? Fikrimcha, hikoyada bu so‘roqqa to‘g‘ri javob topganman, shunga ko‘ra voqeani rivojlantirganman, to‘ldirganman: hikoyaning so‘nggi satrlarida yigitlar ikkiga bo‘linib, o‘zaro otishma boshlanadn.

«Bemor», «Anor», «Ko‘r ko‘zning ochilishi» bilan bir qatorda bir qancha boshqa ruhdagi hikoyalar ham yozganman. Bularni kundalik eng muhim hodisalarning hajviy «qiyofasi» deyish mumkin. Bularga qo‘l urganligimning sababi, hayotda shunga o‘xshash salbiy faktlarni ko‘p ko‘rganligim, bularning tipik ekanligiga ishonganligim bo‘ldi. Har qalay bunaqa satirik qiyofalarning deyarli hammasi muayyan prototipdan ko‘chirilgan, lekin, shu bilan birga, uni boshqa hayotiy personajlarning tegishli xislatlari bilan ham boyitganman.

«Adabiyot muallimi» hikoyasi yozilgunga qadar men juda ko‘p chalasavod adabiyot o‘qituvchilarini ko‘rganman. U vaqtlarda bunaqa o‘qituvchilar ko‘p uchrar edi. Rus va jahon klassiklari asarlarining tarjimasi juda oz, ko‘pchilik, xususan qishloqdagi kitobxon rus tilini chala bilar edi, ko‘p o‘qituvchilarning ma’lumoti yuzaki xrestomatiyalarda beriladigan parchalardan nari o‘tmas, buni ham ular imtihonni topshirib diplom olish zarur bo‘lganligi uchungina o‘qishar edi. Bunday odamlarning o‘z fanlarini bilmasliklarigina emas, hatto tushunmasliklariga ham taajjublanmasa bo‘ladi. Bir kuni qarindoshlarimizdan biri — adabiyot muallimi otpuskaga keldi; kechqurun teatrga bordi, sahnada tarjima pesa ketayotgan edi, spektaklni ko‘rib uyga juda xunob bo‘lib keldi: sahnadagilar hammasi o‘risu, o‘zbekcha gaplashadi!

Biroq hikoyaning yozilishiga Qurbon Beregin degan tanishim aytib bergan bir necha fakt turtki bo‘ldi. Beregin Markaziy qo‘mita apparatida ishlar edi. 1936 yili maktablarda adabiyot o‘qitilishini tekshirish uchun tuzilgan katta brigadaga bosh bo‘lib Samarqand oblastiga borgan edi. U aytib bergan faktlar haqiqatan ham kulgili edi. Darsda M. Gorkiyning «Ona» romanini o‘tgan bir o‘qituvchi hech esimdan chiqmaydi. Komissiya uning darsiga kiribdi. O‘qituvchi markazdan kelgan komissiyani qoyil qoldirish uchun rosa olib qochibdi, keyin shu darsda «Ona» romanini kim yozganligini bilmagani ochilib qolibdi. Beregin bu gapni menga kula-kula aytib berdi.

Tekshirish natijalari keng muhokama qilinishi kerak edi, biroq muhokama qilinmadi shekilli, hech bir gap eshitmadim va to‘plangan faktlarning bittasi ham matbuot qo‘liga tushmadi. Shundan keyin bu haqda hikoya yozgim kelib qoldi. Beregin aytib bergan o‘sha o‘qituvchi xayolimdan sira ketmas edi. Men uni darsdagina emas, uyida ham ko‘ra boshladim. Uning qiliqlari, intilishlari, adabiyotga qanchalik aloqador ekanligini ham tasavvur qildim. Hikoyaning kompozitsiyasi o‘z-o‘zidan qolipga tushib qoldi. Faqat Gorkiyning «Ona»si o‘rniga Chexovning «Uyqu istagi»ni oldim. Uning sababi, birinchidan, Chexov yaratgan obrazlar butun aql-hushimni chulg‘ab olganligi edi.

«San’atkor» hikoyasi ham bir nodon, chalasavod artist haqida yozilgan. Bu odam san’atkor bo‘lish uchun tovushi bo‘lsa bas, hatto sahnada turib, aytadigan so‘zlarning ma’nosi bilan ham ishi yo‘q. Madaniyat taratuvchilar va san’atkorlar orasida baxtga qarshi hozir ham uchrab turadigan bu toifa odamlar kishining g‘azabini keltiradi.

Hikoya o‘ttiz oltinchi yili yozilgan, lekin bu hikoya uchun «material bo‘lgan» odamni Qo‘qonda ekanimda ko‘rganman, ya’ni yigirma ikkinchi yildan beri bilar edim. U o‘z davrida nomi chiqqan ashulachi bo‘lib, o‘sha vaqtlarda qo‘qonlik ziyolilar bir necha marta kontsert uyushtirib, uni Italiyaga o‘qishga yuborish uchun pul to‘plashgan edi. U haqiqatan chet elga jo‘nab ketdi, biroq Italiyaga yetib borolmadi, Parijga borib tushgach, u yerdagi nozaninlarga mahliyo bo‘lib, o‘sha yerda qolib ketadi, bud-shudidan ajralgach, qaytib kelibdi.

U oddiy chalasavod ashulachi bo‘lib yetishdi, ashula aytganida ayrim so‘zlarni shunchalik buzib aytar ediki, ashulaning ta’sirli joyida odamning kulgisi qistar edi. San’atkor bir kuni ashula aytar ekan, «Labingdan bo‘sa oldim, ey shakar lab» deyish o‘rniga «Bo‘lsa olsam» deydi. Payqagan odamlar kulib qo‘yishadi.

Bir kuni ikkovimiz ko‘chada ketayotgan edik, san’atkor mendan so‘rab qoldi:

— O‘zingiz shunday yaxshi yozuvchisizu (mening biron satrimni o‘qigan emas albatta), nima uchun haligacha opera yozib tashlamadingiz?

Men o‘zimni tutolmay xaxolab kulib yubordim. San’atkor ranjidi. U xuddi mana shu yerda hikoya qahramoni bo‘lib ko‘z oldimda gavdalandi. Bu odam hajvchi uchun tayyor tipik material edi. Hikoyani boshqa shunga o‘xshagan odamlardan kuzatganim xislatlar bilan to‘latdim.

Shuni e’tirof qilishim kerakki, satirik hikoyaning yozilishiga turtki bo‘lgan fakt, hayot hodisasi o‘zicha satirik mazmunga ega bo‘lavermaydi. Hodisa shaklning yaralishiga turtki bo‘ladi, hikoya yozib chiqilgandan keyin, boshqa mazmunga kirishi mumkin. Bunday holatda gap yana shundaki, yozuvchi ongida ma’lum bir hayot hodisasining alomatlari to‘planadi; bu alomatlar obrazda gavdalanish uchun faqat muayyan sababga, muayyan shaxs yoki vaziyatning topilishiga qarab qoladi. Bunda yozuvchi tasavvurida shakllanib qolgan tipga bunday muayyan shaxs ichki tomondan qanchalik mos kelishining ahamiyati qolmaydi. Hodisaning mohiyatini yozuvchi belgilab olgandan keyin uni faqat ma’lum shaklga solish qoladi.

«O‘jar» hikoyasida mashhur o‘zbek artisti Mirshohid Miroqilovning uyida bo‘lib o‘tgan voqeani tasvirlaganman. Voqeaning ishtirokchilari Mirshohid, uning o‘n ikki yoshlar chamasidagi o‘g‘li va mening o‘zim. Sirasini aytganda voqea hikoyaning zamirida bo‘lgan ma’noga ega emas edi. Kuldirishga g‘oyat mohir bo‘lgan Mirshohid hikoyada ko‘rsatilganidek masxara darajasida «nodon»lik qilgani yo‘q, shu rolni «o‘ynagan», shu bilan mening xayolimni o‘sha vaqtda band qilib yurgan mavzuga shakl topib bergan edi. Yana bir hikoyaning tarixi.

O‘ttizinchi yillarda men Toshkentning O‘qchi mahallasida turar edim. Qo‘shnilarimiz orasida o‘larday ishyoqmas, takasaltang bitta odam bor edi. U qovoq-tumshug‘i soliq devday bir yigit edi. O‘sha mahallada shuncha turib birovga tom shuvashganini yoki g‘isht quyib berganini bir-ikki marta eshitganman, xolos. Bu odam umrida biron ish qilgan emas, birdan-bir ishi xotinini tergash edi. Kechqurun xotini ishdan qaytgan paytda u ham choyxonadan oshxo‘rlik qilib qaytib kelar edi-da, xotiniga bir og‘iz issiq gap yo‘q, g‘idi-bidi boshlar edi.

Uning xotini yosh, istarasi issiq, nozikkina bir ayol edi. Erining har xil ta’na-dashnomlari va siqiqlaridan o‘zi ishlaydigan bolalar bog‘chasiga paranji yopinib borib-kelar, har kuni yig‘lar edi.

Bu oila nima bo‘lganini bilmayman. Biz mahalladan ko‘chib ketdik.

O‘qchi mahallasidagi o‘sha odam «Jonfig‘on» hikoyasida tasvirlangan. Albatta, hikoyada odamlar ham, voqea ham boshqacha tasvir etilgan. Chunonchi, qo‘shnimning xotini hikoyamning qahramoniga sira o‘xshamaydi. Boshqa ko‘pgina tafsilotlar ham to‘qilgan. Qo‘shnim hech qachon xotinining ko‘ylaklarini yoqib yuborgan emas, yoqilguday ko‘ylaklari ham bo‘lmagan, uning ishlab topgan puli so‘laqmon erini boqishga uchma-uch yetgan. Tanqidchilar ijobiy va salbiy obrazlar orasida mutanosiblik yo‘q, Jonfng‘onga qaraganda uning xotini xiraroq chiqqan, Jonfig‘onga o‘z ta’sirini o‘tkazmaydi, holbuki hikoyani yozishdan maqsad shu g‘oyani oldinga surish, deyishdi. Bu e’tiroz to‘g‘ri bo‘lsa kerak. Bu kamchilikning sababi shuki, salbiy obrazni yaratishda menga materialni hayot bergan, ijobiy obrazni esa ko‘p jihatdan o‘zim «ijod» qilganman. Men hikoyani yozgan vaqtimda ijobiy obrazning hayotdagi nusxasi ko‘z oldimda turgan emas edi. Bunday nusxalarni men keyinchalik, «Sinchalak»ni yozganimda ko‘plab ko‘rgan edim.

Nazarimda, misol yetarli bo‘ldi. Siz hikoyalarimdagi ko‘pchilik voqealar, odamlar, hayotda ko‘rganim, bilganim fakt va odamlarga o‘xshab ketishini ko‘rib turibsiz. Lekin har bir yozilgan sahifaning «asli»ni o‘tmishdan qidirish kerakmas. Agar yozuvchilik turmushdan nusxa ko‘tarishdan iborat bo‘lsa, bundan oson ish bo‘lmas edi. Hayotdan aynan ko‘chirish, kitobdan ko‘chirishday gap. Kopiya kopiya bo‘lib qolaveradi. Bunday narsalardan originallik kutish behuda. Originallik hayot haqiqatini dildan o‘tkazish, unga ko‘ngildagi gaplarni singdirish, tilagingni qo‘shib ifodalash bilan yuzaga keladi. Badiiy haqiqatni vujudga keltiradigan mahalla komissiyasining «shunga ishoninglar», degan mazmundagi spravkasiga hojat qolmaydigan me’yor, fakt va uydirma me’yorini topishning mushkulligi ham xuddi mana shundadir.

Sirasini aytganda zamonaviy mavzuga qo‘l urgan yozuvchi hamma vaqt murakkab ahvolga tushib qoladi: kitobxonning bir qismi hayotda bunaqa narsalar bo‘lmaydi, deb turib olsa, ikkinchi qismi, aksincha yozuvchining o‘ylab chiqarishga haqi borligini sira ham tan olmaydi, barcha voqea va odamlarning «aslini» surishtiradi. «Boshsiz odam» degan hikoyam munosabati bilan sodir bo‘lgan, sirtdan qaraganda kulgili, mohiyatan jiddiy bir hodisa sira esimdan chiqmaydi. Erga zo‘rlab berilgan qiz va uning fojiali qismati to‘g‘risidagi bu hikoyani 1929 yilda yozganman. U vaqtda Qo‘qonda chiqadigan «Yangi Farg‘ona» gazetasida ishlar edim. Bu hikoyani u vaqtda, u kunlari yozishga nima turtki bo‘lganligi esimda yo‘q, lekin hikoyadagi voqea unda ko‘rsatilgan joyda va voqea hikoyada qanday tasvirlangan bo‘lsa, shunday sodir bo‘lgan emas; garchi ayrim epizodlar, jumladan, kasalxonadagi epizodni, ya’ni hikoya qahramonini uning eri ko‘rmoqchi bo‘lib kelganida doktorxona xodimlari haydab yuborishganini eslab qolgan bo‘lsam ham, haqiqiy faktlar tikiladigan kashtaga tag bo‘lgan, xolos. Xullas, men hikoya qilgan voqea asliga juda oz darajada o‘xshaydi. Hikoya «Yer yuzi» jurnalida bosilib chiqdi. Shundan keynn ko‘p o‘tmay prokuraturadan chaqiruv qog‘ozi oldim.

Prokuror meni sovuq qarshi oldi, hikoyani yozgan men ekanligimga ishongach, boshimga ta’na-dashnom yog‘dira ketdi.

— Yozuvchilar hammasi qo‘rqoq bo‘ladi!..— dedi.

Prokuror men tasvirlagan faktlarni tekshiribdi.

Buni qarangki, hikoyadagi faktlar to‘g‘ri, lekin nomlar uydirma bo‘lib chiqibdi. Qo‘qonda bunaqa odamlar topilmabdi. Ishni tekshirib, jinoyatchini jazolash mumkin bo‘lsin uchun men odamlarni o‘z nomlari bilan atashga jur’at qilolmagan emishman. Prokurorga gap uqtirolmadim.

Bu hodisadan o‘z vaqtida «Sarob» romanida foydalangan edim.

Ehtimol, bu hodisa unchalik ham tasodifiy emasdir.

Mei hammasi bo‘lib saksonga yaqin hikoya yozganman, lekin 1957 yilda chiqqan tanlangan asarlarim to‘plamiga shulardan faqat 26 tasini kirgizishni loyiq ko‘rdim, xolos. To‘plamga kirmagan hikoyalarimning bir qismi yozuvchilik faoliyatimning dastlabki davrida yozilgan, usta ko‘rmagan shogirdning mashqlari, bir qismi o‘zimga bog‘liq va bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra bo‘sh, juda bo‘sh chiqqan bo‘ldi. «Boshsiz odam» bundan mustasno. Chunki hikoyada men obraz yaratishga intilganman va bunga ma’lum darajada erishganman. Shuning uchun dastlabki hikoyalarimdan to‘plamga shuni kirgizdim.

1936 yilda men dovon oshdim.

Bu yil mening uchun Chexov bilan tanishish yili bo‘ldi. Bungacha Chexovni birovlardan eshitgan, «Mujiklar»dan boshqa hech narsasini o‘qimagan, uni ham rus tili o‘qituvchisining yordami bilan o‘qigan edim. 1936 yilda Moskvadan Chexovning 22 tomlik asarlar to‘plamini olib keldim, olib keldimu, mukka tushib o‘qishga kirishdim. Chexov menga ashyo va hodisalarga qarab, ularni qanday ko‘rishni o‘rgatdi. Ilgari go‘yo olamga xira ko‘zoynak orqali qaragan ekanman. Endilikda bu ko‘zoynak tiniq, beg‘ubor bo‘ldi-yu, hayotni ravshan, hamma narsani o‘z rangida, ilgari chaplashib yotgan ikir-chikirni aniq ko‘ra boshladim. Hayot hodisalari, odam xarakterining zamiridagi ma’noni payqaydigan bo‘ldim. Voqelik murakkab bo‘lib, yozuvchi uni tarkiblarga ajratishi, ya’ni tahlil qilishi, shundan keyingina qog‘ozda qayta tiklashi kerakligini angladim. Shunday qilinganda voqelikda ko‘zga juda muhim bo‘lib ko‘ringan ko‘p narsalar qog‘ozga tushganda ortiqcha bo‘lib qolishi mumkin.

«O‘g‘ri» degan hikoyam 1936 yilda, xuddi Chexov asarlarini shimirib yurgan vaqtlarimda yozilgan. Hikoya bolaligimda ko‘rgan va tuyganlarimga bag‘ishlangan. Ammo bu hikoyani yozishda «Anor»dagi Babar, «Bemor»dagi ona xizmatini o‘tagan odamni ko‘rgan, shunga o‘xshash biron voqeaning shohidi bo‘lgan emasman. Xotiram va qo‘yin daftarim yordam bergan bo‘lsa bordir, lekin bu kartinani men tasavvur qilganman, o‘ylab chiqmaganman. Ammo hamma gap shundaki, xotiram yoki qo‘yin daftarim bu yerda menga xuddi shu detallarni eslatdi. Shu detallardan xarakter unib chiqdi. Prozada detallarning ahamiyati va imkoniyati to‘g‘risida Chexovning menga bergan saboqlaridan biri ham shu edi.

Kunlardan bir kuni yon daftarimga xalqning hazil-mutoyibalardan «Yo‘qolmasdan ilgari bormidi», degan iborani yozib qo‘ygan edim. Beg‘araz hazil tarzida aytiladigan bu iborani amin ho‘kizi yo‘qolib arzga kelgan mo‘ysafid dehqonga aytganda, hech kutilmagan darajada o‘tkir va chuqur ma’no kasb etdi, mening ixtiyorimdan tashqari ijtimoiy kuchga ega bo‘ldi, ayni, choqda shaxs xarakterini ochib yubordi.

Bu hikoyani men boshdan-oyoq detallar, xarakterli savol-javob asosiga qurdim. Bir vaqt qarasam aslida yo‘q keksa dehqon ham, uni kalaka qiluvchi amaldor ham voqelikdan ko‘chirib yozgan ilgarigi qahramonlarimga qaraganda jonliroq chiqibdi. Buni ko‘rib hayron bo‘ldim va suyunib ketdim.

Bu hol menga yangi yo‘llarni ko‘rsatib berdi, chunonchi, ma’lum darajada hozirgi davr ijtimoiy buyurtmasiga binoan «Bolsheviklar» hikoyasini yozishga jur’at etdim.

Lekin Chexov ta’sirining o‘ziga xos xavfli tomoni ham bor.

Bu ajoyib san’atkor shunday badiiy kashfiyotlar qilganki, adabiyot sohasida ishlovchi kishi bularni hisobga olmasligi mumkin emas. Biroq ko‘pincha bularni uning individual uslubiy yutuqlaridan uchratish mushkul, buning ustiga Chexov obrazlari shunchalik jo‘n, ishonarli, uning kuzatishlari shunchalik puxtaki, kishini mahliyo qilib qo‘yadi, ularni turmushda o‘z ko‘zing bilan ko‘rganday bo‘laverasan.

1938 yilda yozilgan «Millatchilar» nomli hikoyamda original yo‘l topdim deb o‘ylab edim. Ikki kishi — biri jaridaning noshiri, ikkinchisi shoiri — kulishib, chaqchaqlashib borar edi, banogoh kattakon temir darvoza ostida cho‘zilib yotgan xirsday it boshini ko‘tarib ikkoviga irillaydi. Ikkovi itdan zo‘rg‘a qochib qutuladi-yu, uning egasi boyga har qaysisi o‘zining yaqinroq ekanini it vositasida isbotlamoqchi bo‘ladi.

Asar bosilib chiqqandan keyingina bu it Chexovning iti ekanini payqadim. («Buqalumun» hikoyasini eslang.)

Bunday hol rus, ingliz, chex va dunyodagi boshqa tillarda yozgan yozuvchilarda ham bo‘lgan-ku, deb o‘zimga tasalli berdim.

Mening yoshimda kishi bir gapga tushib ketgandan keyin to‘xtatish qiyin. Yana ko‘p narsalarni eslashim mumkin, lekin shuning o‘zi kifoyadir.

Men asarlarimni qayta-qayta o‘ylaganman. Ba’zilarini ikki-uch marta qayta bichib-tikkanman, har safar yo‘l qo‘yilgan xatolarning ipidan-ignasigacha tekshirib ko‘rganman. Shunday bo‘lsa ham hozir birov mendan yozuvchilikda senga nima xalal bergan va nima ko‘maklashgan, ya’ni qandoq yozish kerak va qanday yozmaslik kerak, deb so‘rasa javob berishga qiynalaman, bunga javoban yuqorida aytganlarimni qaytarishdan boshqa so‘zim yo‘q: kitob yozishda biz izlagan, yozishimizga sababchi bo‘lgan badiiy haqiqatni hayotning o‘zidan qidirish kerak, lekin uni tayyor holda uchratolmaymiz. Men turli janrlarda asarlar yozdim. Hikoyalardan tashqari romanlar, povestlar, pesalar yaratdim, qulog‘ingizga aytay, yoshligimda she’r ham mashq qilganman. Bundan chiqargan xulosam shu bo‘ldiki, janrni biz emas, bizni janr tanlar ekan. Aniqroq qilib aytganda, janr tasavvurimizni egallab olgan hayot materialiga bog‘liqdir. Lekin ikkinchi tomondan har bir janr o‘z xususiyatlariga, uzoq yillar davomida jahondagi adabiyotlar va o‘tib ketgan adiblar to‘plagan maxsus usullarga ega bo‘ladi. Buni e’tiborga olmaslik bugungi kunda gugurt turgani holda, chaqmoq chaqib o‘t yoqish bilan baravar bo‘lar edi. Men bu gaplarni yoshlarga qarata aytayotibman.

Talanti yo‘q odam yozuvchi bo‘lolmaydi.

Talanti bor odam yozuvchilikni kamolga yetgan yozuvchilarning tajribasidan o‘rganishi, o‘z xatolarini tahlil qilishi, yozgan narsalarini tobora mukammallashtirishga zo‘r berishi, yozgan narsasini ba’zan yirtib tashlashga ham o‘rganishi kerak.

Birov «Yaxshi epigramma yomon poemadan afzalroq» degan ekan. Men mutlaqo aminmanki, inson qanday bo‘lishi kerak, qanday bo‘lmasligi lozim ekanini, yozuvchi qalbining chuqur joylarigacha ko‘rsatadigan ikki sahifalik chinakam proza biz uchun pala-partish, lekin ustaroq so‘zlar bilan yozilgan «silliq» asardan ko‘p darajada foydaliroqdir. Adabiyot haqida men bilgan gapning javhari shu.

1965 yil

__________

[1]Оддий гапни айтганда, ҳақиқатда бўлиб ўтган воқеалардан бир неча бор худди шу йўл билан фойдаландим. «Минг бир жон» деган ҳикоямда тасвир этилган аёл билан таниш эдим. Мен уни касалхонада кўрган эдим. У машҳур ўзбек аёли Тўрахон аянинг қизи Жўрахон эди. Бу аёл ўн йил дард тортиб, охири вафот этган. Ҳикояда Жўрахон тузалиб кетади. Мен ҳикояда, эҳтимол, фактга хилоф иш қилгандирман, аммо адолат юзасидан тўғри иш тутдим: ҳикояда бу аёл мислсиз мардлиги, ҳаётга муҳаббати, азоб-уқубатга бардошига яраша «мукофот» олди, холос.

Saytimiz rivojiga hissa

Uzcard: 8600 5504 8563 9786

© 2004-2020 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.