OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Vohidov. Chaqmoq umri (1982)

Usmon Nosir hayot bo‘lganida yetmish yoshga to‘lgan bo‘lardi. Lekin bu mo‘‘tabar yoshga yetish hassos shoirga nasib qilmadi. Yigirma beshga yetmagan chog‘ida u ijod olamini tark etdi. Shafqatsiz qismat xalqni olov yurak farzandidan judo qildi.

Usmon Nosir lahzalik qisqa umrida o‘sha davr adabiy muhitini qanday larzaga solgan bo‘lsa, mana yarim asrdan keyin ham u yaratgan misralar bizni hayratga soladi, yosh bir yigitchaning shu qadar teran fikrlagani, shu qadar tugal va yorqin obrazlar chizgani bizni lol qiladi.

Lermontov, Dobrolyubov, Abdulla To‘qay, Baratashvili, Sergey Yesenin... Usmon Nosir... Bular dunyodan o‘ttiz bahorni ham ko‘rmay o‘tgan, ammo o‘z nomlarini ulug‘lik pillapoyasiga ko‘targan siymolardir...

Iste’dod shunday bir gavharki, u dengiz tubida, sadaf ichida ham — gavhar, iste’dod shunday bir zilol irmoqki, uning har qatrasida daryolarning qudrati, ummonlarning teranligi bor, iste’dod shunday bir gulki, uning har bir ochilmagan g‘unchasida chamanlarning bo‘yi va tarovati bor.

Usmon Nosir iste’dodi ana shunday gavhar, ana shunday irmoq, ana shunday g‘uncha edi.

Shoirning zamondoshi, qahramon adib, chex xalqi farzandi, o‘zbek xalqining do‘sti Yulius Fuchik: «Odamlar, hushyor bo‘ling, men sizni sevardim!» degan so‘zlarni aytgan. Usmon Nosir o‘z ijodi bilan, o‘z qismati bilan har nafas bizga shu so‘zlarni takror etadi: «Odamlar, hushyor bo‘ling, men sizni sevardim!»

Davr xalqqa uning iftixori bo‘lgan, uning yuragi bo‘lgan farzandlarini qaytib berdi. Bugun Usmon Nosir nomli ko‘chada istiqomat qiluvchilarning baxtli bolalari Usmon Nosir nomli maktabda o‘qiydilar. Shoir umri uning she’rlarida davom etadi.

1982

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.