OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. «Mushtum» to‘g‘risida (1961)

Hayotimizdagi o‘tmish sarqitlari va turli-tuman illatlarga qarshi kurash, bularni ildizi bilan qo‘porishda satiraning roli beqiyos kattadir. Qiyomiga yetib mo‘ljaliga tekkan satirik so‘z shu illatga qarshi kurashda bir yoki bir necha ochiq suddan kattaroq rol o‘ynashi, chuqurroq ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shu nuqtan nazardan qaraganda «Mushtum» naqadar kulgili bo‘lsa, shu qadar jiddiy, naqadar jiddiy bo‘lsa, shu qadar kulgili jurnal bo‘lishi kerak.

Men «Mushtum»ning 60-yilda va bu yilning birinchi yarmida chiqqan sonlarini ko‘rib chiqdim. Shu sonlarga qarab hukm chiqarilsa, jurnal zimmasidagi vazifani bajarishda oqsab borayotipti. Men bu jurnalni qariyb o‘ttiz besh yildan beri o‘qiyman, ko‘p yillar davomida aktiv yozuvchilaridan bo‘lganman. «Mushtum»ning eski muxlisi sifatida shuni aytishim mumkin: jurnal o‘zining salkam qirq yillik tarixida hamisha yuksak darajada bo‘lgan emas, uning hozirgi saviyasi va ahvoli ham porloq sahifani tashkil qilmaydi.

1. Redaktsiyada muharrirning butkul xato bir yo‘rig‘i hukm suradi. Bu yo‘riqqa jurnalga material uyushtirishda «hammadan muhimi fakt topish», «fakt bo‘lsa yozish hech narsa emas». Bu yo‘riq satiraning xususiyatini, ta’sir kuchini mutlaqo inkor qiladi. Shuning uchun «Mushtum»da bosilgan materiallarning ko‘pchiligini satirik joziba va kuchdan mahrum bo‘lgan faktlar tashkil qiladi. Bu materiallar zikr qilingan xatolar, kamchiliklar, jinoyatlarni ildizi bilan qo‘porish vositasi bo‘lib emas, jazo va tergov organlariga ish ochish uchun asos bo‘libgina xizmat qiladi xolos.

Men jurnalning bir yarim yillik sonlarini ko‘zdan kechirgan vaqtimda bir narsa diqqatimni tortdi. «Mushtum» har sonida juda ko‘p odamni «urib chiqadi». Masalan: jurnalning 60-yildagi 21-sonida 29 grajdan «urilgan». 7 ayol mahallasidagina emas, balki butun shaharda xijolatga qo‘yiladi. Xijolatga qolgan ayollar jabrdiyda bo‘lib, hammasi bir fosiq erning domiga tushgan, aldangan, boshiga falokat kelgan, bu falokatni mumkin qadar el-yurtdan sir tutishga harakat qilgan ayollardir. Bu ayollarning nomigina emas, shahri, mahallasi, ba’zan uyining nomerigacha ko‘rsatiladi. Natijada jabr ko‘rgan ayol jinoyatkor erkak bilak barobar ma’naviy jazo tortadi.

Jurnalning 61-yilgi 7-sonida 34 kishi «urilgan» va 6 ayol xijolatga qo‘yilgan. Bu ayollarning yoniga ba’zan bolalar ham qo‘shiladi, ularning ham nomlari aytilib, uning ko‘ksiga umrbod dog‘ solinadi.

Odamlarning nomlari zikr qilingan materiallarning ko‘pchiligi mutlaqo kulgi emas, bularning ba’zilari hatto haqorat darajasiga borib yetadi. Holbuki, satirik jurnalning quroli kulgi bo‘lishi, uning kulgisiga qolgan kishi shu material asosida tergov idoralarining ish ochishidan, qo‘rquvidan ham ko‘ra ko‘proq ma’naviy azob chekishi, el-yurt ichida bosh ko‘tarolmay qolishi, o‘zi haqida aytilgan o‘tkir so‘z zarbidan uzoq vaqt o‘ngarilmasligi kerak.

Bu jihatdan «Krokodil» jurnalidan o‘rnak olish kerak. Bu jurnal avvalo bo‘lar-bo‘lmasga odamlarning nomini ayta bermaydi, undan keyin odamlarni kategoriyalarga bo‘lib «uradi»: birovdan o‘pkalab, birovni ta’na qilib, birovni turtib, birovni uyaltirib, birovni sharmanda qilib kuladi va «Krokodil»ning qo‘li tekkan kishilarning asosiy ko‘pchiligi lat yemaydi.

2. «Mushtum» faktlarga o‘ralashib qolib, shu doiradan tashqariga chiqolmaydi. Jurnalda feleton, pamflet singari umumlashma material yo‘q hisobi. Jurnal xalq ijodiyotiga yuzlanib askiya, latifadan foydalanishga urinadi, lekin afandilarning deyarli hammasi tuturuqsiz, askiyalar esa o‘larday suyuq. Bosilib chiqqan askiyalarning deyarli hammasi zo‘rma-zo‘raki, maqsad ma’nosiz so‘z o‘yini yoki «hozirjavoblik»dan iborat. Ma’no kirgizilgan askiyalar kulgidan, «kulgisi bor» askiyalar ma’nodan mahrumdir.

Jurnal qanday faktlarni umumlashtirishga va qanday faktlarni umumlashtirmaslik kerakligiga yaxshi e’tibor qilmaydi.

Kolxoz fermasi mudirlari orasida harom odamlar ham bor, bunga hech kim shubha qilmaydi, lekin «Mushtum» buni shu qadar umumlashtiradi, bu haqda shu qadar ko‘p material va karikaturalar beradiki, ferma mudiri deganda kishining ko‘z oldiga tug‘ma o‘g‘ri keladi. Kolxoz raislari, «boshliq»lar haqida ham «Mushtum» o‘quvchida xato tasavvur qoldiradi.

Faktni umumlashtirishdagi farosatsizlik ba’zan o‘quvchining g‘azabini keltiradi. Masalan: bir vrach gazetada ichkilikka qarshi maqola yozadi va shu maqolaning gonorarini olib o‘rtog‘iga o‘lguday ichkilik ichiradi!

Bu umumlashmadan kimga qanchalik foyda chiqar ekan?

3. Jurnal ba’zan nima deyayotganini o‘zi yaxshi bilmaydi.

Doktorlar tuzatolmagan bir kasallikni (semizlik) tabib tuzatadi. Tushunib bo‘lmaydi: jurnal tabibni fosh qilayotiptimi, uni propaganda qilayotiptimi?

Bir karikaturada dehqon-konservator ketmonga qarab xitob qiladi: «Jonginam, senga benzin ham, zapas qism ham kerak bo‘lmasdi, sendan qanday ajralaman!» deydi.

Bunda konservator tanqid qilinayotiptimi, ketmon maqtalayotiptimi?

Birov sigirga aytadi: «O mug‘ombir-e, och qolsang ma’rashni bilasanu, dardingni aytmaysan-a!»

Buning ma’nosi nima?

Jurnalda bunaqa ma’nosiz va ma’noli bo‘lgan taqdirda ham hech kim kulmaydigan materiallar, karikaturalar ko‘p bosiladi.

4. Til madaniyati uchun kurash ham «Mushtum»ning vazifalaridan biridir, biroq jurnal bu borada kurash olib borishda ojiz, chunki uning o‘zi madaniyatsiz. Noto‘g‘ri ishlatilgan so‘zlar, iboralar, buzuq jumlalar, tildagi qashshoqlik alomatlarini jurnalning har sahifasidan ko‘plab topish mumkin.

5. Redaktsiyada malakali kuchlar oz bo‘lgani, tajribali satiriklarni jurnal o‘z atrofiga to‘plolmagani uchun talantli yoshlardan yangi kadrlar yetishtirish ishini yomon bir ahvolda deyish mumkin. Redaktsiya keksa va mohir rus rassomlariga o‘zbek yosh karikaturistlarni payvand qilib, yangi karikaturistlar yetishtirish o‘rniga ko‘zbo‘yamachilik qilayotipti. Rus rassomlaridan Leushin chizgan karikaturalari ostiga Usta Kamol deb, Sinitskiy Soliev deb, Vorobeychikov Valiev deb imzo qo‘yadi.

Men uch yarim yildan beri redkollegiya a’zosiman, lekin biron martaba redkollegiya majlisiga chaqirilganim yo‘q. Shu muddat ichida ko‘rib fikrimni aytish uchun menga faqat bitta material yuborildi.

1961 yil 16 iyul

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.