OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Oripov. Yuzinchi ma’no (1977)

Bir kun bozorda kimdir Xo‘ja Nasriddinning yelkasiga bor kuchi bilan tushirib qolibdi. Nasriddin orqasiga qarabdi. Shunda notanish kishi o‘sal bo‘lib, uzr so‘rabdi.

— Kechirasiz, men sizni Toshmat debman.

— Hechqisi yo‘q, ba’zan shunaqasi ham bo‘ladi, — to‘ng‘illabdi afandi.

Nasriddin kechqurun choyxonada Toshmatni ko‘rib qolibdi-yu, uzoq o‘ylab o‘tirmay yoniga borib bor kuchi bilan musht tushiribdi.

— Nima gap? — hayron bo‘libdi Toshmat.

— Omonatingni ol, og‘ayni. Bozorda bir do‘sting mendan berib yuborgan edi, — javob beribdi afandi.

Menimcha, tarjimonning vazifasi ham Nasriddinnikiga o‘xshash — olingan zarbani xuddi shu darajadagi zarb bilan yetkaza bilish.

Buning uchun nima qilish kerak?

Tarjima etilayotgan asar tilini bilishmi?

Albatta, asl nusxa tilini bilish tarjimon uchun katta sharaf. Qaniydi ana shunday tarjimonlar ko‘p bo‘lsa... Afsuski, hayot bizning istaklarimiz bilan hammavaqt ham hisoblashavermaydi. Bobil minorasini esa qanday bo‘lmasin qurish kerak. Tarjimon bir necha tilni yuksak malaka bilan tarjima qila oladigan darajada bilishi mushkul ish. Ba’zan shunday bo‘ladi: tarjimon asl nusxa tilini biladiyu, ammo bo‘sh tarjima qiladi. Tarjimon olim S. Ivanov ajoyib tilchi, o‘zbekchani yaxshi biladi, uning Navoiydan qilgan tarjimalari malakali va asliga to‘g‘ri. Biroq nima bo‘lgandayam u fan kishisi. O‘zbek tilini bilmaydigan Lev Penkovskiy esa Navoiyning “Farhod va Shirin”ini tarjima qildi. Bu gapni “Layli va Majnun”ni mahorat bilan o‘girgan S. Lipkin haqida yoki N. Grebnevning tarjimalari xususida ham aytish mumkin. Ularning tilni bilmasliklarini nozik psixologik intuitsiya, she’riy tarjima madaniyatini puxta egallaganliklari va umuman, she’riyat qonuniyatlarini chuqur anglashlari yuvib yuborgan.

Shunday qilib, asl nusxa tilini biladigan tarjimonlar kam, tarjimaga esa ehtiyoj katta ekan, bunday sharoitda satrma-satr tarjima orqali o‘girish tajribasi ham qo‘l keladi. Lekin satrma-satr tarjima qiluvchi kishi o‘z ishining ko‘zini biladigan bo‘lishi zarur. Achinarlisi shundaki, ijodkor tarjimon uchun “xom ashyo” (podstrochnik) tayyorlovchi kishilar ham na asl nusxa tilini va na o‘z tillarini chuqur his etadilar. Holbuki, ular asl nusxa tilining bilag‘onlari hisoblanadilar!

Armaniston haqidagi she’rimda “Bosh urib Yerevan darvozasiga” degan misra bor. “Bosh urmoq” o‘zbek tilida ikki xil ma’noni anglatadi va qaysi ma’noni ifodalayotganini matn mazmunidan bilish mumkin. Satrma-satr tarjima muallifi esa uni “Boshim bilan urdim Yerevan darvozasiga” deb o‘girgan. Badiiy tarjimon shunda nima qilishi kerak? Bitta yo‘l bor — “erkin” yondoshish.

Tarjimonning erkinligi, mening nazarimda qat’iy chegaralangan bo‘lishi kerak. Men shunday erkinlik tarafdorimanki, tarjima qilingan asarni uni asliyatda o‘qigan kishi darhol taniydigan bo‘lsin (bu o‘rinda gap o‘zimiz qatori shoirlar asarlari tarjimasi haqida borayotir, har qanday iltifot ortiqchadir). Erkinlikning chegarasi ana shu. Bu erkinlik chegarasidan chiqqan hamono istalgan narsa yuz berishi — o‘rtacha asar yaxshi bo‘lishi, yaxshisi esa rasvoga aylanishi mumkin. Bizda: “Qozonda bori cho‘michga chiqadi”, deyishadi. Tarjimon qozonda yo‘q narsani bor qilsa, bu yomon. Lekin qozonda borini chiqara olmaslik ming chandon yomonroqdir. Agar tarjimada vazn, ohang, she’riy qatorlar va uslub saqlanmas ekan, asar o‘zining milliy qiyofasini butunlay yo‘qotadi.

Tarjimada she’riy tilning tabiiyligiga qanday erishmoq mumkin? So‘zma-so‘z tarjimada uni berish mumkin emas. “O‘zga til” imkoniyatlarini “o‘z tiling” imkoniyatlariga almashtirish bilan ham ish bitmaydi. Uchinchi ma’qul yo‘lni topish — tarjima qilinayotgan tildan badiiy muqobilot axtarish lozim. Bu esa har gal yangidan hal qilinadigan ijod siridir. Misol tariqasida ulug‘ Bedil haqidagi bir hikoyatni keltirmoqchiman. Bedilxonlar vaqti-vaqti bilan uning she’rlarini o‘qish uchun yig‘ilib turganlar. Shunday gurunglardan birida bedilxonlardan biri bitga misraning 99 ma’nosini kashf qilishga muyassar bo‘lgan. Uning g‘olibligini hamma birday tan olgan. Ammo, kechasi tushida Bedilning o‘zi namoyon bo‘lib, unga minnatdorchilik bildirgach, misraning yuzinchi ma’nosini aytib bergan.

Endi ijod sirlarini qo‘yib, tom ma’nodagi aniqlik haqida so‘zlashaylik. Gap tarjima ob’ekti tanlash xususida bormoqda. Har bir ijodkor, albatta o‘z asarining boshqa tilga o‘girilishini xohlaydi. Umidli dunyo, deydilar. Ammo rostini aytganda, barcha yozuvchilarni ham bunga loyiq deb bo‘lmaydi. Xo‘sh, nima qilish kerak?

Yozuvchilar uyushmalari qoshida xolisona ish ko‘radigan, tarjimaga arzirli ishlarni tanlab, tarjimalarning sifatini nazorat qilib turadigan, eng asosiysi, “uddaburonlar va tovlamachilar”ning kavushini to‘g‘rilab qo‘yadigan Badiiy kengash tuzilsa yaxshi bo‘lardi.

Har holda tarjima sifati masalasi hozir og‘ir ahvolda bo‘lib, jiddiy aralashuvni talab qiladi. Ba’zan asarlaringni shunday o‘girishadiki boshqa tilda chiqqanidan xafa bo‘lib ketasan, hatto. Moskvada nashr etilgan to‘plamimdagi she’rlardan birida Olimxon va Rahimov nomlari tilga olinadi. Olimxon — Buxoroning so‘nggi amiri, Rahimov esa — birinchi o‘zbek generali. Tarjimada (xayriyatki, korrekturada uni tuzatishga ulgurdim) amir Olimxon — “olim bobo”ga, piyoda qo‘shin generali S. Rahimov — “uchuvchi”ga aylangan?

Tarjimachilik xayrli ish. Ammo asarlarimizning bo‘sh va umri qisqa tarjimalarini chop qildirilishiga loqayd bo‘lmasligimiz, befarq qaramasligimiz kerak. Endi yosh va talantli tarjimonlarni tayyorlash, ularning safini kengaytirish to‘g‘risida jiddiy bosh qotirish juda zarur. Umuman tarjimachilikka ijodiyotning birinchi darajali masalalaridan biri sifatida qarash, uning takomili uchun aniq tadbirlar belgilash vaqti keldi.

“O‘zbekiston madaniyati”, 1977 yil 7 yanvar.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.