OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Abdulla Qahhor. Shijoat haqida (1963)

Agar yozuvchining axloq kodeksi tuziladigan bo‘lsa, men halollik bilan shijoatni birinchi modda qilib qo‘yar edim, chunki yozuvchining boshqa hamma xislatlari uning qay darajada halol, naqadar shijoatli zehniga bog‘liqdir. San’at asarida yaxshini yaxshi deb odamlarga ibrat qilish, yomonni yomon deb odamlarni undan jirkantirish uchun shijoat kerak bo‘lsa, shijoat halollikni talab qiladi. Shuningdek, shijoatsiz halollikning o‘zi o‘lik sarmoyadir.

Yozda Farg‘ona vodiysining Bag‘dod rayoni markazidagi kitobxonlar yigirma chog‘li yozuvchini nomma-nom aytib, uchrashuvga taklif qilishdi. Uchrashuvdan keyin kolxozlarda adabiy suhbatlar o‘tkazdik, dalalarni kezdik. Bir kolxoz dalasida g‘alati bog‘cha-yaslini ko‘rib qoldim. Bu «tarbiya o‘chog‘i» kattakon tut ostiga joylangan bo‘lib, yerga palos ma’nosida eski brezent to‘shalgan, tevarakka bir qancha belanchak tortilgan. Bog‘cha-yaslining butun jihozi shundan iborat. Na stol, na stul, na o‘yinchoq... Buning ustiga bolalar o‘zi tarbiyaga muhtoj bir ayolning qo‘liga topshirilgan. Oramizda bu holdan g‘azablanmagan odam qolmadi. «Tarbiya o‘chog‘i» manzarasini har tarafdan suratga oldik. Bizni kuzatib yurgan kolxoz raisi, rayon rahbar xodimi «tarbiya o‘chog‘i»ni sezmaslik uchun o‘zlarini chetga olishdi. Baribir ikkovini ta’na-dashnomlarga ko‘mib tashladik.

Yana bir guruh yozuvchilarimiz Mirzacho‘lning Guliston rayonidagi bir kolxozda yasli-bog‘chaga yaqin yerga har xil dori to‘kib qo‘yilganini ko‘rib, butun respublikani boshlariga ko‘tarib shovqin solishdi.

Biz boyagi «tarbiya o‘chog‘i» xususida unaqa qattiq shovqin solmadik, hatto oddiy bir feleton ham yozmadik, chunki surat olinayotgan vaqtda rais bilan rahbar xodimning o‘zini chekkaga olgani — uyalgani, ikkoviga bergan dashnomimiz yetarli, deb o‘yladik. Haqiqatan, keyin kelgan xabarlarga qaraganda, rayon hukumati yasli-bog‘chalarni yaxshilash haqida talay choralar ko‘rishipti.

Oradan ko‘p o‘tmay hamrohlarimizdan bir shoir hammaning g‘azabini keltirgan o‘sha «tarbiya o‘chog‘i»dan ilhomlanib — iyib, «Kolxoz yaslisida» sarlavhali bir sonet yozib markaziy gazetada bostirdi.

Biz dashnom bergan, bizdan keyin ehtimol javobgarlikka tortilgan va uyatga qolgan rahbar xodim bu sonetni o‘qib nima dedi ekan? Raisning bu qilmishi biron majlisga solingan, hamma uni bir og‘izdan qoralagan bo‘lsa ham ajab emas. «Sonet» to‘g‘risida shu majlisning qatnashchilari nima dedi ekan?

Ulug‘ Navoiy haq-haqqoniyatga kelganda, vazirlik libosini yechib tashlab «qora xalq» quchog‘iga otilgan, Furqat yolg‘onchilik uyasi bo‘lmish boylarning yuziga «tuf» deb she’r yozgan, Chexov bilan Korolenko haqqoniyatsizlikka qarshi norozilik yuzasidan akademik unvonidan voz kechgan edi-ku! Korolenko o‘zi mahbus bo‘lgani holda, chor hukumatining butun bir xalqqa zulm o‘tkazayotgani to‘g‘risida baland tovush bilan qichqirgan, M. Sholoxov nohaq xalq dushmani unvoni taqilgan kishilarni himoya qilgan edi-ku! Bularning hammasi mazkur yozuvchilarning grajdanlik shijoati talant kuchidan kam bo‘lmaganini ko‘rsatmaydimi?

Sholoxov va Vurg‘un, Polevoy va Latsis, Shchipachyov va Abashidze, Simonov va Avezov, Tvardovskiy va Gamzatov, Antokolskiy va Brovka, Prokofev va Kaputikyan, Pogodin va Korneychuk, Fedin va Oybek singari yuzlab yozuvchilarning minglab asarlari rus adabiyotining jahon doirasiga chiqib olganligi shuni ko‘rsatadi.

Markaziy gazetalarimizning birida bir qancha hikoyalar bosilib chiqdi. Bularning birida ko‘chadan o‘tib ketayotgan bir kishi ariqqa yiqilib tushgan bolani ko‘rib qoladi-yu, onasiga topshiradi; birida tramvayga tushib bilet olmagan bir chol ertasiga ikkita bilet oladi. Birinchisi beparvo ota-onaga ta’na va boshqa ota-onalarni ogohlantirish maqomidagi bir xabar, sovet kishisining xarakteriga xos voqea emas, chunki «ongli sovet kishisi» o‘rnida ongsiz bir go‘dak bo‘lganda ham, dod solib yordamga odam chaqirar, bolaning joniga ora kirar edi. Ikkinchi hikoyaning esa xabar bo‘lguday ham holi yo‘q, chunki konduktorsiz tramvaylar, trolleybuslar, sotuvchisiz magazinlar, budkalar, hatto kassirsiz kassalar mavjud bo‘lgan bir shaharda cholning bu qilmishi diqqatga sazovor hodisa emas.

Ma’lumki, sovet kishisining qiyofasi, uning eng yaxshi xislatlari ayrim shaxslar tomonidan ishonchsizlik, shubha ostiga ko‘mila boshlagan sharoitda odamning odamga ishonchini, anchayin bir odamgarchiligini ko‘rsatadigan anchayin biron hodisa katta voqea bo‘lib ko‘rinar edi. Esimda bor, qishloqdan shaharga kelgan bir kishi birovdan falon ko‘chani so‘raydi. U odam kelgindini ergashtirib borib o‘sha ko‘chani ko‘rsatib qo‘yadi. Shu hodisa «sovet kishisining qiyofasini ko‘rsatadigan voqea» sifatida gazeta sahifasidan yarim podval joy olgan edi. Hozir bunaqa gaplar, yuqorida aytilgan hikoyalar hayotimizni bilmagan odamlarda ko‘ngilsiz taassurot qoldiradi, bilgan odamlar ko‘zida esa yozuvchini kulgiga qo‘yadi, uning hayot sirtida sirg‘anib yurganligini, hayotga chuqurroq qaragani shijoat qila olmaganini, ko‘rish, payqash, tahlil qilishdan ko‘ra uydirmachilikni xavfsizroq mashg‘ulot hisoblaganini ko‘rsatadi.

Hayotimizning ayrim paytlarida illatlar haqida ming mulohaza bilan aytilgan ba’zi bir kamchiliklar ham «tipik emas», «siyosiy xato», «dushman tegirmoniga suv quyish», «tuhmat» va hokazo hisoblanardi. Bu hol o‘tmish sarqitlarining yashashiga, hatto urchishiga qulay sharoit tug‘dirib bergan edi. Hozirgi davrda hayotimizga dog‘ soladigan o‘tmish sarqitlari— xudbinlik, haromxo‘rlik, mansabparastlik va boshqa illatlarga qarshi kurashni bizdan kommunizm quruvchilarining axloq kodeksi talab qilayotipti.

Lekin biz illatlarga qarshi kurashar ekanmiz, bir. tomondan, illatni bahona qilib hayotimizni qoralashga urinadigan kishilarga yo‘l bermasligimiz, avvalda dimiqib qolgan va endi ochiq havoda xursandligidan o‘ynoqlab «polizni buzadigan» kishilarni tanqid qilishimiz, ikkinchi tomondan illatlarga qarshi kurashda bizga xalal beradigan kishilarga zarba berishimiz kerak.

«Noviy mir» jurnalining 12-sonida bosilgan Aleksandr Yashinning «Vologodskaya svadba»si menda ko‘ngilsiz taassurot qoldirdi. To‘g‘ri, men rus qishlog‘i, rus qishloq hayotini bilmayman, shuning uchun Aleksandr Yashinga ayb taqolmayman. Lekin shuni aytamanki, «Vologodskaya svadba»ning allaqaysi satrlari orasidan Chexovning «mujiklari» mo‘ralab turipti. Yashin qaerda tabassum, qaerda istehzo bilan gapirganini tezda payqab bo‘lmaydi. Rus kolxozchilari o‘zbek kolxozchilaridan qoloqroq ekaniga uncha ishongim kelmaydi.

Adabiy vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji bo‘lsa yozuvchining boshiga chertib ko‘rishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mish-mishlarga oziq berishni o‘zining kasbi hisoblaydi. Bu xildagi shubha bandalari uchun yozuvchy ularning hukmini kutib qora kursida o‘tirgan gunohkor: kitobxon, tomoshabin esa bog‘cha yoshidagi bolalar!..

Sahnada poraxo‘r pora berayotgan odamni aldash uchun: «Men poradan hazar qilaman, poraning yuzi qursin», deydi. Shubha bandasi shu yerda hozir: «So‘z pul to‘g‘risida ketayotipti, pulda bizning gerbimiz bor-ku, «yuzi qursin» degan gapni tomoshabin qandoq tushunadi!».

Sahnada machitning imomi mast bo‘lib uchib yotipti, uning o‘ynashi kiradi. Shu payt machitdan azon tovushi eshitiladi-yu, fisq-fujur keyinga qoladi. Shubha bandasi bu yerda ham hozir: «Dinga qarshi kurashayotgan vaqtimizda sahnadan azon aytilishi qandoq bo‘ladi?»

So‘z pul haqida emas, pora haqida ketayotgani, odamlarni butxonaning jomi xristian, azon musulmon qilmagani bilan bularning ishi yo‘q! Ba’zan bularni himoya qiladigan odamlar ham topiladi: «Bu odam sening g‘amingni yeyayotipti, har bir ikir-chikirga yopishib xarxasha qiladigan kishilar ham topiladi», deyishadi. Ajabo, o‘sha «har bir ikir-chikirga yopishib xarxasha qiladigan» shubha bandalarini adabiy, siyosiy hayotimizdan supurib tashlash o‘rniga nima uchun yozuvchini o‘shalarga moslashtirish kerak ekan!

Bu toifa odamlarga biron mansab tegishidan Ollohning o‘zi saqlasin!

1963 yil

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.