OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

G‘afur G‘ulom. Ikki Mashrab (1959)

O‘zbek klassik adabiyoti tarixida o‘ziga xos katta o‘rin tutgan, otashin hajviy she’rlari va o‘ynoqy g‘azallari bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan, nomi butun O‘rta Osiyo va undan uzoqlarga mashhur bo‘lib ketgan ajoyib shoirlarimizdan biri Boborahim Mashrabdir. Boborahim Mashrab ijodi allaqachonlardan buyon ijtimoiy ahamiyat kasb etgan bo‘lib, uning nomi xalqimiz hayoti va tarixida mutaassiblikka qarshi kurashning bayrog‘i bo‘lib keldi. Ba’zi ruhoniy dindorlar Mashrab nomini va asarlarini bor kuchlari bilan badnom qilishga, ba’zi hollarda esa uning xalq orasidagi obro‘sidan foydalanib, uni avliyolashtirishga, ijodiga so‘fiyona tus berishga intilib keldilar. Lekin Mashrab xalq orasida doim yashashda, kurashda davom etdi.

Qariyb o‘tgan ikki asr mobaynida adabiyotga aloqador hamma kishilar Mashrab to‘g‘risida g‘oyatda jumboq va mushkul bir tushunchaga ega bo‘lib keldilar. Boborahim Mashrabning bir talay asarlari yuzasidan dinga shak keltirishi, dahriyligi aniq bo‘lib, hamma shunga ko‘nikib kelayotganda birorta o‘ta mutaassib va tasavvufdan iborat bo‘lgan g‘azali tushunchani buzadi-da, nima deyishga hayron qolasan. Yahudiylarning payg‘ambari «Ibrohimdan qolgan eski do‘kon» — Makkani tanimagan Mashrabni o‘qib turganingda, «alifni dilga jo qilmoqni bismillodan o‘rgan»gan boshqa bir Mashrab chiqib, ishning pachavasini chiqaradi. Unda «Mabdai nur» degan o‘ta tasavvuf kitobini kim yozgan?

Bu masala adabiyot tarixchilarimizning, ilmiy-tekshiruv institutlarimizdagi bir talay ilmiy xodimlarning tadqiqot ishlarida juda chigal muammo bo‘lib keldi. Dahriy deb yoza turib, tasavvuf she’rlarni sharh qilganda, ilmiy asarlardan mantiq yo‘qolib qolardi. Tamom diniy shoir deb Mashrabdan ko‘z yumganda, Mashrabday shoirning yirik ijodini mensimaganlik, katta bir xazinadan voz kechganlik bo‘lardi.

Bundan tashqari, Mashrabning tug‘ilgan joyi to‘g‘risida ham aniqlik yo‘q edi. Mashrabning o‘z asarlarini sinchiklab o‘rganilmaganligi sababidan, asrlar oshib kelgan ovozaga ishonib, ko‘pchilik uni namanganlik deyar edi. O‘zbekiston SSR Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti fondida saqlanayotgan «Devoni Mashrab» kitobining XVIII asr oxirida va XIX asrda ko‘chirilgan 20 dan ortiq qo‘lyozma nusxasida ham Mashrabning Namangandan ekanligi aytiladi. Men ham «Momoyi gisunaburida» degan bir ocherkimda uni chuqur tekshirib o‘tirmay, namanganlik deya bergan edim. Keyingi tekshirishlar bu fikrni tasdiqlamadi.

Boborahim Mashrabning qaerda tug‘ilganligini aniqlashda uning zamondoshi — samarqandlik Muhammad Bade’ Malihoning «Muzakkir ul-ashob» kitobiga suyanish to‘g‘riroq bo‘lar edi. Bu asarning avtografi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalar fondidan 4270 nomerli inventarda saqlanayotgan bo‘lib, uning 315-varag‘ida: «Mashrab taxallusi Rahimboboyi qalandar ast. Asl az viloyati Andigon buda dar ayyomi barahna ro‘y bakasbi fazilat va fazoyil ba viloyati Namangon omada...» deyilgan. (Tarjimasi: «Mashrab qalandar Rahimboboning taxallusidir. Asli Andigon (Andijon — G‘. G‘.) viloyatidan bo‘lib, yoshlik chog‘larida ilm va fazilatlar kasb etish uchun Namangan viloyatiga borgan...»)

Muhammad Bade’ Maliho bergan ma’lumotga shuning uchun ham ishonish kerakki, u Mashrabga zamondosh bo‘lishi bilan birga, u bilan Samarqandda uchrashgan, uni yaxshi bilgan va o‘zining «Muzakkir ul-ashob» asarini ham Mashrab hayot vaqtida, ya’ni 1688—1691 yillarda yozgan.

Bundan tashqari, «Devoni Mashrab» kitobining o‘zida ham bu masalaga doir qarama-qarshi ma’lumotlarni uchratamiz. Garchi kitobning boshida shoirni namanganlik deyilsa ham, ammo bir qancha sahifa o‘qiganimizdan keyin Mashrabning quyidagi g‘azaliga duch kelamiz:

Avval, qadami piri mug‘onro ishq ast.
Duvvum, sarupo barahnagonro ishq ast.
Rindoni Buxorou bangiyoni Kashmir,
Shoh Mashrab tarki Andijonro ishq ast.

Tarjimasi: Avvalo, piri mug‘on sari qadam qo‘yishning boisi ishq tufaylidir. Ikkinchi, bosh-oyog‘i yalanglikning sababi ham ishq tufaylidir. Buxoro rindlarining rindligi va Kashmir bangilarining kashandaligi, shoh Mashrabning Andijonni tark etishi ham ishq tufaylidir.

Mashrabning andijonlik ekanligiga kitobning boshqa o‘rinlarida ham ishora qilinadi. Masalan, bunda Mashrabning bir necha marta Andijonga borgani ta’kidlanadi.

Bir borganda, u Andijon buzrukvorlarini ziyorat qiladi. Boshqa bir safarida esa, o‘n sakkiz yil ko‘rmagan onasi va singlisini ko‘rgani boradi. Bundan ko‘rinadiki, Mashrabning oilasi Andijondan hech qayoqqa bormagan.

Lekin Mashrabning Namanganda o‘qigani, yashagani, bu shaharni sevgani, qayta-qayta u yerga borgani va bu shahar shoir ijodida chuqur iz qoldirgani shubhasiz bo‘lib, buning evaziga namanganliklar uni o‘z hamshaharlaridek ko‘rib, doim sevib o‘qiganlari aniq faktdir.

Umuman, Boborahim Mashrab tashvishli, og‘ir hayot kechirdi. Mashrab taxminan 25 yoshlarida namanganlik piri Mulla Bozor oxunning targ‘iboti bilan Qashqarga boradi. U bu yerda o‘sha zamonning eng yirik eshoni, naqshbandiya sulukining piri komili Ofoqxo‘janing dargohiga yo‘liqadi, pirga qo‘lini beradi. Pir uni o‘z muridlari qatoriga qo‘shib, katta dargohning mullabachchalaridan biri qilib qo‘yadi. Mashrab u yerda ixlos va chidam bilan yetti yil Ofoqxo‘janing xizmatini qiladi. Ammo kishining vujudida bo‘lgan tabiiy kuchlariga zid holatda yashash vujud egasining ruhida isyon ko‘taradi, o‘z tabiiy oqimiga tushishga urinadi. Pir dargohidagi tarki dunyo qilganlarga xos umr g‘oyat zerikarli edi. Ozod, jo‘shqin, tinmag‘ur ruhga ega bo‘lgan Mashrab Ofoqxo‘jaga mutaassib otalar tomonidan nazir tortilgan bir kanizak qiz bilan sevishib qoladi. Tez orada bu sirni Ofoqxo‘ja bilib qoladi, uning amri bilan «ulug‘ dargoh»ning bo‘yni yo‘g‘on qalandarlari Mashrabning qo‘l-oyog‘ini boylab, erlik iqtidoridan mahrum qiladilar, keyin Qashqardan haydaydilar. Bu qattiq alamni, bu qattiq haqoratni Mashrab umri bo‘yi unutmaydi, ba’zi mutaassib ruhoniylarga, eshonlarga, domlalarga qarshi butun hayotida kek saqlaydi.

Xo‘sh, Mashrabning Ofoqxo‘ja dargohida shunday og‘ir jazolanishi yolg‘iz kanizak qiz tufayli edimi yoki Ofoqxo‘janing Mashrabda boshqa xusumatlari ham bor edimi? Haqiqatni olganda, bu Mashrabni jazolash uchun bir bahona edi, xolos. Mashrabning Mulla Bozor oxun tomonidan Qashqarga yuborilishiga, uning Qashqarda bunday qattiq jazo tortishiga, oxirida (1711 yil) dorga osib o‘ldirilishiga bosh sabab, uning o‘z atrofini qurshagan, ishi so‘ziga to‘g‘ri kelmaydigan, xudbin, jamiyat va borliq haqida ijodiy fikr yuritish qobiliyatidan butunlay mahrum mutaassiblar bilan o‘z aqlini tanigan vaqtidan boshlaboq kelisha olmagani, o‘zaro bahslarda doimiy ravishda ularni ayamay tanqid qilishi, fosh etishi, xalq oldida obro‘larini to‘kishi, ko‘z ochirmasligi va hokazolar edi. Mashrab ijodini o‘rganishda masalaning bu tomonini aslo unutib bo‘lmaydi.

«Devoni Mashrab» to‘plamida va ba’zi rivoyatlarda Boborahimda o‘tkir jazava, otashin jo‘shqinlik, loubolilik va boshqalarni ko‘rib, «Hazrati Ofoqxo‘jam unga Mashrab degan nomi mustaor — taxallusni iltifot qildilar», degan mazmun bor. Go‘yo Boborahimga «Mashrab» taxallusini Ofoqxo‘ja bergan emish. Shu to‘g‘rimi? Bu savolga javob berishdan ilgari o‘zbeklar o‘rtasida bolalarga ot qo‘yish odatining bir kichik qismini etnografik tomondan tekshirib ko‘raylik.

O‘zbeklarda bola yo‘lda tug‘ilsa Yo‘lchi, to‘yda tug‘ilsa To‘ychi deb ot qo‘yadilar. Muharrama, Safarboy, Mullarajab, Ramazonhoji, Ashirmat, Jumaniyoz — bu ismlar esa bolaning tug‘ilgan oyi, tug‘ilgan kunini nishonlashdir. Tug‘ilgan bola biror tabiiy kamchilik yo ortiqlik bilan tug‘ilsa, uning ham oti tayyor. Oyoq, qo‘l barmoqlarida, a’zosidan biror ortiqligi bo‘lsa — Ortiqjon, Qo‘shoqboy, agar qora xol bilan tug‘ilsa — Xoldor, Xolxo‘ja, qizil xol bilan tug‘ilsa — Tojiboy, Tojinisa, Norbibi, Norboy bo‘ladi. Agar tug‘ilgan bola ota-onasining gunohi bilanmi yo biror tabiiy ofat bilanmi kasalmand tug‘ilsa, o‘sha kasalning nishonlariga qarab ism qo‘yiladi. Agar bola chillasi ichida hadeb tirishaversa, «taxta» bo‘la bersa, «shaytonlasa», uyqusida xirillasa, unga Meli deb ism qo‘yadilar. Agar tug‘ilgan bolada qandaydir yallug‘li shishlar bo‘lsa, unga Parpi deb ism qo‘yadilar. Endi «mashrab» degani nima degani? Uning yuqoridagicha ism qo‘yishga aloqasi bormi?

Birinchidan shuki, «mashrab» degan lug‘atning bizdagi ma’nosida arab leksikoniga qat’iyan aloqasi yo‘q. Arablarning «shariba» masdaridan kelib chiqadigan «mashrab» so‘zi biror ichimlik ichiladigan «ichish o‘rni» ma’nosida bo‘ladiki, bu albatta kishiga ism yoki taxallus bo‘lolmaydi. Biz O‘rta Osiyo xalqlari, ozarbayjonliklar, eronliklar, afg‘onlar «mashrab» so‘zidan rind, louboli, ya’ni erkin fikrli ma’nolarini anglaymiz. Ism bo‘lmay, yolg‘iz holda «mashrab» tabiat, fe’lu atvor degani; «sho‘x mashrab kishi» deganda, sho‘x tabiatli kishini tasavvur qilamiz.

Ikkinchidan, ko‘pchilik xotinlar homilali vaqtda asab jihatidan normal holatda bo‘lavermaydilar. Boshqorong‘ulik, injiqlik, seruyqulik, vajsiz yig‘lash singari holatlar ko‘p uchraydi. Juda oz, ayrim homilali xotinlarda boshqa xotinlardan eshitib kelgan talqin ta’sirida cho‘chish yoki haligi normal bo‘lmagan ruhiy holatlarda — gallyutsinatsiya ahvollari ham yuz beradi.

Hech kim yo‘q yerda, birov chaqirganday, ko‘z o‘ngida bir savam paxta yumalab ketganday, alanga yonganday bo‘ladi, ayrim-ayrim xotinlarda go‘yo qornidagi bolalari yig‘laganday, shu ovozni onasi «barala eshitgan»day, sezganday ham bo‘ladi. Onalar g‘oyatda qattiq qo‘rqadilar, hushdan ketib qolganlari ham bo‘ladi. Vaholanki, bola ona qornida hech qachon yig‘lamaydi. U yerda ovoz chiqquday havo to‘lgan joy yo‘q. Bu, haligi aytg‘anday, gallyutsinatsiyaning o‘zginasidir...

Shunday qilib desangiz, «ona qornida yig‘lagan» bolalarning ismlarini «Mashrab» qo‘yadilar. Bu qadim o‘zbeklardan qolgan etnografik bir odatdir.

Boborahimning ikkinchi ismining Mashrab bo‘lishini ham shundan axtarish kerak bo‘ladi. Rivoyatlarga ko‘ra, Boborahimning onasi bozorda keta turib, bir savatdagi uzumdan ikki g‘ujum yegan emish, shunda qornidagi bola: «Ey ona, nega birovning haqini yedingiz?» deganday bo‘lgan emish. Lekin ona qornida yig‘lagan «Mashrab» bolalarning asl o‘z ismlari bo‘ladi. Mashrab asl ismga qo‘shimcha bo‘lib yuritiladi. Boborahim Mashrab, Meliqo‘zi deganday.

Ayniqsa, feodalizmning eng qorong‘u zamonlaridan bo‘lgan XVI—XVII asrlarda din, xurofot, xususan, eng yuqori cho‘qqisiga chiqqan, qiyomiga yetgan bir davrda «ona qornida gapirgan» bolalar ko‘p bo‘lsa kerakki, Mashrab ismli tanish, notanish tarixiy shaxslar ko‘p uchraydi. Albatta, hamma mashrablar ham omiyu benavo bo‘lavermagandir. Ularning ichidan Boborahim Mashrabdan boshqa ham Mashrab ismli shoirlar o‘tgandir. Chunonchi, «Qomusi a’lom» nomli lug‘atda bir emas, beshta Mashrabdan xabar beriladi. Navoiyning «Majolis un-nafois» tazkirasida ham Mashrab degan shoir bor. Eroniylarning Qum shahridan chiqqan o‘z Mashrab shoirlari ham bor.

XVII — XVIII asrdagi o‘zbek adabiyotida esa, Mashrab degan ikki shoir bor. Bulardan biri bizning sevik-li shoirimiz — Boborahim Valibobo o‘g‘li Mashrabdir. Ikkinchisi, bilmadik — O‘zganda tug‘ilib, Namanganda yashaganmi, yoxud Namanganda tug‘ilib, O‘zganda yashaganmi (buni albatta bundan keyingi tadqiqotlar aniqlaydi), Mulla Ro‘zi oxun degan so‘fiy shaxsdir. Bu odam o‘ziga Mashrabi Soniy deb taxallus qo‘ygan. Bu kishi Boborahimdan 40—50 yillar keyin yashagan bo‘lishi ehtimol. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida uning devoni saqlanadi. 9968 nomerli bu devon shoirning qo‘lyozmasi emas, anchagina xushxat kotib tomonidan keyinroq ko‘chirilgan bir nusxadir.

Haligacha Boborahim Mashrabga oid deb kelinadigan «Mabdai nur» nomli so‘fiyona axloqiy tizma asar shu Mulla Ro‘zi oxunning asari ekani aniq va ravshan bo‘ldi.

«Mabdai nur» Mavlono Jaloliddin Rumiyning «Masnaviy»siga taqlidan yozilgan kuchsiz bir sharhdir. Lekin Mulla Ro‘zi — Mashrabi Soniy bu asarni yozib qo‘yib, toza ham maqtanadi. Bu asarni hatto «Xamsa»lardan yuqori qo‘yadi. «Har bir musulmon shuni o‘qisin, o‘qimasa musulmonligiga shubham bor», deganday bo‘ladi.

Lekin Mashrabi Soniy ham o‘z doirasida anchagina talantli shoir hisoblanadi. Uning yozgan sharhi, she’rlari ravon, o‘qishli. Ammo hamma g‘azalining oxirgi misralarida deyarli «Mabdai nur»ni men yozdim, o‘qing, musulmonlar», degan undov bor.

Yana shu institutning bisotida 9251 raqamli bir qo‘lyozma bor. Shu qo‘lyozmaning oxirida Mulla Ro‘ziboyning bir muxammasi to‘liq ko‘chirilgan. O‘sha muxammasda shunday satrlar bor:

Sinai pokimga jodur kulli sharhi «Masnaviy»,
Oyati «Toho» talab bo‘lsang, mening oldimga kel.
Ko‘zi ko‘r, jondan boqib, jononani ko‘rdum, degan,
Zohir ismim Ro‘ziboyu, Mavlaviy o‘g‘lum degan,
Mashrabi Soniy talab bo‘lsang, mening oldimga kel.
Vaqti oxir oshkora bo‘ldi bu «Mabdai nur»,
Zohiru ham botinim tolibga yetkurgay surur,
Sharhi bayti «Masnaviy» Mavlaviy Rumiy budur,
Zohiri a’mo talab bo‘lsang, mening oldimga kel.

Demak, Boborahim Mashrab «Mabdai nur» avtorligidan xolis bo‘ldi. Bu hammasi emas, hali gap ko‘p.

Boborahim Mashrabning otashin, jo‘shqin lirik she’rlari, o‘z zamonasidagi boshboshdoqlik, qorong‘ilik, zulmu sitamlardan shikoyat qilib yozgan isyonkor satrlari o‘sha vaqtlardayoq jabr ko‘rgan omma o‘rtasida nur tezligi bilan yoyilib borar edi. Mashrab bir g‘azalni tugatar-tugatmas oshiqlar, ma’shuqlar, rindlar, qalbi alamli kishilar ilib olib, kuyga solar edilar. Qashqardan tortib butun Farg‘ona, Toshkent, Zarafshon vohalariga qadar qaldirg‘ochday uchib borgan bu satrlar shoirning zo‘r hurmatini el o‘rtasida yoyar edi. Bu ulug‘ shuhratdan cho‘chigan ba’zi din ahllari, eshonlar, domlalar shu shuhratni o‘z diniy manfaatlari yo‘liga burmoqchi bo‘ldilar. Buning uchun ular Mashrabi Soniy — Mulla Ro‘zi tomonidan yozilgan so‘fiyona she’rlarni Boborahim she’rlari bilan aralashtirib, omma o‘rtasiga yoya boshladilar. Hanuzgacha «Devoni Mashrab»day keng tarqalib kelgan to‘plam ham shu zayldagi qo‘shma, aralashmalardan iboratdir. Chunki bu to‘plamni yig‘gan shaxs ham Boborahim asarlarini Mashrabi Soniyning asarlaridan farq qilishda ilmiy va tadqiqiy saviyaga ega bo‘lmagan, sodda bir kishi bo‘lgan, albatta.

Har holda, din ahllari o‘tgan shu ikki asrdan ziyodroq bir muddatda Mashrab niqobi ostida talaygina targ‘ibot va tashviqot ishlarini yurgizdilar. Mulla Ro‘zining mutasavvuf she’rlari xonaqolarda, zikrlarda, qalandarlarning og‘zida, eshon oyimlarning jahriyalarida uzoq muddat mungrab keldi. Lekin chinakam ishq egalari, pokiza so‘z, lirik hissiyot, otashin sevgi talab bo‘lgan ko‘pchilik o‘z shoiri Boborahim Mashrabning asl ijodini xas-xashaklar orasidan topilgan durdonalarday ardoqlab, saqlab, kuylab, bizning zamonamizgacha eson-omon yetkazib kela oldi.

Endigi bizning vazifamiz yirik shoirimiz Boborahim Mashrabning ijodini qayta boshdan o‘rganish, uni aralashmalardan tozalab, xalqimizga yetkazib berishdir.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi A. S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot institutining ilmiy xodimi, filologiya fanlari kandidati Abduqodir Hayitmetov Mashrab ijodi ustida uzoq vaqtlardan buyon unumli ilmiy ishlar olib borib, anchagina muvaffaqiyatlarga erishdi. Yuqorida aytib o‘tilgan Mashrabi Soniy to‘g‘risidagi tadqiqot materiallari ham uning ishidan olingandir.

A. Hayitmetov bilan birga shu sohada ish olib borayotgan boshqa ilmiy xodimlar tez orada bizning Mashrabni o‘z xalqiga yana yaqinroq tanishtirib quyadilar, deb ishonamiz.

“Qizil O‘zbekiston”, 1959 yil 14 fevral

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.