Alisher Navoiy «Xamsa»siiing yaratilish jarayoni jahon adabiyoti taraqqiyotidagi eng yorqin sahifalardan biridir. Abulqosim Firdavsiy shoh asari «Shohnoma»ni, Nizomiy Ganjaviy «Xamsa»sini 30 yil davomida, I. Gyote «Faust» tragediyasini umr bo‘yi (1773— 1832) yozgan bo‘lsalar, Navoiy o‘z «Xamsa»sining birinchi dostoni «Hayratul-abror»ga 1483 yilda kirishib, oxirgi dostoni — «Saddi Iskandariy»ni 1485 yilda yozib tugalladi va asarning oxirida butun «Xamsa»ni yozishga hammasi bo‘lib umuman ikki yil vaqti ketganini qayd etdi.
Ko‘ramizki, Navoiy «Xamsa» dostonlari ustida g‘oyat samarali ishlagan. 1483—1485 yillar Navoiy uchun eng sermahsul yillar bo‘lgan. Bu yillarni Aligeri Dantening «Ilohiy komediya» ustida (1307—1321), Vilyam Shekspirning «Yuliy Sezar» (1559), «Gamlet» (1601), «Otello» (1604), «Qirol Lir» (1605), «Makbet» (1606), «Antonio va Kleopatra» (1607) tragediyasi ustida, A. S. Pushkinning «Yevgeniy Onegin» (1823—1830) she’riy romani ustida ishlagan yillariga qiyoslash mumkin. Bu yillarda mazkur ijodkorlar o‘zlarining shoh asarlarini yozib tugallash bilan qattiq band bo‘lganlar. Shuningdek, Amir Xusrav Dehlaviy (1253—1305) ham o‘z «Xamsa»siga kirgan dostonlarini juda qisqa muddatda — «Shirin va Xusrav», «Majnun va Layloini 1298, «Matlaul-anvor» va «Oynayi Iskandariy»ni 1299, «Xasht behishtini 1301 yillarda yozib tugallagan.
Abdurahmon Jomiy ham «Tuhfatul-ahror», «Sibhatul-abror», «Yusuf va Zulayho», «Laylo va Majnun», «Xiradnomayi Iskandariy» dostonlarini 1481—1485 yillar davomida, ya’ni uzog‘i bilan besh yil davomida yozib bo‘lgan. Binobarin, biron muhim asarni mumkin qadar qisqa muddatda yozib tugallash masalasida Navoiy dastlab shu ikki alloma — Amir Xusrav va Abdurahmon Jomiydan saboq olgan, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Navoiy «Xamsa»sining yaratilishida uning buyuk zamondoshi, ustozi Abdurahmon Jomiy bosh maslahatchi rolini o‘ynagan, asar bitganda birinchi bo‘lib o‘qib chiqqan va unga munaqqid sifatida hammadan avval yuqori baho bergan.
Lekin bundan Navoiy «Xamsa»ni yaratish masalasi bilan faqat ikki-uch yil shug‘ullangan va «Xamsa» uning ikki-uch yillik ijodiy faoliyatining mevasi ekan-da, degan xulosaga kelish xato bo‘lur edi. O‘zbek tilida «Xamsa» yaratish uni juda erta — bolaligidan boshlab band etgan. Navoiy «Saddi Iskandariy» dostonining kirish qismida o‘z ulug‘ xamsanavis salaflariga murojaat qilib:
Kichik erkanimdan kelib qoshima,Ulug‘ muddao soldingiz boshima, —der ekan, ma’lum bo‘ladiki, unda «Xamsa» yaratish muddaosi kichikligidayoq paydo bo‘lgan. Buning uchun Navoiy bir umr tayyorgarlik ko‘rgan, o‘zidan oldin yaratilgan «Xamsa»larni qayta-qayta o‘qigan, mutolaa qilgan. Navoiyda yigitlik vaqtidayoq, agar u shunday katta ishga qo‘l uradigan bo‘lsa, ba’zi salaflari kabi o‘ttiz yilda emas, balki «o‘ttiz oy»da yozib tugallashga erishish niyati, orzusi («Bitigaymen o‘ttiz yilin o‘ttiz oy») bo‘lgan[1]. Bu uning ijodiy faoliyatining noyob xususiyatlaridan biri deb qaralishi kerak. Chunki boshqa asarlarini ham u mumkin qadar qisqa muddatda yozib tugallashga intilgan va ko‘p hollarda bunga muvaffaq bo‘lgan.
Lekin Alisher Navoiy katta she’riy iqtidorga ega bo‘la turib, «Xamsa» yozishga qirq ikki yoshida kirishdi. Shunda ham u o‘zini hali Nizomiy, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyga nisbatan «shogirdi bebizoat» (kamxarj shogird) deb hisoblar edi. Chunki uning fikricha, «Xamsa»dek buyuk va murakkab janrda qalam tebratadigan shoir yuksak she’riy iste’doddan tashqari katta hayotiy tajribaga ham ega bo‘lishi kerak edi. Bu albatta, undagi kamtarlik va odamiylik belgisi. Bu vaqtda u hali xalq orasida o‘z asarlari bilan keng tanilgan, tan olingan shoir bo‘lishi bilan birga hayotning ham achchiq-chuchugini, past-balandliklarini yetarli darajada tatib ko‘rgan, xuddi shu fursatda Xuroson mamlakatining bosh vaziri vazifasini bajarar, bu unga butun mamlakat, barcha ijtimoiy tabaqalar ahvoli bilan chuqur va batafsil tanishish imkoniyatini bergan edi. Xususan bu pallada Navoiyning avvalo shoir, qolaversa, katta davlat arbobi, mutafakkir sifatida badiiy asar orqali keng xalq ommasiga aytadigan gapi, dardi, fikr-mulohazalari ko‘nglida qalashib yotar edi. Shuning uchun «Xamsa»ning yaratilishi izohlarida birinchi o‘ringa adabiy faktlarni emas, balki hayotiy tajribani qo‘ysak, ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.
«Xamsa»ning yaratilishi jarayoniga diqqat bilan nazar solinsa, asar voqealari Navoiyning kundalik hayotidagi ijtimoiy-siyosiy voqea va hodisalar bilan bog‘liqligi, ularning uzluksiz ravishda shoir kayfiyatiga, ijodiga o‘z ta’sirini turli shakllarda ko‘rsata borishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Navoiy o‘z yaratmoqchi bo‘lgan asarini katta tepalik (qulla)dagi toshdan ishlangan buyuk bir qal’a, ulkan bino («binoiy rafe’») shaklida tasavvur etadi:
Qolmadi chun o‘zga manga chorae,Qal’a yasardek topibon xorae.Qulla chu ham oliy edi, ham vase’,Ustiga qo‘ydum bu binoyi rafe’.Bu ulkan «bino» besh qismdan iborat bo‘lishi, ya’ni Nizomiy, Xusrav Dehlaviy xamsalari kabi besh dostondan tashkil topishi kerak edi. Uni ko‘ngildagidek yaratish uchun esa Navoiy tinch va osoyishta ijod qilishi, hech kim unga xalaqit bermasligi lozim edi. Ammo buning imkoni yo‘q edi. So‘nggi temuriy podshohlaridan Sulton Husayn Boyqaro (1438—1506) Xuroson taxtini egallaganiga va Navoiyni Samarqanddan chiqarib unga o‘z saroyidan yuksak o‘rin berganiga o‘n to‘rt yil bo‘lgan, mamlakatda nisbatan tinchlik o‘rnatilgan, xo‘jalik, savdo-sotiq, madaniyat rivoji uchun bir qancha qulayliklar yaratilgan bo‘lsa ham, biroq ijtimoiy-siyosiy hayotda tub o‘zgarishlar sodir bo‘lmagan, kambag‘allar hali ham qashshoqlarcha yashar, na kosib, na dehqon o‘z tirikchiligidan qoniqmas, bular hammasi jamiyatning pastki qatlamlari orasida uzluksiz turli noroziliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lar edi. Omma yangi taxtga chiqqan Husayn Boyqaro va uning amaldorlaridan adolat, haqiqat talab qilib, shohni ham, bosh vazir — Navoiyni ham bezovta qilishga majbur edilar. Shu vaziyatni Navoiy «Xamsa»ning birinchi dostoni — «Hayratul-abror» so‘ngida tasvirlagan. Navoiy mazkur dostonning biron qismini yozishga chog‘lanib qo‘liga qalam olib, endi besh-o‘n bayt yozganida, kimdir uni chalg‘itgan, maslahat so‘ragan, yordam talab qilgan, xullas, ijodiy ishidan uzgan. U bosh vazir sifatida birinchi navbatda xalq va mamlakat, xususan, podshohlik vazifalari bilan shug‘ullanishga majbur edi. Bunday ishlar shunchalik ko‘p ediki, «Yo‘q edi bosh qoshig‘ali fursatim» deydi shoir.
Ayturig‘a chunki qo‘yuldi ko‘ngul,Aytmay o‘n bayt tutuldi ko‘ngul.Kim bor edi boshima ko‘p mehnatim,Yo‘q edi bosh qoshig‘ali fursatim.Tong tun qorong‘iligini pok supurgisi bilan tozalay boshlangandan to charx o‘zining qora choyshabini yopib, yulduzlarni namoyish etishga kirishgunga qadar Navoiyning davlat ishlari bilan, xususan, odamlarni, guruh-guruh shikoyatchilarni qabul qilish bilan band bo‘lganini u o‘zi shunday tasvirlaydi:
Menda bu mobayn erur zorliq,Xalq jafosig‘a giriftorliq.Bir dam ulus mehnatidin kom yo‘q.Bir nafas el javridin orom yo‘q.Kelgusi bu xasta g‘amobodig‘a,Ketmagi xud kelmay aning yodig‘a,Bir suruk albatta ko‘rub ketmayin,Toki burun ikki suruk yetmayin.Ushbu satrlardan ma’lum bo‘ldiki, kishilar Navoiyning oldiga oddiy ish bilan emas, balki, qiyin, amalga oshirish mushkul masalalar bo‘yicha kelganlar. Navoiy ularning hal etib bo‘ladigan ishlarini bajarib bergan, bitishi qiyin bo‘lgan ishlar bo‘yicha esa yumshoqlik bilan uzrini bildirgan. Ammo shikoyatchilarning hammasi ham Navoiyning yaxshi gaplariga osonlikcha rozi bo‘lib ketavermagan, janjallashgan, shovqin ko‘targan, uning oldidan ketmay o‘tirib olgan. Shuning uchun Navoiy bu o‘rinda: «Ketmagi xud kelmay aning yodiga» deydi. Bularning hammasi shoirning kayfiyatiga ko‘p vaqt salbiy ta’sir qilgan, asabini buzgan. Buni shoir ifodalaydi:
O‘t solibon, xotiri vayronima,Tongdan oqshomg‘a yetib jonima.Ish buyurub uylaki oson emas,Butmagi aql olida imkon emas.Uzr demak barchag‘a qattig‘ kelib,Necha chuchuk so‘z desa, achchig‘ kelib.Demak, «Xamsa»dagi «Hayratul-abror» va boshqa dostonlarning ko‘pgina satrlari real hayotdagi ana shunday ijtimoiy-siyosiy vaziyat va qodisalar ta’sirida yuzaga kelgan. Navoiy garchi o‘z oldiga adabiy jihatdan avvalgi «Xamsa»larga javob yozish vazifasini qo‘ygan bo‘lsa ham, ammo dostonlarning yuzaga kelishi real ijtimoiy-tarixiy muhit bilan bog‘liq. Bu asarning g‘oyaviy yo‘nalishini ham shu muhit, shu davrdagi vaziyat belgilab bergan. Navoiy dostonda shohlarning adolatsizligi, zulmi haqida:
Eyki, qaviy ayladi davlat qo‘lung,Zulm sari tushti valekin yo‘lung...Zulming erur kunduzu fisqing kecha!Zulmat ila fisqing necha bo‘lg‘ay, necha! —der ekan, bu mavhum xitob, adressiz chaqiriq, kitobiy gaplar emas edi. Uni o‘zi yashagan, ijod qilgan muhiti shunday fikrga olib kelgandi.
Navoiyning tundan oqshomgacha turli ijtimoiy guruhlarga mansub kishilarni qabul qilib, ularning shikoyatlarini tinglashi bu oddiy qabul emas, ulug‘ shoirning o‘z zamonasi bilan faol munosabati, ijodiy aloqasi edi. Shu jarayonda uning mamlakatdagi ijtimoiy tabaqalarga, ularning fe’lu atvoriga qarashi, bahosi ham tobora oydinlashib borgan. Navoiy «Vaqfiya» asarida o‘zining shu davr faoliyati haqida gapirganda «iligimdan kelgancha zulm tig‘in ushotib, mazlum jarohatig‘a intiqom malhamin yo‘qdim. Va iligimdin kelmaganni ul hazrat (Sulton Husayn Boyqaro — A.H.) arzig‘a yetkurdum», — deydi. Bu o‘rinda Navoiyning ijtimoiy zulmga bo‘lgan munosabati o‘zining aniq ifodasini topgan. «Xamsa»ning besh dostoni ham avvalo ana shu g‘oya, ana shu tezisning badiiy ifodasidir. Masalan, Navoiy boshqalarni ezish, talash hisobiga behisob boylik to‘plagan odamlardan, garchi u Qorun bo‘lsa ham, Rustam bo‘lsa ham, xalq norozi ekanini, ular hech qachon kelisha olmaganligini ochiq ta’kidlaydi va «Hayratul-abror»da yozadi:
Ilgida qoruncha bo‘lib ganju mol,Topmoq erur xalq rizosin mahol.Navoiy fikricha haqiqat mazlumlar tomonda. Mazlumlar va zolimlar, boylar va kambag‘allar orasidagi ziddiyatlar taftishi bilan har kuni band bo‘lgan shoir «Hayratul-abror» dostonini qog‘ozga tushirar ekan, uning barcha bob (maqolat)lari chuqur ijtimoiy mazmun kasb etishiga erishgan. Bu asardagi barcha salbiy tiplar hayotda bor odamlar edi. Shu bilan birga Navoiy yuksak sur’at bilan yozar, o‘z fikrlarini she’r bilan ifodalashga jadal intilar ekan, unga vaqt yetishmayotgandek, she’rlarining badiiy saviyasi esa u ko‘zlagan darajada emasdek tuyulardi:
Rishtai avqot chu qo‘toh edi;Kelmadi ul nav’ki dilxoh edi.Bu Navoiyning o‘ziga, o‘z ijodiga talabchanligi alomati edi. Shoir o‘ziga: ahvol shunday ekan, yozmay qo‘ya qolsang qanday bo‘lar ekan? — degan savolni ham qo‘yadi va bunga o‘zi javob beradi:
She’rki ham tushti mening jonima,Ul o‘t bu tosh durur jonima.Ne de olurmen tutubon barkini,Mumkin emas xud tutorim tarkini.Navoiy shoirlik o‘z qismati ekanini, she’r yozish joniga o‘t bo‘lsa ham, tosh bo‘lsa ham, bari bir, u bilan birga bo‘lishini, uni tark etish mumkin emasligini, yozmasa xalqqa aytishi kerak bo‘lgan gaplari qolib ketishi mumkinligini, buni esa u aslo istamasligini uqdirmoqda.
Navoiy «Hayratul — abror»ni hajriy 888 yili yoza boshlab, shu yili tugalladi. Asarning bitgan yili haqida shoir:
Nuqtai tarixiki, ahsan edi,Sekkizu sekkiz yuzu seksan edi, —deydi. Bu melodiy hisob bilan 1483 yilga to‘g‘ri keladi. Uni Navoiyning shaxsiy kotibi Abduljamil hijriy 889 yilning rabbial-oxir oyida, melodiy hisob bilan 1484 yil aprel oyida oqqa ko‘chirib bo‘lgan. Shoir 1483 yilning o‘zidayoq «Farhod va Shirin» dostonini yozishga kirishgan. Ish shu qadar tez borganki, hijriy 889 yil, melodiy 1484 yilning boshlaridayoq doston yozib bo‘lingan. Bu asarning yozilish tarixi haqida Navoiy doston oxirida quyidagi baytni bitgan:
Chu tarixi yilin onglay dedim tuz:Sekkiz yuz seksan erdi dog‘i to‘qquz.Shoir «Layli va Majnun» dostonining yozilish tarixini hech qaerda qayd etmagan. Abduljamil kotib dostonning ko‘chirilgan yilini hijriy 889 yilning zul-qa’da oyi, melodiy 1484 yilning noyabr oyi deb belgilagan. «Saddi Iskandariy» dostonidan shu narsa ma’lumki, to‘rtinchi doston — «Sab’ai sayyor»ni yozishga kirishish vaqtida Navoiy juda charchagan. Shuning uchun u ma’lum muddat yozish ishini to‘xtatib, bir oz dam olmoqchi
bo‘lgan va shunday qilgan ham. Lekin bu dam olish uzoqqa cho‘zilmay, besh-o‘n kun davom etgan, xolos. Ulug‘ shoir «Xamsa» g‘oyalari, obrazlari bilan yashar, ular unga tinchlik bermas, uni ishga, yangi ijodiy parvozlarga undar, san’atkorga tom ma’nodagi dam olish bo‘lishi mumkin emas edi. Bir oz hordiq zarurligi haqidagi boshqalarning maslahati ham shoirning qulog‘iga kirmasdan, u yana ishga kirishadi va «Xamsa»ning to‘rtinchi dostonini qog‘ozga tushira boshlaydi. Chunki u biron tasodif yuz berib, boshlagan ulug‘ ishining chala qslishi («yarim yo‘lda qolmoq»)ni aslo istamas, bu maqsadga yetishda har kun, har soatni hisoblar edi:
Nasihat mizojig‘a dargir yo‘q.Kuchum yetmasu o‘zg‘a tadbir yo‘q.Yarim yo‘lda qolmoq erur mushkul ish,Manga tushgan ish kimsaga tushmamish.Navoiy o‘z dostonlarini, xususan «Sab’ai sayyor»ni ortiqcha qiynalmasdan yozib tugallaganini bildiradi:
Yetishmay ko‘p ul ishta panjamg‘a ranj,Nasib o‘ldi besh ganjdin to‘rt ganj.Shu bilan birga besh mingcha baytdan iborat bu dostonni shoir to‘rt oyda yozib bitkazganini («to‘rt oydin ziyod emas») bildiradi va tarixini quyidagicha beggilaydi:
Garchi tarixi erdi sekkiz yuz Seksan o‘tmish edi, yana to‘qquz;Oyi onning «jumodiyus — soni»,«Panjshanba» yozildi unvoni.Bu — melodiy 1484 yilning iyun oyiga to‘g‘ri keladi. Abduljamil kotib ham uni shu yili oqqa ko‘chirgan. Navoiy rejasiga ko‘ra, «Sab’ai sayyor» «Xamsa»ning to‘rtinchi, «Layli va Majnun» esa uchinchi dostonidir. Binobarin, Navoiy 1484 yilning mart-aprel,may-iyun oylarida «Sab’ai sayyor» bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lsa, «Layli va Majnun» dostonini «Farhod va Shirin»dan keyin yoza boshlagan va tamomlagan. Ya’ni uni shoir juda qisqa bir muddatda — 1484 yilning yanvar-fevral oylarida yozib tugallagan. Shu yilning iyun oyidan so‘ng shoir «Xamsa»sining so‘ngi dostoni — «Saddi Iskandariy»ni yarata boshlagan va 1485 yilning birinchi yarimlarida uni ham yakunlagan. Demak, ulug‘ shoir 1484 yil boshida «Farhod va Shirin»ni tugallab, shu yili «Layli va Majnun» va «Sab’ai sayyor» dostonlarini yozgan va yil o‘rtalarida «Saddi Iskandariy»ni boshlagan. Shoir xususan 1484 yil davomida mislsiz darajada samarali ijod qilgan. Shu yili u o‘rta hisob bilan kuniga kamida 50—100 baytdan yozgan va Sharq she’riyati ijodiy tajribasida yuksak mahorat namunasini ko‘rsatgan. Ya’ni Navoiy butun yil davomida buyuk ijodiy pafos bilan yashagan va ishlagan. Binobarin, u «Xamsa» dostonlarini zo‘rma-zo‘rakilik, kuchanish bilan emas, haqiqiy she’riy ilhom bilan yaratgan. Poetik shavq-zavq butun yil davomida uning hamrohi bo‘lgan.
To‘g‘ri, Navoiy «Xamsa» ustida ishlash og‘ir bo‘lganidan ham ko‘z yummaydi. «Xamsa»ni yaratish jarayonida u behisob qiyinchiliklarga duch kelgan. Bu ishning o‘z mushkulliklari bo‘lishi ham tabiiy edi. Ammo har qanday qiyinchiliklarga qaramay shoir tinmay oldinga, maqsadga talpingan, tirmashib bo‘lsa ham yuksaklarga intilgan:
Talab yo‘lida tolpina, tirmana,Ne dushvor manzilg‘a yetmak yana!Lekin bu ijodiy ishning o‘ziga xos xususiyatidir. «Xamsa» yaratishdek murakkab va, Navoiy iborasi bilan aytganda, «dushvor ish»ning qiyin bir tomoni shundaki, yangi «Xamsa» yaratmoqchi bo‘lgan odam o‘z salaflarining «Xamsa»larini harf-harfigacha bilishi, shu bilan birga uning rivojiga o‘zidan yangiliklar qo‘shishi kerak edi. Navoiy «Xamsa» dostonlarini yaratishiga qadar Nizomiy, Xusrav Dehlaviy va boshqalarning shu tip asarlarini chuqur o‘rgangan bo‘lsa ham, lekin u bu bilan qoniqmay, o‘z «Xamsa»sini yozish jarayonida ham ularning asarlarini yangidan o‘qib, yangidan mutolaa qilib turgan. Shu bilan birga Navoiy xoh tarixiy mavzuda qalam tebratmasin, xoh folklor mavzuida yozmasin, o‘z salaflari ko‘rmagan adabiyotlarni ham o‘qishga, xalq orasidan hech kim eshitmagan qissa va afsonalarni ham to‘plab, ularni o‘rganishga, shu asosda yangi gap aytishga, yangi qahramonlarni topishga, ularni yozma adabiyotga olib kirishga, o‘z salaf-ustozlarining kamchilik va xatolarini takrorlamaslikka, she’riyat ummonidan ular termagan dur va javohirlarni qo‘lga kiritishga harakat qilgan. Masalan, u ikkinchi dostoniga oid forsiy, turkiy yozma va og‘zaki manbalarni, tarix saboqlarini o‘rganar ekan, ular orasidan mahorat bilan «Farhodi mahzun dostoni»ni ajratib, tanlab ola bildi. U o‘ziga murojaat qilib, avvalo, tarix kitoblarini o‘rganishga («Burun jam’ et nekim bo‘lg‘ay tavorix»), asosiy diqqatni Farhod obraziga qaratishga («Borida ista bu farxunda tarix») chaqirdi. Shunday chuqur ilmiy tahlil asosida u mehnat kishisi, olijanob Farhodni ikkinchi dostonining bosh qahramoni qilib oldi.
«Sab’ai sayyor» va «Saddi Iskandariy» dostonlarini yaratishda ham shoir shu xil ishlarni amalga oshirdi. Navoiy davriga kelib tarix ko‘p jihatdan buzilgan, o‘zgartib yuborilgan, mavjud adabiyotlarda esa behisob o‘zaro ixtiloflar bor edi. Navoiy Bahrom haqida doston yozishga kirishar ekan:
So‘zda tarix ixtilofi bor,Aqli tarixning xilofi bor, —deydi va tarixni o‘zicha o‘rganishga, Bahrom obrazini yangicha talqin etishga, shu asosda o‘z kontseptsiyasini belgilashga bel bog‘laydi. Doston oxirida shoh Bahrom Navoiyning tushiga kiradi va unga xitob qilib, uning xizmatlarini halol baholaydi:
...Buki tariximiz bayon qilding,Elga ahvolimiz ayon qilding...O‘zgalar ham yo‘nub bu ishga qalam,Ayladilar bu dostonni raqam...Ne eshitganni aylabon tasdiq,Qildilar nazm, aylamay tahqiq...Qissa ko‘prak ekanni bilmadilar,Yana istarga sa’y qilmadilar...Sen bu ishning payig‘a chun bording,Eski daftar base ko‘p axtarding...Navoiy faqat shoir emas, ayni vaqtda bilimdon olim ham bo‘lgan. Ilmiy tadqiqot bilan she’riy ijod «Xamsa»ni yozish vaqtida chambarchas birlashib ketgan. Bu qol shoir asarlarining mazmuniga mazmun qo‘shgan, ahamiyatini oshirgan. «Saddi Iskandariy» dostoni misolida buni yanada ravshanroq ko‘rish mumkin.
«Shohnoma», «Ilohiy komediya», «Haft avrang», «Urush va tinchlik», «Faust» kabi buyuk asarlarning yozilishi jarayonini o‘rganar ekanmiz, bu jahonshumul asarlarning yuzaga chiqishida hal qiluvchi narsa yozuvchining mehnati, uning shaxsiy fidoyiligi, o‘ziga nisbatan talabchanligi, ijodiy pozitsiyasi ekanini qayd etishga va tan olishga to‘g‘ri keladi. Haqiqiy san’atkorlarga xos tarzda Navoiy ham ijodni ijodkorning o‘ziga ham katta bahra keltiruvchi mehnat deb tushungan va uni juda erta bo‘yniga olib, umr bo‘yi, ayniqsa, «Xamsa»ni yaratish chog‘ida shu tushunchaga amal qilgan. Bu davrda Navoiyning orzusi boshqa hamma ishlardan, shu jumladan, bosh vazirlik lavozimidan ham qutulib, faqat shu asarini yozush bilan shug‘ullanish edi. «Farhod va Shirin»da Navoiy yozadi:
Farog‘at kunjida bir go‘sha tutsam;Meni el, men dag‘i elni unutsam.Bori ashg‘oldin shoh tutsa ma’zur,Ki bo‘lsam so‘z demak shug‘liha ma’mur.Agar aytgan sharoiti yaratilsa, hech kim unga halal yetkizmasa, Navoiy yigirma to‘rt soat davomida kechayu-kunduz ishlashga tayyorligini asarlarining g‘oyaviy-badiiy saviyasini esa eng yuqori nuqtaga olib chiqishi mumkinligini aytgan:
Yigirma to‘rt soat kecha-kunduz Yigirma to‘rt dam ursam nafas tuz,Kim andin vaqtima yetsa huzure.Birovdin topmasa ko‘nglim future, —Raqam qilg‘on parishon nomalardin,Yozilg‘on rabti yo‘q hangomalardin —Hamono teztak aylab qalamni,Ravonroq torta olg‘aymen raqamni.Ham o‘lg‘ay bu raqamdin san’ati ko‘p,Ham o‘lg‘ay san’atida diqqati ko‘p.Navoiy bu masalada shohga ham murojaat qilgan, ammo natija chiqmagan. Oqibatda shoir davlat, jamoat ishlari bilan ijodiy ishlarini qo‘shib olib borishga majbur bo‘ladi. U ko‘proq kechalari yozar («Ki aylab tunlar uyqu harom»), uyqu hisobiga «ajabdin ajab» asarlarini shakllantirar, biri tugashi bilan ikkinchisi o‘zi qog‘ozga durru gavhar bo‘lib to‘kila boshlar, bundan mamnun shoir horib charchaganini bilmas edi.
«Xamsa» dostonlarini yaratishdagi yana bir muhim moment Navoiyning «Xamsa» yaratishdan juda katta maqsadlarni ko‘zda tutgani, o‘ziniig eng ulug‘ g‘oyalari («ulug‘ komlar»)ni shu epik shakldagina keng ifodalash imkoniga egaligini chuqur tushunib, o‘zining butun mehr-muhabbati bilan bu ishga qo‘l urgani, unda bu asarni yaratishga ishtiyoq asar oxirigacha zarracha bo‘lsa-da so‘nmaganidir. «Hayratul — abror»da jamiyat ahvoli va taraqqiyoti, kishilarning xulq-axloqi bilan bog‘liq barcha fikrlarini shoir o‘z nomidan aytgan, asar markazida o‘zi turgan bo‘lsa, «Farhod va Shirin»da o‘zining mehnat kishisi, haqiqiy pok inson tushunchasi bilan bog‘liq qarashlarini Farhod va Shirin obrazlari orqali gavdalantiradi. «Layli va Majnun»da Navoiy adolatsizlik asosiga qurilgan ijtimoiy tuzum sharoitidagi inson fojiasini tasvirlaydi. Ularga o‘zini qalban juda yaqin tutib, o‘zi benihoya ta’sirlanib, ba’zan esa o‘zini shu qahramonlari bilan bir jon bir tan his qilib yozadi. Doston oxirida shoir shu qissani «Yig‘lay-yig‘lay tugatdim oxir» deydiki, bunda juda katta ma’no bor. «Sab’ai sayyor»da shoh Bahrom obrazi orqali davrining podshosi Sulton Husaynni ko‘rsa, bu asardagi hikoyalarda o‘zbek xalq ma’naviy boyligini, uning orzu-umidlarini kuylaydi. «Saddi Iskandariy» dostonida ulug‘ shoirning ijtimoiy-siyosiy qarashlari, adolat, ma’rifat bilan bog‘liq tushunchalari o‘zining eng mukammal tasvirini topishi kerak edi. Navoiy butun hayoti davomida shunday qarash va g‘oyalar bilan yashagan edi. Uning uchun ushbu g‘oyalarni she’riy-badiiy gavdalantirish u qilish lozim bo‘lgan ishlarning eng muqimi va asosiysi edi. Shu sababli u o‘z ona tilida «Xamsa» yaratish bilan oliy muddaosiga yetajagini ifodalab, o‘ziga o‘zi:
— Ki bu mulk aro qahramon bo‘lg‘asen.Ulus ichra sohibqiron bo‘lg‘asen! —deb hayqirar ekan, u haq edi. Shuning uchun «Xamsa»ni muvaffaqiyatli tugallash haqidagi istak uni doim oldinga yetaklardi va shoirga cheksiz ilhom bag‘ishlar edi. Obrazli qilib aytganda, u goh o‘z qahramonlari qiyofasiga kirib, goh ularga juda yaqin turib qalam tebratar, har bir dostonini, har bir bobini bitirganda o‘zini maqsadiga tobora yaqinlashgan his etar edi.
«Xamsa»ning yuzaga kelishida Navoiy zamondoshlari, «Xamsa» yozgan yoki bu janrdagi biron javob aytgan qalamkashlar, she’riyat ixlosmandlari ham katta ijobiy rol o‘ynaganlar. Bunda Abdurahmon Jomiy qanday rol o‘ynaganiga yuqorida to‘xtalib o‘tdik. Navoiy har dostoni boshida bu ulug‘ daho madhiga maxsus boblarda madh o‘qishi bejiz emas. Navoiydan sal burun Ashraf, Hoja Kirmoniy kabi shoirlar ham «Xamsa» yozgan va Navoiy ularning «Xamsa»lari bilan ham yaqin tanish edi. Shuning uchun «Muhokamatul — lug‘atayn»da Navoiy «Layli va Majnun»ni yaratishda Hojuning «Gavharnoma» nomli, «Sab’ai sayyor»ni yozishda Ashrafning «Haft paykar» nomli dostonlaridan ham ta’sirlanganini qayd etar ekan, bunda ma’lum haqiqat yo‘q emas.
Shu bilan birga Navoiy «Majolisun — nafois» tazkirasida o‘z zamondoshlaridan Aliy Ohiy, Kotibiy, Fasih Rumiy, Mavlono Darveshali, Xoja Hasan, Mavlono Abdullo, Amir Shayxim Suhayliy, Xoja Imod kabi o‘nlab xamsanavislarning nomlarini zikr etadi. Masalan, bulardan Amir Shayxim Suhayliy bilan Navoiy shu qadar yaqin bo‘lganki, unga «Majolisun — nafois»dagi uchinchi majlisdan Jomiydan keyin ikkinchi o‘rinni bergan. Bu o‘rinda Navoiy Suhayliyni maqtab kelib, so‘zining oxirida: «Avvaldin oxirg‘acha faqir bila iltifot va ittihodi ko‘p mundun ortuq ta’rifin qilinsa, o‘zumni ta’rif qilg‘ondek bo‘lurdin qo‘rqub, ixtisor qilindi» — deydi. Suhayliy ham an’anaviy «Xamsa»ning «Layli va Majnun» syujetiga javob yozgan edi. Navoiy «Xamsa»sini tugallagach, podshoh Husayn Boyqaro ham uni g‘oyat iliq kutib olgan.
Nihoyat, Navoiy «Xamsa»sining vujudga kelishi davomidagi eng katta tabiiy qiyinchiliklardan biri — bu til masalasidir. Navoiygacha yaratilgan barcha «Xamsa»lar forsiy tilda bo‘lib, o‘zbek tilida bu tipdagi asarni yaratish juda ko‘p ilmiy, siyosiy, adabiy, lingvistik tushunchalarni shu tilda ifodalash degan gap edi. Navoiy bu ishga juda qattiq kirishdi. U o‘z asarini yaratishda faqat adabiy til yoki bir sheva imkoniyatlari bilan cheklanmadi. U o‘zbek tilining barcha shevalariga xos nozikliklarini kashf etishga intildi. «Xamsa» tufayli o‘zbek adabiy tili o‘zining yangi va mukammal qiyofasiga ega bo‘ldi. Ko‘pgina mafhumlarni esa Navoiy o‘zi yaratdi. Shuning uchun «Xamsa»ni yaratish bilan bog‘liq qiyinchilik va to‘siqlar ustida gap borar ekan, til bilan bog‘liq ahvolga Navoiy alohida to‘xtaladi. Navoiy fikricha, har qanday kishining boshqalar bilan so‘zlashadigan kundalik ona tili odatdagi, ko‘p marta takrorlanadigan hodisa bo‘lib, unga odamlar ko‘pda e’tibor bilan qaramaydilar, qanday o‘ng kelsa shunday gaplashadilar. Odamga gap-so‘zidagi kamchiliklar uncha bilinmaydi. Go‘yo har kuni ishlatiladigan, talaffuz etiladigan so‘zlar, gaplar kishining farzandidek, o‘z a’zosidek. Lekin gaplashuv tili bilan adabiy til o‘rtasida katta farq bor. So‘zlarning og‘zaki talaffuzida ko‘p duduqlik, nomukammallik («laknatlar») bo‘ladi. Adabiy asarda shoir ularni tuzatishi, so‘z va iboralarni to‘g‘ri qo‘llashi va talaffuz etishi, adabiy tilga ko‘chirishda o‘ziga talabchan bo‘lishi, boshqalar bilan maslahatlashib turishi, bu haqda tilni yaxshi biladigan odamlarning gaplariga quloq solishi, bir so‘z bilan aytganda, tilga nihoyatda ehtiyot bo‘lishi zarur. Navoiy o‘zining bu fikrlarini «Saddi Iskandariy» dostonining oxirida quyidagicha konkretlashtiradi:
Tuzaldi bu nazming base sarsari,Yana turki alfoz anga bir sari,Ki har necha kim diqqati bordur,Talaffuz aro laknati bordur.So‘zungniki yaxshi ko‘rursun o‘zung,Ko‘runmas yomon, chun erur o‘z so‘zing.Qoshingda sening garchi ko‘p vazni bor,Chu bor o‘z so‘zing, — yo‘q anga e’tibor,Ki so‘z zodai tab’u farzand erur,Chu farzand erur, jong‘a payvand erur...Besh yuz yillik tarix shunday guvohlik beradiki, chindan ham Alisher Navoiy «Xamsa»sining yaratilishi o‘zbek xalqi madaniyati tarixidagi eng katta voqealardan biri hisoblanadi. Bu asarning yozilishi jarayonini o‘rganish ijodkorlar uchun katta maktab. Navoiy «Xamsa»si avvalo, o‘z davri ijtimoiy siyosiy va madaniy hayotining qolaversa Navoiydagi noyob genial she’riy iste’dodning mahsuli. Shu bilan birga bu adabiy yodgorlik jahon adabiyotining eng yaxshi, eng ulug‘ namunalari kabi hamma davrlarning, hamma xalqlarning hamda barcha avlodlarning sevimli va ardoqli asari bo‘lib qoldi. Uning ko‘p tillarga tarjima qilingani va qilinayotganligi ham shundan dalolat beradi.
“Sharq yulduzi” jurnali, 1985 yil, 9-son.
____________
[1] Bu haqda Navoiy ustozi Sayyid Hasan Ardasherga yozgan she’riy maktubida ma’lumot beradi. — A. H.