OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Anna Gagarina. Qalb xotirasi (1986)

http://ziyouz.uz/images/yuriy_gagarin.jpg

Yaxshi niyatli butun Insoniyat samoga birinchi bo‘lib qilingan tarixiy parvozning 25 yilligini tantana bilan nishonlamoqda. Bu hayratomuz parvoz 1961 yil 12 aprel kuni ro‘y bergan edi, Sovet Ittifoqining fuqarosi Yuriy Alekseevich Gagarin odamzot tarixida birinchi bo‘lib kosmik bo‘shliqqa yo‘l ochdi.

Kosmonavtning onasi — Anna Timofeevna Gagarina oddiy, zahmatkash ayol edi. Umrining so‘nggi yillarida, u o‘g‘li Yuriy haqida katta kitob yozish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Anna Timofeevnaning «Qalb xotirasi» kitobi ham Onaning farzandini, olamga mashhur bo‘lgan, ammo umrining oxirigacha kamtar, oddiy va ulug‘ inson bo‘lib qolgan farzandini qo‘msash hissi bilan to‘liq. Ayrim boblari e’lon qilinayotgan bu xotiralar Yuriy Gagarinning naqadar kamtarin inson bo‘lganidan dalolat beradi.

Arafa

Ko‘pincha mendan, Yura kosmik parvozga tayyorlanayotganini sizga gapirganmidi, deb so‘rashadi. Yo‘q, gapirgan emasdi. Biz shunaqa bo‘lishini bilarmidik? Yo‘q, bilmasdik. Taxmin qilarmidik? Taxmin qilish uyoqda tursin, o‘sha paytda kosmosga odam chiqishi yetti uxlab tushimizga kirmagan. 1961 yil 12 aprel kuni hukumat axboroti e’lon qilinguncha shunday voqea ro‘y berishi xayolimizga ham kelmagan edi.

Yura uyimizdan ketib, o‘z qismiga qaytib borganidan keyin bir oy o‘tib xat keldi. Xatida «uyga kirib o‘tsam kerak», deb yozibdi. Bundan chiqdi, uni yana Moskvaga chaqirishgan. Bu safar u uyimizga faqat bir necha soatga kelib ketdi. Lekin ota-ona uchun shuning o‘zi ham g‘animat edi. Yura yana meditsina sinovidan, juda qattiq, batafsil, ko‘p kunlik sinovdan o‘tayotganini aytdi.

— Nima balo, sendan nima izlashyapti doktorlar? — deb so‘radi Aleksey Ivanovich.

Yura, yaqin orada qandaydir juda muhim qarorlar qabul qilinishini kutgan odamdek qaytib ketdi. Tug‘ilgan kuni 9 martni o‘z oilasida, qizchasi bilan nishonlashga shoshilar edi. Ketidan polkka chaqiruv qog‘ozi keldi. 11 mart kuni Yura xotini Valya bilan qizchasi Lenochkani olib, Moskvaga uchib ketdi.

Men yengil tortdim. Ko‘nglim sezgani bejiz emas ekan. O‘g‘lim o‘zimizga yaqin joyda xizmat qiladigan bo‘ldi. Xayriyat, hamma bolalarimni bir yerga to‘play olaman.

Endi Yura uchuvchi va parashyutchilar shaharchasida yashar edi. Men ularni ko‘rgani bordim. Yasliga navbat yetguncha nevaramni menga beraqolinglar, o‘zim qarab turaman, dedim. Shunday qilib, qizaloqni uyga olib keldim. Yura bilan Valya hafta sayin xabar olib turishdi.

O‘g‘limning ishi haqida faqat bir narsani bilar edik. U ertadan-kechgacha ish bilan band, zo‘r berib o‘qiyapti, sport bilan shug‘ullanayapti, qandaydir sinovlardan o‘tayapti. Harbiy uchuvchi sir saqlashi kerak. Shu boisdan biz har narsani surishtirib uni qiynamasdik.

Endi eslasam, kunlardan birida kosmosga tirik odamni chiqarish haqida gap aylanibdi. O‘sha kezlari samoga kosmik apparatda itlarni chiqarib, sinashayotgan edi.

Bir safar Yuraning opasi Zoya gap qistirib qoldi.

— Bu ketishi bo‘lsa odam ham uchadi shekilli?

— Uchadi! — dedi Yura baland ovozda.

Gapga Aleksey Ivanovich aralashdi.

— Nima, sen uchmoqchimisan?

Yo‘q, bu savolda Yuraning rejalarini bilish istagi yo‘q edi. Hamma gap shundaki, dadasi Yuraning gap ohangidan maqtanchoqlikka o‘xshagan narsani sezgandek bo‘ldi. Shuning uchun gapga aralashdi.

— Agar shu vazifani menga topshirishsa, uchaveraman, — dedi Yura dadasiga.

— Xay-xay-xay, ucharmish! — dedi Aleksey Ivanovich ta’naomuz ohangda. — Bunaqa ishlarni olimlar eplaydi. Senga yo‘l bo‘lsin!

Yura xafa bo‘lmadi. Kulib qo‘yaqoldi. Aleksey Ivanovich ham harqalay o‘g‘lini tartibga chaqirib qo‘yganidan mamnun bo‘ldi.

Yozda Valyaga otang og‘irlashib qoldi, degan telegramma keldi. Kelinimning g‘ami harchand og‘ir bo‘lmasin, shunday qiyin paytda ham erini ayadi.

— Oyi! Men Yuraga hech nima demadim. Hozir ularning gruppasida juda mas’uliyatli parashyut sinovlari bo‘lyapti. Eshitsa, ko‘ngli buziladi.

Valya Orenburgga ketdi. Ivan Stepanovichning ahvoli og‘irlashib, bora-bora, iyun oyida qazo qildi. Valya buni eri komandirovkadan qaytganidan keyingina xabar qildi. Men kelinimning aqli rasoligiga, mehribonligiga yana bir marta ishondim. O‘g‘limning peshonasi yarqirganidan xursand bo‘ldim. Ammo Yura qanaqa gruppada, qanaqa sinov o‘tkazyapti, bunisini bilmasdik.

1960 yil 16 iyun kuni Yurani Kommunistik partiyaga qabul qilishdi...

O‘sha kezlari Yura kosmik parvozga tayyorlanayotgan ekan. Ammo biz bundan bexabar edik.

Bu sirni faqat bitta odam — Valyaga ishonib aytishgan ekan. Bo‘lajak kosmonavtlarning xotinlarini general suhbatga chaqiribdi. Mo‘ljallangan programmalar haqida gapiribdi. Erlaringizni kosmik parvozga tayyorlashga yordam beringlar, uydagi mayda-chuyda ro‘zg‘or tashvishlariga aralashtirib, ovora qilmanglar, debdi.

Yura bir nimani kutib yurganini bilar edim. Lekin u buni sezdirmaslikka harakat qilardi. Tez-tez uyga kelib, xo‘jalik ishlariga qarashar, tomorqada yer kavlar, kartoshka chopiq qilar, bodring sug‘orardi.

Kunlardan birida u Valya hamda Lenochka bilan kelib qoldi. Yurani tanimay qopman. O‘g‘lim to‘q kulrang kostyum kiygan, kiyimi o‘ziga quyib qo‘ygandek yarashib turardi. Faqat uning harbiy kiyimda emasligi odamni sal hayron qoldirardi. Shuni so‘rasam, o‘zim ham grajdancha kiyimda yurishga o‘rganolmayapman, deb javob qildi.

O‘sha kelishlarida er-xotin Klyazmada dam olishganini tasvirlovchi allaqancha fotosuratlar olib kelishdi. O‘tgan yakshanba kuni o‘sha yerda dam olishgan ekan. Yuraning xolavachchalari bu haqda Klyazmadan xat yozishgandi. Albatta, xatlarda odamni tashvishga soladigan gap yo‘q edi. Lekin bir narsani o‘qib, ancha besaranjom bo‘ldim. Yozishlariga qaraganda Yura daryoga sakragan ekan, oyog‘ini shisha kesib ketibdi. Yarasi uncha katta bo‘lmasa ham Valya ko‘rib qolib, erini juda qattiq koyibdi. «Nima balo, ikkalovi noahilmi, deyman» deb yozibdi xolasi.

Men tashvishga tushib qoldim. O‘g‘lim bilan kelinim eshikdan kirib kelishganda razm solsam, yo‘q, binoyidek. Harqalay so‘ragim keldi.

— Oyog‘ingga nima qildi, Yura?

O‘g‘lim xoxolab kuldi.

— Qiziqmisiz, oyi, qachondan buyon mening g‘urralarimni sanaydigan bo‘lib qoldingiz?

Men gapimda turib oldim. Hadeb so‘rayvergan edim, o‘tgan gapdan xabardorligimni bilib, tushuntirdi.

— Hozir bizda juda mas’uliyatli mashqlar bo‘lyapti. Yuz protsent sog‘lom bo‘lishimiz kerak.

Gapga Valya aralashdi.

— Oyi, ayb menda. O‘zimni tutolmay qoldim. Hammaning oldida Yurani koyib, xato qildim.

Mening ko‘nglim tinchidi.

— Yaxshi, — dedim. — Yara-chaqa degan narsa bosilib ketadi, arzimagan gap bilan bir-birlaringning dilingni og‘ritmanglar.

— To‘g‘ri, — dedi Yura. — Bundan keyin ehtiyot bo‘laman. Va’da beraman.

Valya jilmaydi. Mening ham dilim yorishdi.

...Yura borgan sayin tez-tez va uzoq cho‘ziladigan komandirovkalarga boradigan bo‘lib qoldi. Bu paytda «dinamik» zavodi kichik o‘g‘lim Boryani Moskvaga, o‘qishga yuboradigan bo‘ldi. Biz unga, akangning uyida turaqol, deb maslahat berdik. Harqalay, bitta yordamchi ko‘payadi. Yura komandirovkaga ketsa, xotini yolg‘iz qolmasligini o‘ylab, ko‘ngli tinchiydi.

Borya gapimizga kirdi. Tez orada Yuradan xat keldi.

«Salom dada, oyi, Dmitriy, Zoya, Tomochka va Yurochka. Valentinning uy ichlariga ham salom. Xatingizni oldim, katta rahmat. Mana javobini yozayapman. Vaqtim juda ziq. Shuning uchun xatni qisqa qilaman.

Biz hammamiz sog‘-salomatmiz. Lena yasliga o‘rganib qoldi. Xursand bo‘lib borayapti. O‘zim ertadan-kechgacha ishdaman. Valyaning ahvoli yaxshi. Oy-kuni juda yaqin qoldi. Uy yumushlariga qiynalyapti, lekin chidayapti. Bir yarim haftalardan keyin ko‘zi yorisa kerak. Yaqinda Boris keldi. Biznikida turadigan bo‘ldi. Boradigan joyi uzoqroq, lekin qolgan hammasi joyida.

Oyi, xatni olishingiz bilan biznikiga kelsangiz. Indinga oylik olishim bilan pul jo‘nataman. Lekin siz mendan pul borishini kutib o‘tirmang. Yo‘lkira topsangiz bo‘ldi. Qolganini shu yerda hal qilaveramiz. Judayam shoshmasak ham bo‘lardi-ku, muddatdan oldin Valyaning ko‘zi yorib qolsa, nima bo‘ladi, deb tashvish qilyapman. Shuning uchun iltimos, tezroq keling. Chamasi hamma gapni aytdim shekilli. Xayr. Sog‘inchli salom bilan Yura, Valya, Lenochka va Boris».

3.2.61.

Yuraning xatida xotinidan juda tashvishlanayotgani sezilib turardi. Valyaning ko‘zi yorib qolsa, yonida kim bo‘ladi, deb xavotirlanayotgani aniq. Albatta, men pul kelishini kutib o‘tirmadim. Uchuvchilar shaharchasiga keldim. Lenochkaga qaray boshladim. Qizaloqning endigina tili chiqa boshlagan. Juda shirin, sho‘x edi.

Kelinimning oy-kuni judayam yaqinlashib qoldi. Yurani bo‘lsa, navbatdagi komandirovkaga jo‘natishdi. O‘g‘lim, ketsam, xotinimning holi nima kechadi, deb jonsarak bo‘lar edi. Valyaning yonidan jilmang, deb qayta-qayta tayinladi. Hay, bola-ya! O‘zimning ham aqlim yetadi-ku bunga! Shunday bo‘lsayam o‘g‘limni yupatdim.

— Xavotir olma, bolam. Kerak bo‘lsa, nevaramga o‘zim doyalik qilaman.

Nima uchundir kelinim o‘g‘il tug‘adi deb o‘ylardim. Yura bo‘lsa, xuddi birinchi safardagidek Valya yana qiz tug‘ishiga ishonardi. Valyani xotin-qizlar bayrami arafasida tug‘uruqxonaga olib ketishdi. Biz kasalxona qabulxonasidan ketgimiz kelmas, kutib o‘tirardik.

7 mart kuni Gagarinlar oilasida yana bir qizaloq dunyoga keldi.

Yura o‘zida yo‘q xursand edi. Ishi harchand ko‘p bo‘lmasin, uyga kelishi bilan xotiniga ko‘maklashar, ammo kechalari Valya uni qizaloqlarning xonasiga kiritmas edi.

— Sen to‘yib uxlashing qerak, — derdi.

Yura ba’zi kunlari kechqurun Borya bilan uzoq choyxo‘rlik qilar, uyoq-buyoqdan gaplashib o‘tirishardi. Aka-uka bolalikdan juda ahil edi o‘zi.

Mart oyining oxirida Yura navbatdagi komandirovkaga ketdi. Bolamning qiyofasida biron o‘zgarish sezmadim. Faqat xayrlashayotganida bir gapni qayta- qayta aytdi.

— Oyi! Valyani yolg‘iz qoldirmang...

Biz kelinim bilan ikkalamiz qoldik. Valya qandaydir asabiyroq vaziyatda yurgandek ko‘rinar, xuddi tarang tortilgan torga o‘xshardi. Men, shuncha dard chekdi, shungadir-da, deb qo‘ya qoldim.

To‘satdan Gjatskdan telegramma kelib qoldi. Aleksey Ivanovich qattiq betob bo‘lib qolibdi. Nima qilishga hayron edim. Vyolya uyga boravering, deb qistay boshladi. Men bo‘lsam, uni yolg‘iz tashlab ketgim kelmasdi. Lekin kelinim, qo‘yavering, «o‘zimiznikilar» yolg‘iz qoldirishmaydi, deb tushuntirdi. Yuraning uyiga o‘rtoqlari Aleksey Leonov, Pavel Popovich, Andriyan Nikolaev, Valeriy Bikovskiy, Pavel Belyaev, Vladimir Komarovlar tez-tez kelib turishardi. German Titov esa Yuraning yon qo‘shnisi edi. Garchand pod’ezdi ikkita bo‘lsa-da, balkoni yonma-yon ulfatlarning xotinlari ham dugona edi. O‘shanda Nikolaev bilan Bikovskiydan boshqa hammalari uylangan edi. Valyaning gapi meni qanoatlantirdi. O‘g‘limning iltimosini bajarolmadim, deb, ko‘nglim harchand alag‘da bo‘lmasin, Gjatskga jo‘nab ketdim.

Aleksey Ivanovich ancha tuzalib qoldi. Sal qaddini rostlashi bilan ishga borgisi kelib qoldi. Men bo‘lsam, Yuranikiga tezroq jo‘nagim, Valyaning, nevaralarimning oldida bo‘lgim kelardi.

Bu kun 1961 yil 11 aprel edi.

Ertasiga eski odatim bo‘yicha kallai saharlab uyg‘ondim. Nonushta tayyorlab, hammani ish-ishiga jo‘natishim kerak edi...

Osmon tip-tiniq. Tillarang nurlarini sochib, quyosh chiqib kelardi. Havoda yangi uyg‘ongan kurtaklar hidi kezadi. Erta bahorni judayam yaxshi ko‘raman. Hammayoqda jonlanish, sen ham bir nimani kutib yashayotganga o‘xshaysan. Ehtimol bu tuyg‘u bir vaqtlargi dehqonchilik hayotimizdan qolgandir. Odatda dehqonlar ekin-tikinga tayyorlanayotganda shunaqa patagiga qurt tushib qoladi...

Eng avval dasturxonga Aleksey Ivanovichni chaqirdim. U hammadan oldin ishga ketadi. O‘zim ham ul-bo‘l yeb olaqoldim.

Cholim duradgorlik qutisini kecha kechqurunoq tayyorlab qo‘ygan edi. Faqat tushlik ovqatni — pishgan tuxum, non, kartoshkani toza lattaga o‘rab, quti ichiga solib qo‘ydim.

— Bo‘pti, Nyura, men ketdim! —dedi Alyosha xayrlashib. Men uni darvozagacha kuzatib chiqdim. Oyoq ostida tungi sovuqda muzlagan yer qisirlar edi. Cholimning orqasidan anchagacha qarab turdim. Alyosha yengil-engil qadam tashlab ketardi. Boradigan joyi uzoq — o‘n ikki kilometr. Lekin u bu yo‘llardan ko‘p marta o‘tgan.

...Boshqalarni ham uyg‘otib, oldiga dasturxon yozdim. Uyda faqat Zoya ikkalamiz qoldik. Qizim shu kuni ikkinchi smenaga borishi kerak edi. Uydagi mayda-chuyda yumushlarni bajarishga kirishdik, Uyoq-buyoqni yig‘ishtirayotgan edim, qarasam, kimdir ko‘cha eshikni hovliqib taqillatyapti. Quloq solsam Valentinning xotini Mariya ovozi boricha qichqiryapti.

— Oyi! Radio qo‘yganmisiz? Oyi! Nega indamaysiz? Radioni qo‘ying, deyman! Bizning Yura...

Eshikka otildim. O‘lik-tirigimni bilmay, karaxt bo‘lib qolibman.

— Nima? Nima, Yura? Yuraga nima qipti?

Mariya esa o‘zi ham esankirab qolgan, nima gapligini tuzuk-quruq tushuntirolmaydi.

— Radiodan aytdi, inson bolasi birinchi bo‘lib kosmosga chiqibdi. Bizning Yura kosmik kema komandiri emish.

Boyqo‘ng‘ir

Anna Timofeevna o‘g‘li bilan xayrlashgan o‘sha 1961 yilning mart kunida Yura o‘z o‘rtoqlari German Titov, Andriyan Nikolaev va kosmonavtlikka boshqa nomzodlar bilan kosmodromga uchib ketgan edi. Ular bu yerda uchuvchisiz parvoz qiladigan so‘nggi yo‘ldosh kemaning uchirilishini kuzatishardi. Shundan keyin inson boshqaradigan birinchi kema parvoz qilishi kerak edi. Xullas bu, bosh repetitsiya edi. O‘shanda Anna Timofeevna kosmodrom nimaligini ham, kosmik kema uchirilishini ham, o‘g‘li o‘zini bag‘ishlagan yangi ish nimaligini ham bilmas edi.

«Vostok» tipidagi beshta yo‘ldosh — kemani sinov uchun uchirib ko‘rishga qaror qilindi. Ba’zilarida jonivorlar, ba’zilarida odam manikenlari uchirib ko‘rildi.

Birinchi parvoz shuni ko‘rsatdiki, kosmos jinday xatoni ham kechirmas ekan. Kema programmani bajarib bo‘lganidan keyin yerdan turib radio orqali tormoz dvigateli ishga solinganida kutilmagan hodisa ro‘y berdi. Kema pastlash o‘rniga yangi orbitaga chiqib ketdi va Yerning yana bir sun’iy yo‘ldoshiga aylanib qoldi. Tekshirib ko‘rishsa, orientatsiya sistemasida kamchilik bor ekan. Tormoz dvigateli kema tezligini kamaytirish o‘rniga qo‘shimcha tezlik berib, Kema Yerdan uzoqlashib ketgan.

P. Korolyov xatolikni nihoyatda sinchiklab tekshira boshladi. Kema nima uchun «o‘zini bunday tutganini» o‘rgandi. U bu narsani bilar edi.

Xatolar odamni ko‘p narsaga o‘rgatadi. Korolyov bu haqiqatni o‘zi ham bilar, boshqalarga ham uqtirar edi.

Belka va Strelka laqabli itlar bilan qilingan parvoz programma bo‘yicha bexato o‘tdi.

1960 yil 1 dekabr kuni uchinchi kema uchirilib ko‘rildi. Parvoz muvaffaqiyatli boshlandi. Lekin kema Yerga qaytayotganda pastlash troektoriyasi mo‘ljaldan adashib kosmik kema atmosferaning zich qatlamiga kirganida portlab ketdi.

Kosmonavtlar Bosh konstruktor bunday muvaffaqiyatsizliklardan qattiq iztirobga tushayotganini bilishar edi. Yosh uchuvchilar S. P. Korolyovga azaldan ma’lum bo‘lgan haqiqatni qayta-qayta gapirishardi. Yangilik hech qachon sip-silliq ro‘yobga chiqmaydi. Aviatsiya praktikasida ham shunday hodisalar bo‘lgan. Uchuvchilar bu kasbni tanlayotganlarida zimmalarida qanday xatarli vazifa turganligini oldindan bilishgan. Shu boisdan har biri o‘z mahoratini oshirib borishar, xavf-xatarni iloji boricha minimum darajasiga olib kelishga harakat qilishardi.

P. Korolyov ham muttasil shuni o‘ylardi.

«Bizning shiorimiz odamlarni asrash, — deb yozar edi u xotiniga, Iloyo shunga muvaffaq bo‘laylik...»

O‘z do‘stiga yozgan xatida esa Korolyov shunday degan edi: «Hamma narsani tekshirib bo‘ldim, deganingda ham albatta qandaydir xavf-xatar saqlanib qoladi. Ana o‘sha xatar menga hech tinchlik bermaydi».

Inson bolasining kosmik bo‘shliqqa uchishiga esa to‘rt yarim oy vaqt qolgan edi...

Uchuvchisiz parvoz qilgan to‘rtinchi kosmik kema sinovi muvaffaqiyatli o‘tdi. Mana, nihoyat, beshinchi kemani uchirishda kosmonavtlar ham ishtirok etadigan, kema parvozini kuzatadigan bo‘lishdi.

Boyqo‘ng‘ir ularni tip-tiniq osmoni, maysalar qoplagan cho‘l, parvozni tayyorlayotgan barcha bo‘linmalardagi amaliy ish bilan kutib oldi. Bo‘lg‘usi kosmonavtlar oltovlashib kosmodromni ko‘rib chiqishdi... Beshinchi kema parvoz qiladigan kuni ular kosmik kema passajiri — Zvyozdochka laqabli itni liftgacha kuzatib qo‘yishdi. Zvyozdochka Yerga omon-eson qaytib tushdi.

O‘sha komandirovkadan keyin Yura uyda biroz muddat bo‘lib, yana Boyqo‘ng‘irga ketdi. Bu safar kosmodromga uchirilayotgan kemani tomosha qiluvchilar emas, kosmik kema komandiri bilan uning dublyori borishi kerak edi. Shuncha odam orasidan bittasini tanlab olish juda mushkul edi. Har bir uchuvchining o‘ziga xos kuchli tomonlari bor edi. Ojiz tomonlari esa yo‘q hisob. Meditsina ko‘rigining natijalari solishtirib ko‘rilar, mashqlar paytidagi xulosalar taqqoslanardi. Hamma ko‘rsatkich bab-baravar edi. Birdaniga emas, asta-sekin, bo‘lajak kosmonavtlar orasida bir odam alohida ajralib ko‘zga tashlana boshlandi. Bu — starshiy leytenant Gagarin edi. Surdokameradagi muntazam mashqlardan keyin vrachlar shunday deb yozib qo‘yishdi: «yopiq bo‘shliqda uzoq muddat o‘tkazilgan tajribalar Yu. A. Gagarinning asab-psixologik sferasida funktsional imkoniyatlar juda yuqori ekanini ko‘rsatdi. Topshirilgan vazifani ado etish paytida chetdan ko‘rsatilgan o‘ta salbiy ta’sirlarga chidamli. Kutilmaganda ro‘y berib qolishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarga reaktsiyasi tez, atrof-muhitni zudlik bilan orientirovka qiladi, og‘ir-bosiq, dam olish uchun berilgan o‘ta qisqa muddatda asablarini xotirjam qilib, hordiq chiqara olishga qodir, darrov uyquga ketib, programma bo‘yicha belgilangan paytda mustaqil uyg‘ona oladi... Tanholik azobini osongina yenga oldi... Shundan keyin bo‘lg‘usi kosmonavtlarning ishdan tashqari paytda o‘zini qanday tutishini kuzatdilar. Shunda starshiy leytenant Gagarinning atrofiga hamisha do‘stlari to‘planayotganini, undan o‘rnak olishga harakat qilishlarini payqadilar.

— Norasmiy lider! — dedi vrachlardan biri.

— Kollektivning ma’naviy yo‘lboshchisi, — deb ta’kidladi uchishga tayyorgarlik ko‘rayotgan tashkilotning rahbari.

P. Korolyov bo‘lajak kosmonavtlar bilan tez-tez muloqotda bo‘ladigan xizmatchilarni to‘plab, suhbatlashib turar edi. U bo‘lg‘usi kosmonavtlar o‘rtasida ro‘y berayotgan voqealarni, insonning ma’naviy qiyofasini ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan eng kichik holatlarni erinmay surishtirardi. Mediklar, texniklar, trenerlar o‘z mulohazalarini aytib berishardi. Sentrefuga bo‘yicha sinov rahbari kosmonavtlarni tanlash paytida ro‘y bergan bir voqeani aytib qoldi. Uchuvchilardan birini kosmonavtlikka tanlashda chetlashtirishgan. Shunda starshiy leytenant vrachning oldiga kelib, o‘sha do‘stini himoya qilgan. Do‘sti qattiq hayajonlanganini, shu sababdan uning organizmida o‘sha paytda arzimas o‘zgarishlar ro‘y bergan bo‘lishi mumkinligini aytgan, o‘rtog‘ini yana bir marta meditsina sinovidan o‘tkazib ko‘rishni iltimos qilgan.

— Bundan chiqdi, ehtimol o‘zining o‘rniga kosmosga uchishi mumkin bo‘lgan «muxolifini» himoya qipti-da? — deb qayta so‘radi S. P. Korolyov. — Yaxshi, bundan chiqdi, bag‘ri keng yigit ekan. Familiyasi nima, o‘sha starshiy leytenantni?

— Gagarin...

...Yer kurrasining birinchi kosmonavti qanday fazilatlarga ega bo‘lishi kerak edi? Ko‘p sifatlarga! Avvalo, hech shubhasiz, g‘alabaga ishonchi qat’iy bo‘lishi, chidamli bo‘lishi, maqsad sari to‘xtovsiz intilishi, hamisha kollektivni his qilishi, mehnatsevar bo‘lishi shart. Agar u og‘ir vazmin bo‘lsa, harqanday vaziyatda ham jizzakilik qilmasa, o‘zini haq deb bilgan paytda nuqtai nazarini tortinmasdan himoya qila olsa nur ustiga nur!

Shunday qilib, olti kishidan Gagarin bilan Titovni ajratib olishdi. Ikkovidan qaysi biri to‘ng‘ich kosmonavt bo‘lishi hali rasmiy ravishda e’lon qilinmagan edi. So‘nggi qaror kosmodromda qabul qilinishi kerak edi.

Davlat komissiyasining kengashi Boyqo‘ng‘irda, 1961 yil 8 aprel kuni bo‘ldi. Kosmosga uchish haqidagi vazifa tasdiqlandi. Mabodo kemaning biron joyi buzilib qolsa, qanday variant qo‘llanishi ham e’lon qilindi. Parvozga tayyorgarlik rahbari N. P. Kamanin kosmonavtlikka nomzodlar programmani bajarishga, zarur bo‘lib qolsa, kemani qo‘l bilan boshqarishga tayyor ekanliklarini bayon qildi. Kosmonavtlarning nomini aytdi. Komandir sifatida Yuriy Alekseevich Gagarinni, dublyor qilib German Stepanovich Titovni tasdiqlash taklif qilindi. Komissiya bu taklifni bir ovozdan qabul qildi. Parvoz 12 aprelga belgilandi. Kemani boshqarish starshiy leytenant Gagaringa topshirildi. 10 aprel kuni navbatdagi yakunlovchi majlis o‘tkazilishi, unda «Vostok» kemasining komandiri bilan dublyor ham ishtirok etishi kerak edi.

9 aprel, yakshanba kuni N. P. Kamanin, garchand hozircha komissiyaning qarorini kosmonavtlarga aytib, ularni betinch qilmay qo‘yaqolaylik, degan fikrlar ham o‘rtaga tashlanganiga qaramay, Yu. Gagarin bilan G. Titovni o‘z huzuriga chaqirdi. U noaniqlik odamni qanchalik ezishini yaxshi bilardi. Kengash natijasini aytdi. Yu. Gagarin mamnun jilmayishdan o‘zini tiyolmadi. Lekin o‘sha zahoti do‘stiga qarab:

— German, yaqinda sen ham uchasan, buni o‘zing ham bilasan-ku, — dedi.

Kosmodromda barcha sistemalarni tekshirish davom etar edi. Shu kuni S. P. Korolyov hamma yerda hoziru nozir edi. Uning qiyofasida muvaffaqiyatga bo‘lgan ishonch tuyg‘usi ufurib turar, shu tuyg‘uni boshqalarga ham yuqtirgan edi.

...«Vostok» kemasining tormoz dvigatel qurilmasini yonilg‘i bilan to‘ldirish, orientatsiya sistemasidagi ballonlarga gaz to‘ldirish butun kemaning barokameradagi germetikligini tekshirish kerak edi. Shundan keyin «Vostok»ni eltuvchi raketaga ulash lozim bo‘lardi.

...10 aprelga mo‘ljallangan Davlat komissiyasining kengashi soat 16 da boshlandi. Montaj qorpusining uncha katta bo‘lmagan zaliga rahbarlar yig‘ildi. Stollar «P» harfi shaklida joylangan, o‘rtada komissiya Raisi, uning yonida bosh konstruktor S. P. Korolyov bilan kosmonavtika bo‘yicha bosh nazariyotchi M. V. Keldish o‘tirardi. Stolning bir tomonida kemaning turli sistemalari bo‘yicha bosh konstruktorlari joy olgan, boshqa tomonida Yu. Gagarin bilan G. Titov hamda ularni parvozga tayyorlayotgan kishilar muhayyo bo‘lgan edi.

Davlat komissiyasining Raisi kengashni ochdi.

— Eltuvchi raketa va «Vostok» kosmik kemasining parvozga tayyorgarligi haqida hisobot berish uchun so‘z, Bosh konstruktor akademik Sergey Pavlovich Korolyovga.

P. Korolyov shoshilmasdan o‘rnidan turdi. Chetdan qaraganda u xotirjam ko‘rinardi.

— O‘rtoqlar! — dedi-yu, hayajonlanganidan bir zum tutilib qoldi. — Programmaga binoan ko‘p bosqichli eltuvchi raketa hamda «Vostok» yo‘ldosh kemasining parvozga tayyorgarligi yakun topdi. Tayyorgarlik ishlari va barcha tekshirishlar shuni ko‘rsatdiki, bugun insonning yo‘ldosh kemada fazoga birinchi bor parvoz qilishi vazifasi ro‘yobga chiqarilishi mumkin.

Shu kungacha qilingan ishlar haqida qisqa va lo‘ndagina axborot berildi. Shundan so‘ng Yu. Gagarin o‘rnidan turdi. U endi kosmik kema komandiri edi.

— O‘rtoqlar, Sovet hokimiyatini, Kommunistik partiyamizni va butun sovet xalqini ishontirib aytamanki, o‘zimga ishonib, topshirilgan vazifani bajarishga, kosmosga yo‘l ochishga butun kuch va mahoratimni sarflayman.

Parvozga sutkalar emas, soatlar qolgan edi. 11 aprel, start oldidan oxirgi kun. Start maydonida ish qat’iy jadval bo‘yicha ketardi. S. P. Korolyov raketa oldida aylanib yurar, tez-tez kosmodromdagi uychaga telefon qilib, kosmonavtlarning ahvol-ruhiyatini surishtirib turardi. Uychada esa kosmonavtlarni samo safariga tayyorlashardi.

...11 aprel kuni kechqurun kosmonavtlar navbatdagi mashqlardan keyin o‘zlariga ajratilgan uychaga qaytib kelishdi. Yu. Gagarin M. P. Kamaninga hecham hayajonlanayotgani yo‘qligini aytdi. Parvoz paytida biron xatar ro‘y berib qolgudek bo‘lsa ham, bunga oldindan o‘zini tayyorlab qo‘yganini bayon qildi.

Soat 21 dan 50 minut o‘tganda vrachlar Gagarin bilan Titovning qon bosimini, tana haroratini, qon tomirining urishini o‘lchab ko‘rishdi. Gagarinning meditsina kartochkasida bu ko‘rsatkich quyidagicha edi: qon bosimi 115 ga 75, tana harorati 36,7, qon tomirining- urishi — minutiga 64.

Soat 22 da Gagarin bilan Titov uxlab yotishardi. Vrach kechasi kirib ulardan xabar oldi. Ikkalasi ham osoyishta uxlab yotgan ekan.

Kechasi soat Z da uychaga S. P. Korolyov kirib keldi. Eshikni sekin ochib, yotoqxonaga qaradi-yu, orom olib yotgan kosmonavtlarni ko‘rib, eshikni yana ohista yopib qo‘ydi.

Parvoz maydonchasidagilar «jangovor jadval» bo‘yicha ishlashardi. Hamma sistemalar tekshirib chiqildi. Yuqori ko‘prikchada, «Vostok» kabinasi oldida lyukning og‘ir qopqog‘i turardi. Qopqoq polietilen qobiqqa solib qo‘yilgandi. Bir necha soatdan keyin qopqoq bilan lyukni yopishadi.

Raketaga yonilg‘i quyishyapti. S. P. Korolyov pastda turibdi. Yuzi horg‘in, ko‘zlarida charchoqning tarang ifodasi. U shu kecha uxladimi?.. Tong otar pallasida bo‘lajak kosmonavtlar dam olayotgan uychaga yana bordi. Gagarin bilan Titov jismoniy tarbiya mashqlarini bajarib, nonushta qilib bo‘lishganlar, endi ularga fazoviy liboslarni kiygizishayotgan ekan. Yumshoq kombinezonlar, pushtirang skafandrlar, boshiga esa oppoq shlemofon, uning ustidan «SSSR» degan yirik-yirik harflar yozilgan germoshlemlar kiygizildi. S. P. Korolyov komandir va dublyorning kosmik sarpo kiyib olganini ko‘rib, jilmaydi.

— Kayfiyat qalay? — so‘radi.

— A’lo!—Gagarin jilmaydi, —Sizniki-chi?

Shunday deb, Bosh konstruktorning yuziga qaradi-yu:

— Sergey Pavlovich, Siz tashvishlanmang, hammasi yaxshi bo‘ladi, bizlar tayyormiz!

Hammalari birgalashib soat 6 da boshlanadigan Davlat komissiyasining kengashiga yo‘l olishdi. Kengash juda qisqa bo‘ldi. Hamma narsa tayyor edi. Soat 6 dan 50 minut o‘tganida avtobus Gagarin bilan Titovni uchish maydonchasiga oborib qo‘ydi. Davlat komissiyasining Raisi, Bosh konstruktor, Bosh nazariyotchi, «Vostok» komandiriga so‘nggi topshiriqlarni berishdi. Gagarin Davlat komissiyasining Raisiga tomon bir necha qadam tashladi va axborot berdi.

— Uchuvchi starshiy leytenant Gagarin «Vostok» kosmik kemasida birinchi parvozga tayyor!

— Oq yo‘l! Muvaffaqiyat tilayman? — dedi qomissiya Raisi Yerda qolayotgan barcha kishilar nomidan.

Gagarin o‘zining og‘ir kiyimida o‘ng‘aysiz qadam bosib lift oldiga bordi, kuzatuvchilarga o‘girildi.

— Qadrli do‘stlar, tanish va notanishlar, vatandoshlar, barcha mamlakat va qit’alardagi odamlar! Bir necha minutdan keyin qudratli kosmik kema meni Koinotning olis manzillariga olib ketadi. Parvoz-arafasidagi mana shu so‘nggi daqiqalarda sizlarga nima deyishim mumkin? Hozir mening butun o‘tgan umrim go‘zal bir lahzaga o‘xshab tuyulyapti.

U bir zum jim qoldi.

— Shu paytgacha qancha yashagan, nima ish qilgan bo‘lsak, hammasini xuddi mana shu daqiqalar uchun qilganmiz. O‘zingiz bilasiz, bizlar uzoq va ehtiros bilan tayyorgarlik ko‘rgan mana shu sinov pallasi yaqinlashib qolgan paytda odam o‘z tuyg‘ularini ifodalashi oson emas. Insoniyat tarixida birinchi parvozni menga topshirishganida qanday tuyg‘uni boshimdan kechirganimni gapirib o‘tirish shart bo‘lmasa kerak. Bu tuyg‘uning oti nima? Quvonchmi? Yo‘q, bu faqat quvonchning o‘zi emas. Faxrmi? Yo‘q, bu faxrning ham o‘zi emas. Men nihoyatda katta baxt hissini tuydim. Koinotga birinchi bo‘lib chiqish, tabiat bilan mispi ko‘rilmagan yakkama-yakka kurashga kirishish — bundan ortiq baxtni tasavvur qilib bo‘ladimi?

Shu qadar chuqur sukunat cho‘kkandiki, magnitofon lentasining shig‘illashi aniq eshitilib turardi.

Gagarin so‘zida davom etdi:

— Ammo o‘sha ondayoq men zimmamga tushgan juda katta mas’uliyatni o‘yladim. Qanchadan-qancha insonlar avlodi orzu qilgan ishga kirishish, kosmosga birinchi bo‘lib yo‘l ochish... Bu — butun sovet xalqi oldida, butun insoniyat oldidagi mas’uliyat hissidir. Kosmik parvozga jo‘nar ekanman, baxtlimanmi? Albatta, baxtiyorman! Axir, hamma zamonlarda, hamma odamlar yangiliklar kashf qilishni eng oliy baxt hisoblab kelishgan. Hozir parvoz boshlanishiga sanoqli daqiqalar qoldi. Men, sizlarga, qadrli do‘stlar, uzoq yo‘lga otlangan odamlar hamisha bir-biriga aytganidek, ko‘rishguncha, xayr, deyman. Shu topda hammangizni, tanish va notanishlarni, yaqin va yiroqdagi barcha odamlarni bag‘rimga bosgim keladi.

U bir necha qadam yurib, lift maydonchasiga chiqdi, kuzatayotganlarga yana bir marta qayrilib qaradi.

— Tez orada diydor ko‘rishguncha! — dedi-da, qo‘lini ko‘tardi.

«Vostok»ning yetakchi konstruktorlaridan va avtomatika bo‘yicha mutaxassislaridan biri Gagarin bilan birgalashib liftga chiqdi. Negaki u kosmonavtni kabinaga o‘tqazishi, barcha sistemalarni ulab qo‘yishi kerak edi. Lyuk qopqog‘i oldida turgan ikki ishchi qopqoq o‘rab qo‘yilgan plyonkani ochdi. Kosmonavt o‘tirganidan keyin qopqoqni mahkamlash kerak edi.

Shunday qilib, «Vostok» komandiri kabinaga joylashdi. Radio aloqasi ulanishi bilan dinamikda X. P. Korolyovning ovozi eshitila boshladi. Gagarin unga aniq-ravshan qilib javob berar edi:

— Sizni yaxshi eshityapman. Tushundim: skafandrni tekshirishga kirishaman.

Sistemalar ulanib, tekshirishlar olib borilar, boshliqqa bu haqda hisobot berib turilardi.

Endi Yu. Gagarin bilan liftda birgalashib ko‘tarilganlar ham xayrlashishdi.

Konstruktor lyukka egilib, Gagarinni quchoqladi, yelkasiga erkalab shapatilab qo‘ydi. Gagarin hammasi joyida bo‘ladi, degandek jilmayar edi.

Lyuk qopqog‘ini mustahkamlab qulflashga kirishdilar. Uch kishi, olti qo‘l — konstruktor bilan ikki nafar ishchi chaqqonlik bilan qopqoqni mahkamlar edilar. Bitta, beshta, sakkizta, o‘ttizta gayka qotirildi. Xuddi shu payt ko‘prikchadagi telefon apparati to‘xtovsiz jiringlab qoldi. Korolyovning tashvishli ovozi eshitildi.

— Nimaga hisobot bermaysiz? Ishlar qalay?

— O‘ttiz sekund ilgari qopqoqni mahkamlab bo‘ldik, — deb javob qildi konstruktor yengil tortib. — Germetikani tekshirishga kirishyapmiz.

— Qopqoq to‘g‘ri joylandimi? Biron yeri qiyshayib qolmadimi? — so‘radi S. P. Korolyov.

— Sergey Pavlovich! Hammasi joyida.

— Joyida emas! KP—3 ni eshitmayapman, dedi S. P. Korolyov. Uning ovozi bosh konstruktorni chaqmoq urgandek esankiratib qo‘ydi. KP — 3 degani maxsus kontaktlardan keladigan signal. Signal eshitilmasa, bundan chiqdi, yo kontaktlar buzilgan yoki lyuk qopqog‘i noto‘g‘ri joylangan bo‘ladi. Bu esa, kabina germetizatsiyasi nosozligidan darak beradi.

— Kontaktlarni tekshirish uchun nima qila olasiz? — so‘radi S. P. Korolyov va o‘sha ondayoq nihoyatda osoyishtalik bilan o‘z taklifini aytdi:

— Qopqoqni ochib, yana qaytadan yopishga ulgurasizlarmi?

— Ulguramiz, Sergey Pavlovich. Faqat Yuriy Alekseevichga biz lyukni ochayotganimizni aytib qo‘ysangiz.

— Aytib bo‘ldik. Ishingizni shoshmasdan bajaring, shoshmang.

Ular shoshilmadi. Harqalay uchovlashib lyukni ochishayotganida shoshilganga o‘xshashmasdi. Olti qo‘l nihoyatda yakdillik bilan harakatga kelgan edi. Gaykalar bo‘shatildi, lyuk qopqog‘i ochildi. Bir lahza kabinaga qarab qo‘yishdi. Shunda konstruktor Gagarinning atrofni kuzatishga qulaylik tug‘dirish uchun skafandr yengiga o‘rnatib qo‘yilgan ko‘zgu orqali lyukni ochayotganlarni kuzatayotganini payqadi. Kabina ichidan qo‘shiq tovushi eshitilardi. Gagarin ashula aytardi:

Vatan tinglayapti, Vatan biladi,

o‘g‘li samolarda parvoz qiladi.

U shunchalik xotirjammidi? Parvozga tayyorgarlikning butun bosqichi sekundma-sekund o‘lchab qo‘yilganini, germetika sistemasidagi jinday noaniqlik qanchalik dahshatli oqibatga olib kelishini aniq bilgan odam nima uchun bemalol qo‘shiq aytyapti?

Yo‘q, bu beparvolik emasdi.

Gap boshqa joyda edi. U — «Vostok» komandiri vaziyatning qanchalik nozikligini tushunib turardi. Mana shu tarixiy parvoz hozir lyuk qopqog‘ini ochib qayta yopayotgan uch kishining aniq harakat qilishiga bog‘liqligini bilardi. Shu boisdan ham shu uch kishini xotirjam qilish, ularga yordam berish uchun qo‘ldan kelgan vazifani bajarayotgan edi.

Uchovlon jinday qiyshiqroq joylangan kronshteynni o‘rniga qo‘yib, qopqoqni ikkinchi marta berkita boshladilar. So‘nggi gayka ham qotirildi. O‘sha zahoti S. P. Korolyovning ovozi yangradi:

— KP—3 joyida! Germetikani tekshirib ko‘ring!

Hamma tekshiruvlar nihoyasiga yetdi. Start maydonida dinamiklar ulandi... Kosmonavt bilan muttasil aloqa bog‘langan edi. Gagaringa maydonchada nima ishlar bajarilayotganini xabar qilib turishdi. Kosmonavt esa o‘zining ahvoli-ruhiyasini ma’lum qilib turardi. Hammasi joyida.

— «Zarya», men — «Kedr», kayfiyatim yaxshi, o‘zimni juda yaxshi his qilyapman. Startga tayyorman.

Odamlar asta-sekin raketa oldidan uzoqlasha boshladilar. Eng oxirida yaqin yordamchilari bilan S. P. Korolyov nari ketdi. Ular tezlik bilan bunkerga tushib olishdi.

— Kosmodromdagi barcha bo‘linmalarga bir minutlik tayyorgarlik e’lon qilinadi.

Bunkerdagi sukunatni buyruq ovozlari buzib turardi.

— Startga kalit solinsin!

Gagarin bu komandani eshitib, javob qildi.

— Menda hammasi joyida, o‘zimni yaxshi his qilyapman, kayfiyatim tetik. Startga tayyorman. Priyom.

— Barakalla! Yoquv sistemasi ishga tushyapti. «Kedr», men — «Zarya bir»man.

Gagarin startni kuzatib turardi.

— Gapingizni tushundim. Yoquv sistemasi ishga tushdi.

— Boshlang‘ich bosqich!

— Yest, boshlang‘ich bosqich!

— Oraliq bosqich!

— Yest, oraliq bosqich!

— Asosiy bosqich! Pod’yom.

Shunda to‘satdan... Pult oldida o‘tirganlar dvigatellarning momaqaldiroqdek gumburlashi orasida insonning yangroq ovozini eshitishganini necha bor, qayta-qayta tasvirlashgan.

— Ketdik!

Gagarinning «Ketdik» degan xitobi. Ko‘plar bu xitobni dilkashlikdan, jasoratdan, boringki, mardlikdan nishona deb aytishadi. Chamasi, bu, yerda boshqacharoq ma’no bor. Gagarin parvozni boshqarayotganlarning asabi qanchalik tarang tortilib turganini o‘ylamasligi mumkin emas edi. Shuni his qilgani uchun taranglikni yumshatishga harakat qildi. Ularga dalda bergisi, xotirjam qilgisi kelardi. Gagarinning «ketdik» degan tantanali xitobi harqanday datchiklardan aniqroq qilib, komandir g‘alabaga astoydil ishonganini isbotlovchi dalil edi.

— «Kedr», men — «Zarya bir»man! — S. P. Korolyovning ovozida iliq mehr bor edi. — Hammasi joyida. Biz sizga omad tilaymiz!

— Xayr, tez orada diydor ko‘rishguncha, qadrli do‘stlar!

Aslida-ku, barcha komandalar, savol va javoblar oldindan aniq belgilab qo‘yilgan edi. Lekin kosmik texnika bosh konstruktori bilan birinchi kosmik kema komandirining savol-javoblari orasiga boshqa so‘zlar ham qo‘shilib ketdi. Buni intizomsizlikka yo‘yib bo‘lmasdi. Bu so‘zlar bir odamning otalarcha mehridan boshqa bir odamning Yerda qolgan do‘stlarining asabiy tarangligini yumshatishga intidishidan darak berardi. Po‘lat irodali, maqsad sari og‘ishmay intiladigan kishilarda intizomsizlik bo‘lishi mumkin emas.

Gagarin. Silkinish tezlashyapti, shovqin ancha kuchayyapti.
Korolyov. Vaqt 70 (Startdan beri 70 sekund o‘tdi).
Gagarin. Gapingizni tushundim, 70. Kayfiyatim a’lo. Uchishda davom etyapman, zo‘riqish kuchayapti, hammasi joyida.
Korolyov. Tezlik va vaqt mutanosibligi joyida. O‘zingizni qanday his qilyapsiz?
Gagarin. O‘zimni yaxshi his qilyapman.
Korolyov. Hammasi joyida, mashina yaxshi uchib boryapti.
Gagarin. Bosh obtekatel ajraldi... Yerni ko‘ryapman. Zo‘riqish yana bir oz kuchaydi. Kayfiyatim a’lo.
Korolyov. Barakalla! Yashang! Hammasi yaxshi ketyapti.
Gagarin. Yer ustida bulutlarni ko‘ryapman. Mayda, to‘da-to‘da bulutlar. Ularning soyasi ham ko‘rinyapti. Chiroyli. Muncha chiroyli-a! Gapimni qanday eshityapsiz?
Korolyov. Sizni a’lo darajada eshityapmiz. Uchishda davom eting.
Gagarin. Parvoz yaxshi davom etyapti. Zo‘riqish kuchayib boryapti... Hammasi yaxshi ketyapti... Zo‘riqish uncha kuchli emas. O‘zimni a’lo darajada his qilyapman. Illyuminatordan Yerni kuzatyapman. Borgan sayin ko‘proq bulut bilan qoplanyapti.
Korolyov. Hammasi joyida. Gapingizni tushundim, yaxshi eshityapman.

...Ular ertasiga Volga bo‘yidagi uychada ko‘rishdilar. Davlat komissiyasining raisi, S. P. Korolyov, M. V. Keldish, konstruktorlar, olimlar, injenerlar, mediklar, sinovchilar va Yerning birinchi kosmonavti. Bu diydor ko‘rishuv boshqa hech qanday uchrashuvlarga o‘xshamas edi. Unda cheksiz-adadsiz quvonch, erishilgan ulkan yutuqni his etish, baxti — g‘alabadan quvonish hissi bor edi. Hamma Gagarindan o‘zini qanday his qilayotganini surishtirardi. Har kim «o‘z» sistema- sining qanday ishlaganini bilgisi kelardi. Yetakchi konstruktorlardan biri yaqin kelganida Gagarin jilmaygan ko‘yi unga ikkala qo‘lini cho‘zdi.

— Salom! Ahvoling qalay?

Konstruktor bir lahza hayron qoldi.

— Nega mening ahvolimni so‘raysan? Bugun sening ahvolingni bilishimiz kerak.

— Yo‘q, sening ahvolingni so‘rash kerak. Kecha lyukni ochayotganingdagi holatingni o‘zing bir ko‘rsang edi.

1961 yil 12 aprel

12 aprel kuni men uchun radio axboroti bilan boshlandi. Mening o‘g‘lim kosmik kema komandiri!

Boshqa hech nima qulog‘imga kirmadi. Paxtaligimni kiyib, temir yo‘l stantsiyasiga qarab yugurdim. Qanday yetib borpanimni bilmayman.

Vokzalga borib, bilet olganimdan keyingina hushim o‘zimga keldi. Poezdlarning qatnov jadvalini ko‘rish kerakligi esimga tushdi. Moskvaga boradigan navbatdagi poezdni anchagina kutish kerak ekan. O‘tiribman. Uyoq-buyog‘imga qarab, o‘zim vahimaga tushdim. Egnimdagi kiyimlarni bir ko‘rsangiz! Oyog‘imda shippak, egnimda xalat, ustidan paxtalik kiyganman. Mayli, bo‘lar ish bo‘ldi. Uyga qaytib o‘tirmayman. Manzilga yetib olsam bas. Kelinim o‘zining ko‘ylagini berar. Yana birpas o‘tirganimdan keyin kassaga o‘n so‘m to‘lab, qaytimini olmaganim esimga tushdi. O‘rnimdan turay desam, madorim yo‘q. Yonimda, skameykada o‘tirgan qiz menga qarab-qarab qo‘yayotganini sezdim. Iltimos qildim.

— Jon qizim, kassir xotinga borib aytsangiz, anavi yerda bir xotin o‘tiribdi, qaytimi qolib ketgan ekan, uzr so‘radi, desangiz.

Qiz menga pulning qolganini olib keldi.

— Sizga nima qildi, yordam beraymi? — deb so‘radi.

— Yo‘q, jonim, hammasi joyida.

O‘zim bo‘lsam o‘tiribmanu ikki qulog‘im radioda. Yana axborot berib qolarmikin, deyman. Vokzal ustida sho‘x muzika yangrayapti. Lekin boshqa axborot berilmadi.

Xayolimda nuqul bir gap aylanadi. Yuramning ahvoli qanday ekan? Valya hozir nima qilyaptiykin?

Poezd keldi, o‘tirib jo‘nadim. Derazadan qarab boryapman. Chog‘imda, stantsiyalarda hamma kulayotganga o‘xshaydi, lekin radiodan hali eshitgan gapimga o‘zim ham ishonib-ishonmayman.

Moskvaga kelib, poezddan tushsam, Belorussiya vokzalining maydoni xuddi bayramdagidek odamlarga to‘lib ketibdi. Ko‘pchilikning qo‘lida «Gagaringa ura!» degan shiorlar. Hamma o‘yin-kulgi qiladi. Odamlar «Qaytib tushdi! Ura! Yerga qaytib tushdi!» deb qichqirishadi. Men yig‘lab yubordim. Metroga qarab ketdim.

Qandaydir xotin so‘radi:

— Sizga nima qildi? Boshingizga kulfat tushdimi?

Men jilmaydim. Kulyapmanu ko‘zyoshimni tiya olmayman.

— Yo‘q, juda baxtliman, — dedim.

Ayol ham kulib yubordi.

— Men ham. Bilasizmi, inson bolasi kosmosga chiqdi. Eshitdingizmi?

— Eshitdim, — dedim bosh silkib, —Bilaman.

Ayol bo‘lsa, hamon gapirib yotibdi.

— Uning ismi Yuriy Gagarin. Eslab qoling.

— Eslab qolaman, jonim, eslab qolaman.

Metroga tushib, Yaroslav vokzaliga bordim. Undan elektrichkaga o‘tirib, uchuvchilar shaharchasiga ketdim.

Biroq elektrichkada yana bir g‘alati voqea bo‘ldi.

O‘g‘limning omon-eson Yerga tushganini bilib, o‘zimni tutolmay qoldim. O‘tirgan joyimda:

— O‘g‘lim! Bolajonim! — deb yig‘lab yubordim. Yig‘layapmanu o‘zim nuqul jilmayaman.

Yonimda o‘tirgan xotinlar kimgadir ichimdagini aytgim kelayotganini payqab qolib, nima gap deb so‘rashdi. Yuriy Gagarin mening o‘g‘lim, degan edim, birpasda atrofimga odam to‘plandi. O‘g‘limning yoshligini, bolaligini, hozir oilaviy ahvoli qandayligini surishtira boshladilar. Men bo‘lsam, to‘xtovsiz gapirib yotibman. Shunda xotinlardan biri menga shubhalanibroq qaradi-da, so‘roqqa tutib qoldi:

— O‘zingizning otingiz nima?

— Anna Timofeevna.

— Eringizning oti-chi?

— Aleksey Ivanovich.

Avvaliga ayolning so‘roqqa tutishiga hayron qoldim. Keyin payqadimki, o‘zim ham «ajabtovur» kiyinib olgan ekanman. Egnimda eski paxtalik, uning tagida xalat... Boyagi xotin so‘roqni kuchaytirdi.

— Kosmonavtning bolalarini oti nima?

— Katta qizining oti Lenochka, kichkinasining oti... Hali bilmayman. O‘shanda borganimda hali ism qo‘yishmagan edi. Kichik qizaloq 7 mart kuni tug‘ilgan. Men erimning oldiga borishim kerak edi. O‘shanda ketib qolganman, — deb tushuntirdim.

Xotin bosh silkib qo‘ydi.

— Kichik qizining oti Galya, — dedi.

— Galochka bo‘lsa bo‘laqolsin, — dedim men, — yaxshi ism.

Vagonga odam to‘lib ketdi. Chamasi kosmonavtning onasi ketyapti, degan shivir-shivir butun poezdga tarqalgan shekilli, odamlar «Tabriklaymiz! Baxt tilaymiz!» deb qichqirishar edi. Shu payt uchuvchilar formasini kiygan bir yigit odamlarni uyoq-buyoqqa surib, yaqin keldi. Qarasam, Yuraning o‘rtog‘i — Vitya Gorbatko. To‘da orasidan amallab o‘tib, yonimga keldi.

— Men sizga yordam beraman.

— Yordamni nima keragi bor, yuk-pukim bo‘lmasa, — degan edim, Vitya atrofga alangladi.

— Odamlar to‘planib ketganini ko‘rmayapsizmi? Bu holda o‘g‘lingizni uyiga kirolmaysiz.

To‘g‘ri aytgan ekan. Borsak, Zvezdniy shaharchasida odam tumonat. Yuraning kvartirasini halqadek o‘rab olishgan. Yoniga yaqin borib bo‘lmaydi. Shunda Vitya komandirlarga xos baland ovozda hayqirdi:

— O‘rtoqlar! Anna Timofeevna Gagarinaga yo‘l beringlar!

Shundan keyingina amallab ichkari kirib oldik. Kvartiraga ham odam to‘lib ketgan ekan. Bular — eng avval uyga kirib olgan qo‘ni-qo‘shnilar, do‘st-birodarlar, muxbirlar edi.

— O‘rtoq muxbirlar! Yuriy Gagarinning oilasiga hordiq chiqarish uchun imkon berishlaringizni so‘raymiz. Iltimos, hammangiz chiqib keting.

Ishboshilar men kelganimni ko‘rib, xursand bo‘lishdi. Ular allaqachon Gjatskka telefon qilishib, kosmonavtning barcha qarindosh-urug‘larini uchuvchilar shaharchasiga jo‘natishni so‘rashgan ekan. Xabar olishsa, kosmonavtning ota-onasi uyda yo‘q, tashkilotchilar tashvishga tushib qolishibdi.

Kelinim ikkalamiz darrov qizaloqlar bilan mashg‘ul bo‘ldik. Begona odamlarning kelishi qizchalarni ancha bezovta qilgan edi. Aldab-suldab yotqizdik. Valya ham dam olishi kerak edi.

Ishboshilar buni yaxshi bilishardi. Hordiq chiqarishimiz uchun sharoit yaratib berishdi. Tez orada Gjatskdan hamma qarindoshlarni yetkazib kelishlarini aytishdi. Shundagina Aleksey Ivanovichga bu xabarni yetkazish oson bo‘lmasligi esimga keldi. Cholim qaysi yo‘ldan ketganini yaxshilab tushuntirdim. Hozir u Klushin qishlog‘ida bo‘lishi kerak. Uni o‘sha yerdan topasizlar, dedim.

Bir harbiy kishi kelib, Yuraning salomini topshirdi. O‘g‘lim o‘zini yaxshi his qilayotganini, bizlar bilan ko‘rishishni orziqib kutayotganini aytdi. Uyga begonalar kirmasligi uchun pod’ezdga navbatchi ko‘yishdi. Ancha tinchib qoldik.

Kechqurun allamahalda odam kelib, Valya bilan meni telefon punktiga olib ketdi. Bir xonaga kirdik. Allaqanday apparat turibdi. Harbiylar ko‘p. Ichida kattarog‘i bo‘lsa kerak, bittasi hammani ogohlantirdi.

— O‘rtoqlar! Sekin! Yaqin kishilari Gagarin bilan gaplashishi kerak.

Xuddi shu payt telefon jiringladi. Navbatchi trubkani qo‘limga tutqazdi.

Men birinchi bo‘lib Valyani oldinroqqa itardim. Valya esankirab qolgan edi. Trubkani olib, faqat bir og‘iz so‘z aytdi.

— Yura!

Chamamda o‘g‘lim nimanidir gapirdi shekilli, kelinim nuqul bosh silkir edi.

— Oyim shu yerda, — dedi nihoyat.

Men trubkani oldim. Oldimu gapirishga mador qani?

—Bolam!

Qulog‘imga o‘g‘limning ovozi kirdi.

— Oyi! Oyijon! Hammasi joyida. Tashvish qilmang. Valyani, qizchalarimni, o‘zingizni asrang. Biz tez kunda diydor ko‘rishamiz, oyi.

Yarim kechasi Gjatskdan Aleksey Ivanovich, Valentin, Zoya, Boris bilan Aza yetib kelishdi. Anchagacha uxlamay, gaplashib o‘tirdik. Hamma o‘z taassurotini gapirar, yangilikni qaerda, qanday eshitganini hikoya qilardi.

Valyaning aytishicha, parvoz haqida axborot radiodan berilishi bilan, uning oldiga «Komsomolskaya pravda»ning muxbiri Vasiliy Peskov kelibdi. Yerning birinchi kosmonavtining xotini va qizlarini suratga olishga ruxsat so‘rabdi. Valya rozilik beribdi.

Birpasda kvartira jurnalistlarga, qo‘ni-qo‘shnilarga, tanish-bilishlarga to‘lib ketibdi. Valya hammaning savoliga javob beraverib, holdan toyibdi.

— Sen qaerda eshitding? — deb so‘radim Aleksey Ivanovichdan.

— Kechuvdan o‘tayotganimda aytishuvdi, e’tibor bermadim. Tasodifan ism-sharifi mos kelib qolgan deb o‘yladim, — dedi Aleksey Ivanovich.

Chindan ham u uydan juda barvaqt chiqib ketgan edi. Eruvgarchilik boshlanib, yurishga qiynalmaslik uchun shunday qilgan edi.

Aleksey Ivanovich Afkov qishlog‘iga yetib borganida, daryo kechuvidan o‘tayotgan ekan. Tanish paromchi undan so‘rab qopti:

— Aleksey Ivanovich! Kosmosda uchib yurgan sening o‘g‘lingmasmi? Radiodan TASS axborotini berishdi.

Alyosha uyoq-buyog‘ini surishtirgan ekan, darg‘a radiodan eshitganini aytibdi.

— Mayor Gagarin deb aytishdi.

— Yo‘q, mening o‘g‘limmas. Meniki starshiy leytenant.

— Familyasiyu ismi-sharifi ham to‘g‘ri kelyapti-ku. Yuriy Alekseevich deyishdi.

— Dunyoda Yuriy Alekseevich Gagarindan ko‘pi bormi?

Aleksey Ivanovich shunday debdi-da, duradgorlik qutisini ko‘tarib, Klushinoga jo‘nayveribdi.

Yana bir soat yurib Klushinoga yetib boribdi. Qarasa, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida odamlar ko‘chaga sig‘may ketganmish. Qo‘shni xotin yugurib cholimning yoniga kelibdi.

— Aleksey amaki, eshitdingmi, sening Yurkang... Hozir radiodan aytishdi.

Cholim unga ta’naomuz qarab qo‘yibdi.

— Esingni yeganmisan hammang, mening Yurkam starshiy leytenant.

Lekin qo‘shnilar quvonch bilan hayqirishar, unga tushuntirishar emish.

— Hammasi, hammasi mos kelyapti! Gagarin, Yuriy Alekseevich, Smolensk oblastining Klushino qishlog‘idan! O‘zimizning Yura! Klushinolik.

To‘da orasidan kolxoz raisi chiqib kelibdi:

— Aleksey Ivanovich, idoraga kiring. Gorkomdan telefon qilishyapti.

Gorkom sekretari Moskvadan qo‘ng‘iroq qilishganini, kosmonavtning barcha qarindosh-urug‘lari uchuvchilar shaharchasiga borishi kerakligini aytibdi. Gorkom sizlarga mashina yuboryapti, debdi. Aleksey Ivanovich quyosh chiqib, eruvgarchilik boshlanganini bilgani uchun:

— Buyoqlarga mashina o‘tmaydi, — debdi,

— Unaqa bo‘lsa, traktor yuboramiz, kuting, — debdi sekretar.

— Kutib o‘tirolmayman. O‘zim bitta-bitta yurib boraveraman.

— Shoshmasangiz-chi, axir!

Sekretar harchand ko‘ndirishga urinmasin, Aleksey Ivanovich qaysarlik qilib turib olibdi.

— O‘rtoq sekretar, yo‘llarimizning ahvolini o‘zim bilaman.

Kolxoz raisi Aleksey Ivanovichga ot beribdi. Yoniga yo‘ldosh qo‘shib, yo‘lga solib yuboribdi. Ular daryo bo‘yigacha otda kelishibdi.

...Daryoning u yuzida traktor kutib turgan ekan. Ashkovga yetgandan keyin erim «Gazik»ka o‘tirib, yo‘lda davom etibdi. Uyga yetib borgunicha rosa holdan toyibdi. Oltmish yashar odamga dam olmay shuncha yo‘lni bosib o‘tish osonmi!

Qishloqdagi uychamizda tanishu notanish, allaqancha odam to‘plangan ekan. Muxbirlar Aleksey Ivanovichni o‘rab olishibdi.

— Aytingchi, Yura qanday bola edi?

— Qanaqa bola bo‘lardi. Boladaqa bola-da! Yaxshi bola. Mo‘min-qobil. Oilasi ham o‘ziga tinch.

Lekin jurnalistlarga bu kamlik qilar, ko‘proq narsani bilgisi kelarmish. Xullas savol beraverib, cholimni rosa holdan toydirishibdi. Kechqurun raykom sekretari savol-javoblarni to‘xtatishni talab qilib, qarindosh-urug‘larni mashinaga o‘tqazibdi-da, uchuvchilar shaharchasiga jo‘natib yuboribdi.

Aleksey Ivanovichning gaplarini eshitib, koyidim.

— O‘zi fe’ling shunaqa-da, Alyosha. Bolalaring shunaqa katta ishlar qilishini xayolingga ham keltirmaysan. Yuraning kosmosga uchganini Trubinda eshitgan ekansan. O‘sha yerning o‘zidan orqangga qaytsang bo‘lmasmidi? «Mening o‘g‘limmas, ismi-sharifi to‘g‘ri kelib qolgan», degan gaplarga balo bormidi?

Alyosha menga tikilib qoldi. Ko‘zlari horg‘in edi.

— Bordi-yu, uchgan bizning Yurka bo‘lmasayu, men hamma joyda ko‘rib qo‘yinglar, Gagarin biz bo‘lamiz, deb maqtanib yursam tuzuk bo‘larmidi? O‘zingga qolsa, Nyura, sen ham bunaqa qilmasding. Tag‘in meni koyiganing ortiqcha. Loy kechib shuncha yurgan bo‘lsam, nima qipti? Sen bilan biz bundan ko‘p qiyinchiliklarni ham ko‘rganmiz. Shu paytdan ko‘kragimizga urib, maqtanaversak, Yura kimga ergashadi? Shusiz ham hozir bolani har tomondan osmonga ko‘taraverib, boshini aylantirib yuborishgan bo‘lishsa kerak.

Nachora, Aleksey Ivanovich to‘g‘ri gapni aytdi.

Ertasi kun ham yugur-yugur bilan o‘tdi. Ertalab, 14 aprel kuni Kremlda bo‘ladigan tantanali kechaga taklif biletlari olib kelishdi. «Gagarin A. I.ga, umr yo‘ldoshi bilan» degan yozuv yozilgan konvertni Aleksey Ivanovichga taqdim qilishdi. U menga qarab, bosh chayqab qo‘ydi.

— Umr yo‘ldoshi! — Bu gap unga tantanavorroq tuyuldi shekilli, jilmaydi. — Kremlga nima kiyib borasiz endi, umr yo‘ldoshim?

Men karaxt bo‘lib qoldim. Bir xayolim Gjatskka borib kelishga vaqt yetarmikan, deb o‘yladim. Lekin uchrashuvga taklif qilayotgan ishboshi ogohlantirdi.

— Hammasini o‘ylaganmiz. Rahbarlik sizlarni yasantirishga pul ajratgan. Nima kerakligini aytsanglar, bas.

Bunaqa taklifga ko‘nishimiz qiyin edi. Shu paytgacha yeb-ichishimiz, kiyim-kechagimiz doim peshona terimiz bilan topilgan pul hisobiga bo‘lgan, ammo hozir boshqa chora ham yo‘q edi. Vaqt tig‘iz. 14 aprel kunining har bir daqiqasi oldindan belgilab qo‘yilgan ekan.

Shaharchadan ketishimiz oldidan bizga SSSR Oliy Sovet Prezidiumining Farmoni chiqqan gazetani keltirib berishdi. Yolg‘iz qolishim bilan gazetani qayta-qayta qo‘lga olardim.

«Vostok» yo‘ldosh-kemasida jahonda birinchi kosmik parvozni amalga oshirganligi uchun Sovet Ittifoqi grajdani Gagarin Yuriy Alekseevichga «SSSR Kosmonavt uchuvchisi» degan unvon birilsin».

Shu yerning o‘zidan:

«Vatanimizni sharaflovchi qahramonona jasorati, kosmosga birinchi bo‘lib parvoz qilgani, bunda qahramonlik, mardlik ko‘rsatgani, Sovet xalqiga, butun insoniyat taraqqiyotiga beqiyos sadoqat ko‘rsatganligi uchun dunyoda birinchi kosmonavt uchuvchi, mayor Gagarin Yuriy Alekseevichga Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berilsin, Lenin ordeni va «Oltin Yulduz» medali topshirilsin hamda Moskva shahrida qahramonning bronza byusti o‘rnatilsin», degan so‘zlar ham yozilgan.

Mana shu yuksak so‘zlar nahotki Alyosha ikkalamizning o‘g‘limiz sha’niga yozilgan bo‘lsa! Nahotki bolamiz butun Sovet kishilariga tanilib qolgan bo‘lsa! Nahotki Yura Sovet Ittifoqi qahramoni bo‘lsa!

Mening o‘g‘lim, hov o‘sha mart kunlarining birida tong soat besh yarimda ilk bor «inga-inga» deb ovoz bergan, bir haftadan keyin Alyosha chaqaloq bilan meni Gjatskdan Klushinoga olib ketayotganida yo‘l bo‘yi bag‘rimda mittigina, iliqqina bo‘lib yotgan o‘sha bolakay nahotki shunchalik obro‘-e’tibor qozongan bo‘lsa! Xayolimga bir-biridan g‘aroyib xotiralar yopirilib kelar edi. Ha, bu — mening o‘g‘lim! Lekin shunday ajoyib voqealar chindan ham ro‘y berganiga hamon ishongim kelmasdi.

Diydor

Bizni mashinada Vnukovo aeroportiga olib kelishdi. Yura tushgan samolyot shu yerga qo‘nishi kerak ekan. Tumonat odamni bir ko‘rsangiz edi! Hamma xursand. Hammaning dilida bayram. Hamma sovet kishisining yutug‘idan ko‘ksi tog‘ bo‘lgan...

Bizni yuqoriroq joyga chiqarib qo‘yishdi. Atrofga razm solsam, partiya rahbarlari, hukumat a’zolari ham kepti. Butunlay dovdirab qoldim. Aleksey Ivanovichga qarasam, u ham qandaydir ingichka tortib qolganday. Biroq yonimizda turganlardan allakim holatimizni tushundi shekilli, gapga solib, dalda berdi. Atrofdagi odamlar Yuriy Gagarinning ota-onasi, qarindoshlari ekanligimizni bilib, bizni yanayam qulayroq joylashtirishga harakat qylishdi.

— Lida bilan Yura Ivanovlar ko‘rinmaydi, buyoqqa o‘tkazishmabdi, shekilli, — deb qoldi Boris.

Sinchiklab qarasam, ular ham to‘siq oldida turishgan ekan. Borya o‘sha tomonga qarab, bu yoqqa kelinglar, degandek qo‘l siltadi. Lida bilan Yura arqon to‘siq tagidan o‘tib, biz tomonga yugurishdi. Shunday qilib, hamma qarindoshlar jam bo‘ldik.

Uzoq cho‘zilgan sukunatni yaqinlashib kelayotgan samolyot ovozi buzdi. Keyinchalik kinooperatorlar tomonidan batafsil suratga tushirilgan o‘sha diydor onlarini televidenieda, kinoxronikada necha qayta tomosha qildim. Lekin o‘sha 14 aprel kuni juda hayajonda edim. Keyinroq, kimdir mendan, e’tibor berdingizmi, o‘shanda Yuraning botinkasining ipi yechilib ketgan ekan, deb so‘radi. Botinkasini ko‘ribmanmi?! Yakkash o‘g‘limning yuziga tikilar, hayajonlanganimdan nafasim ichimga tushib ketgan edi.

U qizil gilam ustidan yurib bordi-da, partiya va davlat rahbarlariga raport berdi. Keyin biz tomonga yurib, Valyani quchoqladi. Mening yakkayu yagona niyatim shu ediki, o‘g‘limni bag‘rimga bossam, mana, bolaginam sog‘-salomat ekan, deb ko‘nglim joyiga tushsa! Yura meni quchoqlab, ohista shivirladi:

— Yig‘lamang, oyi, mana, hammasi bo‘ldi, men yoningizdaman!

O‘g‘limga gullar sovg‘a qilishdi. U guldastalarni oldi-yu, lekin ilgari bunga o‘rganmagani uchunmi, xijolatda qolgani sezilib turardi. Hammaning yoniga borib, salomlasha boshladi. Lidaning ro‘parasida bir zum to‘xtab qoldi. Guldastani unga berdi. Nimaga shunaqa qilgani menga ayon edi. 13 aprel — jiyanining tug‘ilgan kuni ekanini Yura unutmabdi.

Biz Qizil maydonga qarab ketdik. Yura ochiq mashinada turar, odamlar qichqirishar, tabriklashar, u esa tabriklarga javoban nuqul jilmayar edi. Faxr va baxt bilan to‘liq shu damlarda yuragim yorilib ketmaganiga hamon hayron qolaman.

Valyani, meni, Aleksey Ivanovichni Mavzoleyning yonbosh minbariga taklif qilishdi. Mavzoley minbarida turishni menga kim qo‘yibdi? Biroq zinadan ko‘tarilib borayotganimda Yura yonimizga yetib keldi. Mening xijolat bo‘layotganimni, Valya ham uyalib turganini sezdi.

— Chiqmasanglar bo‘lmaydi. Men sizlarga, sizlar menga dalda berib turasizlar.

Shundan keyin Qizil maydondan moskvaliklarning namoyishi o‘tdi. Ular mamlakatimizning Bosh minbarida turgan Yurani qutlashar, Yura qutlovlarga javob berar edi. O‘g‘limdan ko‘z uzolmayman. Chehrasida juda mayin, dilkash, halol tabassum porlab turibdi. Ikki ko‘zim o‘g‘limdayu nuqul yig‘layman. Aleksey Ivanovich beozor dashnom berdi:

— Nyura! Yaxshimas-da, yig‘lashing!

— Yig‘layotganim yo‘q, ko‘zyoshimni tiyolmayapman. Odamlar tushunar axir, ahvolimni...

Kolonnalar to‘xtovsiz o‘tib borar, chamamda butun Moskva Qizil maydondan o‘tishga ahd qilgandek edi.

Namoyishdan keyin bizni Kremlga kuzatib qo‘yishdi. Nikita Sergeevich Xrushchev taklif qildi:

— Kelinglar, tinchroq joyda tushlik qilaylik. Sizlar uyatchan odamsizlar. Hali qabul paytida och qolishinglar hech gapmas.

Shinam bezatilgan xonada dasturxonga mazali rus taomlari tortishdi. Biz Yurani savolga tuta boshlagan edik, o‘g‘lim, avval sizlar mening savolimga javob bering, deb kulimsiradi. Qizchalarining ahvolini surishtirdi. Valyadan suting yetyaptimi, deb so‘radi. Nega jiyanlarim Tamara bilan Yura, Valentinning qizchalari ko‘rinmaydi, deb surishtirdi.

Mening singillarimni, xolavachchalarini, Volodyani — hammani bir-bir so‘rab chiqdi. O‘sha kezlari Mariya yurak kasali bilan shifoxonada yotgan edi, Yura borib ko‘rib kelaman, dedi.

— Sizlarni shunaqa sog‘indimki! — dedi u.

Yuraning ilk parvoz paytidagi taassurotlarini hozir hamma biladi, lekin 12 aprel kuni aytgan gaplari juda katta yangilik edi. Hammamiz uning so‘zlarini bag‘oyat diqqat bilan eshitardik.

Valya erining yonida o‘tirardi. Dam sayin Yuraning qo‘lini ushlab-ushlab qo‘yayotganini, go‘yo erim rostdan ham tirikmi, degandek bo‘layotganini payqadim. Kelinimning ahvoli menga ayon edi. Yura hammamiz bilan gaplashar, ammo ora-chora «esingdami Valya», deb xotiniga murojaat qilardi.

Yura bir narsani gapirsa, hamisha oddiy, hammaga tushunarli qilib hikoya qilardi. O‘shanda ham shunday bo‘ldi. O‘g‘lim gapiryapti-yu, go‘yo mening o‘zim qop-qora baxmaldek osmonni, allaqanday notanish tikandek nayzador nur sochib turgan yulduzlarni, uzoqdan sharga o‘xshab ko‘rinib turgan Yer kurramizni, chiqib kelayotgan yorqin va ulkan quyoshni o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turganga o‘xshardim. U shu paytgacha bironta inson boshidan kechirmagan holatni — vaznsizlikni gapirib berdi.

— O‘zimni a’lo darajada his qildim, — dedi Yura. — Nimaiki qilsam, hammasi oppa-oson kechayotganga o‘xshardi. Oyoq-qo‘llyorimning og‘irligini sezmayman. Kabinadagi narsalar uchib yuribdi. O‘zim ham kresloda o‘tirolmadim. Xuddi birov havoga uchirib ketayotgandek, o‘rnimdan siljib, tasmalarga osilib qoldim. Yerda mashq qilingan programmaga binoan ovqat yedim, suv ichdim — hech qanday noxushlik sezmadim. Yozib ko‘rdim. Husnixatim mutlaqo o‘zgarmadi. Faqat qalam, qog‘oz ustiga yengilgina surilib borar, qo‘lim o‘zimniki ekanligini sezmasdim. Ammo harakatlarim xohishimga bemalol bo‘ysunardi. Kabinadagi narsalar esa xuddi Moydodir degan bolalarga bag‘ishlangan she’rdagiga o‘xshab, sendan qochib ketaveradi. Bloknotni, ruchkani, nonushta joylangan tyubiklarni mahkamroq ushlamasang «qochib qoladi». Qo‘yib yuborsang, kabinada muallaq uchib yuraveradi.

U kemaning uchish va, qo‘nish daytidagi holatlarini batafsil aytib berdi.

— Yurka! To‘g‘risini ayt, qo‘rqdingmi? — so‘radi otasi.

— Bo‘lmasa-chi! Kema atmosferaning zich qatlamiga kirganda ulangan choklari yonib ketdi. Xuddi do‘zaxning qoq o‘rtasida o‘tirganga o‘xshaysan. Illyuminatordan esa ming darajali alanga lang‘illayotgani ko‘rinib turadi. Lekin men hammasi joyida bo‘lishiga tamomila ishonardim. Texnikamizning qudratiga imonim komil edi. Bo‘lmasa Bosh konstruktorimiz insonning uchishiga rozilik bermasdi.

Biz ham turli voqealarni esladik. Yura dadasining «o‘g‘ling kosmosga uchdi» deganlarida, hatto TASS axborotini eshitganidan keyyn ham bari bir ishonmaganini eshitib, mazza qilib kuldi. Otasi esa, kula-kula bir gapni qaytarardi:

— To‘g‘ri-da, mening o‘g‘lim Yura starshiy leytenant, uchgan odam esa mayor bo‘lsa...

Yura g‘alati tasodiflarni gapirib berdi. Aytishicha u Saratovga bundan olti yil ilgari aeroklubda kursantlik qilib yurganida samolyotda dastlabki uchish mashg‘ulotlarini, o‘tkazgan joyiga yaqin yerga qo‘nibdi. Birinchi orientiri — Volgani darrov tanibdi. U Dmitriy Pavlovich Martyanov rahbarligida xuddi shu joylarda — ulug‘ rus daryosi sohillarida ilk bor samolyot shturvaliga o‘tirgan edi... Yuriy yerga qo‘nganida uni birinchi bo‘lib o‘rmonchining xotini Anna Akimovna Taxtarova degan xotin bilan uning nevarasi Rita degan qizaloq ko‘rib qolishibdi.

Shu yerga kelganda Yura hikoyasini to‘xtatib, menga qaradi.

— Sizning adashingiz ekan, oyi.

Ayol bilan qizaloq ola-bula buzoq oldida turgancha, Yuraga tikilib qolishibdi. Keyin unga tomon qo‘rqibroq yaqin kelishibdi. Ularning holatini tushunish qiyin emasdi. Yura qandaydir g‘alati kiyimda — pushtirang skafandr kiyib olgan edi.

— Nahotki kosmosdan tushgan bo‘lsangiz? — deb so‘rabdi Anna Akimovna shubhalanib.

— Buni qarangki, xuddi shundoq! — debdi Yura.

Keyin narigi dalada ishlayotgan mexanizatorlar yugurib kelib, Yurani o‘rab olishibdi. Quchoqlab o‘pib ketishibdi. Yufitser boshchiligidagi soldatlar bilan to‘la mashina yetib kelibdi. Yuraga mayor unvoni berilganini shular aytishibdi.

...Tushlik tugadi. Muqofotlarni topshirish tantanalari yaqinlashdi. Hammamiz zalga kirdik. Atrof jimjit. Farmonni o‘qiyotgan Leonid Ilich Brejnevning ovozi sukunatda tantanali jaranglar edi. U Yuraning ko‘kragiga yuksak nishonlarni qadab qo‘ydi. O‘g‘lim Vatanning har qanday topshirig‘ini bajarishga tayyor ekanligini aytdi.

Mukofotlash tantanalari tugagandan keyin katta zalga chiqishimiz bilan Yura yoshi o‘zidan ulug‘roq kishilarning oldiga bordi va chuqur hurmat bilan suhbatlasha boshladi. O‘sha odamlar orasida bir necha kishi ajralib chiqib, bizning yonimizga keldi. Tanishdik. Suhbat boshlandi.

* * *

1966 yil yanvar oyida Sergey Pavlovich Korolyovni dafn qilishganidan keyin g‘amdan adoi tamom bo‘lgan, yuzida qon qolmagan Yura Gjatskka kelgan edi. O‘shangacha ham u kosmik kemalarning Bosh konstruktori haqida ehtirom bilan, hayajonlanib ko‘p gaplarni aytgan, bu odamning iste’dodi, irodasi, optimizmi, qalb saxovati oldida doim ta’zim qilishini gapirgan edi. O‘g‘lim uni hamma qatori Sergey Pavlovich, SP, Boshliq deb atardi.

O‘sha qahraton yanvar kunida u Sergey Pavlovichni ayniqsa iztirobga tushib esladi,

— Siz uni taniysiz, oyi. Yodingizdami, oltmish birinchi yil 14 aprel kuni u dadam bilan sizning oldingizga kelgan, turish-turmushingizni, qishloqdagi ahvolni, oilamizni so‘ragan, biron yordam kerak emasmi, deb surishtirgan edi.

Men Sergey Pavlovichni eslashga harakat qildim. Lekin o‘sha kuni o‘zimizni o‘rab olgan shuncha odamlar orasida Korolyovning chehrasini xotirlab qololmagan ekanman.

— Oyi, Sergey Pavlovichni eslab qolmaslik mumkinmas, uni hech kim bilan adashtirib bo‘lmaydi, — dedi o‘g‘lim beozor dashnom berib...

Sovet kishilarining kosmosda erishgan yutug‘iga bag‘ishlab eng yaxshi artistlar kontsert berishdi.

Biz o‘zimizni qandaydir noqulay his qilardik. Cholimning yonida o‘tirgan Anastas Ivanovich Mikoyan buni sezdi. Sahnaga chiqayotganlarni asta-sekin tanishtirib, bizlarni gapga soldi. Shu paytda juda mashhur bir balerina raqs tushayotgan edi. Anastas Ivanovich cholimning qulog‘iga egilib, gap qotdi:

— Qomatni qarang!

Cholim qovog‘ini solib javob qildi:

— Ha-ha, uzunroq ko‘ylak kiysa bo‘larkan.

Anastas Ivanovich kulib yubordi. Erim ikkalamiz ham maza qilib kuldik.

Yura esa endi yangi talablar bilan yashar edi. Fanlar Akademiyasi va SSSR Tashqi ishlar ministrligi birinchi kosmik parvozga bag‘ishlangan matbuot konferentsiyasi tashkil qilishdi. Yura konferentsiyada so‘zga chiqish uchun ketdi.

Qaytib keldiyu hazil-huzil qilib ukasi Boris bilan kurash tusha boshladi. Valya uni ogohlantirdi.

— Yura, sen mashq qilib pishib ketgansan, ukangni qiynama.

Boris ham yangi uylangan emasmi, kelinning oldida uyalib qolmaslik uchun bo‘sh kelmas, akasi bilan barobar kurashar edi. Kichik o‘g‘lim ham baquvvat bola edi. Yura vaziyatni tushunib, buyruq berdi:

— Starshiy serjant Gagarin! Mayor Gagarin buyuradi: kurashni bas qiling!

Ertasiga ertalab biz uyga, qishloqqa qaytmoqchi bo‘ldik. Ammo Yura Gjatskka qachon borishini bilmasdi.

— O‘zimga qolsa sizlar bilan jon deb ketardim. Nima qilay, gorkomdan shoshmay turishni iltimos qilishdi. Uchrashuv bo‘lishi kerak ekan. Xafa bo‘lmanglar, mendan ham, gorkomdagilardan ham.

O‘sha kunlardagi quvonchimizni bir narsa buzdi. Moskvadan uyga kelsak, oilaviy fotosuratlarimiz, xatlar, Yuraning maktab paytidan buyon yozib kelayotgan kundaliklari qutida yo‘q.

Tamaradan, Yurikdan qog‘ozlar qani, deb so‘rasak, bolakaylar esankirab, yelka qisishdi. Allaqanday «amakilar» olib ketishganini aytishdi. Ular katta nashriyotlardan, gazeta-jurnallardan kelishganini aytishibdi, darrov qaytarib beramiz deb va’da qilishibdi.

Haligacha qaytarishgani yo‘q.

* * *

Oradan bir necha yil o‘tgach, Yura halok bo‘lganidan keyin Nadyusha o‘ziga, akasiga, Mariyaga Yura yozgan xatlarni menga keltirib berdi. Aza ham o‘g‘limning bitta xatini topib keltirdi. Yuraning do‘st-birodarlari bir qancha xatlarni olib kelishdi. Ular menga oson emasligini, bolamning xatlarini qayta-qayta o‘qib, ozmi-ko‘pmi taskin topishimni bilishgan edi.

Yaqinda Valyaning «108 minut va butun umr» degan kitobi bosilib chiqdi. O‘sha kitobda Yuraning menga yozgan xatidan bir qancha satri keltirilgan. O‘g‘lim bu xatni yozganiga ko‘p yillar bo‘lib ketgan. Lekin undagi so‘zlar shu qadar mayin, shu qadar mehribonki, hali-hanuz o‘qisam, ko‘nglim to‘lib ketadi. O‘sha xat lop etib ko‘z oldimga keladi. «...Oyijon, men sizni shunaqangi yaxshi ko‘ramanki, qo‘lingizning bo‘rtib chiqqan tomirlarini o‘pgim keladi. Hammasi uchun ming rahmat sizga».

Bolaginam! Qanchalik mehribon eding menga! Rahmat, bolajonim!

Ruschadan tarjima.

“Sharq yulduzi” jurnali, 1986 yil, 4-son.

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.