OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Vohidov. Adolat tuyg‘usi (1986)

Insonga bir marta beriladigan hayotda u umridan, o‘tgan kunidan qoniqib yashashi kerak. Vijdoniga xilof ish qilmay yashasa — bundan ulug‘ baxt yo‘q. Har bir aytgan so‘zing, ishing o‘zingning xohishingga muvofiq bo‘lsa — eng katta baxt shu. Aksincha, insonning o‘z ichki intilishlari, qalbi, e’tiqodi, so‘zi bilan ishi o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lsa, vijdoni buyurganini qilolmasa, bu — inson uchun juda katta baxtsizlikdir.

Adabiyot, san’at — qalbning hunari, yurakning ishi. Shoir, yozuvchi yuragining so‘zi, qalbining amri bilan qo‘liga qalam oladigan odam. Agar yozuvchi, shoir vijdon so‘zini aytolmasa fojea yuz beradi. Adabiyot ahli hamma zamonlarda inson qalbining erki uchun kurashgan. Zamonlar bo‘lganki, unda rost gapni aytish jasorat hisoblangan. Biz esa shunday jamiyatda yashayotirmizki, davlat, mamlakat manfaatlari bilan xalq manfaatlari o‘rtasida ziddiyat yo‘q. Butun jamiyat va shu jamiyatning intilishlari, orzu-maqsadlarining ifodachisi bo‘lmish yozuvchilarning niyati bitta: xalqqa xizmat. Binobarin, shunday bir davrda rost gapni aytish jasorat sanalishi jo‘yali hodisa emas. Lekin biz shunday davrni boshimizdan kechirdikki, jamiyatdagi ayrim nuqsonlarni ko‘rsatish ba’zi yuqori lavozimdagi odamlar tomonidan jamiyatning ildiziga bolta urish, jamiyat bog‘iga tosh otish, deb talqin etildi. Kamchiliklarimizni baralla aytishimiz, bu — uydagi gapni ko‘chaga olib chiqish, tuzumimiz muxoliflari oldida o‘zimizni kamsitish, deb baholandi. Bunday fikr hokim bo‘lgan vaqtda yozuvchining ijod qilishi nihoyatda mushkul.

Biz keyingi bir necha o‘n yillar davomida dramaturgiyamizning oqsab kelayotgani to‘g‘risida ochiqchasi-ga gapirib kelamiz. Lekin buning tub sabablarini hammamiz sezib, bilib turibmiz. Axir, dramaturgiya qarama-qarshi xarakterlarning, qarama-qarshi qarashlarning juda kuchli to‘qnashuvlari namoyon bo‘ladigan, jamiyatni olg‘a siljituvchi kurashchan tafakkurning yuksak nuqtalarida namoyon bo‘ladigan san’at turi. Odamlar ko‘nglidagi ko‘p gaplarni, ko‘z oldimizda ro‘y berayotgan nohaqliklarni baralla aytish mumkin bo‘lmasa, dramaturgiyamizdan qanday jasoratni talab qilamiz.

Bir misol. 1969 yili «Oltin devor» komediyasi asosida sahnalashtirilgan spektakl qabuli paytida ba’zi martabali o‘rtoqlar asardagi salbiy qahramonlarni tahlil etar ekanlar: «Nahotki, biz sovet vrachi ustidan, sovet savdo xodimi ustidan shunday kulsak! Axir, bu spektaklni ko‘rgan zargar yoki vrach norozi bo‘lib, bizlarga murojaat qilsa, nima deb javob beramiz», qabilidagi gaplarni aytgan edilar. «Oltinni yashirish sovet kishilariga xos emas, asarning birinchi ko‘rinishidayoq oltinni davlatga topshirish kerak edi!», deganlar ham bo‘lgandi. Yengil hazil asosiga qurilgan beozor spektakl haqidaki shunday fikrlar bayon etilganda, masalan, Abdulla Qahhorning «Tobutdan tovush», Uyg‘unning «Parvoz» asarlaridek keskin, jasorat bilan yozilgan, ijtimoiy adolat uchun oshkora kurash ruhi bilan yo‘g‘rilgan asarlarning taqdiri to‘g‘risida gapirmasak ham bo‘ladi.

O‘zbekda «Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi», degan gap bor. Bugun ushbu minbardan baralla aytilayotgan ayrim illatlarning avj olishida, ayniqsa, O‘zbekistonimizda sodir bo‘lgan — kadrlarning aynishi va buzilishi deb ro‘y-rost baho bergan — hodisalarni biz, yozuvchilar o‘z vaqtida ochmaganimiz, grajdanlik jasoratimizning yetishmaganligi ham bir sababdir.

Iste’dodli, jasur, vijdon so‘zini aytadigan yozuvchilar turli yo‘llar bilan kamsitildi, ammo o‘rtamiyona, zamonasoz qalamkashlar ko‘klarga ko‘tarilib, unvonu martabalar bilan siylangani hammamizga ayon. Lekin xalq hamisha odil! U iqtidorsiz, soxta yozuvchilarga doimo o‘z odil bahosini berib kelgan. Bu toifaning kitoblari do‘konlarda chang bosib, omborlarni obod qilib yotibdi! Shunday «asarlar» hozir ham kitob savdosi tashkilotlarining ro‘yxatlariii to‘ldirib turibdi. Bunday ahvolning yuzaga kelishida adabiyotning hakami va vijdoni — adabiy tanqidning ham yaxshigina hissasi bor. Yozuvchiga uning iste’dod darajasiga, asariga qarab emas, balki egallab turgan mansabiga qarab baho berilishi, hamma bilib ko‘rib turgan barcha jihatlardan ojiz asarlarning maqtalib, ko‘klarga ko‘tarilishi adabiy tanqid deb atalgan muqaddas sohaning obro‘yini tushiradi. Shu sababli ham O‘zbekiston KP Markaziy Komitetining byurosi XVI plenumdan ko‘p o‘tmay respublikamizda adabiy-badiiy tanqidchilikning ahvoli va uni yanada yaxshilash tadbirlari to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi. Adolat tuyg‘usi, xolislik, halollik va jasoratning yetishmasligi, tarafkashlik, oshna-og‘aynigarchilik, maydagaplik, didsizlik, yaxshi asar bilan yomon asarni farqlay olmaslik kabi illatlardan, afsuski, tanqidchilik hali qutulolgani yo‘q.

Men nashriyotda xizmat qilaman. Ma’lumki, nashriyotga keladigan har bir qo‘lyozma xolis taqriz etilishi lozim. Qo‘lyozma yo nashrga tavsiya qilinishi, yo rad etilishi kerak. Biz shunday hollarga duch kelayotirmizki, yozuvchilarning asarlariga baho beradigan tanqidchilar turli bahonalar topib, o‘zlarini mas’uliyatdan olib qochadilar. Oqibatda biz ayrim o‘zi nomdoru, biroq asari har jihatdan zaif adiblarning qo‘lyozmalariga taqrizchi topolmay oylab ovora bo‘lamiz, tanqidchilarga yalinamiz. Lekin ular o‘zlarini chetga uradilar. Tanqidchi dushman orttiraman, deb qo‘rqsa yoki undagi adolat tuyg‘usidan shafqat tuyg‘usi ustun kelsa — adabiy muhitda hech qachon adolat bo‘lmaydi, hech qachon partiyamiz bizdan kutayotgan tub o‘zgarishlarni amalga oshira olmaymiz!

Jamiyatimizning hamma sohalarida ketayotgan ijtimoiy adolat uchun, ishlab chiqarilayotgan mahsulot sifatini yaxshilash, inson omili uchun kurash adabiy harakatning ham markazidan o‘tuvchi tushunchalardir. Vijdonni o‘rtaga qo‘yib aytganda, biz axir o‘zimiz necha yillar orzu qilgan muhit va sharoitga yetib keldik. Xalqimiz bizdan chinakam haqgo‘y asarlarni kutmoqda. Axir, badiiy asarning yaxshi-yomoni yoki yetuk-noetukligi, yozuvchining badiiy iqtidori barchaga besh qo‘lday ayon-ku, nechun biz hamon andisha va istihola deb atalmish to‘siqdan o‘tib ketolmaymiz! Biz o‘rtamiyona yozuvchi yoki havaskorga yaxshilik qilib, adabiyotdan haqiqiy, katta kashfiyotlar kutgan o‘n minglab kitobxonlarning diliga ozor yetkazmayotirmizmi?!!

Do‘ppini olib qo‘yib gaplashadigan vaqt yetdi. Faqat gaplashadigan emas, aytgan gaplarimizga amal qiladigan vaqt yetdi. Halollik, haqiqat uchun kurash hamisha jasorat, fidoyilik talab qiladi.

Quyosh o‘yg‘onmasdan uyg‘onib, ko‘z ko‘rmay qolguncha ishlaydigan, yil — o‘n ikki oy daladan qaytmaydigan mehnatkash xalqimiz bor. Biz ana shu adolat tuyg‘usi tiyrak, zukko, yuksak didli, bag‘ri keng xalqimizning hayotini haqqoniy tasvirlab beradigan, uning jasorat va qahramonliklarinibadiiy ulug‘laydigan, go‘zallik tuyg‘usini o‘stirib, hamisha adolat uchun kurash ruhida tarbiyalaydigan xalqimizga munosib asarlar yaratishimiz kerak. Qo‘limizga qalam olar ekanmiz, doimo ko‘z oldimizda ana shu qahramon va donishmand xalqimiz tursin!

1986

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.