Ittifoqning turli burchaklarida o‘tkazilayotgan an’anaviy adabiyot kunlari munosabati bilan men o‘tgan yili Uzoq Sharqning Xabarovsk o‘lkasida, Vladivostokda, bu yil Sibirning Tyumen oblastida bo‘ldim.
Rostini aytsam, o‘tgan yilgi ajoyib safardan so‘ng ulug‘vor Amur sohillari, to‘lqinli Yapon deigizi, yo‘lbarslar makoni — Ussuri taygalaridan so‘ng bu yil Tyumenga taklif qilishganda, boshida Sibirning bu olis yurtida o‘rmon va botqoqdan boshqa nima ham ko‘rar edim, deb o‘yladim. Lekin, Tyumen zaminiga qadam qo‘yganim zamon, haqiqiy afsonalar o‘lkasiga kelganimni angladim.
Tyumen — janubi Qozog‘istonga, shimoli poyonsiz tundralar, narida muz okeaniga tutashib ketgan yarim million kvadrat kilometrlik ulkan bir diyor. Bu diyorning zaminida bitmas-tuganmas neft, torf, gaz zapasi yotibdi. Bepoyon kengliklarida oltin boshoqlar shovullab yotibdi.
Ana shu o‘lkada uch yildan buyon har yili Ittifoqning hamma burchaklaridan yozuvchilar yig‘ilib, anjuman tuzadilar, bu yurtning fidoiylari bilan uchrashadilar, suhbatu mushoiralardan ijodiy mavzu, ilhom olib qaytadilar.
Bu yilgi adabiyot bayramiga qardosh respublikalardan, qo‘shni mamlakatlardan yuzga yaqin yozuvchi, shoirlar yig‘ildi.
Tyumen, Tobolsk shaharlarida o‘tkazilgan tantanalardan so‘ng bir necha guruhlarga bo‘linib, o‘lkaning turli yerlariga yo‘l oldik.
O‘sha kunlari Toshkentda harorat 42 darajadan yuqorida turgan payt Tobolskda biz junjikib, plashchlarning yoqasini ko‘tarib olganmiz. Havo bulut, shimol tomondan achchiqqina shamol esib turibdi. Ertalabdan beri shivalab yomg‘ir yog‘yapti. Biz bir zamonlar podsho tomonidan nemis ustalariga maxsus yasattirilgan antiqa vagonlardan joy olib, qurilayotgan Tyumen-Surgut-Nijne-Vartovsk temir yo‘li bo‘ylab safarga chiqdik.
Aytishga oson, lekin tasavvur qilolgan kishiga aniq — odamzod qadami tegmagan behadu poyon chakalak o‘rmonlar oralab, hayot asari yo‘q, cheksiz botqoqlar ustidan yetti yuz kilometrlik temir yo‘l qurilyapti. Buni boshdan-oxirigacha faqat yoshlar, komsomollar, turli millat farzandlari qurishyapti. Butun yo‘l «Butunittifoq zarbdor komsomol qurilishi» deb ataladi.
Turgasga kelganda, temir yo‘lning bitgan qismi tugab, safarni vertolyotda davom ettirdik. Ulkan ninachi «MI» bizni hududsiz tayga ustidan olib uchmoqda. O‘rmon, o‘rmon, o‘rmon... Poyoni ufqlarga tutashib ketgan chakalak o‘rmon.
Ularni oralab kumush tasmaday Irtish oqib yotibdi. Ana, podasidan adashgan yovvoyi bug‘u vertolyot sadosidan hurkib, jon holatda yuguradi. Unda-bunda o‘rmon siyraklashib, ulkan ko‘m-ko‘k yalanglik paydo bo‘ladi. Bu — barcha tiriklikning ofati, yaqin kelgan jonni ajdahoday yutguvchi tubsiz botqoqlik.
Men Sibirning bu manzaralariga burgut parvozi qadar balandlikdan qarab Vatanimning chinakam buyuk va poyonsizligini yana bir bor his qildim, fuqarolarning qudrati va matonatiga yana bir karra qoyil qoldim. Mana shu hayot asari yo‘q poyonsiz sukunat oralab erta bir kun yangrovchi teplovozlarning sadosi qulog‘imga eshitilganday bo‘ldi.
Yonimda o‘tirgan, yo‘l qurilishi boshlig‘ining o‘rinbosari Konstantin Grigorevich Balabinskiy vertolyot derazasiga ko‘rsatkich barmog‘ini tirab, menga ishora qildi. Pastga qaradim. O‘rmon orasida qubba-qubba bo‘lib turgan palatkalarga ko‘zim tushdi. Vertolyot ikki-uch aylanib, palatkalar yonidagi yalanglikka, sol qilib bog‘langan yog‘ochlar ustiga qo‘ndi. Bu yerda bizni xarkovlik yosh quruvchilar qarshi olishdi. Ular bizga o‘zlarining 15—20 tacha palatkadan iborat bo‘lgan «shahar»larini ko‘rsatishdi. Bu «shahar» haqiqatan ertakdagidek ajoyib. Ovqatxonaga, sport maydonchasiga, yuvinadigan yerga olib boruvta so‘qmoqlarga qiziq-qiziq ko‘cha nomlari qo‘yilgan. Ko‘rsatkich, taxtalarda, masalan, bunday yozuvlar bor: «Ovqatxonagacha 12 metr, Moskvagacha 167.4 kilometr». Botqoqlik tomonni ko‘rsatuvchi taxtachaga «Borsa kelmas» deb yozilgan.
Mana shu kimsasiz o‘rmonlar orasida, tug‘ilib-o‘stan yurtlaridan olisda yigitlar, qizlar qahraronona mehnat qilib, yana bir daqiqa quvnoq kayfiyatni tark etmay yashayotganlariga faqat qoyil deyish mumkin.
Vertolyot bizni qishloqdan-qishloqqa, shahardan-shaharga olib uchadi. Kun bo‘yi yo‘l, to‘xtagan yerimizda uchrashuv, she’rxonlik, tongotar suhbatlar... Shimolga qarab uchganimiz sari kecha qisqarib Qutb kunduzliklariga kirib boramiz. Uyqu kam, lekin negadir charchoq sezilmaydi. Hamma yerda quruvchilar bizni sevinch bilan qarshi olishadi, maroq bilan, tashnalik bilan tinglashadi.
Posyolkalardan biriga kelganimizda meni bir to‘da o‘zbek yigitlar qurshab olishdi. Ular temir yo‘l qurilishida mehnat qilayotgan yoshlar edi. Uchrashuv paytida men ular uchun o‘zbek tilida she’rlar o‘qidim. O‘sha daqiqalarda kechirgan tuyg‘ularimni so‘z bilan ifoda etish qiyin. Mubolag‘asiz aytamanki: men she’r havasida qo‘limga qalam olganimdan buyon o‘z mehnatimdan qanoat hosil qilganim ham shu.
Oppoq kecha. Tun yarmidan oqqan. Lekin chumolining ko‘zini ko‘rsa bo‘ladigan yorug‘lik. Kechagina temir yotqizilgan, hali teplovoz o‘tmagan shpallar ustida yuribmiz. Ustoz G‘afur G‘ulomning «Turksib yo‘llari»dagi shu satrlar yodimga tushadi:
Bu yo‘llarKo‘p qadim yo‘llardirJahonning fotihiIskandar Rum qaysari...Bir yigit she’rni davom ettiradi:
Botu, Chingiz, Temurlang Qoldirib kimsasiz iz...Boshqasi qo‘shiladi:
Qon deya, qon deya Bosaroq kechmishdur.Ha, bular afsonaviy «Turksib»ning davomini qurayotganlar, o‘sha qahramon ota va bobolarning loyiq farzandlari va nabiralari. Hayot davom etyapti, afsona ham davom etyapti.
Yillar o‘tar, bu botqoq va o‘rmonlar o‘rnida azim inshootlar, yashil shaharlar qad ko‘tarar. Avlodlar yana ham buyukroq ishlarga bel bog‘larlar, Ammo siz — bu mudroq sukunatni uyg‘otgan bahodirlar, botqoq va chivinlar saltanati bo‘lgan kimsasiz tayga va tundralarga hayot sadosini olib kelayotgan azamatlar, sizlar, tarix sahifalarida birinchi bo‘lib qolasiz.
Avlodlar sizning jasoratingizga shon o‘qiydilar. Bu kun «Turksib» quruvchilarini «DneproGES», «Magnitka» qahramonlarini so‘zlaganday havas va g‘urur bilan tilga oladilar.
Men Sibirning qurilayotgan yo‘llaridan bir olam taassurotlar olib qaytdim. Bu taassurotlar, ko‘nglimda o‘chmas iz qoldirgan bu xotiralar vaqti kelib balki she’r bo‘lar, doston, bo‘lar, lekin shu kunda hali ko‘rganlarimning izi sovumasdan, xotiralarimni siz bilan baham ko‘rg‘im keldi.
Bunda har ko‘rganim Bir tarix, ertak, Bunda har ko‘rganim Tuganmas doston. Ko‘z oldimga keldi, Yorug‘ kelajak Sibir istiqboli Bo‘ldi namoyon. Bunda chamanzorlar Gurkirab ketar — Xalqlar bel bog‘lagan Ekan mardona. Hayot davom etar, Shon davom etar, Davom etar bunda Qutlug‘ afsona.1973