OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Vohidov. Yangi avlod ovozi (1980)

She’riyatimizga yangi avlod kirib keldi. Ohista, iymanib, ulug‘lar qoshida cho‘chinqirab emas, shaxdam, dadil, bamisoli to‘yxonaga kelgan o‘spirin kuyovnavkarlardek olatasir va suron bilan kirib keldi.

Biz bu «bosqin»ni ko‘pdan kutgan edik, intizorlik bilan poylagan edik. Shunday kun keldi. Kuni kecha komsomol Markazkomi binosida o‘tgan she’rxonlikda men bunga amin bo‘ldim. Bugun she’riyatimizning teng huquqli yosh avlodi bor. Bu — Usmon Azimlar, Azim Suyunlar, Shukur Qurbonlar avlodi, bu — Muhtaramalar, Sharifalar, Dilbarlar avlodi.

Adabiyotda qadimdan bir qoida bor: yangi yosh avlod kirib kelmaguncha, uni el avlod sifatida qabul qilmaguncha so‘nggi avlod sochi oqarsa ham yosh avlod bo‘lib qolaveradi. Agar M.Solih, Sulaymon Rahmon, Farog‘at Kamolovalar bo‘lmaganda Omon Matjon, Muhammad Ali, Oydin va Halimalar hali ham yosh shoir bo‘lib yuraverar edilar. Bu — azaliy qoida, negaki adabiyotning doimo yosh avlodi bo‘lmog‘i kerak, bu uning tabiiy ehtiyoji. Yosh avlodi bo‘lmagan adabiyot go‘dak bolasi yo‘q oiladek sokin, zerikarli bo‘ladi. Go‘dak bolasi yo‘q oilada esa kenja farzand doimo suyuk va erka. Mo‘ylabi chiqsa ham otasining tizzasidan tushmaydi, onasiga erkalanib tilini chuchuk qilib gapiradi. Biz shu kungacha besh-o‘n kitob chiqargan, elga tanilgan shoirlarimizni yosh deb kelganimizning boisi shu. Shuning uchun yangi avlodning suron bilan, bosqin bilan kirib kelishini uzoq, (hatto juda uzoq) intizor bo‘lib kutgan edik.

Inson bir martagina yashaydigan zamonini tanlab dunyoga kelmaydi. Bu qismat deb atalgan, bizga noayon qudratning ixtiyorida. Bu tanlash huquqi shoirlarga ham berilmagan. Iste’dod sohibining qanday davrda yashashi, qay davrda adabiyotga kirishi uning inson sifatidagina emas, ijodkor sifatida ham qismatini belgilaydi. Ming yillik, asrlik tafovutlar haqida gapirmayman. XVI—XVIII asrlar o‘rtasida — uch yuz yillik zulmat va turg‘unlyk zamonida yurtimizda dunyoga kelgan yuzlab, minglab iste’dod egalarining ijodkor sifatidagi qismatini aytib o‘tirmayman. Shoir taqdirida bir necha yilning ham farqi bor. Elliginchi yillarda she’riyatga kirganlar ichida chinakam katta talant egasi bo‘lgan shoirlar yo‘qmidi? Bor edi. Lekin elliginchi yillarda she’riyatda dabdaba va hamdu sano udum bo‘lgan edi. O‘sha yillarda adabiyotga kirgan shoirlarning ko‘pchiligi ana shu udumni qabul qildilar, ilk qadamdan boshlab ana shu usulga o‘rgandilar, shunday shakllandilar. So‘ngra oltmishinchi yillarga kelib she’riyatdan madhiyabozlik chekinganda ularning ko‘pchiligi yangi nafasga darrov moslasha olmadilar. She’riyatning bayrog‘ini tantanabozlik xarobalarida tug‘ilgan avlod qo‘lga oldi.

Bugun she’riyatga kirib kelgan avlod qismatiga har jihatdan havas qilsa arziydi. Ular inson sifatida tinch, farovon zamon farzandlari, qalbu xayollari zahmat va o‘kinchdan xoli bo‘lgan, dunyoga shavq to‘la ko‘ngil bilan, oydin nigoh bilan boqqan yigit-qizlar. Ular shoir sifatida dolg‘ali, behalovat davr bolalari, qalbu xayollari anordek qontalash kurrai zaminnnng iztirobu umidlariga og‘ushta bo‘lgan, dunyoga ham zavqu shavq, ham xavotir ko‘zi bilan boqqan yoshlar. Ular, yana shoir sifatida, she’riyatda haqqoniyat va samimiyat, insonparvarlik g‘olib bo‘lib turgan, haqiqiy iste’dod qadrlanib, nasihat o‘rnini badiiyat, jarangos o‘rnini ishontirish qudrati egallab turgan bir davrning ijodkorlari.

Men tavsiya eturman senga o‘zimni,
Olam aro oydin xayollar,
Moviy shamollar maskani yurakka,
Tabiatga, Uning suxsur tog‘lariga,
Mevali, mevasiz bog‘lariga.
Gulga, terakka;
Asov daryolaru musaffo chashmalarga,
G‘alayonlar, isyonlar va sukunat tashnalariga
Mehr bilan boqqan ko‘zimni
Men tavsiya eturman senga, she’riyat.

(Sulaymon Rahmon)

Yangi avlod she’riyati bahorda qirg‘og‘iga sig‘magan soydek hayqirib, toshib oqayapti, adabiyotning katta daryosiga hali tinmagan, xas-cho‘plardan xoli bo‘lmagan, lekin o‘ziga xos oqim bo‘lib qo‘shilib turibdi. Bu oqimning o‘ziga va faqat o‘ziga xos bo‘lgan xususiyatlari bor — yangi avlodning tarjimai holi bilan, yoshiga mos nafasi bilan bog‘liq bo‘lgan xos belgilari bor. Lekin bu xos belgilarni ikki og‘iz so‘z bilan jo‘ngina aytib berish qiyin. Eng muhimlarini aytaman. Avvalo, mazmun va shakldagi erkinlik. Vazndan tortib fikrlash uslubigacha an’analardan chekinishga harakat. Verlibr (sarbast) o‘zbek adabiyotida rostmana yetmishinchi yillardan ko‘rina boshladi. Albatta, hozirgi yoshlar sharofati bilan. Men garchi verlibr o‘zbek she’riyatiga singib ketadi deb uncha ishonmasam-da, sharofati, degan so‘zni mutlaqo qo‘shtirnoqsiz aytaman. So‘ng, hayotning dramatik lavhalarini hayajon bilan tasvirlashga moyillik, (Raufning «Abdullajon marsiyasi», Shukur Qurbonning «Shoh Mashrabni osmoqdalar» she’ri). Bu belgi yoshlarning zamon ziddiyatlarini nozik his qilishi, ularda adolat tuyg‘usining o‘tkirligini ko‘rsatadi. So‘ng, tasvirda murakkab usullardan foydalanishga urunish, o‘ziga xoslikka intilish, turli «izm»lar tamg‘asidan qo‘rqmaslik xususiyati. Muhammadali Qo‘shmoqov, Rauf Parfi, M.Solih she’rlarini o‘qib ko‘ring. Bular umuman bir-biriga o‘xshamaydigan, lekin yuqorida sanalgan belgilari bilan bir-biriga yaqin shoirlar.

She’riyatda muvaffaqiyat bilan aytilgan tayyor, jo‘n gapdan muvaffaqiyatsiz izlanish afzalroq deb bilaman. Lekin izlanishda ham izlanish bor. Iste’dod chirog‘i bilan izlanishning qorong‘ilikda timirskilanishdan farqi katta.

Yoshlar she’riyatining o‘ziga xos yana ko‘p tomonlari haqida gapirish mumkin. Lekin ularni ta’riflash, aytib berishdan his qilish osonroq. Shuning uchun yoshlar haqidagi gapni shu yerda to‘xtatib, ular uchun ko‘nglimda tugib yurgan ba’zi fikrlarni aytmoqchiman.

Ko‘cha-ko‘yda o‘z xayoli bilan band bo‘lib, fikran o‘zi bilan o‘zi so‘zlashib borayotgan shoirni ko‘rgan kishilar: «Bu devona-darvesh nimaning xayolini surib ketyapti? Na odam bilan, na olam bilan ishi bor. Boshiga bir ish tushgan bo‘lsa kerak», deb o‘ylashlari mumkin. Lekin bu devona-darvesh odam yuragi olam tashvishi bilan urayotganini, kishilar qalbi va xayolini ularning o‘zidan ham shu odam yaxshiroq tushunishi va ifoda qila olishini ko‘plar bilmaydilar, tasavvur qilolmaydilar. Shoirning baxti va «ko‘rgiligi»ni, quvonchi va azoblarini, rohati va mashaqqatlarini bu ishga oshno bo‘lmaganlar tushunmasa hech ajab emas.

Shoirlikning «qora ishi»ni ko‘z oldiga keltirmay, bu nomning o‘ziga, obro‘ va shuhratiga qiziqib she’riyat maydoniga intilganlar xato qiladilar. Ko‘pincha bunday xato juda qimmatga tushadi. Xato qilgan odam uchun ham, she’riyat uchun ham. Shu sababli «yoshlarga g‘amxo‘rlik» deganda faqat ularni qo‘llab-quvvatlash yo‘g‘ini bor qilib ko‘rsatish emas, balki ularga rost gapni aytish, yanglishishdan qaytarish ham tushuniladi. Ovozi yo‘q odam hofiz bo‘lolmaydi, musiqani eshitish, farqlash, anglash qobiliyati yo‘q odam bastakor bo‘lolmaydi. Lekin ikki satrni bir-biriga juftlash, savodli yozish qobiliyati bo‘lgan har bir fuqaro shoirlik, yozuvchilik da’vo qilishi mumkin. Bizning savodxon asrimizda, ayniqsa, adabiyotda iste’dod bilan havaskorlikni ajratish mushkul bo‘lib qoldi.

Talantli odamlarning boshini qo‘shish, hamkor qilish qiyin. Iste’dodsiz odamlar bir-biri bilan topishib oladilar va katta kuchga aylanishlari mumkin. Negaki, talant doimo har xil, iste’dodsizlik esa bir xil bo‘ladi.

Boylik va shuhrat tama’ida adabiyotga kirganlar boshda kichkina ilonga o‘xshab kichkina bir kamgak joydan she’riyatning issiq quchog‘iga kirib olishi mumkin. Bunday ilonchalarga beparvo bo‘lmaslik kerak, chunki ular vaqt o‘tishi bilan ajdarga aylanib iste’dod egalariga daf qiladilar.

So‘nggi so‘z: Shoirlik faqat timqorong‘i xonaga kirib olib she’r yozish emas. yoki elga faqat she’ri bilan muallimlik qilish emas. Shoir hamma zamonda ham jangchi bo‘lgan. Bu sifat unga ayniqsa bizning zamonda juda kerak. Men shoirning shaxs sifatida ham barkamol bo‘lishini orzu qilaman. Odamlar faqat uning she’riga qarab emas, o‘ziga qarab ham havas qilsa, taqlid qilsa.

Men yosh shoir do‘stlarimga yuksak parvozlar tilayman, o‘zbek she’riyati baxtiga omon bo‘lishlarini, bu she’riyatni yana bir pog‘ona yuksaklikka ko‘tarish uchun bellari qamishdan bog‘liq bo‘lishini tilayman.

1980

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.