OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Vohidov. Aruz haqida (1972)

Bir vaqtlar, taxminan 15 yilcha ilgari bizning studentlik vaqtimizda «O‘zbekiston madaniyati» gazetasi o‘z sahifalarida aruz vazni haqida bahs ochgan edi.

Shunda katta-katta olimlar, shoirlar ikki guruhga bo‘linib, bir qismlari aruzning raqiblari, bir qismlari uning tarafdori bo‘lgan edilar. O‘sha gazetalarni arxiv javonlaridan olib, bugun varaqlagan kishi bir faktga e’tibor berishi mumkin. Aruz kerak, bizning zamonamizga xizmat qilishi mumkin deganlar klassik va zamonaviy g‘azallarning eng yaxshi namunalariga suyanganlar. Aksincha, aruzning raqiblari esa arzon va jo‘n g‘azallarni, aksari, qo‘shiq qilib aytilayotgan zamonaviy aruzning turfahol namunalarini misol qilib ko‘rsatganlar. Bunday «g‘azal»larning o‘sha vaqtda ham haddan ziyod ko‘payib ketgani natijasida hatto adabiyotimizning bir necha ulkan namoyandalari aruz raqiblari qarorgohidan joy olgan edilar. Ular o‘sha vaqtda balki haqli ham edilar. Chunki:

Yaxshilikni odat et, qilma yomonlik hech qachon:
Yaxshilik yaxshi erur, lekin yomonlikdir yomon.

singari o‘ta jo‘n nasihatlar, «aylading — ketding» kabi radiflarda yuksak his-tuyg‘udan yiroq oshiqonalar matbuot sahifalarini seldek to‘ldirgan edi.

Bugun she’riyatimiz bosib o‘tgan ulkan yo‘lga nazar solib, aruzning yutuq va kamchiliklari haqida ma’lum darajada ob’ektiv xulosalar chiqarish mumkin.

Hamza Hakimzoda boshlagan, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Uyg‘un, Sobir Abdulla, Zokir Habibiylar davom ettirgan o‘zbek g‘azali o‘zining an’analariga ega.

Dastavval shuni aytish kerakki, yangi zamon aruzi tor, cheklangan mavzulardan — may va mahbuba, yor va ag‘yor, garduni dun kabi tushunchalar doirasidan chiqib hozirgi zamon kishisining ichki dunyosini, uning qalbidagi yor muhabbati bilan el mehri, vatan sevgisini, olam haqidagi o‘ylarini ifoda qilmoqda.

G‘azal — murakkab va ancha qiyin janr. G‘azalnavisdan oz so‘zda ko‘p ma’no berish, fikr durdonalarini badiiy tashbeh sadaflari ichida taqdim etishni talab etuvchi janr.

Yana shuni aytish kerakki, xalqimiz Navoiy va Fuzuliylar, Hofiz va Bedillarning go‘zal va teran g‘azallarini biladi. Uning aruz vazniga didi ana o‘shalarni o‘qib tarbiya topgan. Shu sababdan jo‘n va sayoz misralarning xalqimiz orasida e’tibor topmasligi tabiiy.

Aruz adabiyotning, umuman san’atning hamma turlari kabi talant va mahorat, teran xayol va ehtiros talab qiladi.

1972

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.