Do‘stmuhammad aka haj qilmoqchi bo‘lib qoldi. O‘zi bilan bittayu bitta o‘g‘li, to‘qqiz yashar Ro‘zimuhammadjonni ham olib ketdi. Hajga ham bordilar, qaytmoqchi ham bo‘ldilar, qaytishda, xuddi Jiddaga kelganlarida, Arabiston va Misrda odamlarni qiyratib turgan vabo Do‘stmuhammad akani ham olib ketdiyu, 10 yashar Ro‘zimuhammad hoji o‘z vatanidan minglab kilometr uzoqda yetim bo‘lib qoldi. Na arabcha til biladi, na o‘z boshicha yo‘l biladi va na qo‘lida sarig‘-chaqa pul. Jiddada rus konsulxonasi bor edi. Konsulning o‘zi uni o‘g‘il qilib oldi, keyin konsul o‘rnidan tushdimi yo ishi chiqib qoldimi, haytovur Peterburgga qaytdi. Ro‘zimuhammadni o‘zi bilan birga olib ketdi.
Peterburgda uni maktabga berdi. Ro‘zimuhammad Peterburgda boshlang‘ich ma’lumotni olib bo‘lgach, konsul otasi uni Moskvadagi sharq tillari yuqori maktabiga yubordi.
Ana shu Ro‘zimuhammad Do‘stmuhammad o‘g‘li ulug‘ shoirimiz Muqimiyning o‘z tug‘ishgan jiyani edi.
Bu endi 1890 bilan 1899 yillar o‘rtasidagi hodisa.
O‘sha mahalning qoidasi bo‘yicha bir yetimni o‘g‘il qilib olish uchun qarindoshlarining rizoligi kerak bo‘lar ekan. Konsul Ro‘zimuhammadning bittayu bitta vasiysi va qarindoshi bo‘lgan Muqimiydan rizolik so‘rattirdi. O‘z zamonasining Furqatlar qatori madaniy kishisi bo‘lgan Muqimiy: «Pochcham o‘lgan bo‘lsa xudo rahmat qilsin, lekin jiyanimni kofirning tarbiyasiga berish «shariatga xilof», deb o‘tirmadi-da, rizolik berdi. Rus konsulga tashakkur va minnatdorchilik bayon qildi. «Mening o‘g‘lim emas, sizniki, ilm olsa, odam bo‘lsa bas», deb javob qaytardi. Muqimiy orzusiga yetdi. Jiyani ilm oldi, odam bo‘ldi. U hozir 61 yoshda, Qo‘qonda xizmat qiladi.
Yaqinda men Qo‘qonga borgan edim. Ro‘zimat hoji bilan uchrashdim. U menga Muqimiyning 1898—1899 yillar o‘rtasida Peterburg va Moskvaga yozgan 18 ta maktubini olib kelib topshirdi. Muqimiyning bu maktublari, uning tarjimai holida bizga aniq bo‘lmagan ko‘p faktlarni ravshanlashtiradi.
Dukchi qo‘zg‘oloni, Andijon zilzilasi, Farg‘onaning o‘sha paytdagi siyosiy-ijtimoiy hayoti, ulug‘ shoirimizning ijodi, shaxsiy hayoti va hayotiy jafolari to‘g‘risida bu maktublar, ayniqsa, ko‘p material beradi.
Shoirimizning tarjimai holini yozgan do‘stim o‘rtoq Uyg‘un shu 18 xatni o‘qib chiqishini va katta ilmiy xizmatini yana boyitishini orzu qilardim.
Xatlarni Qo‘qondagi Muqimiy nomli muzeyga omonat topshirdim.
O‘zFAN Til-adabiyot va tarix institutining bu xazina bilan qiziqishini orzu qilaman.
“Qizil O‘zbekiston”, 1941 yil 8 may