OʼZ  ЎЗ  РУ  EN

Erkin Vohidov. San’at va tafakkur (1978)

Yaqin-yaqingacha mendan she’riyat nima, deb so‘rasalar, go‘zal fikrning go‘zal ifodasi deb javob berardim. Bu javobim she’riyatning jamiyat hayotidagi kurashchan vazifasini tushunib yetmagandan yoki she’rning haqiqat sadosi, dardli yurak nidosi ekanini bilmaganimdan emas, mening ruhimga balki go‘zallik olami yaqinroq bo‘lganidandir, bolalikdan sharq she’riyatiga qariyb maftun bo‘lganimdan, sharq she’riyati ruhida tarbiya topganimdan bo‘lsa kerak.

Ma’lum bir jamiyatda ma’lum bir davr «she’riyat mana bunday bo‘lmog‘i kerak, adabiyot mana bunday bo‘lmog‘i kerak» degan g‘oya mavjud bo‘ladi. Navoiy zamonida asl she’riyat forsiy tilda yozilmog‘i kerak degan hokim fikr bor edi. Pushkin zamonida she’riyat qora xalq tushunchalari, qo‘shiqlaridan baland turmog‘i kerak degan g‘oya hukmron edi. Asrimiz boshida — Mayakovskiy zamonida she’riyat Pushkin she’ridek tiniq, Lermontov misralaridek ravon bo‘lishi kerak degan tushuncha yashar edi.

Navoiy, Pushkin, Mayakovskiy, Hamza Hakimzodalar milliy she’riyat tarixining burilish nuqtalarida turgan iste’dodlar. Ularning faoliyatida iste’dodning tabiati yaqqol ko‘rinadi. Iste’dod — bu mumkin bo‘lmaganni mumkin qilish, hukmron estetik printsiplarga yangilik kiritish, she’riyat mana bundoq bo‘ladi, deb, yangicha nuqtai nazar bilan chiqib, shunga odamlarni ishontirish demakdir.

Odatda ulug‘ iste’dodlar ijodi bir qancha vaqtgacha jamiyatning didini belgilovchi mezon bo‘lib qoladi.

Yigirmanchi yillar she’riyatinint momaqaldirog‘i bo‘lgan Mayakovskiy ohangi to bizning kungacha she’riyatda o‘z aksi sadosiii saqlab kelmoqda. Bugungi mashhur shoirlarimiz satrlarida Mayakovskiy misralarining uslubi, tafti sezilib turadi.

Lekin hayotda hech bir dunyoqarash, hech bir estetik printsip o‘zgarmas va boqiy bo‘lmagan, bo‘lmaydi. Mana bugun rus adabiyotida minbar she’riyati o‘rniga «sokin she’riyat» urf bo‘lmoqda.

She’riyatning mavzulari, ohanglari, ifoda uslublari har davrda o‘ziga xos o‘zgacha bo‘ladi. Lekin bir narsa hamisha ustivor: she’riyat inson qalbining holati ekani, uning quvonchi, muhabbati, nafrati, sog‘inchi ifodasi ekani — abadiy. Hamma zamonlarda hamma xalqlarda odamlar bir xil dard chekadi, bir xil sevadi, bir xil kuladi. Inson tabiatidagi hislar majmuasi hamma zamon va xalqlarda bir. Hayrat tuyg‘usi, g‘azab, qo‘rquv, hayajon barcha xalqlarga xos. Taraqqiyot jarayonida chetda qolib ketgan, qadam yetmas changallarda yashovchi yarim yovvoyi qabilalarda ham qiz-yigitlar bir-biriga ko‘ngil qo‘yadilar, keksalar bolalarni suyib erkalaydilar, ayollar bir-birini qitiqlab kuladilar.

Agar Alpomish va Odisseylar, Barchinlar va Penelopalar obrazlari bir-biriga hamohang bo‘lsa ajab emas. Chunki o‘sha umumbashariy ehtiroslardan tug‘ilgan orzu-armonlar ham umumiydir.

Har qalay xalqlarni bir-biridan ajratuvchi belgilarga qaraganda ularni birlashtiruvchi belgilar ko‘proq. Shuning uchun ham olamda eng ilg‘or g‘oyalardan biri — internatsionalizm g‘oyasi barqarordir.

Barcha iste’dodlar kabi shoirlik iste’dodi ham tug‘ma bo‘ladi va bolalikdan o‘zini namoyon etadi. Bu kunduzdek ravshan, haqiqatning o‘zidek ayon. Tug‘ma iste’dod egasi bo‘lmagan, she’riyatga havas tufayli adabiyotga kirib qolganlar — umr bo‘yi havaskor bo‘lib qoladilar.

Iste’dod inson qalbi va ongining juda noyob xususiyati bo‘lgani uchun, juda rang-barang bo‘lgani uchun ta’rifga sig‘ishi qiyin. Shoirona iste’dod — bir qaraganda olamga hayrat ko‘zi bilan boqish san’ati va o‘zgalarni hayratga solish san’ati bo‘lib ko‘rinadi, yana bir qaraganda el dardiga oshno bo‘lish qobiliyati bo‘lib tuyuladi.

Iste’dod — bu avvalo did, yaxshi did egasi bo‘lish qobiliyati, deguvchilar ham bor. Iste’dod — bepoyon tushuncha. U ta’rifga siqqanda edi, uni ma’lum xususiyatlar doirasida chegaralash mumkin bo‘lganda edi, odamlar yo‘q iste’dodni tarbiyalab bor qilgan bo‘lardilar. Gorkiy, iste’dodning 99 foizi mehnat deganini tug‘ma iste’dodi bo‘lmagan odam mehnat bilan chinakam shoir yoki bastakor bo‘lishi mumkin deb tushunmaslik kerak. Har qalay 99 degani yuz emas. Suv normal sharoitda yuz gradusda qaynaydi. 99 gradus isigan suv — qaynagan suv emas. Fors tilida qaynashni «jo‘shidan» deydi. Ya’ni jo‘shmoq. She’riyat ham jo‘shmoqdir. Jo‘shmoq uchun esa 99 foizdan tashqari o‘sha kamtarin bir foiz — ya’ni tug‘ma iste’dod kerak.

Shu ma’noda «kunlarning sozini chertib yuruvchilar»ning taskini — biz ulug‘ emas, bizga shu ham bo‘laveradi deb ko‘ngilni tinchitishi adabiyot uchun falokatdir. Shoirmi, adibmi, bu qutlug‘ dargohga qadam qo‘ygach anglamog‘i kerakki, bunda Nizomiylar, Navoiylar, Shekspir va Pushkinlar qalam surgan. U shu ulug‘ siymolar davrasiga kiradi. O‘z qalbi, vijdoni oldida, bu ulug‘ zotlar oldida andisha qilmog‘i kerak.

Kim bilsin, bizlar ham kunlarning sozini chertib yurgan nozimlardirmiz — bu masala elning va fursat deb atalgan buyuk hakamning hukmiga havola. Lekin men ishonamanki, o‘zi har qancha kamtar va xokisor bo‘lmasin, shoir ilhom chog‘ida o‘zini Pushkindan kam sezmaydi va u to‘g‘ri qiladi, tamoman haqli. Albatta, el-yurt muhabbatini qozonish uchun tug‘ma iste’dodning o‘zi kamlik qiladi. Shoir ruhan, fikran zamon darajasida bo‘lmog‘i, xalq hayoti to‘lqinlari ichida keng quloch otmog‘i kerak.

Yana o‘sha gap, to‘qson to‘qqiz yuz bo‘lmagandek, bir ham yuz emas.

Yaqinda bir yosh shoir menga g‘azallar olib keldi. Tug‘ma iste’dod egasi ekaniga hech shubha yo‘q. G‘azallar tiniq, ravon, ma’noli, obrazlarga boy, lekin gaplar o‘tgan asr ruhida. She’rlarga, masalan, Hoziq-Ho‘qandiy yoki Nodim-Namangoniy deb imzo cheksa ham bo‘laveradi. Albatta, bu toifa she’rlar bilan bugungi she’riyat muxlislarini asir etib bo‘lmaydi. Biz Navoiy g‘azallaridan bahramand bo‘lganimizda o‘n beshinchi asr farzandining bugungi kishilar ruhiga qanchalik yaqin kelolganidan hayratlanib bahramand bo‘lamiz. Albatta Navoiy bugun yashaganda «Ashriqat min aksi shamsil ka’s anvoril hido» deb yozmagan bo‘lardi.

Darhaqiqat, chiroyli yozishning o‘zi hech qachon she’riyat bo‘lgan emas, hozir ham shunday.

Odami ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami.

Chiroyli aytilgan bayt. Bu yerda go‘zal san’at bor. Odam va g‘am — qofiyadosh so‘zlar har ikkisi ikki joyda ikki xil ma’no rangiga ega.

Sen odam ersang, el g‘amidan g‘ami yo‘q — ya’ni parvosi yo‘q kishini odam dema — ya’ni maxluq deb bil.

Yoki

O‘ltirmoq el ichra yuqoriroqdin,
O‘ltirmoq el ichra yuqoriroq bil.

Ikki satr so‘nggi ikki harfdan tashqari aynan takrorlangan va ajoyib san’at ishlatilgan. Ma’nosi: eldan yuqoriroq o‘ltirishdan ko‘ra el ichida o‘ltirishni afzalroq-yuqoriroq bil.

So‘zlarning ma’no tovlanishlariga e’tibor bering. Birinchi satrdagi «el ichra» nisbat ma’nosida, ikkinchi satrdagi «el ichra» o‘rin ma’nosida. Birinchi satrdagi yuqoriroq o‘rinni, ikkinchisidagi yuqoriroq — afzallikni, ya’ni nisbatni bildiradi.

Har ikki baytda go‘zal san’at bor. Lekin muhimi shundaki, go‘zal san’atning o‘zigina emas. Har ikki baytda juda muhim va saboqli chuqur insoniy g‘oya o‘z ifodasini topgan. Daho san’atkorlarda doimo ana shunday bo‘lgan. San’at olijanob g‘oyani ifoda etish uchun xizmat qilgan.

Bu yonda mulla Nasrullo, bu yonda xo‘ja Fazliddin
Iki qomat alifikim Ado qaddini dol etmish

misralari ham san’atkorlik bilan bitilgan. Ado so‘zi ikki alif o‘rtasida dol harfi bilan yoziladi. Ikki alif qomat hasrati men Ado (shoir taxallusi) qomatimni dol qildi deyish ham chiroyli san’at. Ammo Navoiy baytidagi san’at ustiga qo‘yilgan yuk bilan bu bayt ustiga qo‘yilgan yuk o‘rtasida farq bor.

Menimcha, an’anaviylik o‘z ichiga ko‘p tushunchalarni oladi. Masalan, g‘oyaviylik, obrazlilik, mantiqiy izchillik, ichki musiqiylik ham an’anaga kiradi. Umuman she’riyatning kishi qalbiga yaqinligi, inson dardi, hasrati, quvonchi ifodasi ekani ham an’anaviy hodisa. Demak, an’anadan qochib bo‘lmaydi. Shakldagi, ohangdagi izlanishlar esa hamisha mavjud bo‘lgan. Yangi-yangi ifoda shakllarini izlashning o‘zi ham an’ana. Demak, an’anadan qochishga intilgan yoshlarning o‘zi an’anaviy bo‘lib chiqadi.

Biroq, yangilik topaman deb inson ruhiyatiga singmaydigan, ong, qalb qabul qilmaydigan shaklbozlik yoki tumtaroqlik — uslub emas, oddiy didsizlikdir.

Men o‘zim musiqani sevaman, she’rlarim ham musiqiy bo‘lishini istayman. Lekin bu boshqacha uslubdagi she’rlarni qabul qilmayman, degan so‘z emas. Menga musiqiylikdan uzoq, hatto ozroq g‘aliz bo‘lsa ham Asqad Muxtor she’riyati juda yoqadi. Asqad aka she’rlarida chuqur ehtiros va topqirlik bor, donishmandlik bor. Husniddin Sharipovning she’rlarida ham ohangdorlikdan ko‘ra dag‘allik ko‘proq. Lekin uning ijodi o‘ziga xos. U oddiy qora so‘zlarni she’riyat yuksakligiga ko‘taroladi.

Mening g‘azallarimga bastalangan qo‘shiqlarning ijrosiga kelsak, yoqadiganlari ham bor, yoqmaydiganlari ham. Abdulhamid «Senga baxtdan taxt tilarman»ni, Qobiljon «Do‘st bilan obod uying»ni, Sherali «Zamon»ni yaxshi ijro etishgan. Faxriddin Umarov ijro etgan «Xayol» ham menga yoqadi. Kuydan omadi yurishmagan g‘azallarim ham bor. Lekin bu bo‘ladigan hodisa.

Sharq adabiyotida ham, g‘arb adabiyotida ham faxriya deb atalgan uslub bor. Pushkin «Haykal» she’rini shu uslubda yozgan. Navoiy ham «Xamsa» muqaddimasida Firdavsiyning o‘ttiz yilda yozgan asarini o‘ttiz oyda yozardim, men turk tilida she’r bitib Turku Xitoyu Ajamni hayratga soldim, kabi so‘zlarni aytgan. Bu o‘z ijodidan qanoat tuyg‘usini sezgan ijodkorda bo‘ladi. Menda, hech bir kamtarlikdan tashqari shunday qanoat tuyg‘usi bo‘lgan emas. Ko‘ngilda doimo qilolmagan ishlar, yozilmagan satrlar iztirobi yashaydi.

Balki bu yaxshidir, lekin qiyin. Zamon faqat shoirlik qilishni, uyda yozib yotishni ko‘tarmaydi. Hamisha qaynoq hayot ichida bo‘lish kerak. Odamlarga shoirning faqat she’ri emas, so‘zi, munosabati, kurashi kerak.

1978

Saytimiz rivojiga hissa

Humo: 9860 1701 1440 0188

© 2004-2024 - Ziyo istagan qalblar uchun! Saytda taqdim etilgan elektron manbalardan faqatgina shaxsiy mutolaa maqsadida foydalanish mumkin. Tijoriy maqsadlarda foydalanish (sotish, chop etish, ko‘paytirish, tarqatish) qonunan taqiqlanadi. Saytdan materiallar olib chop etilganda manzilimiz koʻrsatilishi shart.